The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.

O‘zining betakror va mahobatli tarixiy obidalari, me’morchilik, hunarmandchilik va tasviriy san’at namunalari bilan dunyo ahlini hayratga solgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat mayog‘i ham porlagan. Hozir ham shunday.<br>O‘tmishi sharafli, buguni saodatli bo‘lgan bu kent atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar tarixi, buguni, mehr-muhabbatli insonlari haqida ham ijobiy fikrlar aytish mumkin. Samarqanddan unchalik uzoq bo‘lmagan Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ham shunday hududlardan biri.<br>“Avlodlarga maktub” deb nomlangan ushbu kitobda Yangiqo‘rg‘onning saxovatpesha farzandi, maorif fidoyisi, jamoat arbobi, olim va tadbirkor, umr bo‘yi xalq xizmatida bo‘lgan yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning ibratli hayot yo‘li, jo‘shqin mehnat faoliyati hamda Isroilovlar sulolasi haqida so‘z yuritiladi. <br>Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by Улугбек Мамаджанов, 2024-06-09 02:13:11

Avlodlarga maktub

O‘zining betakror va mahobatli tarixiy obidalari, me’morchilik, hunarmandchilik va tasviriy san’at namunalari bilan dunyo ahlini hayratga solgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat mayog‘i ham porlagan. Hozir ham shunday.<br>O‘tmishi sharafli, buguni saodatli bo‘lgan bu kent atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar tarixi, buguni, mehr-muhabbatli insonlari haqida ham ijobiy fikrlar aytish mumkin. Samarqanddan unchalik uzoq bo‘lmagan Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ham shunday hududlardan biri.<br>“Avlodlarga maktub” deb nomlangan ushbu kitobda Yangiqo‘rg‘onning saxovatpesha farzandi, maorif fidoyisi, jamoat arbobi, olim va tadbirkor, umr bo‘yi xalq xizmatida bo‘lgan yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning ibratli hayot yo‘li, jo‘shqin mehnat faoliyati hamda Isroilovlar sulolasi haqida so‘z yuritiladi. <br>Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Keywords: Jamol Isroilov,Avlodlarga maktub

132 Avlodlarga maktub QALAM AHLI NIGOHIDA Yangilikka intilgan, izlangan, ezgulikka talpingan va maqsadga erishganlar nomi hayotda boqiy yashaydi. Ularning nomi, ta’limoti, fazilatlari, mehnati, mehri, muruvvati bot-bot eslanadi, tilga olinadi. Shunday jihatlarni o‘zida mujassam etgan Jamol Isroilov ijodkorlar, jurnalistlar bilan ham nihoyatda do‘stlashib ketgan edi. Olim, o‘qituvchi, quruvchi, xizmat sohasi xodimi bo‘lib tanilgan ustozning nomi, uning ajoyib ishlarini aslo unutishmaydi. Vafotidan so‘ng u haqdagi xotiralar yurtimizning qator ommaviy axborot vositalarida e’lon qilina boshladi. Ularning har birida do‘stni sog‘inish, qo‘msash, hayotlik davridagi jonkuyarliklari qalamga olingan edi. Quyida ana shunday xotiralardan bir nechtasi e’lon qilinadi.


133 Avlodlarga maktub MAS’ULIYATNING MAS’ULIYATI Ma’rifatparvar Jamol Isroilov siyratiga chizgilar – Mas’uliyat - burchni anglashgina emas, uni ado etish va umuman buni minnat qilmaslikdir, ya’ni burchni bajarishni insoniy farz va sunnat deb bilishdir. Mas’uliyati bor odam birovni yomon ko‘rmaydi, birovdan kamchilik qidirmaydi, xato qilganni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi va doimo birov oldidagi xizmatini kam deb baholaydi. Bu – iqtisod fanlari nomzodi, faxriy muallim Jamol Isroilovning falsafasi, falsafasigina emas, aqlini tanigandan buyon amal qilib kelgan hayotiy shiori edi. Ehtimol shuning uchundir, ustozlari ham, tengdoshlari ham, shogirdlari ham u kishini birdek qadrlardi. Jamol aka SamDU fizika fakultetiga o‘qishga kirganida otasi Ibrohim aka «Bolam, endi ukalaringning bundan keyingi bilim oluviga sen javob berasan. Shuning uchun yaxshi o‘qi, olim bo‘l», deb nasihat qildi. Darhaqiqat, u oliygohning oldi talabalaridan bo‘lib tugatdi. Hatto, universitetda ishga ham olib qolishdi. Ming afsuski, otasining besh yil avval aytgan nasihatlari Ibrohim akaning vasiyati bo‘lib chiqdi. Universitetda endi ish boshlaganida padari buzrukvori vafot etdi. Ukalarining, oilasining g‘amini yeb, u qishloqqa qaytdi, maktabda dars berdi, uka-singillarini ham oliy ta’limga tayyorladi. Jurnalist do‘stim, «O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi» jurnali bosh muharriri Tohir Doliyev orqali Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i aholisi bilan yaqindan tanishib ketganimdan so‘ng men bu voqealardan boxabar bo‘ldim. Yangiqo‘rg‘ondagi tanishlarimning ko‘pchiligi olimlar, taniqli ziyolilar.


134 Avlodlarga maktub Ko‘p yillar 2-maktabda direktor bo‘lib samarali ishlagan Jamol aka yelib-yugurib, 52-iqtidorli bolalar maktabini tashkil qildi. Bugungi kunda ushbu maktab o‘quvchilarining qariyb hammasi oliygohlarga kirishmoqda. Bu juda yaxshi natija. Shu bois, mazkur maktab nainki viloyatda, balki butun respublikada eng ibratli, o‘rnak olsa arziydigan o‘quv maskanlaridan biriga aylandi. Oliy Majlisga deputat etib saylanganida ham Jamol aka boshqalar siyosiy kurash qilib yurgan bir paytda, eng avvalo, saylovchilar bilan muntazam uchrashib, ularning muammolarini hal qilishga intilar edi. Bunday hollarga o‘zim ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Shuningdek, u Oliy Majlisda qabul qilinayotgan yangi qonunlar mukammal bo‘lishi uchun o‘z takliflarini dadil aytardi. O‘sha chaqiriqda deputat bo‘lgan ko‘plab kishilar Jamol akaning qonunlar muhokamasida juda faol bo‘lganligini hanuzgacha e’tirof etishadi. Bir paytlar J.Isroilov tahririyatimizga tez-tez maqola keltiradigan bo‘lib qoldi, hammasi ishbilarmonlik mavzusida. Barcha materillarni bizda bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan Jamol aka Tursunov tahlil qilardi. Xususiy korxonalar endi ochilayotgan, aksionerlik jamiyatlari shakllanayotgan bir paytda muallim dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqardi. Keyin bilsak, u kishi taniqli olim Mamayunus Pardayev rahbarligida aynan xususiy korxonalar samaradorligini oshirish, ularning raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha nomzodlik ishi qilayotgan ekan. Ilmiy rahbarning ta’kidiga ko‘ra, Jamol aka bevosita ishbilarmon, tadbirkor bo‘lganligi, tumanda birinchi bo‘lib hissadorlik jamiyati ochganligi uchun mazkur yangi jarayonning muammolarini yaxshi bilgan. Shuning uchun ham ilmiy ishi nihoyasida bu boradagi to‘siqlarni olib tashlash uchun u asosli takliflar bildirgandi. Uning tadbirkorlik, ishbilarmonlik,


135 Avlodlarga maktub xususiy mulk borasidagi fikr-mulohazalari, takliflari so‘nggi 5-6 yilda hayotga jadal tatbiq etilmoqda. Jamiyatimizda tadbirkorlik faoliyatining huquqiy zamini mustahkamlanib, ishbilarmonlarga qulay shart-sharoitlar, hatto, katta imtiyozlar berilmoqda. Faqat bugina emas, Jamol aka bilan ko‘p bor suhbatlashib, u kishining tafakkuri kuchli ekanligini sezganman. Chunki muallim yangi qonun va Prezident qarorlarini shunchalik mukammal sharhlardiki, men hayron qolardim. Ehtimol, bu Qonunchilik Palatasida orttirgan malakasidir. Bir so‘z bilan aytganda, Jamol aka allaqachon Yangiqo‘rg‘onning afsonasiga, ramziga aylangan edi. Odamlar Jamol aka tufayli ham Yangiqo‘rg‘onga, Oqdaryoga mehr qo‘yadigan bo‘lishdi. Farzandlarini ham ana shu yo‘lda tarbiyaladi. Ustozlarim Sur’at Oripov (joyi jannatdan bo‘lsin), Kubarro Bahromova o‘qigan, Jamol Isroilov dov-daraxtlar ekib ko‘z quvonarlik manzara yaratgan, o‘quvchilari mamlakatimizda, hatto, xorijiy mamlakatlarda ham yuksak natijalarga erishayotgan mazkur maktabda tez-tez bo‘lib turaman. Endilikda bevosita Jamol akaning maktab nufuzini oshirishda qilgan fidokorona mehnatlari o‘z samarasini berayotganini ko‘rib quvonaman. Jamol aka to‘g‘ri ta’kidlardi: mas’uliyat – oniy holat emas. U tug‘ma fazilatdir. Tug‘ma fazilat esa hamisha insonni ezguliklarga chorlaydi. ...Afsus, muallimning hali qiladigan ezgu ishlari ko‘p edi. Uning bu ishlarini farzandlari, shogirdlari mas’uliyat bilan davom ettirishiga ishongim keladi. Shunda Jamol akaning ruhi ham shod bo‘ladi. Farmon TOSHEV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, senator.


136 Avlodlarga maktub ZAKIYLIGIGA IQROR BO‘LGANMAN O‘tgan asrning 80 yillarida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ishlardim. Tahririyatga yangi xodim – Tohir Doliyev ishga keldi. Gaplashdik, do‘stlashdik. Yaxshi, sodda, samimiy yigit ekan. Tohir tufayli u yashaydigan Samarqandning Oqdaryo tumani Yangiqo‘rg‘on shaharchasida ko‘plab odamlar bilan tanishdim. Shular orasida Jamol aka Isroilov ham bor edi. Jamol aka tadbirkorlikdan tashqari, bilimli, mehnatkash, hamma narsaga real yondashadigan, muammoli masalalarda odamlarga to‘g‘ri maslahat bera oladigan inson edi. U kishining zarur paytda sizning ko‘nglingizdagini topib gapiradigan ajoyib xislati ham bor. Xafa bo‘lib tursangiz ham, Jamol akaning gapini tinglaganingizdan so‘ng barcha xafagarchiliklarni unutib, ruhingiz birdan ko‘tarilib ketardi. Uning bu xislatiga o‘zim ko‘p bora guvoh bo‘lganman. 2008 yili Fransiya tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan 13 kun ushbu mamlakatda safarda bo‘ldim. O‘sha paytlarda jurnalistlarning chetga chiqishi ta’qiqlanmagan bo‘lsa-da, qiyinlashib qolgandi. Xorijliklar taklifi bo‘yicha safarga chiqadigan bo‘lsangiz, ba’zi idoralar e’tirozlar bildirar, ko‘nmasangiz, kelgusi taqdiringiz, bolalaringizning kelajagi haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rishni taklif qilardi. Mening ham safarga ketishim qiyin kechdi. O‘sha paytda “Xalq so‘zi” gazetasida Xalqaro hayot bo‘limi mudiri bo‘lib ishlardim. Xorijiy elchixonalar bilan yaxshi aloqa o‘rnatgandik. Shu bois, ba’zan ular tahririyatimiz xodimlarini o‘z yurtlariga taklif qilib turardi. Safarga ketishim uchun avval tahririyat rahbari, keyin boshqa idoralar qarshilik qildi. Ammo safarni qoldirib bo‘lmasdi.


137 Avlodlarga maktub Chunki Fransiyaga borish uchun viza, Toshkentdan Parijga, Parijdan Toshkentga samolyot chiptalari olib qo‘yilgandi. Bundan tashqari, tashrif dasturi bo‘yicha biz o‘zbekistonlik, tojikistonlik va qirg‘izistonlik 6 nafar jurnalist Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili hamda boshqa mas’ul shaxslar bilan uchrashishimiz belgilangandi. Xullas, bormasam, O‘zbekiston sha’niga yaxshi gap bo‘lmasdi. Shuning uchun ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozib, safarga ketdim. Fransiyadan qaytib kelsam, arizamga qo‘l qo‘yishib, ishdan bo‘shatib qo‘yishgan ekan. Bundan mutlaqo tushkunlikka tushganim yo‘q, lekin biroz xafa bo‘ldim. O‘sha ishsiz yurgan kunlarimda Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uydagi oshxonada kimdir to‘y qildi. To‘yga Jamol aka ham kelgan ekan. Salomalikdan so‘ng ishlarimni surishtirdi. Fransiyaga borish uchun ishdan bo‘shaganimni aytib berdim. — Zo‘r ish qilibsiz, — dedi Jamol aka kayfiyatimni ko‘tarib. — Ish haqida o‘ylamang, ishingizni olishi mumkin, lekin qo‘lingizdan qalamingizni hech kim tortib ololmaydi. Sizga o‘xshagan jurnalistlar hamma joyda kerak. “Xalq so‘zi” bo‘lmasa, boshqa gazetada ishlayverasiz, bundan fojia yasash kerak emas. Fransiyaga, Parijga borish millionlab odamlarning orzusi. Ruslarda “Bir marta Parijni ko‘rgandan so‘ng o‘lsam ham mayli” deganga o‘xshash gap bor. Sizni o‘zlari hurmat qilib chaqirishibdi, barcha xarajatlaringizni ko‘tarib, olib-borib kelishibdi. Aslida, sizni taklif qilganidan tahririyat quvonishi kerak edi. Chunki bu gazetaga bo‘lgan hurmat. O‘zbek jurnalistini Fransiyaga taklif qilishi bu faxr-ku. Fransiya kichkina davlat emas, dunyoda o‘nta manaman degan mamlakat bo‘lsa, shulardan biri. Xullas, ishdan bo‘shab ketib to‘g‘ri qilibsiz. Hech tushkunlikka


138 Avlodlarga maktub tushmasdan, ko‘krakni baland ko‘tarib yuring. Hammasi joyida bo‘ladi. Ish masalasida aslo tashvishlanmang, ertaindin tahririyatlarning o‘zlari telefon qilishadi sizni so‘rab. Mana, meni aytdi deysiz. Ochig‘ini aytsam, tushkunlikka tushmagan bo‘lsamda, Jamol akaning gapi menga katta dalda bo‘ldi. O‘ylab qarasam, haqiqatan ham, Fransiyaga ketib hech narsa yo‘qotmadim. Jamol aka aytganday, ko‘plar borishni orzu qiladigan Parij shahrida bo‘ldim, Luvr muzeyiga kirib, boshqa kartinalar qatorida dunyoga mashhur asar – Mona Lizaning asl nusxasini ko‘rdim. Eyfel minorasining tepasiga chiqib, shaharni tomosha qildim. Parij tashqarisidagi dunyoga mashhur Versal saroyini ko‘rdim. 2004 yilda Bryusselga borganimda ham bir kungina Parijda bo‘lgandim. Lekin yuqorida aytgan joylarga kirishga ulgurmagandim va Eyfel minorasi tagidan o‘tayotganimda, Parijga yana kelaman va, albatta, bu binoning tepasiga chiqaman deb niyat qilgandim. Shu niyatimga yetdim... O‘sha uchrashuvdan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay ikki-uch joyga ishga taklif qilishdi. Xullas, Jamol akaning o‘sha ko‘nglimni ko‘tarib aytgan gaplaridan so‘ng ishlarim yurishib ketdi. Jamol aka Isroilov juda sinchkov, mayda detallarga ham e’tibor beradigan, mehmondo‘st inson edi. 2001-yilining 12-may kuni Tohir do‘stimning otasi Doli bobo dunyodan o‘tdi. Men taniqli jurnalistlar: Shoqahhor Salimov, Rahmatulla Berdiyev bilan hamqishlog‘im Azamat Shodmonqulovning mashinasida Samarqandga, Oqdaryoga yo‘l oldik. Tohirlarning uyida odam ko‘p. Jamol aka ham shu yerda ekan. Bizni u kishi kutib oldi. O‘sha paytda u kishi bilan juda yaqin emasdik, shunchaki tanish edik. Mayitni ko‘mib


139 Avlodlarga maktub kelganimizdan so‘ng biz qaytishga chog‘landik. Shunda Jamol aka bizni kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Uyi oldidan o‘tib ketayotganimizda bir daqiqaga to‘xtashimizni iltimos qildi. To‘xtadik. Uyga bir daqiqaga kirib chiqamiz, — dedi u kishi. Bir e’tiroz bildirdik. Shoshayotganimizni aytdik. U kishi ko‘nmadi. Astoydil xafa bo‘ldi. Ilojsiz ichkariga kirdik. Hovlida hamma narsa tayyorlab qo‘yilgan. Kelinoyi oshni damlab, kutib o‘tirgan ekan. Keyin bilsak, bizni ko‘rgach, ular uzoqdan keldi, quruq og‘iz bilan ketsa uyat bo‘ladi deb turmush o‘rtog‘iga osh damlatib qo‘ygan ekan. To‘g‘risini aytaman, Jamol aka o‘sha kuni Tohirlarning uyida ta’ziya tadbirlari bilan band edi. Shu bois, biz haqimizda o‘ylamasa ham hech kim xafa bo‘lmasdi. Lekin Jamol aka hamma narsani o‘ylaydigan, ayniqsa, odamgarchilikni joyiga qo‘yadigan inson edi. Men bunga juda ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Jamol aka Isroilov Yangiqo‘rg‘on shaharchasi, Oqdaryo tumani, Samarqand viloyati hamda mamlakatimiz uchun juda ko‘p ish qilganini bilaman. Buni hamyurtlari, tumandoshlari, viloyatdoshlari faxr bilan gapirishadi, eslashadi. Haqiqatan ham, Jamol aka “shunday yurtdoshim bor” deb faxrlanishga arziydigan inson edi. Bekqul EGAMQULOV, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist. JAMOL AKANING JALOLI VA JASORATI Jamol aka Isroilovni kech topdim va erta yo‘qotdim. Ul zotning ukasi Bahodir Isroilovni soliq idoralarida va soliq akademiyasida ishlagan davrlaridan bilardim. U kishining


140 Avlodlarga maktub qadrdoni Tohir Doliyevni esa Samarqand davlat universitetining o‘ris filologiyasi fakultetida o‘qigan paytimdan tanirdim. Bu insonlarning yuksak tafakkuri va xokisor tabiatiga, saxovatiga hayrat bilan boqardim. Ularning bu xislatlarni kimdan, kimlardan o‘rganganini o‘ylardim. Bahodir akaning Toshkentda bergan to‘ylaridan birida Jamol aka bilan ko‘rishib qoldim. U kishi men tomon yurdi, salomga qo‘l uzatsam, quchog‘ini keng ochdi va bag‘riga bosdi, go‘yo manguga xayrlashayotganday, uzoq qo‘yib yubormay turdi. Keyin gap boshladi: “Karimjon, Siz meni bilmasligingiz mumkin, ammo men sizni yaxshi bilaman. Yozgan hamma maqolalaringizni o‘qiganman, gazetalarni yig‘ib qo‘yganman”, dedi. Albatta, har qanday ijodkor uchun bunday e’tiroflar ko‘ngilga yoqadi, ayniqsa, bu yanglig‘ muomaladan menday xudbin va maqtanchoqning dili jo‘shib ketishi tayin. Keyinchalik bildimki, u kishining sohasi boshqa bo‘lsa ham, ommaviy axborot vositalariga, gazeta va jurnallarga mehri o‘zgacha ekan. Gazeta va jurnallarni sonma-son o‘qib, taxlamalar qilib, saqlab qo‘yarkan. Ijodkorlarga, rost yozadigan jurnalistlarga xayrixohliklari behad ziyoda ekan. Albatta, yolg‘on yozadiganlarga, madhiyabozlarga nafratlari ham bundan kam bo‘lmasa kerak. Ko‘plab mansabdorlar matbuotga munosabatni shu kishidan o‘rganishsa bo‘lardi. Jamol Isroilov suhbatlari dilkash inson edi, gapirish ohanglari darhol ishonch uyg‘otar va o‘ziga tortib olardi. O‘sha to‘yda biz marosim boshlanganidan to oxirigacha tik turib suhbatlashib turdik. Odamlar to‘yxonaga kirar va chiqar, biz esa suhbatdan to‘ymasdik. Har gal uchrashganimizda shu holat takrorlanardi. Jamol akaning siyosatni juda chuqur bilishidan hayratga tushganman. Hayoti bir tuman ichida o‘tgan insonning nafaqat


141 Avlodlarga maktub o‘sha paytdagi ulkan saltanat, mamlakat siyosatini, balkim, dunyoviy siyosat ravishini bilishi va mushohada qilishini ko‘rdim. Qolaversa, u ushbu fikr oqimini o‘ziga xos bir yumorga yo‘g‘irib so‘zlardi, kutilmagan o‘xshatishlar qilardi, pichoq bilan kesganday keskin xulosalar yasardi. Jamol aka shoshmasdi, mulohazakorlik bilan fikr yuritar, har bir hodisani butun yaxlitligida ko‘rar, xulosalarini asoslardi. Bu uning kitobga mehridan edi, so‘zlaridan Napoleondan Ruzveltgacha, Arastudan Berdyayevgacha iqtiboslar joy olardi. Bugun, Jamol akadan ayrilib qolganimizdan so‘ng, ul zotning o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtida qilgan ko‘p xayrli ishlarini eshityapmiz, ko‘ryapmiz. Nahotki, u tirigida shu savob ishlarini bizga ko‘rsatmadi, maqtanmadi?! Sadaqaning maxfiy bo‘lishi borasidagi e’tiqodimiz tamoyillariga amal qilganligi aniq. Bugun Jamol akaning xislatlarini, fazilatlarini, yaxshi inson ekanini aytyapman-u, bir armon meni ham qiynaydi: nega biz yaxshi so‘zlarni inson o‘tganidan keyin aytamiz, uning o‘ziga, tirigida aytsak, qanday soz bo‘lardi... Bu armon haqida shoir Abdulla Oripov Mirtemir vafotiga bag‘ishlangan she’rida aytadi: Sizning armoningiz yashar qarog‘da, Balkim u bo‘ylagay asrlarni ham, Vodarig‘, mana shu satrlarni ham Yozsam bo‘lmasmidi siz tirik chog‘da... Shundoq, har gal kech qolamiz. O‘tgan insonning, do‘stlarimizning ortidan rahmatli qandoq buyuk ekanini, qanday laziz insonligini so‘zlaymiz, balkim uning hayotimizda tutgan o‘rni bo‘shab, huvillab qolgach, sezamiz. Halima Xudoyberdiyeva haqida bugun ko‘p go‘zal e’tiroflar bo‘lyapti. Eri qamalib, o‘zi ta’qibda yurganida bir she’rida


142 Avlodlarga maktub biroz o‘ksinganlar va “Halima ham o‘tib borar, bilmaslar”, - degan satrlarni bitgan. Rostdan ham shunday. Insonning butun tog‘day kelbati u ketgach, bizni ezadi. Jamol aka juda mehmondo‘st, o‘z oila va do‘stlariga some’ inson edi, atrofi doim odamlar bilan to‘la bo‘lardi. Bu insonning oqil nazariyotchi va komil amaliyotchi bo‘lganini, tinib-tinchimasligini, ham ishlab, ham nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganini, oliygohda darslar berganini bilaman. Jamol aka aytgani va qilgani mushtarak edi. Albatta, qat’iyati va jasorati hammaga ham maqbul kelavermaydi. Ustoz haqso‘zligi va prinsipialligi uchun aziyat chekkan paytlari ham bo‘lgan. Bunday hayotning oson kechmasligini o‘zimiz ham bilamiz, yashaganmiz. Uning dunyodan o‘tganligini eshitib, yuraklarimiz sirqiradi. Birodari, tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Rahimov aytganiday: “Ba’zida Jamol aka yuragimizning bir qismini olib ketgandek, o‘rniga esa faqat og‘riqni qoldirgandek tuyuladi. Mening nazarimda u kabilar Yer yuzidagi ko‘plarga yetishmayapti va kelajakda ham yetishmaydi”. Bugun uning so‘zlarini ko‘p eslayman. Ular aforizmga aylanib ketgan. “Ilm-fan — tizimga tushirilgan bilim, donishmandlik esa tizimga tushirilgan hayot demakdir”, - derdi ustoz. Keyin nasihat qilardi: “Tahorat qilayotganda yigitdek bo‘l, g‘ayrat bilan, mukammal qil. Namoz o‘qiyotganda qariyadek bo‘l, shoshilmasdan, to‘kis ado et. Duo qilayotganda esa qat’iy turib olib, so‘ragan narsasini qo‘lga kiritmagunicha yig‘laydigan yosh boladek bo‘l”. Jamol akaning bir hikmatini ko‘p eslayman: “Eng zo‘r biznes bu qarindosh-urug‘, aka-uka, farzandlar va yaqin birodarlarni o‘qitish va ularga jamiyatda o‘z o‘rnini topishda ko‘maklashish”. Bu gapidan baliq va qarmoq haqidagi


143 Avlodlarga maktub hikoyatni eslayman. Bir inson baliqchining oldiga kelib, ochligini, yordam qilishini so‘raydi. Baliqchi shu kunda to‘yishni istasang, ana, men ovlagan baliqlardan birini ol, pishirib yegin. Agar bir umr to‘q yashashni istasang, ana, tokchadagi qarmoqni ol, baliq ovlashni o‘rgan”, - deydi. Jamol akaning o‘zi ham ilm, hunar egalladi, ukalari va farzandlarini, yurtning boshqa ko‘p farzandlarini ham ilmli, hunarli qildi, ularga farovonligi kaliti bo‘lgan “qarmoq”ni tutqazdi. Ustozning joylari jannatdan bo‘lsin. Karim BAHRIYEV, shoir, nosir, publitsist. IJODKORLARNING YAQIN DO‘STI EDI Yaqinda qadrdon do‘stlarimdan biri telefon qilib, agar Jamol Isroilov bilan birga tushgan suratim bo‘lsa yuborishimni iltimos qildi. Ochig‘ini aytganda, do‘stimning bu gapidan keyin o‘ylanib qoldim. Jamol aka bilan qirq yildan ortiq vaqt mobaynida aka-ukadek bo‘lib ketgan bo‘lsak-da, biror marta birga suratga tushganimizni eslay olmadim. Jamol aka bilan ilk bor 1980 yilning yoz oylarida Loyishdagi eski istirohat bog‘ining mo‘jazgina soya-salqin oshxonasida suhbatlashgandik. O‘shanda u kishining ukasi, bizning do‘stimiz Bohodir Isroilov tuman Matlubot jamiyatida bosh hisobchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatar, ko‘pincha, tushlikda u bilan birga ovqatlanardik. Birinchi uchrashuvdayoq Jamol akaning bilimdonligi, qat’iyligi, kamtarligi menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, u kishining agar O‘zbekiston mustaqil bo‘lsa, yerosti va yer usti boyliklari o‘zimizga xizmat qilishini, bundan xalqimizning farovonligi bir necha barobar oshishini aniq misollar bilan


144 Avlodlarga maktub isbotlab berganda, ochig‘i, hayratdan yoqa ushlagandim. Shu suhbatdan keyin u kishi bilan tez-tez uchrashadigan, fikrlashadigan bo‘ldik va boshqa mavzularda suhbatlashish odatimizga aylandi. Jamol Isroilovni Oqdaryoliklar nihoyatda hurmat qilishini 1999-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar yaqqol ko‘rsatdi. U kishi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga va viloyat Kengashining deputatligiga nomzodi ko‘rsatilganligidan so‘ng erinmasdan xalq bilan tinimsiz muloqotda bo‘ldi, ularning har bir so‘zini diqqat bilan tingladi. O‘sha davrda u kishiga ishonchli vakil bo‘lish menga nasib etdi. Tumandagi har bir qishloqda, mahallada saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ochig‘ini aytganda, Jamol Isroilovning raqiblari ham saylovda g‘olib chiqish uchun qattiq harakat qilishdi. Shu bois, kurash nihoyatda keskin bo‘ldi. Haqiqat, demokratiya, oshkarolik va adolat o‘z kuchini ko‘rsatdi. Ko‘pchilik ovoz bilan Jamol Isroilov raqiblaridan ustun kelib O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va viloyat Kengashining deputatligiga saylandi. Saylovdan so‘ng ham u kishi deputat sifatida mas’uliyatni chuqur his etib, haftaning shanba kunlari “Deputat qabuli”ni tashkil etdi. Bu qabul “Oqdaryo ovozi” gazetasi tahririyati binosida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Odamlar tegishli tashkilotlar hal qila olmagan muammolar bo‘yicha deputatga muntazam ravishda murojaat qilishar, o‘z navbatida deputat ham har bir murojaatchining so‘zini diqqat bilan tinglar va hal etishga astoydil harakat qilardi. O‘sha davrda Jamol Isroilovning bevosita tashabbusi va harakati bilan Miyonkol, Avazali, Istiqlol mahallalaridagi chekka qishloqlarga tabiiy gaz trubalari tortilib, odamlar bu ne’matdan foydalanadigan bo‘lishdi.


145 Avlodlarga maktub Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shuni ta’kidlab o‘tishni istardimki, u ijodkorlarning haqiqiy do‘sti edi. Tahririyatga tez-tez kelib turar, gazetada chop etilayotgan maqolalarga o‘z munosabatini bildirar, bu nashrni qiziqarli va mazmunli chiqarish uchun nimalarga e’tibor berish lozimligi haqida ham o‘z fikr-mulohazalarini bayon etardi. Kasb bayramlarida ham ijodkorlarni tabriklashni aslo unutmasdi. Bir so‘z bilan aytganda, Jamol aka ijodkorlarga alohida ehtirom bilan qarardi. Afsuski, shafqatsiz o‘lim bu insonni oramizdan erta olib ketdi. Uning orzulari mo‘l edi. Oqdaryoni va uning xalqini g‘oyat sevardi. Shu bois, Jamol Isroilovning xotirasi oqdaryoliklar qalbida abadiy saqlanishiga ishonamiz. Yo‘lchi MUHAMMADIYEV, “Oqdaryo ovozi” gazetasining bosh muharriri, “Yilning eng faol jurnalisti” Respublika tanlovining g‘olibi. JAMOL AKA — DEPUTAT Xotira yozish ham oson, ham og‘ir... Men dastlab shunday xulosaga kelgan edim. Lekin hozir angladimki, og‘ir ekan, anchayin og‘ir ekan. Ayniqsa, siz tanigan, bilgan, lekin endi oramizda yo‘q odam haqida.... Jamol aka bilan ilk bor “Xalq so‘zi” gazetasida ishlab yurgan kezlarimda tanishganman. Men u payt gazetada parlament va hokimliklar bo‘limi mudiri edim. Asosan Oliy Majlis, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan ishlardik. Deputatlar negadir gazetaga chiqishga qiziqardi. Lekin qo‘yilayotgan masalalar yuzasidan o‘z fikriga ega bo‘lgan deputatlar o‘sha paytda ham kam edi. Agar ularning nomidan maqola kerak


146 Avlodlarga maktub bo‘lib qolsa, asosan, o‘zimiz tayyorlab bir sidra o‘qitib olardik. Shuning uchun ham o‘z fikriga ega bo‘lgan ham o‘zi yoza oladigan deputatlar bilan yaqinroq bo‘lishga intilardik. Chunki qonunchilik sohasi shundayki, unda aravani quruq olib qochib bo‘lmaydi. Hatto, quruq olib qochish ham sendan muayyan tayyorgarlik talab qiladi, jilla qursa, o‘sha qonun yo qonun loyihasini o‘qishing yo uqishing kerak. Jamol aka garchi pedagog, maktabdan chiqqan bo‘lsa ham bu borada puxta-pishiq edi. Deyarli barcha masalalar, ayniqsa, ta’lim, fan, soliq, tadbirkorlik va iqtisodiyotga doir qonunlarni tahlil va talqin qila olar, mustaqil fikri bor, muntazam yangi taklif va tashabbuslar bilan chiqar edi. Aytadigan gaplari ham jo‘yali, tagli-tugli edi. Qonun loyihalarini moddama-modda, xalq iborasi bilan aytganda ipidan ignasigacha tushunar, tahlil qila olardi. Qonun loyihalari yuzasidan bergan savol va takliflari uning ijrochi hamda tashabbuskorlarini dovdiratib qo‘yganiga ham bir necha bor guvoh bo‘lganman. So‘zga, muhokamaga chiqqanda ham tayyorgarlik ko‘rgani, o‘sha masalani obdon o‘rgangani gap-so‘zlari, hatti-harakatlaridan shundoq sezilib, bilinib turardi. Jamol aka uchun masalaning oddiysi yo‘q edi. Eng muhimi, fikrlari, taklif-mulohazalarini dadil, ochiq-oydin ayta olardi. Men o‘zimcha akaning yo‘qotadigan katta narsasi yo‘q-da, bo‘lsa-ku boshqalarday jimgina “o‘tirardi”, deb qo‘yardim ichimda. Lekin keyinchalik bu fikrimdan qaytdim. Chunki Jamol aka nafaqat pedagog, balki katta tadbirkor ham ekan. Uyi o‘zi rahbarlik qiladigan o‘rta maktabning shundoq biqinida, maktabga deyarli tutashib ketgan edi. Bir marta yo‘lim o‘sha yoqqa tushib qolganida kirib o‘tganman. Undan Narpayga, hamkasbimiz, tuman gazetasi bosh muharriri Toshpo‘lat aka Toshmurodovning uyiga o‘tganmiz. Toshpo‘lat


147 Avlodlarga maktub aka ham Oliy Majlis deputati edi. Jamol aka bilan ham Samarqanddan – bitta viloyatdan saylangan, ham kasb, ham mavqe jihatdan yaqinroq bo‘lgani uchunmi Toshkentga, parlament sessiyasiga kelganida doimo birga yurishar, birga choylashar, parlamentda o‘tiradigan o‘rni ham yonma-yon edi. Narpayga peshinda yetib bordik. Toshpo‘lat aka tushlikka uyga kelgan ekan. Tushlikni birga qildik. Ikkalasi nazarimda tengdosh yo judayam yaqin bo‘lganligi uchunmi bir-biri bilan qattiq hazil-huzul qilishardi. Jamol akada yumorga tabiiy moyillik bor edi. Hammani kuldirib, o‘zi jim tura olardi. Jamol aka mening nazarimda ham tabiatan, ham ko‘rinishidan maktab o‘qituvchisi emas, tadbirkor yo bir davlat idorasi rahbariga o‘xshab ketardi. Ko‘rinishi jiddiy, doimo sipo kiyinib yurardi. Jamol aka menda aka-ukalari, jiyanlariga g‘amxo‘r, mehribon kishi sifatida taassurot qoldirgan. O‘qigan, ilmli odamni qadrlardi. Farzandlari, jiyanlariga “o‘qinglar, o‘qigandayam yaxshi o‘qinglar”, deganlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Rahmatli yaqinlarining o‘qishdan keyingi hayotiga ham befarq emas edi. Jamol aka bilan deputatlik faoliyati tugaganidan keyin ham yo‘qlashib turdik. Lekin bir qadam nari nari ekan baribir. Hayotining so‘nggi daqiqalarida yo‘qlasholmadik, birga bo‘lolmadik... Jamol aka mening xotiramda davrimizning bir peshqadam ziyolisi sifatida o‘rnashib qolgan. Men bugungi chinakam ziyoli kamida ana shunday bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Ismat XUDOYOROV, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.


148 Avlodlarga maktub DO‘ST BO‘LUR BEGONA HAM Ulug‘ shoir, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov she’rida ta’kidlanganidek, “Mehr uying keng ochsang, Erkin, do‘st bo‘lur begona ham”. Jamol Isroilovning esa do‘stlari bisyor edi. Ular respublikamizning barcha hududlaridan bo‘lib, ikki o‘rtadagi borish-kelish, o‘zaro hurmat hech qachon yo‘qolmagan. Bunday do‘stlar sharofati bilan ustoz Andijonu Farg‘onani, Buxoroyu Navoiyni, Xorazm va Qoraqalpog‘istonni, Qashqadaryo va Surxondaryoni kezib chiqardi. Vaqti-vaqti bilan ularni yo‘qlashni odat tusiga kiritgandi. O‘z navbatida, ular ham Samarqandga shoshilishardi. Bugun ham ustozning farzandlari, ukalari, shogirdlari ana shu do‘stlik rishtasini mustahkam bog‘lashgan.


149 Avlodlarga maktub ULKAN DARAXTNING ILK HOSILI Toshkentdan ko‘tarilgan samolyot hash-pash deguncha ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga qo‘ndi. Navbatdagi xizmat safari bu gal Temur saltanatining poytaxtiga to‘g‘ri keldi. Berilgan topshiriqqa ko‘ra viloyatdagi ba’zi bir ixtisoslashgan maktablar o‘rganiladi. Toshkentdan mehmon kelishining vaqtini aniq bilgan o‘rta bo‘yli, nigohi o‘tkir, egnida kostyum-shim kiygan, galstukli bir kishi kutib oldi. -Assalomu alaykum, Alisher Jo‘rayevich, – dedi haligi odam va sumkamni qo‘limdan olmoqchi bo‘ldi. Biroq nima uchundir berishga botina olmadim. -Qaysi mashina, aka, — dedim, u kishi 30 metrlar uzoqdagi mashinani imlab ko‘rsatib, yonma-yon yurdi. Mashina o‘t oldi va yel kabi uchib, manziliga oshiqdi. -Mening ismim Jamol, Oqdaryodagi ixtisoslashgan maktabning direktoriman, - dedi meni kutib olgan odam. -Men sizni OblUNO dan bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylagandim, — dedim o‘zimni kattaroq tutib. -Yo‘q, maktab direktoriman, - dedi va yo‘lda davom etdik. Bir oz sukunatdan keyin Jamol aka yana gap boshladilar: -Ishni ziyoratdan boshlasak, nima deysiz? -Juda yaxshi bo‘lardi, - dedim. -Unda Imom Al-Buxoriyni ziyorat qilib, keyin ishimizni davom ettiramiz, - dedi Jamol aka. “Ziyoratdan boshlasak-chi”, degani Samarqandga kelishimning 60 foizlik yukini yengillatganday bo‘ldi. Shunda o‘zaro munosabatimizda qandaydir iliqlik, yaqinlik paydo bo‘lganday, o‘rtamizda xuddi ancha yillardan beri bilgan,


150 Avlodlarga maktub tanigan insoning bilan yillar o‘tib yana ko‘rishganday hissiyot uyg‘ondi. Ziyoratgohga boradigan yo‘l tep-tekis asfalt qilingan, yonatrofiga daraxtlar ekilgan, saranjom-sarishta yo‘l ekan. Bexosdan, “Yo‘llarning tekisligini qarang, bizda shu eng katta muammo yo‘l qilish, bu yil qilasiz, kelasi yilga yetmay cho‘kadi, abgor bo‘ladi, lekin bu yo‘l boshqacha mehr bilan qilinibdi”, - dedim ko‘zlarim yonib. – Odamlar ziyorat uchun keladigan yo‘lda hech kim aziyat chekmasligi kerak, qolaversa, yo‘l qurganning savobi juda katta deyishadi, — dedi Jamol aka. Keyinchalik, bir necha yillar o‘tib bildimki, shu yo‘llarni ham Jamol akaga tegishli tashkilot ta’mirlagan ekan. U kishining maktab direktorligidan tashqari tadbirkor hamda olim sifatida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti sifatida talabalarga dars berish kabi vazifalari ham bor ekan. Ziyorat yakuniga yetdi, ixtisoslashgan maktabga ham yetib keldik. Maktab xuddi Toshkent shahridagi “katta”larning sog‘ligini tiklaydigan, dam olib ketadigan sanatoriyni eslatar edi. Hamma joyda ulkan daraxtlar, tartib bilan qaralgan maktab hovlisi, suvlar sepilgan, tinchlik hukmron, tiq etgan ortiqcha tovush yo‘q, dars jarayoni ketayotgan edi. Go‘yoki oromgoh ichida o‘quvchilarga dars berilayotganga o‘xshardi, ya’ni o‘quvchilar 10 kundan keyin odatiy maktablariga yana qaytarib yuboriladiganday taassurot uyg‘otar edi. Aslida esa, bu maktab o‘quvchilari chekka bir tumanning kichikkina hududida o‘zlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilganidan shodu-xurram ta’lim-tarbiya olayotgan baxtiyor bolalar edi. Ixtisoslashgan maktabda esa, eng avvalo, tartib-intizom va Vatanga muhabbat hissi hukmronligi sezilib turar edi. Zero,


151 Avlodlarga maktub o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ishchilar uchun maktab Vatan ichidagi Vatan, go‘zal bog‘u bo‘stonga aylangan edi. – Yaqin kelajakda barcha o‘quvchilarni oliygohlarga kiradigan qilishim kerak, - deb o‘zlari gap boshlab qoldilar Jamol aka. – Yo‘g‘-e, Jamol Ibragimovich (maktabdagi manzaralar va bu insonning yetuk saviyasini ko‘rib, bundan keyin Jamol aka deya olmas edim), — Siz qanchalik sharoitni yaxshi qilib berganingiz, jon kuydirganingiz bilan oliy ta’limga kirish 50 foiz bo‘lsa ham maqsadga erishdim, deb hisoblayvering. — dedim rahbarona ohang bilan. Chunki, shaxsan o‘zim qishloq maktablaridan xoh u ixtisoslashgan, xoh u umumta’lim maktabi bo‘lsin, 7-8 foiz o‘quvchilarning OTM larga kira olishi haqiqiy qahramonlik deb tushunar edim. – Yo‘q, — dedilar qat’iy ohangda. — maktabimning barcha o‘quvchilari talaba bo‘lishiga erishishimiz kerak, hech bo‘lmasa 90 foizi. – Marrani katta olibsiz, niyatingizga yeting, lekin bu oson narsa emas, qattiq mehnat qilavering-chi, ko‘ramiz, — dedim. Oradan yillar o‘tdi, biz Jamol Ibragimovich bilan akaukalarday yaqin bo‘lib ketdik, biron-bir qaror qabul qilmoqchi bo‘lsam, u kishidan maslahat so‘rab turadigan bo‘ldim. Donishmandona fikrlari bilan bir emas 10 martalab jonimga oro kirganiga guvoh bo‘lib, hayot yo‘limda shunday insonni uchrashtirgani uchun Yaratganga shukr qilar edim. Samarqandga borsam, albatta, Jamol aka bilan uchrashib, u kishining suhbatlaridan bahramand bo‘lish odatiy holga aylanib qoldi. Jamol akaga “Shuncha ishlaringiz bor, bu yog‘da maktab rahbarligi, bir yog‘da tadbirkorlik, ulardan ortib institutda dars be-


152 Avlodlarga maktub rishga qanday vaqt topasiz, zarilmi sizga” degan ma’noda savol berdim. Shunda u “Oliy ta’lim dargohi ulug‘ dargoh, har kirib ketganimda bittagina bo‘lsa ham hikmat olib chiqaman”, dedi. ...2020-yili Oqdaryodan shum xabar keldi. “Jamol Isroilov yurak xurujidan vafot etibdi” deyishdi. Ezildim, qayg‘uga botdim, iztirob chekdim. Yaxshiliklari, ezguliklari behisob bo‘lgan bu insonning hali qiladigan savob ishlari, niyatlari osmon qadar edi deya siqildim... O‘tgan 2022-yili ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan bitta xabar meni ijobiy ma’noda chuqur ta’sirlantirdi. Xabarda Oqdaryodagi 52-iqtidorli bolalar maktab-internatining 99 foiz bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilinganligi to‘g‘risida yangilik berilgan edi. “Jamol Ibragimovichning rejalari amalga oshibdi” dedim. Bu esa men bilgan insonning qilgan yaxshiliklari evaziga ekkan ulkan daraxti birgina navdasining ilk hosili edi, xolos. Alisher TO‘YCHIYEV, iqtisod fanlari doktori, professor. HAZRATI INSON EDI... Inson bu dunyoga kelib ulg‘ayadi, umr yo‘li davomida bog‘chaga, maktabga boradi, oliygohlarda bilim oladi. Tanish-bilish, yor-og‘ayni, do‘st-birodar orttiradi. Bir donishmanddan otang yaxshimi yoki do‘sting deb so‘rashganda, donishmand “agar otam do‘stim bo‘lsa, otam yaxshi” deb javob bergan ekan. Ha, Yaratgan menga ana shunday ulug‘ insonni, do‘stni 1973 yilda Samarqand davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirganimda ro‘baro‘ qildi. Bu inson – Jamol Isroilov edi. U kishi bilan besh yil birga o‘qidik. Shu yillar davomida


153 Avlodlarga maktub Jamol akaning Yangiqo‘rg‘on shaharchasidagi ota hovlisi mening uyimga aylandi. O‘sha yillari Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlarida Andijonning Paxtaobod tumanidagi Madaniyat qishlog‘idan 40 dan ortiq talaba tahsil olar edi. Bu makon, bu hovli ularning ham uylariga aylandi. Paxtaga chiqsak, ust-bosh, ko‘rpa-to‘shak, oziq-ovqat barcha-barchasi shu oilaning “gardanida” edi. Hozirda andijonlik yirik tadbirkor Mahmudjon hoji Abdulazizov, veterinariya bilimdoni Mashrab hoji Arapov, savdo-sotiqning ustasi bo‘lmish Salohiddin Mirzajonov... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ularning hammasi Samarqandda o‘qish davrida moddiy va ma’naviy jihatdan hech narsaga zoriqishmadi. Talabalikni haqiqiy oltin davrga aylantirishdi. Do‘st orttirishdi, bilim oldi, ko‘hna Samarqand quchog‘ida o‘ynab-yayrashdi. Darsdan bo‘sh vaqtlari, dam olish kunlari Yangiqo‘rg‘onga, yaqin do‘stimizga aylanib qolgan Jamol aka xonadoniga shoshilardik. Biz, andijonlik talaba yigitlar uchun mazkur makon mehr balqib turadigan ajib bir go‘sha edi. Bu xonadondagi qalblarimizni butunlay maftun etgan cheksiz mehr, har qadamdagi anglab bo‘lmas o‘ziga chorlovchi sehr hammamizga orom, kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat bag‘ishlardi. Jamol akaning otasi Ibrohim ota, onasi Narzibibi aya o‘g‘lining do‘stlariga mehribon edilar. Birortamizda biror-bir muammoning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymas, o‘z farzandlaridek ko‘rardi. O‘qishimiz, odob-axloqimiz, hatto, kiyinishimizgacha ular nazoratida edi. Xalqimizda “Olmaning tagiga olma tushadi”, degan ibratli maqol bor. Nihoyatda topib aytilgan jumlalar. Biz doimiy mehmon bo‘ladigan, ko‘p vaqt o‘tmay, hammamiz mezboniga aylanib qolgan bu xonadon uchun ana shu maqol judayam mos keladi. Bir-birlari bilan ahil, inoq bo‘lgan farzandlardagi muomala


154 Avlodlarga maktub boshqalar bilan ham shunday edi. Ularning hammasiga otaonaning fazilatlari shundoqqina ko‘chib o‘tgandi. Ibrohim ota va Narzibibi aya bizlarning ota-onamizga, farzandlari akaukalarimizga, opa-singillarimizga aylanib qolishgandi. Jamol aka bilan do‘stlashib qolishimizning sababi ham aynan ushbu xonadondagi iliqlikka, o‘zaro mehrga kelib taqalganiga shubha yo‘q edi. Ota-onadan munosib tarbiya olgan, qalbida odamiylik jo‘sh urgan talaba Jamol aka bizga o‘xshash chetdan kelgan talabalarga bag‘rini ochgandi. Shu tufayli o‘rtamizda do‘stlik paydo bo‘ldi. Shu tufayli yillar mobaynida bu xonadon bilan yaqinlashib, uning sohiblarining erkatoylariga aylanib qoldik. Bularning barchasining sababchisi Jamol aka edi. U kishi bizlarning suyanganimiz, tayanganimiz, ulkan tog‘imiz edi. Butun talabalik davrida o‘rtamizdagi ana shunday iliq munosabat davom etdi. Mehr rishtalari keyinchalik ham uzilmadi. Samarqand – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha bordikeldilarimiz davom etdi. Talabalik davrining yodga olinadigan jihatlari ko‘p bo‘ladi. Ulardan biri stipendiya beriladigan kunlar. Bu holat talabani moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi, ma’naviy jihatdan esa kuch-quvvat bag‘ishlovchi, yangi yutuqlar sari undovchi bir omil edi. Ko‘pgina talabalar stipendiyasidan tejab-tergab foydalanar, uni bu oydan keyingi oygacha yetkazishga harakat qilardi. O‘ylaymanki, har bir talabaning o‘y-xayolida shunday tejamkorlikka erishish, albatta, hukmron bo‘lgan. Bizning qadrdonimiz Jamol akada esa butunlay boshqacha edi. U kishi stipendiyasini olgach, undan bir o‘zi foydalanmas, darrov do‘stlarni yoniga chorlar, kursdoshlarni Samarqandning diqqatga sazovor joylariga tomoshaga olib chiqar, kinoteatr, konsert zallariga taklif qilardi. Yaxshi eslaymanki, Samarqand


155 Avlodlarga maktub o‘sha damlarda ham qator milliy taomlari bilan mashhur edi. Ana shu mashhurlikni Jamol akamiz biz talabalarga ko‘z-ko‘z qilar, “talabaning bir to‘ygani, boy bo‘lgani, qani, jo‘ralar ketdik”, - deya lazzatli taomlar tayyorlanadigan oshxonalarga boshlardi. U kishi hech qachon o‘zida borini do‘stlaridan qizg‘anmagan. Universitetda o‘qish mobaynida bunday holatlarni qayta-qayta kuzatganman, do‘stimizning mardligiga, saxovatliligiga odamgarchiligiga hamisha tan berganman. Do‘stim Jamol aka Respublika Oliy Majlisiga deputat bo‘lganida ham, mamlakatdagi yirik tadbirkorlardan biriga aylanganida ham, fan nomzodi ilmiy darajasiga erishganida ham do‘stlar oldida o‘zgarmagan, o‘zini tutishi, muomalasi o‘sha biz bilgan talabalik davridagidek qolgandi. U kishi biror lahza odamiylik xislatini yo‘qotmagandi, “Yaxshi kuningizda ham, yomon kuningda ham yoningdaman”, degandek yonidagilarga tog‘dek tirgak bo‘lardi. Jamol aka shaxmat o‘yinini yaxshi ko‘rardi. Dona surishga usta edi. Shaxmatning foydali jihatlari, ayniqsa, uning inson miyasi rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi haqida qaytaqayta gapirar, do‘stlariga har xil bo‘lmag‘ur harakatlarni bir chetga surib, shaxmat bilan shug‘ullanishni maslahat berardi. U shaxmat o‘yinida raqib tanlamas, g‘alaba esa ko‘pincha u kishi tomonda bo‘lar, ammo ustunligi bilan maqtanmasdi. O‘yin mobaynida raqibini hurmat qilar, aslo xafa qilmaslik yo‘llarini axtarardi. Shunday o‘yinlar mobaynida bir-ikki marta kaminaga “yutqazib” ham berar edi. Birgina shaxmatda emas, hayotda ham u shunday odam edi. U chin ma’nodagi, katta harflar bilan yoziladigan HAZRATI INSON edi. Dilkash suhbatdosh, hayot yo‘lida ustoz, g‘amxo‘r va mehribon, yaxshi inson, qiyomatli do‘st Jamol akaning biz eslaydigan,


156 Avlodlarga maktub bir umr xotiramizdan chiqara olmaydigan xislatlari juda ko‘p edi. Biz madaniyatliklar u kishining oldida (ruhlari deb yozolmayman) umrbod qarzdormiz. Do‘stim, akam, hayotda qadrdonim bo‘lgan ajoyib inson – Jamol hojining xislatlaridan o‘ndan birini, yuzdan birini qog‘ozga tushira oldim, xolos. Afsus, u bugun oramizda emas. Ammo men uchun hamisha tirik. U inson doimo qalbimizda yashaydi, bizni xuddi ilgarigidek hayot jo‘shqinliklaridan bahra olishga undayveradi. Akbarjon SOBIROV, fizika-matematika fanlari nomzodi, kursdoshi. ODAM BORKI, ODAMLARNING NAQSHIDUR Har bir inson dunyoga kelib, hayoti davomida har xil insonlar bilan uchrashadi, o‘qiydi, xizmatda yoki safarlarda birga bo‘ladi. Lekin, hamma safdoshlar ham insonning yurakyuragidan joy olavermaydi. Men 1976-yilda Samarqand kooperativ institutiga kirish uchun hujjat topshirishni maqsad qildim. Shu paytda qishlog‘imizdan Akbarjon aka Sobirov degan kishi Samarqandda o‘qiyotgan edi. Keyinchalik ustozimga aylangan Akbarjon aka hamrohligida Samarqandga otlandim. Nasib qilgan ekan, Allohning marhamati bilan o‘sha yili Samarqand kooperativ oliygohiga o‘qishga kirdim. Bizning oliygoh SamDU talabalari yotoqxonasi bilan yaqin joylashgandi. Akbarjon aka tanish-bilishlari orqali menga shu yotoqxonasidan vaqtincha yashash uchun joy olib berdi. U vaqtlarda, qishloqdan borgan bola emasmanmi, shahar hayotini yaxshi bilmas edim. O‘qish boshlangan ilk kunlardan birida Akbarjon akaning do‘sti, chehrasi fayzli, teran fikrli va samimiy bir inson bilan muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu inson hech


157 Avlodlarga maktub qanday mubolag‘asiz ana o‘sha paytlardan buyon biron kun ham xotiramga kelmay qolmagan va keyinchalik nafaqat mening, balki butun oilamizning qadrdoni bo‘lib qolgan Jamol Isroilov edi. Bu tabarruk inson va uning oilasi bilan yanada chambarchas bog‘lanib qolishimga yana bir sababchi u kishining ukasi Bahodir Isroilov, deb bilaman. Chunki men Bahodir bilan birga bir oliygohda tahsil olganman va ikkalamiz ham universitet yotoqxonasida yashaganmiz. O‘sha 1976 yilning sentyabr oyidan boshlab ustozim Jamol aka oilasi bilan ruhan, qalban bog‘langanman. Alloh qancha umr bersa, shunday bog‘lanib qolaman. Andijondan Samarqandgacha Tojikistonning Leninobod viloyati orqali o‘tgan yo‘ldan borilar edi. Yo‘l uzunligi 700 km atrofida bo‘lib, bir kunda bitta avtobus qatnar edi. Yo‘lovchi tashuvchi boshqa transportlar kam edi. Aytmoqchi bo‘lganim - Andijonga borib kelish masalasi ancha murakkab edi, shuning uchun ta’til kunlari, ya’ni, 3-4 oyda bir marta uyga borar edik, xolos. Har shanba va yakshanba kunlari Bahodir do‘stim bilan uning uyiga borardik. Bu yerda men o‘zimni o‘z uyimdagi darajadan kam bo‘lmagan holatda his etardim. Talabalik davrlarimizda Yangiqo‘rg‘onga - Bahodirlarning xonadonlariga qancha borgan bo‘lsak, uning otasi, onasi, akasining biron marta samimiyligi o‘zgarganini sezgan emasman. Otasi va onasi (Ibrohim buvam va Narzibibi hoji onam, Alloh ularni rahmat qilgan bo‘lsin) o‘z ota-onamizdek bo‘lib qolgan edi. Har borganimizda ertalab shirchoy, tushlikka issiq ovqat va kechga zig‘ir yog‘iga osh qilib berar edilar. Bu taomlarning mazasi shu kungacha og‘zimda qolgan. Jamol akam 1978-yilda SamDUning fizika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan va Samarqand pedagogika institutiga ishga yuborilgan edi. Shu yilning yoz kunlari


158 Avlodlarga maktub oilaning boshiga og‘ir musibat tushdi - Ibrohim buvam insult kasalligidan vafot etdi. Katta oilaning butun yumushi to‘ng‘ich farzand Jamol akaning zimmasiga tushgan. Jamol aka bilan u ishlayotgan pedagogika institutida tez-tez uchrashib turardik. U kishi bir kuni menga bir narsani aytib bergan edi: Ibrohim buvam bir kuni to‘satdan “Senga oson bo‘lmaydi, shuncha bola – uka-singillaring bor, ularni birinchi navbatda o‘qitish, hayotda yo‘lga solish, uyli-joyli qilish sening vazifang bo‘lib qoladi”, deb vasiyat qilgan ekanlar. Ibrohim buvam qilgan bu vasiyatni Jamol akam a’lo darajada bajardi, deb hisoblayman. O‘zimcha o‘ylayman, agar Ibrohim buvam bevaqt o‘lmaganida Jamol akam bundanda yuqori marralarni qo‘lga kiritgan bo‘lar edi... Bahodir do‘stim birinchi qizini turmushga uzatayotganda, to‘yiga borgandik. Ertalabki nonushtadan so‘ng Jamol akam meni Toshkentdagi uyiga olib ketdi. Bu uyda u kishining katta o‘g‘li Yoqubbek yashar edi. Jamol akam bilan uzoq suhbatlashdik, suhbat davomida u kishi menga “Eng zo‘r biznes nima?” deb savol berib qoldi. Men o‘shanda savolga to‘g‘ri javob bera olmaganman va u kishi yo‘q, dedi-da, “Mahmudjon uka, “Eng zo‘r biznes bu qarindosh-urug‘, aka-uka, farzandlar va yaqin birodarlarni o‘qitish va ularga jamiyatda o‘z o‘rnini topishda ko‘maklashish”, dedi. Keyin tahlil qilib, bu gaplarning naqadar to‘g‘riligiga va hoji akam bu “Biznes”ni ham a’lo darajada bajarganiga amin bo‘ldim. Jamol akam oddiy oila farzandi bo‘lsa-da, hayoti davomida ko‘pgina ulug‘vor ishlarni amalga oshirdi. Oddiy o‘qituvchilikdan respublikaning eng yirik tadbirkori darajasigacha bo‘lgan hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Men o‘zimni shu oilaning bitta a’zosi, deb hisoblayman, chunki men o‘sha davrda pasport hisobim bo‘yicha Oqdaryo


159 Avlodlarga maktub tumani Yangiqo‘rg‘on shaharchasining Isroilovlar oilasi a’zosi sifatida turganman. Men bu oilaning a’zolarini: kattasini akamopam va kichiklarini ukam-singlim, deb qabul qilganman. Toki men hayot ekanman, shunday bo‘lib qoladi. Men Jamol hoji akamning bizga bergan sabog‘i, hayotiy tajribasi va ijtimoiysiyosiy masalalardagi o‘gitlari, iqtisodiy yo‘l-yo‘riqlaridagi ko‘magi, hayotda o‘z o‘rnimizni topishdagi ko‘rsatmalarini bir umr unutmayman. Hoji akamdagi insoniylik fazilatlarining zarrachasini ocha oldim, xolos, deb o‘ylayman. Akamning fazilatlari bepoyon edi. Biz oilada 8 farzandmiz, onam 90 yoshdan oshdi. Hattoki, onamdan so‘rasangiz ham, u kishi Jamol hoji akamning takrorlanmas insoniylik fazilatlarini sanab beradi. Chunki umrining oxirigacha bizning birorta issiq-sovuq kunlarimizda qatnashmay qolmagan. Oxirgi marta 2020-yilning erta bahorida menga qo‘ng‘iroq qilib, Yangiqo‘rg‘onda o‘zi tashkil qilgan ixtisoslashgan maktab-internat jamoasidan 70 nafarini 20 mart kuni Andijon, Farg‘ona va Namangan sayohatiga olib borishni rejalashtirganini va Navro‘z bayramini birga o‘tkazishimizni aytdi. Ming afsuslar bo‘lsinkim, hoji akamning bu niyati amalga oshmay qoldi, chunki 16 mart kuni respublikamizda pandemiya sabab karantin e’lon qilindi, boshqa viloyatlarga kirish-chiqish birmuncha muddatga ta’qiqlandi... Meni mana shunday insonlar bilan uchrashish baxtiga muyassar qilganidan Allohga shukronalar aytaman. Ibrohim buva, Narzibibi hoji ona, Jamol hoji aka, toki biz hayotmiz, biron kun Sizlarni eslamay qolmaymiz, toat-ibodatlarimizda haqlaringizga duolarimizda doim borsizlar. Mahmudjon ABDULAZIZOV, Andijon viloyati kengashi deputati, tadbirkor.


160 Avlodlarga maktub YAXSHILAR HAMISHA QADRLI Oqil inson qayerda va qaysi sohada ishlashi, kimlarning davrasida bo‘lishidan qat’iy nazar, undagi e’tiborli fazilatlar barchani o‘ziga tortaveradi. Odamlar u bilan suhbatlashishga, uning dono fikrlaridan ma’naviy ozuqa olishga, foydali maslahatlaridan bahramand bo‘lishga intilaveradi. Ular turli joylarda ishlovchilar, turli kasb egalaridir. Jamol Isroilov, ayniqsa, oddiy odamlarning har sohada maslahatgo‘yi, ko‘makchisi ediki, ularga shaxs sifatida qarab, maslahat so‘rab yoki muammo bilan kelgan har bir odamga hurmat ko‘rsatgan holda munosabatda bo‘lar edi. Uning elulus o‘rtasida cheksiz hurmatga, izzatga, yuksak martabaga ega bo‘lishining asl mohiyati ham shunda. Kitobimizning ushbu bobida maorif faxriylari, sinfdoshlar, oqsoqollar kabi insonlarning e’tiborli fikrlarini o‘qiysiz.


161 Avlodlarga maktub MUKAMMALLIK YO‘LIDAGI INTILISH Inson doimo ezgu niyatlar, porloq orzular og‘ushida yashaydi. Kimdir odamlarning ma’naviy olamini, aqlzakovatini o‘z ilmiy salohiyati, ijodiy mehnati bilan boyitishga intilsa, boshqalar kamtarin mehnati, g‘ayrat-shijoati orqali yurt to‘kin-sochinligi, el farovonligiga munosib ulush qo‘shishga harakat qiladi. Shunday kishilar borki, tanlagan sohasi – ilmfanning yuqori cho‘qqilarini egallash bilan birga tadbirkorlikni, aholiga xizmat ko‘rsatish borasida ham bor imkoniyatlarini ishga solish harakatida bo‘ladilar, ular barchaga foydasi tegish, totli umr bag‘ishlashni o‘ylaydilar. Ular nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, ilmiy ish va mehnat faoliyatini qorishiq holda olib borishadi. Dunyo aslida shular tufayli go‘zal, lazzatli, olam munavvardir. Men yaqindan bilgan, tanigan olim, muallim, tadbirkor, jamoatchi Jamol Isroilov shunday toifadagi insonlardan edi. Undagi bilim, aql, farosat, qo‘yingki, barcha fazilatlar havas qilishga arzirdi. Do‘stlarni, yonidagilarni ijobiy fikrlashga, ezguliklarga undardi. U kishi bilan suhbatlashgan har qanday odam o‘tgan vaqtiga achinmasdi, muloqot davrida anchayin ma’naviy ozuqa olganidan xursand bo‘lardi, dunyoga boshqacha ko‘z bilan boqa boshlardi. Jamol Isroilov Oqdaryodagi men bilgan ziyolilar ichidagi har tomonlama mukammal inson, barcha hamkasblar uchun haqiqiy do‘st, dilbar suhbatdosh edi. Biz ta’lim sohasida o‘ttiz besh yil birgalikda ishladik. Maktab direktorligini bir vaqtda boshlagandik. U kishi bu vazifada uzoq ishladi, tizimda o‘z maktabini yaratdi. Do‘stlarini avayladi, hamkasblar bilan hamkorlik qildi, ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Bugungi kunda


162 Avlodlarga maktub bu shogirdlar respublikamizning turli hududlarida sohalarda faoliyat ko‘rsatishyapti. Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim, xalq ta’limi, tadbirkorlik jabhasi, qurilish va xizmat ko‘rsatish ko‘rsatish, xullas, barcha sohalarda bunday shogirdlari bisyor. Jamol Isroilov o‘z vaqtida shogirdlariga mehr bera olgan, g‘amxo‘rlik qila olgan, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olgandi. Endi esa ana shunday shogirdlar ustoz ishonchiga munosib holda faoliyat ko‘rsatishyapti. Jamol do‘stimni eslaganimda, birinchi galda uning ta’lim sohasidagi ishlari ko‘z oldimdan o‘tadi. Negaki, men ham pedagogman, u kishi bilan bir vaqtda, bir maqsad yo‘lida mehnat qilganman. Mamlakatimizda boshlangan ta’limdagi islohotlarning ijrosi yo‘lida sohaning fidoyilari safida bo‘lganmiz. Oqdaryoning Yangiqo‘rg‘on hududida azaldan bilimdon, tashkilotchi, ishbilarmon insonlar, xususan, ziyolilar ko‘p bo‘lgan. Ular o‘z yurtlari obodligi, hamyurtlari farovonligi yo‘lida kurashgan. Jamol Isroilov ham elim, yurtim deb yashagan, qalbi qaynoq, mehrli-muhabbatlilardan edi. Uning ko‘pchilik havas qiladigan, boshqalarga o‘rnak bo‘larli xislatlari ko‘p edi. Men ulardan biri, ta’lim sohasidagi jonkuyarligi haqida ehtimol, boshqalardan ko‘proq bilarman, deb o‘ylayman. Sababi, yuqorida aytganimdek, bir sohada uzoq yillar birga ishlaganimiz, bir-birimizdan o‘rganib, birbirimizga o‘rgatib borganimizdir. Jamol Isroilov rahbarlik qilgan Yangiqo‘rg‘ondagi 2-o‘rta maktab Oqdaryodagina emas, viloyatdagi namunali bilim maskanlaridan biri edi. Maktabdagi ahillik, o‘qituvchilarning bilimdonligi, kasb mahorati, o‘quvchilariga mehri singari fazilatlarning yuksalib borishi yo‘lida maktab direktori doimiy jon kuydirardi. Maktab tartib-intizom, o‘zlashtirish,


163 Avlodlarga maktub madaniy-ma’rifiy, sport ishlarida ham namuna edi. Ustoz-shogird an’anasining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, tajribali o‘qituvchilarning yoshlarga g‘amxo‘rligi jamoani muvaffaqiyatlar sari yetaklardi. Men yaxshi bilamanki, bajarilayotgan barcha ishlarda maktab rahbarining o‘zi bosh-qosh bo‘lar, doimiy ravishda pedagogik jamoani o‘qishga, intilishga, o‘z ustida muntazam ishlashga da’vat etardi. Bu insonning yana bir e’tiborli jihati, kamtarligi va bilimdonligida edi. U o‘z sohasi bo‘yicha kuchli bilimga ega bo‘lib, hamkasblarini ham tajribalaridan, bilimu ilmidan bahramand etishga harakat qilardi. Ayrim hollarda ba’zi hamkasblarining bildirayotgan fikrlariga e’tiborsiz ekanliklarini ham tezda ilg‘ab olardi. Bunday paytlarda u ko‘pincha jimlikni afzal ko‘rar, so‘zlarining beiz qolishini istamasdi. So‘raganlarga esa kerakli mavzuni butun vujudi bilan tushuntirar, kerakli maslahatlarini berardi. Nafaqat pedagogikada, obodonchilik va tijoriy ishlarda ham u kishi shunday yo‘l tutardi. Men tuman xalq ta’limi bo‘limini boshqarganimda, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib faoliyat ko‘rsatganimda Jamol Isroilovdagi bunday xislatlarni yanayam yaqqolroq anglaganman. U kishi o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabdagi o‘zgarishlar bilan cheklanib qolmay, hududdagi boshqa bilim dargohlari rahbarlariga ham ko‘mak bergandi, ibratli tashabbuslar ko‘tarib, ko‘pgina pedagoglarni, soha rahbarlarini ortidan ergashtirgandi. Komil ishonch bilan ayta olamanki, Jamol Isroilov bir maktab direktori bo‘lib ishlagan pallasida tuman ta’limida qo‘lga kiritilgan yutuqlarning teng yarmi unga tegishli bo‘lardi. Buni nimalarda ko‘rish mumkin edi? Eng avvalo, o‘quvchilarning o‘zlashtirishida, ta’lim-tarbiyaning yuqori pog‘onaga ko‘tarilishida, maktablar ta’miriyu


164 Avlodlarga maktub qurilishida, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida barcha yutuqlar o‘zini men deb ko‘rsatib turardi. To‘g‘risi, ayrim hollarda xalq ta’limi bo‘limining rahbari bo‘la turib, maktab direktori Jamol Isroilov ko‘magiga, maslahatiga tayanardim. U kishining yordami, amaliy harakatlari tufayli sohada ishlar yurishib ketardi. Bemalol ayta olaman, Jamol Isroilov har jabhada mukammallikka intilgan, odamlarga nafi tegish maqsadida doimiy ezgu ishlarga qo‘l urgan, obodonchilik, farovonlik yo‘lida g‘ayrat-shijoatini ayamagandi. Men u kishi haqidagi xotiralarga berilganimda, tirikligida o‘ziga haykal qo‘ygan inson, shaxs sifatida eslayman. Negaki, u kishining boshlagan tashabbuslari, bajargan ishlarining ahamiyati, qimmati katta edi. Har ishda mukammallik sari intilardi. Ta’limda, obodonchilikda, bunyodkorlik, hammahammasida sifatni unutmasdi. Bugun uning turli idoralarda, turli tizimlarda faoliyat ko‘rsatayotgan shogirdlari ham shunday. Chunki, ular ustoz Jamol Isroilov pandu nasihatlarini, ta’lim-tarbiyasini olishgan. Endi esa ustozlarining ishlarini samarali davom ettirishayapti. Shohida NEGMATOVA, Xalq ta’limi faxriysi. QALBAN KAMTARIN, AQLAN YETUK INSON EDI Biz o‘qigan davrlarda, aniqrog‘i, o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida qishloqlarda boshlang‘ich maktablar mavjud edi, xolos. Qishlog‘imizdagi hozirgi 4-sonli maktabning 4-sinfini tugatib, 1965 yilda Yangiqo‘rg‘ondagi 2-maktabning 5-sinfida o‘qiy boshladik. Shunday buyon Jamol Isroilov bilan qadrdon do‘st edik. Tan olib aytishim kerakki, u sinfimizdagi


165 Avlodlarga maktub eng a’lochi o‘quvchilardan biri bo‘lib, tashkilotchi ham edi. O‘tkazilayotgan barcha tadbirlarga bosh-qosh bo‘lar, yetakchilik qobiliyati ham kuchli ekanligini o‘qituvchilarimiz ham tan olishardi. Sinfimizdagi o‘zlashtira olmayotgan o‘quvchilarga ham yordam berishni o‘zining burchi deb bilardi. Biror do‘stimiz darsga kelmay qolsa, bizni yetaklab uning holidan xabar olardi. Qisqasini aytganda, maktabni bitirgunimizga qadar Jamol barcha do‘stlarga bosh-qosh edi. U bilan yoshimiz teng bo‘lganligi uchun bir-birimizga “sen” deya murojaat qilardik. Ba’zan hazilimiz jiddiy bo‘lsa ham, ko‘nglimizga olmasdik. Hozirga qadar esimda. Rahmatli otasi ellik yoshga yetmasdan vafot etganda oiladagi barcha katta-kichik yumushlar to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan Jamolning zimmasiga tushgandi. Oila katta edi. O‘n bir nafar farzandni boqish, ularni tarbiyalash barcha-barchasi do‘stimizning zimmasiga tushgandi. Ham oliygohda o‘qib, ham ro‘zg‘ordagi ishlarga ko‘maklashishi bilan birga ukalariga, singillariga aka bo‘lsa-da otalik qildi. Ularning oliy ma’lumotli bo‘lishlari uchun astoydil ter to‘kkanligining guvohiman. Eng muhimi, u nafaqat ukalariga, singillariga balki jiyanlariga ham, umuman aytganda, barcha og‘aynilariga g‘amxo‘rlik qilardi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatligiga saylangandan so‘ng do‘stimizning ishi, tashvishi yanada ko‘paydi. Chunki xalqimizda yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish uchun deputatning kunu-tun mehnat qilishiga to‘g‘ri keldi. O‘sha yillari arzimagan tushunmovchiliklar tufayli iqtisodiy jinoyatchilikda ayblangan fuqarolar ham oylab, yillab sud bo‘lmasdan qamoqda o‘tirishardi. O‘sha paytlarda iqtisodiy jinoyatchilikda ayblangan shaxslarning jazosini liberallashtirish mumkin ekanligini deputat bir necha bor Oliy Majlis sessiyasiga olib chiqdi. Nati-


166 Avlodlarga maktub jada, bu borada ijobiy natijaga erishildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, Jamol Isroilov kam ta’minlangan, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarga doimo ko‘mak berishni o‘zining burchi, deb bilardi. Qanchadan-qancha oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari tomonidan yordam bergan bo‘lsa-da, biror marta bu haqda birovga aytishni istamasdi. Maqtanchoqlikni xushlamasdi. U “Mening yordam berganimni aytishlaring shart emas, buni yaratganning o‘zi bilsa bo‘ldi”, deb qo‘yardi. Bugun atrofga nazar tashlasangiz, tadbirkorlar kun sayin ko‘payib bormoqda. Ularning moliyaviy ahvoli ham yaxshilanib, sodda qilib aytganda yurtimizda boylar soni ortmoqda. Bu yaxshi, albatta. Lekin men ba’zan moddiy jihatdan boy bo‘lgan odam bilan ma’naviy jihatdan ham boy bo‘lgan kishilarni qiyoslayman. Ma’naviyati yuksak insonlar hashamatni, dabdabani, olifta ulovlarni ko‘pam xushlamaydilar. Jamol do‘stim ana shunday kishilardan edi. U to‘y-marosimlarni iloji boricha kamtarona o‘tkazish tarafdori edi. Yodimda ko‘p yillar muqaddam o‘zining o‘g‘illari bilan birga ukalarining farzandlarini ham qo‘shib 9 nafar bolaning sunnat to‘yini o‘tkazgan edi. Bu akaukalarning hamjihatligidan dalolat, qolaversa, har biri alohida chiqimdor bo‘lmaydi. Jamol aytardiki, “atrofdagi odamlar Isroilovlarga qarab fikr yuritadi, agar biz dabdabaga berilsak, qurbi yetgan-yetmagan ham shunga intiladi. To‘y qilayotgan oilaning moliyaviy ahvoli haminqadar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘zini hurmat qilgan odam kamtarlik bilan el-ulusga o‘rnak bo‘lishi kerak”. O‘sha to‘ydan keyin Yangiqo‘rg‘on va uning atrofidagi aholi ham qo‘shaloq to‘ylar o‘tkaza boshladi.


167 Avlodlarga maktub Yana bir misol, Jamol do‘stim uy qurganda ham o‘ta hashamatli bino barpo qilmadi. Bir qavatli, har jihatdan qulay, kamtarona hovli-joy qurdi. “40 xonali uying bo‘lsa ham 1 xonasida yotasanda”, degan edi u. Vaholanki, u ham ayrim boylarga o‘xshab 2-3 qavatli hashamatli bino qurishga qurbi yetardi. Jamol do‘stim yengil mashina masalasida ham olifta avtomobillarni xushlamas edi. “U mashina borgan joyga bu kichikroq mashina ham boradi-da”, deb qo‘yardi. Ba’zilar ozroq puli ko‘paysa, xorijning qimmatbaho mashinalariga ishqi tushib qoladi. Lekin Jamol dastlab “jiguli”, “neksiya”, umrining oxirgi yillarida esa “kobalt” mashinasini minardi. Bu odatlarini uning yuksak ma’naviyatidan, kamtarligidan dalolat, deb bilaman. Uning odamlarga bo‘lgan ehtiromi xususida to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. Jamolning to‘ylarga borish odati juda qiziq edi. U to‘y mavsumi paytlari bir kunda 8-10 ta to‘yga kirib chiqardi. “Senga zarurmi, shuncha ovoragarchilik”, desam u “jo‘ra, hurmat qilib to‘yga aytibdimi, bu xonadonning mansabli-mansabsiz, boy yoki kambag‘al, olis-yaqin qishloq deb o‘tirmasdan izzatini qilish kerak”, derdi. Gohida men ham unga hamroh bo‘lardim. Olis-olis qishloqlargacha to‘ylarga borardik. To‘yxonaga kirib o‘tirgan zahotimiz 5 daqiqa o‘taro‘tmas “tur, ketdik”, deb qolardi. Biroz hazil bilan aytadigan bo‘lsam, to‘yma-to‘y yurib, kechqurun xorib-charchab, och qorin bilan uyga kirib kelgan kunlarim juda ko‘p bo‘lgan. Taqdir taqozosi bilan o‘g‘lim Botir Jamolning qizi Umida bilan turmush qurdi. Endi yaqin do‘stlar qadrdon qudaga ham aylandik. U ko‘pincha o‘tirgan paytlarimizda kelgusidagi rejalari, Oqdaryoni obod qilish, sanoatlashtirish haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashardi. Aslo tinim bilmasdi.


168 Avlodlarga maktub Uning charchamasdan, doimo oddiy odamlar bilan samimiy munosabatda bo‘layotganligini ko‘rib tan berardik. Men ko‘pincha unga “Senga qoyilman, har bir ota-ona senday farzandi bo‘lishini orzu qiladi” derdim. Haqiqatdan ham, Jamol Isroilov hayotda har bir ota-ona orzu qiladigan farzand bo‘lib yashadi. Vataniga, eliga sadoqat bilan xizmat qildi. Bunday insonlarning xizmatini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Hamidullo QARSHIYEV, Oqdaryo tuman “Nuroniylar” Kengashining raisi. BESHINCHI UKAM Men SamDUda fransuz tili mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiganman. Turmush o‘rtog‘im Mars Muhammadiyev bilan shu dargohda tanishganmiz. Samarqand shahridan Yangiqo‘rg‘onga kelin bo‘lib tushganimda go‘yoki yolg‘izday edim. Bugun – oradan yarim asr o‘tib, yangiqo‘rg‘onliklar men uchun aziz va qadrdonlarimga aylandi. Yetmish yoshning narisidan turib bosib o‘tgan hayot yo‘limga nazar tashlar ekanman, o‘g‘ilu qiz farzandlar, bir etak nabiralar, meni e’zozlagan Yangiqo‘rg‘on ahli eng katta saodatim ekanligini his qilaman. Turmush o‘rtog‘im (u kishini Domla deb atardim) bilan ko‘ngil bog‘lab adashmagan ekanman. Menga jufti halolim baxt berdi va ikkalasi qo‘shilib baxtu saodatli bo‘ldim. Shundan, Yaratganga shukronalar aytib, ko‘nglim xotirjam yashayapman. Yangiqo‘rg‘ondagi 1-, va 2-o‘rta maktablarda muallimalik qilib, nafaqaga chiqdim. Domla esa mendan uzoqroq muddat ishladi. Jamol Isroilov direktor bo‘lib kelgandan keyin domla, ya’ni turmush o‘rtog‘imning pedagogik faoliyatida qizg‘inlik


169 Avlodlarga maktub pallasi boshlandi. Domla bilan Jamol ukaning ishda ham, hayotda ham inoq ekanligi meni juda mamnun qilardi. Jamol uka har gal biznikiga kelganida “Yanga, bir shaharcha ko‘k somsa qilib bering”, derdi samimiyat bilan. U taomlar ichida ko‘k somsani juda xush ko‘rardi, chamamda. Balki men o‘tli somsani xushta’mroq tayyorlagandirman. Bu ikki pedagogning ahilligi bois, hatto, oilaviy masala va muammolarda ham Jamol ukaning maslahatlariga tayanar edik. Umuman, bu inson nainki bizning oilaning, balki jami yangiqo‘rg‘onliklar, tumandoshlarning maslahatgo‘yi, vaziyat taqozo etsa, ko‘makchisi edi. Qismat ekan, turmush o‘rtog‘im kasal bo‘lmasdan, kunlab, oylab to‘shakka mixlanib yotmasdan, kutilmaganda, 2020 yil 19 martda olamdan o‘tdi. Shunda yuragimda bir og‘riq paydo bo‘ldi, bir muddat o‘zimni nihoyatda g‘arib his qildim. Yuragim to‘ridan bir xo‘rlik otilib chiqdi: Yolg‘izlik! Lekin bu holat uzoqqa cho‘zilmadi, yonimda Jamol uka qo‘llarimni mahkam siqqanicha “Yangajon, o‘zingizni qo‘lga oling! Akam yaxshi yashadi, nevara-chevaralarni ko‘rdi, elga to‘ylar berdi”, deb o‘zining yosh dunyodan o‘tgan singlisini, Shirinboy do‘xtirning navqiron o‘g‘lini, xullas, yana uch-to‘rt kishini misol keltirib, menga sidqidildan taskin berardi. Yo‘q, yolg‘iz emas ekanman. Yonimda meni beshinchi ukam tog‘dek suyab turardi… Hayotda mening to‘rt nafar ukam bor edi. Endi yonimda beshinchi ukam Jamol ukam bor... Oradan 4 oy o‘tib Jamol ukamning bevaqt o‘limi bir opa sifatida yurak-bag‘rimni qon qildi. Domla dunyodan o‘tganida qanchalar g‘am-anduh chekkan bo‘lsam, Jamol ukam vafot etganida ham shuncha iztirob chekdim...


170 Avlodlarga maktub Azizlar, Jamol Isroilovni o‘z oilasining a’zosi deb bilgan xonadonlar juda ko‘p. Uni kimlardir o‘z akasidek, yana boshqa bir kishilar esa o‘z tug‘ishgan ukasidek yaxshi ko‘rardi. Mubolag‘a bo‘lsa ham aytamanki, u avliyosifat inson edi. Shahzoda OCHILOVA, Maorif faxriysi, Xalq ta’limi a’lochisi. HIMMATI ULUG‘ INSON Jamol Isroilov deganda mening ko‘z o‘ngimda har tomonlama yetuk, barkamol inson, salohiyatli rahbar, ishbilarmon tadbirkor, mohir pedagog, xalqning fidoyi vakili gavdalanadi. Xudo rahmatiga olgan bo‘lsin. Jamol akadek inson bilan bir jamoada ishlash menga ham nasib etganiga Yaratganga behisob hamdu sanolar aytaman. Chunki mening ko‘z o‘ngimda oddiy pedagog emas, balki juda katta harf bilan yoziladigan INSON gavdalanadi. U kishi kafedraga kulib kirib kelardi. Menga hurmat yuzasidan bo‘lsa kerak “Hilola opa”, deb murojaat qilardi. Kafedra yoki institutning boshqa tadbirlariga taklif qilinganda “Mana, bir og‘iz chaqirganingizdan hamma ishlarimni tashlab, o‘z vaqtida yetib keldim”, derdi. U hech qachon hech qaysi tadbirni e’tiborsiz qoldirmasdi. Katta to‘y-ma’rakami, institutning yoki kafedraning tadbirimi, har doim vaqtida yetib kelardi. Bir yili kafedra jamoasi bilan yangi yilni hammamiz birga nishonladik. Chiroyli, suhbatlar, o‘yin-kulgilar bo‘ldi. Navbatdagi yildan boshlab, bilmadim, necha yildirki, yangi yilni qayerga aytsalaringiz o‘zim o‘tkazaman, mening tug‘ilgan kunimni shu kunda nishonlaymiz, deb aytdi. Chunki


171 Avlodlarga maktub u dekabrning oxirgi o‘n kunligida tavallud topgan edi. Shushu biz yangi yilni u kishining tug‘ilgan kuni bilan qo‘shib o‘tkazadigan bo‘ldik. Men domlaning talabalar bilan muloqotidan, dars o‘tishidan xayratga tushganman. Talabalar J.Isroilov darsini juda yaxshi ko‘rardi. Shuning uchun darsida talabalar to‘liq qatnashardi va hamisha dars bo‘lishini intiqib kutardilar. Keyin bilsam u darsini amaliyot bilan bog‘lab o‘tarkan. Shuning uchun talabalar bu kishining darsini yaxshi tushunar ekan va ishtiyoq bilan ishtirok etar ekanlar. Jamol Ibragimovichning yaxshi xislatlaridan yana biri, u kishi odamlar bilan muloqotni yaxshi ko‘rardilar. Tanaffus vaqtida va dars tugagandan keyin, albatta, kafedraga kirardi. Ishlari ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, mazmunli suhbat qilib, odamlarning ahvoli va ruhiyati bilan qiziqardi, ularni tinglardi. Agar kimdadir muammolar bo‘lib qolsa, albatta, uni hal qilish uchun maxsus shug‘ullanardi. Hammaning sharoitini o‘rganib, muammosini bilib, juda yaxshi oqilona maslahatlar berardi. Kafedrada hamma u kishi bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘rardi. Muhimi, muammoning hal bo‘lishida ham maslahat, ham ko‘mak berar edi. Jamol Ibragimovichning yana eng yaxshi xislatlaridan biri qo‘li ochiq inson edi. Ko‘pchilikka ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak berardi. Shunday yordam olganlardan biri menman. Menga hayotda juda katta yaxshiliklar qilgan. Bu qilgan yaxshiliklarining ayrimlarini bilganman, ayrimlarining bilmaganman ham. Ko‘pini keyin bildim. Shu tufayli Jamol Ibragimovich qilgan yaxshiliklari uchun har doim ham o‘z vaqtida minnatdorchilik bildira olmaganman. Kunlarning birida qancha maosh olishimni so‘rab qoldi. Men aytgan edim, “Bizning firmaga ishga kirasizmi?”, deb


172 Avlodlarga maktub qoldi. “Yo‘q, men bu yerdan chiqa olmayman”, degan edim, “Shu yerda bajaraverasiz”, deb ariza yozdirib oldi. Shu kundan boshlab menga oylik to‘lay boshladi va bu uzoq davom etdi. Bizlarga qilgan savob ishlarini Alloh o‘z dargohiga qabul qilgan bo‘lsin. U kishi qilgan savob ishlarining mukofoti u dunyoda berilsin. Men u kishining uzoq yashashini xohlar edim. Shunchalik savob ishlarni qilib yurgan odamning umri uzoq bo‘ladi, deb o‘ylardim. Uning bu dunyodan ketgan kuni men uchun katta iztirob bo‘lgan. Ko‘zimdagi yoshni to‘xtata olmadim. Eng yaqin qadrdonimizdan ayrilganimizni his qildim. Vaqt o‘tishi bilan bu ayriliq unutilib ketilmayapti, ayriliq kecha bo‘lganday bo‘lib turadi... Hilola OCHILOVA, SamISI Iqtisodiy tahlil va statistikakafedrasi katta o‘qituvchisi SHOGIRD KAMOLOTI Mening ham o‘quvchilarim, shogirdlarim juda ko‘p. Lekin ularning hammasi ustoz o‘ylagan natijaga tezda erishgan emas, erishishning o‘zi ham bo‘lmaydi. Maktabimiz bitiruvchilaridan Jamol Isroilovning esa yo‘rig‘i boshqa edi. U bilimga chanqoqligi, mehnatsevarligi, samimiyligi bois ustozlari e’tiborini qozondi, ular ishonchiga sazovor bo‘ldi. Jamol Isroilov ustozlari ishonchini ancha erta qozonganlardan. U o‘rta maktab ta’limidan so‘ng bir emas, ikki oliy o‘quv yurtida tahsil oldi. Yana har ikkisini ham imtiyozli diplom bilan tugatdi. Samarqand davlat qishloq xo‘jalik instituti yoki Samarqand davlat universiteti talabasi bo‘lish esa ko‘pgina tengdoshlari uchun faqat orzu edi. Qo‘sh oliy ma’lumotli


173 Avlodlarga maktub bo‘lish Jamolning dastlabki muvaffaqiyati edi. U bir muddat oliy o‘quv yurtida, qishloq xo‘jalik sohasida ishladi. O‘zi o‘qigan maktabga direktor etib tayinlangan chog‘da endigina 30 yoshli yigit edi. Ana shu yerning o‘zidayoq ustozlarga shogird kamolotini ko‘rish nasib etgandi. Ish jarayonida yosh direktor, vazmin, bosiq, iliq muomalali, lekin o‘ta talabchan ekanini ko‘rsata oldi. Maktab o‘qituvchilarining birini ustoz, boshqasini aka, uka, opa, singil dedi. Yillar o‘tib, o‘zi ham ustozlik maqomiga yetdi. U bilan shu davrda yelkama-yelka turib ishlagan o‘qituvchilar M.Muhammadiyev, S.Nosirov, D.Ergashev, A.Mardiyev, D.Mardiyevlar katta tajribaga ega ustozlardan edi. M.Sultonova, K.Tolikov, M.Fattulayeva, Z.Ziyoyeva, S.Fattahova, S.Xushvaqtova, H.O‘roqova, A.Sayfiyeva, H.G‘aniyeva, Sh.Hojiyeva, N.O‘roqova singari o‘qituvchilarning ham shu paytda pedagogik jamoada o‘z o‘rinlari bor edi. Men 1985 yilda maktabda boshlang‘ich sinflar bo‘yicha ilmiy bo‘lim mudiri vazifasiga tayinlandim. Jamol Isroilovdek bilimdon, xushmuomala, barchani birdek qadrlaydigan rahbar bilan birga ishlash zavqli edi. Maktabimiz o‘quvchilari tuman, viloyat miqyosidagi tadbirlarda, fan olimpiadalarida yetakchilikka da’vagorlik qila boshladi. Bundan rahbar ham, jamoa ham xursand edi. Negaki, bu hammamizning mehnatimiz mahsuli edi. Jamol Isroilov esa muvaffaqiyatlar ustiga muvaffaqiyatlarga erishilishi barobarida o‘z ustida tinimsiz ishlashga vaqt ajrata oldi. Ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Hozirgi paytda ulardan bir nechtasi, jumladan, Ye.Hamroyev, N.O‘roqov, Q.Oromovlar turli maktablarda direktorlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatishyapti. Bir qancha shogirdlari esa ta’limtarbiya borasida o‘z tajriba maktablarini yaratishgan.


174 Avlodlarga maktub Shu o‘rinda iqtidorli bolalarga mo‘ljallangan mazkur maktab-internatning barpo etilishi haqida ikki og‘iz aytib o‘tsam. U shaxsan Jamol Isroilovning tashabbusi asosida tashkil etilgandi. Tashabbuskor rahbar boshchiligida yangi bilim dargohi pedagoglari qisqa muddatda quvonchli natijalarga erisha boshlashdi. Eng asosiysi, hududdagi bitiruvchilarning oliy ta’lim dargohlariga kirish ko‘rsatkichlari oshdi. Maktabinternatdagi har bir o‘qituvchi ta’lim-tarbiya sifatini oshirish borasida jon koyitdi. Bunday ajoyib inson nomi aslo unutilmaydi. Gulsara ADONOVA, Maorif faxriysi. YILLAR QATIDAGI XOTIRALARIM Do‘stim Jamoljon bilan bolalik damlarim birga o‘tgandi. Yangiqo‘rg‘ondagi 2-maktabning birinchi sinfiga 64 nafar bola qatnardik. Ikkita sinf – “A” va “B”da o‘qidik. “A” sinfda Sayidbiyi Niyozova (joyi jannatda bo‘lsin), “B” sinfda Munavvar Ikromova dars berardi. Barcha o‘quvchilar birbirimizni yaxshi tanirdik, go‘yo hammamiz bilim olishda ham, xulq-atvorda ham musobaqalashgandek edik. Oramizdagi bilimdonimiz, namunali xulq-atvorli o‘quvchi, shubhasiz, Jamol edi. U darslarda faol qatnashar, noyob iste’dodi bilan ustozlar nazariga tushgan, jamoat ishlarida ham barcha tengdoshlariga namuna edi. Nazarimda, u yuqori sinfga o‘tgan davrimizda bilim jihatdan xuddi o‘qituvchilarimiz bilan tenglashib qolgandek edi. Maktab davrini eslar ekanman, juda ko‘p bolalik xotiralari bilan to‘qnashaman. Birinchi o‘qituvchimning harflarni tanitish, husnixat o‘rgatish, sanoq borasidagi jonkuyarliklari


175 Avlodlarga maktub yodimga tushadi. Yonimdagi o‘zimga o‘xshash murg‘akkina bolajonlarning goh muallimga, goh sinfxonasiga hayrat bilan bilan boqishlarini, qalbidagi so‘zlarini yurak yutib bayon etolmasliklarini o‘ylayman. O‘qishiga, xulqiga havas qiladiganimiz Jamol ham, taqdir taqozosi tufayli turmush o‘rtog‘imga aylangan Ortiqniyoz ham hammamiz shu ahvolga tushardik. 1970 yilda 10-sinfni tugatganimizdan so‘ng Jamol 7-o‘rta maktabda matematika va fizika fanlaridan dars berdi. Chunki u maktabda haqiqatda yaxshi o‘qigan, o‘rta maktab darsini o‘quvchilik paytidayoq durustgina o‘zlashtirgan edi. U oliy ta’lim dargohida o‘qidi, ishladi. 1983 yilda esa o‘zi o‘qigan 2-o‘rta maktab rahbari bo‘ldi. Men ham shu maktabga keldim, birga ishlay boshladik. Jamol Isroilov rahbarligida maktabda e’tiborli ishlar amalga oshirildi. U direktorlikdan tashqari xalq xizmati yo‘lida tinib-tinchimadi. Shunday harakatlari evaziga u O‘zbekiston Oliy Majlisiga deputatlikka saylandi. Deputatlik davrining qanday o‘tgani, odamlarga qanday xizmat qilgani, saylovchilar fikrlarini, talab va istaklarini bajarish yo‘lida vaqtini, bilimini ayamaganini yaxshi bilamiz. E’tiborli jihati, Jamol Isroilov maktabda ishlash chog‘ida ilmiy ishga qo‘l urdi, dissertatsiya yoqlab, fan nomzodi bo‘ldi. Olimlik, maktab direktorilik, xususiy tadbirkorlikni bir paytda olib bordi. Barcha sohalarda u maqsadiga erishib bordi. U rahbarlik qilgan maktab tumandagi ilg‘or bilim dargohlari safidan o‘rin oldi. Dars bergan vaqtlarida Samarqand iqtisodiyot va servis institutida qator shogirdlar tayyorlashga erishdi. Jamol oilada mehribon ota edi. Uning besh nafar farzandi bo‘lib, hammasining oliy ta’lim dargohlarida o‘qishini


176 Avlodlarga maktub ta’minladi. Hozir o‘g‘illaridan biri Bekjon otasining ishini davom ettiryapti. U otasi tashabbusi bilan barpo etilgan Yangiqo‘rg‘ondagi 52-maxsus internat-maktab direktori, tadbirkorlik ishlarida ham faol. Boshqa farzandlari ham ezgu ishlar bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozonib kelyapti. Turmush o‘rtog‘im Ortiqniyoz ham sinfdoshim. Jamol uchchalamiz birga o‘qiganmiz. Shu tufayli bir-birimizni yaxshi tushunardik. Jamol aytardi: “Ortiqniyoz mening yaqin jo‘ram, sen ham shunday jo‘ramsan, sening erkakdek xaraktering bor, Ortiqniyozni hech qachon xafa qilma, u turmush o‘rtog‘ing, hammamizning do‘stimiz”. Bizlar shunday do‘stlar edik. Boshqa sinfdoshlarimiz ham shunday edi. Jamolni hammamiz hurmat qilardik. Uning olimligi, maktabdagi faoliyati, tadbirkorligi hammasi o‘z o‘rnida edi. Odamlarga ko‘p foydasi tegardi. Biz, sinfdoshlar esa shunday do‘stimiz borligidan hamisha faxrlanib yurardik. Afsus, bugun u oramizda emas. Lekin u bizning qalbimizda hamisha yashaydi, xotirasini hech qachon unuta olmaymiz. Sotqintosh FOZILOVA, sinfdoshi. SAXOVAT – QALBNI POKLAYDI “Yangiqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida 4240 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududimizda 4 ta qishloq, 12 ta ko‘cha mavjud. Ayni paytda kam ta’minlangan oilalar 22 tani tashkil etadi. Mahalla obodonligi, xalq farovonligi, kam ta’minlanganlarning turmush tarzi ko‘p hollarda jonkuyar, xayr-saxovatli kishilarning harakatlari bilan bog‘liq. Ana shunday insonlar haqida so‘z ochilganda, odamlar marhum Jamol Isroilov haqida o‘ylashadi, uning amalda bajargan biri-


177 Avlodlarga maktub biridan ezgu, biri-biridan e’tiborli va xayrli ishlarini eslaydilar. Mahallada korxonalar, tashkilotlar, maktablar, bog‘chalar va yana bir qancha xususiy sohada faoliyat ko‘rsatuvchi sub’- yektlar borki, bunday jamoalarning barchasida Jamol Isroilovning nomini yaxshi bilishadi, uning xalq farovonligi, Vatan ravnaqi yo‘lida amalga oshirgan ishlarini eslashadi. Xususan, 2016-2020 yillar davomida Jamol Isroilov homiyligida mahallaning kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam ko‘rsatilib kelingan edi. Mening eslashimcha, ko‘p hollarda moddiy ko‘mak un, yog‘ ko‘rinishida berilar, shuningdek, dafn marosimlarida ham Jamol Isroilov eng muhim xarajatlarni zimmasiga olardi. Yangiqo‘rg‘on aholisi azaldan ilmga intilgan. Uning farzandlari respublikamizning turli nufuzli idoralarida, yirik sanoat korxonalarida, oliy bilim dargohlarida faoliyat ko‘rsatib kelishgan. Jamol Isroilov esa ana shunday ezguliklarni izchillik bilan davom ettirganlardan. U barcha yoshlarning o‘ziga o‘xshash ziyoli, tadbirkor, saxovatli bo‘lishini istardi. Shu maqsadda Yangiqo‘rg‘onda kollej qurish tashabbusi bilan chiqdi. Odamlarda urf-odatimiz, milliy an’analarimizni yanada qaror toptirish, barcha tadbirlarni zamon ruhida o‘tkazishni tashkil etish maqsadida to‘yxona barpo etdi. Bilamiz, o‘zbekning yaxshi kunlari, to‘ylari ko‘p. Ammo bunda hamma ham tadbirlarni o‘tkazishning uddasidan chiqavermaydi. Saxovatli inson Jamol Isroilov bunday paytlarda o‘zini chetga tortmas, haqiqiy ahvol bilan tanishishga harakat qilar va yuzaga kelgan muammoning yechimini topardi. Shu alfozda u ko‘plab to‘ylarning o‘tkazilishiga bosh bo‘ldi, nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zdi. Mahallamiz binosining ta’mirlanishiga boshchilik qildi. Shu bilan birgalikda, Yangiqo‘rg‘on aholisi o‘rtasida qonun doirasidagi harakatlar


178 Avlodlarga maktub haqida tushuncha berib bordi. Bir so‘z bilan aytganda, u doimo xalqni o‘ylagan kishi edi. Yangiqo‘rg‘on markazida bir nechta ijtimoiy ob’yekt bo‘lib, ularning deyarli barchasi e’tiborsizlik va qarovsizlik oqibatida xaroba ahvolga tushib qolgan edi. Ulardan biri nafaqat yoshlarning, yoshi ulug‘larning ham sevimli maskaniga aylanib qolgan madaniyat saroyi edi. Ana shu madaniyat muassasasining qaytadan obod joyga aylantirilishida Jamol Isroilovning xizmati katta bo‘ldi. Hozirgi paytda mazkur binoning bir necha xonalarida o‘quv markazi joylashtirilgan. Unda oliy o‘quv yurtlarida kirish istagida bo‘lgan ko‘plab yoshlar har xil fanlardan o‘quv amaliyotiga ega bo‘lishyapti. “Yoshlar markazi” faoliyatining yo‘lga qo‘yilishida ham bu saxiy insonning ta’siri katta. Jamol Isroilov birgina Yangiqo‘rg‘ondan tashqari qo‘shni mahallalar – “Yangi hayot” va “Galaravot”da ham qator ezgu ishlarni amalga oshirgan. U birinchi galda kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘mak bergan. Pandemiya davrida ana shu mahallalar aholisiga muntazam ravishda eng kerakli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib turdi. O‘ylab qolaman, hammada ozmi-ko‘pmi Xudo bergan iqtidor bor, undan foydalanish uchun imkoniyat bor. Ammo hamma bunday jonkuyarlik qilavermaydi, xalqiga, Vataniga xizmat qilavermaydi. Bunday ishlarga sidqidildan kirishadigan Jamol Isroilov kabi samimiy, pok qalbli kishilar esa juda kam. Turg‘un TO‘RAYEV, Oqdaryo tumanidagi “Yangiqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.


179 Avlodlarga maktub EL-ULUSGA BEMINNAT HOMIYLIK Jamol Isroilov deganda ko‘z oldimda nafaqat Yangiqo‘rg‘on, balki viloyat va respublika miqyosida tanilgan, jamiyat ravnaqi uchun umrini baxshida etgan mard inson siymosi gavdalanadi. Jamol aka Oqdaryoning ilm-ma’rifat rivojiga munosib hissa qo‘shgan, kadrlar salohiyatini takomillashtirishda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, mehr-saxovatli, mehribon inson edi. U kishining xonadoni bilan oilaviy yaqinlik, bordi-keldi munosabatlarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi. Akam Yoqubjon Ismoilov Jamol aka bilan, bir sinfda o‘qigan. Ikkisi ham bilimli, zukko o‘quvchilar bo‘lib, maktabni bitirishgach, biri SamDUga, biri SamMIga o‘qishga kirishdi. Men 18 yoshda edim. Oilamiz boshiga og‘ir musibat tushdi. Yoqubjon akam Moskvada suvga cho‘kib vafot etdi. Shunday og‘ir damlarda bu inson bizlarga yaqin hamdard bo‘ldi, tez-tez ko‘ngil so‘rab turdi. Yaxshilik unutilmaydi, deganlaridek, og‘ir kunlarda dardingga sherik bo‘lganlar yoddan chiqmaydi. 1978-yilda men ham SamMI talabasi bo‘ldim. 1984-yilda institutni bitirib, tuman poliklinikasida ish boshladim. Hozirgi kunda Yangiqo‘rg‘on oilaviy poliklinikasida ishlab kelayapman. Bu tibbiyot muassasasining binosiyu uning jihozlanishi to‘g‘risida ilgari iliqroq so‘z aytib bo‘lmasdi. Mamlakatimizda sohaga bo‘lgan e’tibor, mahalliy tadbirkorlar saxovati natijasida esa ular qiyofasi butunlay o‘zgardi. Yangi jihozlar, zamonaviy tibbiyot uskunalari keltirildi. Bu ishlarda Jamol aka kabi tadbirkorlarning xizmati katta. 2017-yilda poliklinika-


180 Avlodlarga maktub ning yangi binoga egalik qilishiga ham Jamol Isroilov sababchi bo‘lgandi. U kishi butun qurilish mobaynida bunyodkorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi bilan qurilish-montaj ishlarining ham sifatli bajarilishiga hissa qo‘shdi. 2018-yilning 5-dekabrida poliklinika yangi binoga ko‘chirilib, ochilish marosimi tashkil etildi. Ana shu tadbirning o‘tkazilishiga ham Jamol aka beminnat yordam bergandi. U kishi bilan ish mobaynida uchrashib, suhbatlashib turardik, maktab bilan tibbiyotchilarning mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim ekani haqida gapirardi, mabodo yordam kerak bo‘lsa, bemalol ko‘mak berishini ta’kidlardi. Men uning oilaviy poliklinikaga kelgan chog‘idagi bir fikrini doim eslayman. “Jamiyatda inson salomatligidan muhimi yo‘q. Bu esa, eng avvalo, tibbiyot xodimlarining salomatligi, malakasi, tajribasi bilan bog‘liq. Biror masalada ko‘mak kerak bo‘lsa, tortinmay ayting. Tibbiyotga yordam ko‘rsatish tadbirkorning ham vazifasi, ham burchi”, degandi Jamol aka o‘shanda. Jamol aka kattayu kichikka bir xil muomala qilar, muhtojlarga ko‘mak berishni o‘zining eng sharafli vazifalaridan deb bilardi. Uning o‘rnak oladigan jihatlari, barchaga ibrat bo‘ladigan fazilatlari ko‘p edi. Afsuski, shunday inson bu dunyoni, bizlarni ancha erta tark etdi. Biz qadrdonlar u kishining biribiridan ahamiyatli bo‘lgan ishlarini eslaymiz. Yangiqo‘rg‘ondagi tibbiyot muassasasimi, maktab yoki bog‘chami, xususiy tadbirkorlik sub’yektlarimi, hammasining faoliyatida Jamol Isroilov bilan bog‘liqlik bor. Chunki, ularning barchasining faoliyatlarini Jamol Isroilov ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmasdi. Endi esa tajribali rahbar, mohir pedagog, yetuk olim, saxovatli tadbirkor bo‘lgan bu ustoz qalblarimizda abadiy yashaydi.


181 Avlodlarga maktub Jamol Isroilov, avvalo, o‘qituvchi edi. O‘quvchining ham, katta yoshdagilarning ham qalbini tushunardi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, kam ta’minlanganlarga, muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygandi. Kasalmandlar, nogironlar, nochorlar, qariyalarga e’tibor qaratishni o‘zi uchun burch deb bilardi. Men uning qalbidagi mehr-muruvvatni, saxovatni dunyoqarashi kengligidan, bilimdonligidan, barchani birday qadrlashidan deb bilardim. Zotan, bunday mehrmuruvvatlilik, bag‘rikenglik haqiqiy ustozga xos xususiyatdir. Tuhfaniso TURSUNOVA, Yangiqo‘rg‘on oilaviy poliklinikasi mudiri.


Click to View FlipBook Version