349 5. Bemorni qulay sharoitga o‘tqizilib, tirsak ostiga yostiqcha qo‘yiladi, tirsakdan yuqoriga jgut bog‘lanadi 6. Hamshira ko‘rsatkich barmog‘i bilan vena qon tomirini paypaslab topadi 7. Terini 70%li spirtga ho‘llangan paxta bilan zararsizlantirilib, igna orqali tomirga tushadi 8. Shprisga 5 ml qon olib bo‘lgandan keyin jgutni yechadi va 70 %li spirtga ho‘llangan steril tampon qo‘yib turib ignani tortib oladi 9. Ignani probirka devoriga tekkizib, qon quyiladi va yo‘llanma bilan laboratoriyaga jo‘natiladi Siydik chiqarish kanalidan surtma olish Jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklarga gumon qilinganda (gonoreya, trixomoniaz, kandidoz, xlamidiozli infeksiya, bakterial uretrit) bu amaliyot amalga oshiriladi. Bajarish tartibi 1.Bemorning jinsiy a’zolariga fiziologik eritma bilan ho‘llangan paxta yordamida ishlov beriladi. Erkaklarda jinsiy olat boshchasini, ayollarda jinsiy lablarni, qin dahlizini, klitorni va siydik chiqarish kanalining tashqi teshigiga ishlov beriladi. 2.Erkaklarda siydik chiqarish kanalining orqa yuzasiga barmoq bilan bosganda yiring ajralmasa, yengil harakat bilan tashqi teshik tomon harakat qildirib ajralma tomchisini bosib ajratiladi, buyum oynasi cheti yoki halqa bilan tomchi buyum oynasiga joylashtirilib uning yuzasi bo‘yicha bir tekis qilib surtiladi. 3.Ko‘rinarli ajralma bo‘lmagan holatlarda tekshirish uchun materialni o‘tmas qoshiqcha yoki halqacha yordamida olinadi. 4.Tayyorlangan preparat havoda quritiladi va laboratoriyaga yo‘llanma bilan jo‘natiladi, yo‘llanmada bemorning ismi, sharifi, otasining ismi, kasallik tarixi yoki material olingan joyning ambulator kartasi ko‘rsatiladi. Ayollar jinsiy a’zolaridan surtma olish Kasalliklarning jinsiy yo‘llar bilan yuqtirishi ehtimoli bo‘lgan holatlarda yoki kasalliklarga gumon qilinganda ayollarning siydik chiqarish kanalidan, bachadon bo‘ynidan va qindan surtma olinadi. Buning uchun avval siydik chiqarish kanalining kirish qismi quruq doka tampon bilan artib tozalanadi. Kerakli jihozlar: Folkman qoshig‘i, tabaqasimon ko‘zgu qoshiqcha, steril doka tampon.
350 Bajarilish tartibi 1. Qo‘l yuviladi, zararsizlantiriladi. 2. Bemor akusherlik stoliga yotqiziladi. 3. Avval jinsiy lablar kerilib, siydik chiqarish kanalining kirish qismi quruq doka tampon bilan artib tozalanadi va siydik chiqarish kanalidan surtma olinadi, buyum oynachasiga surtiladi. Keyin tabaqasimon ko‘zgu qinga qo‘yiladi. Bachadon bo‘ynidan surtma olinadi va buyum oynasiga surtiladi. Qin devorlaridan surtma olinadi va buyum oynachasiga surtiladi. Eslatma: har bir joydan surtma olinayotganda qoshiqchalar almashtiriladi. 4. Ishlatilgan buyumlar zararsizlantiriladi. 5. Yo‘llanma yozilib, tekshirish maqsadida laboratoriyaga jo‘natiladi. Venerik limfogranulema Venerik limfogranulema-chov va son-chanoq sohasi limfa tugunlarining kattalashishi bilan kechadigan yuqumli kasallik hisoblanadi. Epidemiologiyasi: kasallik asosan Janubiy Amerika, Afrika, Xindiston, Sharqiy-janubiy Osiyo va Karib dengizi bo‘yi mamlakatlarida ko‘proq uchraydi. Qo‘zg‘atuvchisi: Chlamydia trachomatis bakteriyalarining L1, L2 va L3 serotiplari keltirib chiqaradi. Limfa tugunlarining ichiga kirib borib jarohatlash hususiyati kuchliligi uchun traxoma, kon’yunktivit va xlamidiyali uretrit va servitsit keltirib chiqaruvchi shtammlaridan farq qiladi. Yuqish yo‘li: jinsiy muloqotlar orqali yuqadi. Kasallikka moyillik: ayollarga nisbatan erkaklarda kasallik qayd etiladi. Besoqolbozlar orasida ko‘proq uchraydi. Klinikasi: kasallik kechimida uchta bosqich ajratiladi. 1-bosqich: inkubatsion davrdan keyin boshlanadi. Bu davr o‘rtacha qo‘zg‘atuvchilarning shikastlangan teriga kirgan vaqtidan 3 kun o‘tgandan keyin boshlanadi. Terining yuzaki qavatida yoriq, yaralanishlar paydo bo‘lib, tezda bitib ketishi bilan kechadi. Anal jinsiy muloqot qiluvchilarda og‘ir
351 proktit yoki proktokolit rivojlanib orqa chiqaruv teshikdan qonliyiringli ajralma ajralib turishi bilan kechadi. 2-bosqich: odatda bu bosqich erkaklarda o‘rtacha 2-4 hafta o‘tgandan keyin chov sohasi limfa tugunlarining bir yoki ikki tomonlama kattalashishi, og‘riqli bo‘lishi, ularning yiringlab fluktatsiyalanishi (bubon) bilan boshlanadi (132- rasm). Bubonlar chuqurroq 132-rasm joylashib, ba’zida terining yuzaki qavati yallig‘lanadi, bemorda tana harorati ko‘tarilishi va xolsizlik bilan kechadi. Ayollarda bel va chanoq sohasida og‘riq kuzatilishi, kasallik boshlanishida bachadon bo‘yinchasi, qinning yuqori qismi jarohatlanishi hisobiga perirektal va chanoqda chuqurroqda joylashgan limfa tugunlari kattalashadi. Bunday holatlarda ko‘plab oqma yaralar paydo bo‘lishi mumkin. Bu oqma yaralardan yiring yoki qon aralash yiring oqib turadi. 3-bosqich: bu bosqichda jarohat chandiqlanib bitishi mumkin. Oqma yaralar bir bitib yana boshqadan ochilishi ehtimoli katta. Doimiy yallig‘lanib yurishi va yetarlicha davo muolajalari olinmagan holatlarda limfa tomirlari tiqilib terida o‘smasimon o‘zgarishlarga sababchi bo‘ladi. Surunkali kechishida kolit, Kron kasalligi, to‘g‘ri ichak strikturasi va og‘riq limfadenopatiya kabilar bilan asoratlanadi. Proktoskopiya orqali tarqoq yallig‘lanish o‘chog‘i, yiringli-qonli ekssudatlar, poliplar yoki o‘smalarni ko‘rish mumkin. Diagnostikasi: diagnoz qo‘yishda anamnestik ma’lumotlar, klinik belgilar asos bo‘ladi. Xlamidiylarga nisbatan antitelolarning paydo bo‘lganligini va ularning titrining mikroimmunoflouressensiya usulida ko‘payganligini inobatga olib xulosa qilinadi. Xlamidiylarning genotipini zanjirli polimerazali reaksiyasi (ZPR) usuli yordamida tasdiqlash mumkin. Davosi: og‘iz orqali tetrasiklin guruhi yoki makrolidlar (eritromitsin, azitromitsin) yoshga va tana vazniga mos holdagi
352 miqdorda tavsiya etiladi. Bubonlarga drenaj qo‘yib ichidagi yiringni chiqarish zarur. Donovanoz – venerik grnaulemasi yoki granulematozi Donovanoz - jinsiy a’zolarda ba’zi holatlarda og‘iz shilliq qavatlarida kichkina tugunchalar ya’ni granulemalar hosil bo‘lishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: Calymmatobacterium granulomatis bakteriyalari (qo‘zg‘atuvchini topgan olim Donovani nomi bilan Donovani tanachalari ham deb aytiladi) hisoblanadi. Kasallik manbai: kasal odam va bakteriya tashib yuruvchilar. Yuqish yo‘li: kasallik asosan jinsiy muloqot orqali yuqadi. Kasallik ko‘pincha nam iqlimli mamlakatlarda ko‘proq uchraydi. Janubiy Amerika, Avtraliya, Xindistonda, Karib dengizi bo‘yi davlatlarnida ko‘proq qayd etiladi. Kontagioz indeks 1% atrofida. Klinikasi: kasallikning yashirin davri bir necha oygacha cho‘zilishi mumkin. Qo‘zg‘atuvchilarning sekin rivojlanishi hisobiga yashirin davr cho‘ziladi. Terida och–qizg‘ish rangli yallig‘langan tugunchalar paydo bo‘lib, erkaklarda jinsiy olat boshchasida, yorg‘oqda, olat qopchig‘ida, ayollarda kichik uyatli lablarda joylashadi. Ba’zida yuqish yo‘liga qarab og‘iz shilliq qavatlarida, milkda, lablarda, tanglayda joylashadi. Hosil bo‘lgan yarachalar og‘riqsiz bo‘ladi. Ular serroz– yiringli ajralma bilan to‘lgan bo‘ladi. Keyinchalik yarachalar regeneratsiyalanib o‘rnida chandiqchalar paydo bo‘ladi. Davo muolajalari olib borilmagan holatlarda ularning 133-rasm qaytalanishi kuzatiladi va uretra va qinda torayishlarga olib kelishi, suyaklar, bo‘g‘imlar va jigar shikastlanishi mumkin (133-rasm).
353 Diagnostikasi: yarachalardan ajralayotgan ajralmalardan surtma tayyorlanib mikroskopik tekshiruv o‘tkaziladi. Olingan surtma Romanovskiy–Gimza yoki Leyshmani usulida bo‘yab ko‘riladi . Donovani tanachalari granulemalar hosil qiluvchi yagona mikroorganizmlar hisoblanadi. Davosi: davo maqsadida antibakterial preparatlari yoki antibiotiklar mahalliy qo‘llaniladi. Qo‘shimcha ravishda biostimulyatorlar va vitamin komplekslar beriladi. Jinsiy muloqotda bo‘lgan sheriklar bir vaqtning o‘zida davolanishi tavsiya qilinadi. O‘z vaqtida olib borilgan davo muolajalari natijasida barcha bemorlar to‘liq tuzalib ketadi. Urogenital mikoplazmoz Urogenital mikoplazmoz – siydik –tanosil tizimining yuqumli kaslligi bo‘lib asosan yallig‘lanish bilan kechuvchi patologiyasi hisoblanadi. Etiologiyasi: mikoplazmoz kasalligini Mycoplasmataceae turkumiga kiruvchi shartli patogen qo‘zg‘atuvchilar chaqiradi, ular 2 ta oilaga bo‘linadi. Ular Mycoplasma (100 dan ortiq turi bo‘lib, shulardan 14 ga yaqini patogen hisoblanadi) va Ureaplasma (3 ta turi mavjud) lar hisoblanadi. Mycoplasmalarning Mycoplasma hominis va Mycoplasma genitalium turlari, Ureaplasmalning Ureaplasma urealyticum turi urogenital mikoplazmozni keltirib chiqaradi. Mikoplazmalar bakteriyalar va viruslar orasida o‘rtalik holatni egallab turuvchi mikroorganizmlar hisoblanadi. Kichik o‘lchamli bo‘lgani katta o‘lchamli viruslarga teng keladi, hujayra devorining bo‘lmasligi va hujayra membranasida uzoq muddat parazitlik qilishi ham virusga o‘xshash xususiyatidir. Hujayralarida DNK va RNK ning bo‘lishi va bo‘linish yo‘li bilan ko‘payishi bakteriyalarga o‘xshash xususiyatidir. Epidemiologiyasi: urogenital mikoplazmoz keng tarqalgan. Simptomsiz tashuvchilik erkaklar va ayollar orasida o‘rtacha 40% ni tashkil etadi. Amalda sog‘lom ayollar jinsiy va siydik chiqaruv a’zolaridan 5-50%, gonokokksiz uretrit bilan kasallanganlarda 30-75%, bepushtlik bilan kasallanganlar orasida 25-75%, bachadon bo‘yinchasi kasalliklarida 20-50% mikoplazmalar topilishi isbotlangan.
354 Yuqish yo‘li: asosiy yuqish yo‘li jinsiy muloqot va vertikal yo‘l (onadan homilaga) hisoblanadi.Tug‘ruq vaqtida tug‘ruq yo‘llaridan chaqaloqqa yuqish ehtimoli ko‘proq. Yatrogen yo‘l orqali ham yuqish ehtimoli mavjud. Patogen mikroorganizmlar tashqi muhitda yashab qolish xususiyatiga ega emas, shuning uchun maishiy muloqot yo‘li orqali yuqishi ibotlanmagan. Klinikasi: kallikning yashirin davri 3 kundan 9 haftagacha davom etadi. Jiniy a’zolar va siydik chiqarish kanali shilliq qavatlariga kirib o‘rnashib olgan qo‘zg‘atuvchilar bir necha yilgacha xech qanday klinik ko‘rinish bermasdan yashab qolishi mumkin. Mahalliy va umumiy immunitetni tushuruvchi omillar ta’siri ostida mikoplazmalar ko‘payib uretrit, vaginit, salpingit va boshqa klinik belgilarni namoyoyon qilishi mumkin. Aslida mikoplazmalar tomonidan namoyon bo‘ladigan patognomonik belgilar mavjud emas. Yallig‘langan sohada qichishish, achishish, seroz ajralma ajralishi kabilar bilan kechadi. Bu belgilar bilinar bilinmas ko‘rinishda kechadi. Kasallikning o‘tkir kechishi kuzatilmaydi. Kam belgili holatlarga bemorlar moslashib qoladi va shikoyat qilmasliklari ham mumkin. Ayollarda bepushtlik, bola tashlash, plasentar yetishmovchilik, ko‘p suvlilik, homilaning muddatidan oldin ko‘chishi kabi asoratlar uchrashi mumkin. Davosi: asosiy davo antibakterial dori vositalarini tartib bilan berishga va immun tizimini ko‘tarishga qaratiladi. Antibiotiklarni 7-14 kunlik muddatga 3-4 kurslik davo tizimi belgilanadi. Odatda mikoplazmoz davolanishga muxtoj bo‘lmaydi. Bepushtlik, homilador ayol patologik holatlarida urogenital infeksiyasi bor shaxslarda davo muolajalari belgilanadi. Davo muolajalarining natijasi ayollarda uch marotaba hayz sikli davomida mikoplazma topilmagan holatda sog‘aygan deb beriladi. Ureaplazmoz Ureaplazmoz-Jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasallik bo‘lib, Ureaplasma urealyticum qo‘zg‘atuvchilari tomonidan erkaklar va ayollar siydik-tanosil tizimini shikastlaydi. Onadan homilaga va tug‘ruq yo‘llari orqali chaqaloqqa yuqishi ham homilaning rivojlanigiga va chaqaloqning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Klinikasi: ureoplazmozning klinik kechishi o‘ziga xos bo‘lib, ko‘pincha bilinar-bilinmas belgilarsiz va vaqti-vaqti bilan qo‘zib turishi
355 va uzoq muddatga cho‘zilish xususiyatiga ega. Natijada bepushtlik rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Kasallikning simptomsiz kechishi uning keng tarqalib ketishiga sababachi bo‘ladi. Bilinar-bilinmas belgilarga bemorlarning tez moslashib qolishi ham ularning tibbiyot xodimlariga o‘z vaqtida murojaat qilishlariga to‘sqinlik qiladi. O‘z navbatida bemorlar surunkali bakteriya tashib yuruvchiga aylanib qolishadi. Erkaklar va ayollarda siydik chiqaruv yo‘lining achishishi, siyish vaqtida og‘riqli bo‘lishi, ertalabiga biroz tiniq rangli ajralmalar ajralishi, qorinning pastki sohasida biroz og‘riq bilan namoyon bo‘ladi. Diagnostikasi: ureoplazmozga shubha qilingan shaxslarni siydik chiqarish yo‘llaridan surtma olib mikroskopik tekshirishlar o‘tqazish zaru. Diagnostikaning asosiy serologik usuli IFA (immunoferment analizi) bo‘lib, u orqali antitanalar titrining ko‘payishiga qarab diagnoz oydinlashtiriladi. Zarurat tug‘ilganda ZPR (zanjirli polimeraza reaksiyasi) usuli ham yaxshi natija beradi. Diagnostika qilinganda bir vaqtning o‘zida qo‘zg‘atuvchilarning antibiotiklarga sezgirligini aniqlash ham muhim hisoblanadi. Davosi: bemorlarni individual alohida har safar davolash tizmasi tuzilganda antibiotiklarga sezgirligi aniqlanib undan keyin sezgirligi yuqori dori vositalarini tayinlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ureoplazma qo‘zg‘atuvchilari bakteriyalar va viruslar, sodda jonivorlarga o‘xshash xususiyalari bo‘lganligi va qo‘zg‘atuvchilar orasida oraliq holatni egallab turganligi, ularning odam organizmida persistentlanib yashashi antibiotikni tanlashda uning miqdorini va berish davomiyligini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Odatda antibiotiklar ichishga va mahalliy ta’sir etish uchun (vaginal shamcha va tabletka, siydik chiqarish yo‘liga instillyatsiya usulida kiritish, prostata bezi massaji va fizioterapevtik usullar) beriladi. Qayta yuqtirish moyilligini kamaytirish uchun bir vaqtning o‘zida jinsiy sherikni ham davolash bilan birga olib borish tavsiya qilinadi. Antibiotiklar bilan davolash tizimini shakllantirilganda imkon qadar organizmning me’riy mikroflorasiga ta’sir qiluvchi va immun tizimini susaytiruvchi ta’sirlarini e’tiborga olish zarur. Davo muolajalari kamida 2 hafta davom etadi. Shu davr mobaynida immun tizimiga salbiy ta’sir qiluvchi omillardan cheklanish zarur (chekish, ichish, och qolish, stress, sovuq qotish). Davo kursi tugagandan keyin ureaplazmozga qayta tekshirish zarur.
356 Ayollarda xayz sikli boshlanishidan oldin va 2 oydan keyin qayta taxlil qilinadi. Erkaklarda antibiotiklar bilan davolash kursi tugaganidan 2 hafta o‘tgach va 1 oydan keyin takrorlanadi. Qayta zararlanish holatlari ko‘plab uchraydi. Yumshoq shankr Yumshoq shankr - jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasallik bo‘lib, jinsiy a’zolar teri va shilliq qavatlarning shikastlanishi hisobiga og‘riqli yaralanishlar bilan namoyon bo‘ladi. Jinsiy a’zolar terisi yoki shilliq qavatlarida og‘rib turadigan yumshoq yaralar paydo bo‘lishi bilan ifodalanadi, shuning uchun ham yumshoq shankr deb nomlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: Haemophilus ducreyi bakteriyalari hisoblanadi. Epidemiologiyasi: kasallik asosan Afrika va Markaziy Amerikada uchraydi. Kasallik manbai kasal odam va tashib yuruvchilar. Kasallikning yuqish yo‘li: asosan jinsiy muloqot vaqtida yuqadi. Kasallik, asosan, Tabiiy sharoitda yumshoq shankr bilan faqat odamlar kasalanadi. Bemorlar kasallikning yashirin davrida yuqumli bo‘lib boshaydi va kasallikning asosiy belgilari namoyon bo‘lgan vaqtda yuqumlilik ortib boradi. Klinikasi: Kasallikning inkubatsion (yashirin) davri juda qisqa, 3-7 kun davom etadi. Qo‘zg‘atuvchilarning organizmga kirish darvozasi terisi yoki shilliq qavati (qin, bachadon bo‘yinchasi, anus, og‘iz shilliq qavatlari, jinsiy olat, yorg‘oq, qov) sohasi avvaliga och-qizg‘ish ranga kiradi (eritematoz bosqichi). Qizargan sohada 24 soat ichida tuguncha (papulyoz bosqichi)paydo bo‘lib, tezda yiringchaga (pustulyoz bosqichi) aylanadi. Yiringcha ochilib o‘rni eroziya yoki yaraga aylanadi. Yara o‘lchami bir yarim santimetrgacha yetishi mumkin. Yara og‘riqli, qirralari tubi notekis, 134-rasm
357 yumshoq asosli, oqish parda qoplab turishi va qontalash bo‘lib turish xususiyatiga ega (134-rasm). Yaralar paydo bo‘lish davomiyligi 14 kungacha cho‘zilib ketadi. Yaralar ikki oygacha saqlanib, asta sekin so‘rilish xususiyatiga ega. Yumshoq (shankr) yaraning quyidagi: voronkasimon, teri sathidan ko‘tarilib turuvchi, serpengioz, gangrenoz, uchuqsimon, impetiginoz, difteritik, yoriqsimon, gangrenoz va tugunli turlari mavjud. Yumshoq shankrda jinsiy a’zolar sohasi limfangiti va limfadeniti rivojlanishi mumkin. Bubonlar hosil bo‘lish ehtimoli mavjud. Atrofdagi sog‘lom teriga tarqalish ehtimoli bor. Kasallikni boshidan kechirganlarda turg‘un va doimiy immunitet qolmaydi. Kasallikda reinfeksiya bo‘lishi mumkin. Yaralar 3-4 hafta saqlanib, keyinchalik o‘rni chandiqlanib bitishi uchun bir necha hafta zarur bo‘ladi. Diagnostikasi: klinik belgilarga asoslangan holda bemorlarning yaralangan sohasidan surtma olinib bakterioskopik (Gramm manfiy streptobatsilalarni aniqlash uchun) va bakteriologik usulda tekshiriladi. Unda Petersen-Dyukre streptobatsillasining topilishi yumshoq shankr deb tashxis qo‘yishga asos bo‘ladi. Differensial diagnostikasi: Birlamchi zaxm, genital gerpes, donovanoz, teri sili, Bexchet sindromi, ko‘p shaklli ekssudativ eritema kabi kasalliklar bilan o‘tkaziladi. Davosi. Davo maqsadida qo‘zg‘atuvchilarning antibiotiklarga (azitromitsin, eritromitsin, seftraksion, siproflaksain) sezgirligi yuqori bo‘lganligi sababli etiotrop davo asosiy davo hisbolanadi. Oqibati: o‘z vaqtida to‘g‘ri boshlangan davo usuli yaxshi samara beradi. Profilaktikasi: shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish va palapartish jinsiy muloqotlardan saqlanish zarur.
358 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Vaisov A.Sh., Teri-tanosil kasalliklari. Darslik. - Toshkent, “Yangi asr avlodi”. 2009 y. 2. Arifov S.S., Eshbaev E.X. Teri-tanosil kasalliklar. Darslik. - Toshkent. “Ensiklopediya”. 1997 y. 3. A.M.Mannonov, Q.N.Xaitov-Bolalar teri va tanosil kasalliklari, Toshkent, “Iqtisod moliya” 2016 yil. 4.Rodionov A.N., Zaslavskiy D.V., Sыdikov A.A. Dermatologiya. Illyustrirovannoe rukovodstvo po klinicheskoy diagnostike – Moskva. “Granitsa”. 2018 g. 5. Eshboev E.X., Tashkenbaeva U.A., Teri-tanosil kasalliklari va ularning laboratoriya tashxisoti. Darslik. Toshkent. – “Navro‘z”. 2018y. 6. Skripkin Yu.K., Kubanova A.V., Akimov V.G. Kojnыe i venericheskie bolezni. Uchebnik. -Moskva, “GEOTAR Media” 2009g. 7. Ananev O.L., Anisimova Ye.V. Kojno-venericheskie zabolevaniya. Uchebnik. “EKSMO”, 2006 g. 8. Pol K. Bakston Dermatovenerologiya. Uchebnik. -Rossiya. “Binom”. 2005 g. 9. Elinor Ye. San. Dermatologiya. 100 sluchaev iz praktiki. Uchebnik. Rossiya. “Binom”, 2001 g 10.Korotkiy N.G. Kojnыe i venericheskie bolezni. Uchebnik. – Moskva. “Meditsinskoe informatsionnoe agentstvo”. 2011 g. Internet saytlari 11.www.mediashhera.aha.ru.//dermatol//derm-mn.htm; 12. www.matrix.ucdavis.edu//DOJ.html; 13.www.Mosbycom//Mosby//Periodicals// medical//CPDM//dm/html; 14. www.skindex.com.; 15. www.Crawford.com//epo//mm wz//wor ld. html. 16. www.ziyonet.uz; 17. www. info@ minzdrav.uz
359
360 RAXMATOV OLIM BOBOMURODOVICH DERMATOVENEROLOGIYA VA BOLALAR DERMATOVENEROLOGIYASI 5А510108 - Dermatovenerologiya mutaxassisligi magistratura ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun Muharrir: A. Qalandarov Texnik muharrir: G. Samiyeva Musahhih: Sh. Qahhorov Sahifalovchi: M. Bafoyeva Nashriyot litsenziyasi АI № 178. 08.12.2010. Originalmaketdan bosishga ruxsat etildi: 04.04.2023. Bichimi 60x84. Kegli 16 shponli. «Times New Roman» garn. Ofset bosma usulida bosildi. Ofset bosma qog`ozi. Bosma tobog`i 22,5. Adadi 100. Buyurtma №152. “Sadriddin Salim Buxoriy” MCHJ “Durdona” nashriyoti: Buxoro shahri Muhammad Iqbol ko`chasi, 11-uy. Bahosi kelishilgan narxda. “Sadriddin Salim Buxoriy” MCHJ bosmaxonasida chop etildi. Buxoro shahri Muhammad Iqbol ko`chasi, 11-uy. Tel.: 0(365) 221-26-45