The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.

DERMATOVENEROLOGIYA VA BOLALAR DERMATOVENEROLOGIYASI

Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by Арслан Тешаев, 2023-05-10 13:56:18

DERMATOVENEROLOGIYA VA BOLALAR DERMATOVENEROLOGIYASI

DERMATOVENEROLOGIYA VA BOLALAR DERMATOVENEROLOGIYASI

99 5. Ko‘zdan kechirish jarayonida bitlarning topilishi, ularning ekskrementlarining topilishi, soch tolalariga yopishgan tuxumlarining borligi, terida jarohatlangan eroziyalar, tirnalish izlari, papulalar va qaloqlarning borligiga e’tibor qaratiladi. Material olish texnikasi va mikroskopik tekshirish usuli uchun kerakli bo‘lgan asbob va anjomlar: Lupa, fiziologik eritma, epilyatsion pinset, buyum oynasi, oyna qoplagich, mikroskop. Bitlarning turini aniqlash uchun bemordan olingan material mikroskop ostida ko‘riladi. Soch tolalaridan, teridan va kiyim choklaridan olingan material buyum oynachasiga tomizilgan fiziologik eritmaga aralashtirib qoplagich oyna yopiladi. Mikroskop ostida kurilganda kiyim bitining kattaligi 2-4 mm, bosh biti bilan qov bitining kattaligi 1-1,5 mm bo‘lib, ularda qanotlari bo‘lmaydi. Kiyim biti uzunchoq ko‘rinishda, boshi va uch juft oyokchalari bor. Ko‘krak qismi 6-12 bo‘g‘imdan tuzilgan, qorni ko‘rinib turadi. Qov biti yapaloq, ko‘kragi bilan qorni birlashib ketgan bo‘ladi. Qo‘tir Asosiy belgilari; teri qichishi, ayniqsa kechqurun qattiq qichishi, terida juft-juft joylashgan tugunchalar, pufakchalar, tirnalish izlari paydo bo‘lishi.Qo‘tir-qo‘tir kanalari keltirib chiqaradigan yuqumli kasallik bo‘lib, kanalar terining epiderma qismiga kirib qo‘tir yo‘llarini hosil qilishi, terida juft-juft joylashgan tugunchalar, pufakchalar va kuchli qichish belgilari namoyon qilishi bilan harakterlanadi. Etiologiyasi; Kasallik qo‘zg‘atuvchisi qo‘tir kanasi hisoblanadi. Har bir kana o‘z faoliyati davomida 50- 60 tagacha urug‘ qo‘yadi va urug‘dan chiqqan kanalar rivojlanib 10-15 kun davomida voyaga yetadi hamda patogenlik xususiyatini boshlaydi. O‘rtacha hisobda kanalar 1-2 oy umr ko‘rishadi (52-rasm). 52-rasm Epidemiologiyasi: kasallik manbai; kasal odamlar va xayvonlar hisoblanadi. Yuqish yo‘li; asosiy yuqish yo‘li maishiy muloqot orqali


100 amalga oshadi, bemor odam bilan jinsiy muloqotda bo‘lganda ham muloqot yo‘li orqali yuqadi. Kasallikka moyilik; kasallik hamma yoshda uchrab, asosan jamoa bo‘lib yuruvchi bolalar orasida (maktab, bog‘cha va h.k) ko‘proq uchraydi. Mavsumiylik; ko‘proq kasallik qish va bahor fasllarida avj olishi kuzatiladi. Klinikasi. Kasallikning yashirin (inkubatsion) davri o‘rtacha 7-10 kunni tashkil qiladi. Qo‘tir kanalarining odam terisiga tushgandan so‘ng 1-2 soat ichida teriga kirib olishini inobatga oladigan bo‘lsak kasallikning yashirin davri 1-2 kungacha qisqarishini unitmasligimiz kerak. 53- rasm Odam terisiga tushgan qo‘tir kanasi tezda teri ichiga kirib olib, epidermis bo‘ylab kana yo‘llarini hosil qiladi (53-rasm). Kasallikning asosiy belgisi terining qichishidir. Kattaligi 1-2 mm keladigan tugunchalar va ichida seroz suyuqligi bor oqimtir pufakchalar paydo bo‘ladi. Tuguncha va pufakchali mayda toshmalar bir chiziq bo‘ylab joylashishga moyil bo‘ladi, qichinaverish oqibatida o‘rnida tirnalgan sohada terining jarohatlanishi hisobiga qaloqlar hosil qiladi. Toshmalar ko‘pincha barmoqlar orasidagi burmalar, kaftning yon tomoniga, keyinchalik butun badanga toshadi. Ba’zan qo‘l tirsaklarining tashqi qismida mayda nuqtali qora qaloqlarni uchratish mumkin. Bemor hadeb qichinaverishi natijasida qo‘tir kanalari badan terisining bir joyidan ikkinchi joyiga o‘tadi. Toshmalar kuchli qichishadi va bu holat, ayniqsa kechasi va issiqda kuchayadi. Qichinaverish natijasida terining normal tuzilishi o‘zgarib terida tirnalgan, shilingan joylar, qora qo‘tir qaloqlarni kuzatish mumkin: ko‘pincha qichiganda terining tirnalgan joylariga infeksiya tushishi natijasida yiringli teri kasalliklari: follikulit, furunkul, impetigo, ektima va boshqalar rivojlanishi ham mumkin, bunda kasallikning tashxisi murakkablashadi (54-rasm). Qo‘tir kasalligi uzoq cho‘zilib ketganida yoki bemor davolanmaganida terining boshqa kasalliklari dermatitlar, ekzema va neyrodermitlar rivojlanishi mumkin. Yosh bolalarda kasallikning belgilari biroz boshqacharoq kechadi. Aksariyat tovon, kaftning ichki sohasi, son


101 oralig‘i va dumba zararlanadi. Hosil bo‘lgan pufakchalar tez yiringlab jarayon og‘irlashishi mumkin. Diagnostikasi. Asosan bemorning shikoyatiga e’tibor beriladi. (kechqurunlari kuchli qichish). Bemorning terisidagi toshmalardan (pufakchalardan) laboratoriya usulida topilgan kanalar va ularning urug‘lari diagnozni isbotlaydi. 54- rasm Davosi. Bemor bolalarni davolash sanitar-gigienik qoidalarga rioya qilgan holda umumiy amaliyot vrachi yoki dermatolog nazorati ostida uy sharoitida olib boriladi. 60 % li natriy tiosulfat hamda 6 % li xlorid kislota eritmasi buyuriladi. Bemor natriy tiosulfat eritmasini birorta idishga quyadi va ikkala kaftini doriga botirib, bo‘ynidan to tovonigacha ishqalash yo‘li bilan 2-5 minutda surtib chiqadi va 5-10 minut dam oladi. Qisqa vaqt ichida eritmaning suyuq qismi uchib ketadi, bemor badanida esa tiosulfat krisstallari qoladi va u xuddi upa sepgandek oqarib ketadi. Keyin xlorid kislota eritmasi ham xuddi shu holatda surtiladi hamda ko‘rpa to‘shaklari almashtiriladi. Ikki kun xuddi shu zaylda davo qaytalanadi, yuvinishiga ikki kundan so‘ng ruxsat beriladi. Qo‘tir kasalligini davolashda Vilkinson malhami ham keng qo‘llaniladi. Vilkinson malhami yuz va bosh qismidan tashqari butun badanga kuniga bir martadan 5 kun mobaynida surtiladi va 6-kuni bemor yaxshilab yuvinib, kiyim va ko‘rpa to‘shagini almashtiradi. Bolalarga oltingugurtning 5-10 % li malhami, katta yoshdagilarga 33% li malhami buyurilib, 5-6 kun mobaynida bemor badaniga kechquriniga surtiladi. Yettinchi kuni hammom qabul qilib toza kiyimlarini kiyadi. Spergal aerozolini, benzilbenzoat malhamini qo‘llash ham yaxshi naf beradi. Zarurat tug‘ilganda ivermektin tabletkasidan 200 mg ikki kun qabul qilinadi. Antiparazitar dorilardan tashqari sharoitga qarab desensibilizatsiyalovchi va antigistamin preparatlar buyuriladi. Qo‘tirga bakterial infeksiyasi qo‘shilgan hollarda antibiotiklar buyuriladi. Zarurat tug‘ilganda kasalxonaga yotqizib davolanadi.


102 Kasallikning oldini olish. Kasallik borligi aniqlanganda maxsus xabarnoma to‘ldirilib Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markaziga ma’lum qilinadi va ular tomonidan bemorning xonasi, ko‘rpa to‘shaklari hamda kiyimlari dezinfeksiya qilinadi. Bemor bilan muloqotda bo‘lganlar va oila a’zolari ko‘zdan kechiriladi. Bemor bola batamom tuzalib ketmagunicha sog‘lom bolalarga (yasli, bog‘cha, maktabga) qo‘shilmaydi. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur talablar: Qo‘tir kanasini izlash va aniqlash uchun teridan qirma olish usuli: Qo‘tir toshmalaridan yangi yoki oxirgi chiqqanlaridan birini sharikli ruchka bilan chegaralab chizib olinadi. Lupa yordamida skalpel uchi yoki igna yordamida qo‘tir yo‘li oxirida joylashgan pufakchaning tomi sanchilib buziladi va qo‘tir kanasining yo‘li bo‘yicha yo‘naltirilib teri ajratiladi. Teri chuqurroq ajratilsa usulning samaradorligi yanada ortadi. Buyum oynachasiga 10 % li natriy ishqori tomiziladi, olingan material shu eritma bilan aralashtiriladi va qoplovchi oyna bilan yopiladi. Tayyorlangan material 10-20 min dan so‘ng mikroskop ostida (okulyar-10, ob’ektiv-8) kondensator tushurilib kuzatiladi. Mikroskop ko‘rish maydonchasida kana yoki uning bo‘laklari tuxumlari yoki ekskrementlari topiladi. Leyshmanioz Leyshmanioz-sodda jonivorlar guruhiga kiruvchi, leyshmaniylar keltirib chiqaradigan kasallik bo‘lib, asosan transmissiv yo‘l bilan yuqishi, terida uzoq muddat bitmaydigan yaralarning hosil bo‘lishi va vitseral leyshmaniozda retikuloendotelial sistemaning zararlanishi bilan harakterlanadi. Leyshmanioz kasalligini keltirib chiqaruvchilariga va klinik kechimidagi farqlar borligiga qarab uch xil ko‘rinishi ajratiladi. 1.Teri leyshmaniozining qishloq turi, qo‘zg‘atuvchisi Leischmania tropica major. Asosiy yuqish yo‘li transmissiv bo‘lib, kasallik manbai kemiruvchilar va hayvonlar hisoblanadi, kasallikning bu turi erta yaralanadigan zoonoz leyshmanioz (erta yaralanadigan leyshmanioz) deb ataladi.


103 2.Leyshmaniozning shahar turi, qo‘zg‘atuvchisi Leischmania tropica minor. Odamdan odamga yoki kemiruvchilardan yuqishi inobatga olingan holda, faqat odamlar kasallanganligi hisobiga antroponoz leyshmanioz (kech yaralanadigan leyshmanioz) deb yuritiladi. 3.Ichki a’zolarning jarohatlanishi bilan kechuvchi vitseral leyshmanioz, qo‘zg‘atuvchisi Leischmania donovani. Asosiy kasallik manbai Hindistonda kasal odam, Lotin Amerikasida kemiruvchilar, it, mushuk, tulki va bo‘rilar hisoblanadi, bemorlarni yoki zararlangan kemiruvchilarni chaqqan chivinlar sog‘lom odamni chaqishi kasallikni tarqalishiga olib keladi, antroponoz kasallik hisoblanadi. Leyshmanioz kasalligining qo‘zg‘atuvchisini ilk bor 1898 yilda harbiy vrach P.F.Borovskiy mikroskopiya usulida kashf etgan. Bu uchala qo‘zg‘atuvchilar mikroskopik va morfologik bir biriga juda o‘xshash mikroorganizmlar hisoblanadi. Ularning har uchalasi ham xivchinlilar sinfiga mansub. Epidemiologiyasi; Leyshmanioz asosan issiq iqlimli o‘lkalarda endemik tarqalgan transmissiv kasallikdir. O‘zbekistonda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining cho‘l joylarida, Tojikistonda, Turkmanistonda, Kavkaz orti davlatlari va Ozarbayjonda, Afg‘onistonda, Eron, Pokiston va Hindiston kabi ko‘plab davlatlarda uchrab turadi. Kasallikning 80 dan ortiq davlatlarda uchrashi aniqlangan. Kasallikning nomlanishi har xil bo‘lib bir qancha sinonimlari mavjud. Ular shahar, Davlat yoki kashfiyotchilarning nomi bilan atalib kelingan. Yomon yara, Pendin yarasi, yillik yara, Borovskiy kasalligi, pashshaxo‘rda, Qo‘qon yarasi, Ashxabod yarasi nomlari bilan ataladi. Kasallik manbai;Teri leyshmaniozining qishloq turida infeksiya manbai kemiruvchilar; katta qum sichqon, kizil dumli qum sichqon, yumronqoziq bo‘lsa, bulardan tashqari cho‘lda yashovchi boshqa jonivorlar ham infeksiya rezervuari hisoblanishadi (tulki, tipratikon, bo‘ri), shahar xilida esa bemor odam kasallik manbai hisoblanadi. Kasallikning yuqish yo‘li; Teri leyshmaniozi yoki Borovskiy kasalligi odamga qon so‘ruvchi leyshmaniylar bilan zararlanib bo‘lgan flebotomus chivinlari chaqqanda yuqadi. Transmissiv kasalliklar guruhiga kiradi. Vitseral leyshmanioz bemorning qonini sog‘lom odamga quyish natijasida gemotogen yo‘l orqali ham yuqishi isbotlangan.


104 Kasallikka moyillik: kasallikka barcha yoshdagilar va ikkala jinsning ham moyilligi bir xil. Endemik o‘choqlarga xizmat safariga boruvchilar orasida kasallanish ko‘proq qayd etiladi. Qishloq va shahar turidagi leyshmanioz bilan ko‘proq o‘rta ishga yaroqli yoshdagi odamlar kasallanadi (kasallik tarqalish mavsumida endemik o‘choqlarga xizmat safari bilan borganlar). Vitseral leyshmanioz ko‘pincha yosh bolalar orasida keng tarqaladi. Kasallikni boshidan kechirganlarning organizmida turg‘un gumoral immunitet hosil bo‘ladi. Mavsumiyligi; leyshmaniozning zoonoz, qishloq turida asosan yoz oyining oxiri avgust oylaridan boshlab, kuz faslida ko‘proq tarqaladi. Kasallanishni davom etishi kuz oxiri va qish fasliga to‘g‘ri keladi. Shahar turidagi leyshmaniozga mavsumiylik xos emas, yil davomida uchrashi mumkin. Patogenez va patologik anatomiyasi: leyshmaniylar teriga kirgan joyda makrofaglar ichida ko‘payadi va maxsus granulemalar (leyshmanioma) hosil qilib o‘choqli yallig‘lanishga sababchi bo‘ladi. Leyshmaniomalar makrofaglardan, epitelial va plazmatik hujayralardan, limfotsit va fibroblastlardan tashkil topgan bo‘ladi. 1-3 haftadan keyin granulemalar destruksiyalanib yaralarni hosil qiladi. Yaralar o‘rnida atrofik chandiqlar qoladi. Leyshmaniylar ko‘p hollarda limfogen yo‘llar orqali tarqalib limfangit va limfadenitni keltirib chiqaradi. Giperergik reaksiyali organizmda silsimon yoki metaleyshmaniozni keltirib chiqaradi, bunday hollarda o‘choqda leyshmaniylar juda kam aniqlanadi, bunga qarshi immunitet tez rivojlanmasdan kasallik uzoq muddat kechadi. Gipoergik reaksiyali organizmda tarqoq infiltrativ shakli rivojlanib o‘choqda leyshmaniylar juda ko‘p miqdorda saqlanadi. Organizmda leyshmaniylar soni ko‘pligi sababli immunitet yetarlicha shakllana oladi. Klinikasi: Teri leyshmaniozining quyidagi klinik shakllari ajratiladi; 1) birlamchi leyshmanioma; a) tugunli bosqichi, 55-rasm b) yaralanish bosqichi, v) chandiqlanish bosqichi. 2) ketma-ket rivojlanadigan


105 56-rasm 57-rasm leyshmanioma, 3) tarqoq infiltratlanadigan leyshmanioz. 4) silsimon leyshmanioz yoki metaleyshmanioz. Teri leyshmaniozining qishloq turida chivinlar chaqqan joyda 1-2 haftalik yashirin davrdan keyin 2-3 mm diametrli qizg‘ish rangli tuguncha hosil bo‘ladi. Tuguncha qichinsirab turadi, asta-sekin uning yuzasida pufakcha paydo bo‘lib, keyinchalik pufakcha ochilishi hisobiga eroziyalanadi. Eroziyalar yemirilishda davom etib yengil ekssudatlanadi, ekssudat qotib ustini qaloq qoplab oladi. To‘qimalar yemirilishda davom etib, terining derma qavatigacha yetib boradi. Qaloqlar tushib ketishi natijasida qirralari notekis bo‘lgan yara hosil bo‘ladi. Yara atrofida yangi tugunchalar va pufakchalar hosil bo‘lishi va ularning yemirilishda davom etishi, yaralanib biri-biriga qo‘shilishiga sababchi bo‘ladi va katta sathni egallab turuvchi yaraga aylanadi. Bu jarayon o‘rtacha 1-2 oy davom etib boradi (55-rasm). Kasallikning og‘ir yoki yengil kechishiga qarab yaralar o‘lchami 0,5 sm dan 5-10 sm gacha yetishi mumkin. Avvaliga yara og‘riqsiz bo‘ladi. Yara tubi qizg‘ish go‘sht rangida bo‘ladi. Yara atrofi infiltratlanib shishadi va qizg‘ish, ko‘kimtir gardish bilan o‘ralgan shaklga kiradi. Nekrotik jarayon to‘xtashi bilan yara tubida tiklanishga moyil so‘rg‘ichsimon hujayralar paydo bo‘ladi, ular ko‘rilganda baliq urug‘ini eslatganligi sababli, “baliq ivildirig‘i” belgisi deb yuritiladi (56-rasm). Yaradagi nekrotik bosqichning davom etishining to‘xtashi organizmda leyshmaniylarga qarshi immunitetning yuqori darajada hosil bo‘lganligini bildiradi. Bir vaqtining o‘zida bir yoki bir nechta yaralar paydo bo‘lishi mumkin. Asosan tananing ochiq qismlarida (yuz, qo‘l va oyoq panjalari) yaralar paydo bo‘ladi. Ba’zi


106 holatlarda yengil kiyinganda yoki ustki kiyimlarsiz yurgan shaxslarda tananing istalgan joyida yaralarni uchratish mumkin. Yaralar asoratlangan hollarda regionar limfa tomirlari va limfa tugunlarida reaktiv yallig‘lanishlar kuzatilib, ular kattalashadi. Limfa tugunlarining va yo‘llarining bunday ketma-ket yallig‘lanib shishib kattalashishi tasbehni eslatadi, shuning uchun “tasbeh” belgisi deb yuritiladi (57- rasm). Organizmda immunitet shakllanib bo‘lgandan keyin leyshmaniylardan tozalanadi va regeneratsiya jarayoni boshlanadi. Regeneratsiya jarayoni o‘rtacha 1-2 oy davom etadi va yara tubidan biriktiruvchi to‘qimalarning o‘sishi hisobiga amalga oshadi. Natijada teri sathidan cho‘kib turuvchi, sog‘lom teridan chuqurlashgan atrofik chandiq bilan bitadi. Bitgan teri juda yupqa. Osongina burma hosil qiladigan bo‘lib qoladi. Yaralarning bitish davomiyligi uning qanchalik katta kichikligiga va asoratlangan yoki asoratlanmasdan kechishiga bog‘liq. O‘ra hisobdan 2-3 oydan 6-8 oygacha cho‘zilishi mumkin. Ba’zi hollarda 1-1,5 yilgacha ham cho‘zilib ketishi mumkin. Teri leyshmaniozining qishloq turida bitta odamda hosil bo‘lgan yaralarning yoki leyshmaniomalarning soni 1-2 tadan 5-10 tagacha hatto 50-60 taga borishi mumkin: ular soni zararlangan flebotomus chivini odamni necha marta va qaysi joyidan chaqqanligiga bog‘liq. 1938 yilda L.Geydenreyx 174 leyshmanioma, 1964 yilda A.N.Slaven 222 leyshmaniomasi bor bemorlarni kuzatganligini yozib qoldirilgan. Yaralar burun, quloq kabi tog‘ay to‘qimalari bor sohalarida uchraganda yemirilish jarayoni chuqurlashib deformatsiyalanish hollari uchraydi, bu kosmetik defektlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Teri leyshmaniozining silsimon turida (metaleyshmanioz) (asosan yosh bolalar va o‘smirlar kasallanadi) yaralar o‘rnida qolgan chandiq atrofida kichik o‘lchamdagi bir nechta tugunchalar hosil bo‘lishi va ular dumboqchalarga aylanib, ular yaralanmasdan bir-biriga qo‘shilishi mumkin. Metaleyshmaniozda jarayon abortiv kechib, do‘mboqchalar hali bitib ulgurmagan yoki chuzilib ketgan leyshmaniomalardan tashkil topadi. Jarayon uzoq muddatda kechib do‘mboqchalar o‘rni chandiqlanib bitishi kuzatiladi. Ba’zida bu jarayon 5-10 yilni tashkil etishi mumkin. Silsimon teri leyshmaniozida klinik belgilari sil yugurigiga o‘xshash bo‘lib, diaskopiyada usulida “olma jelesi” fenomeni musbat buladi.


107 Teri leyshmaniozining shahar turi: bu turida kasallikning yashirin davri uzoq va surunkali kechib, leyshmaniomalar kech yaralanadi. Inkubatsion davri 2-6 oydan bir yilgacha, ayrim paytlarda 3-4 yilgacha yetadi. Kasallikning bu xili bilan ko‘pincha shaharda yashovchilar og‘riydi. Odatda bu kasallik endemik joylarga borib, kasallikni avvalgi mavsumda yuqtirib olgan odamlarda uchraydi. Odamning chivin chaqqan joylarida kichkina tuguncha hosil bo‘ladi, u teridan bir oz ko‘tarilib turadi va asta-sekin kattalashib qizg‘ish jigar rang yoki ko‘kimtir, konsistensiyasi zich infiltratlangan do‘mboqchaga aylanadi. Asta-sekin uzoq muddat davom etib qirralari notekis chandiq hosil qilib bitadi. Teri leyshmaniozining bu shaklida limfangit va limfadenitlar ancha kam uchraydi. Ikkala xilda ham kasallikning tegishli qo‘zg‘atuvchilariga nisbatan turg‘un immunitet paydo bo‘ladi. Vitseral leyshmanioz: kasalllikning shakliga qarab har xil ko‘rinishda kechadi. Vitseral leyshmaniozning yashirin davri 20 kundan 10 oygacha cho‘zilishi mumkin. Kasallik asta-sekin boshlanadi. Asosiy belgisi tana haroratining to‘lqinsimon kechishi bo‘lib, vaqtivaqti bilan remissiyalanib turadi. Qon ishlab chiquvchi retikuloendotelial tizim; jigar, taloq jarohatlanadi. Gepatosplenomegaliya yaqqol rivojlanadi. Jigar va taloq kattalashib qattiqlashadi. Natijada anemiya, leykopeniya, trombotsitopeniya, eritrotsitlar cho‘kish tezligining ortishi, gipoalbuminemiya, gipoglobulinemiya kuzatilib, organizmning holsizlanib borishi, bemorning ozib ketishi bilan kechadi. Buyrak usti bezining jarohatlanishi hisobiga bemorning terisi kulrang-qoramtir tusga kiradi. Ba’zi holatlarda limfa tugunlarining kattalashishi qayd etiladi. Diagnostikasi. Diagnoz qo‘yishda bemor endemik o‘choqda bo‘lgan-bo‘lmaganligini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Kasallikning klinik kechishi, yaralar atrofidagi periferiya bo‘ylab joylashgan limfangitlar, yaralarning nekrozlanishi, atrofdagi to‘qima granulyatsiyalari kasallikka erta diagnoz qo‘yishga yordam bersa, laboratoriya tekshiruvida bemorning yarasidan, limfa tugunidan va suyak ko‘migidan olingan surtmani Romanovskiy-Gimza usulida bo‘yab ko‘rish usulida hujayra ichida joylashgan leyshmaniylarni aniqlash diagnozni uzil kesil hal qilib beradi.


108 Teri leyshmaniozi diagnostik mezonlari Qo‘zg‘atuvchisi Lokalizasiyasi Sub’ektiv belgilari Ob’ektiv belgilari Leischmania tropica majorteri leyshmaniozining qishloq turini, Leischmania tropica minorteri leyshmaniozining shahar turini, Leischmania donovani-vitseral leyshmaniozni keltirib chiqaradi. Tananing ochiq qismi (yuz, qo‘l, oyoq, bo‘yin), va tananing boshqa sohalari Tugunli bosqichida qichishish, yara atrofida qichishish. Yaralarga biror ta’sirot bo‘lganda og‘riq. 1. Do‘mboqcha; 2. Yara; 3. Yara atrofida qiz pufakchalar; 4. Yaralar birbiriga qo‘shilishidan qirrasi notekis; 5. Yara atrofi infiltratlangan; 6. Tubi sariq donador to‘qima bilan qoplangan (baliq ikrasi belgisi); 7. Ichida sarg‘ish pushti qonli yoki quyuq yiringli suyqlik tutadi; 8. Tasbeh belgisi (regionar limfa tugunlarining kattalashishi); 9. Qirralari notekis atrofik chandiq bo‘lib bitadi. Davosi. Davo rejasi har bir bemorga nisbatan individual tuziladi. Bunda yaralarning joylashgan o‘rni, ularning kattaligi va soni, asoratlangan va asoratlanmaganligi e’tibordan qolmasligi lozim. O‘tkir


109 boshlanganda yallig‘lanishga qarshi har xil namlashlar, aseptik bog‘lamlar va eritmalar hamda antiseptik malham va kremlar tavsiya etiladi. Yaralar ko‘p va ular ikkilamchi infeksiyalar bilan zararlanganda, limfangitlar va limfadenitlar bo‘lgan taqdirda antibakterial preparatlar buyuriladi. Akrixinning 4% li eritmasi va urotropinning 40% eritmasi bilan bog‘lam qo‘yish ham mahalliy yaxshi samara beradi. Vitseral leyshmaniozda tomirga 5% li solyusyurmin eritmasi 1 kunda 3-10 mg dan, jami 20-25 marotaba yuboriladi. Profilaktikasi; Teri leyshmaniozi qishloq xili qo‘zgatuvchisining toza undirmasi bilan emlash ham yaxshi natija beradi. Asosiy kuch kemiruvchilarni yo‘qotishga, chivinlarni chaqmasligiga va ularni yo‘qotishga qaratiladi. Demodekoz Demodekoz-demodex kanalari keltirib chiqaradigan kasallik bo‘lib, asosan teri hosilalarida (soch follikulalari va yog‘ bezlari) parazitlik qilib uning yallig‘lanishi bilan harakterlanadi. Etiologiyasi: Kanalar soch folikulalarida urug‘ qo‘yib ko‘payadi. Urug‘dan chiqqan lichinkalar 9-10 kun mobaynida patogen kanalarga aylanib qayta soch follikulalariga kirib urug‘ qo‘yadigan bo‘lishadi. Urug‘ qo‘ygandan so‘ng kanalar halok bo‘lishadi. Kanalarning jami xayotiy sikli 15 kunni tashkil qiladi. Demodeks kanalari tashqi muhitda namlik yetarli bo‘lgan sharoitda 9 kungacha, suvda 25 kungacha, quruq havoda 1,5 kungacha xayot faoliyatini saqlay oladi. Ular o‘simlik moyi, yog‘ va vazelinlarda yaxshi o‘sib rivojlanadi (58-rasm). 58-rasm Epidemiologiyasi: Kasallik manbai-kasal, tashuvchi xayvonlar va bemor odamlar hisoblanadi. Yuqish yo‘llari-kanalar asosan mayishiy muloqot yo‘llari orqali yuqadi. Mavsumiyligi: demodeks kanalarining odam terisida eng faollashgan vaqti bahor-kuz oylariga to‘g‘ri keladi.


110 Patogenezi: soch follikulalariga va yog‘ bezlariga kirgan kanalar mexanik ta’sir ko‘rsatishi, ularga nisbatan makroorganizmning sezgirligining ortib ketishi hisobiga patologik jarayonlar namoyon bo‘ladi. Makroorganizmda mavjud patologik jarayonlar (neyroendokrin buzilishlar, oshqozon ichak trakti kasalliklari, immun tizimining sustlashishi, surunkali infeksion o‘choqlarning mavjudligi) kanaga nisbatan sezgirlikning ortib ketishiga olib kelishi mumkin. Ayrim xollarda kanalarga nisbatan terida xech qanday patologik jarayon hosil bo‘lmasdan kana tashuvchilik ham uchrab turadi. Klinikasi. Kanalar ko‘p xollarda lab-burun burmalari, yuz terisi, burun, jag‘ osti ba’zi xollarda esa bo‘yin, yelka va ko‘krak sohalarida topiladi. Bemorlarning terisida papulalar, do‘mboqchalar, tugunlar, pustulalar, pufakchalar, yallig‘lanish infiltratlari, eroziyalar paydo bulishi bilan kechadi (59-rasm). Demodekoz kasalligining teri va ko‘zni jarohatlashi bilan kechishi aniqlangan. Davosi. Davo muolajasini buyurishdan oldin kanalarning borligi va ularning miqdoriga ahamiyat 59-rasm beriladi. Bir vaqtning o‘zida boshqa qo‘shilib kelagan kasalliklar ham e’tiborga olinadi. Nitroimidazol guruhi dori preparatlari (akaritsid dorilar) kanalarga nisbatan o‘ldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Yaxshi naf beradigan dori trixopol hisoblanadi, uni terapevtik dozada 4 haftadan 6 haftagacha berish tavsiya qilinadi. Ornidazol 8-10 kunlik kursda bir necha sikl takror beriladi. Oltingugurt preparatlari ham yaxshi naf beradi. Ichki a’zolar kasalliklarini bir vaqtning o‘zida birga davolash samarali bo‘ladi. Mahalliy davo uchun qon tomirlarni qisqartiruvchi adrenalin-rezorsinli suvli eritma yoki antibiotikli, antigistamin, steroidli va nosteroidli malhamlar ishlatiladi. Naftalan, metronidazol, benzilbenzoat malhamlari yaxshi natija beradi. Tarkibida esdepaletrin va piperonil butoksid saqlovchi spergal preparati ishlatiladi.


111 Teri miazi Teri miazi ikki qanotli pashshalarning lichinkasining teriga kirishi natijasida rivojlanadigan kasallikdir. Teri miazining uch xil ko‘rinishi mavjud bo‘lib, chipqonsimon (furunkulsimon), jarohatli va migratsiyalanuvchi ko‘rinshlari farqlanadi. Ba’zida burun-yutqin, oshqozon-ichak trakti, siydik-tanosil a’zolari ham jarohatlanishi mumkin. Kasallik tropik hisoblangan davlatlarda yashaydigan aholi o‘rtasida va endemik o‘choqlarda yashab kelgan shahslarda uchraydi. Chipqonsimon miaz- qo‘zg‘atuvchilarning Dermatobia hominis turi janubiy va markaziy Amerikada, Cordylobia anthropophaga turi Afrika qit’asida, Cuterebra turi shimoliy Amerikada, Wohlfahrtia turi Yevropa va Pokistonda kasallik keltirib chiqaradi. Pashshalarning ko‘pchiligi odamlarning terisida to‘g‘ridan-to‘g‘ri urug‘larini qo‘ymasdan, ular boshqa hashorotlarda yoki muhitlarga urug‘ qoldirish xususiyatiga ega. Ular bilan kontaktda bo‘lish hisobiga boshqa muhitdagi urug‘lar odamlar terisiga tushib kasallik chaqiradi. Teriga tushgan urug‘lar lichinkaga aylanadi, keyin hosil bo‘lgan lichinkalar teriga kirib bir qancha rivojlanish bosqichini o‘tadi. Voyaga yetgan lichinkalarning o‘lchami ularning turiga qarab 1-2 sm ga yetadi. Davolanmagan holatlarda lichinkalar teri yuzasiga chiqib keyingi rivojlanish bosqichi uchun tuproqqa tushadi. Kasallikning asosiy sub’ektiv belgisi teriga kirgan sohada kuchli qichish, o‘rmalayotgan hissiyot va ayrim holatlarda kuchli og‘riq bilan kechadi. Bemorlarning tana harorati ko‘tarilishi, zaharlanish belgilarining namoyon bo‘lishi va lichinkalar kirgan to‘qimalarning nekrozlanishi kabilar bilan namoyon bo‘ladi. Klinik belgilar qo‘zg‘atuvchining kirish darvozasi bilan bog‘liq. Kasallikning boshlanishida lichinkalar kirgan joyda kana chaqqan yoki bakterial furunkul ko‘rinishidagi ob’ektiv belgi paydo bo‘ladi. Furunkul markazida seroz-yiringli ajralma, ba’zida lichinkaning kichkina bo‘lagi ko‘rinadi. D. hominis, ko‘proq yuz, bosh va muchchalarni jarohatlaydi, C. anthropophaga, odatda tananing kiyim bilan qoplanib turgan sohalari va bosh, bo‘yin hamda yelka sohalarini jarohatlashi bilan kechadi.


112 Jarohat miazi-ko‘pincha uysiz qolgan, ko‘chalarda tunab qoluvchi, spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilib ko‘cha-kuyda ko‘p yuruvchilar, yomon ijtimoiy sharoitda yashovchilarda uchrash ehtimolligi yuqori hisoblanadi. Odamlarning kiyimlardan ochiq sohalaridagi terisi va shilliq qavatlaridagi butinligi buzilgan joylariga pashshalar (ayniqsa go‘shtlarga uruq qo‘yadigan yashil va qora pashsha) urug‘larini qo‘yib ketishadi. Urug‘lar lichinkaga aylanib rivojlanadi. Oddiy uy chivinlarining lichinkalaridan farqli teri miazida lichinkalar sog‘lom to‘qimalarga ham kirish hususiyatiga ega. 60-rasm Jarohat sohasini yaxshilab yuvish yo‘li bilan lichinkalardan tozalanadi (60-rasm). Migratsiyalanuvchi miaz ko‘pincha – Gasterophilus intestinalis va Hypoderma sp. Pashshalari tomonidan yuqtiriladi. Odatda bu pashshalar uy hayvonlari bo‘lmish qoramollarni, otlarni zararlashadi. Zararlangan hayvonlardan odamlarning jarohatlangan terisiga kontakt orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri pashshalarning lichinkalarini qo‘yishi orqali yuqadi. Lichinkalar teri ostiga kirib qichish keltirib chiqaradi, teri to‘qimalarining jarohatlanishi bilan kechadi. Miazlarning og‘ir turlari lichinkalarning ko‘z konyunktivasiga, burun shilliq qavatiga, quloqqa, siydik chiqarish yo‘llariga, og‘iz shilliq qavatiga va oshqozon ichak traktiga kirib qolishidir. Har bir holatlarda kasallikning klinik kechimi mahalliy va umumklinik belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Miaz diagnostikasi: bemorni umumiy ko‘ruvdan o‘tqazish va epidemiologik anamnez muhim ahamiyatga ega. Chivinlar qo‘ygan lichinkalarini aniqlash maqsadida yaralangan sohalardan surtma tayyorlanib mikroskop ostida ko‘riladi. Davosi: davo taktikasi parazitning terining qaysi sohasida joylashganligi bilan bog‘liq. Asosan yaradan lichinkalarni olib tashlashdan boshlanadi. Lichinkalarning rivojlanishi uchun kislorodli


113 atmosfera zarur bo‘ladi. Lichinkalarning kirish teshigi yopilib qolganida ular teridan chiqishi yoki teri yuzasiga yaqinlashib qoladi. Shu vaqtda teridan lichinkani olib tashlashga imkoniyat yaratiladi. Bemorlar ko‘p holatlarda lichinkani yuzaga chiqarish maqsadida teshikni vazelindan, tirnoqlar lakidan foydalanib yopishga harakat qilishadi. Teri ichidagi lichinka chiqmay joyida o‘lib qolsa u kuchli yallig‘lanish jarayonini namoyon qiladi. Ba’zida lichinkani jarohlik usuli yordamida olib tashlashga to‘g‘ri keladi. Ivermektin preparatini 200 mkg/kg, bir martalik ist’emmol qilinganida ularning o‘lishiga yoki migratsiyalanib yuzaga chiqishiga erishiladi. Xloroformni yara sohasiga tamponlab qo‘yish yaxshi natija beradi. Antiseptik eritmalar bilan yarani yuvib ishlov berish zarur. Oshqozon ichak traktiga tushganligi gumon qilinganda gijjalarga qarshi preparatlarni berib oshqozonni yuvish tavsiya etiladi. Ko‘p holatlarda ikkilamchi infeksiya qo‘shilib asoratlarga olib kelishi mumkin.


114 IV BOB. TERI VA SHILLIQ QAVATLARNING ZAMBURUG‘LI KASALLIKLARI HAQIDA UMUMIY MA’LUMOTLAR Zamburug‘lar etiologiyasi va biologiyasi: Zamburug‘lar keng tarqalgan mikroorganizmlar bo‘lib, ularning yer sharining hamma qismlarida uchraydi (tuproq, suv, muz, o‘simliklar, toshlar). Odam organizmida o‘lchami bo‘yicha bakteriyalardan kattaroq bo‘lgan mikroskopik ko‘rinishga ega mikroorganizmlar ya’ni zamburug‘lar kasalliklar chaqirish hususiyatiga ega. Bakteriyalardan farqli ular tashqi muhit ta’sirlariga tez moslashib olishadi va chidamli bo‘lishadi. Tuzilishi bo‘yicha zamburug‘lar ikki ko‘rinishga ega bo‘ladi. Birinchisi ipsimon yoki mitselial, ikkinchisi aylana ko‘rinishga ega bo‘lib, ularni achitqi zamburug‘lar deb yuritiladi. Ipsimon zamburug‘lar spora hosil qilishadi va ularning sporalari urug‘lari hisoblanib ular yetilagandan keyin tashqi muhitga tushib boshqa ho‘jayinlarda yashashni va ko‘payishni davom ettirishadi. Ba’zi zamburug‘larning parchalanish mahsulotlari odam organizmi uchun zaharli bo‘lishi mumkin, ular mikotoksinlar deb yuritiladi. Mikotoksinlar mikotoksikozni keltirib chiqarishi mumkin. Zamburug‘lar odam organizmida quyida keltirilgan har xil holatlarni keltirib chiqarishi mumkin: 1.Yuqumli (patogen) zamburug‘li kasalliklar (mikozlar). 2.Zamburug‘li allergik kasalliklar (mikoallergozlar). 3.Zamburug‘larning zaharlaridan surunkali zaharlanish holatlari (miktoksikozlarni). 4.Zaharli zamburug‘larni istemol qilinganda o‘tkir zaharlanishlar (mitsetizm). Organizmda zamburug‘ tashuvchilik faqat kandidalarga xos bo‘lib, ipsimon zamburug‘larni odam organizmida topilishi kasalliklar haqida o‘ylashga olib keladi. Kandidalar turkumiga kiruvchi zamburug‘lar faqat odam organizmida yashash hususiyatiga ega bo‘lib kasalliklarni keltirib chiqarishida asosiy kasallik manbai odamlar hisoblanadi. Ular makroorganizm bilan xuddi kelishgan holda bo‘lganiday hech qanday klinik belgilar namoyon qilmasligi mumkin. Organizmining immun tizimini susaytiradigan faktorlar kandidoz rivojlanishiga sababchi bo‘lishadi.


115 Zamburug‘lar patogenlik qilib nima hisobiga yashashiga bog‘liq, hamda quyidagilarga bo‘linadi: 1. Tuproqda mavjud mikroelementlar va ozuqa hisobiga yashovchi zamburug‘lar 2. Suvda va suvda yashovchi o‘simliklar hamda jonivorlar hisobiga yashovchi zamburug‘lar. 3. O‘simliklarda yashovchi zamburug‘lar. 4. Tog‘u-toshlarda yashovchi zamburug‘lar. 5. Hayvonlar va odam organizmida yashovchi saprofit, shartli patogen va patogen zamburug‘lar mavjud. Ular odam yoki hayvonlar organizmida patogenlik qilib, tashqi muhitga tushganda spora hosil qiladi. Xayotning hujayrali tizimida zamburug‘lardan aziyat chekmaydigan hujayralar yo‘q deb hisoblanadi, o‘z o‘rnida zamburug‘larga nisbatan patogenlik qiluvchi mikro va mikroorganizmlar ham mavjud. Tibbiyot va biologiyaning hozirgi kuniga qadar odamlar organizmida patogenlik qilib yashovchi 400 dan ortiq zamburug‘larning turlari aniqlangan va ularning soni kundan kunga ortib bormoqda. Odam organizmining barcha qismlarida (teri, shilliq qavatlar, ichki a’zolar va jinsiy a’zolarda) zamburug‘lar keltirib chiqaradigan patologik holatni uchratish mumkin. Epidemiologiyasi: 1. Kasallik manbai: patogen va shartli patogen zamburug‘ tashuvchi odamlar va hayvonlar hisoblanadi. Ulardan tashqi muhitga tushgan zamburug‘larning sporalar uzoq muddatgacha o‘zining patogenlik hususiyatini saqlab qolishadi va makroorganizmga tushishlari bilan yetarli sharoit yaratilsa kasallik chaqirishlari mumkin. 2. Kasalliklarning yuqish yo‘llari. Maishiy-muloqot (bemor odamlar va kasallangan hayvonlar bilan bevosita muloqotda bo‘lganda, yoki bilvosita bemor odamlar ishlatgan kiyimlari, idish tovoqlari, choyshab, sochiqlardan foydalanganda yuqadi), instrumentlar orqali (sartaroshlar, menikyur, pedikyur asboblari, tibbiy asboblar orqali yatrogen yuqtirish) yuqishi, jinsiy (bemor yoki tashuvchi odam bilan jinsiy muloqotda bo‘lganda) bevosita aloqada yuqishi. 3. Moyillik: kasalliklar hamma yoshda uchraydi, ayniqsa chaqaloq va bolalarda kandidoz, kattalarda zamburug‘li jarohatlanishlar ko‘proq uchraydi.


116 4. Mavsumiylik: unchalik xos emas. Hamma faslda uchrab, immun tizimini tushiruvchi omillar kasalliklarning rivojlanishiga, qaytalanishiga va avj olishiga olib keladi. Zamburug‘li kasalliklarning kelib chiqishida va ularga moyil bo‘lib qolishida endogen va ekzogen sabablar (omillar) ning ahamiyati juda muhim. Endogen omillar: 1. Hujayraviy va gumorali immun tizimining sustlashishi. 2. Stress faktorlarning ta’siri. 3. Ichki sekresiya bezlari faoliyatining buzilishi. 4.Ter bezlari faoliyatining ortib ketishi va unga olib keluvchi faktorlar. 5.Organizmda moddalar almashinuvi jarayonining buzilishi, gipotrofiya va distrofiya holatlari. 6. Gipo va avitaminozlar. 7. Terining kimyoviy va fizikaviy hususiyatlari sustlashishi. Ekzogen omillar: 1. Qo‘zg‘atuvchilarning teri yoki shilliq qavatlariga ko‘p miqdorda tushishi. 2. Teri va shilliq qavatlarining mexanik (tirnalish, chaqalanish, tor poyafzallar kiyishi, tor kiyimlar kiyishi), kimyoviy (kimyoviy mahsulotlar bilan terining zararlanib butunligining buzilishi: ishqor, kislota, kraska, neft va boshqalar), fizikaviy (quyosh nuridan kuyish, sovuq urishi, issiq urishi, elektr energiyasi, rentgen va boshqa nurlanishlar), biologik ta’sirlanishlari (hasharotlarning terini shikastlashlari, terini ta’sirlantiruvchi o‘tlar) ya’ni terining butunligining va uning himoya funksiyasini tushiruvchi omillar ta’sirida patogen zamburug‘larining teriga tushib qolishi, kasallik kelib chiqishini tezlashitradi va osonlashtiradi. 3. Teri va shilliq qavatlarning boshqa etiologiyali yallig‘lanish kasalliklari, piodermiyalar, terining parazitar kasalliklari, jinsiy a’zolarning spesifik va nospesifik yallig‘lanishli kasalliklari bor shaxslarda ikkilamchi infeksiya bo‘lib zamburug‘larning tushishi ularning rivojlanib ketishiga sharoit yaratilishi. 4. Antibiotiklarni qo‘llash bilan disbakterioz keltirib chiqarish ya’ni organizmda mavjud zamburug‘larning o‘sishiga qarshilik qiluvchi bakteriyalarning kamayishi hisobiga zamburug‘larning ko‘payib ketishi (o‘zaro antogonizmning buzilishi).


117 5. Yosh bolalarda oraliq sohalarining axlat bilan ifloslanib turishi (yetarli gigienaga e’tibor kamayishi). 6. Pala-partish va travmatik jinsiy muloqotlar (jinsiy a’zolar zamburug‘li kasalliklarini rivojlantiradi). 7. Tashqi kasbiy omillar: namlik baland muhitda yashash va ishlash (hammomlarda, issiqxonalarda, nonvoyxonalarda ishlovchilar, chorvadorlar va veterenar hodimlarda kasalliklar ko‘proq uchraydi), mehnat faoliyatida terlab turish bilan bog‘liq holatlar. Zamburug‘li kasalliklar nixoyatda ko‘pligi, ularning butun organizmni jarohatlashi mumkinligini e’tiborga olgan holda, kasalliklarning nozologik turlarini o‘rganishni osonlashtiruvchi guruhlarga bo‘linadi. 1.Terining faqat epidermis qavatining jarohatlanishi bilan kechadigan zamburug‘ kasalliklari (bu guruh kasalliklarda asosan epidermis qavati jarohatlanadi, maxsus teri va teri osti qavatlari shikastlanmaydi, jarayon og‘ir kechgan hollarda teri hosilalari ham jarohatlanishi mumkin), bularga rang-barang temiratki va eritrazma kasalliklari kiradi. 2. Terining epiderma va derma qavatlarining va teri hosilalarining (soch, tirnoq, ter va yog‘ bezlari) jarohatlanishi bilan kechadigan zamburug‘li kasalliklari (kasalliklarning yengil kechishida yoki kasallikning ilk davrlarida faqat epiderma jarohatlanishi, keyinchalik jarayon dermaga o‘tishi mumkin). O‘z o‘rnida kechish va jarohatlash hususiyalari hamda kasallikning qo‘zg‘atuvchisining turlariga qarab bir qancha nozologik turlarga bo‘linadi. Ular chov epidermofitiyasi, oyoq panjalari epidermofitiyasi, rubromikoz, trixofitiya, mikrosporiya va favus (kallik) kasalliklariga ajratiladi. 3. Organizmda terining chuqur qavatlari va uning hosilalarini, shu bilan birga ichki a’zolarni ham zararlashi mumkin bo‘lgan zamburug‘li kasalliklar ya’ni sistemali zamburug‘li kasalliklar deb ham aytiladi. Bu guruh kasalliklarning ham qo‘zg‘atuvchisi hamda o‘ziga xos nozologik klinik farqli belgilari muvjud bo‘lganligi sabali quyidagi kasalliklarga bo‘linib o‘rganiladi: gistoplazmoz, koksidioidoz, blastomikoz, sporotrixoz, xromomikoz kabilardir. 4. Bu guruhning qo‘zg‘atuvchilari kandidalar bo‘lib, ular zamburug‘lardan spora hosil qilmasligi bilan va o‘ziga xos klinik kechimi borligi, hamda butun organizmni jarohatlashi mumkin bo‘lganligi sababli alohida guruhga kiritilib o‘rganish qabul qilingan.


118 Ular teri va shilliq qavatlar kandidozi hamda ichki a’zolar kandidozlariga bo‘linadi. Quyida har bir zamburug‘li kasalliklarning nozologik birliklariga e’tibor bergan holda alohida xususiyatlariga to‘xtalib o‘tiladi. Rang-barang temiratki Rang-barang temiratki epidermisning yallig‘lanish va sub’ektiv belgilarsiz, terida har xil o‘lchamdagi va har xil rangdagi, yuzasi kepaklanib turadigan, chegarasi aniq giperpigment yoki gipopigment dog‘lar hosil bo‘lishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: epidermis hisobiga yashovchi zamburug‘lar bo‘lib ular Microsporium furfur deb nomlanadi. Tashqi muhitda juda keng tarqalgan bo‘lib, asosan namlikni yaxshi ko‘rish xususiyatiga ega. Epidemiologiyasi: Kasallik manbai; kasallik manbai bo‘lib bemor odamlar hisoblanishadi. Yuqish yo‘llari; asosan kasallik maishiy muloqot orqali yuqadi, birinchidan bevosita odamdan odamga muloqot orqali yuqsa, ikkinchidan bilvosita bemor odamlar ishlatgan kiyimlar, buyumlar, ko‘rpa-to‘shaklar, sochiq, taroq, poki va boshqa shunga o‘xshashlarni ishlatish kasallikni yuqishiga olib keladi. Kasallikni yuqtirishda sartaroshlar, go‘zallik saloni xodimlari va massajistlarning ham roli katta. Kasallikka moyillik; kasallik asosan balog‘at yoshidagi shaxslarda uchrab, 50-60 yoshgacha uchrab turadi, kasallikning eng ko‘p uchrash darajasi o‘rta yoshga to‘g‘ri keladi. Har ikkala jinsda ham kasallanish birdek uchraydi. Ba’zi xollarda bemor onadan sog‘lom bolaga uzoq va davomli muloqot bo‘lganligi sababli yuqib, kasallikning klinik belgilarini keltirib chiqarish ehtimoli bor. Asosan ko‘p terlovchi va terining kislota-ishqor muhiti o‘zgargan shaxslarda kasallik ko‘proq uchraydi. Kasbiy moyillik ham inkor etilmaydi. Mavsumiylik; kasallikka chalinish xollarini va qaytalanishlarini inobatga oladigan bo‘lsak ko‘proq eng avj olgan davri bahor oylariga mos keladi. Bemorlarda kasallikning klinik belgilarini hamma faslda ham ko‘rish mumkin. Hamma faslda ham kasallik qayd etiladi. Klinikasi: kasallikning aniq bir yashirin davri e’tirof etilmaydi, chunki moyillikka olib keluvchi omillar ta’siriga bog‘liq holda kasallik rivojlanishi mumkin. Kasallikning ilk belgilari tanada, ayniqsa bo‘yin


119 sohasi, ko‘krakda, yelka va qo‘ltiq osti sohalarida teri rangidan ajralib turuvchi har xil rangdagi yalig‘lanishlarsiz pigmentli dog‘lar (qon tomirlarga bog‘liq bo‘lmagan) paydo bo‘ladi, ularning o‘lchamlari 1-2 mm dan tortib 15-20 sm va xatto undan ham kattaroq dog‘lar paydo bo‘ladi. Dog‘larning yuzasida unsimon 61-rasm va kepaksipon qipiqlanib turishi harakterlidir. Kepaklarning rangi oqish yoki kumushrang bo‘ladi. Dog‘larning rangi har xilda bo‘lganligi sababli rang-barang temiratki nomini olgan, ya’ni oq yoki sariq rangli odamlarda ular qo‘ng‘ir yoki qaxvali sut rangida bo‘lishi, qora yoki bug‘doy rang odamlarda dog‘lar gipopigment bo‘lib yuzasidagi oqish yoki kumushrang qipiqlanishlarning ko‘rinishi hisobiga kasallik belgilari yaqqolroq namoyon bo‘lib qoladi (61-rasm). Dog‘larning yaqqol rivojlanib qolishi va tanada yangi toshmalarning paydo bo‘lishi bahor fasliga ko‘proq to‘g‘ri keladi. Dog‘lar yil davomida saqlanib ba’zida ko‘payib ba’zida kamayib qolish xususiyatiga ega. Dog‘lar qo‘lning bilak qismigacha, qorin va bel sohalariga, oyoqlarga qadar tarqalish ehtimoli uchrab turadi. Ba’zida yoz oylarida quyosh nuri sotida bevosita ishlovchilarda ma’lum muddat toshmalar butunlay yo‘qolib ketishi ham kuzatiladi. Kasallikning qaytalanib turishi va yillar davomida uzoq kechishi muhim ahamiyatga egadir. Ko‘pgina bemorlar sub’ektiv belgilar bo‘lmaganligi sababli, ob’ektiv belgilarga ya’ni dog‘larning borligiga asta sekin o‘rganib qolishi kasallikning uzoq muddat davom etishiga va epidemiologik muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolishiga olib keladi. Diagnostikasi: Rang-barang temiratkiga diagnoz qo‘yishda epidemiologik va klinik usullarning ahamiyati katta bo‘lib, ularni tasdiqlash maqsadida toshmalar toshgan sohalarga rangli sinama, ya’ni yodli sinama qo‘llab ko‘riladi. Davosi: bemorlarni davolashda ularning umumiy holati e’tiborga olinib, ularning ruxiy holati ya’ni kasallikka nisbatan qanday munosabatda ekanligi aniqlanib, davolash kursi buyurilganda ularning


120 ahamiyati inobatga olinadi. Davolashda epidermisning mug‘uz qavati zararlanganiga, u yerga rezorbtiv ta’sirga ega preparatlarning terapevtik miqdorini hosil qilish qiynligiga hamda antimikotik preparatlarining nojo‘ya ta’sirlarining ko‘pligini e’tiborga olgan holda asosan mahalliy davo buyuriladi. Mahalliy davo sifatida yodning 5% eritmasi bilan badanni ayniqsa jarohatlangan dog‘lar sohasini artib turish yaxshi naf beradi. Zamburug‘larga qarshi klotrimazol, mikoseptin, Dermazol, Terbinoks, Lamizil, Kandid V krem, Mifungar, Terfalin, Mikosist, Dermatol, kabi preparatlarning malhamlari, oltingugurtning 33 yoki 20 % malhamini kuniga bir ikki mahal 6-7 kun davomida surtib turish yaxshi natija beradi. Qipiqlanishning yo‘qolishi, yodli sinamaning manfiy bo‘lishi bemorning tuzalganidan darak beradi. Bemor kasallikka moyilligi va tabiatda, uning uyidagi ko‘rpato‘shaklari, kiyim-kechaklarida qo‘zg‘atuvchilarning xaddan tashqari ko‘pligi, ulaning qayta tushib bemorda kasallikni qaytalanishiga olib kelishini inobatga olgan holda takroriy davolash kurslarini uzoq muddatgacha o‘tkazib turish tavsiya qilinadi. Profilaktikasi: kasallikning maxsus profilaktikasi bo‘lmaganligi sababli, bemorga umumiy gigiena qoidalariga rioya qilish, ko‘p terlamaslikka harakat qilish kabilar tavsiya qilinadi. Kasallikning qaytalanib turishi xosligi to‘g‘risida tushintirish ishlari olib borish muhim ahamiyatga ega. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Balser sinamasini aniqlash: Buning uchun 5% yod eritmasini teridagi dog‘lar ustiga surtilib darxol spirt bilan artib olinadi. Qipiqlanayotgan teri surtilgan yod eritmasini tezda shimib olishi va sog‘lom teridan yaqqol o‘zining aniq chegarali qo‘ng‘irlashgan sohasi bilan ajralib turishi diagnozni oydinlashtiradi. Bu sinamani Balserning yodli sinamasi deb yuritiladi. Yodli sinamaning oldiniga musbat natija berishi, keyinchalik manfiy natijalar berishi kasallikdan keyingi uzoq muddatga qolgan gipopigment yoki giprepigment dog‘lar xaqida o‘ylashga olib keladi, ya’ni davolangan rang-barang temiratki deb hisoblanadi. Bene sinamasini aniqlash: Teridagi dog‘lar yuzasi yengil qirilganda yoki uni tirnoqlar bilan urib ta’sirlantirish qipiqlarning ko‘chishini kuchayishiga olib kelishi ham diagnozni oydinlashtirishda yordamchi usul hisoblanadi (Bene sinamasi).


121 Lyuminitsent lampalaridan chiqqan nur yordamida baho berish: Lyuminitsent lampalaridan chiqqan nurni toshmalarga yo‘naltirilsa o‘sha soha tillarang-sariq rang bilan tovlanishi rang-barang temiratkiga xos hisoblanadi. Surtma tayyorlab qo‘zg‘atuvchini aniqlash usuli: Zarurat tug‘ilganida teridagi ajralayotgan qipiqlardan surtma tayyorlab mikroskopik usulda zamburug‘larni topish katta diagnostik ahamiyatga ega. Surtma olish uchun kerakli anjomlar; skalpel, pinset, buyum oynasi, mikroskop, o‘yuvchi natriy va kaliy eritmasi, sirka kislotasi, 2% li metilen ko‘ki, immersion moy. Bajarish texnikasi; Qipiqlanayotgan sohadan skalpelni teriga nisbatan 40-45 gradus burchak ostida yengil bosgan holda surib buyum oynasiga qirindilarni (kepaklar bilan) tushiriladi. Olingan material ustiga natriy yoki kaliyning 30% li eritmasi tomizilib keyin olovda qizdiriladi. So‘ngra mikoskopda qo‘zg‘atuvchining uzunligi 8-12 mkm, eni 2-3 mkm o‘lchamdagi mitseliylari va sporalari ko‘rinishi bilan diagnoz tasdiqlanadi. Eritrazma Eritrazma teri epidermis qavatining surunkali kasalligi bo‘lib, asosan burmalar sohasi zararlanishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi bakteriyalar (Corinebacteria fluorescens eritrazmae) hisoblanib, ularni qipiqlardan tayyorlangan surtmada mikroskopik yaxshi ko‘rish mumkin. Zamburug‘lar guruhida o‘rganish qabul qilingan ya’ni psevdomikozlar guruhiga kiradi. Epidemiologiyasi: kasallik manbai; kasal odamlar, kasallikning yuqish yo‘li; asosiy yuqish yo‘li maishiy-muloqot yo‘li bo‘lib, bemor odamlar bilan yaqindan va uzoq muddat, takroriy muloqotlar orqali yuqadi. Kasallikka moyillik; asosan semiz odamlarda ko‘p uchrab, erkaklar orasida kasallanish darajasi yuqori. Ko‘p terlovchi va namlikda ishlovchi shaxslarda aynan ko‘proq uchrashi aniqlangan. Mavsumiylik; yilning hamma fasllarida ham uchrayveradi. Klinikasi: avvaliga toshmalar toshish sohasida ya’ni burmalarda yengil qichinsirash, biroz kuyishish kabi sub’ektiv belgilar bilan boshlanib, keyin shu sohada qizarish ya’ni eritemalar yoki dog‘lar paydo bo‘ladi. Ularning yuzasi kepaklanib turadi. Toshmalar asosan son-chanoq burmalarida, qo‘ltiq ostida, dumbalar orasida, sut bezlari ostida, bo‘yin burmalarida ba’zan esa oyoq panjalari va qo‘l barmoqlari


122 62-rasm burmalarida uchrab, ularning o‘lchamlari 1-2 sm dan 5-10 sm gacha va undan kattaroq bo‘lishi mumkin. Ba’zi xollarda jinsiy olat boshchasi va uning yopqichi ham zaralanishi xos bo‘lib, yorg‘oq zararlanmaydi. Burmalar sohasidagi dog‘lar atrofdagi teriga biroz tarqalish xususiyatiga ega. Dog‘ va eritemalarning birbiriga qo‘shilib ketishi har xil shaklni egallashi mumkin. Ta’sirlanishlarning darajasiga qarab toshmalar qipiqlanib turishi, og‘ir xollarda epiderma ichi pufakchalari hosil bo‘lishi mumkin. Dog‘ va eritemalarning rangi qizg‘ish, jigarrang yoki pishgan g‘isht rangida bo‘ladi (62-rasm). Bemor yetarlicha shaxsiy gigiena qoidalariga e’tibor bermaganda yoki davolanmasdan yurgan xollarda ikkilamchi infeksiya qo‘shilishi yallig‘lanish jarayonining yaqqollashishiga olib kelishi mumkin. Bunday paytlarda sub’ektiv (qichishish, kuyishish, achishish va og‘riq) va ob’ektiv (teri ko‘chishi, pufakchalar paydo bo‘lishi, eroziyalanishi) belgilar kuchayib bemorni bezovta qilishi mumkin. Diagnostikasi: Klinik belgilarga asolanib diagnoz qo‘yish, mikroskopik (bakteriologik) usul yordamida qo‘zg‘atuvchini aniqlash. Vud lampalari yorug‘ligi yordamida aniqlash. Davosi: davo muolajalari umumiy va mahalliy davolarga bo‘linib, umumiy davo sifatida bemorning immunbiologik holatini yaxshilashga va chidamliligni oshirishga qaratiladi. Mahalliy davo sifatida esa 5% eritromitsin malhami (kuniga ikki mahal 7-10 kun davomida), 5% li yod eritmasi (kuniga ikki mahal 7-10 kun davomida), 5% salitsil spirtli eritmasi (kuniga ikki mahal 7-10 kun davomida) toshmalar sohasiga surtish tavsiya qilinadi. Profilaktikasi: Kasallikni oldini olish maqsadida umumiy gigiena qoidalariga qattiq rioya qilish tavsiya qilinadi. Moyil shaxslarga profilaktik maqsadda antiseptiklar bilan burmalar sohasini tez-tez artib turish tavsiya qilinadi. Bemorlarning zararlangan burmalari sohasidan tashqari sog‘lom burmalari sohalarini ham antiseptik eritmalar bilan


123 tez-tez artib turish kasallikning boshqa burmalariga o‘tib ketishini oldini olib turadi. Ko‘p terlashlarni oldi olishga harakat qilinadi. Namlik baland muhitlardan o‘zini saqlash tavsiya qilinadi. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Lyuminessentli tekshirish ya’ni Vud lampalari yorug‘ligi toshmalar o‘chog‘iga yo‘naltirilganda bakteriyalar ajratadigan suvda eruvchi porfirin moddasi hisobiga u yerda pishgan g‘isht rangidagi to‘q qizg‘ish shula ko‘rinishi diagnozni to‘laligicha tasdiqlaydi. Mikroskopik tekshirish uchun, skalpel yordamida zararlangan sohdan buyum oynachasiga surtma olinib uning ustiga sirka kislotasi eritmasidan tomiziladi va olovda quritiladi. So‘ngra 2% metilen ko‘ki eritmasi yordamida 3 minut davomida bo‘yaladi. Bo‘yab bo‘lingan preparat suv bilan yuviladi. Tayyor bo‘lgan preparat mikroskop ostida ko‘riladi. Unda biroz qayrilgan uzunligi 5-15 mkm keladigan korinobakteriyalarning mitseylilari ko‘rinadi. Zangori rangga bo‘yalgan mitseliy iplari bo‘ylab korinobakteriyalar zanjirsimon ko‘rinishda taqsimlanadi, sporalari to‘q va ko‘kimtir tus oladi. Chov epidermofitiyasi Chov epidermofitiyasi: chov, son, oraliq sohasi burmalarining ba’zida boshning sochli qismi, tana, oyoq-qo‘llar va ba’zi xollarda tirnoqlarning zamburug‘li zararlanishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: Epidermophyton floccosum hisoblanadi. Ipsimon mitseliylar bo‘lib ularning uzunligi 2-4 mkm ni tashkil qiladi. Saburo muhitida aylana, sarg‘ish koloniyalar hosil qilib o‘sadi. Epidemilogiyasi: kasallik manbai; kasal odam, yuqish yo‘llari; asosiy yuqish yo‘li bevosita yuqish yo‘li bo‘lib bemor odam bilan yaqindan muloqot qilganda yuqadi jinsiy muloqot orqali ham yuqish ehtimoli yuqori, oyoq kiyimlari, ichki kiyimlar, maishiy ishlatiladigan buyumlar (mochalkalar, choyshablar, sochiqlar) orqali bilvosita yuqish ehtimoli yuqori. Moyillik; asosiy kasallanish katta yoshdagi shaxslarga to‘g‘ri kelib, kasbiy ahamiyatga ham ega, ya’ni yuqor haroratda ishlovchilar, ko‘p terlovchilar, namlik baland bo‘lgan muhitda ishlovchilar, teri qavatlarining tez-tez chaqalanib turishi bilan bog‘liq shaxslar, immun tizimi sustlashganlarda kasallik ko‘proq uchraydi.


124 Klinikasi: Chov (eng ko‘p chov burmalari zararlanganligi sababli kasallikning nomi ham shunga mos holda olingan), oraliq, dumbalar orasi, barmoqlar, ko‘krak bezlari burmalarda pushti rangli, markazidan yengil qipiqlanishli, aylana yoki oval shakldagi dog‘lar paydo bo‘lib, ularning sog‘lom 63-rasm teri bilan ajralib turgan qismi shishgan, qavarchiq, pufakchalar, yiringcha, eroziya va qaloqlar bilan o‘ralgan bo‘lishi mumkin. Jarohatlangan sohada namlanib turishlarni ham uchratish mumkin (63- rasm). Kasallikning avj olishiga bog‘liq holda ularning ulchamlari har xil kattalikda bo‘ladi, 1-2 sm dan tortib 15-20 sm joyni jarohatlashi mumkin. O‘choqlarning chegarasi sog‘lom teridan aniq ajralib turadi. Bir vaqtning o‘zida oraliq sohasi, sonning ichki yuzasi, dumbalar oralari, oyoq-qo‘llar, tirnoqlar, boshning sochli qismi va badanning boshqa sohalari jarohatlanishi mumkin. Bemorlarni sub’ektiv belgilardan qichiqish, kuyishish, achishish ba’zi xollarda og‘riq kabilar bezovta qilib turadi. Diagnostikasi: klinik belgilarga asosalangan holda erta diagnoz qo‘yilib, keyin qipiqlardan yoki tirnoqdan olingan surtmada zamburug‘larning aniqlanishi yakuniy diagnozni tasdiqlab beradi. Zarurat tug‘ilganda olingan materialni ekib ko‘rish usuli yordamida ularning kulturalarini aniqlash mumkin. Davosi: Kasallikni davolashda mahalliy va umumiy davo usullaridan foydalaniladi. Mahalliy davo sifatida zamburug‘ga qarshi klotrimazol, mikoseptin, dermazol, derbinoks, lamizil, kandid V krem, mifungar, terfalin, mikosist, dermatollarning malham, krem va eritmalari ko‘rinishida va oltingugurtning 33 yoki 20 % malhami qo‘llaniladi. Jarohatlanish terining derma qavatigacha borganligini inobatga olgan holda zamburug‘ga qarshi mahalliy ishlatilgan preparatlarning dermaga terapevtik dozasi yetib bormasligini e’tiborga olgan holda umumiy rezorbtiv ta’sirga ega preparatlar ishlatiladi. Ular flunol, lamizil, futsis, flukanazol, flyusitozin, dermazol, griziofulvin, orungal, terbinafin, diflyukan, terbizil, diflyuzol, flurit, tibazol,


125 intrakonazol, ketokenazol, mikonazol, terbinoks, mikosist kabi prepratlar ishlatiladi. Dorilarni berish miqdori va davomiyligi individual bo‘lib davolovchi vrach kasallikning holatiga qarab buyuradi. Ularni qo‘llash uzoq vaqtgacha nazorat ostida olib boriladi, bemorda klinik belgilarning to‘liq yo‘qolib ketganidan keyin ham imkon qadar mahalliy o‘choqlardan takror surtmalar olib mikroskopik tekshirish tavsiya qilinadi. Bemorga kasallikka moyil bo‘lib qolganligi va yana zamburug‘lar o‘sha sohaga tushib qolgan taqdirda kasallikni oson qaytalanishiga olib kelishi xaqida ogoxlantiriladi. Davolash kursida organizmning immunbilogik holatini yaxshilashga qaratilgan choralar amalga oshiriladi. Mikoallergidlar ya’ni zamburug‘larning parchalanish mahsulotlariga qarshi organizmning sensibilizatsiyasi ortishi mumkinligi e’tiborga olingan holda antiallergik preparatlar ham qo‘llash zarur. Mikotoksikozlar rivojlanganda dezintoksikatsiya usullari qo‘llaniladi. Profilaktikasi: shaxsiy gigiena qoidalariga qattiq e’tibor berish tavsiya qilinadi, maxsus xavfli guruhga kiruvchi shaxslarga tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish va antimikotik eritmalar bilan burmalar sohalarini artib turish muhim ahamiyat kasb etadi. Uy anjomlarini xlor yoki lizol eritmalari bilan dezinfeksiya qilib turish zarur. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Material olish texnikasi va mikroskopik tekshirish usuli uchun kerakli bo‘lgan asbob va anjomlar: skalpel, pinset, buyum oynasi, qaychi, mikroskop, o‘yuvchi natriy va kaliy eritmasi, 96% li spirt, sentrifuga va probirkalari, buyum oynachasi, distirlangan suv. Chov epidermofitiyasida asosan zararlangan sohalar chov, ikkala sonning ichki yuzasi, anus atrofidan qirindi olinadi. Olingan material ishqor bilan ishlov berilib keyin qizdirilib tayyor bo‘lgan material mikroskopik tekshiriladi. Oyoq panjalari epidermofitiyasi Oyoq panjalari epidermofitiyasi-butun dunyoda keng tarqalgan kasalliklardan bo‘lib, asosan oyoq panjalari, barmoqlar, tirnoqlarning zamburug‘li zararlanishi bilan kechadi, kasallikning kechim darajasiga


126 qarab yuzaki yengil jarohatlanishdan tortib, chuqur destruktiv o‘zgarishlargacha olib kelishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: Trichophyton mentagraphytes bo‘lib, bemorlarning jarohatlangan sohasidagi kepaklarda va tirnoq plastinkalarida topiladi. Saburo muhitiga ekilganda ularning koloniyalari oqish rangda bo‘ladi. Epidemiologiyasi: kasallik manbai; kasal odam hisoblanadi. Yuqish yo‘li; asosiy yuqish yo‘li maishiy muloqot orqali bo‘lib, kasallik bevosita bemor odam bilan yaqindan muloqot qilganda va bilvosita bemorning kiyim kechaklaridan ayniqsa oyoq kiyimlari (tufli, tapochka, etik, paytava, paypoq,chulki) dan foydalanish kasallikning yuqishiga yaxshi imkoniyat yaratib beradi. Moyillik; kasallik asosan balog‘at yoshidan keyin uchraydi. Kasallikka uzoq muddat poyafzalni yechmasdan kiyib yuradiganlar (harbiylar) va namgarchilikda ko‘p ishlovchilar (hammomchilar, metalurglar, konchilar) moyil bo‘lib qolishadi, chunki oyoqning ko‘p terlashi, oyoqdagi jarohatlanishlar va u sohalarga qo‘zg‘atuvchilarning tushishi kasallikning rivojlanishiga imkoniyat yaratib beradi. Endokrin kasalliklari bor, immun tizimi sust shaxslarda ko‘proq uchraydi. Mavsumiylik; unchalik xos emas, lekin kasallikning uchrash darajasi va qaytalanishlari bahor yoz oylariga ko‘proq to‘g‘ri keladi. Klinikasi: klinik kechishini to‘g‘ri tushinib olish uchun kasallikning toshmalar toshish harakteri va jarohatlanish darajasiga qarab quyidagi shakllari ajratilgan; Qipiqli shakli (skvamoz)-yengil turi bo‘lib barmoqlar oralarida yoki tovonga o‘tish qismlarida unsimon, kepaksimon ba’zi xollarda tangasimon qipiqlanishlar bilan kechadi, terida yengil kichgina yoriqlar ham uchrashi mumkin, bemorni sub’ektiv belgilardan qichish bezovta qilib turadi. Qipiqli-giperkeratotik oyoq tovonida terining qalinlashishi bilan kechadi, tangasimon qipiqlanishlar va yoriqlar bilan namoyon bo‘ladi. Eritematoz shakli oyoq panjalari terisining faqat qizarishi bilan kechuvchi turi, yengil qichinish bilan kechadi asosan kasallikning boshlang‘ich davrlariga va qaytalanish davrining boshlariga to‘g‘ri keladi. Intertriginoz shakli-oyoq barmoqlari burmalarining zararlanishi bilan kechadi, burmalar sohasida eritema, qipiqlar, pufakchalar, yoriqlar paydo bo‘lib kuchli qichishish bilan kechadi. Asosan III-IV va IV-V barmoqlar oralig‘i zararlanadi.


127 Disgidrotik shakli oyoq panjalari terisida pufakchalar yoki yiringchalar hosil bo‘lishi bilan kechadi, bemorlarni kuchli qichishish bezovta qiladi, bu turida ikkilamchi infeksiyaning qo‘shilishi ko‘p kuzatilib regionar limfangit va limfadenitlar bilan kechadi (64-rasm). Disgidrotik turida allergik 64-rasm reaksiyalar ham kuzatilishi mumkin (mikoallergidlar). Tirnoqlarning shikastlanishi bilan kechuvchi onixomikotik shakllari farqlanadi. Onixomikozda tirnoqning o‘zgarishiga qarab uch xil turi farqlanadi. Normotrofik turi tirnoqlarning shakli o‘zgarmasdan faqat rangining o‘zgarishi bilan kechadi. Gipertrofik turi tirnoqlarning qalinlshishi va rangining (sariq, qo‘ng‘ir, qoramtir) o‘zgarishi bilan kechib, tirnoqlarning o‘suvchi sohasi 65-rasm uvalanib turadi. Ularning qalinligi 2-3 dan 4-5 mm gacha yetishi mumkin. Atrofik turida tirnoq plastinkalarining yemirib ketishi hisobiga plastinkalar sohasi ochilib qoladi. Tirnoqlarning birta yoki bir nechtasi bir vaqtda jarohatlanishi mumkin. Tirnoqlarda deformatsiya holatlarini ham kuzatish mumkin (65-rasm). Yuqorida belgilangan shakllar kasallikning davriga va og‘ir yengilligiga qarab bir biriga o‘tib turish xususiyatiga ega, ular o‘rtasida aniq chegara belgilanmaydi. O‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmasa uzoq muddat surunkali shaklga o‘tib yillar davomida qaytalanib turishi mumkin. Diagnostikasi: kasallikning klinik kechimiga asosalanib dastlabki diagnoz qo‘yiladi, asosiy diagnozni tasdiqlash maqsadida


128 oyoq panjalari burmalaridan, pufakcha suyuqligidan, qipiqlardan yoki tirnoq plastinkalaridan material olinib mikroskopik va mikrobiologik usulda tekshirilib qo‘zg‘atuvchi aniqlanadi. Mikroskopik usul zamburug‘ga qarshi ishlatiladigan dori preparatlari qo‘llanilguncha amalga oshiriladi. Bu holat ishonchlilikni oshiradi. Davosi: asosiy diagnoz tasdiqlangandan keyin zamburug‘ga qarshi ishlatiladigan dori vositalari mahalliy va umumiy ko‘rinishda ishlatiladi. Mahalliy antimikotik malhamlardan, krem yoki eritmalardan kasallikning shakliga bog‘liq holda uzoq muddat qo‘llaniladi. Umumiy rezorbtiv ta’sirga ega preparatlar ham uzoq muddatga organizmda saqlanib turuvchi miqdori belgilanib berib boriladi. Klinik samaradorlikni olgandan keyin, takror mikologik usul yordamida tekshirilib, zamburug‘lar va ularning sporalari topilmagach bemor tuzalganligiga ishonch bildiriladi. Bemorning kasallikka moyil bo‘lib qolishi yoki kasbiy holati e’tiborga olingan holda profilaktik davo kurslari o‘tkazib turilishi tavsiya etiladi. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Material olish texnikasi va mikroskopik tekshirish usuli uchun kerakli bo‘lgan asbob va anjomlar: skalpel, pinset, buyum oynasi, qaychi, mikroskop, o‘yuvchi natriy va kaliy eritmasi, 96% li spirt, sentrifuga va probirkalari, buyum oynachasi, distirlangan suv, qoplagich oyna. Olinayotgan material imkon qadar tovon gumbazidan olingani maqul. Avvaliga skalpel yordamida tovon gumbazi yoki barmoqlar orasi ochilib yuza qavat qirib tashlanib keyingi qirindisi buyum oynasiga tushirilib olinadi. Tovon va barmoqlar orasidan material alohida buyum oynalariga olinadi. Pufaklardan material olish uchun yorilgan pufaklar sohasi terisi pinset bilan ushlanib qaychi bilan qirqib olinadi. Zararlangan tirnoqlardan material olish uchun skalpel yordamida tirnoqlar qirib olinadi. Tirnoqlarning chuqur qatlamlari esa qaychi yordamida kesib olinadi. Olingan materiallar skalpel yordamida maydalanib ishqor eritmalari bilan bir sutka mobaynida yumshatiladi. Jaryonni tezlashtirish uchun olingan materialni spirtli eritma qo‘shilib ular qaynatilib yumshatiladi. So‘ngra sentrifugada ishlov beriladi hosil bo‘lgan cho‘kmadan surtma tayyorlanib mikroskop yordamida tekshiriladi.


129 Rubromikoz yoki rubrofitiya Rubromikoz-epidermomikozlarning bir ko‘rinishi bo‘lib, teri, tovon, tirnoq plastinkalari, teri burmalari, oyoq qo‘llar va tananing boshqa sohalari zarrarlanishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: Trichophyton rubrum Castellani hisoblanadi. Epidemiologiyasi: kasallik manbai; kasal odamlar. Yuqish yo‘li; asosiy yuqish yo‘li maishiy-muloqot yo‘li bo‘lib, bemor bilan bevosita muloqotda va uning ishlatgan nersalaridan bilvosita foydalanish orqali yuqadi. Moyillik; asosan ekzogen (travmatizatsiya, namlikda ishlovchilar, terining xaddan tashqari qurishi, bemorlar bilan ko‘p muloqotda bo‘luvchilar) va endogen (endokrinopatiya, immunodefitsit holatlari, qon tomirlar faoliyati buzilish) faktorlar bilan ta’sirlanib turuvchilar ko‘proq kasallanishadi. Kasallik hamma yoshda uchraydi. Klinikasi: kasallikning kechimi va uchrash joyiga va toshmalar harakteriga qarab quyidagi shakllari ajratiladi. Intertriginoz, disgidrotik, qipiqli giperkeratotik, qo‘l panjalari, silliq teri va tirnoqlar rubrofitiyasi. Intertriginoz shakli-barmoqlar burmalarida uchrab jarohat joyida qizarish, yoriqlar, qipiqlanishlar, tugunchalar, 66-rasm pufakcha yoki pufaklar, eroziyalar va qaloqlar, og‘ir xollarda yaralar paydo bo‘lishi mumkin. Sub’ektiv belgilardan qichish ustunlik qiladi. Katta burmalar zararlanganda esa katta sariq-qizg‘ish dog‘lar paydo bo‘lib, ularning atrofi aylana gardish bilan o‘ralgan bo‘ladi. Burmalarda pufakchalar, eroziya, qipiqlar va qaloqlar paydo bo‘lishi mumkin, jarohat sohalarida tugunchalar uchrashi ham xosdir Disgidrotik shaklida oyoq panjalari sohasida pufakcha yoki pufaklar, eroziyalar, namlanishlar hamda qaloqlanshlar uchrab asosan kasallikning bu turi bilan bolalar kasallanadi (66-rasm). Qipiqli-giperkeratotik shaklida oyoq tovoni yuzasida qizarish (eritema), quruqlashishi, epidermisning qalinlashishi (giperkeratoz), mug‘uzlanishning kuchayishi va teri egatlarida unsimon kepaklanish bilan kechadi. Qo‘l panjalari zaralanishi bilan kechganda barmoqlar va kaft qizg‘ish-ko‘kimtir


130 rangga kirib, quruqlashgan, terisi qalinlashgan, unsimon kepaklanishlar kuzatiladi. Sog‘lom teri bilan chegaralangan soha tugunchalar, pufakchalar va qaloqlardan iborat gardish bilan o‘ralgan bo‘ladi. Tirnoqlar jarohati bilan kechganda huddi oyoq panjalari depidermofitiyasida kuzatilganidek normotrofik, gipertrofik va atrofik ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Silliq teri rubrofitiyasida tanada, dumbalar sohasida va tizzalarda katta o‘lchamli, sarg‘ish-qizg‘ish, qipiqlanib turuvchi halqasimon ko‘rinishdagi atrofi tugunchalardan va qaloqlardan iborat gardish bilan o‘ralgan toshmalar kuzatiladi. Ba’zi hollarda soch follikulalari zararlanadi (67-rasm). Bemornining haroxatlangan sohalarida qichishlar bezovta qilib turadi. Diagnostikasi: bemorning klinik belgilariga asosalanib dastlabki diagnoz qo‘yiladi, antimikotik preparatlar qo‘llamasdan oldin teri toshmalar sohasidan, tirnoqdan va x.k jarohatlangan teridan surtma olinib, mikologik va mikroskopik tekshiruv o‘tkazilib yakuniy diagnoz tasdiqlanadi. Davosi: davo choralari umumiy va mahalliy zamburug‘ga qarshi preparatlar qo‘llanilishi va organizmning immunbiologik holatini yaxshilashga qaratilgan bo‘ladi. Davo muolajalari uzoq muddat reja asosida qonda va to‘qimalda zamburug‘ga qarshi preparatlarning terapevtik miqdorini saqlash orqali olib boriladi. Terbinafin 250 mg dan kuniga bir mahal 6 haftadan 3 oygacha ichib turish tavsiya qilinadi. Ketokenazol 200 mg dan kuniga bir haxal 6-7 oy davomida, intrakonazol kuniga 200 mg dan ikki mahal bir hafta davomida, keyin 3 hafta dam olib 2-4 marotabagacha davo kursini takrorlab turish. Grizeofulvin 0,125 grammligidan bolalarga 16-18mg kunlik miqdorda ikki hafta davomida, katta yoshdagilarga 80 kg dan ortiq vazndagilarga 8 tabletkadan bir oy, keyin uch kunda bir mahal 8-10 oy davomida ichib yurish tavsiya qilinadi. O‘tkir yallig‘lanish belgilari bilan kechgan hollarda antigistamin va giposensibilizatsiyalovchi preparatlar tavsiya qilinadi. Kasallikning surunkali shakllarida immunomodulyatorlar, biogen stimulyatorlar, angioprotektorlar va vitaminlar buyuriladi. Mahalliy davo oyoq panjalarining o‘tkir 67-rasm


131 yallig‘lanish belgilari bor bemorlarda moychechak yoki eman po‘stlog‘ining 37-38 haroratli damlamasi bilan kuniga bir mahal 15-20 minut davomida vannalar qilinadi. Terining jarohatlangan sohasiga 0,5% li kumush nitrat, 2% li rezorsin, 2% li tanin eritmalari bilan namlab turishlar (primochka) qo‘llaniladi. O‘tkir yallig‘lanish belgilari so‘nganidan keyin anilin bo‘yoqlar, yodning spirtdagi eritmasi, fukorsin va antimikotik malhamlarni qo‘llash mumkin. Qipiqligiperkeratotik shakllarida sovunli-sodali vannalar qilinib keyin mexanik usullar yordamida teri tozalanadi va o‘rniga keratolitik malhamlar (10% li salitsil malhami) bog‘lanadi. Profilaktikasi: maxsus profilaktikasi mavjud emas, umumiy va shaxsiy gigiena qoidalariga qattiq rioya qilish talab qilinadi. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Material olish texnikasi va mikroskopik tekshirish usuli uchun kerakli bo‘lgan asbob va anjomlar: skalpel, pinset, buyum oynasi, qaychi, mikroskop, o‘yuvchi natriy va kaliy eritmasi, buyum oynachasi, distirlangan suv, qoplagich oyna. Oyoq panjalaridan, qo‘l kaftidan va tovon gubmazining egatchalaridan qirilib material olinadi. Olingan materialni buyum oynachasi ustida o‘yuvchi ishqor bilan ishlov berilib keyin mikroskopda ko‘riladi. Mitseliylar ko‘p qirrali zanjirsimon ko‘rinishda bo‘ladi. Mitseliy iplari bo‘g‘imlar yordamida bir-biriga ulangan zanjirni eslatadi. Oyoq panjalari epidermofitiyasi, chov epidermofitiyasi va rubrofitiyada zamburug‘lar bir-biriga o‘xshash bo‘lganligi sababli ularning turini mikroskopik ajratish qiynchilik tug‘diradi. Klinik manzara e’tiborga olingan holda diagnoz qo‘yiladi. Zarurat tug‘ilganda maxsus mikologik usullar yordamida qo‘zg‘atuvchilar ekib ko‘rish usuli yordamida ajratiladi. Trixofitiya Trixofitiya-silliq teri, tirnoq va sochlarining zararlanishi bilan kechuvchi yuqumli kasallik bo‘lib, terida eritematoz, qipiqli, chegarasi aniq har xil o‘lchamli aylana yoki oval toshmalar toshishi bilan harakterlanadi. Etiologiyasi: qo‘zg‘atuvchisi antropofil Trichophyton violaceum va Trichophyton tonsurans silliq teri trixofitiyasini keltirib chiqarsa, Trichophyton mentagrophytes va Trichophyton verrucosum


132 zooantropofil ya’ni hayvonlardan yuquvchi infiltrativ yiringli trixofitiyaga sababchi bo‘ladi. Epidemilogiyasi: Klinikasi: Silliq teri trixofitiyasi; asosan silliq teri trixofitiyasi bilan bolalar kasallanishadi. Toshamalar ko‘p hollarda tananing ochiq qismida (yuzda, bo‘yin va oyoq-qo‘llarda) uchraydi (68- rasm). Ular aylana yoki ovalsimon shaklda bo‘lib, atrofdagi sog‘lom to‘qima bilan aniq chegaralanib turadi. Toshmalar qizg‘ish rangli yuzasi kepaksimon qipiqlanib turadi. Sog‘lom teri bilan chegaralangan soha terisi biroz ko‘tarilgan u yerda pufakchalar, yiringchalar va qaloqchalar aniqlanib periferiyaga qarab o‘sishi harakterlidir. Toshmalar o‘lchami 0,5-1 sm dan tortib 5- 10 sm gacha yetishi mumkin. Toshmalar markazidan regressiyaga uchrab teri rangi asl xoliga kelib borishi harakterlidir. Teridagi mayin soch tolalari ham zararlanadi. Sub’ektiv belgilardan qichish kuzatiladi. Yosh bolalarda boshning sochli qismi yuzaki trixofitiyasi ham uchrab turadi. Shikastlangan o‘choq har xil katttalikda va har xil ko‘rinishga (shaklga) ega bo‘ladi. Chegarasi noaniq, yallig‘lanish va qipiqlanish belgilari sust rivojlanadi. Sochlar teri sathidan 2-3 mm dan sinib turadi. Shikastlangan sohada sog‘lom sochlarni ham ko‘rish mumkin. Tirnoqlar plastinkalarining yuzaki trixofitiyasi, bolalar orasida 2- 3% hollarada uchrab turadi. Faqat tirnoq plastinikalari zararlanadi, ularning rangi qo‘ng‘irlashib, shakli qalinlashadi, tirnoqlarning ochiq qismi (distal o‘suvchi qismi) yemiriluvchan va notekis bo‘lib qoladi. Ba’zida tirnoqlar yemirilib tushib ketishi mumkin. Surunkali trixofitiya; asosan surunkali turi qiz bolalarda ko‘p uchrab, kasallikning rivojlanishida immunodefitsit holat, jinsiy bezlar disfunksiyasi, gipovitaminozlar muhim ahamiyatga ega. 68-rasm


133 69-rasm Infiltrativ-yiringli trixofitiya trixofitiyaning bu turi asosan boshning sochli qismlarida, qov sohasida ba’zida terining boshqa sohalarida uchrab turishi mumkin. Jarohat chuqur bo‘lib soch follikulalari va terining derma qismi zararlanadi. Och qizg‘ish rangli o‘choqda yiringli ajralmalar va qaloqlar aniqlanadi. Sochlar tushishi va har bir soch follikulalaridan yiring ajralishi kuzatiladi. Ayniqsa zararlangan soha terisi tortilib ko‘rilagnda soch follikulalaridan chiqayotgan yiringchalar asalari uyasini eslatib yuboradi, shuning uchun bu belgi “asalari uyasi” belgisi deb yuritiladi. Bemor tuzalgandan keyin jarohat o‘rnida sochlar siyraklashib qolishi va o‘rnida tortilgan chandiqlanishlar kuzatiladi (69-rasm). Yuz sohasining infiltrativ-yiringli shakli teri sathidan ko‘tarilib turuvchi, qizg‘ish-ko‘kimtir rangli, yuzasi qaloqlar va kepaklar bilan qoplangan yiringcha, tuguncha va pilakchalardan iborat toshmalar aniqlanadi. Kasallik zaharlanish belgilari, tana haroratining ko‘tarilishi, mahalliy limfangit va limfadenit bilan, ba’zida umumiy allergik reaksiyalar (trixofidlar) qo‘shilib kelishi kuzatiladi. Allergik reaksiyalarda butun badanga pufakchali, dog‘li, qavarchiqli, tugunchali, yoki eritematoz-qipiqli shakldagi toshmalarning biri yoki bir nechasi bir vaqtda namoyon bo‘lishi mumkin. Diagnostikasi: Klinik belgilarning kechimiga qarab dastlabki diagnoz qo‘yiladi, uni tasdiqlash uchun labarotor tekshiruvlar olib boriladi. Jarohatlangan sohadan davo choralari belgilanguncha olingan surtmalardan trixofitonlar va ularning sporalarini topilishi yakuniy diagnozni to‘liq tasdiqlab beradi. Davosi: mahalliy va umumiy davo choralari belgilanadi. Silliq teri yuzaki trixofitiyasida mahalliy davo sifatida zamburug‘ga qarshi malhamlar va eritmalar buyuriladi. Ular klinik belgilarning to‘liq yo‘qolib ketgunicha davom ettirilib. Yakuniy laborator manfiy tasdiqdan keyin davo to‘xtatiladi. Zarurat tug‘ilganda zamburug‘ga qarshi preparatlar ichishga va in’eksiyaga beriladi. Infiltrativ-yiringli


134 trixofitiyada bemorlarga zamburug‘ga qarshi rezorbtiv ta’sir qiluvchi antimikotik preparatlar bilan birga bakterial infeksiyaga qarshi antibiotiklar ham berilib boriladi. Ularning terapevtik miqdori soch follikulalarida hosil bo‘lishini inobatga olgan holda tana vazniga va yoshiga nisbatan beriladi. Profilaktikasi: umumiy va shaxsiy gigienaga qattiq rioya qilish, uy hayvonlarini veterenariya ko‘rigidan o‘tkazib turish lozim. Ularda kasalliklarning turlari yoki tashuvchilik aniqlanganda davo choralarini belgilash va izolyatsiyalash kerak. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Material olish texnikasi va mikroskopik tekshirish usuli uchun kerakli bo‘lgan asbob va anjomlar: skalpel, pinset, buyum oynasi, qaychi, lupa, mikroskop, kristall karbol kislota, sut kislota, glitserin, o‘yuvchi ishqor, distirlangan suv, qoplagich oyna. Yuza trixofitiyada material lupa yordamida aniqlanib so‘ngra zararlangan sochlar, tirnoqlar va silliq teridan olinadi. Zararlangan soha skarifikator yordamida yengilgina kovlanib keyin skalpel yordamida qirib olinadi. Unda yuzasini qoplagan qipiqlar, qaloqlar va soch ildizi olinadi. Surunkali trixoftiyada ham zararlangan soha lupa yordamida aniqlanib keyin material olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Boshning sochli (ensa va chakka) qismi, silliq teri, tirnoqlardan material qirib yoki qaychi yordamida qirqib olinadi. Olingan tirnoq plastinkalari 1 gramm kristall karbol kislota, 1 gramm sut kislota, 2 gramm glitserin va 1 ml distillangan suvga aralashtirilib 3-5 minut saqlanadi. Keyin uni bug‘ hosil bo‘lgunga qadar qizdiriladi. Alangadan olingandan keyin qoplagich oyna yopiladi. Mitseliylar va sporalari soch ichida tasmaga o‘xshab joylashgan bo‘ladi. Infiltratli yiringli trixofitiyada sporalarning tasmalari sochni g‘ilof ko‘rinishida o‘rab turadi. Mikrosporiya Mikrosporiya-asosan bolalar orasida uchrovchi, silliq teri va boshning sochli qismining halqasimon, eritematoz zararlanishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: kasallikni kichik (mikrospora) sporalar hosil qiluvchi zamburug‘lar qo‘zitadi. Odamdan odamga yuquvchi


135 antroponoz turi zangsimon zamburug‘lar Microsporum ferrugineum va it-mushuklardan yuquvchi zooantroponoz turi Microsporum Logonus, Microsporum canis lar hisoblanishadi. Ularning sporalari tuproq va o‘simliklarda ham o‘z patogenligini saqlab qoladi. Epidemiologiyasi: kasallik manbai; kasal bolalar yoki tashuvchi hayvonlar (it-mushuklar) bo‘lishadi. Yuqish yo‘llari; kasallik asosan maishiy-muloqot yo‘li orqali yuqadi. Bu yuqish yo‘llari bevosita bemor bolalar yoki tashuvchi hayvonlar bilan muloqotda bo‘lganda, yoki ularga ishlatilgan nersalardan foydalanish yo‘li orqali bilvosita yuqishi mumkin. Kasallikka moyillik; asosan maktab yoshidagi bolalar kasallanishadi. Terisida ko‘p chaqalanishlar, shaxsiy gigienaga e’tibori sustlashgan bolalarda ko‘proq qayd etiladi. Ayrim hollarda katta yoshdgi odamlar orasida silliq terining yuzaki mikrosporiyasi uchrashi mumkin. Mavsumiylik; kasallanish tashqi muhitning namgarchiligi oshgan vaqta ko‘proq uchrab qoladi. Klinikasi: klinik shakllari; silliq terining yuzaki mikroporiyasi, boshning sochli qismi mikrosporiyasi, infiltrativ-yiringli mikrosporiyalar ajratiladi. Silliq terining yuzaki mikrosporiyasi-terida qizargan, dumaloq, halqasimon, biroz shishgan toshmalar toshishi bilan boshlanib, ularning sog‘lom teriga o‘tish sohalarida yaqqol qizarish, ba’zida pufakchalar, qaloq va qipiqlar aniqlanadi. Ularning o‘lchamlari 0,5-1 sm dan 3-4 sm gacha yetishi va soni 1-2 tadan 5-10 tagacha yetishi mumkin. 70-rasm Kasallikning qo‘zigan davrida toshmalar markazida yangi o‘choq paydo bo‘lishi mumkin ya’ni o‘choq ichidan yangi halqalar paydo bo‘lishi kuzatiladi (70-rasm). Boshning sochli qismi mikrosporiyasi-sochli sohalarda eritematoz-qipiqli bir qancha o‘choqlar paydo bo‘lib, sog‘lom teriga o‘tish sohasi qirralarida notekis toshmalar paydo bo‘ladi. Shikastlangan sohadagi ayrim sochlar teri sathidan 5-8 mm yuqoridan sinishi va ularning zamburug‘lar sporalari bilan o‘ralib turgan kulrang o‘ramini ko‘rish mumkin. Jarohatlangan sohada sog‘lom sochlar saqlangan


136 bo‘lib, ularning atrofida eritematoz-qipiqli, binafsharang dog‘lar va follikulyar tugunchalarni aniqlash mumkin. O‘choqlar bir-biri bilan qo‘shilishib ketishiga moyil bo‘lib, katta-katta o‘choqlarni hosil qiladi. Ularning tez tarqalishi sochli qismning atrofidagi silliq teriga ham tarqalishiga sababchi bo‘ladi. Infiltrativ-yiringli mikrosporiya-asosan boshning sochli sohasida va qov sohalarida uchraydi. Jarohatlangan o‘choqda qizargan, kam sonli katta- katta o‘lchamli, chegarasi aniq, yuzasi qaloqlangan va kepaklanib turgan infiltratli toshmalar bilan kechadi. O‘choqdagi barcha sochlar teri sathidan 6-8mm balandlikda sinadi. Zararlangan sochlar atrofi kulrang o‘ram bilan o‘ralgan bo‘ladi. Soch follikulalarining yiringli yallig‘lanishi kuzatilib, ulardan yiringli ekssudat ajralib turishi hosdir. Asalari uyasi belgisi musbat bo‘ladi. Bemorning umumiy ahvoli o‘zgargan, zaharlanish belgilari rivojlangan, limfadenit va limfangit belgilari qo‘shiladi. Diagnostikasi: kasallikning klinik beliglari va epidemilogik anamnezi orqali dastlabki diagnoz qo‘yilib, asosiy diagnoz mikroskopik usuldan keyin tasdiqlanadi. Lyuminessent tekshirish ya’ni Vud lampalari nurlari jarohatlangan sohaga yo‘naltirilganda o‘choqdagi soch tolalari yashilsimon shulali tovlanish beradi. Davosi: Mikrosporiyani davolashda ham trixofitiyani davolashdagi mahalliy va umumiy davo usullaridan foydalaniladi. Silliq teri yuzaki mikrosporiyasida mahalliy davo sifatida zamburug‘ga qarshi malhamlar va eritmalar buyuriladi. Davo kursi 6-8 haftagacha davom ettiriladi. Mahalliy davo muolajalari buyurilganda boshning sochli qismlari va qov sohalarining sochlar olinib davo buyurilsa samara yuqori bo‘ladi. Mahalliy muolaja sifatida quyida keltirilgan aralashmali malhamlar yaxshi natija beradi. 30,0 gramm vazelinga 1,5 gramm salitsil kislota, 1,5 gramm grizeofulfin, 5ml dimeksid yoki 100 gramm vazelingna 3,0 gramm salitsil kislota, 10, gramm oltingugurt kukunidan aralashtirib kechquriniga bir mahal surtish tavsiya qilinadi. Davo muolajalari klinik tuzalgandan keyin va laborator manfiy tasdiqdan keyin to‘xtatiladi. Zarurat tug‘ilganda zamburug‘ga qarshi preparatlar ichishga va in’eksiyaga beriladi. Infiltrativ-yiringli mikrosporiyada zamburug‘ga qarshi rezorbtiv ta’sir qiluvchi antimikotik preparatlar bilan birga bakterial infeksiyaga qarshi antibiotiklar ham berilib boriladi. Ularning terapevtik miqdori soch follikulalarida hosil bo‘lishini inobatga olgan holda tana vazniga va yoshiga nisbatan uzoq


137 muddat 8-10 hafta mobaynida beriladi. Organizmning immun biologik holatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanadi. Profilaktikasi: bemorlarga va uning yaqinlariga umumiy va shaxsiy gigienaga qattiq rioya qilish va uning qoidalari tushintiriladi. Kasallik chiqib qolganda Davlat sanitariya epidemiologiya markazi va veterenariya xizmatlariga bildirilib ular tomonidan uy hayvonlarini veterenariya ko‘rigidan o‘tkazish va davo-profilaktik choralarni belgilashlari lozimligi nazorat qilinadi. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Material olish texnikasi va mikroskopik tekshirish usuli uchun kerakli bo‘lgan asbob va anjomlar: skalpel, pinset, buyum oynasi, qaychi, lupa, mikroskop, kristall karbol kislota, sut kislota, glitserin, o‘yuvchi ishqor, distirlangan suv, qoplagich oyna. Mikroskopiyada material zararlangan sochlardan va silliq teridan olinadi. Qo‘zg‘atuvchilar sochlarni o‘rab oluvchi sporalar to‘plamini hosil qiladi. Zararlangan sochlar kulrang tus oladi. 2-3 mkm keladigan sporalar to‘p-to‘p bo‘lib sochni o‘rab turadi. Mitseliylar soch tolasining ichida joylashgan bo‘ladi, ularni aniqlash uchun buyum oynasini ustiga qoplangan qoplagich oyna sekin siljitilish bilan yemirilgan soch tolasi ichida yotgan mitseliy iplari ko‘riladi. Silliq teridan olingan surtmada zamburug‘lar mitseliylari to‘plami topiladi. Qorong‘i xonada lyuminessent lampalari nurlari jarohatlangan sohaga (boshning sochli qismi) yo‘naltirilganda o‘choqdagi soch tolalari yashilsimon shulali tovlanish beradi. Kallik (Favus) Kallik-zamburug‘lar keltirib chiqaradigan kasallik bo‘lib, teri, soch follikulalari va tolasi, tirnoqlar, ba’zi hollarda ichki a’zolarning zararlanishi bilan harakterlanadi. Qo‘zg‘atuvchisi: antropofil (faqat odamlarni zararlaydi) zamburug‘ Trichophyton schonleini deb nomlanadi. Epidemiologiyasi: kasallik manbai; faqat kasallangan odamlar bo‘lishadi. Yuqish yo‘llari; kasllik asosan maishiy-muloqot yo‘li orqali yuqadi. Bu yuqish yo‘llari bevosita bemorlar bilan muloqotda bo‘lganda, yoki ularga ishlatilgan nersalardan (kiyim boshlar, ko‘rpa to‘shaklar) foydalanish yo‘li orqali bilvosita yuqishi mumkin.


138 Kasallikka moyillik; barcha yoshdagi odamlar kasallanishadi. Terisida ko‘p chaqalanishlar, shaxsiy gigienaga e’tibori sustlashgan, immuntanqischiligi bor, endokrin bezlar faoliyati buzilgan odamlarda ko‘proq qayd etiladi. Mavsumiylik; xos emas. Klinikasi: kasallikning yashirin davri bo‘lib bu davr 2-3 hafta davom etadi. Klinik shakllari; boshning sochli qismi, silliq teri, tirnoqlar va ichki a’zolar zararlanishlari farqlanadi. Boshning sochli qismi kalligi-klinik kechimi va undagi toshmalar harakteriga qarab qaloqli (skutulyar), yiringchali (impetiginoz) va qipiqli shakllari ajratiladi. Qaloqli shakli-sochning teriga kirish qismi atrofida qizargan eritematoz dog‘lar paydo bo‘lib, ular 10-15 kundan keyin 2-4 millimetrli och sariq rangli, quruq qaloqga aylanadi, uning o‘lchami asta sekin kattalashib borib 1-1,5 santimetrga yetadi. Ularning soni bir nechtagacha bo‘lib, har birining markazida botiqlik aniqlanadi va o‘sha yerdan soch tolasi chiqib 71-rasm turadi. Bemorlarning boshidan qo‘llansa hid, ya’ni ombor hidi kelib turadi (71-rasm). Hosil bo‘lgan qaloq xuddi himoya vazifasini bajarayotgandek ko‘rinadi, shuning uchun uni himoya qalqoni deb ham atashadi. Qaloq mikrosopik tekshirilganda asosan zamburug‘lardan iboratdek ya’ni zamburug‘lar to‘plamidek tuyuladi. Jarohatlangan soch tolalari o‘z yaltiroqligini yo‘qotib xiralashib, qo‘ng‘irlashib qoladi, tortilganda oson ko‘chuvchan bo‘ladi. Qaloqlar olib tashlanganda o‘rnida och pushti rangli yuza qoladi va atrofik chandiq bilan bitadi. Jarohatlangan sohadagi soch follikulalari atrofiyalanib doimiy kallik paydo bo‘ladi. Yiringchali (impetiginoz) shakli-avvaliga jarohatlangan sohada yiringli pufakchalar paydo bo‘ladi, ular vaqt o‘tishi bilan qurib sarg‘ish qaloqlarga aylanadi. Hosil bo‘lgan pufakchalar ichi va uning qurishidan paydo bo‘lgan qaloqlar zamburug‘lar va ularning sporalaridan tashkil topganday bo‘ladi. Toshmalar sohasida soch follikulalari atrofiyalanib turg‘un kallik bilan tugallanadi.


139 Qipiqli (skvamoz) shakli-boshning sochli qismida jarohatlangan soha avvaliga qizarib keyin uning ustida oq-sarg‘ish kepaksipon va tangasimon qipiqlar hosil bo‘ladi. Qipiqlanish juda kuchli bo‘lib, soch tolalari xiralashadi, quruqlashadi va chang bosgan sochga o‘xshab qoladi. Bemorlardan mikrofloraning parchalanish mahsulotlari hisobiga hosil bo‘lgan ombor hidi (sichqon hidi) kelib turadi. Kasallik so‘nishi terining atrofiyalanishi bilan birga kechadi hamda soch follikulalarining qaytib tiklanmas kalligi sodir bo‘ladi. Kasallikning barcha shakllari o‘z vaqtida davo qilinmaganida uzoq yillar surunkali ravishda davom etadi. Ayrim hollarda limfa tugunlarining jarohatlanishi kuzatiladi. Silliq teri shakli-asosan boshning sochli qismi jarohatlanishi bilan birga kechadi. Teri shaklida ham qaloqlar, eritemalar, yuzaki follikulyar tugunchalar, qipiqlar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Ular avvaliga kichik o‘lchamli keyinchalik atrof teriga tarqalishi hisobiga katta-katta o‘lchamlarga ega bo‘lishi mumkin. Tirnoqlar jarohatlanishi-ko‘proq qo‘l tirnoqlari zararlanadi, ularda sariq dog‘lar paydo bo‘ladi. Keyinchalik plastinkalar ostida giperkeratoz kuzatilib tirnoq plastinkasi qalinlashadi, ular uvalanib turadi, rangi xiralashib, qo‘ng‘irlashib qoladi. Ichki a’zolar jarohatlanishi-juda holdan toygan odamlarda, immuntanqischilik hollarida zamburug‘lar gematogen, limfogen yo‘llar orqali tarqalib, nafas olish a’zolari, oshqozon-ichak trakti, asab tizimi va harakat-tayanch a’zolarini zararlashlari mumkin. Ayrim holatlarda zamburug‘larga nisbatan sezgirlikning ortishi allergik reaksiyalarning rivojlanishiga olib keladi. Diagnostikasi: kallik kasalligiga hos bo‘lgan klinik belgilar va uning epidemiologik ahamiyati diagnoz qo‘yishga yordam beradi. Har bir kasallik aniqlanganda ularning toshmalaridan olingan material mikroskopik va mikologik usullar yordamida sinchiklab tekshiriladi. Chunki hozirgi kecha kunduzda bizning mamlakatimizda kallik kasalligi yo‘qotilganligi, xorijdan kirib kelish ehtimoli borligini unitmasligimiz kerak. Davosi: bemorlar albatta kasalxonaga yotqizilib izolyatsiya qilingan holda davolanishadi. Mahalliy davo muolajalari hosil bo‘lgan qaloqlar va qipiqlarni yumshatib mexanik usulda tozalab zamburuqqa qarshi malhamlar va eritmalar bilan olib boriladi. Umumiy davo antimikotik preparatlari, umumquvvatlovchi dorilar, organizmning


140 reaktivligini oshiruvchi va vitaminlar bilan birga kompleks ravishda olib boriladi. Profilaktikasi: bemor foydalangan har bir nersani dezinfeksiya qilish choralariga qaratilgan bo‘ladi. Talabaning amaliy mashg‘ulotni o‘tkazishi uchun zarur bilim va ko‘nikmalar: Material olish texnikasi va mikroskopik tekshirish usuli uchun kerakli bo‘lgan asbob va anjomlar: skalpel, pinset, buyum oynasi, qaychi, lupa, mikroskop, glitserin, o‘yuvchi kaliy ishqor, distirlangan suv, qoplagich oyna. Qo‘zg‘atuvchilarni aniqlash uchun zararlangan soch va yaralarni qoplab turgan qaloqlardan material olinadi. Mikroskop yordamida tekshirilganda sochlarda yumaloq zanjir shaklida polimorf sporalar ko‘zga tashlanadi. Soch ichida yupqa mitseliy iplari bilan birga havo pufakchalari va yog‘ tomchilari aniqlanadi. Silliq teri va tirnoqlar plastinkalaridan olingan surtmada tarmoqlangan i\mitseliylar va yumaloq, polimorf sporalardan uyumlaridan iborat zanjirlar ko‘rinadi. Qaloqdan (stukula) olingan surtmada uyum-uyum bo‘lib betartib joylashgan kalta-kalta zanjirchalar shaklida joylashgan polimorf sporalar ko‘rinadi, ularning atrofida tarmoqlangan mitseliylar aniqlanadi. Kandidozlar Asosiy belgilari: teri va shilliq qavatlarning, jinsiy a’zolarning shikastlanishi, ichki a’zolar jarohatlanishi, tana haroratining subfebril ko‘tarilishi, teri va shilliq qavatlarning shikastlangan qismlarida achishish, qizarish, og‘riq belgilarining namoyon bo‘lishi. Holsizlik, injiqlik, ovqatdan bosh tortishi kabilar. Kandidozli kasalliklar-teri va shilliq qavatlarning, hamda ichki a’zolarning jarohatlanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik bo‘lib, asosan kichik yoshdagi bolalar, jinsiy yo‘l bilan yuqqanda ayollar jinsiy a’zolari, immun tizimi sustlashgan organizmlarda va biror bir kasallikning asosida ikkilamchi ravishda rivojlanishi bilan harakterlanadi. Etiologiyasi: achitqisimon zamburug‘larning kandidilar turkumiga kiruvchi bir necha xillari kasallikni keltirib chiqaradi. Ular tabiatda juda keng tarqalgan bo‘lib havoda, suvda, meva va


141 sabzavotlarda, tuproqda hamda turli tirik organizmlarda, jumladan odam organizmida topiladi. Epidemiologiyasi: Kasallik manbai; kasal odam, sog‘lom tashuvchilar. Yuqish yo‘li; asosan maishiy-muloqot yo‘llari orqali yuqadi. Havo-tomchi yo‘li orqali ham yuqishi mumkin. Tug‘ruq vaqtida onadan bolaga tug‘ruq yo‘llari orqali, jinsiy muloqotda jinsiy yo‘l bilan ham yuqishi mumkin. Kasallikka moyillik; kasallik asosan chaqaloqlarda, bog‘cha va maktab yoshidagi bolalarda uchraydi, jumladan katta yoshdagi immun tizimi sustlashgan kishilarda (yuqumli kasalliklar, antibakterial dorilarni pala-partish istemol qilish), jinsiy muloqotdan zaralanganda asosan ayollarda kasallanish uchraydi. Mavsumiylik; kasallikka mavsumiylik xos emas, yilning hamma fasllarida uchrayveradi. Patogenezi: Kandida qo‘zg‘atuvchilari shartli patogen mikroorganizmlar guruhiga kirib 5-6% sog‘lom kishilarda uchraydi. Hamma kishilarda ham kasallikni keltirib chiqavermaydi. Kandida tashuvchanlik so‘zi keng ishlatilib, ular ekmada mikologik usul bilan tekshirilganda topilishiga qarab baholanadi. Tranzitor (bir necha kunda bir marotaba topiladi), qisqa muddatli (bir necha haftagacha), surunkali (ekmalarda doimiy topiladi) turlarga bo‘linadi. Tashuvchanlikda kasallikning klinik belgilari uchramaydi, qo‘zg‘atuvchilarni ekib ko‘rish bilan tasdiqlanadi. Bunday shaxslarda kasallik belgilari tashqi yoki ichki nojuya faktorlar ta’sirida avj olish holatlari ko‘proq uchraydi. Kasallik keltirib chiqarishi uchun quyidagi bir necha faktorlar muhim ahamiyatga ega: 1.Kandidalarning organizmga tushgan miqdorining ko‘pligi. 2.Teri yoki shilliq qavatlarning shikastlanish darajasi va davomiyligi. 3.Mahalliy yoki umumiy immun tizimining (hujayraviy va gumoral) sustlashishi. 4.Teri yoki shilliq qavatlar mikroflorasining buzilishi. 5.Antibakterial dori vositalarini tartibsiz ishlatish. 6.Immunodepressiv preparatlarni ko‘p qo‘llash. 7.Teri va shilliq qavatlarning RN muhitining o‘zgarishi. 8.Endokrin tizimi faoliyatining sustlashishi. 9.Teri va shilliq qavatlarni yallig‘lantirib butunligining ya’ni bar’er funksiyasining buzilishiga olib keluvchi yuqumli kasalliklar (O‘tkir virusli va bakterial respirator infeksiyalar, O‘tkir ichak


142 infeksiyalari, jinsiy a’zolarda uchraydigan venerik kasalliklar, terining zamburug‘li kasalliklari va x.k.). 10.Chala tug‘ilish holatlari. 11.Chaqaloqlarning sun’iy ovqatlantirilishi. 12.Tug‘ruqning og‘ir kechishi. 13.Bolalarda karies tishlarning bo‘lishi. 14.Gigienik holatlarning tez-tez buzilib turishi (og‘iz bo‘shlig‘i, teri va jinsiy a’zolar gigienasi). 15.Radiatsiya nurlarining ta’siri. 16.Vaksinalarni o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgan bolalarga vaksinalarni noo‘rin o‘tkazish. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bir birini keltirib chiqarishi yoki kuchaytirishi mumkin. Kandidalar kirish darvozasida (shilliq qavatlar yoki teri) ko‘payib, mahalliy yallig‘lanishga sababchi bo‘lib, qizarish, shish bilan namoyon bo‘ladi. Shilliq qavatlarning yuza qismini nekrozlanishiga olib kelishi mumkin, unday hollarda shilliq qavatlar yuzasida oqish pardalar hosil bo‘ladi. Organizmda kandidilarga qarshi immunitetning hosil bo‘lishiga yoki mavjudligiga bog‘liq holda kasallik har xil darajada va muddatda kechadi. Kasallikning ilkinchi kunlarida qonda kandidalarga qarshi Ig M titrining ortishi kuzatiladi. Qondagi Ig M, Ig A, Ig G miqdorining ortishi kasallikning faol vaqti kechayotganligidan darak beradi. Kasallik davomida qondagi Ig M miqdorining kamayishi davo muolajalarining samarali kechayotganligidan darak beradi. Immun tizimi yetarlicha hosil bo‘lsa kasallik yaxshi oqibatlar bilan tugallanadi. Agar immunitet yetarlicha rivojlanmay qolsa kasallikning surunkali yoki qaytalanib turuvchi shaklga o‘tish ehtimoli kuchayadi. Klinikasi: Kandidozli infeksiya klinik kechimiga, og‘irligiga, jarayonning tarqalganligiga, shikastlanadigan qismlariga va davomiyligiga qarab quyidagicha tasniflanadi. Kandidozning tasnifi: Shikastlangan qismiga qarab: A.Shilliq qavatlar (og‘iz, lablar, til, tamoq, burun, ko‘z, jinsiy a’zolar, traxea va bronxlar, qizilo‘ngach, oshqozon va ichaklar, siydik chiqarish yo‘llari) shikastlanishi. B.Teri va uning hosilalari (asosan tabiiy burmalar sohalari, terining shilliq qavatlarga o‘tish qismlari, tirnoqlar) shikastlanishi.


143 V.Visseral yoki sistemali kandidoz (ichki a’zolarning zararlanishi bilan, o‘pka, jigar, buyraklar, taloq, yurak,) G.Kandidozli sepsis (qonda kandidalarning ko‘payishi) Jarayonning tarqalganligiga qarab: Mahalliy (chegaralangan va tarqalgan) Diffuz tarqalgan (bir necha qism va a’zolarning jarohatlanishi) Kasallikning kechimiga qarab: O‘tkir Cho‘ziluvchan Qaytalanib turuvchi Surunkali Kechim og‘irligiga qarab: Bilinar bilinmas Yengil O‘rta og‘irlikda Og‘ir turlarga bo‘linadi. Shilliq qavatlar kandidozi ko‘proq hollarda og‘iz shilliq qavatlarining ayrim qismlarini shikastlashi bilan, kandidozli xeylit, kandidozli lab bichilishi, glossit, palatinit, tonzillit, jinsiy a’zolar shilliq qavati yallig‘lanishi, servitsit, vaginit, vulvit, bartolinit va x.k. ko‘rinishida uchrasa ular mahalliy chegaralangan jarohatlanishlarga kiradi. Og‘iz bo‘shlig‘iga yoki jinsiy a’zolarga butunlay tarqalib ketsa u holda mahalliy tarqalgan shakli deb yuritish mumkin. Shilliq qavatlarda hosil bo‘lgan o‘zgarishlarning ko‘rinishiga qarab eroziyali, infiltratli, eritematoz, gipertrofik va yarali shakllarga bo‘linadi (72- rasm). O‘tkir kechimdagi kandidozli infeksiya ko‘pincha soxta pardali va atrofik, surunkali kechimi esa giperplastik va atrofik ko‘rinishda kechadi. Og‘iz bo‘shlig‘ining o‘tkir soxta pradali kandidozi: og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatlarida nuqtasimon oqish rangli toshmalar paydo bo‘lib, ular asta sekin bir-biri bilan qo‘shilishi natijasida o‘lchami 0,5- 72-rasm


144 1 sm va undan katta o‘lchamli pardalarni hosil qiladi. Kasallik yengil kechganda pardalar yupqa bo‘lib, oson ko‘chadi va o‘rnida qizargan fonda izlari qoladi. Og‘ir kechganda pardalar qalinlashgan, ko‘chishi qiyin, majburan ko‘chirilganda o‘rnida qon talashlar va eroziyalar paydo bo‘ladi. Yengil va o‘rta og‘irlikdagi kechimida bemorning umumiy ahvoli deyarli o‘zgarmaydi. Mahalliy o‘zgarishlarga shikoyat qiladi. Ovqatlanganda og‘riq, achishish, og‘iz qurishi, regionar limfa tugunlarining qisman kattalashishi kuzatiladi. Kasallik og‘ir kechganda ishtaxa yo‘qolib dispeptik buzilishlar ham qo‘shilishi mumkin. O‘tkir soxta pardali kandidozdan keyin o‘tkir atrofik kandidoz rivojlanadi. Bunday holatlarda shilliq qavatlar och qizg‘ish rangga kirib huddi lovillab turgandek ko‘rinadi. Shilliq qavatlarning burmalarining ba’zi joylarida oqish pardalar ko‘rinishi mumkin. O‘tkir kandidoz yetarlicha davo muolajalarini olmagan hollarda hamda bir necha nojo‘ya ta’sirlarning birga ta’sir qilishi natijasida surunkali shaklga yoki visseral hamda septik shaklga o‘tish ehtimoli uchraydi. Surunkali kandidozning giperplastik shakli: og‘iz shilliq qavatida qattiq, shilliq qavat sathidan qisman ko‘tarilib turuvchi pilakchalar hosil bo‘ladi. Pilakchalarni ko‘chirishga harakat qilinganda bemor qattiq og‘riq sezadi va o‘rnida qon quyilishlar bilan eroziyalar hosil bo‘ladi. Surunkali giperplastik kandidoz bolalarda ko‘pincha xeylit va glossit ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Surunkali kandidali lab bichilishi-qirralari qattiq chuqur yoriqlar ko‘rinishida bo‘lib, teri atrofi shishgan, qizargan, sianotik, harakati chegaralangan shaklda uchraydi. Og‘izni ochishga qiynaladi, ochganda og‘riq sezib yoriqlar sohasida qontalashlar kuzatiladi. Til kattalashadi, tilning yon qismlarida tish izlari kuzatiladi, so‘rg‘ichlari kattalashib yaqqol ko‘rinib qoladi. Ta’m sezgisi o‘zgaradi, og‘iz shilliq qavatalariga va tilga bir narsa yopishib turgandek hissi paydo bo‘lib turadi. Surunkali atrofik kandidoz: bolalarda kamdan kam hollarda uchrab asosan palatinit va xeylit ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Surunkali palatinitda tanglay shilliq qavatlari shishgan, qizargan va silliq bo‘ladi. Surunkali kandidozli xeylitda lablarning jarohatlangan qismi shishgan, qizargan, quruq, yupqalashgan va mayda oqishqo‘ng‘ir rangli kepaksimon yoki tangasimon qipiqlar paydo bo‘lib


145 turadi. Og‘izni tez va katta ochish natijasida yoriqlarda qontalashlar va og‘riqlar yuzaga keladi. Surunkali yoriqlarning asosiy xususiyati lab jarohatlangan qismlarda chandiqlar paydo bo‘lishidir. Jinsiy a’zolar shilliq qavatlari kandidozli jarohatlanishida ham jinsiy a’zolar shilliq qavatlari qinda, bachadon bo‘yinchasida, qin daxlizida qizarish, shish, oqish pardalar qoplashi, eroziya kabi o‘zgarishlar bo‘lib, bo‘tqasimon ajralmalarning ajralishi kuzatiladi, achishish, qichishish, og‘riq kabi sub’ektiv belgilar namoyon bo‘ladi. Teri kandidozli kasalligi ko‘pincha anus atrofi va oraliqda uchraydi. Buning sababi kandidozli ichak infeksiyalari rivojlanishi natijasida ich ketish hisobiga anus atrofi va oraliq sohalar najas bilan ifloslanib turishi, kasallik rivojlanishiga imkoniya yaratib beradi. Ba’zida terining burmali sohalari (chov, son 73-rasm burmalari, qo‘ltiq osti, bo‘yin, quloqlar orqasi va ensa) ham jarohatlanadi (73-rasm). Ular terining qizarishi, shilinishi (eroziyalanishi) pufakchalar hosil qilish, regionar limfa tugunlarining kattalashishi ko‘rinishida uchraydi. Sub’ektiv shikoyatlardan og‘riq, achishish, qichishish kabi belgilar bezovta qiladi. Kandidozli infeksiyaning yana bir ko‘rinishi og‘iz shilliq qavatlari bilan birga yoki alohida oshqozon ichak traktining jarohatlanishidir. U ezofagit, gastroduodenit, kolitda uchraydigan dispeptik va disbakterioz simptomlari bilan namoyon bo‘ladi. Nafas yo‘llarining kandidozli jarohatlanishi rinit, traxeit, bronxit, bronxiolit va pnevmoniya belgilari bilan namoyon bo‘ladi. Kandidozli sepsis birlamchi yoki ikkilamchi shaklda paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha biror bir a’zoning yoki qismning jarohatlanishi natijasida, organizmning immun tanqischilik holatlarida namoyon bo‘ladi. Bemorlarning umumiy ahvoli keskin yomonlashgan, zaharlanish belgilari yaqqol namoyon bo‘ladi, tana harorati ko‘tariladi. Ko‘p hollarda ikkilamchi bakterial infeksiyaning qo‘shilishi hisobiga butun organizmda patologik jarayon avj oladi. Kandidalar parchalanish mahsulotlarining yoki yallig‘lanish mahsulotlarining so‘rilib organizm sezgirligini oshishiga va allergik


146 ta’sirining kuchayishi natijasida terida har xil toshmalar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Tashxisoti: kasallikka tashxis qo‘yish uchun klinik, epidemiologik anamnezlardan foydalaniladi. Klinik belgilarning mos kelishi va mikroskopik usulda kandidalar koloniyalarining topilishi tashxisni oydinlashtiradi. Kerak bo‘lganda teri ichi allergik sinamasini maxsus kandidalardan tayyorlangan allergenlar bilan ham qo‘yish mumkin. Serologik usul yordamida kandidalarga nisbatan qon zardobidagi antitelalar titrining ortishini ko‘rish mumkin. Zamonaviy diagnostika usullaridan hisoblanmish lateks-agglyutinatsiya (LPA) usuli kasallikning erta davrlarida ham tashxis qo‘yish imkonini beradi. Zanjirli polimeraza reaksiya (ZPR) usuli va immunoferment analizi (IFA) keng qo‘llaniladigan usullardan hisoblanadi. Davosi: Kandidozli kasalliklarning mahalliy shakllari va yengil, o‘rta og‘irlikda kechganda uy sharoitida davolanadi. Tarqalgan, og‘ir va asoratlangan kechimi kasalxonada yotib davolanishadi. Kandidozli kasalliklarni davolashda quyida keltirilgan prinsiplarni e’tiborga olish kerak; 1.Kasallikni keltirib chiqarishida va avj olib ketishida ahamiyatga ega bo‘lgan faktorlarni bartaraf qilish. 2.Kandidaga qarshi beriladigan dori vositalarni kasallikning holatiga qarab mahalliy yoki umumiy berish, qo‘zg‘atuvchining sezgirligini imkon darajasida aniqlash va preparatlarni uzoq yoki qisqa muddatga buyurish. 3.Kasallikning qaytalanishini oldini olish uchun preparatlarni uzoq muddatga saqlab turuvchi miqdorda belgilash. 4.Immun tizimini tiklashga va kuchaytirishga qaratilgan davo. 5.Davo samarasining klinik va labarator monitoringini olib borish. Kandidozni davolashda qo‘llaniladigan fungitsid preparatlari quyidagi guruhlarga bo‘linadi: Polien antibiotiklar: nistatin, levorin, natamitsin, amfoteritsin V. Imidazol va triazol birikmalari: flukanazol, mikonazol, klotrimazol, butokonazol, ketokonazol yoki nizoral. Alliamin mahsulotlari: terbinafin, naftifin. 5-flyuorotsitozin preparatlari: flutsitozin, 5-ftorsitozin.


147 8-oksixinolin unumlari: enteroseptol, nitroksolin, dekamin, intetriks, dermazolon (3% li 5-xlor-7-yod-8 oksixinolin va 0,5% li prednizolon malhami) Yod preparatlari: kaliy yod, yodning spirtli eritmalari. Maxsus vaksinalar. Autovaksinalar. Kandidalarni organizmdan tozalash qiyn bo‘lib, bu ularning organizmga qayta tushib ko‘payishi bilan bog‘liq (reinfeksiya yoki superinfeksiya). Shu sababdan davo choralari davo va profilaktik yo‘nalishlarda olib boriladi. Kandidalarning qobig‘ini butunligini taminlovchi ergosterol moddasi hisoblanadi. Polien antibiotiklari ergosterol bilan bog‘lanib, kandidalar qobig‘ining bar’er funksiyasini buzadi. Azol, allilamin va tiokarbamat guruhi preparatlari esa ergosterol sintezlanishini susaytirishi hisobiga naf beradi. Kandidozlarning davosini kompleks ravishda olib borib, avvalo etiotrop davo muolajalari yordamida qo‘zg‘atuvchilar organizmdan tozalanadi. Keyin profilaktik davo davom ettiriladi. Bir vaqtning o‘zida kasallikni keltirib chiqaruvchi faktorlarni ham bartaraf qilishga kirishiladi. Etiotrop davo kasallikning tarqalganligiga qarab mahalliy yoki umimiy ko‘rinishda olib boriladi. Mahalliy davo sifatida polien antimikotiklardan nistatin, levorin, natamitsin, amfoteritsin va imidazol unumlaridan mikonazal, ekonazal, klotrimazol preparatlari ishlatiladi. Bulardan tashqari mahalliy davo sifatida 8- va 4-oksixinolin preparatlaridan; xinozol, xiniofon, nitroksolin, enteroseptol, to‘rtammon birikmalaridan; 0,5% li etoniy eritmasi, 1-2% natriy va ammoniy kriptilat, 1-2% karbolkinatning suvdagi eritmasi, antiseptiklardan; yod, bo‘yoqlar va xlorgeksidin preparatlari ishlatiladi. Lab qizil xoshiyasi kandidozli shikastlanishida va allergik o‘zgarishlar berganida zamburug‘ga qarshi hamda kortikosteroid preparatlarini saqlovchi malhamlar buyuriladi. Antimikotik preparatlarni umumiy davo sifatida tavsiya qilishga ko‘rsatmalar: 1.Tarqalgan kandidoz. 2.Kasallikni avj oldiruvchi faktorlarni bartaraf qilish yoki boshqarishga qiynchilik tug‘ilganda.


148 3.Kandidozning surunkali shakllari. 4.Mahalliy davo naf bermagan hollarda. 5.Immunosupressiv preparatlarni iste’mol qilib yurgan shaxslarga. Antimikotik preparatlarini umumiy qo‘llashda kandidalarni organizmdan tez tozalash hususiyati bilan birga bir qancha nojo‘ya kamchiliklari ham mavjud (organizmga dorilarning toksik ta’siri, qo‘zg‘atuvchilar chidamliligining ortishi, disbakterioz chaqirishi va dorilarning qimmatligi). Umumiy davo sifatida quyidagi dori vositalarini tavsiya qilish mumkin: Flukanazol 50-100 mg kuniga bir mahal 7-14 kun. Ketokenazol 15-30 kg tana vazniga 100 mg kuniga bir mahal, 30 kg dan ortiq vaznga 200mg kuniga bir mahal 2-3 hafta davomida beriladi. Nistatin, levorin, mikogeptin, amfoteritsin V, amfoglyukamin, natamitsin preparatlari ham yosh va vazniga qarab buyuriladi. Antimikotik preparatlarining terapevtik samarasini oshirish maqsadida ammon birikmalaridan dekamin og‘izda shimilib ketgunga qadar 4-6 mahal 15-20 kun mobaynida tavsiya qilinadi. Enteroseptol kuniga 0,125-0,25 g dan 7-14 kun. Intestopan bolalarga 2 yoshgacha ¼ tabletkadan, 2 yoshdan kattalarga ½-1 tabletkadan kuniga 2-3 mahal 10 kungacha buyuriladi. Nitroksolin 5 yoshgacha 0,2 g, 5 yoshdan katta bolalarga 0,2-0,4 g 4 mahalga bo‘lib 2-3 hafta qabul qilinadi. Bolalarga yod preparatlarini berish yaxshi natija beradi. Oshqozon ichak trakti kandidozli infeksiyalarida eubiotiklarni antimikotiklarga qo‘shib berish yaxshi samara beradi. (Bifidobakteriyalar, laktobakteriyalar) Immun tizimini oshirish maqsadida immunomodulyatorlar (timozin, timalin, timostimulin, timogen, immunomodulin) kabilar berish mumkin. Surunkali kandidozlarni davolashda zamburug‘larga qarshi monovalent yoki polivalent vaksinalarni qo‘llash yaxshi samara beradi. Kandidozlarni davolashda parxez va vitaminlarga boy oziqovqatlar berish og‘iz bo‘shlig‘i yoki jinsiy a’zolardagi surunkali infeksiyali o‘choqlarni davolashda ahamiyati yuqori hisoblanadi.


Click to View FlipBook Version