The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.

O‘zining betakror va mahobatli tarixiy obidalari, me’morchilik, hunarmandchilik va tasviriy san’at namunalari bilan dunyo ahlini hayratga solgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat mayog‘i ham porlagan. Hozir ham shunday.<br>O‘tmishi sharafli, buguni saodatli bo‘lgan bu kent atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar tarixi, buguni, mehr-muhabbatli insonlari haqida ham ijobiy fikrlar aytish mumkin. Samarqanddan unchalik uzoq bo‘lmagan Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ham shunday hududlardan biri.<br>“Avlodlarga maktub” deb nomlangan ushbu kitobda Yangiqo‘rg‘onning saxovatpesha farzandi, maorif fidoyisi, jamoat arbobi, olim va tadbirkor, umr bo‘yi xalq xizmatida bo‘lgan yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning ibratli hayot yo‘li, jo‘shqin mehnat faoliyati hamda Isroilovlar sulolasi haqida so‘z yuritiladi. <br>Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by Улугбек Мамаджанов, 2024-06-09 02:13:11

Avlodlarga maktub

O‘zining betakror va mahobatli tarixiy obidalari, me’morchilik, hunarmandchilik va tasviriy san’at namunalari bilan dunyo ahlini hayratga solgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat mayog‘i ham porlagan. Hozir ham shunday.<br>O‘tmishi sharafli, buguni saodatli bo‘lgan bu kent atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar tarixi, buguni, mehr-muhabbatli insonlari haqida ham ijobiy fikrlar aytish mumkin. Samarqanddan unchalik uzoq bo‘lmagan Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ham shunday hududlardan biri.<br>“Avlodlarga maktub” deb nomlangan ushbu kitobda Yangiqo‘rg‘onning saxovatpesha farzandi, maorif fidoyisi, jamoat arbobi, olim va tadbirkor, umr bo‘yi xalq xizmatida bo‘lgan yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning ibratli hayot yo‘li, jo‘shqin mehnat faoliyati hamda Isroilovlar sulolasi haqida so‘z yuritiladi. <br>Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Keywords: Jamol Isroilov,Avlodlarga maktub

Toshpo‘lat TOSHMURODOV Bahodir ISROILOV AVLODLARGA MAKTUB “NOSHIRLIK YOG‘DUSI” Toshkent – 2023


UO‘K: 37.091.113(575.141)(092) KBK: 74r(5O‘-4Sam) I 85 Toshpo‘lat Toshmurodov, Bahodir Isroilov. Avlodlarga maktub. -T.: “NOSHIRLIK YOG‘DUSI”, 2023, ... b. O‘zining betakror va mahobatli tarixiy obidalari, me’morchilik, hunarmandchilik va tasviriy san’at namunalari bilan dunyo ahlini hayratga solgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat mayog‘i ham porlagan. Hozir ham shunday. O‘tmishi sharafli, buguni saodatli bo‘lgan bu kent atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar tarixi, buguni, mehr-muhabbatli insonlari haqida ham ijobiy fikrlar aytish mumkin. Samarqanddan unchalik uzoq bo‘lmagan Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ham shunday hududlardan biri. “Avlodlarga maktub” deb nomlangan ushbu kitobda Yangiqo‘rg‘onning saxovatpesha farzandi, maorif fidoyisi, jamoat arbobi, olim va tadbirkor, umr bo‘yi xalq xizmatida bo‘lgan yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning ibratli hayot yo‘li, jo‘shqin mehnat faoliyati hamda Isroilovlar sulolasi haqida so‘z yuritiladi. Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan. ISBN: 978-9943-6093-0-3 © T.TOSHMURODOV, B.ISROILOV, 2023 © “NOSHIRLIK YOG‘DUSI”, 2023


3 Avlodlarga maktub YAXSHILAR UNUTILMAYDI (So‘zboshi o‘rnida) Avlodlar, siz meni tinglang bir nafas... Abdulla ORIPOV Bu dunyo ko‘p qadim dunyo. Uning bag‘rida ne-ne buyuklar, allomalar, olimu fuzalolar yashab o‘tgan. Aynan shunday ulug‘larning o‘ziga xos a’mollari, aqlu shijoatlari tufayli e’tiborli o‘zgarishlar qilingan, yildan-yilga hayot go‘zallashib, aholining turmush tarzi yaxshilanib, odamlar o‘rtasidagi bir-birlariga bo‘lgan hurmat-e’tibor, mehrmuhabbat oshib borgan, ongu shuurlarida, dunyoqarashlarida ijobiy o‘zgarishlar yuzaga kelgan. Iqtisodiyot rivojlangan, sanoat, savdo, hunarmandchilikda arzirli yutuqlarga erishilgan, ilm-fan, madaniyatu ma’rifat, ma’naviyat yuksalgan. Dunyo yaratilibdiki, u kutilmagan sir-sinoatlarga, mo‘jizalarga to‘la. Uning bag‘ridagi insonlar hamisha yaxshi yashashni, to‘kin turmushni orzu qilishgan. Maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida kurashishgan, farovon hayot istagidagi orzularidan voz kechishmagan, harakatlarini bo‘shashtirishmagan. Ular farzandlari kamoloti, baxti, iqbolini hamma narsadan ustun qo‘yishgan. Ezgulik va savob ishlar qilishga, beva-bechoralarga, nochorlarga, kasalmandlarga yordam berishga e’tiborlarini qaratishgan. Bularning hammasiga biz yashab turgan shu ko‘hna dunyo bag‘rida erishilgan. Barcha voqeliklarga atrofimizdagi ko‘rib turganimiz – baland tog‘ cho‘qqilari, to‘lib-toshib oqayotgan daryolar, bepoyon dashtlar, yaylovlar, cho‘lu sahrolar guvoh. Ulardan ko‘kdan nur sochayotgan quyosh, tunlari yog‘du


4 Avlodlarga maktub taratayotgan oy, osmondagi jimirlab turgan behisob yulduzlar ogoh. O‘tmish haqida o‘ylaganda, tarixiy kitoblarda o‘qiganlarimizga, yoshi ulug‘ insonlarning yodida qolgan xotiralarga tayanamiz. O‘tgan ko‘plab allomalar, olimu fuzalolarning yozib qoldirgan fikrlariga asoslanib bilimlarimizni to‘ldirishga harakat qilamiz. Lekin ular bilan cheklanib qolmay, yana va yana izlanamiz. Hayot murakkab, uning past-baland so‘qmoqlari, egri-bugri va ravon yo‘llari ko‘p, sinovlari behisob. Barchamiz bunday sinovlarga ko‘p bora duch kelganmiz. Qiyinchiliklar, murakkabliklar inson bolasining obdon toblanishiga, har qanday sharoitda jasoratli bo‘lishga undashiga amin bo‘lganmiz. Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasida istiqomat qilib kelayotgan Isroilovlar sulolasi nafaqat viloyatda, balki respublikamizda ham o‘z hurmati va qadrini topgan. Ushbu qadim shaharcha tarixi uzoq ming yilliklarga borib taqaladi. Olimu ulamolari, shoirlari, beklari va polvonlari bilan qadimdan mashhur. Shaharcha aholisining o‘ziga xos xususiyati boshqalar bilan tanishganda o‘zini “yangiqo‘rg‘onlik”, deb tanishtiradi. Xuddi shu kabi tanishtirishni Nurobod tumani Qarnab qishlog‘ida ham kuzatganman. Ular o‘zlarini qarnablik, deb tanishtiradilar. Ushbu shaharchada avlodlari ko‘p yillardan buyon istiqomat qilib, o‘z tarixi va shuhratiga ega bo‘lgan Isroilovlar sulolasining yaqin o‘tmishdagi zabardast vakili, zamondoshimiz Jamol Isroilov va uning ibratli ishlari, hayoti va kechinmalari to‘g‘risida imkon qadar hikoya qilinadi. Kitobda uning yaqinlari, safdoshlari va ustozu shogirdlari o‘zlarining u kishi haqidagi munosabatlarini bildiradilar. Ularni jamlab, kelajak avlodlarga yetkazishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar


5 Avlodlarga maktub katta savob ishga qo‘l urishgan. Aslida ham bunday harakat ularning avlodlar oldidagi burchlaridir. 1970 yil Oqdaryo tumanidagi Mirzo Ulug‘bek nomli 2-o‘rta maktabni bitiruvchilari orasida Jamol Isroilov eng yoshi edi. Hali 17 yoshga to‘lmagan yigit hayotdagi maqsadiga erishish uchun Andijon paxtachilik institutining agronomiya fakultetiga hujjat topshiradi. Fizika, biologiya fanlaridan a’lo, ximiya fanidan yaxshi baholangan qahramonimiz “ona tili” fanidan yozma ishi uchun qoniqarsiz baho oladi. Keyinchalik aytishicha, o‘z xatolarini bilib olish maqsadida yozma ishini ko‘rish uchun appelyatsiya komissiyasiga ariza bergan. Yozma ishni ko‘rishda ishtirok etgan appelyatsiya komissiyasi a’zosi ishingiz mazmunan juda ajoyib yozilgan. Barcha yo‘l qo‘yilgan xatolar takroriy, so‘zlar oxiridagi harflarni tushirib qoldirish va tinish belgilarini qo‘ymaslikka oid ekan. Ona tilidan belgilangan insho imtihonining maqsadi talabgorning savodxonlik darajasini aniqlash. Shu sababli sizga yozma ishingiz mazmuni yaxshi bo‘lsa-da, qoniqarsiz baho qo‘yilgan. Endi mana shu masalalarga e’tibor qarating, deb maslahat berishgan ekan. Shundan so‘ng u Samarqand davlat universiteti fizika fakultetiga o‘qishga kiradi. Universitetni tugatib, ilmiy-pedagogik faoliyatni boshlagan va maqsadi fizika yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘lgan 25 yoshli Jamol Isroilovning taqdiriga padari buzrukvori Ibrohim otaning, Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin, to‘satdan yurak xurujidan 50 yoshida hayotdan ko‘z yumishi o‘z hukmini o‘tkazadi. Tabiiyki, butun oila a’zolari va qarindoshlari (o‘n bir farzand va ona) bu ayriliq tufayli chuqur qayg‘uga botishdi, o‘zlarini hayotda butunlay chorasiz qolgandek his etishdi. Jamol Isroilov yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish jara-


6 Avlodlarga maktub yonida talabalik davridayoq boshlagan ilmiy ishlarini davom ettirishga ham vaqt ajrata olgan. Dissertatsiya mavzusini davr ruhiga mos holda tanlagan. Tinimsiz izlanishlari tufayli 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati samaradorligi tahlilini takomillashtirish” mavzusida iqtisod fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. U maktabda rahbarlik qilish bilan birga Samarqand davlat iqtisodiyot va servis institutida dotsent lavozimida talabalarga “Iqtisodiy tahlil”, “Iqtisodiy tahlil nazariyasi” fanlaridan ma’ruza mashg‘ulotlari olib borgan. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 2 ta darsligi, 7 ta o‘quv qo‘llanmasi, 30 dan ortiq ilmiy risolalari, monografiyalari hamda maqolalari chop etilgan. Ushbu o‘quv adabiyotlari hozir ham respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida darslik sifatida o‘qitilib kelinmoqda. 1994-1998 yillarda shaxsiy tashabbuskorlik asosida Oqdaryo tumani aholisini gazlashtirishga jalb etib, tuman qishloqlarini tabiiy gazlashtirish ishlariga boshchilik qilgan. Natijada, tumandagi 80 foiz aholi punktlari uning sa’y-harakati tufayli gazlashtirilgan. Jamoatchilik asosidagi xayrli ishlari bilan aholi olqishiga sazovor bo‘lgan. 1999 yilda Oqdaryo xalqi unga yuksak ishonch bildirdi. Uning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga tavsiya etildi. Saylov muqobillik asosida o‘tdi. U to‘rt nomzod o‘rtasida (nomzodlarning biri viloyat hokimi o‘rinbosari edi) g‘olib bo‘ldi. Shu yili uning nomzodi xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputatligiga ham qo‘yiladi. Bu saylovda ikki nomzodning biri tumanning amaldagi hokimi Nazar Axmedov edi. Ushbu saylov kurashida Jamol Isroilov g‘olib bo‘lib, biryo‘la Oliy Kengash va viloyat kengashiga


7 Avlodlarga maktub ham deputatlikka saylanadi. Jamol Isroilov 2000-2005 yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati sifatida 100 dan ortiq qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishda faol ishtirok etdi. O‘zi deputatlikka saylangan okrug saylovchilari bilan uchrashib, ulardan tushgan nakazlar asosida ish yuritdi. Saylovchilar fikrlarini e’tibor bilan eshitdi, mavjud muammolar yechimi yo‘lida bilim va tajribasini, g‘ayrat va shijoatini ayamadi. O‘sha yillarda Jamol aka deputat sifatidagina emas, ajoyib do‘st sifatida ham Oliy Majlisdagilar e’tiboriga tushdi. U respublikaning turli hududlaridan do‘stlar orttirdi. Ular bilan xalq tashvishi, muammolari yechimi yo‘lida hamkorlikda ishlashga harakat qildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligi borasida ham e’tiborli ishlarni amalga oshirdi. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Jamol Isroilov ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan. Hozirgi kunda uning bir qancha shogirdlari respublikamizning turli tarmoqlari hamda dunyoning AQSH, Angliya, Kanada, Yaponiya, Fransiya va Germaniya kabi davlatlarida faoliyat olib borishmoqda. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Jamol Isroilov ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan. Hozirgi kunda uning bir qancha shogirdlari respublikamizning turli tarmoqlari hamda dunyoning AQSH, Angliya, Kanada, Yaponiya, Fransiya va Germaniya kabi davlatlarida faoliyat olib borishmoqda. Jamol Isroilov ilmiy-pedagogik faoliyat bilan birga tadbirkorlikni ham yo‘lga qo‘ygan. Tadbirkorlik faoliyati davrida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratgan. Jumladan, Samarqand shahri Registon maydonini qayta qurish, Rudakiy bog‘ini barpo etish, Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Urgut, Past Darg‘om, Nurobod, Jomboy va Payariq tumanlaridagi 100 dan ortiq ijtimoiy soha


8 Avlodlarga maktub ob’yektlari qurilishi hamda ta’mirlanishiga rahbarlik qilgan. Uning hayoti va mehnat faoliyati ibratlidir. Lekin hayot hech qachon har bir inson uchun ravon yo‘llaru bitmas-tuganmas go‘zalliklar, nihoyasiz xursandliklardan iborat emas. Shodlik va qayg‘u, lazzat va iztirob doimo yonma-yon. Umr atalmish ulug‘ ne’mat abadiy emas. Turmush tashvishlari, murakkabliklari, qiyinchiliklari biror-bir insonni chetlab o‘tgan emas, chetlab o‘tmaydi ham. Isroilovlar ham hayotning shunday sinoviga duch kelishdi. Chuqur bilimi, siyosiy jabhadagi ishtiroki, fidokorona mehnati, tadbirkorligi, jiddiy harakatlari, olovqalb va saxiy qalbi tufayli tumandagina emas, butun mamlakatda tanilib ulgurgan Jamol Isroilovda 2020 yilning 18 iyulida to‘satdan yurak xuruji boshlandi. 10 soat atrofida davom etgan dard bu ajoyib insonni oramizdan olib ketdi. Oilasi, farzandlari, yaqinlari chuqur qayg‘uga botdi. Yangiqo‘rg‘on ahli, butun Oqdaryo tumani, uni bilgan, taniganlar uchun bu katta yo‘qotish edi. Nachora, o‘lim haq. Uni to‘g‘ri qabul qilishga, taqdirga ko‘nikishga majburmiz. Jamol Isroilovning yaqinlari iztirob chekishdi. Dard, alam ularni qiynadi. Farzandlar, ukalar 67 yoshida bandalikni bajo keltirgan otaning, akaning boshlagan ishlarini davom ettirish o‘z vazifalari ekanini anglashdi. Dovdirab qolishmadi, o‘zlarini tezda qo‘lga olishdi. Uning onasi 76 yoshida olamdan o‘tgandi. Onaxon keyingi paytlarda umrining poyoniga yetayotganini sezgan shekilli, oxirgi bir-ikki yilda farzandlaru nabiralarini o‘zi bilan vidolashishga tayyorlab bordi. Shu sabab yaqinlari biroz bo‘lsa-da, hayotning bu sinoviga o‘zlarini ko‘niktirishga majbur bo‘lishdi. Lekin oiladagi e’tiborli farzand Jamol aka sog‘lom va tetik


9 Avlodlarga maktub edi. Uning maqsadlari ulug‘, rejalari ko‘p edi. Maqsadlarki, yashash va yaratish, to‘kis hayot bilan bog‘liq – obodonchilik, bunyodkorlik, xizmat ko‘rsatish, ta’limdagi ustuvorliklarga yo‘naltirilgan, rejalarki, rivojlanishga, taraqqiyotga, yosh avlodga barcha sohalarda yetarli shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ezguliklardan iborat edi. Oila a’zolari uchun jonkuyar, fidoyi insondan, mehribon, otadan, zabardast akadan ajralish og‘ir edi. Ularning bu ayriliqqa dosh berishlari qiyin bo’ldi. Akaning vafoti ukalarni, atrofdagi yaxshi insonlarni chuqur qayg‘uga soldi, ularga cheksiz o‘kinch keltirdi. Oila a’zolarining boshiga tushgan qayg‘u-alam ularni o‘tmish xotiralariga yetakladi. Oddiy hamda kamtarin bir inson sifatida yashab o‘tgan, ammo juda ko‘pchilikning qo‘lidan kelmaydigan ishlarni bajarishga ulgurgan, salohiyatli siyosatchi, bilimdon maorifchi, tadbirli tadbirkor sifatida elda tanilgan akaning hayot yo‘li to‘g‘risida hikoya qiluvchi bir kitob yaratishga, uning hayotini avlodlarga namuna qilib ko‘rsatishga qaror qilishdi. Jamol akaning hayot yo‘li va faoliyati juda oddiy. U erishayotgan yutuqlari bilan g‘ururlanishni, maqtanishni, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishni xushlamasdi. Shu sabab, ishlari yurishib ketsa-da, moliyaviy imkoniyatlari ancha yaxshilangan bo‘lsa-da, o‘zini ba’zi “yangi o‘zbek boylari” kabi reklama qilmadi, nochorlarga, kam ta’minlanganlarga, xastalarga ulashgan xayr-ehsonlari haqida gapirmadi, bularni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmadi, gazeta-jurnallar, televideniye yoki radio orqali chiqishlar qilmadi, odamlar o‘rtasida maqtanmadi. Lekin kim bo‘lishidan qat’iy nazar, yordam so‘rab kelgan insonlar va muhtojlarga “hotamtoy” kabi qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi.


10 Avlodlarga maktub Ta’ziya bildirish uchun kelgan ko‘pchilik, u oddiy dehqon, ishchi yoki ziyoli bo‘lsin, Jamol akaning vafoti uni tanigan-bilganlar, do‘stu birodarlari, tanishlarining hammasi uchun qayg‘uli bo‘lgani, ularni iztirobga solgani haqida gapirishdi. Amalga oshirgan ezgu ishlari to‘g‘risida aytishib, bunday insonlarning dunyoga kelishi kamdan-kam hodisa ekanliklaridan so‘zlashdi. Uning Oliy Majlisdagi dadil chiqishlari, Oqdaryo tumanidagi 2-o‘rta maktabga rahbarlik qilgan yillarini, maxsus iqtidorli bolalar maktab-internati tashkil etganini va unga mohirlik bilan rahbarlik qilganini, internat-maktab va o‘rta maktab hududida so‘lim bog‘ yaratganini odamlar yaxshi eslashadi. Mazkur ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilarining qo‘lga kiritgan va kiritayotgan muvaffaqiyatlari, oliy o‘quv yurtidagi mehnat faoliyati, tadbirkorlik borasidagi ishlari, xullas, barcha-barchasida sezilarli o‘rni bo‘lganligini e’tirof etishadi. Uning ta’lim, qurilish, obodonchilik, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda shogirdlari ko‘p ekanini alohida ta’kidlash kerak. Birga ishlagan do‘stlari, safdoshlari esa ustozning e’tiborli jihatlarini tilga olishdan charchashmaydi. Mazkur kitobda J.Isroilovning amalga oshirgan biri-biridan muhim ishlari, xalq xizmati yo‘lidagi harakatlari, do‘stlari, yaqinlari, qarindoshlari, qadrdonlari, shogirdlarining fikr-mulohazalari bilan tanishasiz. Ular bilan tanishganda, ehtimol, ehtiroslarga, his-hayajonlarga, bo‘rttirishlarga berilish holatlari mavjudligi sezilishi, bir insonning hayot yo‘li biroz oshirilib ko‘rsatilibdi, degan fikrga borilishi mumkindir. Lekin hammasi rost, hammasi bo‘lgan voqealar. Mualliflar mubolag‘alarga berilmaslik, biror-bir hodisani bo‘yab-bejab ko‘rsatmaslikka intilishgan. Mashaqqatlar, kurashlar, saxovatli ishlar to‘g‘risida imkon qadar ehtiroslarga berilmaslikka, kitobning ba-


11 Avlodlarga maktub diiyligini oshirishga harakat qilishgan. Kitobda Jamol Isroilovning yaqinlari, qadrdonlari, do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari fikrlariga katta o‘rin ajratilgan. Ularning birortasi dil so‘zlarini, yodnomalarini his-hayajonsiz, sog‘inch va ehtirossiz bayon etisha olmagan. Iqtisod fanlari doktori Mamayunus Pardayev o‘z xotiralarini “Oramizda bo‘lmagan “Oramizdagi odam” deb nomlaydi. Bu fikrlari orqali domla Jamol Isroilovning hamon oramizda ekaniga, uning jismonan bo‘lmasa-da, ruhan biz bilan yashayotganiga ishora qiladi. Birgina Mamayunus Pardayev emas, yana bir qancha olimlar, ilm ahli uning hayoti va faoliyati haqida qalblarida bir umr yashab qolgan xotiralarini bayon etishadiki, ularning har jumlasida kuyinchaklik, sog‘inch, iztirob hislari ufurib turadi. Mazkur kitob o‘quvchiga bir insonning mashaqqatlar ortidan erishgan yutuqlari, izlanish va intilish, sabot va matonat bilan yashab, yurtiga, xalqiga jonfidoligi, oqillik va odillik, el hurmati, ehtiromiga musharraf bo‘lganligi haqida hikoya qiladi. Shu jihatdan “Avlodlarga maktub” yosh o‘g‘il-qizlarimiz uchun go‘yo ibrat maktabidek vazifani bajaradi. Yosh avlod J.Isroilov timsolida o‘z kelajagini belgilaydi, uning hayot yo‘lidan saboq olib, komillikka intiladi. Abdurasul SATTOROV, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.


12 Avlodlarga maktub IPAK YO‘LIDAGI QADIMIY MASKAN Qadim Turonzamin o‘z rivojlanish tarixida juda ko‘plab yuksalish, rivojlanish va talon-taroj hamda iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy inqirozlarni boshidan kechirgan yurtdir. Ro‘yi zamin sayqali va dunyoga poytaxtlik qilgan ikki shahardan biri hisoblangan Samarqand shahridan 40 km Buxoroi sharif shahri tomon yo‘l yurganda Ipak yo‘lidagi qadimiy rivojlangan Yangiqo‘rg‘on bekligining (hozirda hokimiyat) poytaxti bo‘lgan Yangiqo‘rg‘on shaharchasiga duch kelasiz. Fransuz yozuvchisi Marsel Brionning “Menkim, Sohibqiron-Jahongir” asarida keltirilishicha, Amir Yaxmakning o‘g‘irlangan qo‘ylarini qaytargan Sohibqiron Amir Temur bobomizning qalbini maftun qilgan qiz Yangiqo‘rg‘on bekligida bo‘lgan. Amir Temur keyinchalik ustozining maslahati bilan shu qizga uylanadi, farzandli bo‘ladi. Afsuski, ayolning umri qisqa bo‘lgan, lekin unga bo‘lgan muhabbati bir umr Amir Temur qalbida saqlanib qolgan. Amir Temur bobomiz qalbini rom etish bilan bog‘liq bu voqeadan so‘ng, Sohibqironning o‘z irodasini bo‘ysundirish bo‘yicha qilgan harakatlari insonning shaxs sifatida shakllanishi uchun o‘ziga qat’iy talablar qo‘yishi hamda unga amal qilishi zarurligini biz avlodlarga ko‘rsatib bergan. Yangiqo‘rg‘on biz avlod-ajdodlarimiz va bugun vatanimizning turli sarhadlarida Isroilovlar deb tanilgan sulola tavallud topgan hudud, qadimiy shaharcha, odamlar e’tiboridagi makon. Bu yurt Buyuk ipak yo‘lidagi savdo markazlaridan biri. Yangiqo‘rg‘onda azaldan savdo-sotiq, hunarmandchilik rivojlangan, odamlar savdo, hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligini eng ustuvor sohalar sifatida taraqqiy ettirish-


13 Avlodlarga maktub ga intilishgan. Yangiqo‘rg‘onliklarning iqtisodiy hayotini chuqurroq tahlil qilsangiz, savdo, hunarmandchilik va dehqonchilik ularga bobomerosligi sababli ularning tadbirkor va uddaburon ekanligini kuzatish mumkin. Hozir ham savdo, hunarmandchilik, qandolatpazlik, oshpazlik, g‘allachilik, paxtachilik sohalarida atrofdagi hududlar aholisidan ilg‘orligi ko‘rinib turadi. Mahalliy aholi Chin yurti sari oshiqayotgan yoki shu o‘lkadan kelayotgan savdogarlar bilan doimiy aloqada, suhbatda bo‘lgan, ularga qo‘shilib, dunyoning bir qator sarhadlarini kezishgan, safar qilishgan. Bularning hammasi hududning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga, odamlar turmush tarzining yaxshilanib borishiga yo‘l ochgan. Kokillarini ikki daryo tinimsiz yuvib turgan, insoniyatning olis o‘tmishiga daxldor Miyonkol orolida qadimdan shaharsozlik, iqtisodiy munosabatlar, madaniyatning serqirra ildizlari shakllanib kelgan. Zarafshon daryosining o‘rta oqimida, vohaning markaziy qismida, xususan, Zarafshon irmoqlari Oqdaryo va Qoradaryo oralig‘ida joylashgan hudud qadimda Samarqand Sug‘di, Nim Sug‘d, Sug‘di Xurd deb atalib, keyinchalik Miyonkol nomi bilan tarix zarvaraqlariga kirgan. Tarixiy manbalarda Miyonkol so‘zi forsiy tilda miyon “o‘rta”, kol “kanal, daryo”, ya’ni “daryo o‘rtasi” degan ma’noni anglatishi to‘g‘risida bildirilgan. Shu o‘rinda bir fikrni ta’kidlamoqchimiz. Hamshahrimiz, iste’dodli olim, tarix fanlari nomzodi, dotsent Komil Pardayev (Alloh rahmat qilsin) vohamiz tarixiga oid chuqur tadqiqotlar olib borganki, mazkur kitobda, qolaversa, kelgusida uning ma’lumotlaridan keng foydalanamiz, albatta. Endi mavzuga qaytsak, Miyonkol tarixining turli ijtimoiy davrlariga oid qimmatli tarixiy manbalar mavjud. Qadimdan o‘zining go‘zal tabiati, obikor yerlari va shunga hamohang tarzda vujudga kel-


14 Avlodlarga maktub gan madaniy taraqqiyoti sabab, turli davrlarda mazkur hududda bo‘lgan xorijlik sayyohlar o‘z kundalik va sayohatnomalarida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Miyonkol tarixiga oid qimmatli manbalar sirasiga Ibodilla va Muhammad Sharifning «Tarixi Amir Haydar», Abu Tohirxojaning «Samariya», Abulbaqo ibn Bahouddinning «Jome’ ul-maqomat» asarlarini kiritish mumkin. Arxeologik tadqiqotlarda topilgan manbalar Miyonkol qadim Sug‘dning eng asosiy madaniy markazlaridan biri bo‘lganligini ilmiy jihatdan isbotladi. Miyonkol hududida miloddan avvalgi IV-III asrlardan boshlab shaharsozlik taraqqiy etgan. Milodiy V-VI asrlardan boshlab ko‘shk, qasr, qo‘rg‘on ko‘rinishidagi inshootlar shakllangan. Yangiqo‘rg‘on shahri Buyuk ipak yo‘lida joylashgan markazlardan biri bo‘lganligi sababli islomiy madaniyat ham keng tarqaladi. Shaharchadagi xo‘ja Abdulla Ansoriy qadamjo yodgorligi tarixi IX-X asrlar muqaddamgi davrlarga borib taqaladi. Demak, islom dini g‘oyalarini Markaziy Osiyo hududida keng targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan islom namoyandalarining ham bu hududga alohida e’tibor bilan qarashganidan dalolat beradi. Shu o‘rinda biz qadamjo deb aytayotgan joy ehtimol Xo‘ja Abdulla Ansoriyning qabri bo‘lishi ham mumkin. Mazkur qarashlar kelgusida qadamjo xususida chuqur tarixiy va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini taqozo etadi. Hududning Buxoro amirligi tarkibida bo‘lgan XVII asrdan keyingi davri tarixiy jihatdan chuqurroq o‘rganilgan. Shu davrga oid manbalarda Miyonkolning eng asosiy iqtisodiy va madaniy rivojlangan shaharlari — Dahbed va Yangiqo‘rg‘on tilga olinadi. Miyonkolning eng asosiy iqtisodiy va madaniy markazi bo‘lib kelgan, qadimdan shahar tipida shakllangan Yangiqo‘rg‘on shahri XVIII asrdan boshlab gavjumlashib,


15 Avlodlarga maktub ma’muriy markazga aylangan. Shahar nomi ayrim manbalarda «Dushanba qo‘rg‘on» nomi bilan ham tilga olinishiga sabab, haftaning har dushanba kuni bu yerda katta bozor bo‘lib, atrofdan ko‘plab aholi savdo-sotiq uchun kelishgan. Bu davrda Yangiqo‘rg‘on shahri Buxoro amirligiga qarashli tuman maqomiga ega bo‘lgan. Fedchenkoning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu davrda Yangiqo‘rg‘on tumani ikkita alohida amloklikdan iborat bo‘lib, uni alohida tayinlangan beklar boshqargan. Beklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amir tomonidan tayinlangan. Yangiqo‘rg‘on Rossiya bosqiniga qadar Yangiqo‘rg‘on tumani, Yangiqo‘rg‘on amlokligi nomlari bilan atalib, 4 dahaga bo‘lingan. XVII-XX asrlarda Yangiqo‘rg‘on shahri iqtisodi rivojlangan madaniy va savdo markazi bo‘lib, hududda hunarmandchilik, qandolatchilik sohalari nihoyatda rivojlangan. Shu o‘rinda, Yangiqo‘rg‘on adabiy muhitida o‘chmas iz qoldirgan Eshonxo‘ja Mirinoyatullo o‘g‘li — adabiy taxallusi Vola bo‘lgan shoir bobomiz to‘g‘risida qisqacha to‘xtalamiz. U 1770-1842-yillarda yashab, ijod qilgan. Xalq orasida «Eshoni Vola» nomi bilan mashhur bo‘lgan hamshahrimiz o‘zbek va fors tillarida ikkita devon tartib etgan, afsuski, ular turli sabablarga ko‘ra yo‘qolgan. Shunga qaramay, uning turli bayozlarga kirgan uch ming misradan ortiq she’rlari bizgacha yetib kelgan. «Bozorgoniy» nomli mashhur mumtoz qo‘shiq (Hoji Abdulaziz Abdurasulov musiqasi) muxammasi bobomiz Vola qalamiga mansubdir. Hudud iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlanganligi bois ijtimoiy hayotda ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergan. Buxoro amiri Haydar davrida soliqlarning muntazam oshirilishiga qarshi 1821-1825-yillardagi Miyonkol qo‘zg‘olonida ham Yangiqo‘rg‘onda mustahkam ijtimoiy mavqeiga ega bo‘lgan xitoy-qipchoq qabilasi asosiy harakatlantiruvchi kuch


16 Avlodlarga maktub sifatida namoyon bo‘lgan. Adolat yo‘lida olib borilgan kurashda asosiy markaz sifatida Yangiqo‘rg‘on shahri va uning aholisi yetakchi o‘rin egallagan. Rus bosqinidan keyin Yangiqo‘rg‘on shahri Samarqand uyezdiga kiruvchi volost sifatida shakllandi. Miyonkol hududi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan taraqqiy topganligiga sabab, bu yerda ta’lim-tarbiya jarayoni ertaroq rivojlandi. Rus bosqinigacha bo‘lgan davrda ta’lim-tarbiya maskanlari madrasa tipida rivojlangan. Rus sharqshunosi Fedchenkoning bergan ma’lumotiga ko‘ra, XIX asr boshlarida Yangiqo‘rg‘on shahri paxsa devor bilan o‘ralgan bo‘lib, to‘rt darvozasi bo‘lgan, uning ichida qarorgoh va ark joylashgan. Qarorgoh darvozasi yaqinida bir madrasa bo‘lib, unda mudarrislar bolalarga ta’lim-tarbiya berishgan. Madrasa XX asr boshlarigacha faoliyat ko‘rsatgan. Miyonkoldagi bu davrdan keyingi ta’lim-tarbiya jarayoni va mavjud o‘quv dargohlari haqida 1906-yil M.M.Virskiy tomonidan to‘plangan «Населенные места Самаркандской области» nomli statistik to‘plamda qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Turkiston o‘lkasida ruslashtirish siyosatining asosiy yo‘nalishi sifatida rustuzem maktablarini ochish jarayoni tezlashib, madrasa tipidagi o‘qitish tizimi tugatila boshlandi. Yuqoridagi manbada 1900-yillar atrofida Yangiqo‘rg‘onda 6 ta maktab faoliyat ko‘rsatganligi tilga olingan. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, o‘lkada savodsizlikni tugatish, ayniqsa, xotin-qizlarni savodga o‘rgatish masalasi yuqori o‘ringa qo‘yildi. O‘lkani ruslashtirish siyosati keng ko‘lamda olib borilib, rus tili, adabiyoti va madaniyati mahalliy aholiga majburiy o‘rgatila boshlandi. 1890-yil 1-iyulgacha bo‘lgan statistik ma’lumotlarda Samarqand uyezdi bo‘yicha 926 ta maktab bo‘lib, unda 10690 nafar o‘g‘il bola ta’lim olgan bo‘lsa, bitta maxsus xotin-qizlar maktabida 97 nafar qiz o‘qi-


17 Avlodlarga maktub gan. Samarqand uyezdi tarkibidagi eng yirik volost bo‘lgan Yangiqo‘rg‘on shahrida 1887-1888-yillarda jami 50 ta qishloq bo‘lib, 2126 ta xonadonda 10630 nafar aholi yashaganligi qayd qilingan. Virskiyning ma’lumotiga ko‘ra, Miyonkol hududida 1886- yil 20-iyunda bitta rus-tuzem maktabi ochilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1887-yil 10, 1888-yilda esa 17 taga yetdi. Dastlab bu maktablarda faqat o‘g‘il bolalar o‘qigan. XIX asr oxirida birgina Yangiqo‘rg‘on volostida 30 ta maktab bo‘lib, bu maktablarning yillik o‘rtacha moliyaviy xarajati 471 rubl, markazdagi madrasaning yillik xarajati esa 50 rublni tashkil etganligi o‘sha davrga oid hujjatlarda yozib qoldirilgan. Volostda ta’lim-tarbiya ishlari izchil yo‘lga qo‘yilgani sabab, XIX asr oxirlarida Sharqda mashhur bo‘lgan «Samarqand qog‘ozi» nomini olgan sifatli qog‘oz ishlab chiqarish ustaxonalari nisbatan ko‘pligi ko‘zga tashlanadi. Manbalarda Yangiqo‘rg‘on volostida ushbu davrda 43 ta qog‘oz tayyorlash ustaxonalari mavjud bo‘lib, bu borada ham Miyonkol asosiy markaz bo‘lib xizmat qilganligi e’tirof etiladi. Tarixiy manbalardan olingan yuqoridagi raqamlar qadim Miyonkol orolining so‘lim maskani — Yangiqo‘rg‘on volostida iqtisodiy va madaniy rivojlanishning ajralmas qismi sifatida ta’lim-tarbiya ishlari davr sharoitiga nisbatan yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi hamda madaniy saviyasi bu davrlarda ham yuqori darajada bo‘lganligidan guvohlik beradi. Shaharchada uylar shu qadar zich joylashganki, bir tomning ustiga chiqib, butun qo‘rg‘onni aylanib chiqish mumkin bo‘lgan. Qo‘rg‘on atrofida ko‘plab o‘ziga to‘q oilalarning bog‘lari, dehqonchilik yerlari bo‘lib, yozda o‘sha joylarga chiqishib, qishda qo‘rg‘onga qaytishgan. Hozirda Samarqand viloyati Oqdaryo tumaniga qarashli


18 Avlodlarga maktub Yangiqo‘rg‘on nomli qadimiy shaharchaning o‘tmishi haqida, uning ulug‘lari, olimlari, fozilu fuzalolari tomonidan amalga oshirilgan ezguliklar haqida soatlab gapirish, dalillar, ma’lumotlar keltirish mumkin. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Yangiqo‘rg‘on shaharchasi Samarqand hududidagi Buxoro amirligiga qarashli bo‘lgan Yangiqo‘rg‘on bekligining markazi hisoblangan. Ayni paytda Oqdaryo tumanining 30 foizdan ortiq aholisi mazkur hududda yashaydi. Yangiqo‘rg‘on shaharchasi hududida 7 ta o‘rta maktab va bitta respublika iqtidorli bolalar ixtisoslashtirilgan maktab-internati mavjud. Shaharchadagi Mirzo Ulug‘bek nomli 2-o‘rta maktab 2022-yilda o‘zining 100 yillik to‘yini nishonladi. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Yangiqo‘rg‘ondagi yahudiy, arman millatiga mansub boylar jon saqlash uchun turli tomonlarga qochib ketadi. Mahalliy aholidan bo‘lgan Hasanboy bobo o‘z hashamatli uyini 1922-yilda maktab tashkil etish uchun yangi hokimiyatga topshiradi. Maktab bir vaqtning o‘zida Oqdaryo va Ishtixon tumanlariga boshlang‘ich ta’lim uchun o‘qituvchilar yetkazib beruvchi ta’lim maskani vazifasini ham bajargan. 1930 yillarda Yangiqo‘rg‘on ziyolilari Oqdaryo va Ishtixon tumanlari maktablarining asosiy o‘qituvchilari hisoblangan. Maktab hududida 150 yillik tarixga guvoh “Xonaqoh” masjidi viqor bilan bugungi avlodlarga ma’yus boqib turibdi. Urush yillarida bo‘lgan ocharchilik va shaharcha aholisini asrab qolishda o‘z hayotini o‘lim xatariga qo‘ygan jamoa xo‘jaligi raisi Xalil Shukurovni keksalarimiz minnatdorchilik bilan eslashadi. Rais urush yillarida bug‘doy, jo‘xori hosilining bir qismini davlatga topshirmasdan, daryo bo‘yidagi chakalakzorlarda o‘ra qazib ko‘mdirib, og‘ir kunlar boshlan-


19 Avlodlarga maktub gach, xalqqa xufyona tarzda bug‘doy, jo‘xorini yeyish va yangi hosilga urug‘lik sifatida tarqatib bergan. Shaharchada u kabi elparvarlar ko‘plab yashab o‘tgan va yangiqo‘rg‘onliklar o‘z shaharchasi, mahallasi va avlodi tarixi to‘g‘risidagi voqea, dalillarni soatlab zavq-shavq bilan gapirib berishni yoqtirishadi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish kabi bir qator sohalarda yaratilgan maktablarning tilga olinishi bejizga emas. Sababi, yangiqo‘rg‘onliklar ilm-fanni qadrlashadi, ular “O‘qigan o‘zar” maqoliga amal qilishadi. Avvaldan ham shunday bo‘lgan, bugun ham shunday. Bu an’ananing kelajakda ham buzilmasligiga, avlodlarning ajdodlar yo‘lidan borishiga ishonish mumkin. Shaharcha aholisi daromadlarining asosiy qismi paxta zavodi va keyingi yillarda kitob qahramoni akam tomonidan barpo etilgan konserva zavodi, “Payshanba” bozori, to‘rtta qurilish, ishlab chiqarish, aholiga turli xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan korxonalar va savdo, xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish hamda uyga mahsulot yetkazib berish xizmatlari qishloq xo‘jaligi sohasi hisobidan shakllanadi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, shaharchada mavjud paxta tozalash zavodi, madaniyat saroyi va qator savdo, maishiy xizmat ob’yektlari Isroilovlar sulolasi vakillari bo‘lmish Samandar Isroilov, Nasrullo Isroilov va Hazratqul Toshevlar tashabbuslari hamda rahbarligida qurilgan. XX asrda yangiqo‘rg‘onlik shoirlar Sur’at Oripov, Rahmonberdi Obloqulov, Rustam Aminov, Kubarro Bahromova, Tohir Doliyev, jamoat va siyosiy arboblar Abdulla Habibov, Mamadali Zaripov, olimlar Nuriddin Abdirazzoqov, Qiyomiddin Yo‘ldoshev, Hoji Mardiyevlar davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishdi.


20 Avlodlarga maktub Dunyoning buyuk yaratuvchisi va egasi bo‘lgan Zotning har bir insonga bergan taqdiri turli xil bo‘lib, hayot davrida inson ushbu taqdir atalmish o‘z hayoti jarayonini tahlil qilib hikmat topadi. Bu bilimlar taqdirning og‘ir, yengil, alamli, quvonchli, sinovli barcha damlarini anglay olgan va undan to‘g‘ri xulosa qila olgan har bir inson uchun foydadan xoli emas. Shuning uchun har bir inson butun avlodlariga ajdodlarining hayot yo‘li haqidagi voqeliklarni, tasavvurlarini, fikrlarini yetkazishga harakat qiladi. Aslida, ajdodlar hayotini o‘rganish avlodlar oldidagi eng muhim vazifalardan biridir.


21 Avlodlarga maktub BOLALIK VA O‘SMIRLIK YILLARI Har bir inson uchun bolalik va o‘smirlikning o‘ziga xos, esdan chiqmas damlari bo‘ladi. Ota-ona bag‘ridagi ulg‘ayish pallasi, maktabdagi, talabalik davridagi unutilmas onlar, kelajak tamal toshini qo‘yish uchun o‘tgan onlarning barchasi qadrli. Faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan, bir emas, ikki institutda tahsil olgan, intilishlari, izlanishlari natijasida fan nomzodi degan nomga musharraf bo‘lgan, tadbirkorlik jabhasida o‘z o‘rnini topgan, jamoatchilik ishlarida faollik ko‘rsatgan, Oliy Majlis va xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati sifatida qator ezgu ishlar tashabbuskori bo‘lgan bir insonning bolaligi va o‘smirligi qanday o‘tgan? O‘sha pallada tengdoshlari o‘rtasida uning o‘rni qanday bo‘lgan? Bahodir Isroilov, iqtisod fanlari doktori, professsor MENING AKAM


22 Avlodlarga maktub Esimda, yoshlik chog‘larimizda ko‘pchilik qo‘shnilar akamni Asom deb chaqirishardi. Onamning dugonasi rahmatli qo‘shnimiz Toji xola to umirining oxirigacha akamga shunday murojaat qilgan. Biz ukalari, qarindoshlar, sinfdoshlar esa akamni Jamol sifatida bilar edik. Chunki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi hujjatida akamning ismi-familiyasi Jamol Isroilov deb qayd etilgan. Shunday kunlarning birida men qiziqib, dadamdan nima uchun akamni qo‘shnilar Asom deb chaqirishini so‘radim. Rahmatli dadamning aytishicha, haqiqatda ham, akamga dastlab Asom deb ism qo‘yishgan ekan. 21-dekabr yilning oxiri, bayram tashvishlari va sovuq qattiqligi sababli hujjat olish xayoldan ko‘tarilgan. Bir yil davomida akamning ismi og‘izdan og‘izga o‘tib yuravergan. Qo‘shnilar shunga ko‘nikib qolgan. Akamning ismi o‘zgarishiga oddiy majlis va unda so‘zga chiqqan rahbarning notiqligi sabab bo‘lgan. Oqdaryo tumani hozirgi Navoiy viloyatining Xatirchi tumani (Xatirchi va Nurota tumanlari muqaddam Samarqand viloyati hududida bo‘lgan) akam tug‘ilgan yillarda o‘zaro musobaqadosh bo‘lgan ekan. Kolxoz klubida yoz oylarida musobaqadoshlar tekshiruvining yakuniy yig‘ilishi bo‘lgan va yig‘ilishda rahmatli dadam ham ishtirok etgan. Yig‘ilish yakunida o‘sha paytlarda Xatirchi tumanida rayon partiya qo‘mitasi birinchi kotibi (hozirda tuman hokimi maqomi) bo‘lib ishlagan rahmatli O‘roq Jamolov nutq so‘zlagan. Kotib nutqi ortiqcha dabdabasiz, maqtovlarsiz, ravon, sermazmun va shirali bo‘lib, barcha yig‘ilish qatnashchilarining, jumladan, dadamning ham e’tiborini tortgan. Ana shu yig‘ilishda dadamning raykomning birinchi kotibi O‘roq Jamolovga havasi keladi va “O‘g‘lim shu insonday


23 Avlodlarga maktub bilimdon, notiq va rahbar bo‘lsin”, deb niyat qiladi. Shunda yig‘ilishdan chiqib, akamga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olinmagani yodiga tushadi. Akamga yaxshi niyat bilan raykom kotibiga o‘xshash ism qo‘shish maqsadida qishloq Sovetiga (hozirgi mahalla fuqarolar yig‘ini) borib, akamga kotib familyasidagi Jamol ismini tanlaydi. Bu bir rahbarning nutqidan, so‘zamolligidan zavqlanish va unga havas qilish hissi bo‘lgan. U vaqtlarda odamlar yangi tug‘ilgan farzandlari uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi hujjat olishga shoshilishmagan ekan. Bunday hujjat bir-ikki yildan keyin, hatto, undan keyin ham olinavergan. Shu sababli o‘sha paytgacha akamni qo‘niqo‘shnilar avval qo‘yilgan Asom ismi bilan chaqirishgan va keyinchalik ham shu nomga ko‘nikib qolishgan. Onamning aytishlaricha, 1960-yilda Mirzo Ulug‘bek nomli 2-o‘rta maktabning 1-sinfiga o‘qishga borgan akam hali 7 yoshga to‘lmagan, jussasi kichik, ammo pishiq bo‘lgan ekan. Akam sinfdoshlari ichida eng yoshi kichigi bo‘lib, 1970-yili maktabni bitirgan chog‘ida esa eng a’lochi o‘quvchi sifatida e’tirof etilgan. Yoshligidan sho‘x, bilimli va o‘ziga xos qat’iyatliligi sababli sinfda eng yosh o‘quvchi bo‘lsa-da, sinfdoshlari hamda o‘qituvchilari unga hurmat bilan qaragan, o‘quvchilar o‘rtasida esa yaxshigina obro‘ga ega bo‘lgan. O‘quvchilik davrida bir qancha sinfdoshlari darslarini tayyorlashda akamdan yordam so‘rashgani va akam doim ularga yordam berganligini minatdorchilik bilan eslashardi. Yuqori sinflarda o‘qigan paytlarida akam a’lochi o‘quvchi bo‘lsa-da, maktabga sumka ko‘tarib bormasdi. Chunki xotirasi kuchli edi va eshitgan, o‘qigan narsasini bir zumda eslab qolardi. Maktabga akam birgina daftar olib borardi. Akam maktabni bitirib, Andijon paxtachilik institutiga hujjat topshirdi. 2 fandan a’lo, bir fandan 4 baho olgan,


24 Avlodlarga maktub lekin insho yozishda omadi chopmaganligi sabab talabalikka qabul qilinmadi. Andijonga akam sinfdosh do‘sti Abdihakim aka (Alloh O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) bilan birga ketgan edi. Abdihakim aka Andijon paxtachilik texnikumiga hujjat topshirgandi. Ular birga kvartirada turishgan. Akam yoshligidan juda do‘stparvar, har qanday vaziyatda ham barchaga yordam berishga tayyor bo‘lib o‘sgandi. Shu sababli Abdihakim aka kimyo fanidan bo‘shroqman, ertaga imtihondan qo‘rqyapman, deganda o‘z tashabbusi bilan, Abdihakim akaning o‘rniga kimyo fanidan imtihonga kirib, 4 baho olib beradi. Hali 17 yoshga to‘lmagan o‘smirning jur’atini qarang, o‘zi ham abituriyent bo‘lib imtihonlar topshirmoqda, shu paytda sir oshkor bo‘lsa ikkalasi ham abituriyentlikdan haydalardi. Lekin do‘sti texnikumga o‘qishga kirib, o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib keldi. Bu “sirlarni” akam hech kimga bildirmagan, rahmatli Abdihakim aka menga va boshqa do‘stlariga keyinchalik bu haqda gapirib bergan edi. Dadam rahmatli akamning o‘qishga kira olmaganidan qattiq ta’sirlandi. Chunki akamdagi qobiliyat, bilim va iqtidorni nafaqat dadam balki, avlodimizning barcha kattayu kichigi bilardi. Shu bilan birga, akam suloladagi o‘g‘illardan to‘ng‘ichi edi. Akamning hayotga ijobiy start olishi, keyin kelayotgan bizlar uchun muhimligini ular yaxshi bilardi. Shu sababli qarindoshlar maslahatni bir joyga qo‘yishib, institutga kirolmagan abiturentni maktabda matematika fanidan o‘qituvchilik qilishga tavsiya etishadi. Judayam e’tiborlisi, tavsiya qilinayotgan “o‘qituvchi” maktabni bitirsa-da, hali 17 yoshga to‘lmagan, vazni 50 kilogrammdan sal ortiq, bo‘yi 150 santimetr atrofida bo‘lgan. Akamning matematika fanidan dars bera olishiga maorif tizimi rahbarlarining ko‘zi yetmasdi. O‘sha paytlarda qo‘lida diplomi


25 Avlodlarga maktub bo‘lmagan yigitni qo‘ying, oliy dargohni bitirganlarning ham ko‘pchiligi maktabda matematikadan dars o‘tish haqida gap ochilsa, birdaniga qaror qabul qilishga ikkilanib qolardi. Qarindoshlar akamni o‘qituvchilikka ishga qo‘yish bo‘yicha maslahatlashgan, ishga joylash masalasini hal etishni o‘sha paytlarda tuman prokuraturasida tergovchi bo‘lib ishlayotgan onamning tog‘a qarindoshlaridan bo‘lgan Abdirashid tog‘a Azizov o‘z (Alloh u kishini O‘z rahmatiga olsin) zimmasiga olgan. Abdirashid tog‘amiz keyinchalik Ishtixon va Paxtakor tumanlarida yigirma yildan ortiq sud raisi bo‘lib ishlab nafaqaga chiqdi. O‘sha davrlarda Oqdaryo tumani RayONOsi (hozirgi tuman Xalq ta’limi bo‘limi) mudiri bo‘lgan rahmatli Turg‘un Usmonovdan Abdirashid tog‘amiz akamni o‘qituvchi qilib ishga joylab qo‘yishni iltimos qiladi. RayONO mudiri o‘qituvchilikka nomzodni suhbatga chaqirtiradi. Ammo uning jussasi, yoshi kichikligidan cho‘chib, ishga qabul qilishni rad etadi. Akam tuman prokuraturasiga borib, ishga olishmaganini Abdirashid tog‘aga aytadi. Shunda u kishi RayONO mudiri Turg‘un Usmonovga telefon qilib, nima uchun ishga olmaganining sababini so‘raydi. Shunda RayONO mudiri “Jiyaningiz juda yosh, jussasi kichik va bo‘yi ham kalta ekan, qanday o‘qituvchilik qiladi”, deb e’tiroz bildiradi. Abdurashid tog‘a esa “bo‘yi 151 santimetr, vazni 62 kilogramm bo‘lgan Lal Bahodir Shastri 600 million aholisi bor Hindistonni boshqaryapti, Turg‘un aka. Mening jiyanim ham undan kam emas”, deb javob beradi. Ushbu o‘zaro muloqotdan so‘ng RayONO mudiri akamni tumandagi 7-o‘rta maktabga matematika fani o‘qituvchiligiga tayinlaydi. 17 yashar o‘smir yigitning matematika fani bo‘yicha o‘qituvchilik faoliyatiga keyinchalik akam o‘qitgan ko‘p o‘quvchilari hamda birga faoliyat yuritgan o‘qituvchilari yuqori baho berishganiga o‘zim


26 Avlodlarga maktub guvohman. Akam Oliy Majlisga deputatlikka saylangach ular deputat bobo ish faoliyatini bizni maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan, deb faxrlanib gapirishardi. Akam ishga kirgach, uni ishga joylashtirishda RayONO mudiri bilan bo‘lgan voqeani tog‘am qarindoshlar suhbatida aytib bergan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Abdirashid tog‘amiz to umrining oxirigacha akamni Shastri deb chaqirar edi. Keyingi yili Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga o‘qish uchun bo‘lgan urinish ham zoye ketadi. U davrdagi qabul jarayonlari qanday kechganini barchamiz yaxshi bilamiz. Akam ikkinchi yili paxta punktiga laborant bo‘lib ishga kiradi. Shunday kunlarning birida Ishtixon tumaniga sud raisi bo‘lib saylangan Abdirashid tog‘a uyga mehmon bo‘lib keldi. Qarindoshlar yig‘ilishdi, chiroyli suhbat kechgacha davom etdi. Akam suloladagi katta o‘g‘il ekanligi sababli qarindoshlar uyiga mehmon kelganda xizmat qilar edi. Men, Sharof, Mo‘min ukamlar bilan yordam berib yurardik xolos. Suhbat oxirida tog‘am akamni o‘ziga sud kotibi qilib olib ketishi va kelajakda huquq yo‘nalishi bo‘yicha sirtdan o‘qitishini aytdi. Barchaga bu taklif maqbul bo‘ldi, lekin akam bu taklifga rad javobini berdi. Keyinchalik suhbatlarimizda ushbu voqea to‘g‘risida gap ketganda akamdan sudya bo‘lmaganingizga xafa emasmisiz, deb so‘raganman. Akam hech ikkilanmay, yo‘q, deb javob bergan. Sizlar fizikaning mohiyatini yaxshi bilmaysizlar. Hayotdagi har bir voqea, jarayon fizika qonuniyatlariga asoslangan. Ushbu qonuniyatlarni anglash dunyoning yaratilishi, harakatlanishi va tugashi mumkin bo‘lgan voqelikni bilishingga sabab bo‘ladi, degan.


27 Avlodlarga maktub OYNING O‘N BESHI YORUG‘.. Oyning o‘n beshi qorong‘u, o‘n beshi yorug‘ deyishadi. Ajdodlarimiz tomonidan nihoyatda topib aytilgan ibora. Insonning hamma kuni bir tarzda kechmaydi. Uning yaxshiyu yomon damlari bo‘ladi. Xursandchilik, shodlik va qayg‘uli, iztirobli damlar bir-biridan unchalik uzoq yurmaydi. Jamol Isroilov taqdiri ham shunday holatlardan ajralib qolgan emas. U necha bor hayotning mashaqqatli sinovlariga, adolatsizliklariga duch keldi. Eng aziz insoni – otasidan ajraldi. Ukalariga, singillariga bosh bo‘lish gardaniga yuklanadi. Nohaqliklarning har qadamda mavjud ekanini angladi, o‘zi ishongan, boshqalar nazarida ham haqiqat tomondagi ayrim ustozlarning qilmishlaridan ozor chekdi. Vaqti kelib, oila qurdi. Qo‘sh oliy ma’lumotli bo‘lib, mehnat quchog‘ida javlon urdi. Lekin izlanishni, o‘qishni tashlab qo‘ymadi. Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasi, dotsent ilmiy unvoniga erishdi.


28 Avlodlarga maktub ILK ADOLATSIZLIK O‘qishga butun borlig‘i bilan havas qo‘ygan, maktabni bitirgandan buyon oliy dargohga kirishga harakat qilayotgan, ammo omadi chopmayotgan farzandning Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti talabasi bo‘lishi butun oila a’zolarini, ayniqsa, dadamni nihoyatda quvontirdi. Tirishqoq talaba a’lo o‘qigani, odobi namunali bo‘lgani bois 1-kursdan o‘qituvchilar nazariga tushadi. Ikkinchi kursni a’lo baholarga tugatgach, o‘sha davrda ham, hozirda ham mashhur oliy dargoh Moskva fizika-texnika instituti (MFTI) ga ajratilgan ikkita o‘rin uchun tanlovda g‘olib chiqadi. Lekin hanuz davom etib kelayotgan millat va mamlakat rivojiga putur yetkazayotgan tanish-bilishlik, oshno-og‘aynigarchilik oqibatida tanlov g‘olibi, oddiy dehqon farzandi Jamol Isroilov o‘rniga Moskvaga akasi universitetda domla bo‘lgan boshqa talaba yuboriladi. Ko‘pdan o‘ylagan maqsadi ushalgan, talabalar safida o‘zini baxtiyor his etayotgan akam bu adolatsizlikdan juda qattiq ranjidi. Adolatsizlikni yengish uchun, o‘zi bilan o‘zi kurashib, ikki-uch kun uydan hech qayerga chiqmadi. Dadam akamning ahvolidan juda ezildi, dadamdan boshqa hech kim uyda nima gapligini bilmasdi. Akam tabiatan o‘z qilayotgan ishi, sirlaridan onam va opa, singil, ukalarning voqif bo‘lishini, ularning ortiqcha tashvish va aziyatga qolishini istamas edi. Amakilarim Samandar Isroilov, Nasrullo Isroilovlar paxta ishi bilan qamalib qolgach, meni va Sharofni ishlardan ogoh qilardi. Shu bilan bizni katta hayotga tayyorlay boshlagandi. Keyinchalik biror ishni boshlashdan oldin, men bilan maslahatlashadigan bo‘ldi. Turli savollar berib, o‘z fikrini tahlil qilib, baholardi.


29 Avlodlarga maktub Akam tanlovga qatnashish va g‘olib bo‘lsa Moskvaga ketishiga ruxsat so‘rab murojaat qilgani sababli dadam gap nimadaligini bilar, lekin ilojsizligidan ezilardi. Bir kuni akamga bildirmasdan, amakisi Tosh otam bilan, Samarqand davlat universitetida domla bo‘lib ishlaydigan yangiqo‘rg‘onlik Tosh otamning bojasi Nuriddin domla Abdirazzoqovga maslahatga borib kelishdi. Domla Tosh otam va dadamga holatni o‘rganib ko‘rgani, masalaga hech kim aralasha olmasligi raqobatchi talaba «tankasi» juda kuchli ekanligini aytibdi. Taqdir taqozosi bilan hayot yo‘limda akamning o‘rniga Moskvaga o‘qishga ketgan talaba bilan uchrashdim, ularning hayotdagi mavqei, o‘rnidan xabarim bor. Lekin Allohning adolatini qarangki, o‘sha Moskvada o‘qib kelganlar akamdan ortiq darajaga erishmadi. Xalq orasida akamdek hurmat va izzatga sazovor bo‘lmadi. O‘z boshidan ko‘p adolatsizliklar o‘tkazgani sababli akam hayoti davomida qo‘lidan kelganicha iqtidorli insonlar va bolalar tarafida bo‘ldi. Universitetni a’lo baholar bilan tugatgan akamni kafedra mudiri Ortiq Pardayev kafedra assistentligiga olib qolish to‘g‘risida taklif kiritadi. Lekin muqaddam Moskvaga o‘qishga yuborish jarayonida sodir etilgan adolatsizlik yana takrorlanadi. Akam Samarqand pedagogika institutiga ishga taqsimot qilinib, universitetga bir “domla”ning o‘g‘li ishga qoldiriladi. Tabiatan irodali, matonatli va biror marta boshqalarga o‘z holati, sodir bo‘lgan adolatsizliklar to‘g‘risida arz-dod qilmagan akam yana sabr qildi va institutga ishlash uchun hujjatlarini topshirdi. Akam bu holatni ham xotirjam qabul qildi, ilm cho‘qqisiga erishishga bo‘lgan yuksak orzu va o‘ziga bo‘lgan ishonch navbatdagi adolatsizlikdan ustun edi.


30 Avlodlarga maktub Bir suhbatimizda nima uchun SamGUga ishga qoldirishmaganidan ko‘p xafa bo‘lmagani sababini so‘raganimda: “Agar dadam hayot bo‘lganda, bir yilga qolmasdan Rossiyaning Dubna shahriga aspiranturaga ketardim”, degan. MUSIBATLI KUN Akam universitetni bitirgach, pedagogika institutiga ishga joylashish masalalari bilan band edi. O‘sha kunlari kamina – institutning 2-kursini muvaffaqiyatli tugatib, qurilish otryadiga jo‘nashdan oldin Yangiqo‘rg‘onda uyda dam olib yurardim. O‘sha musibatli yakshanba kuni kechda amaki ukam Samarqand kooperativ instituti 1-kursini tugatgan Sharofjon Isroilov, dadam va men kech soat 23.00 largacha hovlida suhbat qilib o‘tirdik. Suhbatdan so‘ng Sharofjon uyiga ketdi, men so‘rida yotdim, dadam esa uxlashga uyga kirib ketdi. 1978 yil 10 iyul, dushanba tongi. Rahmatli onam meni soat 3-4 larda uyqudan uyg‘otib, dadamning betob bo‘lib qolganini aytdi. Bu xabarni eshitib, tezda uyqum ochildi. Dadam behush holda og‘ir nafas olib yotardi. Dadamni onam bilan toza havoga so‘riga olib chiqdik. Ukalarim Mo‘minjon va Olimjonlarni uyqudan uyg‘otib, birini dadamning akasi Samandar Isroilov va ukasi Nasrulla Isroilovga xabar berishga, birini esa pochchamiz, o‘sha paytdagi Yangiqo‘rg‘on uchastka kasalxonasi bosh vrachi, malakali vrach Shirinboy Sultonovni chaqirib kelishga yubordim. Ertalab soat 9-10 larda uyimizda dadamga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar vujudga keltirilgan edi. Lekin dadamning sog‘ligida o‘zgarish sezilmas, bizlar barchamiz umid bilan dadam yotgan so‘riga ko‘z tikkancha kattalar aytgan topshiriqlarini bajarar edik. Amakim o‘sha


31 Avlodlarga maktub paytda tumandagi eng katta jamoa xo‘jaliklaridan biri «Kommunist» kolxozida rais, akasi Samandar Isroilov esa Yangiqo‘rg‘on paxta tayyorlash punktida mudirligi hamda ularning tumandagi hurmati yuqoriligi sababli tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi hamda taniqli shifokorlar va tez yordam mashinasi bizning xonadonda navbatchi edi. Dadamni tuzatishga bo‘lgan harakat kechgacha davom etdi. Kech soat 17.30-18.00 larda oilamizdagi 11 farzandning voyaga yetgan va o‘lim nimaligini tushungan barchasi xavfsirab turgan voqea sodir bo‘ldi. Dadam hushiga kelmay, hech kim bilan vidolasha olmay hayotdan ko‘z yumdi. Akamni Samarqand shahridan olib kelish to‘g‘risidagi fikr kimningdir xayoliga kechroq kelgan va mashina yuborgan ekan. Tasodifan dadamning vafot etishi oilamiz uchun katta zarba bo‘ldi. Natijada, akamning kelajak rejalari o‘zgarib ketdi. Rahmatli dadam va akam bir oy oldin suhbatlashib, kelajak rejalarni maslahatlashib olishgan ekan. Dadam menga “Akang Samarqandda ishga qoldi, yaqinda Moskvaga aspiranturaga boradi. Shuning uchun seni uylantirsak”, deganda, men akamdan bir kun bo‘lsa ham kech uylanaman, deb javob bergan edim. Hayotda o‘z rejalarini gapirib yurish, muhokama qilishni yoqtirmaydigan insonlar bo‘ladi. Akam tabiatan shunday insonlar toifasiga kirardi, o‘z rejasini mustaqil tuzar va o‘zgartirar edi. Shu sababli akamning Moskvaga aspiranturaga ketish va ilmiy ish qilish rejasi dadamning vafoti sababli o‘zgarganligini men keyinchalik o‘zaro suhbatlarimizda bildim. Akamning qarorlarini hurmat qilardim, shuning uchun muhokama qilmaganman. Faqat bir gal “O‘sha davrda Moskvaga aspiranturaga borganingizda hozir qanday darajada bo‘lardik?”, degan savolimga qisqagina “Dadam vafot


32 Avlodlarga maktub etmaganda, aspiranturaga ketsam balki men, sen, Sharof, Alisher, Olimjonlar ham Moskva yoki boshqa katta shaharlarda ishlab yurgan bo‘larmidik”, deb javob bergan. Shunday ham bo‘lishi mumkin edi. Chunki akam sobiq SSSR davlati atom markazining Dubna shahridagi maxfiy yadro fizikasi institutida olti oylik amaliyotda bo‘lgan davrida akademik Yuriy Ogenesyanning mehrini qozongan ekan. Akademik akamni aspiranturga kelgin, ikki yilda nomzodlik, besh yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilasan deb taklif qilgan. Shunda rahmatli dadam va akam aspiranturaga ketish rejasini dadamning vafotidan biroz oldin kelishishgan ekan. Akam shu sababli SamDUga emas, pedagogika institutiga ishga yuborilganligi holatiga e’tibor bermagandi. Shundan so‘ng akademik Yuriy Ogenesyan O‘zbekistonga ikki marta ilmiy konferensiyaga kelgan paytida, akamga o‘zi bilan aspiranturaga ketishni taklif etgan. Lekin akam bizni o‘ylab, bu takliflarni rad etadi. Bu bo‘lib o‘tgan voqealarni keyinchalik men akamning ustozi Ortiq Pardayevdan eshitdim. Dadamning vafotidan so‘ng akam ikki yilga yaqin Samarqand davlat pedagogika institutida ishladi, keyin «Kommunist» jamoa xo‘jaligi kasaba uyushmasi raisi lavozimiga ishga keldi. Akamning Yangiqo‘rg‘onga qaytishining asl sababi bizlarni o‘qitish, uylantirish, uyli-joyli qilish va kelajagimizni ta’minlashga qaratilgan edi. YANGI DIREKTORNING YANGICHA ISH USLUBI Har qanday inson o‘zi o‘qigan, ta’lim-tarbiya olgan, hayotni, dunyoni anglagan muqaddas dargoh – maktabini sog‘inadi. O‘zi uchun qadrdon bo‘lib qolgan maktab sehri, mehribon


33 Avlodlarga maktub o‘qituvchilari mehri har dam, har onda chorlayotgandek tuyuladi. Ko‘z o‘ngida mo‘tabar maktabi butun borlig‘i bilan jonlanaveradi. Ayniqsa, bu tuyg‘u pedagogikani tanlaganlarda o‘zgacharoq kechadi, ular beixtiyor ravishda maktab sari intilayotganlarini anglashadi. Samarqand davlat universitetida ta’lim olgan, taniqli professor-o‘qituvchilar sabog‘idan bahramand bo‘lgan, yangiqo‘rg‘onlik Jamol Isroilov uchun ham bunday hislar begona emasdi. Maktabi sog‘inchi uni aslo tark etmas, o‘ziga dars bergan maktab o‘qituvchilarini oliy dargoh domlalaridan pastki o‘ringa qo‘ygisi kelmasdi. Ko‘cha-ko‘yda, to‘yma’rakada ko‘rishib qolganlarida akam ustozlarining hurmatini joyiga qo‘yar, ularning oldida o‘zini shogird sifatida tutardi. Qarangki, 1983 yilning avgust oyida 30 yoshli Jamol Isroilov o‘zi ta’lim olgan 2-o‘rta maktab rahbarligiga tayinlanadi. O‘sha chog‘da bu bilim dargohida o‘ziga ta’lim bergan bir qancha tajribali o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatardi. Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan ushbu ta’lim muassasasi Oqdaryo tumanidagi nafaqat eng qadimiy, balki eng katta, eng nufuzli maktab hisoblanardi. Shu jihatdan bu yerdagi o‘qituvchilarning saviyasi, bilimdonligi, pedagogik salohiyati ham kuchli ekaniga shubha yo‘q edi. Buni maktabning sobiq o‘quvchisi, ayni paytdagi rahbari yaxshi bilardi. Shu bilan birga, o‘zini pedagogik jamoaning qanday qabul qilishi haqida o‘ylardi. Ehtimol, yaqinda o‘zlarining o‘quvchisi bo‘lgan yosh bir yigitning birdaniga rahbar bo‘lib kelishi ular uchun g‘ayritabiiy tuyular, ayrim muallimlarning g‘ashini keltirishi mumkin, degan savollar xayolidan o‘tar, tinchlik bermasdi. Maktabning yangi rahbari sifatida akam tezda ishchanligi, bilimdonligi, adolatliligi bilan jamoaga o‘zini ko‘rsatib


34 Avlodlarga maktub ulgurdi. Akam direktorlikning birinchi yilida boshlang‘ich sinflar uchun yangi o‘quv binosi qurilishini boshlab yubordi. Barcha direktorlar uchun odat tusiga kirib qolgan ish haqi tarqatish vedomostidagi “tanga” mablag‘larni olib qolish amaliyotidan voz kechib, ish haqini o‘qituvchilarga tangasi bilan to‘liq tarqatdi. Maktabdan uyga emas, uydan maktabga “narsa” tashishni odat qildi. Yosh direktor darslarga erinmay kirar, ularni adolatli tahlil qilar va baholar edi. Asossiz e’tirozlar bo‘lsa-da, sabr bilan tinglab, ularni tajribali o‘qituvchilar ishtirokida ochiq muhokama qilardi. Natijada, jamoada sog‘lom muhit shakllandi, direktorning ishiga e’tirozi bo‘lgan shaxslarning nohaqligi oydinlashdi va jamoa to‘liq rahbar sifatida akamni e’tirof etdi. Yangi rahbar sifatida biror kishini ishdan chetlatmadi, arzimagan kamchilik uchun jazolamadi, aksincha, ular bilan hamnafas bo‘ldi. Akam bilan birga ishlagan o‘qituvchilarning hikoya qilishicha, majlislarni ko‘p cho‘zmaslik, aniq topshiriqlar berish va mazmunli ma’ruzalar qilish jamoada direktorning nufuzini oshirib borgan. Uch yil ichida jamoadagi katta va kichik barcha o‘qituvchilar zarur masalalarda rahbar bilan maslahatlashadigan bo‘ladi. Shu davrga kelib maktabning moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlanadi va tumanda barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallay boshlaydi. Akam Mirzo Ulug‘bek nomli 2-o‘rta ta’lim maktabiga iqtidorli bolalar maktab internati ochilguncha (2010 yil) direktorlik qildi. Ushbu davrda maktabda sport zali, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun maxsus o‘quv bloki, kutubxona va basseyn inshootlari yangidan qurildi. Moddiy-texnika bazasi to‘liq yangilandi. 2005 yilgacha muntazam ravishda o‘qituvchilarning har yilgi avgust konferensiyasi Mirzo Ulug‘bek


35 Avlodlarga maktub nomli 2-o‘rta ta’lim maktabida o‘tadigan bo‘ldi. 1990 yildan boshlab maktabda iqtidorli bolalar uchun maxsus sinf tashkil etdi va 8-sinf bituvchilarini o‘zi rahbarligida adolatli tanlov orqali 9-10 sinfga o‘qish uchun qabul qildi. Tanlovni adolatli ekanligiga katta opamning 3 ta o‘g‘li tanlovdan o‘ta olmay, o‘qishini boshqa maktabda davom ettirgani isbot. Iqtidorli bolalarni eksternat komissiyalari tashkil etib, bir o‘quv yilida ikkita sinfni bitirishini yo‘lga qo‘ydi.


36 Avlodlarga maktub HAQIQAT YO‘LIDAGI KURASH Shunday davrlar bo‘ladiki, har soniyasidan, har lahzasidan zavqlansang, odamlarning mehru muhabbatidan bahra olsang, har biriga minnatdorlik tuyg‘ularini bildirsang arziydi. Yana shunday davrlar ham bo‘ladiki, unda biror yaxshilikni ezgulikni, adolatni his etolmaysan, unda yashayotgan bir guruh – o‘zini men deganlar bunga yo‘l qo‘yishmaydi, to‘g‘ri yo‘ldan yurishingga imkon berishmaydi. Sobiq ittifoq davrining so‘nggi o‘n yilligida ro‘y bergan voqealar, odamlar turmush tarzining nochorligi, haqiqat, adolat tamoyillarining buzilishi, zo‘ravonlik holatlarining kuchayishi o‘sha davrga xos bo‘lgan voqeliklarga aylanib qoldi. Ayniqsa, “O‘zbeklar ishi” nomi bilan tariximizga kirgan butun boshli xalqni yomonotliq qilish, unga nisbatan tuhmat toshlarini otishga bo‘lgan urinishlar bilan aslo chiqishib bo‘lmasdi. Adolatsizliklarga qarshi mardona turishga o‘rgangan akam shu kabi holatlarni bartaraf etish, har sohada adolatga erishish, haqiqatni yuzaga chiqarish borasida yelib-yugurdi, matonat, jasorat ko‘rsatdi. Kitobimizning ushbu bobida shu kabi voqeliklar hikoya qilinadi.


37 Avlodlarga maktub MUVAFFAQIYATLAR SABABCHISI Insoniyat tarixi biri-biridan murakkab, biri-biridan esda qolarli bo‘lgan quvonchli, hayratlanarli, fojiali davrlardan iborat. Ajdodlarimiz o‘tmishidan hikoya qiluvchi manbalar, ma’lumotlar, yozuvlarning o‘ziyoq millatimiz tarixi uzoq asrlarga borib taqalishidan dalolat beradi. Ularni o‘rganish jarayonida tariximizning noyob jihatlari, bugungi avlod uchun ibratli tomonlari yaqqol namoyon bo‘ladi. Davlatchilik instituti shakllangandan buyon hukumat tepasiga chiqish, uni idora etishga intilish, odamlar ustidan hukmronlik qilish, boshqaruv uchun o‘zaro kurash olib borish tabiiy bir holatga aylanib qolgan, o‘rtada nizolar paydo bo‘lgan. Bunday nizolar va urushlardan davlat boshqaruvining asosiy ob’yekti hamda predmeti bo‘lgan xalqlar va insoniy munosabatlar, qadriyatlar aziyat chekadi, tanazzulga uchraydi. Jamiyat uchun butunlay keraksiz, bunday salbiy harakatlar bugungi kun siyosatchilari tomonidan siyosiy nizolar, mustaqillik va iqtisodiy imkoniyatlar uchun kurashlar deb tavsiflanmoqda. Ushbu kurashlar ichki va tashqi guruhlarga bo‘linadi. Fikrimizcha, ushbu guruhlanish tizimining ichki kurashlar tizimiga “yangi davlat rahbarining o‘z mavqei uchun kurashi”ni ham qo‘shish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki sobiq ittifoq davrida Lenin, Stalin, Xrushchev, Brejnev, Andropov, Chernenko, Gorbachevlar almashinuvi jarayonlarida “o‘z mavqei uchun” bo‘lgan kurashlar yuzaga keldi, oqibatda mamlakat rivojlanishida sustkashlik paydo bo‘ldi. Bu esa aholi turmush darajasining yomonlashuviga olib keldi va oxir-oqibat yirik imperiyaning tugashiga sabab


38 Avlodlarga maktub bo‘ldi, degan fikrni aytish mumkin. Kitobimiz qahramoni Jamol Isroilov Yuriy Andropov va Mixail Gorbachev davlat rahbari bo‘lgan davrlarda xuddi shunday ichki kurashlarga guvoh bo‘lgan, voqealar ishtirokchisiga aylanganlardan edi. Lekin uning qarashlari butunlay o‘zgacha, faqat adolat uchun, xalq baxtu saodati sari yo‘naltirilgan edi. O‘sha davr odamlari yaxshi bilishadiki, sobiq ittifoq rahbariyati tomonidan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston Respublikalari shunday hudud sifatida tanlangandi. Ozarbayjon Respublikasida bunday salbiy holat o‘sha paytda respublika rahbari bo‘lgan Geydar Aliyevning oqilona harakatlari tufayli og‘riqsiz tez barham topdi. Ushbu tazyiqlar boshqa respublikalarga Brejnev davri tanazzuli boshlangan davlatning qudratini ko‘rsatishga bo‘lgan urinishlar edi. Ichki kurash uchun Markaziy Osiyo davlatlarining tanlanishi ushbu respublikalar xalqining bo‘ysunuvchan mentaliteti va Boltiqbo‘yi respublikalarining tez portlash kuchiga egaligi edi. Qozog‘istonda respublika birinchi rahbari o‘zgarishi va rus millatiga mansub kishining tayinlanishidan so‘ng aholining norozilik namoyishlari to‘lqini ushbu respublikada ham tazyiqga tezda barham berilishiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston ziyolilari hamda xalqi ushbu yovuzlikdan eng ko‘p aziyat chekdi. Shunday davr yovuzligiga qarshi dadil kurashgan insonlardan biri qahramonimiz Jamol Isroilov edi. Amakimiz Nasrullo Isroilov (Alloh rahmatiga olsin) 1968-1983-yillarda Oqdaryo tumanidagi “Kommunist” kolxoziga raislik qilgan. 1983-yil paxta tayyorlash rejasini 82 foiz bajarganligi sababli rais lavozimidan bo‘shatilgan. Gdlyan, Ivanovlar guruhi a’zolari tomonidan Nasrullo Isroilovga nisbatan 1983-yilda paxta tayyorlashda qo‘shibyozganlik (pripiska) aybi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan


39 Avlodlarga maktub va qamoqqa olingan. Shu o‘rinda mantiqiy xulosa qilaylik: reja 82 foiz bajarilgan, agar qo‘shib yozilsa, 100 foiz bo‘lishi va rais lavozimida qolishi mumkin edi. Ammo qo‘shib yozish bo‘lmagani sabab reja bajarilmay qolgan-ku. Yangiqo‘rg‘on shaharchasi keksa avlod vakillari “Nasrullo Isroilovning raislik davrida qo‘limiz pul ko‘rdi, to‘ylar qildik, uylar qurdik, tomlarimiz sheferli bo‘ldi, farzandlarimizni oliy ma’lumotli qildik va sobiq ittifoqning kurort zonalarida dam oldik” deb xotirlaydi. Haqiqatan ham, bugun Yangiqo‘rg‘on shaharchasini aylansangiz, ko‘chalari asfaltlangan, maishiy, savdo, umumiy ovqatlanish tuzilmalariga boy obod maskanni ko‘rasiz. Yangiqo‘rg‘on markazidagi viqor bilan turgan 500 o‘rinli Alisher Navoiy nomli madaniyat saroyi, namunali uy-joylar (sobiq ittifoq davrida qurilgan) hamda bosh-qa ijtimoiy maskanlar raisning faoliyat natijalari ifodasi ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Akamning sobiq tuzum yovuzligiga qarshi kurashishiga sabab bo‘lgan yana bir omil otamiz (dadamning akasi) Yangiqo‘rg‘on paxta zavodini qurish va uni ishga tushirishga bosh bo‘lgan, lekin zavod direktorligiga emas, boshqa ishga tayinlangan 60 yoshli Samandar Isroilovning ham 1985 yilda qamoqqa olinishi edi. Oddiy maktab direktori, mutaxassisligi fizik bo‘lgan akam endi katta suloladagi bosh o‘g‘il farzand bo‘lgani sababli, otam va amakimning aybsizligini isbotlash hamda ularni qamoqdan ozod qilishga jazm qiladi. Ayblovlar, ulardagi har bir asoslarni akamga jussasi kichik bo‘lgani sababli Hindiston Respublikasi rahbari bo‘lgan Lal Bahodir Shastri sifatini berib mehr qo‘ygan, nafaqadagi rahmatli yurist tog‘amiz Abdirashid


40 Avlodlarga maktub Azizov bilan maslahatlashar edi. Akam tog‘amdan qonunchilik bo‘yicha saboq va maslahatlar olishdan erinmasdi. Tog‘amning maslahati ila tergov hujjatlarini advokat bilan birgalikda to‘liq o‘rganib borardi. Tog‘amdan maslahat olishga ko‘pincha men, Sharof ukam akam bilan birga borardik. Tog‘am akamning tergov bo‘yicha bergan axborotlarini eshitib, yana maslahatlar berardi. Har gal tog‘am bizni kuzatishda jiyanlarim dono xalqimiz aytganidek “Dadil bo‘lg‘il, dadil bo‘lsang g‘animning rangi so‘lg‘ay” der edi hamda hech kimning bergan va’dasiga ishonmanglar, bunday paytlarda yordam beraman deb aldab ketadiganlar ko‘p bo‘ladi, derdi. “Omad ham, dard ham qo‘sha-qo‘sha keladi” degan xalq maqoli bejiz aytilmagan. 1985 yilning yoz kunlari aynan tergov va Gdlyan, Ivanovlar guruhi a’zolari tomonidan qamaqama ishlari avjiga chiqqan paytda tog‘am Abdirashid Azizov to‘satdan olamdan o‘tdi. O‘sha davrlarda markazqo‘m kotibi bo‘lib ishlagan Ra’no Abdullayeva tomonidan marhumlarga janoza o‘qitish ta’qiqlangan davr edi. Abdirashid tog‘aning janozasiga ko‘p odam yig‘ildi. Barchaning o‘yi va fikrida Abdirashid Azizov janozasiz ko‘miladimi yoki yaqinlarining jur’ati janoza o‘qitishga yetadimi, degan savol aylanar edi. Chunki bir o‘g‘li tuman ichki ishlar bo‘limida bo‘lim boshlig‘i, biri vrach, biri ichki ishlar xodimi, ya’ni barchasi davlat xizmatchisi edi. Lekin qarindoshlarimizning o‘zaro maslahatlashib, janoza o‘qitamiz degan jur’atli qarori sababli bu savollar ijobiy yechimini topdi. Hamma o‘ylanib, savolga javob axtarib, janozada qatnashish yoki ketish to‘g‘risida o‘ylanib turgan paytda Dahbed shaharchasi oqsoqolining “saloti janoza” degan chaqirig‘i eshitiladi. Bu janozaga yig‘ilgan barchaning xavotirli o‘ylari va tashvishiga barham berdi.


41 Avlodlarga maktub Tog‘amning vafotidan so‘ng akam barchamizni (men, Sharof, Mo‘minjon, Olimjon, Alisher) yig‘ib Gdlyan, Ivanovchilarga qarshi turishimiz, buning uchun barchamiz tartibli harakat qilishimiz zarurligini aytib, har birimizga imkoniyatimizga qarab topshiriq berardi. Lekin asosiy rol akamning o‘zida edi. Biz barchamiz ijrochi edik, xolos. Tergov hujjatlaridagi nomuvofiqliklar, xatolar va asossiz ayblovlar sudda akamning hatti-harakatlari bilan advokatlar tomonidan asoslab berildi. Lekin sudga Gdlyan, Ivanovlar guruhlari tomonidan o‘tkazilgan bosim sababli birinchi, ikkinchi instansiya (bosqich) sudlarida otam (Samandar Isroilov) va amakim (Nasrullo Isroilovlar) aybli deb topildi. Ikkala ish bo‘yicha ham dastlabki yakuniy nuqta O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qo‘yildi. Akam muqaddam Oliy sudda sudya bo‘lib ishlagan tajribali Soliyev degan advokatni yolladi. Bu paytga kelib akam izlanib, intilib bir huquqshunos darajasidagi bilimga ega bo‘lgan edi. Advokat bilan sudga tayyorgarlik ko‘rdi. Akamning sa’y-harakatlari besamar ketmadi. Oliy sud tergov harakatlaridagi kamchiliklar uchun birinchi, ikkinchi instansiya (bosqich) sudlari hal qiluv qarorlarini bekor qilib, jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytardi. Sud qaroridan so‘ng otam va amakim tergov davrida qamoqdan chiqarildi. 1986-yil dekabrigacha 9 oy davom etgan ikkinchi (qo‘shimcha) tergov harakatlari paytida Oliy sud tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng tergov jarayonida yetarli dalillar bo‘lmagani sababli jinoyat ishi bekor qilindi. Gdlyan, Ivanovchilarga qarshi turish bo‘yicha akam Jamol Isroilov tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar


42 Avlodlarga maktub O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov davlat rahbari bo‘lib, aybsiz insonlarni oqlash bo‘yicha qilingan ishlaridan ikki qadam oldin sodir bo‘lgan edi. Aka-uka Samandar va Nasrullo Isroilovlarning oqlanishi hamda qamoqdan ozod qilinishi nafaqat bu ikki kishining, balki shu ishlar bilan ayblanayotgan 10 dan ortiq insonlarning ham oqlanishiga sabab bo‘ldi. Ikkita shov-shuvli jinoyat ishining ijobiy yechim topishi va buning natijasida 100 nafarga yaqin farzandlarning boquvchisi bo‘lgan 10 dan ortiq kishining ozod etilishi nafaqat Oqdaryo tumani, balki Samarqand viloyatida ham akamga “domla” deb hurmat va izzat ko‘rsatish hamda shaxs sifatidagi e’tirof etish davrining boshlanishi edi. Har qanday avlodda insondagi ijobiy va salbiy xususiyatlarni keyingi avlodlarga tashuvchi (gen)lar inson uchun buyuk yaratuvchi hisoblangan Zotdan berilgan biz bilmagan bir ne’mat bo‘lsa ajabmas. Oddiy maktab direktori, fizik Jamol Isroilovning kuchli imperiya davlati Bosh prokuraturasi vakillari bo‘lgan Gdlyan, Ivanovlarga qarshi kurashishdagi muvaffaqiyatining sababi undagi Yaratgandan in’om etilgan sabot, bilim, tafakkur, voqealarni oldindan ko‘ra bilish xislati edi, desam xato bo‘lmaydi. KATTA SIYOSAT SARI YO‘L Paxta ishi bo‘yicha Gdlyan, Ivanovlarning 2 yildan ortiq muddat davomida otam Samandar Isroilov va amakim Nasrullo Isroilovlar hamda ular bilan birga ishlagan 10 nafardan ortiq insonlarni aybdor qilishga bo‘lgan barcha harakatlari akamning mustaqil huquqshunoslik yo‘nalishidagi bilimini oshirishi, malakali yuristlar bilan hamkorligi va to‘g‘ri qaror qilish


43 Avlodlarga maktub qobiliyati natijasida 1986 yil oxirlariga kelib ularning sud tomonidan oqlanishi bilan yakunlangani to‘g‘risidagi xabar tuman aholisi va ziyolilari o‘rtasida tez tarqaldi. Otam, amakim va ular bilan birga ayblanayotgan insonlarning oqlanishida akamning jonbozlik ko‘rsatganligini barcha yaxshi bilar edi. Shu sababli tuman aholisi, ziyolilarining akamga bo‘lgan hurmat va yaxshi munosabatlari oshdi. Chunki imperiya markazi Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Gdlyan, Ivanovchilar guruhi tazyiqlaridan chiqib olish respublikada birinchi marta sodir bo‘lgandi. Bugun bu kabi voqealar kitobxon uchun oddiy tuyulishi mumkin. Lekin har bir voqelikka o‘sha davr ko‘zi bilan qarash haqiqatning darajasi, yuki, ko‘zlangan maqsad adolatning yo‘li qanday qiyinligini anglashga yordam beradi. Mening bu so‘zlarimni paxta ishi davrida jabr chekkanlar, tuhmat yoki biror bir “zakaz” sababli ayblanganlar va ularning yaqinlari yaxshi tushunadi. Viloyat va tumanda paxta ishidan jabr ko‘rgan ko‘plab oilalarning yaqinlari kelib, qanday yo‘l tutish bo‘yicha akam bilan maslahatlashardi. Shunday kunlarning birida oilaviy suhbatlarimizda akam menga sen yoshlikdan yurist bo‘laman der eding, ikkinchi mutaxassislikka huquqshunoslikka topshirasan. Qahramon ham maktabni tugatmoqda, uni ham yurist qilamiz degan qarorini e’lon qildi. Akamning shu qaroridan so‘ng sulolamizdagi pedagog va iqtisodchilar qatorida yuristlar ham paydo bo‘la boshladi. Sobiq ittifoqning so‘nggi yillarida Mixail Gorbachev davrida boshqaruv tizimini isloh qilishga urinishlar boshlandi. Bu islohotlar o‘sha davr tili bilan “qayta qurish” deb nomlanardi. Ushbu yillardan aholining siyosiy faolligida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Inson xarakteri har qanday o‘zgarishdan o‘z


44 Avlodlarga maktub manfaati yo‘lida foydalanishga moyildir. Jamiyat hayotidagi siyosiy faollik va o‘zgarishlarni akam diqqat bilan kuzatib borar hamda tahlil qilardi. Ustozim, iqtisod fanlari doktori, professor Mamayunus Pardayev 1980-yillarda sobiq ittifoq markaziy institutlari olimlari tomonidan iqtisodiy tahlil sohasida e’tirof etilgan yosh o‘zbekistonlik olimlardan hisoblangan. Domla akam bilan yaqindan tanishib, ilmiy tadqiqotlariga rahbarlik qildi va institutda ko‘p yil birga ishladi. Suhbatlarimizdan birida domla “Jamol Ibragimovich o‘ta iqtidorli tahlilchi. Biz bilan siz iqtisodiy tahlilchimiz. Jamol Ibragimovich esa siyosiy, ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy yo‘nalishlarda ham tahlilchi”, deb e’tirof etgandi. Akamdagi domla aytgan xususiyatlar XX asrning 80-yillaridagi siyosiy o‘zgarishlar natijasida shakllandi deyish, menimcha, noto‘g‘ri bo‘ladi. Insonga Yaratgandan berilgan ne’matlar, fazilatlar borki, biz ularni anglashimizga qandaydir bir holat sabab bo‘ladi. Akamning siyosiy bilimdonligi va qarashlarining hayotda ko‘rinishiga hamda katta siyosat maydonida e’tirof etilishiga sobiq ittifoq davlat tizimida sodir bo‘layotgan adolatsizliklar sabab edi. Ko‘pchilik siyosatchi rahbarlar, xo‘jalik boshqaruvi mansabdorlari jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning asl mazmun-mohiyati to‘g‘risida bosh qotirib o‘tirmasdi. Yuqoridan qanday topshiriq bo‘lishini kutardi. Lekin jamiyatda insonlar o‘rtasida siyosiy faollik kundan-kunga o‘sib borardi. Shunday davrlarda tumandagi partaktiv yig‘ilishlarida akam tumandagi eng katta maktab direktori sifatida ishtirok etar va kun tartibidagi masalalar bo‘yicha dadillik bilan chiqishlar qilardi. Men ham tumandagi yirik partiya tashkilotlaridan birining rahbari sifatida ushbu yig‘ilishlarda qatnashardim. Tumanda


45 Avlodlarga maktub bo‘lib o‘tgan xuddi shu kabi 2-3 yig‘ilishda qilgan chiqishlardan so‘ng, har bir yig‘ilishda raislik qiluvchi akamning fikrini so‘rardi. Akam bosiqlik bilan kun tartibidagi masala bo‘yicha o‘z fikrlarini asoslab berib, boshqalar sha’niga tegmaslikka harakat qilardi. Davlat tili to‘g‘risidagi masala sobiq ittifoq hukmronligi, har qanday idorada barcha ishlar rus tilida yoritiladigan davrda ko‘tarilgan edi. Biz oqdaryolik 20 ga yaqin yoshlarga akam davlat tili o‘zbek tili bo‘lishi zarurligi to‘g‘risida 1989 yilda Oliy Majlisga imzo to‘plab taklif yuborishimizga boshchilik qilgan. Siyosiy bilimdonlik, boshqalar sha’nini hurmat qilish va o‘z fikrini dadillik bilan bayon etishi akamning Oqdaryo tumanidagi noformal siyosiy liderlardan biriga aylanishiga sabab bo‘ldi. O‘sha yillarda rahbarlar tayinlovi demokratik saylovlar asosida amalga oshirila boshlandi. Saylovlardan oldin o‘z nomzodini tuman rahbarligiga qo‘yadigan insonlar o‘zlarini qo‘llabquvvatlashlarini so‘rab akamning yoniga kelardi. Shunday suhbatlarining aksariyatida men ishtirok etganman. Akam barchani hurmat, izzatini joyiga qo‘yib mehmon qilar va “Men guruhbozlikka qarshiman, va’dabozlikni yomon ko‘raman, o‘z fikrimni zarur joyda aytaman, birgina mening ovozim hech narsani hal etmaydi”, degan javobni berardi. Akam o‘sha davrning o‘ziga xos xususiyatlari, oqimiga berilib biror bir mansabga erishish uchun o‘z nomzodini qo‘ymadi. Shunday taklif bilan kelgan insonlarga “Men yaxshi ishdaman, o‘z ishimdan norozi emasman” deb javob berardi. Biz Sharof ukam ikkalamiz ba’zida akamga takliflarni qabul qilish va rahbarlik uchun nomzodini qo‘yishga ruxsat berishini so‘rardik. Akam bizga bir tikilib qarar va “Har bir narsaning o‘z vaqti bo‘ladi, o‘sha vaqt kelsa, o‘zim sizlarga aytaman”


46 Avlodlarga maktub deb mavzuni tugatardi. Siyosiy qat’iyatlilik, kamtarlik va insonlar, ularning fikrlarini hurmat qilish kabi xislatlar akamning katta siyosat yo‘lidagi muvaffaqiyatlari uchun xizmat qildi. OQDARYOLIKLAR ORIYATLI XALQ Oqdaryo tumani islohotlar davrida Ishtixon, Payariq tumanlariga qo‘shib yuborilishi va tugatilishi sababli ijtimoiy infratuzilma rivojlanishi bo‘yicha viloyatdagi eng og‘ir tuman hisoblangan. Qayta qurish davrida tumandagi yagona bo‘lgan “Yangiqo‘rg‘on paxta zavodi”ga Oqdaryo farzandi Ahror Suyunov (Alloh O‘z rahmatiga olsin) rahbar etib tayinlandi. Ahror Suyunov kamtar va g‘ayratli rahbar edi. Yangiqo‘rg‘ondagi hozirgi 5-o‘rta maktabning qurilish ishlarini boshlab yuborgan akam Ahror Suyunovga maktab qurilishini tezlashtirishda yordam so‘rab murojaat qilib turar, u kishi ham qo‘lidan kelgan yordamini ayamasdi. Samimiylik, kamtarlik ikkalasining ham xarakterida borligi sababli akam Ahror aka bilan qadrdon bo‘lib qoldi. Ahror aka tuman rahbarlari bilan birga tumanni gazlashtirish ishlariga bosh bo‘lgan inson edi. Tashabbus ko‘rsatib gaz quvuriga ulanish uchun respublikadan ruxsat oldi va “Yirik gaz taqsimlash agregatini” paxta zavodi orqali olib kelish uchun Rossiyaga xodimlarini yuborib shartnomalar qilib keldi. Oqdaryo tumanini gazlashtirishning dastlabki qadami qo‘yilgani to‘g‘risidagi xabardan barcha aholi xursand edi. Akam paxta zavodida ishlaydigan do‘stlari Abdihakim aka Salimov, Yusuf va Raxmatjon pochchalar bilan yaqinligi sababli gazlashtirish bo‘yicha Ahror akaning xayrli ishlaridan yaxshi xabardor edi.


47 Avlodlarga maktub 1989-yilda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylovlar boshlandi. Siyosiy islohotlar natijasida tashkilotlar deputatlikka o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqiga egaligi to‘g‘risida qonun qabul qilingandi. Akam Ahror Suyunovning tumanni gazlashtirish bo‘yicha qilayotgan xayrli ishlariga minnatdorchilik ramzi sifatida, shogirdi (keyinchalik qudasi) Zoir aka Eshmurodov (Alloh rahmat qilsin) bilan maslahatlashib, Oliy Majlis deputatligiga nomzodini ko‘rsatamiz degan qarorga keladi. Taklif bilan Ahror Suyunov huzuriga borishadi. Ahror aka taklifga rozilik bildiradi va ularga ishonchni oqlashini aytadi. O‘sha davrning yozilmagan qonunlariga ko‘ra yuqoridan ham nomzodlar yuborilishi mumkin edi. Yuqoridan yuborilgan nomzodni emas, Oqdaryo uchun zarur insonni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatish va saylash tizimini amalga oshirish akam hamda Zoir akaning maqsadi edi. Shunda akam Ahror Suyunovga nomzodingizni ko‘rsatishimiz uchun bizning shartimiz bor. Har qanday tazyiqqa qaramay, nomzodingizni qaytarib olmaysiz, xalq kimni xohlasa shuni saylasin, yuqoridan yuborilgan nomzodni emas, deb aytadi. Bu shartni ham Ahror aka qabul qiladi. Yangiqo‘rg‘ondagi 2- va 6-o‘rta maktab jamoasi yig‘ilishib, Ahror Suyunov nomzodini Yangiqo‘rg‘on saylov okrugidan Oliy Majlis deputatligiga tavsiya etish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Oliy Majlis deputatligiga nomzod ko‘rsatilgan kundan bir hafta o‘tgach, ertalab maktabga akamning kabinetiga Ahror Suyunov kirib keladi. O‘zaro suhbatda Ahror aka o‘z nomzodini Oliy Majlisga qo‘ya olmasligi, yuqoridan yuborilayotgan deputatlikka nomzod O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati raisi o‘rinbosari Yuriy Salixov ekanligini ma’lum qilib, akamdan uzr so‘raydi.


Click to View FlipBook Version