The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.

O‘zining betakror va mahobatli tarixiy obidalari, me’morchilik, hunarmandchilik va tasviriy san’at namunalari bilan dunyo ahlini hayratga solgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat mayog‘i ham porlagan. Hozir ham shunday.<br>O‘tmishi sharafli, buguni saodatli bo‘lgan bu kent atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar tarixi, buguni, mehr-muhabbatli insonlari haqida ham ijobiy fikrlar aytish mumkin. Samarqanddan unchalik uzoq bo‘lmagan Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ham shunday hududlardan biri.<br>“Avlodlarga maktub” deb nomlangan ushbu kitobda Yangiqo‘rg‘onning saxovatpesha farzandi, maorif fidoyisi, jamoat arbobi, olim va tadbirkor, umr bo‘yi xalq xizmatida bo‘lgan yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning ibratli hayot yo‘li, jo‘shqin mehnat faoliyati hamda Isroilovlar sulolasi haqida so‘z yuritiladi. <br>Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by Улугбек Мамаджанов, 2024-06-09 02:13:11

Avlodlarga maktub

O‘zining betakror va mahobatli tarixiy obidalari, me’morchilik, hunarmandchilik va tasviriy san’at namunalari bilan dunyo ahlini hayratga solgan Samarqandda ilm-fan, madaniyat mayog‘i ham porlagan. Hozir ham shunday.<br>O‘tmishi sharafli, buguni saodatli bo‘lgan bu kent atrofidagi ko‘plab shahar va qishloqlar tarixi, buguni, mehr-muhabbatli insonlari haqida ham ijobiy fikrlar aytish mumkin. Samarqanddan unchalik uzoq bo‘lmagan Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi ham shunday hududlardan biri.<br>“Avlodlarga maktub” deb nomlangan ushbu kitobda Yangiqo‘rg‘onning saxovatpesha farzandi, maorif fidoyisi, jamoat arbobi, olim va tadbirkor, umr bo‘yi xalq xizmatida bo‘lgan yuksak ma’naviyatli inson Jamol Isroilovning ibratli hayot yo‘li, jo‘shqin mehnat faoliyati hamda Isroilovlar sulolasi haqida so‘z yuritiladi. <br>Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Keywords: Jamol Isroilov,Avlodlarga maktub

82 Avlodlarga maktub qildim? Bu jihatlar qaysi tomonlari bilan boshqalar o‘yidagi ishbilarmonlikdan ajralib turardi? Oqdaryoda ishlagan paytlarim va keyinchalik Ishtixonda hokimlik vazifasini davom ettirgan paytlarimda ham bu haqda o‘ylardim, paydo bo‘lgan ayrim savollarimga javob izlardim. Hammasiga bo‘lmasa-da, bir qismiga javob topgandek bo‘lardim. Bularning birinchisi, uning insondagi odamiylik, odamlar qadrini his etishni bilish bilan bog‘liq edi. Dunyoqarashining kengligi, chuqur bilimga egaligi, kamtarligi, o‘zini boshqalardan ustun qo‘ymasligi kabi fazilatlar Jamol akaning doimiy yo‘ldoshi edi. Zarur paytlarda kerakli takliflar kiritishi, tashabbuskorlik xislatlari u kishiga eng yarashiqli holatga aylangandi. Berilgan so‘zining ustidan chiqishi, reja asosida ishlashi, yangiliklarga doimiy intilishi esa yangi-yangi muvaffaqiyatlar, yutuqlar omili edi. Zamon ruhini his etish, ayniqsa, xususiy mulkka egalik qilish, uni tasarruf etish borasidagi xizmatlari, qisqa muddatda oshirgan tajribalari xususida esa alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Har bir ishga vaqt topa bilish, hammasiga ulgurishning o‘zi bo‘lmasdi. Ko‘pincha birovlar vaqt topsa mablag‘ taqchilligidan, mablag‘ bo‘lsa, uni ishlatishning uddasidan chiqisholmayotganlari haqida yozg‘irishadi. Yoki madaniy-ma’rifiy va ma’naviy ishlarga ulgura olmayotganini gapirishadi. Jamol Isroilov har bir ishni vaqtida bajarar, yig‘ilishga ham, mehmon kutishga ham, davlat ishlariyu xususiy sektordagi yumushlariga ham yetarli vaqt ajratishga odatlangan edi. Yana bir maqtovga arzirli jihati, u biror bajarilmay qolgan ish uchun bahona qidirishni yomon ko‘rardi. Chuqurroq o‘ylab ko‘rsam, ana shu bahona uchun u hech qachon imkoniyat qoldirmas


83 Avlodlarga maktub ekan. To‘g‘rida, hammasi reja asosida ketsa, ko‘zlangan ishlar o‘z vaqtida uddalansa, bahonaga ne hojat. Jamol Isroilovni yaxshi bilgan oqdaryoliklar uni tirikligida o‘ziga haykal qo‘ya olgan odam, deya ta’riflashadi. Bu fikrga qo‘shilmasdan bo‘lmaydi. Bu fikrlarning isboti uchun uzoqqa borishning hojati yo‘q. Buning uchun u rahbar bo‘lgan tumandagi 2-umumta’lim maktabi va 52-iqtidorli bolalar maktab-internati binolari, go‘zal bog‘larini kuzatishning, bu bilim dargohlari o‘quvchilari va o‘qituvchilari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning o‘zi yetarli. Shogirdlarining respublikamizning nufuzli idoralarida ishlayotganini, farzandlari, ukalari, yaqin qarindoshlarining qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarini eslash kifoya. Xususiy sektordagi u kishi tashkil etgan bir necha korxonalarning hamon ishlab turgani, yuqori samara berayotganini ham eslab qo‘yish joiz. Tumandagi oddiy maktabda ishlab, fan nomzodi ilmiy darajasi, dotsent ilmiy unvoniga erishish, maktabdagi, xususiy sektordagi faoliyati bilan bir qatorda oliy o‘quv dargohida ham dars berishning o‘zi ana shunday haykalni o‘rnatib qo‘ygani emasmi? Bu ishlar Oqdaryoning oqil farzandi bo‘lgan Jamol Isroilov tomonidan amalga oshirilgan ezguliklarning bir qismi. Agar maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayoni, birgina Oqdaryoda emas, viloyatning ko‘plab tumanlaridagi bajarilgan bunyodkorlik ishlariga to‘g‘ri baho berilsa, ularning hammasi birma-bir esga olinsa, ana shunda bir ziyoli va tadbirkorning qanchalik keng ko‘lamdagi ishlarni bajarishga erisha olganidan voqif bo‘lish mumkin. Bunga esa Oliy Majlis deputatligi, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashidagi xalq vakili sifatidagi faoliyat ham qo‘shilsa, Jamol Isroilovning bajargan ishlari bilan to‘laroq tanishgan bo‘lardik.


84 Avlodlarga maktub Birgina Oliy Majlis deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan paytlarni eslaylik. U bilan raqobat qilgan ayrim rahbarlar, nufuzli idoralar xodimlari haqiqiy kurashlarda deputatlik vakolatiga muyassar bo‘lisholmagan edi. Jamol aka esa g‘alabadan g‘ururlanib ketmadi. Aksincha, zimmasidagi deputatlik mas’uliyatini chuqurroq his etdi. O‘zining har jihatdan respublika Oliy organiga mos inson bo‘lishini ta’minlashga harakat qildi, saylovchilari tashvishi, muammolari yechimi yo‘lida jon koyitdi. Shundan buyon necha bor saylovlar o‘tdi. Ammo hech bir pedagog Jamol Isroilov erishgan bunday natijani takrorlay olmadi, u bajargan ishlarga yaqin kelolmadi. Bu inson xotirasi butun oqdaryoliklar qalbida abadiy yashaydi. Shu bois ham men Jamol Isroilovni tirikligida o‘ziga haykal qo‘ygan inson, deb bilaman. Shuhrat NEGMATOV, Samarqand viloyati Nuroniy jamg‘armasi rahbari. DONISHMANDLIK TIZIMGA TUSHIRILGAN HAYOTDIR Har doim eng qiyin yo‘lni tanlang, u yerda raqiblarni uchratmaysiz. Jamol Isroilov U yoki bu tanishimiz haqida gap ketganda, ko‘pincha, qandoq hazilkash inson edi, yoki og‘ir-vazmin, mulohazali yoki bo‘lmasa, jizzaki odam edi, deb tilga olamiz. Ya’ni, bu insonning alohida sifatlarini ajratib ko‘rsatamiz. Jamol Isroilov haqida gapiradigan bo‘lsak, menimcha, ko‘pchilik u oqil inson edi deb eslaydi. Mana shu oqillik, mulohazakorli donolik


85 Avlodlarga maktub bu insonning o‘ziga xos fazilati, deb o‘ylayman. Jamol aka hech qachon shoshmasdi, biroq uning mulohaza va maslahatlari har doim aniq, asosli va xolis bo‘lardi. U fikrini hamisha asoslab berar, muammoni har taraflama tahlil qilardi. Uning mulohazalariga quloq tutib, oqilona maslahatlariga amal qilib, bosqichma-bosqich qurgan piramidalarni kuzatar va ular bilan birga uning cho‘qqisiga chiqar ekanman, ro‘paramda mantiqiy fikrlovchi, katta hayot maktabini bosib o‘tgan va faoliyatining har bir bosqichidan ma’lum xulosalar chiqargan kuchli, sobitqadam inson turganiga amin bo‘laman. Bir kuni Jamol aka mendan: “Mening lug‘atimda “imkonsiz” degan so‘zning o‘zi yo‘q”, degan ibora kimga tegishli?” – deb so‘radi va: “Napoleonga”, – deya o‘zi javob berdi. — Shunday ekan, siz ham bu so‘zni esdan chiqaring, biroz mulohaza qilsangiz, har doim chora topiladi. “Siz bir ishni qila olishingizga ishonsangiz bas, siz maqsad sari to‘g‘ri yo‘ldasiz”. — Buni ham Napoleon aytganmi? — deb so‘radim men. — Yo‘q, bu gaplar Ruzveltniki — deb jilmaydi. — Ajablanmang, — dedi u, — mening ustozim professor Mamayunus Pardayev, qomusiy olim, men undan ko‘p narsa o‘rganganman. Bir kuni mening oldimda Jamol akaning do‘sti tanqidga uchrayotganidan shikoyat qildi. — Bunga o‘tmish olimlari javob topishgan-ku, — dedi Jamol aka. — Rostdanmi? — deb so‘radi suhbatdosh. — Ha, qadimda Aristotel tanqiddan qutulishning yagona yo‘li hech nima qilmaslik, hech narsa demaslik, hech kim bo‘lishdir, degan. Sen hech kim bo‘lishni xohlamasang kerak? — dedi Jamol aka. Bu gaplardan keyin u kishining tanqid masalasida ortiq shikoyat qilib kelganini eslolmayman.


86 Avlodlarga maktub Boshqa safar qarindoshlaridan biri hech ishi yurishmayotgani, qay bir ishga qo‘l urmasin, o‘xshamayotgani, xullas, omadi chopmayotgan baxtsiz inson ekanligidan shikoyat qilib qoldi. —Eh, birodar, — deb xo‘rsindi Jamol aka, — Dalay Lama baxt haqida nima deganini bilasanmi? “Baxt bu – tayyor narsa emas, u sening harakatlaringga bog‘liq”. Kel, yaxshisi, sening nima ish qilayotganing va uni qanday qilayotganing, “baxtsizliging” haqida yaxshilab mulohaza qilib ko‘raylik. Men chetdan kuzatib turar ekanman, Jamol akaning bu odamga uning o‘z hatti-harakatlarini qanchalik sodda qilib tushuntirib berayotganini ko‘rib, bir ish qilib, nima uchun bu ishni qilayotganini o‘zi ham tushunmaydiganlar oramizda qanchadan-qancha, deb o‘ylab qoldim. Ona zaminimizga Jamol aka singari insonlar naqadar zarur. Mehmondo‘stlik, oila va do‘stlariga sodiqlik Jamol akaning sermazmun hayotining bir qirrasi edi. Agar bunga uning tashkilotchilik qobiliyati, tadbirkorligi va uzoqni ko‘ra bilishi kabi fazilatlarni ham qo‘shsak, nima sababdan xuddi sayyora atrofidagi ko‘plab yo‘ldoshlar kabi u kishining atrofida ham ko‘pchilik insonlarning aylanib yurishi ayon bo‘ladi. Men ham bir necha bor Jamol akaga maslahatlari uchun minnatdorchilik bildirganman. U kishi esa, bunga javoban: “Biz faqat muammoni tahlil qildik, yechimi o‘z-o‘zidan kelib chiqdi”, deb javob berardi. Siz, axir, ilm-fan odamisiz. Ilm-fan – tizimga tushirilgan bilim, donishmandlik esa tizimga tushirilgan hayot demakdir. Hozir Jamol akaning bu gaplarini eslar ekanman, nima uchun bunday deganini anglagandekman. Axir, uning o‘zi bu tamoyillarga amal qilgan: amaliyotchi, maktab ta’limi bo‘yicha tashkilotchilik paytlarida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi


87 Avlodlarga maktub va Samarqand oliygohida dotsent sifatida ma’ruzalar o‘qidi. Bir kuni Jamol aka menga “ko‘pgina muammolarni hal qilish anatomiyani bilishga o‘xshaydi”, deb qoldi. “Xuddi qatlamlarni birma-bir o‘rgansak, mohiyatga – suyakkacha borish mumkin bo‘lganidek. Keyin esa, mushaklar qayerga biriktirilgani, asab tolalarining qanday ishlashi va tomirlarni o‘rab olishi va hokazolar ayon bo‘ladi”. Bir qarindoshimning kasalligini tahlil qilib, uning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, belgilari, o‘zaro bog‘liqligi va oqibatlarini tushuntirganimda, Jamol aka o‘ylanib qoldi va: “Bejizga Sherlok Xolmsni shifokor inson yozmagan ekan, — dedi. — Agar hamma ham voqealar ketma-ketligini bilganida edi, ko‘p narsani oldindan ko‘rish va oldini olish mumkin bo‘lardi. Ilgari Griboyedov yoki o‘zimizning Fayzullo Xo‘jayev kabi bir necha universitetlarni tugatganlar bo‘lganidek, hozir ham har bir fuqaro yuridik, tibbiyot va adabiyot institutlarida ta’lim olishi kerak. Ana shunda insonlar bilan gaplashish, til topishish oson bo‘ladi”. Menimcha, u kishi mustaqil ta’lim olish, o‘zini-o‘zi tarbiya qilish orqali bu oliy o‘quv yurtlari berishi mumkin bo‘lgan barcha bilimlarni egallagan edi. Shu bois, bunday benazir insonlarni yo‘qotish tiklanmaydigan va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan og‘ir judolikdir. Xalqimizda “Mullaning aytganini qil, qilganini qilma”, degan maqol bor. Bu gap birovlarga aql o‘rgatib, o‘zi esa aytgan gaplariga amal qilmaydiganlar haqida aytilgan. Jamol akaning so‘zi va amali bir edi. Ko‘pchilik chekinib, jasorat ko‘rsatolmagan paytda bu inson ma’muriy buyruqbozlik tizimiga – hokimiyatga qarshi tura oldi. U odamlar o‘z nomi va obro‘sini yo‘qotdi, biroq hech kim ularni ayblamadi, chunki hokimiyatdek qudratli kuchga qarshi chiqib, omon


88 Avlodlarga maktub qolib bo‘lmasligini hamma bilardi. Biroq deputatlikka nomzod bo‘lgan Jamol aka o‘z hayotiy prinsiplariga qarshi bormadi, “yuqori”ning talabidan keyin o‘z nomzodini qaytarib olmadi, ortga chekinmadi. Bu inson qat’iy qarori va jur’atli harakatlari bilan aql kuchi, o‘z prinsiplariga sodiqlik, qat’iyatlilik ko‘p narsani hal qilishini barchaga ko‘rsatib berdi. O‘shanda, tumandoshlari Jamol akani yakdil holda qo‘llab-quvvatlashganini va u kishi bilan biz do‘stlari, qon-qarindoshlari qanchalik faxrlanganini ko‘z oldimga keltiryapman. Qanchadan-qancha yoshlar qat’iylikni shu insondan o‘rganishdi. Jamol aka kattalarning qarori yoshlarning kelajagiga qanday ta’sir qilishini o‘z hayoti misolida o‘rnak qilib ko‘rsatdi. O‘shanda u saylovda yutib chiqdi. Bu mardlik, matonat, qat’iyatlilik va o‘z prinsiplariga sodiqlik, shu bilan birga, xalq irodasi va kuchining namunasi bo‘ldi. U kishining o‘limi natijasida oilasi, qarindosh-urug‘lari yetim bo‘lib qolgan bo‘lsa, birodarlari sadoqatli do‘stini yo‘qotdilar. Bu ham mayli-yu, mening nazarimda, butun jahon, butun koinot juda benazir insonni yo‘qotdi. Chunki aynan shunday odamlar insoniyatning ko‘zga ko‘rinmas farovonlik orolchalari asosini tashkil etadi, uning tamaddunining rivojlanishiga xizmat qiladi. Xayolimda u kishining o‘limidan butun boshli o‘zbeklar yurti ham yetim bo‘lib qolgandek, go‘yo. Chunki u oddiy odamlarning tayanchi, umidi va nomusi edi. Jamol aka hayot bo‘lganida hamma narsani tabiiy holdek qabul qilardik, o‘limidan so‘ng esa uning o‘rnini hech narsa bosa olmasligini angladik. U kishi haqidagi xotiralar, odamni yurak-bag‘rini qon qilib yuboradi. Ba’zida Jamol aka yura-


89 Avlodlarga maktub gimning bir qismini olib ketgandek, o‘rniga esa faqat og‘riq qoldirgandek tuyuladi. Mening nazarimda u kabilar Yer yuzidagi ko‘plarga yetishmayapti va kelajakda ham yetishmaydi. Azamat RAHIMOV, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi Navoiy filiali direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor, YAXSHI BILAN SIRDOSH BO‘LSANG, YAXSHILIKLAR BILAN UNASAN Inson hayoti davomida ko‘p insonlar bilan uchrashadi, suhbatlashadi. Ular mahalladosh, sinfdosh, kursdosh va hamyurtlar bo‘lishi mumkin. Ushbu insonlarni ko‘pchiligi bilan doim uchrashib, suhbatlashib yuramiz, lekin ularning barchasi bilan sirdosh, do‘st, birodar bo‘la olmaymiz. Hayotda ba’zan bir suhbat sizga yaqin do‘st va qadrdon orttirish uchun yetarli bo‘ladi. Ulamolarning aytishlaricha, jannatda ham odamlar xuddi yer yuzidagi kabi alohida-alohida guruh bo‘lib yashar va o‘zaro suhbatlar qurishib yasharkan. Barcha jannati insonlar bir-birlari bilan doim hamroh va suhbatdosh bo‘lmas ekan. Chunki Alloh insonlarni o‘ziga xos xususiyatlar bilan yaratgan. Shu bois, xalqimizda “shu inson yaxshi odam, lekin nimagadir uni mening jinim suymaydi” degan ibora ko‘p qo‘llanilishi bejiz emas ekan. Mening toleimga dilkash, odamoxun, samimiy do‘st Jamol Isroilov bilan ham tanishib, uzoq yillar og‘aynichilik rishtalarini bog‘lash bitilganligidan hanuz faxrlanaman va Yaratgan bizni bir-birimizni “jini suyadigan” insonlardan qilib yaratganidan, deb bilaman.


90 Avlodlarga maktub Jamol Isroilov bilan 2000-yil 11-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari ikkinchi chaqiriq birinchi sessiyasiga borgan paytimda tanishdim. U kishi saylovchilar tashabbuskor guruhidan (o‘sha paytda ushbu guruh deputatlar o‘zaro suhbatlarda xalq nomzodi, deb atalardi) saylangan deputat bo‘lib, mening chap yonimda o‘tirar edi. Birinchi kunlari yonma-yon o‘tirsak-da, faqat ish yuzasidan, aniqrog‘i, kun tartibidagi masala yuzasidan gaplashib, fikr almashdik. Tanaffus paytida va mehmonxonada esa kun tartibidagi masalalar, jamiyat hayotidagi muammolar to‘g‘risida Jamol aka bilan uzoq gaplashdik (yoshimiz orasida tafovut bo‘lsa-da, bir-birimizga doim aka, deb murojaat qilardik). Shunda men yuqorida ta’kidlaganimdek, menga bunday do‘stning bergani taqdirning (Yaratganning) in’omi ekanligini bilmagandim. O‘tgan 20 yillik do‘stligimiz davrida va u kishining yonimda jismonan yo‘qligi o‘tgan 3 yilda Jamol aka bilan do‘st bo‘lish menga Yaratganning in’omi ekanligini his etdim. Ushbu bitiklarimda avvalo qisqacha Jamol Isroilovning o‘ziga xos xislatlari to‘g‘risida to‘xtalmoqchiman. Deputatlik faoliyatini keyinroq alohida bayon etaman. Yangiliklarga intilish, o‘z ustida ishlash Jamol Isroilov uchun odatiy holat edi. Muhimi, ilmiy-ommabop hamda adabiy kitoblarni ko‘p o‘qirdi. Bilimga qiziqishi, izlanishlari samarasi o‘laroq, iqtisodiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasi, dotsent ilmiy unvonlarini oldi. Juda ko‘p ibratli rivoyatlarni bilar va umri davomida ularga amal qilib, yaqinlarini ham amal qilishga da’vat etardi. Jamol aka “Ibrat maktabi” nomli risolasida ustozi, iqtisod fanlari doktori, professor Mamayunus Pardayev haqida shunday yozgandi: “10 yillardan buyon yonma-yon yuraman. Oddiy, kamtarin, kamsuqum, mulohazali inson. Boshqalardan


91 Avlodlarga maktub ajralib, juda ko‘zga tashlanib ketgan jihatlarini hech ilg‘ay olmayman. Lekin 4-5 kun o‘tib hamma vaqt ish stolida turgan “yangi bitiklar” deb nomlanuvchi daftarini ba’zan yashirincha, ba’zan ochiqcha varaqlayman-da, purma’no hikmatlarga to‘lib borayotgan sahifalarni o‘qib, bu insonchalik oddiy va o‘ta murakkab shaxsni hali uchratmaganimni e’tirof etaman”. Jamol akaning o‘zi ham shunday aziz, kamtarin, kamsuqum ustoz edi. Shu bilan birga, o‘ta zukko, bilimdon, tashkilotchi, uddaburon, tadbirkor ham edi. Boshqa tumanlarda olib borilgan bunyodkorlik ishlarida ishtirok etib, o‘nlab ta’lim, san’at, tibbiyot muassasalarining qurilishlarida boshchilik qilgan. Birgina o‘zi ishlagan umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirgan ko‘pchilik o‘quvchilar respublikamizning turli sohalarida ishlab, elga xizmat qilib kelmoqda. 2023-yil 24-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida suhbatlashib, Prezident tomonidan e’tirof etilgan “Joy akademiyasi” asoschisi Garvard universiteti talabasi Shodiyorxon Abdivoitov Jamol Isroilov tashkil etgan va o‘zi umrining so‘nggi kunigacha rahbarlik qilgan Yangiqo‘rg‘ondagi 52-iqtidorli bolalar maktab-internati bitiruvchisi, Jamol akaning shogirdi ekanligini o‘z chiqishlarida e’tirof etdi. Shogirdlarga e’tibor masalasida u kishidan barchamiz o‘rnak olsak arziydi. Har bir shogirdini keyingi taqdiri, ishi bilan qiziqar va muammolarini hal etishga qo‘lidan kelgan moddiy, ma’naviy yordamini berardi. Bu borada ham Jamol aka va uning jamoasining xizmati katta bo‘ldi. Uning rahbarligida yozilgan “Miyonkolning ziyo maskani” nomli kitobchada maktabning shonli yo‘li, tarixi, maskanning jamoasi va ustozlarining faxri bo‘lgan bitiruvchilari haqida batafsil bayon etilgan. Jamol akaning shogirdlarini bugun dunyoning istalgan mamlakatidan va O‘zbekistonning har qanday idorasi,


92 Avlodlarga maktub sohasidan topa olasiz. Shogirdlarning barchasi, albatta, har bir masalada Jamol aka bilan maslahatlashib ish tutishar edi. Menimcha, shogirdlarning taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ularni hayotda doim qo‘llab-quvvatlash Jamol akaning noyob xislatlaridan bittasi edi, xolos. Jamol akaning yana bir xislati shunda ediki, do‘stlariga nisbatan o‘zgacha munosabatda bo‘lar, yaxshi-yomon kunlarida yonida turardi. Abduhakim Salimov, Hamidulla Qarshiyev, Mars Muhammadiyev, Nosir Tolipov, Ziyovuddin Ulug‘ov, Ismoil Masharipov, Zoir Eshmurodov kabi do‘stlarining nomini aslo tilidan qo‘ymasdi. Har safar borganimda ularni birga ko‘rib, inoqligidan xursand bo‘lardim. Do‘stlari Jamol akaga hurmat bilan “katta aka”, deb murojaat qilardi. Jamol Isroilov zamonasining kuchli jamoat va siyosiy arbobi edi. Deputatlik faoliyatida har gal sessiyada qatnashganimizda ko‘rilayotgan masalalarga alohida e’tibor berardi. Sessiyada prokuratura to‘g‘risidagi qonun muhokamasida Jamol aka so‘z so‘rab, ushbu masala yuzasidan yettita fikr bildirdi. Barcha fikrlar inobatga olinganligining guvohi bo‘lganman. Shunday fikrlardan biri, Qonun loyihasidagi 23 yoshga to‘lgan kishi Bosh prokuror bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi modda xususida edi. Jamol aka ushbu moddaning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Konstitusiya talablariga zid ekanligini asoslab berdi. Deputatlar bir ovozdan, muhokamasiz Jamol akaning taklifini qo‘llab ovoz berdi. Har bir sessiyada vazirlar, ma’ruzachilar Jamol aka tomonidan beriladigan savollarga javob topishga qiynalib turardi. Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun muhokamasi paytida Jamol aka tomonidan Moliya vaziri Rustam Azimovga, investisiya dasturi muhokamasi davrida Bosh vazirga qo‘yilgan masalalar bugungi kunda ham dolzarb muammolardan hisoblanadi.


93 Avlodlarga maktub Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qatnashayotgan sessiyada hech bir deputat jur’at bilan o‘z tashabbusi ila so‘zga chiqmas yoki savol bermas edi. Jamol aka shunday paytda bosiqlik bilan fikrlar bildirar, o‘z fikr va munosabatlarini asoslab berardi. Islom Abdig‘aniyevich har bir fikr-mulohaza va savollardan so‘ng u kishini ma’qullab, mas’ullardan javob berishni talab qilardi. Har doim yonma-yon o‘tirganimiz, birga yurganimiz sababli sessiya boshlanishidan oldin ma’ruzachilar, ayrim vazirlarning Jamol akaga “Domla, bizga savollarni ayting, hozir javob berib qo‘yaman, zalda ovora bo‘lmaylik” deb aytgan yarim hazil, yarim chin murojaatlariga ko‘p guvoh bo‘lganman. “Yaratgan juda chevarda”, degan iborani Jamol aka o‘z o‘rnida ko‘p ishlatardi. Ochig‘ini aytsam, ushbu iboraga ko‘p e’tibor qaratmasdim. Lekin Yaratganning haqiqatda chevarligi isbotini Jamol akaning vafotidan bir kun oldin bo‘lgan voqea sababli topdim. Nabiram Jamol aka vafotidan bir kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda 2000-yillardagi parlament hayoti haqida yozilgan xabarlarni menga olib kelib: “Bobojon, qarang, Siz va Jamol bobomning ham ism-shariflaringiz bor ekan” dedi. Vaqt allamahal bo‘lganiga qaramay, kechqurun soat 23.00 larda Jamol akaga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni ko‘targan do‘stim ajablanib, “Ha, nega kech bo‘lganda so‘roqlab qolibsiz”, dedi hazilomuz, ortidan hadiksirab. “Aka, tabriklayman ikkalamiz ham tarixda qolibmiz, internetda deputatligimizning ilk yillari haqida yozilibdi”, dedim. Shu bahonada ikkalamiz uzoq suhbatlashdik, gapimiz tugamasdi. Ertasi kuni tushlik paytda Jamol akaning do‘sti va qudasi Hamidulla Qarshiyev qo‘ng‘iroq qilib, “Katta akamizdan ayrilib qoldik”, dedi. Bu noxush xabardan esankirab, bo‘g‘zimda qolgan og‘riqli nido bilan Jamol akaning qo‘l telefoniga ketma-ket qo‘ng‘iroq qildim. Javob yo‘q. Demak, rost ekan...


94 Avlodlarga maktub Shu kuni tumonat odam yig‘ildi. Uni so‘nggi yo‘lga kuzatdik. Birga ishlagan do‘stlari, og‘ayni-qarindoshlari, o‘quvchilari, shogirdlari, uni tanigan-bilganlarning chehralarida iztirob... Xalqimiz orasida maqol bor: “Yaxshi bilan sirdosh bo‘lsang, yaxshilik bilan unasan”. Jamol aka ham yaxshilarning yaxshisi edi. U hammaga yordam berardi. O‘zim ham juda ko‘p bilmagan narsalarimni undan so‘rab olardim. Xotiralar har doim insonga yupanch bo‘lgan. Hayot esa shiddat bilan davom etadi. Jamol aka haqida ko‘p gapirib, ko‘p yozish mumkin. Chunki u kishi shaxs darajasiga yetgan inson edi. Jamol akaning hayot yo‘li, qilgan ishlari insonni lavozimu mansab, daraja, moddiy boylik emas, balki, insoniylik, samimiylik, diyonat va ilm shaxs darajasiga yetkazar ekan degan xulosa qilishimizga asos bo‘ladi. Ha, u o‘z zamonasining “shaxsi” edi. U kishidan farzandlar, munosib shogirdlar, yaratgan bunyodkorlik ishlari meros bo‘lib qoldi. Zero, tiriklikning sharti ham shunda. Uning bardavomligi esa uzoq yillar qalbimizdadir. Jamol do‘stim bor-yo‘g‘i 67 yosh umr ko‘rdi. Lekin uning sermazmun hayoti, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga halol mehnati bilan erishdi, izlanishlari ortidan elda obro‘-hurmat topdi... Mazkur risolani tayyorlashdan maqsad kelajakda yurtimizdan Jamol akaga o‘xshagan insonlar-shaxslar ko‘plab yetishib chiqishiga xizmat qilishdir. Oddiy dehqon va o‘qituvchining farzandi ilm va mehnat sababli erishgan sharaf, hurmat va yuksak martabaga erishishi mumkinligini avlodlarga yetkazishdir. Toshpo‘lat TOSHMURODOV, Narpay tumani “Navqiron Narpay” gazetasi bosh muharriri, Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati.


95 Avlodlarga maktub FIZIK-IQTISODCHI OLIM IBRATLARI Jamol Isroilov o‘rta maktabni bitirgandan so‘ng Samarqand davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirgan edi. O‘qish davomida fizika sohasining nazariy yo‘nalishi bilan shug‘ullandi. Kvant mexanikasi, statistik fizika, elektrodinamika va termodinamika, Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasini chuqur o‘rgandi. Universitetni a’lo baho bilan tugatdi, Samarqandda ishga qolgan bo‘lsa-da, dadasining vafoti sababli yana o‘z qishlog‘iga qaytdi. Fizika shunday fanki, uning metodlarini istalgan fanga qo‘llash mumkin. Mashhur fiziklar: S.P.Kapisa, R.Sagdiyev va boshqalar fizika haqida quyidagi iborani keltirgan edi: “Fizika kuchli matematik apparatga ega bo‘lishi, tajriba-tadqiqotlar asosida real voqelikni va uncha ko‘p bo‘lmagan gipotezalar orqali kelajakni bashorat qiladi”. Jamol Isroilov fizikaning fundamental metodlarini iqtisodiyot uchun qo‘llash orqali yangi muvafaqqiyatlarga erishish mumkinligini tushundi va u Samarqand kooperativ instituti (hozirgi Iqtisodiyot va servis instituti)da mustaqil izlanuvchi sifatida iqtisod bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shundan so‘ng u kishi o‘z faoliyatini o‘rta maktabda fizikadan va oliy maktabda iqtisodiyot fanlaridan dars berib, universal pedagog sifatida davom ettirdi. Shuningdek, bir paytda maktab direktori ham edi. Oqdaryodagi eng yirik va namunali maktablardan biri bo‘lgan bu bilim dargohiga rahbarlik qilishning o‘zi bo‘lmasdi. Yana deng, Jamol Isroilovning jamoatchilik ishlaridagi ishtiroki ham yuqori edi. Bu borada deputatlik faoliyatiga alohida e’tibor qaratish zarur. Oliy Majlis yoki xalq deputatlari viloyat


96 Avlodlarga maktub Kengashi deputatligini qo‘ya turaylik, tuman Kengashidagi vakillikning o‘zi deputat zimmasiga qanchalik mas’uliyat yuklardi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ular nakazlarini bajarish uchun yelib-yugurishlar oson kecharmidi? Uning shuncha ishga ulgurganiga qoyilman. Ikki sohada ikki xil fandan dars berish va, shu bilan birga, tadbirkorlikka qo‘l urish oson emasdi. Uzoq yillar umumta’lim maktabi direktorligidan so‘ng viloyatdagi o‘z tashabbusi bilan barpo etilgan yirik iqtidorli bolalar maktabiga rahbar etib tayinlandi. Jamol Ibragimovich bir vaqtning o‘zida pedagog, rahbar (37 yil maktab direktori bo‘lgan) va tadbirkor bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Men u kishiga fizika nazariyasidan dars berganman. Bir kuni uchrashib qoldik. “Domla, men iqtisodiyotdan ilmiy ish qilayapman”, dedi. Men “Siz fizika bo‘yicha shug‘ullansangiz, yaxshi bo‘lar edi”, desam, “Hali undan ham qilamiz”, dedi. Gapning ochig‘i, uning iqtidoridan hayratlandim. Chunki ayrimlar bitta fanni, bir yo‘nalishni, bitta kasbni arang bajaradi. U esa ikki yo‘nalishda pedagog, rahbar, tadbirkor bo‘lish bilan birga ilmiy tadqiqot qilishga intilmoqda edi. Muhimi, hammasi bir vaqtning o‘zida amalga oshirilardi. Xullas, birmuncha vaqt o‘tmay, iqtisodiyot bo‘yicha fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini himoya qildi. Shunday qilib, u iqtisodiyot bilan fizikaning, fan bilan amaliyotning, amaliyot bilan nazariyaning integratsiyasi bo‘yicha yetuk mutaxassisga aylandi. Prezidentimiz o‘zining Oliy Majlisga Murojaatida (2021 yil 28 dekabr) fizikani ustuvor yo‘nalishga ko‘tarish kerakligini aytib o‘tganligi ko‘pchilikka ma’lum. Masalan, statistik fizika qonunlarini bilgan olim uchun iqtisodiy statistika, ekonometriya va boshqa sohalarni o‘zlashtirib ketish hech


97 Avlodlarga maktub gap emas. Agar Jamol Isroilov hozir hayot bo‘lganida, o‘zining g‘oyalari amalga oshganligidan xursand bo‘lar edi. Uning g‘oyalari davlatimizning yanada rivojlanishi uchun turtki bo‘lardi. Chunki uning maqsadi, faqat o‘zining istiqbolini emas, davlatimizning istiqboli haqida ko‘proq qayg‘urishga qaratilardi. U bundagi masaladagi qiyinchiliklar, murakkabliklardan sira cho‘chimas edi. Men u kishiga SamDUda 2000 yil (30-31 may)da o‘tkazilgan “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim tizimida fizika fanini o‘qitish muammolari”ga bag‘ishlangan konferensiyada qatnashish uchun taklif yubordim. U kishi Samarqandga kelib, konferensiya ishida qatnashdi. Juda ko‘p mulohazalar bildirdi. Shuningdek, Jamol Isroilov 2003 yil 5-6 may kunlarida o‘tkazilgan “XXI asrda fizika ta’limi va fani muammolari”- ga bag‘ishlangan respublika konferensiyasida ham qatnashib, o‘zining juda qimmatli fikrlarini aytganligi hali domlalarning xotirasida. Domla Oqdaryo tumanida maktab direktori lavozimida ishlab yurgan kezlarida, ayniqsa, Yangiqo‘rg‘ondagi 52-ixtisoslashtirilgan maktab-internatga respublikamizning yetakchi olimlarini chaqirib, o‘quvchilar bilan ilmiy uchrashuvlar o‘tkazar edi. Uchrashuvlarning birida men ham ishtirok etgandim. Jamol Isroilov rahbar bo‘lgan maktab bitiruvchilaridan 70-80 foizi oliy o‘quv yurtlariga kirardi. Bu o‘sha paytlarda juda katta ko‘rsatkich edi. Hozirda esa ushbu maktabning 100 foiz bitiruvchilari talaba bo‘lmoqda. Shunday qilib, u bo‘lajak mutaxassislar, fan namoyandalarining qanday sifatlarga ega bo‘lishi lozimligini o‘quvchilarga jonli muloqot orqali ko‘rsatib berar edi. Men maqolaning sarlavhasiga bejiz, “ibrat” so‘zini kiritmadim. Chunki bitta Jamol Isroilov timsolida bir vaqtning


98 Avlodlarga maktub o‘zida beshta kishini ko‘rish mumkin edi. U birinchi galda fizika muallimi, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega domla, o‘rta maktab direktori, tadbirkor va jamoat arbobi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Hammasida ham o‘rtamiyona emas edi. Jami faoliyatida ilg‘or edi. Ushbu holat bugungi kun kishilariga ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Hozir tuppa-tuzuk, sog‘lom odamlarning ko‘pi o‘ziga ish topolmasdan ovora. U esa o‘ta murakkab davrda ham beshta yirik va murakkab ishlar bilan shug‘ullangan. Bu ibrat maktabi emasmi, deb o‘ylab qolaman. Ko‘p hollarda uning hayotini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsataman. Bunday noyob insonlar yurtimizda ko‘p bo‘lsin. Obloqul QUVONDIQOV, Samarqand davlat universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori. KOMIL INSON HAQIDA SO‘Z Har bir odam hayoti davomida juda ko‘p kishilar bilan uchrashadi. Bunday uchrashuvlar asosan mahallada, maktabda va oliygohlarda o‘qib yurgan paytida, ishlab yurgan davrlarda sodir bo‘ladi. Albatta, bunday paytlarda insonlar bir-birlari bilan muloqotda bo‘ladilar. Natijada ular bir necha toifaga ajralib qoladilar. Birinchi toifaga kishida so‘zlari, yurish-turishi, munosabati bilan ijobiy taassurot qoldiradigan, fikr uyg‘otadigan, havas qo‘zg‘atadigan (ibrati bilan) kishilar kiradi. Ikkinchi toifaga salbiy xislatlari bilan kishida noxush taassurot uyg‘otadigan, hattoki, nafrat uyg‘otadiganlar kiradi. Bunday kishilarning hatti-harakatidan odamlar o‘zlariga tegishli xulosa chiqarishi lozim.


99 Avlodlarga maktub Uchinchi toifaga odamda hech qanday taassurot qoldirmaydigan kishilar kiradi. Bunday kishilar odamning xotirasidan tezda o‘chib ketadi. Men Jamol aka Isroilov bilan Samarqand iqtisodiyot va servis institutida tanishganman. U kishi ilmiy ish qilib, nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlab yurgan ekan. O‘sha paytda u ancha yoshga kirgan, tumandagi yirik tashkilot rahbari, maktab direktori ekan. Keyinchalik Jamol aka bilan birga institutda domla bo‘lib birga ishlab, muloqotda bo‘lib, chuqurroq, yaqinroq tanishdik. Bu davrda Jamol aka menda o‘z fazilatlari bilan juda ijobiy taassurot uyg‘otdi. Bu taassurotning ayrimlari quyidagilar: - so‘zlarini o‘z o‘rnida ishlatadigan, yuksak tafakkurga ega inson; - kamtarin, sofdil inson. Jamol aka mendan ancha yosh. Lekin u kishiga cheksiz hurmatim tufayli “aka” deb murojaat qilardim. U tumandagi yirik tashkilot rahbari, namunali maktab direktori bo‘lishiga qaramasdan hamma bilan chin ko‘ngildan kamtargina munosabatda bo‘lar edi. Atrofdagilarga, tanish-bilishlarga mehribon. Uning juda ko‘plarga (ukalariga, tanishlariga, hamqishloq va tumandoshlariga) g‘amxo‘rlik bilan xizmat qilganini eshitganman. Lekin o‘zim ko‘rgan misollarni keltiray. Ancha yillar bo‘ldi, biz kuz paytida dotsent Narziqul aka Ibragimov bilan kafedrada (oktabr oylari, talabalar paxta terimiga jalb qilingan) o‘tirgan edik, Jamol aka kelib qoldi. Hol-ahvol so‘ragandan keyin, “Yozda qanday dam oldilaringiz”, deb so‘radi. Bizlar hech yerga dam olishga bormaganimizni aytdik. Shunda u kishi Oqdaryo tumanida “Ustoz” dam olish uyi borligini, hozir u joy bo‘shligini aytib, darhol telefon qilib, ikki kishi dam


100 Avlodlarga maktub olishga borishini aytdi. Shunday qilib biz o‘sha yerda dam oldik. Jamol aka juda band bo‘lishiga qaramasdan, bizdan xabardor bo‘lib turdi. Ikkinchi voqea: Jamol aka ishi ko‘pligi sababli kafedradagi o‘qituvchilikdan bo‘shadi. Shunda ham kafedra a’zolari bilan aloqani uzgani yo‘q. Bir yili xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ushbu bayramni kafedramiz a’zolari birga oddiygina restoranda o‘tkazadigan bo‘ldik. Bu to‘g‘risida Jamol akani ham xabardor qildik. Jamol aka kelmasa kerak deb o‘ylab turgan paytimizda, u ko‘p gullar ko‘tarib, kirib keldi. Yirik tashkilot rahbarining nihoyatda band bo‘lishiga qaramasdan xotin-qiz o‘qituvchilarga bo‘lgan alohida e’tiborini ko‘rdik. Qizlarning har-birini alohida tabriklab, gullar berdi. Men uning g‘ayrat-shijoatiga, iqtidoriga tan berib, u kishiga havas qildim. Albatta, bunday iqtidorni eng avvalo, Jamol akaga Alloh bergan, qolaversa, bu oilada ota-ona bergan tarbiyaning mevasidir. Bo‘lmasa yirik tashkilot rahbarligini, namunali maktab direktorligini, institutda dotsentlik vazifasini bir kishi oddiy inson sifatida kamtarlik bilan bajarishi mumkinmi? Jamol aka to‘g‘risida ko‘p va xo‘p yozish mumkin. Lekin... Afsuski, yomon xabarni eshitib, xotira deb yozish qiyin ekan... Jamol aka menda oliyjanob, kamtarin inson sifatida taassurot qoldirgan. Bu taassurot menda umrbod saqlanib qoladi. Umar XUDOYBERDIYEV, SamISI dotsenti, iqtisod fanlari nomzodi.


101 Avlodlarga maktub IQTIDORLI MUALLIMNING IQTIDORLI IZDOSHLARI O‘tganlarni yod etish, eslash savob ish. Dunyodan barvaqt ko‘z yumgan olijanob insonlarning ibratli faoliyati haqidagi nurli xotiralarni kelajak avlodga yetkazish, ular ongiga singdirish esa undanda savobliroqdir. Bejizga “Ajdodlar ruhi barhayot”, deyishmaydi. Bu jumlalarda katta ma’no bor, mazmun bor. Chunki ajdodlarimizning bajargan ezgu ishlari biz uchun ibrat, qoldirgan boy meroslari tuganmas xazinadir. Yangiqo‘rg‘onlik Jamol Isroilov nomini, uning bajargan ishlarini oqdaryoliklar yaxshi eslashadi. Ayniqsa, bu inson pedagoglar qalbidan chuqur o‘rin egallagan. U kishi mohir muallim edi. Muallim bo‘lganda ham ilmiy darajali, tanlagan sohasi bo‘yicha chuqur bilimli, do‘stlarga mehri daryo inson edi. Jamol Isroilovning faolligi faqat ta’lim-tarbiyada emas, obodonlashtirish va bunyodkorlikda, jamoat ishlarida ham yaqqol sezilardi. Shunday fazilatlarining ustuvorligi tufayli u kishi maktabni, uning atrofini go‘zal maskanga aylantirdi. U kishining tashabbusi natijasida iqtidorli bolalar maktabinternati tashkil etildi. Ushbu maktab-internatga o‘zi uzoq yillar samarali rahbarlik qildi. Bugun bu dargohda bo‘lgan kishi amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlaridan, ayniqsa, yashnab turgan son-sanoqsiz ignabargli daraxtlarning hosil qilgan go‘zalligidan, ulardan tarqalayotgan xushbo‘y ifordan bahra olib, ularning yaratuvchisini eslashi tabiiy. 52-maktab-internat iqtidorli bolalar o‘quv dargohi. Bu dargohda o‘qishga havas qo‘ymagan bolalarni uchratmaysiz. Jamol Isroilov maktab-internatni tashkil etib, ishga tushirgan yillaridan birinchi galda qabul qilinadigan o‘quvchilar


102 Avlodlarga maktub iqtidoriga shaxsan o‘zi e’tibor qaratishni yo‘lga qo‘ydi. Ayni paytda Jamol Isroilovning o‘g‘li Bekjon Ibrohimov rahbarlik qilayotgan maktab-internatning o‘tgan 2022 yilgi natijalari hayratlanarli bo‘ldi. Bitiruvchilar oliy dargohga kirish borasida 100 foizlik natija ko‘rsatishdi. Bu iqtidorli o‘qituvchi Jamol Isroilov qadagan nihollarning mevasi edi. Mehnatkash, zahmatkash insonning orzulari amalga oshdi. Bu uning harakatlarining ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi izlanishlari, intilishlarining samarasi edi. Bugungi avlod, mohir muallimning nabiralari, shogirdlari, hamyurtlari yildan-yilga ko‘lami oshib borayotgan bunday natijalardan bahramandligi quvonarlidir. Bu bahramandlik yoshlarni ilmlar dunyosiga, zakovat olamiga, axloqodobga chorlamoqda. Ularni ruhlantirmoqda, baxtiyor onlar nashidasini surishga undamoqda. Men Oqdaryoda ta’lim tizimining rahbari sifatida maktablar ahvoli, kadrlar malakasi to‘g‘risida ko‘p o‘ylayman. Bugun amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamining kechagidan ancha salobatli ekanini his etaman. Sabablarini izlayman. Hammasi mamlakatimizda allaqachon boshlangan, bugungi kunda esa shiddat bilan davom ettirilayotgan islohotlar bilan bog‘liqligini anglayman. Unda ta’lim tizimi xodimlarining ham hissasi borligini dildan his etaman. Shu jihatdan avvalgi yillardagi soha jonkuyarlari bilan bugungilar o‘rtasidagi farqni qidiraman. O‘sha farqni topish uchun birgina Jamol Isroilov faoliyatidan misollar izlayman. Bu inson izlanuvchan, tashabbuskor edi. U tinibtinchimasdi, charchash nimaligini bilmasdi. Ertalab ishni maktabdan boshlasa, biroz muddat o‘tib institutda paydo bo‘lar, talabalarga leksiya o‘qiyotgan bo‘lardi. Yana bir muddat o‘tib qaysidir korxonada bunyodkorlik ishlari xususida bosh


103 Avlodlarga maktub qotirayotganiga, xizmat ko‘rsatish tashkilotida ishni tashkil etish bilan shug‘ullanayotganiga guvoh bo‘lardingiz. Yana u xalq xizmatkori edi. Deputat sifatida Oliy Majlis yig‘ilishlarida ishtirok etar, xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida faollik ko‘rsatardi. Joylarda saylovchilar bilan uchrashishga, ularning muammolarini o‘rganishga ham vaqt topardi. Bugungilar unday emas. Go‘yo barcha tashabbuslar, jonkuyarligu fidokorlik yaqin o‘tmishdagi rahbarlar, ziyolilar bilan birga ketgandek tuyuladi. Shu jihatdan olganda, xalqimizning Jamol akadek insonlarga bejiz tayanmagani, ulardan foydali fikrlar olgani, hayotiy go‘zalliklarni aynan ular bilan anglaganiga ishonch hosil qilamiz. Surayyo ORTIQOVA, Oqdaryo tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri. DONO ODAMNING A’MOLI HAM SABOQ Insonning ziynati boylik bilan emas, odamlar o‘rtasidagi hurmati bilan belgilanadi. Har bir inson o‘z hayoti davomida, qayerda ishlashidan va nima ish qilishidan qat’iy nazar, ko‘p insonlar bilan tanishadi, birga faoliyat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Lekin shularning ayrimlari bilangina haqiqatan yaqin, samimiy, do‘stona munosabatlar saqlanib qoladi, u bilan uchrashishga, ishtiyoq bilan suhbatlashishga esa ruhiy talpinish so‘nmaydi. Shundaylardan biri dotsent Jamol aka Isroilov edi. Bugun u kishini xotirlab, ikki og‘iz so‘z aytishni o‘zimga burch, deb bildim. Chunki u kishi o’zi bilan birga ishlagan va yaxshi bilgan, tanigan insonlarga befarq emas edi. U kishi bilan suhbatlashgan kishida qandaydir bir ajib qoniqish, ko‘tarinkilik hosil bo‘lardi. Men Jamol aka bilan mustaqillikning dastlabki yillarida tanishgan edim. Ikkalamizning ham ilmiy rahbarimiz professor


104 Avlodlarga maktub Mamayunus Pardayev bo‘lib, bizning boshimizni biriktirgan Samarqand kooperativ instituti (hozirgi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti) qoshidagi Samarqand ilmiy maktabi edi. Shu joyda bir ilmiy tadbirda tanishganmiz. Hali bir-birimizni unchalik tanimasak-da, menga murojaat qilib, “Juda zo‘r tesha tegmagan mavzuni tanlabsiz, bu bilan mazkur sohada juda katta yukni ko‘tarib, uzoqqa yurishingizga to‘g‘ri keladi”, deb qoldi. Gapning ochig‘i, bu gapidan ajablandim. Nima uchun “Mazkur sohada juda katta yukni ko‘tarib, uzoqqa yurishingizga to‘g‘ri keladi”, deyapti degan savolni o‘zimga qo‘ydim. Gapning ochig‘i, buni unchalik anglamagan edim. Hayotning o‘zi tushuntirib qo‘ydi. Haqiqatda oila iqtisodiyoti bilan bog‘liq, men shug‘ullangan mavzu jamiyatimizning iqtisodiy-ijtimoiy hayoti uchun o‘ta muhim va zarur mavzu ekan. O‘sha paytlarda oila iqtisodiyoti bo‘yicha hayotda ham, ilmiy jamoatchilikda ham umuman gapirilmas edi. Ustozim M.Pardayev menga shu mavzuda ilmiy tadqiqot olib borasiz deganda, gapning ochig‘i, men uchun bu qorong‘i o‘rmon edi. Mana bugun “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi, bir qancha farmon va qarorlar e’lon qilindi, hozir aholi farovonligi, yashash darajasi va sifatini baholashda asosiy nuqtalardan biriga aylandi... Har bir insonning o‘ziga xos xususiyatlari, pedagog olim sifatida shakllanish yo‘li bo‘ladi. Jamol Isroilov ham pedagog, ham tadbirkor, bir so‘z bilan ifodalaganda, serqirra olim edi. U o‘ziga o‘ta talabchan, qo‘yilgan maqsadiga erishish yo‘lidagi fidoyilik, ustozlariga, kasbdoshlariga, ilmiy maktab xodimlariga nisbatan doimo hurmat, tengdoshlarini e’zozlash, shogirdlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, har qanday vaziyatda yoningizda tura oladigan, qo‘lidan kelganicha yaxshilik qiladigan, yaxshilik qilganda ham sezdirmasdan (ko‘pincha keyin bilib


105 Avlodlarga maktub qolardim), minnat qilmasdan, kibrga ketmasdan, juda kamtarlik bilan ish ko‘radigan inson edi. Shu tufayli, biz – domlaning shogirdlari hamisha bir-birimizni opa-singil, aka-ukadek e’zozlar, hurmat qilar edik. Bu davrada odamlarga imkoniyat darajasida quvontiradigan yaxshi amallarni qilib yuradigan benazir kishilardan biri shu bugungi xotirlayotgan akamiz edi. Bu yorug‘ olamda har bir insonning o‘z missiyasi bo‘lar ekan. Jamol Ibragimovichning missiyasi yaxshilik urug‘ini beminnat sochadigan va odamlarga ibrat bo‘ladigan shaxs bo‘lish desam yanglishmayman. Ezgulik deb yashagan Jamol akaning hayot yo‘li shaxsiy fazilatlari yoshlarimiz uchun ibrat maktabidir, u har doim odamlarning tashvishi bilan yashagan. Men Jamol akaning quyidagi alohida fazilatlari va ishlarini ham ta’kidlamoqchiman. Respublikamizning iqtisodiyotini, fan, ta’lim sohalarini rivojlantirishga qaratilgan qonunlar loyihalarini tayyorlab, ko‘plab taraqqiyotga yetaklovchi ilmiy tavsiyalari bilan qonunlarni mukammallashuviga xizmat qilgan iste’dodli olimlarimizdan biri sifatida bilaman, tan olaman. Eng asosiysi, o‘zidan yaxshi nom qoldirgan insonlarni sanab ber desa, u kishini ro‘yxatning birinchi qatoriga yozishga arziydigan inson sifatida bilaman. Shu bilan birga, iste’dodli shogirdlar qoldirib, ham juda ko‘p insonlarning duosiga sazovor bo‘lgan, martabasi ulug‘ inson edi. Xullas, Jamol aka haqida juda ko‘plab yaxshi xotiralarimiz bor. U kishi O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati (dunyoviy martaba), hoji bobo (diniy martaba)larga ham erishdi. Bu kishining insonlarga qilgan barcha yaxshi fazilatlari doimo barhayot. U qalbimizda doim yashab kelmoqda. Gulnora SHODIYEVA, SamISI professori, iqtisodiyot fanlari doktori.


106 Avlodlarga maktub XUSUSIY MULKNING AFZALLIGI Hayotning yozilgan va yozilmagan, biz bilgan va bilmagan qonun-qoidalari borki, ularni hurmat qilgan, ularga amal qilganlar hamisha yutadi. Yana ularni hamma har xil qabul qiladi, qabul qilganda ham kasbi, xarakteri nuqtai-nazaridan qaraydi. Deylik, iqtisodchi masalaning asosan iqtisodiy tomoniga, siyosatchi siyosiy jihatiga, ma’naviyatchi esa ma’naviy yo‘nalishiga e’tibor qaratadi. Odamlarga, ular xarakteriga baho berishda ham shunday. Masalan, men bunday vaziyatlarda sohaga ko‘proq kasbim taqozosiga ko‘ra yondashaman. Lekin shunday insonlar borki, ularni qaysi toifaga kiritishga o‘ylanib qolasan kishi. Sababi, ular birgina soha bilan cheklanib qolishmaydi, iqtisod, siyosat, ma’naviyat va boshqa yo‘nalishlardan ham yaxshigina xabardor bo‘lishadi, soha mutaxassislari bilan bemalol suhbatlashadi, zarur paytlarda bahs-munozaralarga boradi. Qizig‘i, ko‘p hollarda bunday kishilar haq bo‘lib chiqishadi. Men bunday insonlarni bir emas, bir necha sohalar bo‘yicha bilimdon, amaliyotdagi o‘rganishlari mukammallik darajasiga yetgan, deb atagim keladi. Uzoqdan emas, o‘zim yashayotgan Oqdaryodan bunday insonlarni qidirgim keldi, ularni yoshlar orasidan emas, yoshi ulug‘lar ichidan tanlamoqchi bo‘ldim. O‘tganlar haqida ham bir-bir o‘yladim. Shu bahona bir qancha insonlarni xotirladim, ezgu ishlarini ko‘z oldimga keltirdim. Iliq so‘zlar, qalb xotiralarim bilan ularning ruhlarini shod etsam dedim. Yangiqo‘rg‘onlik Jamol Isroilov mening nazarimda shunday insonlardan edi. Mehnatkashligi, bilimdonligi, tadbirkorligi


107 Avlodlarga maktub bilan odamlar e’tiboriga tushgandi. Saxovatdan, muruvvatdan qochmasdi. Qalbida eliga, yurtiga mehr bor edi. O‘zi rahbarlik qilayotgan 2-o‘rta maktab yumushlaridan ortib, atrofdagi boshqa maktablarga ham obodonlashtirishda, ta’mirlashda yordam ko‘rsatardi. Ilm o‘rganishga, bilimini doimiy oshirib borishga e’tibori kuchli bo‘lgani sabab fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Samarqand iqtisodiyot va servis institutida dars berdi. Xususiy sektordagi faoliyatini esa yil sayin kengaytira bordi. Bunyodkorlik va xizmat sohasida bir talay ishlarni yo‘lga qo‘ydi. Bekorchilikdan qochdi, doimiy ravishda o‘zini mehnat quchog‘iga urdi. Farzandlar tarbiyasi, shogirdlar kamoloti yo‘lida g‘ayrat-shijoat ko‘rsatdi, bilim va mahoratini sarfladi. Jamol Isroilov ezgu ishlarini boshlagan, jiddiy harakatlari tufayli odamlar ko‘nglidan joy ola boshlagan yillarda men Samarqand viloyat moliya boshqarmasi nazorat-taftish boshqarmasida boshliq bo‘lib ishlardim. Ayrim shaxslarda Jamol Isroilov tomonidan tasarruf etilayotgan xususiy mulk to‘g‘risida noto‘g‘ri talqinlar ham yuzaga kela boshladi. Buni ikki xilda tushunish mumkin edi. Biri hasadgo‘ylik, va yana biri vaziyatni to‘g‘ri anglay olmaslik, hali xususiy mulk haqida to‘g‘ri tushunchaning yo‘qligida edi. Shu o‘rinda tasavvur etish kerakki, mamlakatimizning barcha hududlarida xususiy mulk birdaniga paydo bo‘lib qolgan emas. U haqdagi tushunchalar odamlar ongida o‘zo‘zidan qaror topgan emas. Mustaqilligimizning dastlabki davrida xususiy mulk bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, bunday tushunchani anglash, uni his etishning o‘zi qiyin edi. Xalqimizning aksariyat qismi ancha yillar davomida mulkka egalik qilishga hadik bilan qaradi. Unga egalik qilish,


108 Avlodlarga maktub o‘z boyligini yaratish mumkinligini, hatto, tasavvuriga ham sig‘dira olmasdi. Bu odamlarning ongsizligi, bilimsizligi, dunyoqarashi pastligi bilan bog‘liq emasdi. Yillar mobaynida ularning ongu shurlarini sobiq tuzum mafkurasi egallab olgani, ana shu mafkura ta’sirining kuchli ekanida edi. Jamiyatda mulkchilikning bir ko‘rinishidan ikkinchi ko‘rinishiga o‘tishning qiyinligida edi. Ana shunday davrda Jamol Isroilov xususiy mulk afzalliklarini tushuna oldi, xalq o‘rtasida uni isbotlashga kirishdi. Dastlab bitta, ikkita xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan xususiy shoxobchalarini tashkil etdi. Asta-sekin ularning sonini oshira bordi. Odamlar qarashdiki, bunday xususiy shoxobchalarning davlatga qarashli bo‘lganlarnikiga qaraganda afzalligi katta. Asosiysi, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshiroq, ish tartibi ehtiyojga qarab belgilanadi. Istalgan mahsulotni topish imkoni bor. Bu shoxobchalarning ba’zilari avtomobillarga benzin va gaz quyish bilan shug‘ullanardi. Odamlar o‘rtasida Jamol Isroilovning “zapravkalari” haqida gap-so‘zlar tarqala boshladi, ularning birida yaxshi fikrlar aytilsa, ikkinchisida mutloq teskarisi bildirilardi. Yangi tadbirkor esa bunday gapso‘zlarga e’tibor bermadi. Xususiy sektordagi boshlangan ishlarni yanada jadallashtirish harakatida bo‘ldi. Obodonchilik, bunyodkorlik ishlariga e’tibor qaratdi. Yangi korxonalar tashkil etdi. Xizmat ko‘rsatishni birgina Oqdaryoda emas, barcha tumanlar bo‘ylab yo‘lga qo‘ydi. Samarqand shahridagi yirik inshootlarni qurish, ta’mirlashda ishtirok etdi. Yangi ish o‘rinlari yaratib, anchagina odamlarning ishli va daromadli bo‘lishini ta’minladi. Aytmoqchimanki, Jamol Isroilov odamlar ikki o‘rtada ikkilanib turishgan bir paytda ularga namuna bo‘la oldi, yangicha sharoitda ishlashning afzalliklarini, uning ijobiy jihatlar-


109 Avlodlarga maktub ini ko‘rsatib, isbotlab bera oldi. Men bunday insonlarni o‘sha davrning haqiqiy qahramoni deb atagan bo‘lardim. Haqiqatda ham qahramonlik darajasidagi ishlar. Yangilikni, davr ruhini to‘g‘ri his eta olish u davrlarda hammaning ham qo‘lidan kelavermasdi. Hattoki, odamlar xususiy bir do‘koncha ochishga ham ikkilanib turgan payt edi. Hammaning ongini, dunyoqarashini sobiq ittifoq tuzumi siyosati batamom egallab olgandi. Yangicha yashash, yangicha ishlash uchun odamlarni ishontirish shaxsiy namuna ko‘rsatish bilan bog‘liq edi. Jamol Isroilov shunday murakkab sharoitda vaziyatni tushuna oldi, qat’iyat ko‘rsatdi, birinchilardan bo‘lib yangi tuzumdagi yangicha ishlarning afzalliklarini, foydali tomonlarini amalda isbotlay oldi. U o‘zidagi kuchli bilim, yetuk ong va boy dunyoqarash evaziga mulkchilikning yangicha ko‘rinishi afzalliklarini isbotladi, ortidan ko‘plab bo‘lajak tadbirkorlarni ergashtirdi. Zimmasidagi mas’uliyatni anglash, bor bilim va mahoratdan to‘g‘ri foydalana olish, oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar Jamol Isroilovning doimiy yo‘ldoshi, qalbining to‘ridan o‘rin olgan maqsadu muddaolari edi. Bularning hammasi uning bilimdonligi, pokligi, odamlar tashvishlarini o‘z tashvishlarida deb bilishida, imkon qadar hammaga yordam ko‘rsatish niyatida bo‘lganida edi. Jamol Isroilov haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Men shunday insonning oqdaryolik bo‘lganidan, o‘z yurtida hali birovlar o‘ylamagan yangiliklarni hayotga tatbiq etganidan, yangicha ishlash borasida o‘zini ko‘rsata olganidan, o‘z ortidan shogirdlarini boshlaganidan faxrlanaman. Amriddin XUDOYBERDIYEV, moliya tizimi faxriysi.


110 Avlodlarga maktub USTOZNI ESLAB Men Jamol Isroilov bilan qachon birinchi marta tanishganimni eslay olmayman... Rahbar sifatida endi ish boshlagan kunlarim. Viloyat hokimi bilan yangi qurilayotgan maktablarni ko‘rishni Qo‘shrabot tumanidan boshladik. Tumanning tog‘ yonbag‘rida joylashgan qishloqlaridan biridagi 36-maktab binosining qurilishi kapital ta’mirlash o‘rniga tushgan ikki qavatli yangi imorat shaklida boshlangan edi. Bino g‘ishtlari deraza ostigacha terilgan holatda ishlar to‘xtagan, ta’mir uchun ajratilgan mablag‘ yangi qurilishning shu holatigacha yetgan edi, xolos. O‘sha yili juda og‘ir bo‘lgan. Dasturlarni qayta ko‘rib chiqib, viloyatga ajratilgan mablag‘larni bir sohadan ikkinchi sohaga olib, qayta tasdiqlashni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ygunimizgacha ikki oy vaqt o‘tgan edi. Jamol aka o‘sha maktabning o‘z vaqtida – avgust oyida topshirilishiga erishgandi. Bugungiday yodimda, keyingi yildagi qurilish inshootlari taqsimotini viloyat hokimiga ko‘rsatish jarayonida, ro‘yxatda qurilishi rejalashtirilayotgan kasb-hunar kollejlaridan biri Jamol Isroilov rahbarlik qiladigan tashkilot – “Turon”ga berilgan edi. Tajribali, ko‘pni ko‘rgan viloyat rahbari ro‘yxatdagi navbat “Turon”ga kelganda “Mana bu tashkilotni to‘g‘ri qo‘shibsan, munosib holda uddalashi aniq”, deganida – Jamol akaning dastlabki bir yillik quruvchilik faoliyatiga munosib baho bo‘lgandi. O‘shandan keyin qachon u bilan uchrashsak, menga “Ustoz” deb murojaat qiladigan bo‘ldilar. “Jamol aka, unday demang, siz menga va ukalarimga ustoz bo‘lgansiz” deb e’tiroz bildirsam ham unamas edilar. Shundan qilib, 3 yil


111 Avlodlarga maktub davomida ko‘pgina katta-kichik qurilish inshootlarida birga ishladik. Biror-bir marta u inshootlarni sifatsiz yoki vaqtidan kechikib topshirmagan. Jamol aka tug‘ma tashkilotchi, ilmli olim, rahbarlik qobiliyatiga ega inson edi. Menga juda ko‘p ustalar kelib, qurilish tashkilotidan ish topib berishimni iltimos qilishar edi. Bir kuni Abdumannon ismli duradgor usta huzurimga shunday iltimos bilan keldi. Shu paytda kutilmaganda Jamol aka ham kelib qoldilar. Men ularni bir-birlariga tanishtirdim va Jamol akadan imkoni bo‘lsa yordam berishini so‘radim. Oradan yillar o‘tib, Jamol akaning ta’ziyasidan keyingi kunlarda erta tongda mutlaqo boshqa tumanda yashaydigan o‘sha Abdumannon duradgor ustaxonamga kirib keldi. – Hoji aka, bandalik, Allohimning O‘zi rahmatiga olsin. Jamol hoji akangiz olamdan o‘tibdilar, bir oldingizga kelib, ta’ziya bildirishni o‘zimga farz deb bildim, – dedi. Ancha uzoq eslashdik. – O‘sha, siz Jamol aka bilan uchrashtirganingizdan keyin u kishining ko‘p ishlarida ishtirok etdim. Ro‘zg‘orimga baraka kirdi. Aroq ichishlarni tashladim. Shu mehnatlarim orqasidan o‘g‘illarim oliy ma’lumotli injener bo‘lishdi. Biz oilamiz bilan hech qachon sizlarni unutmaymiz, – dedi. Bunday holat bir necha marta sodir bo‘ldi. Aka “shogirdim”, ya’ni ustozim Jamol Isroilov juda kamtar, atrofdagilarga e’tiborli inson edi. Eng muhimi, Alloh u insonni ko‘p ibratli xislatlar bilan bir qatorda nihoyatda ajoyib fahm va farosat bilan ham siylagan edi. Pirimqul SOBIROV, Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi Injiniring” kompaniyasi sobiq direktori, mehnat faxriysi.


112 Avlodlarga maktub E`TIROF Jamol Isroilov yaqin do‘stlarini, ustozlarini, shogirdlarini nihoyatda qadrlar edi. Ularning har biri bu ajoyib inson haqida ko‘plab xotiralarga ega. Ezgulik, to‘g‘rilik, adolat borasidagi kurashlarini, yurt obodligi, el farovonligi, Vatan ravnaqi yo‘lida bajargan ishlarini yodlarida saqlashadi. Katta-kichik davralarda eslashadi, ibratli jihatlari haqida gapirishadi. Iqtisod fanlari doktori, taniqli olim Mamayunus Pardayev Jamol Isroilovga ustozlik qilgan. O‘rtadagi ustoz-shogirdlik do‘stlikka aylanib ketgan. Ikki olim dunyoqarashi, maqsadlari bir bo‘lgani bois, ana shu do‘stlik faqat yaxshilik, ijodiy hamkorlik sari yo‘l ochgan. Domla Mamayunus Pardayev shogirdi, do‘sti Jamol Isroilovning hayoti va faoliyatini ko‘pgina olimlarga nisbatan mukammalroq biladi, amaldagi ishlarini e’tirof etadi. Quyida olimning dil izhorlari bilan tanishamiz.


113 Avlodlarga maktub ORAMIZDA BO‘LMAGAN “ORAMIZDAGI ODAM” YOKI DO‘ST SOG‘INCHI Armon... Jamol Ibragimovich Isroilovning 70 yillik yubileyiga xotira yozayotganligimga inson sifatida afsusdaman, ammo Yaratganning taqdiri ekan, shunday bo‘lib qoldi. Endi bizdan sabr va yana sabrni talab qiladi, xolos. Biz juda ajoyib inson, dardkash, dilkash do‘stimizdan ayrilib qolishni hech ham o‘ylamagan ekanmiz. Juda ko‘p orzularimiz, rejalashtirgan ishlarimiz faqat armon bo‘lib qoldi. Jamol Ibragimovich katta ustoz edi. Ustozda cheksiz salohiyat, sherning yuragi, burgutning ko‘zi, ayiqning qo‘li, gulning nozikligi, bulbulning xonishi bo‘lishi kerak ekan. Insonni tarbiyalashdek murakkab jarayonda hammasini o‘rni kelganda ishlatishga to‘g‘ri kelarkan. Xursandchilik g‘am bilan tugaganidek, g‘am ham quvonch bilan tugashi. Bizning xursandchiligimiz uning vafoti bilan tugadi. Yana quvonchimiz uyg‘ongani, u kishidan juda katta tarbiyaviy meros qolganligini his qilishimiz bo‘lmoqda. Tom ma’noda aytadigan bo‘lsak, ustoz bergan tarbiya o‘zi tugaganda ham tugamas ekan. Xullas, qadrdonimizning yo‘qligi armon, qoldirgan ne’matlari (tarbiya, insoniy o‘rnak, saxovat, e’tiborlilik, shoshmaslik, chuqur mushohada kabilar) bizga katta tortiq bo‘lib qoldi. E`tirozga javob Bir kuni ukasi Bahodir Isroilov nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan edi. Himoyaga men bora olmadim, chunki davolanayotgan edim. U kishi himoyada ishtirok etib, kelgach


114 Avlodlarga maktub meni ko‘rishga keldi va himoya tafsilotlarini aytib berdi. Gap o‘rtasida “domla yo‘l-yo‘riq ko‘rsating, men ham dissertatsiya yozaman”, deb qoldi. Men “mayli” dedim, mavzuni tanladik. Aynan o‘sha paytlarda xususiy korxonasi bor, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib yurar edi, mavzuni aynan shu soha bo‘yicha tanladik. Yozib boshladi. Masalaga juda chuqur kirib borardi. Ko‘p maqolalar ham chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Men mavzusining yo‘nalishini aytsam bo‘ldi, qolganiga tayyor ishni ko‘rardim. Uning intilishidan, tadqiqotlaridan mamnun bo‘lib yurgan edim, rasmiylashtirishda muammo chiqdi. Men shunda bilibman, u kishi SamDUda fizika fakultetini tugatgan ekan. Men bo‘lmaydi, qanday qilib fizik bo‘lsangiz iqtisoddan chiqasiz, deb birinchi e’tirozni o‘zim bildirgan edim. U kishi so‘rab-surishtirib, “qo‘shimcha imtihon topshirsa bo‘lar ekan”, dedi. Shu tariqa bir qator fanlar bo‘yicha qo‘shimcha imtihonlarni 5 bahoga topshirib, hujjatlarini menga ko‘rsatib, ilmiy bo‘limga topshirdi. Va nihoyat, u iqtisodiyot fanidan tadqiqotchi bo‘lib rasmiylashtirildi va dissertatsiyani muvaffaqiyali himoya qildi. Himoyadan so‘ng juda ko‘p Kengash majlislarida Jamol Ibragimovichning muvaffaqiyatli himoyasi eslab turildi. Rizqni halolidan ber... Jamol Ibragimovich “bir burda nonni ham halolidan bersin”, deb duo qilar edi. Bir kuni sheriklaridan biri “Nima uchun faqat shunday duo qilasiz, beshta korxonangiz bo‘lsa, tinimsiz faoliyat ko‘rsatib yurgan bo‘lsangiz. Oyligingizning o‘zi ham bemalol halol yashashingizga yetadi-ku? Nimadan xavotirdasiz?”, deb savol bergan ekan. U kishi Men xavotirda emasman, Yaratganga behisob shukurlar bo‘lsin, hammasi


115 Avlodlarga maktub yetarli. Ammo tekin nonni orzu qilmaslik kerak”, deb shu rivoyatni aytib bergan ekan: Rivoyat: Kundalik rizqini hammollik orqali topuvchi bir yigit namozlarida: «Yo Rabbim, menga nima beradigan bo‘lsang xayrlisini ber. Bir burda non bo‘lsa ham xayrlisidan nasib et”, deb duo qilar ekan. Hammolning mudom bir xil duoni takrorlayverishi atrofidagilarning e’tiborini tortibdi. Ulardan biri so‘rabdi: – Ey do‘stim, nima uchun sen namoz o‘qib bo‘lgach, Allohga «Yo Rabbim, menga nima beradigan bo‘lsang, xayrlisini ber. Bir burda non bo‘lsa ham xayrlisidan nasib et», deb iltijo qilasan. Nonning ham xayrsizi bo‘ladimi? Hammol javob beribdi: – Birodar, mening boshimga tushgan savdoni bilsayding, sen ham shunday duo qilgan bo‘larding. Atrofidagi odamlar qiziqib so‘rabdilar: – Boshingdan o‘tgan voqeani so‘zlab ber, biz ham eshitaylik. Hammol so‘zlab beribdi: – Bir kuni og‘ir yuk ko‘tarib qiyalikdan yuqorilayotgan edim. Holdan toyib, ustimdagi yukni bir muddatga yerga tushirishga majbur bo‘ldim. Peshonamdan oqayotgan terni artar ekanman, ich-ichimdan faryod chekdim: «Ey Alloh, nasibam bo‘lgan bir burda nonni qanday qiyinchiliklar bilan berasan-a! Meni jiqqa terga botirmay, yeydigan nonimni o‘tirgan joyimdan qo‘zg‘atmay, ehson qilib qo‘ya qolsang bo‘lmaydimi?!» Bu iltijo og‘zimdan chiqar-chiqmas, birdan qarshimda ikki kishi bir-birini savalayotganini ko‘rib qoldim. Jim qarab tura olmay, ularni ajratishga urindim. Shu payt ulardan biri shunday musht tushirdiki, og‘zi-burnim qonga bo‘yaldi. Yetib kelgan mirshablar meni ham janjalkashlarga


116 Avlodlarga maktub qo‘shib, hibsga oldilar. Qamoqdaligimda mirshablar har kuni non olib kelardilar. Shiftga termulgancha yotar ekanman, qayg‘uga botganim uchun tomog‘imdan bu tekin non o‘tmasdi. O‘z-o‘zimga: «Endi yuk ham tashimayapsan, peshonangdan ter ham quyilmayapti. Mana senga tekinga kelgan non. To‘yguningcha yeb ol”, derdim. Chunki ozodlikda manglay terim evaziga topilgan kulcha tutqunlikda berilgan tekin nondan lazzatli edi. Noto‘g‘ri duo qilganimni tushunib yetdim. O‘sha kundan e’tiboran duoimni o‘zgartirdim. Allohdan doim xayrli rizq berishini so‘rayman, degan ekan. Unga boylik otadan meros qolgan emas. Otasi o‘rta hol, oddiy dehqon bo‘lib, xonadonida chorvachilik bilan shug‘ullanib, bolalarini halol luqma bilan katta qilgan kishi bo‘lgan. Barcha boylikni Allohning inoyati bilan o‘zi topgan. Agar unga savol berilib qolsa, albatta, birorta rivoyat yoki aniq voqealardan misol keltirish bilan isbotlab tushuntirar edi. Bu noyob xislat, bilimdonlikdan dalolatdir. Har so‘zida ma’no bor edi Bir kuni bir guruh birodarlar bilan suhbatlashib o‘tirgan pallada, bir kishi soxta odamlar ko‘payib ketganligini, ularning ishi tushmasa, birovning so‘ramasligini aytib nolib qoldi. Shunda Jamol aka bir suhbatni aytib bergan edi. Tolha ibn Abdurrohman ibn Avf o‘z zamonasida Qurayshning eng saxovatli kishilaridan biri bo‘lgan ekan. Bir inson u kishi haqida quyidagilarni aytgan ekan: Bir kuni Tolhaga xotini: - Sizning birodarlaringizdek pastkash insonlarni ko‘rmaganman”, - dedi. U: - Nima uchun bunday deyapsan?” - dedi.


117 Avlodlarga maktub Xotini: - Agar siz boyib ketsangiz, ular sizdan ajralishmaydi, agar siz kambag‘al bo‘lib qolsangiz, (xabar olib) kelishmaydi” — dedi. Tolha xotiniga qarab: - Allohga qasamki, bu ularning mukarram xulq sohiblari ekanidandir. Ularga saxovat ko‘rsatishga imkonimiz bor paytda kelishadi, agar ularning haqqini ado qilishdan ojiz bo‘lib qolsak, (bizni bezovta qilib, xijolatga qo‘ymaslik uchun) kelishmaydi — deb javob bergan. Xulosa o‘zingizdan. Qarang, har bir gapning, hodisa va jarayonlarning zamiridan, oqibatidan yaxshilikni axtarar edi. Shu tufayli biror kishidan shunchaki xafa ham bo‘lmas edi. Jamol Ibragimovichga “Bu kishi bunaqa, unaqa” deydigan bo‘lsa, “uning xarakteri shu, odati shu, biz yaxshi bo‘laylik, shuning o‘zi yetarli”, degan gaplarining zamirida ham juda katta ma’no borligini u kishining hayotini, gaplarini eslab, yana bir bor amin bo‘lasan kishi. Agar xalq sevsa... Jamol Ibragimovichni xalq chinakamiga sevishini u kishining nomzodi viloyat va Oliy Majlis deputatligiga qo‘yilganda bilganman. Men o‘shanda viloyatda “Milliy tiklanish” partiyasining rahbari edim. U kishi mazkur partiyaning faol a’zolaridan biri edi. Saylovga nomzodlarni tanlash jarayoni ketmoqda. Oliy Majlis deputatligiga nomzodlardan bittasi sifatida Jamol Isroilovning ham nomzodi ko‘rsatildi. Keyin yana bir partiya a’zosidan, u kishini shu hududdan viloyat Kengashiga ham qo‘yaylik degan taklif tushdi. Surishtirib ko‘rsak, viloyat Kengashiga nomzodlikka aynan shu hududning tuman hokimi ham qo‘yilgan ekan. Biroz e’tirozlar bo‘lgan edi, kamtarona, “Saylov-ku bu, kimni saylashni xalqning o‘zi biladi. Nimadan


118 Avlodlarga maktub qo‘rqasizlar, nomzodimni qo‘yaveringlar. Albatta, hokim o‘tsa kerak. Lekin kimdir baribir u kishiga qarshi qo‘yiladi-ku, shunday ekan, shu joyda mening nomzodim turib tursin”, dedi. Biz ham rozi bo‘ldik. Lekin poytaxtdagi byurokratik apparat u kishining nomzodini Oliy Majlisga nomzodlar ro‘yxatidan chiqardi. Bu xabarni eshitgan oqdaryoliklar tashabbuskor guruh tashkil etib, Jamol Ibragimovich nomzodini Oliy Majlis deputatligiga ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Saylov jarayoni boshlandi, turli uchrashuvlar bo‘ldi. Xullas, saylov natijalari e’lon qilindi. Bir qancha nomzodlar ichidan, Oliy Majlisga ham, viloyat Kengashiga ham birinchi ovoz berish kunida Jamol Isroilov saylanib, o‘tib ketibdi. Tuman hokimining viloyatga, viloyat hokimi o‘rinbosarining Oliy Majlisga nomzodligi bor edi. O‘sha paytlarda hokimlar va hokim o‘rinbosarlari o‘tadigan zamon edi. Men qoyil qolganman. Xalqning aksariyat qismi ikki Kengashda ham deputatlik uchun asosiy ovozni Jamol Isroilov nomzodini qo‘llab bergan edi. Mana sizga xalqning muhabbati, e’tirofi, tan olishi. Shu tariqa u kishi birdaniga ikkita joyga deputat bo‘lib saylandi. Bu yutuqlar partiyamizning ham obro‘si oshishiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatidagi faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shunday ediki, u butun xalqning, millat va davlatning dardi bilan yashadi, taraqqiyot yo‘lida to‘g‘anoq bo‘layotgan muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etishning, kundalik turmushimizni to‘q va farovon qilishning yo‘llarini izladi. Chunki, u kishi deputat bo‘lguncha hayotni, ishlab chiqarish amaliyotini va nazariyani chuqur o‘rgangan insonlardan edi. Olimlar Alloh inoyati bilan shunday yaratilgan ekanki, bundaylar nafaqat fidoyi, kechayu-kunduz tinimsiz mehnat


119 Avlodlarga maktub qiladigan bo‘lish bilan birga, jamiyat manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘ya oladigan kishilar bo‘lib ham yetishar ekanlar. Iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Jamol Ibragimovich o‘zini shundaylardan biri sifatida Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ham namoyon qildi. Jamoaning ko‘z o‘ngida hamisha bu kishi, umuman charchamaydigan, shijoatli, injiqlikni bilmaydigan, odamlar dardi bilan yashaydigan, saxovatli, elparvar inson sifatida gavdalanib turadi. Sobiq talabalar, bugungi kunda pedagog bo‘lib yurgan shogirdlari Jamol Ibragimovichni hamisha mantiqli gapiradigan, so‘z bilan suyadigan va so‘z bilan “uradigan” ustoz sifatida biladi va faxr bilan eslaydi. Ikki dunyosini obod qilgan inson Bizda duoga qo‘l ochib, ikki dunyo saodatini so‘rashadi va birovga tilak qilganda ikki dunyoing obod bo‘lsin deb duo qilishadi. Bu bejiz emas ekan. Jamol Ibragimovich hamisha ikki dunyo saodatini o‘ylab ish tutdi. Biz hajga birga ketishni rejalashtirib yurgan edik, u kishi “bizning guruhdan faqat menga javob tegdi, men do‘stlarimni tashlab keta olmayman” dedi. U kishining bir guruh do‘stlari bor edi, ular hamisha birga edilar. “Hammamiz birga borishga kelishganmiz”, deb xullas men bilan birga keta olmadi. Men oilam bilan Hajga borib, Baytullohni tavof qilib kelish sharafiga muyassar bo‘ldim. Meni Jamol aka Ziyovutdinxon bilan birga aeroportda kutib olishdi. Barcha jarayonlarni qiziqish bilan so‘rab, ushbu mavzuda alohida gaplashishni keyinga qoldirdik. Batafsil gaplashishga vaqt taqozo qilmadi. Ancha kundan keyin alohida suhbatlashdik. Shunda bir duo qiling deb qoldi, Men: “Doim martabangiz ulug‘, yuzingiz Yaratganning oldida ham, el-ulusning oldida ham yorug‘


120 Avlodlarga maktub bo‘lsin va Siz ikki dunyo saodatiga muyassar bo‘ling”, degan duoni qildim. Bu bilan suhbatimiz tugamadi. Yana davom etdi. Shunda “Ibratli rivoyat va hayotiy voqealar”da bitilgan quyidagi rivoyatni eslashdik. “Qadimda bir mamlakat bor ekan. U mamlakat podshohlariga g‘alati muomala qilisharkan. Podshoh butun umr bo‘yi shu mamlakat uchun yugurib-yelib, uni obod qilib, aholisini to‘ydirib, doim shu mamlakat dardida yonarkan. Lekin u qarib qolsa, uni bir qayiqqa o‘tqazishib, borib kimsasiz, na bir daraxti, na bir ozuqasi bor biyobon, jazirama bir orolga tashlab kelisharkan... Podshoh o‘sha yerda azobda, ochlikda dunyodan o‘tarkan. Hamma podshohlarga shunday muomala bo‘larkan. Mana, yangi bir oqil podshoh eski shoh o‘rniga taxtga o‘tiribdi. Ish boshlashdan avval o‘ylanib qolibdi... Shuncha podshohlar shu mamlakat uchun xizmat qilishdi, faqat shu mamlakatni obod qilishdi, lekin baribir ularni o‘sha kimsasiz orolga tashlab kelishdi. Meni ham shunday oqibat kutyapti, nima qilsam ekan?! Uning oqil bir vaziri bor ekan, uni chaqirib, maslahat so‘rabdi. Vazir: - Podshohim, siz oqil insonsiz, siz boshqalardek ish tutmang, siz bu mamlakatni obod qilish bilan bir qatorda o‘sha orolni ham obod qiling... U yerga ham o‘zingizga saroy qurdiring, bog‘ barpo qildiring, ozuqa zaxira qildirib qo‘ying. Bu mamlakatda ishingiz tugab, sizni qayiqqa o‘tqazishib, o‘sha orolga jo‘natishsa, o‘zingiz obod qilgan orolda rohat-farog‘atda yashaysiz, — debdi... Vazirning gapi podshohga ma’qul tushibdi. Bu mamlakatni obod qilish bilan bir qatorda kimsasiz orolni ham obod qilibdi, bog‘ barpo qilibdi, ozuqa zaxira qilibdi, saroy quribdi...


121 Avlodlarga maktub Podshohligi tugab, qayiqqa o‘tqazishib, orolga jo‘natishayotganda ko‘ngli xotirjam, xursand holda o‘zining obod qilgan oroliga ketibdi... Qiyoslang: Podshohlik qilingan mamlakat – DUNYOMIZ; Podshoh – O‘ZIMIZ; Qayiq – TOBUT; Kimsasiz orol - QABR; Jahannam; Obod qilingan orol esa – JANNAT; Oqil vazir - IYMONimiz. Har birimiz bu dunyoni obod qilish uchun yelib yuguramiz, lekin aksariyat hollarda oxiratni unutib qo‘yamiz... Jahannamda jazirama, ochlik, azob orolida azob tortmaylik desak, boradigan yerimizni - oxiratimizni obod qilaylik, oxiratga ham ozuqa zaxira qilaylik, abadiy rohat-farog‘atda o‘taylik...”. Ushbu rivoyatning mazmunini bugun tushunib yetayapman. U kishi boradigan kimsasiz orolini obod qilish bilan uzluksiz shug‘ullangan ekan. Fikrimcha, Jamol Ibragimovich u dunyoga juda katta zaxira bilan ketdi. Men bilganlarimning o‘zi bir dunyo. Muhtojlarga beminnat yordam qilar edi. Buni biror marta oshkor qilmagan. Shuning uchun uning qazo qilganini eshitib ko‘z yoshini to‘xtata olmasdan dodlab yig‘lagan xolis insonlarga guvoh bo‘lganman. “Oxiratlari obod bo‘lsin”, deb tunukun duo qiladigan muxlislari, bevosita yordami tekkan insonlari bor ekan. Ko‘rinib turibdiki, Jamol Ibragimovich ikki dunyosini ham obod qilgan insonlardan. Hozir o‘ladiganday ibodat qil... Hamisha gap kelib qolganda u “Hozir o‘ladiganday ibodat qil, abadiy yashaydiganday ishla”, der edi. Nimaga bunday


122 Avlodlarga maktub deysiz, tafsilotini tushuntirib bering desak, “O‘zi shunday aytilgan,” der edi, rahmatli. Ushbu so‘zning mohiyatiga endi yetgandaymiz. Inson, albatta, kuni bitib, qachonlardir bu dunyoni tark etar ekan. Ibodatlarni o‘zi bilan olib ketar ekan, lekin qilgan ishlari bu dunyoda qolar ekan. Sendan keyin ham odamlar qilgan ishlaringdan foydalansin, bu ishlardan manfaatlansin, savoblaridan bahramand bo‘laylik, degani ekan. U ustozlik bilan birga tadbirkor sifatida quruvchilik bilan ham shug‘ullanar edi. Mana, o‘zi barcha qilgan ibodatlari va savob ishlarini o‘zi bilan olib ketdi, ammo qurgan muhtasham binolari hamon yaraqlab turibdi. Odamlar har kuni foydalanmoqda. Bir qancha ta’lim muassasalarini qurib, ayrimlarini rekonstruksiya qildi. Bular jumlasiga Registon maydoni restavratsiyasi, Samarqand shahridagi Rudakiy bog‘ining barpo etilishi, o‘zi tahsil olgan SamDUning qator binolari, bir qancha yangi maktablar, kutubxonalar, namunali uylar qurilishini misol qilib keltirish mumkin. Ularni zamonaviy qiyofaga keltirib, chiroyli ta’mirlab, rekonstruksiya qilib bergan edi. Hozir hamma undan minnatdorlik ruhi bilan foydalanmoqda. Albatta, savoblaridan Yaratganning O‘zi bahramand qilsin. Qilgan ishlari haqiqatda abadiylikka daxldor. Ibodatni kechiktirmay ado et, degan iboraning yana bir ma’nosi – inson hayoti, unga ajratilgan vaqt qisqa, tezroq ibodat qilib qolishga ulgur, degan ma’no ham kelib chiqadi. Ibodatda bir odati bor ediki, imkoni boricha namozlarni jamoat bilan ado qilishga harakat qilar edi. Endi o‘ylasak, harakatlarining birortasi “shunchaki” bajarilmas ekan. Har bir harakatining zamirida katta ma’no bor ekan. Ibodatga qolganda, “Qur’on”ga munosabat bildirilganda, hamisha afsuslanar edi. Bizga yoshligimizda bunday muqaddas kitobni o‘qishga, o‘rganishga imkoniyat berilmagan-da,


123 Avlodlarga maktub agar berilganda bugun butunlay boshqacha bo‘lar edi, derdi. “Boshqacha” bo‘lar edi, deganining mohiyatini so‘rab olmaganmiz. Bu jumboqni o‘zi bilan olib ketdi. Yaqin tanishlar bilan uchrashib, suhbatlashgan paytlarda, ayniqsa, haj qilib kelganidan keyin, “Namozni boshladingizmi”, der edi. Ayrimlar ha yoki yo‘q, deb javob berardi. Suhbatning yo‘nalishi shunga qarab o‘zgarardi. Yana bir gapi yodimizda qolgan. “Tahorat qilayotganda yigitdek bo‘l, g‘ayrat bilan, mukammal qil. Namoz o‘qiyotganda qariyadek bo‘l, shoshilmasdan, to‘kis ado et. Duo qilayotganda esa qat’iy turib olib, so‘ragan narsasini qo‘lga kiritmagunicha yig‘laydigan yosh boladek bo‘l”, der edi. Bulardan ham ko‘rinib turibdiki, u kishi diniy kitoblarni ham ko‘p o‘qib, unga amal qilib yashar ekan. Bular ham ko‘p fazilatlaridan dalolat berib turibdi. Keyin bilsam, Jamol Ibragimovichning ona tarafdan bobosi imomi Abdurahmon qozi Buxoro madrasasini bitirgan va shaharda qozi bo‘lgan chuqur ilm sohibi bo‘lgan ekanlar. Vaqt shafqatsiz, hech kimni kutmas ekan Jamol Ibragimovich vaqtni juda qadrlar va bekorga o‘tkazmas edi. Endi anglashimizcha, hayotning vaqtlardan tarkib topganini juda yaxshi anglar ekan. U kishining hayotini ko‘z oldimizga keltirib, bugungi kunim juda tez yoki sekin o‘tdi demaslik kerak ekan, bu o‘tgan damlar kun emas, hayotingizning bir parchasi ekanligini u kishini xotirlab tushundik. Siz bugunni, bugungi kuningizni, yoningizdagilarni, qo‘lingizdagi imkoniyalaringizni qadrlang. Ertaga bular bo‘lmasligi mumkin. Biz pandemiya o‘tsin bir suhbatlashamiz, deb telefonda gaplashib turgan onlarimiz juda ko‘p bo‘lgan edi. Afsus, oldingidek, “dardlashib” o‘tirish imkoniyati bo‘lmadi.


124 Avlodlarga maktub Hali vaqt keladi deb kutmang, vaqt va imkoniyat faqat o‘tib ketaverar ekan, xolos. Hayot bu shunday murakkab masalaki, hali hech kim uning formulasini oxirigacha yechgan, isbotini topgan emas. Shu uchun o‘ta murakkab bo‘lgan hayotni yangidan boshlayman deb ham o‘ylamang. Sizning hayotingiz allaqachon boshlangan. Faqat hayot yo‘lingizga nazar soling. Agar noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan bo‘lsangiz, yo‘lingizni to‘g‘rilab oling, uni o‘zgartiring. Yo‘lingizning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga o‘zingiz tashxis qo‘ya olmasangiz ustozlardan, tajribali insonlardan maslahat oling. Ammo bitta o‘ta zukko maslahatgo‘yimiz hozir oramizda yo‘q. Yaqiningizni to‘satdan yo‘qotish bir qancha xulosalar qilishga asos bo‘lar ekan. Kuningiz qanday boshlanishidan qat’iy nazar, shukur qiling, bu sizning hayotingiz. Zinhor vaqtim ko‘p deb o‘ylamang, uni qadrlang. O‘tgan vaqt qaytmaydi. U Sizning tarixingiz, hayot hammaga bir marta berilganligi uchun orqaga qaytmaydi. Aslida hayot shu lahzalardan iborat. Hozir mana shu satrlarni o‘qiyapsiz. Bu ham sizning hayotingizning bir parchasi. Birorta lahzangizni bekorga o‘tkazmang, hayotingizni zavol qilmang. Chunki, hayot takrorlanmas ne’mat ekanligini hamisha yodda tutish lozim ekan. Agar bilsangiz, Sizning har bir tongingiz yashash uchun imkoniyat. Shu kunni mazmunli va samarali o‘tkazsangiz, kun sizning tarixingizda, millat tarixida katta voqea sifatida abadiy muhrlanib qolishi mumkin. Demak, har bir kunni qadrlashni bilaylik. Agar hayotingizda birorta noo‘rin lahza bo‘lsa, bu vaqtincha deb o‘ylamang, u ham hayotingizning bir parchasi. Barcha bergan ne’matlari uchun Yaratganga hamd ayting va shukur qiling! Bugungi kuningizni kechagi


125 Avlodlarga maktub g‘am bilan, ertangi tashvish bilan band qilmang. Kelajak poydevorini bugun yaratayotganligingizni unutmang. Vaqt qadrini bekorchilik bilan ibodatga qiyoslaydigan bo‘lsak, quyidagi manzaraga duch kelamiz. Agar 1 kishi 1 kunda 1 soat vaqtini bekorga o‘tkazsa, 1 oyda 30 soat, 1 yilda 365 soat, 60 yoshda pensiyaga chiqqan paytida 21900 soat yo‘qotgan bo‘lar ekan. Agar buni 7 soatlik ish kuniga hisoblaganda 3129 kunni bekorchilikda o‘tkazgan bo‘ladi. 20 yoshdan boshlab har kuni 1 soatdan namoz o‘qisangiz, 60 yoshga chiqquncha 14600 soat namoz o‘qir ekansiz. Bu bekor o‘tkazgan vaqtingizdan ancha kam. Shunday qilsak, vaqtni besamar o‘tkazmay, abadiy bo‘lgan jahannamdan ozod bo‘lish uchun zaxira tayyorlayotganligimizni bilamizmi? Agar Allohning aytganlarini qilib, namozni ham o‘z vaqtida o‘qisak, jannat uchun zaxira tayyorlagan bo‘lar edik. Bu hisob-kitobni keltirishimdan maqsad — Jamol Ibragimovich umrining har bir fursatini ulug‘ ne’mat deb bilardi. Bu ham bejiz emas ekan. Butun umrini insonlarni tarbiyalashga, ularga ilm berishga bag‘ishlagan bo‘lsa-da, ko‘p vaqtini ibodat bilan o‘tkazishga ham muvaffaq bo‘ldi. Ma’naviyatli tadbirkor – el boyligi Hurmatli kitobxon, bugun o‘quv adabiyotlari, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va o‘zaro suhbatlarda “biznesmen”, “tadbirkor”, “fermer”, “yangi o‘zbek” kabi iboralarni ko‘p eshitmoqdamiz. Jamol Isroilovni hayot paytida shaxs, pedagog, olim, rahbar, ustoz sifatlari bilan birga tadbirkor deb e’zozlardik va bugun uning umr yo‘lini xuddi shu jihatlari bilan eslayapmiz. Men Jamol Ibragimovichni oddiy tadbirkor sifatida eslash u kishining tadbirkorlik sohasidagi faoliyatini mukammal


126 Avlodlarga maktub ochib bera olmaydi, deb o‘ylayman. 1995 yildan buyon Jamol Ibragimovichni shaxsan bilaman. 2000 yildan buyon haftada kamida 2-3 kun birga bo‘lardik. Suhbatlarimiz inson, jamiyat va iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olardi. Kasbim taqozosi bilan bugungacha mamlakatimizda, dunyo va sobiq ittifoq davlatlaridagi turli soha vakillari, olimlar, taniqli insonlar bilan suhbatlashganman. Kasbim tahlilchilik bo‘lgani bois, har bir suhbatlashgan odamimni keyinchalik tahlil qilib, u kishi to‘g‘risida o‘z xulosalarimni shakllantiraman. Shu sababli Jamol Ibragimovich bilan har suhbatlashganimdan so‘ng u kishi to‘g‘risidagi xulosalarimga qo‘shimcha qilishga majbur bo‘lardim. Chunki u kishining har bir sifatini oddiy deb baholab bo‘lmaydi. Shu o‘rinda tadbirkorlik sifatini ham. Uning tadbirkorlik faoliyatiga oddiy tadbirkor sifatida baho berish menimcha noto‘g‘ri bo‘ladi. Men Jamol Isroilovni “ma’naviyatli tadbirkor” deb hisoblayman. Chunki har bir tadbirkorlik faoliyatiga ma’naviyat bilan yondashardi, tadbirkorlik natijasi bo‘lgan foydani hozirda modaga aylanayotgandek yangi uy-joy qilish, yangi rusumdagi mashinalar, villalar xarid qilish, yosh xotinga uylanish uchun sarflashni rejalashtirmasdi. Xayr-ehson qilish, Yaratganga shukur qilish bugun barcha tadbirkorlarimiz uchun odat tusiga kirmoqda. Bu barchamizni xursand qiladi. Lekin afsusli jihati, o‘z ehsonini reklama qiluvchilar ko‘paymoqda. Jamol Ibragimovich qilgan xayr-ehsonini hech kimga bildirmasdi. Agar qilinayotgan xayr-ehson to‘g‘risida gap boshlasam, ustalik bilan mavzuni boshqa tomonga burib ketardi. Jamol Isroilov rahbarlik qilgan tadbirkorlik sub’yektlari xodimlarida korxona madaniyati, tadbirkorlik odobi va xulqi shakllangan edi. U kishi bosh pudratchi bo‘lgan birorta ob’yektda chiqindilar tozalanmay topshirilgani, ob’yekt


127 Avlodlarga maktub qurilishida sanitariya qoidalari buzilgani, qurilish ob’yektida o‘zaro janjal chiqqani to‘g‘risida bugungacha biror xabar eshitmaganman. Tadbirkor Jamol Isroilov topgan foydasining bir qismini muntazam ravishda yaqinlarini o‘qitish, o‘zi o‘qigan va o‘zi tashkil etgan iqtidorli bolalar maktabining moddiy-texnika bazasi, kutubxonasini boyitish hamda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga sarflardi. Bugun maktabda yaratilgan bog‘ uchun davlat byudjetidan biror so‘m mablag‘ sarflanmagan, desam ishonavering. Iqtidorli bolalar maktabini zamonaviy ko‘rinishda kapital ta’mirlash ishlari Jamol Ibragimovich hisobidan amalga oshirilganligiga ham ishoning. Xorijga bilim olayotgan jiyanlari va shogirdlariga o‘z mablag‘i hisobidan kontrakt pullarini to‘lab berish odati hamda yoshlarni shu g‘oyalarga yo‘naltirish Jamol Ibragimovichning lazzat olish uchun qiladigan ishi edi. Men va kafedramizdagi o‘qituvchilar yangi o‘quv adabiyoti yaratganimizni eshitgach, hammualliflikni emas, homiylikni taklif etadigan inson ma’naviyatli tadbirkor Jamol Isroilov edi, desam ham ishoning. Uning ma’naviyatli tadbirkorligiga bugun Oqdaryo tumanidagi Xalq ta’limi tizimi xodimlari sog‘lig‘ini tiklash uchun mo‘ljallangan “Ustoz” sihatgohining bugungi moddiytexnik bazasi ham isbot. Ilm-fan va jamiyat, davlat taraqqiyoti to‘g‘risidagi suhbatlarimizda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish va buning uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishni rejalashtirgandik. Agar bugun Jamol Isroilov hayot bo‘lganda, xususiy pedagogika va tabiiy fanlar yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohini tashkil etgan bo‘lardi. Ishonchim komilki, u oliy ta’lim dargohi faoliyatini foyda olish uchun emas, balki o‘zi xohla-


128 Avlodlarga maktub gandek bilimli, sifatli zamonaviy pedagog kadrlar va olimlar tayyorlash hamda ilm-fanning dolzarb muammolarini tadqiq qiladigan laboratoriyalar ochish maqsadiga yo‘naltirar edi. Men shuning uchun Jamol Isroilovni ma’naviyatli tadbirkor deb hisoblayman. Shaxsiyatiga qisqa xulosalar Jamol Ibragimovichning barcha fazilatlarini jamlab, quyidagilarni ta’kidlamoqchiman. Birinchidan, o‘ziga, atrofdagilarga, umuman, insonlarga befarq bo‘lmagan, hammani birday ko‘radigan, hayotdan hikmat axtarib yuradigan insonligiga guvoh bo‘lganman. Bu mening u kishiga qo‘ygan “tashxisim”, desam xato bo‘lmaydi. Ikkinchidan, u kishi oqibatni qadrlaydigan inson edi. Bunga amin bo‘lganim, u kishini necha yil bilgan bo‘lsam, o‘zining turli kasbdagi va turli yoshdagi do‘stlari (men ularni qavmingiz der edim) bor edi. Ularning birorta tadbiridan qolmas edi va ular ham mos ravishda bu kishining tadbirida hamisha jam edi. Uchinchidan, katta yetakchiligini ham alohida ta’kidlamoqchiman. Har yili ro‘za paytida ular jam bo‘lishib, birortasinikida, aksariyat hollarda o‘zinikida iftorlik qilar va tarovih namozini ham shu qavm bilan uzluksiz o‘qib borar edi. Bu ishlarni tashkil qilishda o‘zi bosh-qosh edi. To‘rtinchidan, sadoqatli do‘st ekanligiga guvoh bo‘lganman. Saflaridan ikkita do‘stlari — men ham yaxshi bilgan ikki do‘sti: Abdihakim va Zoirjon vafot etdi. Bu kishini juda asabi mustahkam inson, deb bilar edim. Men fotihaga kelishim bilan meni ko‘rib yig‘lab yuborgan. Chunki juda ko‘p marta birga suhbatda bo‘lganmiz, juda ajoyib xotiralar qolgan edi. Endi bularning oramizda yo‘qligiga yuragi ezilib ketdi, chog‘imda. Ancha esladik, gaplashib o‘tirdik. O‘zimcha, u kishini


129 Avlodlarga maktub ovutgandek bo‘ldim, lekin do‘stlaridan ayriliqni o‘ta og‘ir yuk sifatida qabul qilganligiga guvoh bo‘lganman. Beshinchidan, u kishi haqiqiy donishmand edi. Ko‘p odamlar kitoblarni (darslik, o‘quv qo‘llanmalari kabi o‘quv adabiyotlarini) o‘qib tushunib olishga harakat qilardi va uni o‘rganib olib talabalarga shunday o‘rgatishga harakat qiladi. Ammo bu kishi, ko‘p hollarda darslik va boshqa o‘quv adabiyotlaridan ko‘plab xatolarni topar edi va men bilan o‘rtoqlashardi. “Bu kishi bunday yozibdi, hayot bunga mos emas-ku, ertaga shu ketishda ketsak, o‘zgarishlar bunday bo‘ladi”, deb boshqa natijani aytar edi. Chunki biz u kishi bilan tom ma’noda yangilanish zamonida yashagan edik. Oltinchidan, u kishining odamlarga mehribonligini, kuyunchakligini alohida qayd etmoqchiman. Jamoamizda turli kishilar ishlaydi. Bugungi kun ta’biri bilan aytganda “temir daftar”da ro‘yxatda turgan, olgan oyligi o‘zlarini boqishga yetmaydiganlar bor edi. Jamol Ibragimovich ularga, albatta, turli yo‘llar bilan moddiy va ma’naviy ko‘magini ayamasdi. Bunday savob ishlar u kishining hayotiy odati edi. Muhimi, o‘zining yordamini oshkor qilib, “men bunday qildim”, deb birovga maqtanadigan odati yo‘q edi. Ta’ma degan illat u kishida umuman yo‘q edi. Ilohim, shunday savobli ishlarining rohatini oxiratda ko‘rib, Alloh u kishini joylarini jannatda qilgan bo‘lsin. Yettinchidan, umrining eng zavqli paytlarini oilada katta farzand sifatida ota rolini bajargan holda o‘tkazdi. U kishi o‘zidan ko‘ra opa-singillari va ukalari haqida ko‘proq o‘yladi, nazarimda. Aksariyat holda ularning tashvishi bilan yashadi. Deyarli hammasini oilali qilishda o‘zi bosh-qosh bo‘lib, barcha tadbirlarning moddiy, moliyaviy, ijtimoiy tomonlarini o‘zi tashkil qildi.


130 Avlodlarga maktub Sakkizinchidan, u kishiga xos fazilatlardan biri, buni endi anglayapmiz, hamisha chuqur o‘ylab, keyin gapirar ekan. Birorta gapi bekorga ketmas va u bajariladigan bo‘lsa, faqat odamlarning foydasiga ishlar edi. Jamol Ibragimovich bilan juda ko‘p suhbatlashganmiz. U kishi o‘z faoliyati, tadbirkorlik yo‘li bilan katta pul topayotgani va hayotning mayda ikirchikirlari to‘g‘risida gapirmas edi. Asosiy e’tiborni jamiyatni o‘nglash borasidagi muammolar, ijtimoiy hodisalar, ularning oqibatlari nimalarga olib kelishi mumkinligi xususida gaplashishga qaratar edi. To‘qqizinchidan, u kishiga xos fazilatlardan yana biri, o‘ta mas’uliyatlilik. O‘zining so‘ziga ham, ishiga ham, faoliyatiga ham, atrofdagilarga nisbatan munosabatda ham hamisha mas’uliyat bilan yondashar ekan. Va’da bersa, ikkilanishga asos qolmas edi, albatta, bajarilar edi. Biror ishga qo‘l ursa, “Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish ko‘rmas edi. Chunki tadbirkorligining bir yo‘nalishi qurilish ishlari edi. Bunga ham o‘ta mas’uliyat bilan yondashar edi. O‘ninchidan, u kishi biror ishni qilmabman-da, deb hech mahal afsuslanmas edi. Agar xayrli ishni qilish kerak bo‘lsa, o‘sha vaqtning o‘zidayoq boshlar edi. Bitta shiori juda ibratli edi. Siz hayotingizga kunlarni qo‘shishga emas, kunlaringizga hayotni qo‘shishga harakat qilib yashang. Shu tufayli bugungi kungi imkoniyatdan foydalangan holda, aynan shu kunni hayotning eng go‘zal kuni bo‘lsin, deya harakat qilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu hayotda juda ko‘p narsalarga ulgurdi, juda ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘n birinchidan, Jamol Ibragimovich bitta odam emas edi. U kishi ta’lim tizimining jonkuyar pedagogi, fizika o‘qituvchisi edi. Maktab direktori, xalq ta’limi a’lochisi bo‘ldi. Bitta ilg‘or


131 Avlodlarga maktub quruvchi ham shu odamning siyratiga mujassamlashgan edi. Yetuk olimlarimizdan biri sifatida, o‘zi fizik bo‘la turib, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent ilmiy darajasi va unvonlarga sazovor edi. Jamoat arbobi sifatida O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bo‘lgan paytida qonun ijodkorligi bilan shug‘ullandi. O‘n ikkinchidan, xotirlab qiladigan xulosalarimdan yana biri, u kishi inson degan nomga to‘liq sazovor bo‘lib, insoniylikni namoyon qilgan tom ma’nodagi, katta harf bilan yoziladigan shaxs edi. Bu kishini bilganlar, eshitganlar insoniyligini unutmasa kerak. Barcha kasblarda ilg‘orligining boisi ham u kishining haqiqiy insonligida bo‘lsa, ajab emas. Mamayunus hoji PARDAYEV, iqtisod fanlari doktori, professor, Xalqaro “Turon” akademiyasi akademigi.


Click to View FlipBook Version