182 Avlodlarga maktub SHOGIRDLARNING DIL SO‘ZLARI Pillapoya bo‘ldim senga, azizim, Kezi kelsa, sen ham pillapoya bo‘l. Erkin VOHIDOV. Jamol Isroilov iqtidorli, iste’dodli yoshlarga o‘zgacha e’tibor ko‘rsatardi. Uning o‘nlab shogirdlari oliy va o‘rtamaxsus, xalq ta’limi, qurilish, tibbiyot, umuman olganda, ko‘plab sohalarda faoliyat ko‘rsatishadi. Shogirdlar o‘zlarining to‘g‘ri yo‘lga tushib olishlarida, qator yutuqlarga, muvaffaqiyatlarga erishayotganliklarida ustozlarining ta’siri, ish o‘rgatishi, ta’lim-tarbiyasining o‘rni benihoya ekanligini e’tirof etishadi. O‘z navbatida ular ustozlaridan olgan bilim va ko‘nikmalarni, mahorat va tajribalarni o‘z shogirdlariga o‘rgatib kelishmoqda. Quyida Jamol Isroilovning shogirdlaridan ustozlari haqidagi e’tiroflarini o‘qiysiz.
183 Avlodlarga maktub USTOZLIKNING OLTIN QOIDASI: YUKSAK MA’NAVIYAT, SHAXSIY IBRAT Ta’lim, tarbiya, ustoz, murabbiy, o‘qituvchi! Bu so‘zlar hayotda doimiy, kundalik asosda ishlatiladigan, ammo ularning zamiridagi ulkan ma’no-mazmunni, mashaqqatu mehnatni, bilim va odobni, sabr va matonatni anglash o‘ta mushkul bo‘lgan yumushlaridandir. Azal-azaldan ta’lim beruvchi insonlarga juda ko‘plab talablar qo‘yilib kelinadi. Ilmli, ma’rifatli, dono, zukko, mehnatkash, matonatli.... Biroq, hech bir o‘qituvchi yoki murabbiy bunday talablarning barchasiga bir vaqtning o‘zida to‘liq javob bera olmaydi, nazarimda. Mana, 22 yildirki, uzluksiz ta’lim tizimida tahsil olib kelyapman, boshlang‘ich, o‘rta, oliy (bakalavr va magistratura), oliy ta’limdan keyingi ta’lim (tayanch doktorantura va doktorantura). Bu davr mobaynida 100 dan ortiq o‘qituvchilardan bilim olishga muvaffaq bo‘ldim. Ularning har birini kuzatdim, tahlil qildim, barchasini ustozim deb bildim va ijobiy jihatlarini o‘zimga olishga intildim. Allohga hamdlar bo‘lsinki, men o‘z karyeramda etalon sifatida ko‘ra oladigan va butun umr o‘xshashga intiladigan ustozlik borasidagi «kumir»imni topishga muvaffaq bo‘ldim. Bu inson mening ilm yo‘lini tanlashimga, o‘qituvchilikdek buyuk kasb sohibi bo‘lishimga sababchi bo‘lgan, yuksak ma’naviyati, teran fikrlari, ilm va amalni o‘ta mohirlik bilan uyg‘unlashtirgan holda ham ta’lim, ham tarbiya bergan ustozim, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent (men uchun o‘z kasbining akademigi) Jamol Isroilov hisoblanadi. 2011-2012 o‘quv yilida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti «Bank-moliya xizmatlari» fakulteti «Moliyaviy
184 Avlodlarga maktub va boshqaruv tahlili» fanidan ikki semestr mobaynida bizga ta’lim bergan va shu davrda qalbimizda o‘chmas iz qoldirgan buyuk ustozimiz Jamol Ibragimovich ilk darsida “talabaga baho qo‘yish bilan ta’sir qilish orqali hurmat qozonish madaniyatli insonning ishi emas” deb ta’kidlagan edi. O‘shanda ilk bor juda ta’sirlangan edim va ushbu so‘zlarni xotiramda «qo‘rg‘oshindek quyib olish» kerakligini his qildim. Zero, bu so‘zlar faqatgina ta’lim jarayoniga taalluqli emas, balki asl hayot falsafasi ekanligini hayotimning har onida his etaman. Darhaqiqat, insonning chin ma’noda e’zozlanishi, hurmat qilinishi uning martabasi, lavozimi, ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki odamiyligi, madaniyati, ma’rifati, odob-axloqi bilan o‘lchanar ekan. Bir o‘quv yili davomida ustozning bir-biridan qiziqarli, hayotiy misollarga boy, oddiy, sodda tilda tushuntiriladigan darslarini har hafta orziqib kutganmiz. Guruhimizning eng «sho‘x» talabalari ham darslarga to‘liq ishtirok etishga harakat qilishardi. Chunki, Jamol Ibragimovich biror marta guruhimizdagi hech bir talabani urishgan yoki unga qattiq gapirgan emas, garchi shunga loyiq ish qilgan bo‘lsa ham. Gohida shunday hol ro‘y berganda ustoz o‘sha talabaga otalarcha mehr bilan «Bolam, darsga xalaqit berma, iltimos» deyish bilan cheklanardilar. Bu esa o‘sha talaba uchun ma’naviy jihatdan eng og‘ir «jazo» edi. Negaki, qattiq hurmat qilgan insoningizni ranjitganda undan «mehr va yumshoqlik» bilan dakki eshitish har bir odam uchun o‘ta og‘ir hol hisoblanadi. Ustozning o‘ziga xos xislatlaridan yana biri talabalarning darsga qatnashishi, ya’ni davomatni o‘zlari qilmas edilar. Guruh sardori sifatida aksariyat hollarda jurnalni menga berib, davomatni qilib qo‘y der edilar. Shu yo‘l bilan menga mas’uliyat yuklab, uni qanday bajarishimni nazorat qilib, menga bo‘lg‘usi
185 Avlodlarga maktub mutaxassis sifatida baho berib ketganliklarini yillar o‘tib tushunib yetdim. Ustoz har doim darsni o‘z vaqtida boshlab, o‘z vaqtida tugatishga harakat qilardi. U kishi hech qachon dars vaqtini mavzudan tashqari gaplar bilan «suiiste’mol» qilmasdi. Biz «Buxgalteriya hisobi va audit» ta’lim yo‘nalishida tahsil olganimiz bois, bizga shunday oltin maslahat bergandi: “Kasbingiz taqozosiga ko‘ra biror hujjatga imzo qo‘yayotganingizda boshingiz tepasida Amir Temurning qilichi turganini unutmang, agar noqonuniy ish qilsangiz, qilich boshingizni tanangizdan judo qilishi mumkin”. Haqiqatan ham bu bo‘lg‘usi buxgalter-auditorlar uchun oltinga teng bo‘lgan so‘zlar edi. «Moliyaviy va boshqaruv tahlil» fanidan amaliy mashg‘ulot davomida o‘qituvchimiz Azim aka Gapparovdan Jamol Ibragimovichning institutdan tashqari faoliyatlari, shaxsiy hayotlari haqida so‘rab bilganimda beixtiyor u insonga shogird bo‘lishga niyat qildim. Ammo, magistraturani Toshkent moliya institutida davom ettirganligim bu niyatimni amalga oshirishga monelik qildi. Biroq, chin dildan qilingan har bir niyat amalga oshmay qolmas ekan. Men 2017 yilda Jamol Ibragimovichning aka sifatida bergan saboqlari bilan ulkan natijalarga erishgan, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Bahodir Isroilov rahbarlik qilayotgan kafedrada shaxsan ustozning tavsiyalariga ko‘ra katta o‘qituvchi lavozimida ish boshladim. Shunda talabalik davrimdagi «davomat operatsiyasi»ning hikmatini tushunib yetdim. Bahodir Isroilov ilmiy rahbarligida «Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda investisiyalar hisobi va tahlilini takomillashtirish» mavzusida dissertatsiya yoqlab, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldim va bugungi kunda «Inson kapitaliga investisiyalar hisobi va tahlili metodologiyasini takomillashtirish» mavzusida iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun
186 Avlodlarga maktub Toshkent moliya instituti doktoranturasida tadqiqotlar olib bormoqdaman. Men o‘n yildan beri olib borayotgan «ilmiy-pedagogik» faoliyatimda ustozim Jamol Ibragimovichdek pedagog bo‘lishga, u kishidek yuksak ma’naviyat, shaxsiy ibratni ustozlikning oltin qoidasi deb bilib, unga amal qilishga intilib kelmoqdaman. Har safar Bahodir Ibragimovich bilan ustoz haqida suhbatlashganimizda u kishining nafaqat oliy ta’lim muassasasida, balki hayotning har bir jabhasida har bir inson uchun namuna bo‘la olganliklarini o‘zim uchun takror-takror kashf etaman. 2020-yil yozida nafaqat Samarqand iqtisodiyot va servis instituti jamoasi, Samarqand iqtisodiyot maktabi, balki respublika ilm-fani, maorifi og‘ir judolikka uchradi. Jamiyat o‘z bag‘ridagi zabardast olim, jonkuyar murabbiy, serqirra tadbirkor, mohir siyosatchi, oqil rahbar va bebaho insondan ayrildi. Jamol Ibragimovich bebaho o‘gitlari, qimmatli asarlari, yuksak insoniylik fazilatlari bilan qalblarimizda mangu yashaydi. Olmos OCHILOV, SamISI bitiruvchisi, Toshkent moliya instituti dotsenti, i.f.f.d. (PhD). IKKILANISH — OJIZLIK BELGISI Odam borki, tirigida o‘likdir, Odam borki, o‘lganda ham tirikdir. M.SHAYXZODA. Ushbu misralar xuddi ustozim Jamol Isroilovga o‘xshagan mehridaryo insonlar uchun aytilgan, deb o‘ylayman. Men uchun ustozim haqida xotira yozib, qalam tebratish, shunday buyuk inson haqida o‘tgan zamonda gapirish juda og‘ir.
187 Avlodlarga maktub Afsuski, bu ruhiy holatimni tasvirlab berolmayman... ...O‘shanda ustoz Oliy Majlis deputati sifatida faoliyat yuritardi. U kishining yoniga yoshu qari, kattayu kichik o‘z muammosi bilan kelaverardi. Garchi, bu ishlarning ko‘pi uning vakolatiga kirmasa-da, umid bilan kelgan har qanday insonni noumid qaytarmasdi. Tumanning chekka bir qishlog‘ida yashaymiz. Qishloqda eski maktabdan boshqa biror madaniy-ma’muriy binoning o‘zi yo‘q. “Hamma kirayapti-ku, hamma so‘rayapti-ku”, degan o‘y bilan men ham ming istixolada, tavakkal qilib ustozning oldiga kirdim. Qishlog‘imizdagi eski maktab, undagi o‘zi yo‘q shartsharoitlar haqida gapirdim. U kishi bir nuqtaga tikilib o‘ylanib turdi-da, “Siz boravering”, dedi. Kirganimga, shu eski maktab haqida gapirganimga ming pushaymon bo‘ldim, to‘g‘risi, o‘shanda. Noto‘g‘ri o‘ylagan ekanman. Bir kuni u kishi meni chaqirdi va, “Ergash, hayda moshinani, (Ergash aka o‘sha paytda 2-maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlardi) Erkinoyning qishlog‘iga borib kelamiz”, dedi. Qishloqqa kiraverishda o‘sha paytlarda hali sotilishga ulgurmagan, qay bir olg‘irlar tomonidan o‘zlashtirib olinmagan dala shiyponi oldida mashinadan tushib, u yoq-bu yog‘ini aylanib, ko‘rib chiqdi. Mashinaga o‘tiraturib, o‘sha yerdagi yigitlarga “Biz hozir qaytamiz, ungacha qishloq oqsoqollarini aytib kelinglar”, deb tayinladi. “Endi eski maktabni ko‘rsating”, dedi menga. Borib ko‘rgach, “Bu yerni buldozer bilan surib tashlash qolibdi, xolos”, deya yana mashinaga o‘tirib, qishloq kattalari kutib turgan shiypon binosiga bordik. – Hurmatli otaxonlar, bitta oq fotiha beraylik, mana shu opa bu yerdan qishlog‘ingiz bolalari uchun maktab quradi, — deya
188 Avlodlarga maktub e’lon qildi va o‘zi chiroyli fotiha o‘qidi. “Qishlog‘ingizning kiraverishi serdaraxt, soya-salqin joy ekan. Bu yerga chiroyli bino tushadi” deb o‘sha paytning o‘zida maktabning taxminiy tarhini ham chizib berdi. O‘shanda ustozimizning quvvayi hofizasidan lol qolganman. Xullas, ustoz bashorat qilganday, ushbu maktab hozirgi kunda qishlog‘imizning ko‘rki sifatida qad rostlab turibdi. Maktabning poydevoridan to bitgunicha u kishi nafaqat moddiy jihatdan, balki ma’nan ham bosh-qosh bo‘ldi. O‘sha paytda qurilish qilish oson bo‘lmadi. Lekin men o‘shanda u kishidan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Ba’zan tashvishlardan charchab, ishimni oxiriga yetkazishga ikkilanganimda, u kishining “Hech qachon ikkilanmang, harakat qilsangiz hammasiga erishasiz, albatta”, degan so‘zlari menga qayta kuch bag‘ishlardi. Bir gal maktabning qurilish jarayoni haqida maslahatlashish uchun u kishining yoniga borganimda bexosdan qaysidir savolga “bilmasam” deya javob qaytardim. “Hech bir masalada bu so‘zni hech qachon ishlatmang. Bajara olaman yoki bajara olmayman deng, ikkilanish ojizlik belgisi” dedi. Mana shu yengil tanbehi bilan ham ustozning menga qat’iyat haqida saboq bergani sira yodimdan chiqmaydi. 1997-yilda 5-boshlang‘ich maktab mudirasi, 2004-yilda Oqdaryo tuman til o‘rgatish markazi direktori, 2011-yildan 2019-yilgacha tumandagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga direktor lavozimlariga ham aynan ustozning tavsiyasi bilan tayinlanganman. U kishining bizga bergan har bir maslahati, har bir gapi hozirgacha quloqlarimiz ostida xuddi kechagidek jaranglab turadi. Hali-hamon mehnat faoliyatimda dasturulamal sifatida foydalanib kelaman. Ushbu lavozimlarda ishlar ekanman, ustozimdan rahbarga xos bo‘lgan kamtarlikni,
189 Avlodlarga maktub qat’iyatni, talabchanlikni, muomalani, xullas, boshqaruv san’atini o‘rgandim, desam yanglishmayman. Yana bir voqeani g‘urur bilan eslayman. Ko‘p yillar tumanimiz maorifini boshqargan fidoyi inson Shohida opa Nigmatova “Qizim, siz bu maktabni qurib, o‘zingizga haykal qo‘ydingiz”, deganda rosa to‘lqinlanib ketganman. O‘ylab qarasam, men bir kichkina ta’lim maskanining barpo etilishiga sababchi bo‘lib, shu ta’rifga loyiq ko‘rilibman. Ustozimiz esa ezgu ishlari bilan qanchadan-qancha yuraklarga o‘z haykallarini o‘rnatib ketgan ekan... Ustoz haqiqiy bunyodkor, motivator va kamtarin inson edi. Maqtash va maqtanishni yomon ko‘rardi, “Maqtov odamni buzadi”, deb ko‘p aytardi. Odamning yuziga qarab, ruhiyatiga baho berardi. O‘zining iborasi bilan aytganda, har qanday odamning kimligini uning “bismillo”sidan bilib olardi. Esimda, 2016-yilning yanvarida ikkinchi kitobim nashrdan chiqqandi. Ustozga ham bir donasini olib kirib, “Falon sahifada sizga atalgan she’rim bor, o‘qib ko‘rarsiz”, dedim. Kitobchani qo‘llariga olib varaqladi-da, “Odamni hijolat qilasizlar-da”, dedi astagina. Qarang-a, shuncha odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilgan, qanchadan-qancha bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, olamshumul siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan ma’rifat va ma’naviyat fidoyisining naqadar kamtarligini. Shunday katta qalb, cheksiz aqlu zakovat, tuganmas g‘ayratshijoat sohibi bo‘lgan ustozimiz bilan bir umr faxrlanaman. U kishining porloq xotirasi oldida hamisha ta’zimdamiz. Erkinoy QARSHIYEVA, Xalq ta’limi a’lochisi, shoira.
190 Avlodlarga maktub JAHONDA BO‘LMASA MUALLIM AGAR... Ustoz — hayot tushunchasi paydo bo‘lganidan buyon yashab kelayotgan siymo. Shu bois, azal-azaldan ustoz-murabbiylarga bo‘lgan ishonch, hurmat-izzat o‘zgacha. Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi. Jamol aka Isroilov (oxiratlari obod bo‘lsin) haqida so‘z aytganlar ko‘p. Aytmoqchi bo‘lganlar esa undan-da ko‘p. Ustozning do‘stlari va shogirdlari qalbidagi yorug‘ xotiralar - o‘zi alohida olam. Ular qog‘ozga tushsa, ibrat va o‘rnak ko‘zgusiga aylanishi tayin. Ulug‘ ustozga shogird bo‘lish baxtiga men ham muyassar bo‘lganlardan biriman. 1986 yil adashmasam, oktyabr yoki noyabr oylari edi. Ustoz Jamol aka Isroilov meni o‘rta ma’lumot bilan maktabga laborant vazifasiga ishga qabul qilgandi. Ustozning maslahatlari bilan hozirgacha ta’lim sohasida mehnat qilib kelmoqdaman. Ustoz haqida fikr bildirish ham maroqli, ham zavqli, ham o‘ta mas’uliyatlidir. Ustoz haqida qandaydir fikr aytayotganida biror-bir xatolikka yo‘l qo‘ymadimmikan, deb odam xavotirlanib turadi. Jamol Isroilov o‘z faoliyati davomida bir qancha ezgu ishlarni amalga oshirib kelganki, ularni so‘z bilan, sanoq bilan ifodalab bo‘lmaydi. Bu inson faqat yosh avlodning
191 Avlodlarga maktub bilimli bo‘lishi, kerakli shart-sharoitlarda ilm olishiga qattiq qayg‘urardi. Jumladan, 2005-yilda tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 2008-yilda 52-ixtisoslashtirilgan maktabinternati, 2018-yilda 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabini tashkil etishda ustozning o‘zi tashabbuskor bo‘lgan. Inson hayotda hech qachon kimgadir uning mansabi, obro‘si yoki boyligiga qarab yaqinlashishga intilmasligi kerak. Jamol akaning yo‘li bu borada ham barchaga ibrat edi. Qayerga, qanday marosim yoki tadbirga taklif etishmasin yoki ko‘mak so‘rashmasin, barchasini bajonudil qabul qilardi. U kishi ikkiyuzlamachi, yolg‘onchi, ishi bitguncha parvona bo‘lishga intiladigan odamlarni xushlamasdi. Hamisha, maktab ta’limi, uning istiqlol yillaridagi taraqqiyoti xususida qayg‘urardi. O‘quvchilar dilida ta’limga bo‘lgan ishtiyoqni oshirar, yosh avlodni bilim olish yo‘lidagi murakkabliklardan aslo cho‘chimaslikka undardi. Ustoz bilan o‘tkazgan har bir suhbat kishining ruhiyatini ko‘tarishga xizmat qilar edi. Shaxsan mening ta’lim sohasidagi ishlarimdan tashqari, oilamdagi turmush sharoitimga, qiyinchiliklarga e’tibor qaratishlari, farzandlarimning ta’limtarbiyasida, mehnat faoliyatimda duch kelayotgan masalalar bilan yaqindan qiziqishlari, o‘z maslahatlarini berishlari, hatto, yosh oilali bo‘lgan paytimda shaxsiy muammolarni hal etishga ko‘rsatgan amaliy ko‘maklari yorqin xotira bo‘lib qolgan. Bunday xotiralar haqida har kun, har on eslayman. Ezgu maqsadlarni ko‘zlagan paytlarimda ustoz ruhi qo‘llayotgandek, yangi marralar sari ruhlantirayotgandek bo‘ladi. 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tashkil etilganligining 90 yillik yubileyini nishonlashda ustozning xizmatlari benihoyat katta bo‘lgan edi. Oradan 10 yil o‘tib 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tashkil etilganining 100 yillik tantanasida qatnashdim.
192 Avlodlarga maktub Allohga shukur, buyurgani shu ekan-da, deb o‘zimni ovutishga qanchalik urinmay, baribir, qalbim to‘rida bir xiralik sezilib turardi. Bu xiralik 2-maktabning 100 yillik to‘yini ustoz bilan birga nishonlash nasib etmagani edi. Bu tuyg‘u faqat menda emas, boshqalarda ham bo‘lgani sir emas. Ustozning amalga oshirgan ishlaridan ko‘ra kelajakda amalga oshirishi kerak bo‘lgan rejalari ko‘p edi. Jahonda bo‘lmasa muallim agar, Hayot ham bo‘lmasdi go‘zal bu qadar. Ustozni eslaganda ko‘z o‘ngimizda yuksak fazilatlar egasi, ziyoli, bilimi va mehri oqar chashmadek to‘lib-toshgan shaxs gavdalanadi. Umrlarining oxirigacha u kishining ta’limga sadoqati, ijodiy shijoat, izchillikning susaymagani, yosh avlodni tarbiyalash borasida ham nazariy, ham amaliy jihatdan bizga barcha saboqlari har qanday kishining mehnat faoliyatida, ilm yo‘lida bergan nasihatlari va qo‘llab-quvvatlashlari uni tanigan, bilganlarning qalbida butun umr saqlanib qolishi, shubhasiz. Yodgor HAMROYEV, Oqdaryo tumanidagi 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori. INSON KAMOLOTI ME’MORI — USTOZ Inson hayoti mobaynida ko‘rgan-kechirganlarining hammasi bo‘lmasa-da, bir qismi hech qachon yodidan ko‘tarilmaydi. Aslida, xotirada qoladigan alohida voqealarning bo‘lib turishi aniq. Bunday voqea-hodisalar tez-tez eslanib turiladi. Bunga har bir inson hayoti davomida amin bo‘ladi. Men Oqdaryo tumanidagi Oytamg‘ali kishlog‘ida tug‘ilganman. 8-umumta’lim maktabida ta’lim olganman. 1987-
193 Avlodlarga maktub yil Samarqand davlat pedagogika institutining matematika fakultetiga o‘qishga kirdim va mazkur institutni 1992-yilda bitirib, qishlog‘imga qaytdim. Men ta’lim olgan maktabda o‘sha vaqtda 6 nafar matematika o‘qituvchisi faoliyat olib borayotganligi, bu fan o‘qituvchisi uchun boshqa bo‘sh joy bo‘lmagani sababli ish faoliyatimni qo‘shni 7-umumta’lim maktabida boshladim. 1992-yil noyabr oyida bir necha yil tuman XTB bo‘limida mudir o‘rinbosari vazifasida ishlagan M.Qo‘chqorov bilan uchrashib qoldim. U kishi menga 2-umumta’lim maktabiga matematika o‘qituvchisi kerak ekanligini va bu haqda maktab direktori Jamol Isroilov aytganligini, bir borib uchrashishim kerakligini ta’kidladi. Men vaqtni o‘tkazmasdan 2-umumta’lim maktabiga keldim. Bu yerda ustoz Jamol Isroilov bilan uchrashdim. Ustoz meni o‘z xonasida yaxshi kutib oldi va qisqa savol-javobdan so‘ng menga matematika fanidan beshta misol va masala berdi. Men berilgan topshiriqni bajardim va ustozga yuzlandim, bajarilgan misol va masalalarni tekshirib ko‘rib, ustozning kayfiyati ko‘tarildi. Uning o‘sha payti «Bizning jamoaga xush kelibsiz» deb aytgan so‘zi hozir ham esimdan chiqmaydi. Maktab o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari M.Muhammadiyevni xonasiga chaqirib, meni ishga qabul qilganini va menga uchta 5-sinfdan jami 18 soat matematika darsi berilishini ta’kidladi. Shu-shu, mening ish faoliyatim 2-umumta’lim maktabi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Menga berilgan dars soatlari deyarli har kuni birinchi soatda boshlanar edi. Dars soatimga kechikmasdan kelardim va gohida darsimga ustoz Jamol Isroilov tahlilga kirish uchun kutib turganligini ko‘rardim. Dars tugagandan so‘ng darsni tashkil etishning samarali
194 Avlodlarga maktub yo‘llarini menga tushuntirardi. O‘quv yili so‘ngida menga berilgan uchta beshinchi sinf o‘quvchilarining matematika fanidan bilim sifati yuqori bo‘lganligi sababli pedkengash qarori bilan menga «ikkinchi» malaka toifasi berildi. Jamoadagi barcha o‘qituvchiyu ishchi-xodimlarga bir xil muomalada bo‘lishlari ustozning noyob fazilati edi. Bunday munosabat biz — o‘qituvchilarning ham pedagogika qoidalarini yanayam puxtaroq o‘rganishimizga yordam berar, ustoz esa har kuni muhim yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishdan erinmasdi. Ayniqsa, jamoada samarali mehnat qilayotgan xodimlarni muntazam rag‘batlantirib borishlari har bir xodimni ruhlantirardi va yanada yuqori darajada mehnat qilishiga undardi. Ustozda yana bir noyob xislat bor edi. Bu uning ko‘p hollarda kelajakni oldindan ko‘ra bilishi, voqealar rivojini oldindan his qila bilishi edi. Ya’ni, o‘n yildan so‘ng, balki, undan ham keyin qanday sohalarga e’tibor ortishi mumkinligi haqida fikr yuritardi. Iqtidorli o‘quvchilar maktab-internatini tashkil etish g‘oyasining paydo bo‘lishini shunday g‘oya bilan bog‘lash o‘rinlidir. Fikrimizning isboti, ustoz bu ishga bundan o‘n ikki yil oldin kirishgandi. Shundan buyon qo‘shni maktablar, tumanlardan bu maktabga qanchadan-qancha iqtidorlari, o‘quvchilar jalb etildi. Ularning aksari bu dargoh ta’limidan so‘ng mamlakatimiz va xorij oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlarini davom ettirishdi, iste’dodli, mahoratli yetuk kadrlar bo‘lib yetishishdi. Katta-kichik shaharlarimizda esa shunday maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga biroz kechroq kirishildi. Shu misolning o‘zidan ma’lumki, ustoz Jamol Isroilov davr bilan hamqadam emas, ba’zi hollarda anchagina oldinroq qadam tashlardi. Men haqiqiy ma’noda ta’limni, tarbiyani, sohadagi rahbarlik sir-asrorlarini ustozim Jamol Isroilovdan o‘rganganman va
195 Avlodlarga maktub buni har doim faxr bilan tilga olaman. Hayotingiz davomida hech bo‘lmasa bitta shogirdingiz sizni ustoz sifatida tan olmasa, umringizning shamollarga sovurilishi haqiqatdir. Ayniqsa, bu ta’lim tizimida yaqqol anglanadi. Ulug‘lardan biridan ustoz uchun eng maqbul holat haqida so‘rashganlarida, u bir o‘ylab o‘tirmasdan “Ustoz uchun shogird kamolotini ko‘rishdan ulug‘i yo‘q”, deb javob bergan ekan. Naqadar hayotiy, falsafiy ibora. Haqiqatda ham shogirdlar kamolot sari intilishsa, hayotda rivojlanish bo‘ladi. Hayot shunday avvaliga shogirdlar ustoz bilan birgama-birga ishlashadi, hamkorlik qilishadi. Keyin shogird barcha ishlarni ustoz qo‘lidan oladi. Mustaqil ish yurita boshlaydi. Yillar o‘tib avlodlar almashinuvi ro‘y beradi. Shogird ustozga aylanadi. O‘z navbatida, u ham shogirdlar tayyorlay boshlaydi. Bugungi kunda ustoz Jamol Isroilovning yuzlab-minglab shogirdlari jamiyatimizning turli sohalarida mehnat qilishmoqda, o‘nga yaqin shogirdlari tumanimizdagi maktablarda direktor lavozimida ishlashmoqda. Ular ustozdan olgan ta’lim va tarbiyalari asosida mehnat qilishayapti, mamlakatimiz ta’lim tizimining rivojlanishiga imkon qadar hissa qo‘shishayapti, yosh avlodning sifatli ta’lim-tarbiyasi borasida jon koyitishayapti, jonkuyarlik qilishayapti. Men ular va boshqa sohalardagi shogirdlar faoliyatini tasavvur etar ekanman, ko‘z oldimdan mehribon ustozimizning fidoyiligi, tinib-tinchimasligi o‘tadi. Uning shogirdlarga ta’lim– tarbiya berishda ular qalbiga yangi g‘oyalarni, mamlakat va el manfaatining ustuvorligini singdira olgani haqidagi tasavvurlarim boyiy boshlaydi. Faqatgina ta’lim tizimida emas, uning yana bir necha sohalarda haqiqiy shogirdlar yetishtira olganiga iymon keltiraman. Rus xalqining ulug‘ yozuvchisi Maksim Gorkiy “O‘zimdagi barcha xislatlar uchun kitobdan minnatdorman”, degan edi. Men ana shu iboraga ozgina tuzatish kiritib, “Men o‘zimdagi barcha
196 Avlodlarga maktub xislatlar uchun kitob va ustozdan minnatdorman”, deya aytgim keladi. Negaki, bilimli, tarbiyali, odob-axloqli bo‘lishimizda, elda e’tibor qozonishimizda kitobning hamda ustozning xizmati bir-biridan kam emas. Men Jamol Isroilovdek ilmli, tajribali o‘qituvchi va rahbarning, el xizmati yo‘lida hamisha kamarbasta bo‘lgan shunday shaxsning shogirdi bo‘lganimdan faxrlanaman. Ustozim hayotlik davrida juda ko‘p odamlarning qo‘lidan kelmaydigan, biri-biridan muhim ezgu ishlarni amalga oshirishga erishdi. Bu esa biz — shogirdlarga taskin beradi. Nabijon O‘ROQOV, Oqdaryo tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori. KELAJAKNI KO‘RA BILISH DONOLIKDIR Ajoyib rahbar, iqtisod fizika fanlari nomzodi, yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning saboqlari mudom biz shogirdlar uchun go‘yo yorqin mayoqdek yo‘limizni yoritib turadi. U nafaqat maktabimizning, balki tumanimizning ham zabardast, jonkuyar, o‘ta ma’rifatli bilimdoni edi. Bu inson bugungi hayotdan 50 yillar oldinga o‘tib ketgandi desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, hozirgi kunda mamlakatimizda chuqurlashtirilgan holdagi o‘qitish tizimiga o‘tilayapti. Joylarda iqtidorlilar maktablari tashkil etilayapti. Ta’lim sohasida bunday islohotlarni ustoz ancha avval boshlagan edi. Uning tashabbusi bilan Yangiqo‘rg‘on shaharchasida iqtidorli bolalar maktab-internati qurilib, foydalanishga topshirilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, bu maktab ajoyib yutuqlari bilan tilga tushdi. Uning bitiruvchilari oliy bilim dargohlariga
197 Avlodlarga maktub kirish bo‘yicha keng jamoatchilikni hayratga solib ulgurdi. Fikrimizning dalili sifatida aytish lozimki, 2022-2023 o‘quv yilida ustozning o‘g‘li Bekjon Ibrohimov rahbarlik qilayotgan ushbu bilim dargohi bitiruvchilarining hammasi oliy o‘quv yurtlari talabalari bo‘lishga erishdi. Haqiqatda ham hayratlanarli holat. 100 foizlik imkoniyatdan 100 foizlik natija. Ustoz Jamol Isroilovning orzulari shunday edi. Uning orzulari amalga oshdi. Afsuski, o‘zi ko‘rmadi. Aslida bu ishlarning poydevori ustoz tomonidan bundan o‘ttiz yil muqaddam yaratilgandi. U kishining tashabbusi bilan 30 yil muqaddam 2-o‘rta maktabning 9-sinf bitiruvchilari test sinovlari asosida 10-sinfga qabul qilina boshlangan edi. Jamol aka odamlarga mehribonligi, jonkuyarligi bilan ham ibrat maktabini yaratgan. Bog‘bon uchun barcha nihollar birdek qadrli bo‘lgani kabi ustoz uchun ham hamma — yoshmi, qarimi, barchasi birdek qadrli bo‘lgan. Huzuriga yordam so‘rab keladimi, maslahatmi, hamma-hammaning ko‘nglini olishga erishardi. Yangiqo‘rg‘on ahlining ulkan bir bo‘lagiga, yuragiga aylangan bu inson nomini zarhal harflar bilan yozib qo‘ysak arziydi. Chunki, bu inson 2-maktab muhitini tubdan yaxshilash bilan birga obodonchiligiga ham e’tibor qaratdi. Natijada, maktabimiz chiroyli bir so‘lim go‘shaga aylandi. Daraxtzorlar, gulzorlar ko‘rkka-ko‘rk, chiroyga-chiroy qo‘shdi. Ko‘rgan kishining ko‘ngli orom oladi, yayraydi. Bunday go‘shani yaratgan kishining haqqiga duo qilmasdan o‘tmaydi. Maktabimizning har bir bitiruvchisidan, har bir daraxtidan, gullaridan Jamol akaning nafasi ufurib turadi, go‘yo. Zero, ustozning o‘zi aytganidek, o‘qituvchining mehnati singmagan, chirog‘i yonmagan xonadonning o‘zi yo‘q. Shunday ekan, hamisha u kishining chirog‘i yoniq, ruhlari
198 Avlodlarga maktub shod, inshoalloh. Biz shogirdlar mohir pedagog, maorif jonkuyari ustoz Jamol Isroilov boshlagan ishlarni davom ettirishda, yoshlar ta’limtarbiyasi yo‘lida bor kuchimiz, salohiyatimiz bilan mehnat qilaveramiz. Qahramon OROMOV, Oqdaryo tumanidagi 2-maktab direktori. DARAXTNING SALOBATI YIQILGANDAN KEYIN BILINAR EKAN Ustozimiz Jamol Isroilov turli sohalarda, jumladan, maorif tizimida ham ko‘plab shogirdlar yetishtirgan inson edi. Ulardan birinchisi mening dadam Zoir Eshmurodovdir. 1986 yildan bu ustoz-shogird hamisha maslakdosh bo‘lib, aka-ukadek mehnat qilishdi. Bu qadrdonlik rishtalari keyinchalik qudachilik bilan yanada mustahkamlandi. Dadam umrining oxirigacha Sug’onchi qishlog‘idagi 6-o‘rta maktabga rahbarlik qildi. 2018 yilda dadamning bevaqt o‘limi hammamizni, shuningdek, ustoz va do‘st sifatida Jamol Isroilovni ham chuqur qayg‘uga soldi. Ana shu iztirobli kunlarda bizga ruhan dalda bo‘lib turgan bu inson oradan bir muddat o‘tgandan so‘ng meni huzuriga chaqirib, “Dadangning ishlarini endi sen davom ettirasan. Maktabning mavqei tushib ketmasligi kerak. Men hamisha sendan o‘z yordamim va maslahatlarimni ayamayman, senga ishonaman”, deb meni dadil bo‘lishga undadi. U kishining maslahatlari bilan tushkun holatdan chiqib, 6-maktab direktorligi lavozimida ish boshlaganman. Bu inson umrining oxirigacha meni qo‘llab-quvvatlab, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib keldi. Maktabimizning o‘quv-tarbiyaviy darajasi tobora yaxshilanib, tumanda mavqei yanada mustahkamlandi.
199 Avlodlarga maktub Buning zamirida Jamol Isroilovning dono maslahatlari zamin bo‘ldi, desam xato qilmayman. Chunki otamdan keyin otamdek g‘amxo‘rlik qilar, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatar edi. “Daraxtning salobati yiqilgandan keyin bilinadi”, deydi xalqimiz. Mana oradan yillar-oylar o‘tib borayapti. Ko‘nglidaryo ustozimizning yuksak insoniy fazilatlari, elulusga beminnat qilgan xizmatlari tobora oydinlashmoqda. Endilikda hammamiz bir aqli donish zamondoshimizdan ayrilganimizni teranroq his qilmoqdamiz. Chunki u hamisha ko‘z o‘ngimizda oddiy qishloq ziyolisi qiyofasida yurardi, katta-kichik bilan muomalada o‘ta samimiy edi. Shu o‘rinda bir fikrni aytib o‘tishni juda istardim. J.Isroilov hayotda, jumladan, maorif sohasida yangilikka intiluvchan inson edi. 2000 yillar boshida u iqtidorli bolalar sinfini tashkil qilgandi. 2010 yilga kelib, mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib iqtidorli bolalar maktab-internatini ochdi. Oradan 8 yil o‘tib, uning bu tashabbusi mamlakatimiz bo‘ylab keng yoyildi. Shu jihatdan Jamol Isroilovni jadid bobolarimizga o‘xshardi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ustozimiz bir necha maktablar bunyod etdi. Ularning orasida biz zamondoshlar uchun qoldirgan ibratli hayot maktabi doimo dasturulamaldir. Charos MUXAMMADIYEVA, Oqdaryo tumani “Sug‘onchi” MFY 6-o‘rta maktab direktori. BAG‘RIKENG, G‘AMXO‘R, TALABCHAN RAHBAR Men zakovatli inson, ustoz Jamol Isroilov bilan birga ishlagan kezlarimni ko‘p eslayman, u kunlarni chin dildan qo‘msayman. Bir jamoada ishlagan damlarni ko‘z oldimga keltiraman. 2009 yildan boshlab 52-ixtisoslashtirilgan maktab-
200 Avlodlarga maktub internatda ustozga o‘rinbosar bo‘lib ishlagandim. Ana shu davrda ustozdan juda ko‘p amaliy saboq oldim, u kishidan ish, tajriba o‘rgandim. Ish faoliyatim davomida shunga amin bo‘ldimki, o‘qituvchi dars berish jarayonida bilimdon, zukko bo‘lsa, o‘quvchilari o‘rtasida o‘zini haqiqiy muallimday tuta olsa, uning shogirdlari bilimdon, odob-axloqli bo‘lishadi. Bundan buyon ham faoliyatimning shunday davom etishini istayman. Bu istagimning amalga oshishi uchun hamma imkoniyatlar yetarli. Ularning barchasiga ustoz Jamol Isroilovning kasbiy, hayotiy saboqlari, o‘gitlari tufayli erishganman. Ustozning fazilatlaridan biri qat’iyatliligi, o‘ziga ham, o‘zgalarga ham o‘ta talabchanligi edi. Aslida rahbar shunday yo‘l tutmasa, maqsadga erishishi qiyin, deb o‘ylayman. Kunlardan bir kun shunday degandi: - Har bir sohada tartib-intizom birinchi o‘rinda turadi. Usiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Masalan, ishlab chiqarish korxonasida ishchi ishga kechiksa, uning ishidan baraka ketadi, shifokor dardmandning huzuriga vaqtida kelolmasa, xastaning ahvoli og‘irlashadi, o‘qituvchi darsini tashlab qo‘ysa, birpasda o‘quvchilar sinfxonani bozor qilib yuborishadi, nima bo‘lgandayam, hali ular bola-da. Hozirgi o‘yinqaroqligi ertaga pand berib qo‘yishini bilmaydi, bilganda ham bolalikning erkaliklari ustun keladi. Yana ular o‘qituvchining salohiyati, salobati, muomalasiga ham qarashadi. Bu o‘rinda men qattiqqo‘llikni ham nazarda tutayapman. Ayniqsa, bunday xislat rahbar uchun zarur. Shuni ham unutmaslik kerakki, qattiqqo‘llik deganda, birovga kuch ishlatishni, uni haqorat qilishni tushunmaslik kerak. Bu almisoqdan qolgan uslublarning vaqti allaqachon o‘tib bo‘lgan. Endi esa o‘qituvchining o‘quvchi qalbini yaxshi so‘z bilan, kuchli bilim
201 Avlodlarga maktub bilan zabt etish payti keldi. Xatoga yo‘l qo‘yganlarga choralar qo‘llashda esa amaldagi qonun-qoidalardan aslo chetga chiqmaslik kerak. Ustozning bu so‘zlari haqida ko‘p o‘ylardim. Hozirgi paytda ham ular ko‘p hollarda xayolimni band etadi. O‘ylayman, mulohaza qilaman, uning bu borada naqadar haq ekaniga amin bo‘laman. 2010-yildan boshlab ingliz tili o‘qituvchilariga shunday topshiriq berdi. O‘qituvchilar bilan har hafta suhbat o‘tkazib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganlarni Samarqand shahriga sayohatga olib borib, dunyoning turli hududlaridan kelgan xorijlik sayyohlar bilan jonli muloqot o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishni aytdi. Bu amaliyot natijasida o‘qituvchilarning ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi, chet ellik sayyohlar bilan muloqotlarga kirishishga bo‘lgan intilishi juda ortdi. Bu tadbir o‘qituvchilarning ingliz tiliga havasini yanada oshirish yo‘li edi. Oradan ikki yil o‘tib, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan chet tillarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlari haqida muhim me’yoriy hujjatlar chiqarildi. Bizning internat-maktab jamoasi ustoz rahbarligida boshlagan tashabbusi respublika miqyosida ommalashtirildi. Aytish lozimki, ustoz Jamol Isroilov judayam qo‘li ochiq, kamtar, saxovatpesha inson edi. U kishi boshchiligida nafaqadagi ustozlar, nogironligi bo‘lganlar, xastalanib qolganlar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olardik. Ana shunday tadbirlarning birida ustoz shunday degandi: “Bu tadbirimiz an’ana bo‘lib qolsin. Ustozlarni ziyorat qilib, ko‘nglini so‘rash eng ulug‘ savoblardan biridir. Hamisha odamlarga mehrli bo‘laylik”. Bunday tadbirlar ustozning muallimlarga bo‘lgan chuqur hurmatidan, bag‘rikengligidan nishona edi.
202 Avlodlarga maktub “Mehnat – mehnatning tagi rohat”, — deganlaridek mehnat qilganimizdan so‘ng uning rohatini ham ko‘rishimiz kerak. Har yili bahorgi yoki yozgi ta’tilda, albatta, jamoani O‘zbekistonimizning qaysidir jannatmakon go‘shasiga sayohat tashkil etardi. Bu masalada o‘qituvchilarning xohish va istaklari inobatga olinar edi. Ustoz Jamol Isroilov shunday bag‘rikeng, g‘amxo‘r, rag‘batli inson edi. Fazoda FAYZIYEVA, Xalq ta’limi a’lochisi. SAVOBLI ISHLARINING DAVOMCHISIMIZ Inson dunyoda qilgan ezgu amallarining ortidan savobga erishadi. Bunday amallarimiz keyin ham biz haqimizda iliq xotiralarni, ijobiy fikrlarni uyg‘otadi. Jonkuyar va fidoyi ustoz J.Isroilov haqida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin. U mahoratli pedagog, o‘z kasbining ustasi edi. Ilmli va bag‘rikeng inson bo‘lishlari bilan birga, uzoqni ko‘ra oladigan katta hayotiy tajribaga ham ega edi. Jamol aka 2009 yilda yaxshi niyat bilan iqtidorli o‘quvchilarning yanada chuqur bilim olishlari, jamiyat taraqqiyoti uchun zamon bilan hamnafas, yuksak ma’naviyatli va kuchli bilimga ega yoshlarni tarbiyalash maqsadida 52-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining tashkil etilishiga bosh-qosh bo‘ldilar. Men ustoz J.Isroilov bilan birga 2009 yildan boshlab shu maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yurita boshladim. Ustoz bu maktabga nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilarni ham saralab olar edilar. Shu sababdan bugunga kelib bu ta’lim dargohida jami 34 nafar pedagogdan 22 nafari oliy, 6 nafari birinchi va
203 Avlodlarga maktub olti nafari ikkinchi malaka toifalariga ega. O‘qituvchilar ilmiy salohiyatining yuqoriligini shundan ham ko‘rish mumkinki, maktabda bir nafar fan doktori (PHd) va o‘n nafar magistr darajali o‘qituvchilar yoshlarga bilim bermoqda. O‘qituvchilarimiz orasida turli fan doirasida xalqaro sertifikat sohiblari 9 nafarni, milliy sertifikat egalari esa 6 nafarni tashkil etadi. Bu quvonarli va faxrlanarli hol, albatta. Ustoz J.Isroilov ingliz tilining dunyo tillari orasida tutgan o‘rnini, bu tilni egallamasdan chuqur bilimga ega bo‘lish mushkul ekanligini inobatga olgan holda, maktab o‘quvchilari o‘rtasida ingliz tili fanidan tanlovlar tashkil etib, g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni Samarqanddagi Registon me’moriy majmuasiga sayohatga olib borardi va u yerda yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar bilan suhbatlar tashkil etardi. Bunday suhbatlar o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan rag‘batini yanada oshirishga xizmat qilardi. Shunday e’tiborning samarasi va saralangan fan o‘qituvchilarining mehnatlari evazi sifatida o‘quvchilarimiz orasida ham bir nafari xalqaro SAT sertifikatini, 23 nafari esa ingliz tili fanidan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi. O‘quvchilarimizning so‘nggi yillarda oliy ta’lim dargohlariga talabalikka qabul qilinish ko‘rsatkichlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2020-yilda 77%, 2021-yilda 83%, 2022-yilda 98%, 2023-yilda esa 100% ni tashkil etib, o‘sib borganligini kuzatamiz. Bizning ta’lim dargohimizda ta’lim olgan sobiq bitiruvchilarimiz hayotda va kasbiy faoliyatda katta yutuqlarga erishib, mamlakatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. Ustoz boshlab bergan savobli va mashaqqatli, ammo sharafli bu yo‘lda kelajakda bundan ham ulkan yutuq va muvaffaqiyatlarga erishishimizga ishonaman. Ustozning yorqin siymosi hech qachon dillarimizdan o‘chmaydi va ezgu amallar
204 Avlodlarga maktub savobi hamisha ustoz xotiralarini bezab turaveradi. Men shunday fidoyi va bilimli insonning shogirdi ekanligimdan faxrlanaman. Ustoz yoqib ketgan ilm mash’alasi minglab qalblarda porlashda davom etadi. Uning ma’naviy haykali yuraklarimizni faxr va iftixorga to‘ldiraveradi. Feruza SAFAROVA, 52-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari. BUYUKLAR O‘LMAYDI Ta’lim sohasida o‘z o‘quvchilarining hayotiga ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan insonlardan biri Oqdaryo tumani Yangiqo‘rg‘on shaharchasidagi 52-IDUMI (ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati)ning direktori ustoz Jamol Isroilov edi. Ustoz o‘zining ajoyib yetakchilik qobiliyati va cheksiz mehribonligi bilan nafaqat ta’lim-tarbiya muhitini yaratardi, balki o‘quvchilari qalbida ham ilhom va g‘ayrat hissini uyg‘ota olardi. Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashganimda, u kishining ota-onamga aytgan rahmatidan tashqari “Ta’lim bergan ustozlaringga salomimni yetkazib qo‘ygin!” degan gaplarini ustoz Jamol Isroilovga yetkazib qo‘yishni chin dildan xohlardim-u, ming afsus, u aziz inson oramizda yo‘q. Alloh O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin! Buyuklar o‘lmaydi. Ustozimiz xalqimizga juda katta meros qoldirib, qalbimizga ziyo urug‘larini qadab ketdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. U o‘zining noyob, nihoyatda boy bilimi va tajribasini ulashish maqsadini 52-IDUMIni tashkil etish orqali haqiqatga aylantirdi. Ustoz o‘z shogirdlarining kamoloti
205 Avlodlarga maktub yo‘lida muntazam fidoyilik ko‘rsatib, hamisha ularni yuqori natijalarga erishishga va mukammallikka intilishga undardi. Hozirda ustozni haqiqiy yo‘lboshchi deb bilgan shogirdlari u boshlagan ishlarni davom ettirib kelishmoqda. Maktabda o‘qishimning ilk yillaridayoq ustozimizning ilg‘or o‘quvchilarga nisbatan g‘oyatda rag‘batli ekanligiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Yaxshi natijalarga erishgan o‘quvchilar hech qachon sovg‘asiz qolmasdi. Informatika fanidan nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritganimdan so‘ng, u kishi menga otaonam va maktabning jami o‘quvchilari oldida kompyuter sovg‘a qilgan edi. Ushbu sovg‘a orzularim sari intilishimni oshirdi va doimo menga ustoz Isroilovning cheksiz qo‘llabquvvatlanishini eslatib turadi. Qolaversa, u mening hayotimda burilish nuqtasi yasadi, meni muvaffaqiyat va yutuqlar sari yetakladi. O‘zbekistondagi nufuzli Singapur Menejmentni rivojlantirish institutida muddatidan oldin talaba bo‘lganimda, ustozning quvonchi dunyoga sig‘masdan, meni o‘quvchilar ko‘z o‘ngida tabriklagan edi. Uning xatti-harakatlari nafaqat menda o‘ziga ishonch tuyg‘usini uyg‘otdi, balki boshqa o‘quvchilarni ham yangi marralarga intilishga undadi. Shaxsiy hayotimda ham ilm maskanimizning o‘rni beqiyos: ham o‘zim sifatli ta’lim oldim, ham rafiqamni shu maktabda uchratganman va kelajakda, Xudo xohlasa, farzandlarimni ham 52-IDUMIda o‘qitish niyatidaman. O‘zim tashkil qilgan o‘quv markazining 70 foiz xodimi ham o‘sha maktabimizda ustozning tarbiyasini olgan bitiruvchilardir. Ustoz tomonidan bizga singdirilgan qadriyat va ko‘nikmalar ishlarimizning muvaffaqiyatiga katta sabab bo‘ldi. Uning ta’limotlaridan hosil bo‘lgan to‘lqinli muhit ko‘plab yoshlarga hanuz ijobiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.
206 Avlodlarga maktub O‘ylaymanki, 52-maktabning hozirgi ilm toliblari ham hayotda o‘z o‘rnini topadilar. Joriy yilda bir vaqtning o‘zida Yevropa hamda Amerikadagi dunyo tan olgan bir qancha universitetlarning magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindim va ularning ichidan Harvard universitetini tanladim. Qaniydi, ustoz hayot bo‘lsa-yu, borib u kishiga natijalarimni aytsam, ichimdagi bir dunyo quvonchlarim va minnatdorchiligimni izhor qila olsam... Men shunday ajoyib insondan saboq olganimdan behad xursandman va butun oilam hamda jamoamiz bilan ustozdan hamisha minnatdormiz. Shodiyorxon ABDIVOYITOV, 52-IDUMIning 2019 yilgi bitiruvchisi, Harvard universiteti magistranti, AQSH. SHOGIRDLIK EHTIROMIM Insoniyat yaralibdiki, u nima uchun dunyoga kelgani va qanday maqsadda hayot kechirishi hamda nima sababdan olamdan o‘tishi kerakligi to‘g‘risidagi savollarga javob izlaydi. Shu savollarga javob topgan ondan boshlab yaratuvchanlik hisi bilan yashab, el-yurtga savob ishlar qilib, o‘zidan yaxshi iz qoldirishga harakat qiladi va komil inson bo‘lib, ikki dunyo saodatiga erishadi. Men bilgan shunday insonlardan biri ustozim Jamol aka Isroilov bo‘ladi. 1986-yil 1-sentabr, yettinchi sinfni bitirib, sakkizinchi sinfga o‘tganman. Men yaqin sinfdosh o‘rtog‘im (maktabning eng bezori o‘quvchisi, aslida men ham undan qolishmas edim) bilan
207 Avlodlarga maktub maktab hovlisidagi o‘rindiqning suyanadigan qismiga o‘tirib olgandik. Shu payt deraza oynasining singan ovozi eshitildi va singan deraza oynasidan maktab direktori Jamol aka achchiqlanib, menga qaradi, men esa atrofimga qaradim, hech kim yo‘q edi. Keyinchalik bilsam, o‘rtog‘im qo‘lidagi olmasi bilan deraza oynasini sindirib, o‘zi devorgul orqasiga yashirinib olgan ekan. Bir payt yonimga o‘qituvchilardan Nosir Tolipov aka va Valixon Oripov kelib, meni direktor xonasiga olib kirishdi. Ular “Nimaga deraza oynasini sindirasan” deb koyishdi, men esa faqat bir so‘zni “Men bunaqa past ishni qilmayman, deraza oynasini men sindirganim yo‘q” deb takrorlar edim (haqiqatda men uchun deraza oynasini sindirish yosh bolalarning ishi edi). Hammalari gapimga ishonmasdan, ensalari qotgan holda qarab turar, fizika o‘qituvchimiz Nosir Tolipov “Unda kim sindirdi?”, deb bergan savoliga “Bilmayman” deb javob qaytardim. Sal o‘tmay, ustozim hammaning xonadan chiqib ketishini, menga esa o‘rindiqqa o‘tirishimni buyurdi va o‘zi ham to‘g‘rimdagi o‘rindiqqa o‘tirgan holda, sal o‘ylab turib: “Sen menga ayt-chi, kelajakda kim bo‘lmoqchisan?” deb savol berdi. Men esa jim turaverdim. Shundan so‘ng o‘qitilgan fanlardan olgan baholarim yozilgan tabelni oldimga qo‘ydi va so‘zida davom etib, akaopalarim hammasi maktabni a’lo baholar bilan tugatib, oliy ma’lumotli bo‘lganligini, ota-onam ham oliy ma’lumotli ekanligini aytdi. Yaxshi o‘qimasdan turib hayotda birorbir natijaga erishib bo‘lmasligini uqtirarkan, u men tanigan va tanimagan insonlar hayotidan misollar keltirar, har bir daqiqa bilim olish uchun g‘animat ekanligini erinmasdan tushuntirardi. Ahyon-ahyonda “Sen bu ketishda kim bo‘lib
208 Avlodlarga maktub yetishasan?”, degandek savol nazari bilan menga qarab qo‘yardi. Birgalikda tashqariga chiqqanimizda ustoz darvozasi yonidagi qorovulxona oldida turgan menga qarab, “Aytgan gaplarimdan xulosa qilib, yaxshi o‘qisang, maktabda qolasan, yo‘qsa uchilishega ketasan”, dedi qat’iy ohangda aytib, yo‘lida davom etdi. Men uchun bu uchrashuv unutilmas iz qoldiribgina qolmasdan, hayotimni keskin o‘zgartirib yuborgan edi. Kelajakda kim bo‘laman degan savol menga tinchlik bermas edi. Shu sababli, butun borlig‘im bilan o‘qishga berildim va o‘sha o‘quv yilidan boshlab, a’lo baholarga o‘qib, hatto, fizika fanidan rayon olimpiadalarida qatnashib, maqtov yorliqlari olardim. Xullas, maktabni a’lo baholar bilan tugatib, Samarqand arxitektura va qurilish institutiga o‘qishga kirdim. Mazkur institutni arxitektor mutaxassisligi bo‘yicha tugatib, tuman hokimligida ish boshladim. 2005-yil 30-dekabr, tuman hokimligida har yili o‘tkaziladigan yangi yil bayrami bazmiga ustozim ham taklif etilgan ekan, to‘rdagi bezatilgan dasturxon atrofida tuman hokimi Shuxrat aka Negmatov yonidagi bir qancha hurmatli insonlar bilan cuhbatlashib o‘tiribdi. Bazm tugagach, birga Yangiqo‘rg‘onga qaytdik. Mashinaga o‘tirib, jim ketar edim, ustozim mashinani sekin boshqarib borar ekan so‘z boshladi “hokimlik qutlug‘ dargoh, bu yerda ishlash har kimga ham nasib etavermaydi, shunday joyda ishlashga loyiq topilibsanmi, buning qadriga yetgin, halol ishla, odamlarga yaxshilik qil, qarg‘ish olmasdan duo olsang ko‘karasan, o‘z ustingda ko‘proq ishla, mehnatdan odam o‘lmagan”, deb nasihat qildi. Men esa “Xo‘p bo‘ladi, ustoz”,
209 Avlodlarga maktub dedim va o‘sha 1 sentyabr voqeasini esiga soldim. Birgalashib kuldik. Sekingina “Ustoz, o‘shanda menga juda katta yaxshilik qilgansiz, bo‘lmasa, hozir traktorchi yoki payvandchi bo‘lib ishlab yurarmidim” dedim. Shunda ustozim menga qaradi va “Bu ishlarning hammasi Allohdan. Alloh O‘zi biladi kimga qanday taqdir bitishni, men bir sababchiman, xolos”, deb kamtarlik bilan so‘zini qisqa qildi. Shundan so‘ng, vazifam taqozosi bilan goh hokimlikda, goh biror masalada maslahat zarurligiga ehtiyoj sezsam, ustozning uyiga borardim. U har qanday masalaning yechimi bo‘yicha to‘g‘ri, odil yo‘l ko‘rsatar va har bir gapini erinmasdan asoslab berardi. Ustozim bilan suhbatlashganimdan so‘ng har qanday chigal masalaning yechimini topgandek o‘zimni yengil his qilar, ko‘nglimda o‘zimga bo‘lgan ishonch yanayam ortib borar edi. 2008 yil birgalikda maktab bog‘ida aylanib, har xil masalalarda suhbatlashar ekanmiz, “Mana, tuman hokimligida ancha ishlab, yetarlicha tajribaga ega bo‘lding, endi Prezident Akademiyasiga o‘qishga kirish haqida o‘ylab ko‘rsang bo‘lmaydimi?”, deb qoldi. Bu gap menga juda ma’qul tushdi va shu masalada harakatimni boshladim. Ustozimning maslahatlari va doimiy qo‘llovi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasini tugatib, Qurilish vazirligida, keyinchalik esa Vazirlar Mahkamasida ishladim. Har safar qishloqqa borganimda ustozim bilan uchrashib, qimmatli maslahatlarini olar edim, agar ikki yoki uch hafta borolmay qolsam, xavotir olib, o‘zi qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rar edi. Hozirgidek yodimda, 2018 yilning 5 dekabr kuni ertalab, Moskva shahrida joylashgan Bakulov nomidagi yurak
210 Avlodlarga maktub kasalliklari shifoxonasida og‘ir yurak jarrohligi operatsiyasini o‘tkazib, endi hushimga kelib, ko‘zimni ochgan edim, yonimda opam ko‘zlarida yosh bilan qayta-qayta “Allohga shukur”, deb turardi. Shu payt qo‘l telefonim jiringladi. Opam telefonni oldi va salomlashib bo‘lgandan so‘ng “Ustozing” deb menga tutqazdi. Ustozimning so‘zlaridan mendan qattiq xavotir olganligi, otalarcha mehribonlik bilan g‘amxo‘rlik qilishi sezilib turar, kamtarlik bilan hazil gaplar aytib ko‘nglimni ko‘tarar edi. Shu onda tanamdagi og‘riqlar bir zumga chekingandek bo‘lib, ko‘zlarimga yosh keldi va “Ustoz otangdek ulug‘” degan so‘z bekorga aytilmaganligiga hamda buyuk insonlarning buyukligi ularning kamtarligida ekanligiga amin bo‘ldim. Aziz kitobxon, xalqimizda “Ming marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan afzal” degan bir maqol bor, ushbu kitobni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng qimmatli vaqtingizni ayamay, Yangiqo‘rg‘onda joylashgan maktabimizga borib, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar bilan so‘zlashib, maktabimizni sayr etsangiz, har bir bino va maktab hovlisiga ekilgan daraxtlarda aziz ustozimning nafasini sezasiz hamda u kishi boshlagan buyuk ishlarining davomchilari qanchalik ko‘pligiga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Obid NOSIROV, Qurilish vazirligi xodimi.
211 Avlodlarga maktub EZGULIKKA YO‘G‘RILGAN UMR Bargday uzilib ketsa, unutmas meni bog‘im, Ishimni hurmat qilur, gullardan haykal qo‘yur, Ming yillardan keyin ham, Unutmas meni bog‘im… Usmon NOSIR Yaxshilikka intilib... Chinakam inson bu yorug‘ dunyoda mudom yaxshilikka intilib yashaydi. Ma’naviy boylik orttirish va ilm o‘rganish yo‘lida mudom izlanishda bo‘ladi. Buyuk mutafakkir, taniqli fransuz yozuvchisi Sebastyan Rosh Nikola de Shamfor ta’kidlaganidek, “Inson butun hayoti davomida o‘quvchi bo‘lib qoladi”. Butun umri davomida hayot maktabida o‘qigan, o‘rgangan va ilm-fan, ma’naviyat hamda tarbiya yo‘lida shijoat bilan xizmat qilgan ana shunday insonlardan biri Jamol Isroilovdir. Hamisha har bir sohaning o‘z fidoyilari bo‘lgani kabi ta’lim sohasining ham fidoyilari bo‘lgan. Aynan o‘sha insonlarning jonkuyarligi, fidokorligi tufayli soha rivojlangan. Jamol Isroilovning xizmati nafaqat tuman, viloyat, balki respublikada ham alohida e’tirof etiladi. Ustozning ta’lim sohasidagi faoliyati Oqdaryo tumanidagi 2-maktab bilan chambarchas bog‘liq. U umrini mazkur maktab moddiy bazasini rivojlantirish, jamiyat uchun yetuk kadrlar yetishtirishga bag‘ishlagan. Ustozimiz ta’lim-tarbiya yo‘nalishida uzoqni ko‘ra olardi, mohir pedagog sifatida doimo iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlardi. Ustozning bilimdonligi, kamtarligi, tadbirkorligiga havas qilardik. Afsuski, umri qisqa ekan. Haqiqiy inson vafotidan keyin ikkinchi hayotini yashaydi deyishadi. Ustoz ham oqil
212 Avlodlarga maktub farzandlari, pedagogik ishlanmalari orqali oramizda hamon tirikdir. Xotira uyg‘onsa, go‘zaldir Ko‘p yillik tajribamda ayrim rahbarlarning amal kursisida o‘tirgan paytida hamisha davralarning to‘rida bo‘lib, atrofida tanishu notanishlarning girdikapalak bo‘lganini, vaqt o‘tib, nafaqaga chiqqanida esa darhol unutilib, e’tibordan chetda qolganini ham ko‘rdim. Lekin rahbar adolatli bo‘lsa, atrofidagilarga beminnat yaxshilik ulashsa, xalqiga halol xizmat qilsa, bir umr izzat-ikrom ko‘rishi mumkin. Bu fikrning to‘g‘riligini ustozning hayoti tasdiqlaydi. Xotira bor ekan, tirikdir millat, Tirikdir iftixor, tirikdir g‘urur. Xotira – elni xalq etguvchi qudrat, Xotira – ertani yoritguvchi nur. Darhaqiqat, xotira uyg‘onsa, go‘zaldir. Benazir ijodkor, taniqli shoir Xurshid Davronning ushbu misralarini o‘qiganimda, beixtiyor, ko‘z o‘ngimda Oqdaryo tumani ta’lim fidoyisi, jonkuyari Jamol Isroilov siymosi gavdalanadi. Har safar uning yorqin xotirasini yodga olganimda qalbim taskin topib, ko‘nglim yorishadi. Ulg‘ayganim sayin Shayx Sa’diyning: «Ey umri aziz inson, sen qanchalik hayot ziynatisan…. Aqllilar ulug‘lanadi, shundaylar qatorida sen ham borsan, tahdid va zulm barchasi o‘tib ketadi… siylasang o‘tganlar aziz nomini, sening nomingga ham hurmat yetadi», – degan o‘gitlari naqadar haqiqat ekanligiga amin bo‘lib bormoqdaman. Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ular «Elimiz, yurtimiz uchun butun borlig‘im bilan xizmat qilishim kerak, xalqim oldida doimo qarzdorman», – degan ezgu o‘y-niyat bilan yashaydi. Bugun elparvar inson, chinakam ziyoli Jamol Isroilov
213 Avlodlarga maktub oramizda bo‘lmasa-da, u kishining savob ishlari, davlatimiz oldidagi samarali xizmatlari, do‘stlariga, oddiy insonlarga qilgan yaxshiliklari, qolaversa, yozib qoldirgan turkum kitoblari qadrdonlari, do‘stlari va muxlislari qalbida bir umrga saqlanib qolaveradi. Haqiqiy motivator edi ...Adashmasam, 1996-yilning dekabr oyi edi. Betni chimchilaydigan izg‘irin esardi. O‘quvchilar o‘rtasida “Siz Konstitutsiyani bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichiga tayyorgarlik avjida. Maktabimizning “faollar zali”da o‘tkazilgan repetisiya jarayonida maktabimiz direktori Jamol Isroilovning o‘zi qatnashdi. Tanlovda ishtirok etish uchun tuzilgan jamoaga meni sardor qilib tayinlashgandi. Jamol aka savollarni birma-bir ko‘zdan kechirib, menga Konstitutsiyaning ba’zi moddalari bo‘yicha savollar berib, konstitutsiya bo‘yicha bilimlarimni sinab ko‘rdi. Barcha savolga to‘liq, batafsil javob berganimga qaramay, ko‘ngli to‘lmadi, shekilli: – Fayziyev! Ertaga final bosqichi. Jamoa a’zolarining har bir noto‘g‘ri yoki o‘rinsiz harakati bizni qimmatli ochkodan mahrum qilishi mumkin. Senda bir oz hayajonlanishni payqadim. Agar hayajoningni yengib, o‘zingni qo‘lga olmasang, o‘sha kuni savollarga javob berishga qiynalishing turgan gap. Fikringni bir joyga jamlab, dona-dona javob berishga harakat qilgin, – dedilar. – Xo‘p bo‘ladi, muallim, aytganingizdek, qilaman, – dedim. Oqdaryo tumani Loyish shaharchasida bo‘lib o‘tgan tanlovning yakuniy bosqichida jamoamizga omad kulib boqdi. Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra eng ko‘p ochko jamg‘argan jamoamiz mutlaq g‘olib deb topildi. Shunda tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari tomonidan g‘oliblik nishoni va
214 Avlodlarga maktub kubok topshirilayotganida, tuyqus pastda o‘tirgan ustoz Jamol Isroilovga ko‘zim tushdi. U kishi menga kubokni boshim uzra ko‘tarishimga ishora qildi. Men esa darhol boshim uzra muzaffarlik kubogini ko‘tardim. Tashqarida qor uchqunlashni boshlagan edi. Jamol Isroilov jamoamiz oldiga kelib: “Barakalla, azamatlar! Sizlar maktabimizning haqiqiy g‘ururi, faxrisizlar!” dedi. O‘shanda ustozning o‘z o‘quvchilarini yuksak marralar, yutuqlar sari odimlashga undaydigan, ularga ruhiy madad beradigan haqiqiy motivator ekanligiga amin bo‘lganman. Bahordek yashab o‘tdi Jamol Isroilov xuddi bahordek yashab o‘tdi desam, xato emas. U hayoti davomida quyoshdek iliq mehri bilan yaqinlari, do‘stu birodarlarining qalbini ilitdi. Uning yomg‘irdek saxovatidan qancha-qancha kemtik dillar butun bo‘ldi. Ko‘ngillarda mehr-oqibat, hayotga umid va ishonch kurtaklari nish otdi. Ezgulik gullari ochilib, meva berdi. Hayotning suronli dengizida po‘latdek toblangan bu inson metin irodasi, ma’rifat taraqqiyoti yo‘lidagi jonfidoligi orqali yosh avlodni tarbiyalash yo‘lida o‘zidan ulkan meros qoldirdi. Ma’rifat fidoyisi o‘z zamondoshlari xotirasida rostgo‘y, har bir boshlagan ishining oxirini uzoqdan aniq ko‘ra olgan, oqni oq, qorani qora deya olgan mard inson sifatida gavdalanadi. Azizjon FAYZIYEV, Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimi, mayor. ZAKIY UZTOZ — SHOGIRDLAR OMADI Maktabimizning 100 yillik yubileyi uchun chop etilgan xotira kitobiga yozgan esdaligimda shunday satrlarni bit-
215 Avlodlarga maktub gandim: “Boshqa maktabda o‘qiydigan do‘stimga seni doim maqtaganman. Fan olimpiadalarida hamisha o‘quvchilaring zafar quchib qaytishganini, senda eng bilimli va eng tajribali ustozlar borligini aytib maqtanardim. O‘sha do‘stim ham bo‘sh kelmay, o‘z maktabida baland tepalik borligini aytardi. Senda tepalik yo‘q edi, lekin senda “tog‘lar” bor edi”. Bugun esa o‘sha “tog‘lardan” biri oramizda yo‘q! Aslida oqil va odil insonlar hayotlik chog‘idayoq kechirgan ibratli turmush tarzi, amalga oshirgan ezgu ishlari bilan mangulikka daxldordir. Ustoz Jamol Isroilov ana shunday insonlardan edi. Lekin taqdirga tadbir yo‘q, degan gap kimlarga taskin bermagan. Yaratgan Egamning hukmiga bo‘ysunmaslikning iloji yo‘q. Faqat yana ham ko‘proq yashasalar edi, yaxshiliklari, ezgu amallaridan elu yurt yanada ko‘proq bahramand bo‘lardi, hayotimizning ba’zi o‘rinlarida ma’naviyat, ma’rifat taqchil bo‘lib turgan hozirgi paytda bu juda asqotardi, deb o‘ylayman. Ustoz umrining oxirigacha xolis fikrlashdan, odamlarga yaxshilik qilishdan to‘xtamagan, yoshlarga madadkor bo‘lgan, sabr-matonatli, hayot yo‘li barchaga o‘rnak bo‘lgan, mamlakatimiz ta’lim rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk insonlardan edi. Bunday kishilar esa hayotda “ustoz” so‘ziga qaraganda keng ma’noga ega bo‘lgan “ustod” degan nomga sazovordir. Men u haqida bolalikdan eshitganman! Onamning sinfdoshi bo‘lganligi uchun Jamol Isroilovni yaxshi bilardi va bizga faxr bilan maktabda zukko o‘quvchi, o‘qituvchilarni hayratda qoldirgan bilimdon, mulohazali va hozirjavob yigit bo‘lgani haqida so‘zlab berardi. Keyin maktabga chiqdim. Bu dargohda ham ko‘p ustozlardan maktabning direktori haqida ko‘p yaxshi gaplarni eshitdim. Hali boshlang‘ich sinflarda o‘qib yurganimizda bir to‘polonchi sinfdoshim sizning “dahshatli” uzugingiz haqida
216 Avlodlarga maktub og‘iz ko‘pirtirib gapirib qoldi. Nima emish, kimki maktab qonun-qoidalariga bo‘ysunmasa, to‘polon qilsa, darsdan qochsa, direktor xonasiga chaqirtirib, qo‘lidagi uzugi bilan urarmish. Bolalarning orasida bo‘lgan o‘zaro bu gaplar bizlarni biroz hayiqtirardi. O‘sha uzugi bormidi, yo‘qmidi, bilmadim-u, lekin u uzukka ko‘z qo‘yganday maktabimizga yarashib turardi. Ustoz yaratgan “bilim bo‘stoni”da kamol topdik. Bu maktabning dovrug‘ini butun Respublika bildi. Bu maktabda o‘qishni orzu qiladiganlar kam emasdi. Uning o‘quvchilari mana-man degan shahar maktablarini “changida qoldirib” fan olimpiadalarida, tanlovlarda zafar bilan qaytishardi. Bu dargohda yaratilgan bog‘lar, qulay sharoitlar, o‘ta bilimli va fidoyi o‘qituvchilar boshqa maktablarda topilmasdi. Bularning barcha-barchasi ustozimizning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati mahsuli edi. Men o‘quvchilik davrimda u bilan biror marta duch kelmaganman, suhbatlashmaganman. (Kim edim, zotan. A.Oripov) Lekin biz uchun u maktabning har qadamida, har bir sinfida, har qarich yerida bordek edi, go‘yo. Maktabni bitirish chog‘ida bitiruvchilarga attestatlarni taqdim qilishda xuddi yaqin odamimdek omad tilab, qo‘limni siqib qo‘ydi. Aslida, ustoz hammaga birdek mehr ko‘zi bilan qarab, otalardek qo‘l berib attestatsiyalarni topshirdi. O‘shanda menga xuddi tanishlardek boshqacha omad tilagandek tuyuldi. (Har holda maktabda eng oldi bo‘lmasam ham, a’lochilar safida edim, turli tadbir va tanlovlarda ro‘yxat boshida bo‘lmasam ham, ko‘pincha ismim o‘qilardi.) Keyin biz qaldirg‘ochlardek “uchirma bo‘ldik”. Yillar hammamizni boshqa-boshqa yo‘llarga yo‘lladi. Oliygohni bitirib, ta’lim sohasida faoliyat yurita boshlaganimda ustoz
217 Avlodlarga maktub bir majlisga men ishlayotgan maskanga bordi. Bu ikkinchi uchrashuvimiz edi. Men bilan salomlasha turib “Yaxshimisan, sinfdoshimning o‘g‘li” dedi. Hayratda qoldim. Shuncha yil o‘tsa ham, maktabdagi o‘quvchilarini tanib qolish, eslab qolish mumkin ekan-da. Unga bo‘lgan hayratim va hurmatim o‘n hissa oshdi. Ustozimga barchasi uchun tashakkur. Yangiqo‘rg‘on uningdek farzandi bilan ming yillar faxrlansa arziydi. Va u kabi insonlar yanada ko‘payishini intiqlik bilan kutadi bu yurt. Farhod RO‘ZIYEV, Oqdaryo tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi, shoir. METSENAT – ZIYOLILAR KO‘MAKCHISI Bu juda tez sodir bo‘ldi. Hech kim kutmagan edi... Balki o‘shanda hech kim ishonmagandur. Hamma “Bo‘lishi mumkin emas, do‘sti ko‘p, uddalashadi”....Lekin... Afsus ... Xullas, bu dunyoda yagona iloji yo‘q narsa sodir bo‘ldi. Shunchaki, uning endi bizning oramizda yo‘qligi... Juda bilinishini sezganimiz holda qayg‘u chekdik. Shunchaki, kimnidir yo‘qotish emas, juda katta idrokni yo‘qotgandek telbalanganmiz ko‘pchiligimiz... — Maktabni bitirayotganimda so‘nggi qo‘ng‘iroqda meni “shoir” deb maqtagandi. Juda xursand bo‘lganman. Bu so‘zlar menga mas’uliyat ham yuklagandi o‘shanda. Ishonchini oqlash uchun ijod qildim, balki... U kishi she’r o‘qirdi. Bu juda noyob sifat - she’r o‘qish. Kitob o‘qish esa hozir ancha noyob ish. Maktabimizning 90 yilligida meni davraga davra boshlovchisi emas, shaxsan ustoz taklif qilgan edi. Bu -
218 Avlodlarga maktub “Seni ko‘rganimdan xursandman. Haliyam yozayotganingdan mamnunman!” - degani edi. Axir, u kishi she’r o‘qirdi-a. Adabiyot o‘qirdi. “Metsenat” atamasi bor. Puldor odam ziyolilarga yordam beradi. Iqtidorlarga yo‘l ochib beradi. Ustoz ham tom ma’noda haqiqiy metsenat edi. Yangiqo‘rg‘on u kishining ismi bilan yonma-yon aytilar edi. Katta davralarda ham, siyosiy davralarda ham. Buni hamma biladi. Nega etalon? Yangiqo‘rg‘onda har kim ziyolilik darajasini ustozga bo‘ylab aniqlar edi. Va iqror bo‘lardiki, hali ko‘p mehnat qilish kerak. Men ustozning she’rsevarligini, adabiyotsevarligini yozmoqchiman. Abdulla Oripov “She’riyatni sevish — olijanoblikdir,!” degan edi. Ustoz olijanob edi. Hozirgi zamonda odamlar fazilat jihatidan aralashib ketdi. Kim ziyoli, kim olijanob? Balki hozirgilarda ustozdagidek she’rsevar qalb yetishmayotgani uchun ko‘rmayapmizmi. Balki, haliberi ko‘rinmas ham. Ancha izlarmiz. Balki izlamay ham qo‘yarmiz. Izlamay qo‘yishimiz ham tabiiy bo‘lib qolishidan qo‘rqaman. Etalonlar o‘zgarib ketgandek, go‘yo... Birinchi she’riy kitobim chiqqan edi. Havasmand ijodkor edim. Qo‘liga kitobim tekkan shekilli, meni chaqirdi. -“Tabriklayman!” - dedi. Men faxrlanganman, kitobim chiqqan-da! Kitobimni varaqlab, mazkur ikki satrini o‘qigan edi o‘shanda: Do‘stlar, endi xotirjam bo‘ling, Mening umrim uzoqqa o‘xshar... O‘qigan satrlari o‘z taqdiridan iqtibos, o‘z taqdiridan va’da deb qabul qilgan edik. Biz xotirjam edik. Afsus... Navro‘z HASANOV, 2-maktabning 2005 yil bitiruvchisi, shoir.
219 Avlodlarga maktub IJOD AHLI IZTIROBI OQDARYONING JAMOLI (marsiya) Yangiqo‘rg‘onmi yo Eskiqo‘rg‘on? Tuproqqo‘rg‘onmi yo Tillaqo‘rg‘on? Olimlar bahslashib kelur asrlab, Ofarinkent vasfi, ta’rifi chiston. Har yurtning tarixi, daholari bor, Dong‘ini taratgan donolari bor. Navoiyning yurti derlar Hirotni, Garchi, Boyqarodek podsholari bor. Oh, ota makonim, qadim Miyonkol, Buyuk Ipak yo‘liga hamohang diyor. Karvoning safida yuking ko‘targan Mardona avloding, o‘g‘lonlaring bor. Oqdaryo – oqar daryo qadimdan, Ilmsiz o‘zanin topmas daryolar. Ustoz Jamol Isroilning nigohlaridan, Miyonkolga taraldi ilmu ziyolar. Yurtimiz har go‘shasida Ustoz izi bor, Har bir xonadonda shogirdi yashar. “Jamolxon maktabi”da o‘qigan avlod – Vatan kelajagin qurguvchi yoshlar.
220 Avlodlarga maktub Nurga o‘rab ochdi ziyo maskanin, Har bir o‘quvchisi jonu dilidir. Shogirdlar erishgan har bir g‘alaba, Ustozning umridan rozi kunidir. Ustoz – ustozlarning himoyachisi, Farovonlik uchun bitdi qonunlar. Hukumat ishonchi, elning ardog‘i, Ko‘ksida porladi faxriy nishonlar. Qishlog‘ini ko‘rkam shahar ayladi, Ilmdan beliga kamar boyladi. Yurtning har bo‘g‘inida shogirdlar sobit, Har bir qadamini zafar ayladi. Mahallasin har bir joni qadrdon, Ko‘ngli yarimlarga butun jon bo‘ldi. Ustoz kirgan uyda mehru muhabbat, Ustoz borgan joyga saxovat to‘ldi. Besh farzandi elu yurtga namuna, Ota yo‘lin tutib ko‘nglin yayratdi. Oshna-og‘aynilar bir gulshan bo‘lib Vatan ichra go‘zal vatan yaratdi. Go‘zal Vatan ichra bir noxush xabar Chaqindek tarqaldi titratib jonni. Shogirdlar davrasi, elning bag‘ridan, Ajal tortib oldi aziz insonni.
221 Avlodlarga maktub Yangiqo‘rg‘on, qo‘llaringni ochgin duoga, Oqdaryoning suygan farzandi Jamol Elning xizmatida berdi omonat, O‘lim haq, ojizmiz, yo‘q boshqa savol. Ne baxt, isming yurtga qo‘shib aytsalar, “Jamolning Oqdaryosi!” – mangu yashnaydi! Yurt nomiga ismingni qo‘shsalar ne tong, “Oqdaryoning Jamoli!” mangu yashaydi! Oygul MUHAMMAD. YAXSHI ODAMLAR (J.Isroilovga) Ildamroq yashaydi zamonasidan, Mehmon arimaydi ostonasidan, Mudom duo olar jon onasidan, Yaxshi odamlarning boriga shukur. Zumda yaqin qilar yirog‘ingizni, Ko‘z yoshga arzitmas qarog‘ingizni, Yerda qoldirmaydi so‘rog‘ingizni, Yaxshi odamlarning boriga shukur. Kerak damda mudom suyanchdir ular, Elu yurt koriga tayanchdir ular, Xalqin madadkori, ishonchi ular, Yaxshi odamlarning boriga shukur. 2016-yil
222 Avlodlarga maktub SIZNI BERIB QO‘YDIK, DILLARDA ALAM (Ustozim Jamol Isroilov xotirasiga) O‘rgatdingiz bizga qadru qimmatni, Sizda ko‘rdim, Ustoz, metin qudratni. Saxovatni, diyonatni, himmatni, Tabarruk qabringiz nurlarga to‘lsin, Borar manzilingiz jannatda bo‘lsin. “Alvido” so‘zini yozolmas qalam, Rangsizlikdan kuyib ketmoqda olam, Sizni berib qo‘ydik, dillarda alam, Tabarruk qabringiz nurlarga to‘lsin, Ustoz, manzilingiz jannatda bo‘lsin. Boshga ish tushganda yo‘qlabmiz sizni, Qarindosh, begona demabsiz bizni, O‘rtaga qo‘yibsiz oshu non, tuzni, Tabarruk qabringiz nurlarga to‘lsin, Borar manzilingiz jannatda bo‘lsin. Sochlaringiz rangi bo‘lsa qancha oq, Yuragingiz edi shunchalar oppoq, Nokasning ishidir sizni unutmoq, Tabarruk qabringiz nurlarga to‘lsin, Borar manzilingiz jannatda bo‘lsin. Buncha erta keldi o‘lim – beshafqat, Ko‘zimiz bo‘yabdi bizlarni g‘aflat, Umru a’molingiz yodgordir faqat, Tabarruk qabringiz nurlarga to‘lsin, Ustoz, manzilingiz jannatda bo‘lsin. Erkinoy QARSHIYEVA 21.07.2020-y.
223 Avlodlarga maktub HAR JONKI UYG‘ONDI... (Jamol Isroilovni eslab) Azon uyg‘otadi Yangiqo‘rg‘onni, Qushlar chug‘urlashar rizq ilinjida. Saboh yorishtira boshlar osmonni, Saraton sustlashdi bu tong avjidan. Hatto murchalar ham chopqilar-chopar, Uyg‘ona boshlaydi jamiki jonzot. Ari, kapalaklar gulzorni topar, Samoda laylaklar uchadi ozod. Ishchi ishga shoshar, dehqon dalaga, Tujjor tijoratin hisobin olar. Har kim yaratgandan tilar baraka, El-ulusning kuni shunday boshlanar. Hayot qozonida qaynaydi tinmay Har bir jon uyg‘onib, sasli yo sassiz. Shunda yuragimni bir o‘kinch qiynar: Faqat siz... Faqat siz uyg‘onmaysiz.
224 Avlodlarga maktub IZTIROB (Jamol ISROILOV xotirasiga) Vodarig‘, bir azizning umrin sha’mi o‘chdi bugun, Jon chiqib tandan samoga ruhi pok uchdi bugun. Iztirobda do‘stu yor, hatto, g‘arazgo‘y chekdi g‘am, Foniy dunyo dunyosidan yuz burib kechdi bugun. 19.07.2020-y. *** Fanodan baqoga bemavrid ketdi, Qoldi yuraklarda tog‘dayin firoq. Keta turib go‘yo bir kalom aytdi: “Erta ketmog‘im ham sizga bir saboq”. 19.07.2020-y. *** Aql donish edi el-ulus aro, Saxovatda esa behad himmatli. Vidosiz bir kunda ketdi baqoga, Bizga tashlab ketdi cheksiz hikmatni. 20.09.2020-y. *** Baqoga yo‘l oldi elning Jamoli – Kattayu kichikning maslahatgo‘yi. O‘zi ketsa hamki uning a’moli Hamon hamma uchun maktabdir go‘yo. 20.09.2020-y. Tohir DOLIYEV
Ota-onasi Ibrohim Isroilov va Narzibibi Rahmonova Turmush o‘rtog‘i Mashhura Qurbonova bilan
Buvisi Risolat Bayozova Amakisi Samandar Isroilov Ammasi Bodomoy Isroilova Kenja amakisi Nasrullo Isroilov
(o‘ngdan chapga) Ibrohim Isroilovning amakisi Tosh Ergashev, ukasi Nasrullo Isroilov va jamoa xo‘jaligi hisobchisi Bahriddin Xidirovlar (Toshkent, 1979-yil) Yangiqo‘rg‘on shaharchasi faollari jamoa xo‘jaligi “Hosil bayrami”da Suratda: (chapdan o‘ngga) jamoa xo‘jaligi raisi Nasrulla Isroilov, 2-o‘rta maktab direktori Narzulla Fayziyev, “Yangiqo‘rg‘on paxta punkti” mudiri Samandar Isroilov, 2-o‘rta maktab direktori o‘rinbosari Muhiddin Ahrorov, xo‘jalik bosh muhandisi Mamat Axmedov va boshqalar (1980-yil)
Sinfdosh do‘sti Abdihakim Salimov bilan (1970-yil) Oradan 36 yil o‘tib sinfdosh do‘sti Abdihakim Salimov bilan
Talabalik yillari, kursdoshlar davrasida (SamDU, 1975-yil) Narzibibi hoji ona qizi Saltanat va kenja o‘g‘li Navqiron yoshlik davri Qaxramon bilan
Jamol Isroilov (o‘rtada) ukalari Bahodir, Olimjon va jiyanlari Sharofiddin, Alisher, Sayfullo (1980-yil) Birinchi shogirdi va qadrdon do‘sti Zoir Muhammadiyev Talabalik davrida fojeali olamdan o‘tgan sinfdosh do‘sti Yoqubjon Ismoilov
Jamol Isroilov va turmush o‘rtog‘i Mashhura Qurbonova farzandlari va nabiralari davrasida. (o‘ngdan chapga) katta o‘g‘li Yoqubjon, kichik qizi Manzura, kichik o‘g‘li Bekjon, katta qizi Umida va katta kelini Aziza (2008-yil) Narzibibi hoji ona nabiralari: Yoqubjon, Bunyod, Shohsanam va Abdirahmon bilan (1998-yil)