The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.
Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by bukhariuz, 2020-08-18 04:46:14

Imom Buxoriy

Imom Buxoriy

Keywords: Imom Buxoriy

Ubaydulla UVATOV,
Оtabek MUHAMMADIYEV

IMОM BUXОRIY

Ushbu kitоb yuqоri sinf o‘quvсhilаri vа tаlаbаlаr uсhun
mo‘ljаllаngаn

«Sharq» nаshriyot-mаtbаа
аksiyadоrlik kоmpаniyasi

Bоsh tаhririyati
Тоshkеnt – 2019

UO‘K:

KBK:
Yu-

Ubaydulla Uvatov,
Оtabek Muhammadiyev
Imom Buxoriy. – Т.: «Sharq», 2019. – 144 bеt.

Mas’ul muharrir:
Shovosil Ziyodov,
tarix fanlari nomzodi, dotsent,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi direktori

Taqrizchi:
Baxtiyor To‘rayev

f.f.d., professor

Nаshr uchun mаs’ul:
Shukurillo Umarov

Risolada o‘zining mashhur o‘lmas asarlari va beqiyos xizmatlari bilan
jahon tarixida o‘chmas iz qoldirib ketgan buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy
haqida so‘z yuritilgan. Risola maktab o‘quvchilari va keng kitobxonlar
ommasi uchun mo‘ljallangan.

Mаzkur kitоb Оliy vа o‘rtа mахsus kаsb-hunаr tа’limini
rivоjlаntirish mаrkаzining 2019-yil 22-fеvrаldаgi хulоsаsigа
аsоsаn nаshrgа tаvsiya etilgаn.

ISBN

© Оtabek Muhammadiyev, 2019
© «Sharq» NMАK Bоsh tаhririyati, 2019
© «Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi» nashriyoti, 2019

«Yoshlarimizga biz qanday ulug‘ bobolarimiz o‘tganligini
yetkazib bersak, ularning ma’naviy boyligi oshadi. Shuningdek,
ulug‘ olim va mutafakkir bobolarimiz ma’naviy merosini
xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongiga singdirsak, ularga
munosib bo‘lib va ulardan o‘rnak olib yashashiga juda katta ijobiy
ta’sirini ko‘rsatadi».

Shavkat MIRZIYOYEV

IMОM BUXОRIY

(810–870)

Ismi shariflari. To‘liq ismlari – Abu Abdulloh
Muhammad ibn ­Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn
Bardizbah Ju’fiy Buxoriydir. So‘nggi ismlardan
ko‘rinib turibdiki, Imom Buxoriyning asl nasablari
ajamlar(arab bo‘lmagan)ga borib taqaladi. Imom
Buxoriy bobosining otasi Mug‘iyra Buxoro hokimi
Yaman Ju’fiydan islomni qabul qilib, Buxoroni vatan
tutgan va unda yashab qolgan. Biron shaxsning
rahnamoligida musulmonchilikka kirgan kishi o‘z
homiysining nisbasiga mansub bo‘lganidek, u ham
Buxoroga kelgach, zikr etilgan nisbani olgan edi. Shu
boisdan uni Ju’fiy deb atardilar.

Kim bo‘lganlar? Buyuk vatandoshimiz o‘z
davrining taniqli olimi va muhaddisi Muhammad ibn
Ismoil Buxoriyning hadis ilmiga oid bo‘lgan Qur’oni
karimdan so‘ng islomning ikkinchi manbasi
hisoblangan “Al-Jome’ as-sahih” asari o‘ziga xos o‘rin
tutib, butun dunyoga mashhur bo‘lgan.

Xalq orasida Imom Buxoriy nomi bilan mashhur
bo‘lganlar. Ismlari – Muhammad, kunyalari – Abu
Abdulloh bo‘lgan. Buxoroda tug‘ilganliklari uchun
Buxoriy nisbasi berilgan. Hadis ilmida ilmi yetuk
bo‘lganliklari uchun “Imom” deb tanilganlar.

Islom olami va muhaddislar orasida “Amirul
mu’miniyna fil hadis” (“Hadis ilmi bobida mo‘minlar
amiri”), “Al-Imomul miqdom (“Jasur imom”) ”Imomul
muhaddisiyn” (“Muhaddislar imomi”), “Sayyidul

fuqaho (“Faqihlar sayyidi”) kabi yuksak unvonlar
bilan tilga olinadilar.

Qachon va qayerda tug‘ilganlar? Imom Buxoriy
hijriy 194 sana, shavvol oyining 13-kuni, milodiy 810
yil 20 iyulda juma namozidan keyin, Buxoroning
Poykand shahrida tavallud topganlar.

Qanday oilada voyaga yetganlar? Otalari Ismoil
ibn Ibrohim Buxoroda taqvodorligi bilan tanilgan,
hadis ilmi bilan shug‘ullangan olimlardan biri
bo‘lgan. Ismoil ibn Ibrohim Muhammad
alayhissalomning hadislarini to‘plashdek katta
baxtga muyassar bo‘lgan. Bu yo‘lda bir qancha
o‘lkalarga safar qilgan. Hammod ibn Zayd, Molik ibn
Anas va boshqa ulug‘ muhaddislardan hadis yozib
olgan. Ularning xizmatida bo‘lgan. Ulug‘ olimlardan
hadislar eshitib, ularni o‘zining atrofidagi kishilarga
aytib bergan. Hadis ilmi bilimdoni Abdulloh ibn
Muborakning suhbatida bo‘lgan.

Ismoil ibn Ibrohim nihoyatda halol inson bo‘lib,
vafot etayotgan paytida: “Men ko‘p mol-dunyo
to‘plaganim yo‘q, zero, ilm dunyo ahli bilan
kelishmasligini bilasiz. Ammo shuni komil ishonch
bilan aytaman, to‘plagan mol-dunyoimda shubhali
biror dirham aralashganini bilmayman. Ular orasida
hatto biror harom tanga yo luqma yo‘qdir. Alloh
huzurida bu borada hisobga tortilishidan ko‘nglim
xotirjam. Janozamga ko‘p mablag‘ xarjlamaysizlar,
qolganini ahlim nafaqasi, farzandlar ta’limi uchun
ishonchli kishiga topshirasiz”, deb o‘zlarining eng
yaqin shogirdlari Ahmad ibn Hafsga vasiyat qiladi.

Imom Buxoriyning onasiga ham: “Farzandlarimni

sizga omonat qoldirayapman, barchangizni Allohning

panohiga topshiraman. Uning O‘zi eng yaxshi

himoyachidir. Vasiyatim esingizda bo‘lsa kerak:

o‘g‘lim ­Muhammadga yaxshi ilm berasiz. Rasululloh

hadislarini to‘plash va tadqiq qilish ishiga

rag‘batlantirasiz. Butun umidim o‘g‘lim

Muhammaddan. Ojiz bandani yo‘qlab turinglar!” deb

vasiyat qiladi.

Otalari haq gapni aytayotgan edi. U kishi hadis

to‘plashda qanchalik omonatdorlik, ehtiyotkorlik

ko‘rsatgan bo‘lsa, mol-mulk topishda ham harom va

shubhadan shunchalik tiyildi. U farzandlarining

kamoli, ilmining yuqishi asosan halqum pokligiga

bog‘liqligini yaxshi bilardi. Ular nafaqasining faqat

halol-pokdan bo‘lishiga intilgani-intilgan edi. Shu

bois hozir oxiratdagi hisob-kitoblaridan xotirjam,

nafsi rozi holda omonatini topshirayotgan edi.

Otalari Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu

alayhi vasallamga sodiq inson bo‘lib, hadislarini

to‘plab, butun olamga tanitsin degan maqsadda

o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yadilar.

Imom Buxoriy otalaridan qolgan boylikdan

foydalanib, yoshliklarini ilm olish uchun sarflab

o‘zlaridan keyin keladigan kelajak avlod uchun

yuksak bir namunani taqdim etdilar. U zotning

tarixlaridagi yoshlik yillarining o‘zi yoshlarimiz

uchun bir maktab vazifasini bajaradi.

Onalari. Muhammadning otalari go‘dakliklarida

vafot etib, yoshlik chog‘idan onalari tarbiyasida o‘sib-

ulg‘aydilar. Onalari soliha, obida, taqvodor, fozila va

ilm-ma’rifatli ayol bo‘lganlar. Qur’onni to‘liq yod olib,
Imom Buxoriyning ota­lari ­Ismoil ibn Ibrohim
yordamida ­8 ming hadis yodlaganlar.

Farzandlari Muhammad ibn ­Is­moil go‘daklik
chog‘larida ko‘zlariga bir musibat yetib, ko‘zlari ko‘r
bo‘lib qoladi. Onalarining to‘xtovsiz Alloh taologa
qilgan iltijo va duolari sabab Muhammadning ko‘zlari
yana asl holiga qaytib, ko‘ra boshlaydi. Shu bois
manbalarda ul muhtaramaning ismlari zikr
qilinmasdan, “Duosi mustajob ayol” nomi bilan tarix
zarvaraqlarida muhrlanib qolgan.

16 yoshlarida onalari va akalari Ahmad bilan
birgalikda Haj ibodatini ado etdilar. Ahmad yosh
jihatidan u kishidan ancha katta edi. Hajdan
qaytgandan keyin akalari Buxoroda vafot etdi.
Muhammad esa ilm olish niyatida Makkai
mukarramada ya­shab qoldilar.

BOLALIKDAGI USTOZLARI

Imom Buxoriy yoshlik chog‘larida Buxoroning
taniqli muhaddislaridan sanalgan olim Doxiliydan
hadis ilmidan saboq olganlar. Hadislarni o‘rganish
bo‘yicha ushbu olim tashkil etgan to‘garakning
shuhrati atrofga keng tarqalgan bo‘lib, uning faoliyati
yoyilib ulkan samaralarga erishgan.

Imom Buxoriyning shoh asari bo‘lgan “Sahihul
Buxoriy”ning asosiy roviylaridan biri Abu Abdulloh
Muhammad ibn Yusuf Matar ibn Solih Firabriy (845-
932) shunday degan: “Imom Buxoriyning varrog‘i
(yozganlarini oqqa ko‘chiruvchisi) ­Muhammad ibn
Abu Hotam hamisha “Men Buxoriydan o‘z qulog‘im
bilan “Men boshlang‘ich maktabda o‘qigan
paytlarimdayoq Alloh menga hadislarni yodlash
ilhomini ato etgandi” deganini eshitdim. Men undan:
“O‘shanda necha yoshda edingiz?” – deb so‘radim.
Ustoz: “O‘n yoshda yoki undan ham kichik edim.
So‘ngra maktabni bitirib, ustoz Doxiliy va
boshqalardan hadislar yuzasidan saboq ola
boshladim. Kunlardan bir kun ustoz dars paytida:
“Sufyon, Abu Zubayrdan hadis rivoyat qilgan, Zubayr
esa Ibrohimdan”, – deb qoldilar. Shunda men: “Hech
qachon Abu Zubayr Ibrohimdan rivoyat qilmagan”, –
degandim, ustoz menga tanbeh bergan bo‘ldilar. Men
ustozga: “Qo‘lingizda bo‘lsa, asl manbaga bir qarang”,
– dedim.

Ustoz ichkari xonaga kirib qaytib chiqqach: “Ey
g‘ulom bola, unda to‘g‘risi qanday bo‘ladi?” – dedilar.
Men: “Zubayr aslida ibn A’diydan, u esa Ibrohimdan

hadis rivoyat qilgan”, – dedim. Shunda ustoz qalamni
olib yozganlarini tuzatib qo‘ydilar-da menga qarab:
“Sen haq ekansan”, – dedilar. Shunda kimdir undan:
“O‘sha vaqtda necha yoshda etingiz?” – deb
so‘ragandi. “Yoshim o‘shanda o‘n birda edi”, – deb
javob qilgandilar. Yana suhbatida davom etib u: “O‘n
olti yoshga kirganimda esa Abdulloh ibn Muborak
Marvaziy (736-798) va Vakiy’ ibn Jarroh ibn Mulayh
Ravosiyning (747-814) kitoblarini to‘liq yodlab olib,
shuningdek, anavilarning, ya’ni “as’hobur
ray”larning (so‘zma-so‘z: fikr as’hoblari – mantiqiy
fikrlash asnosida aqliy xulosalarga tayanib hukm
chiqaruvchi mutafakkirlar) kalomlarini ham bilib
olgandim. Shundan keyin volidam va akam Ahmad
bilan muborak haj safariga yo‘l oldim”, – degandilar”.
Bundan ayon bo‘ladiki, Imom Buxoriyning xorijga
dastlabki safari 210/825 sanaga to‘g‘ri keladi.

Ilm talabida qilgan safarlari. Imom Buxoriy o‘z
hayotlari davomida ko‘p marotaba va tom ma’noda
sermahsul safarlarda bo‘ldilar. U kishi o‘z
zamonalarida qariyb barcha islomiy mamlakatlarga,
ba’zi birlariga esa bir necha marotabadan safar
qildilar. Bu haqda Imom Buxoriyning o‘zlari shunday
deganlar:

“Men Suriya, Misr va Arabiston yarim orollarini
ikki marta ziyorat qildim, bir necha marta Basrada
bo‘ldim, olti yil Hijozda (Saudiya Arabistoni)
yashadim, Kufa va Bag‘dod shaharlarida necha
marta bo‘lganimni eslolmayman”.

Mashhur tarixchilardan biri Xatib shunday yozadi:
“Buxoriy barcha diyorlar muhaddislari huzuriga

safar qildi. U Xurosonda, Jibolda, Iroq shaharlarining
barchasida, Hijozda, Shomda, Misrda yozdi.
Bag‘dodga bir necha marta kirdi”.

Hofiz aytadi: “U Makkadan qaytganidan keyin turli
diyorlardagi hadis ustozlari huzuriga, safar qilish
imkoni bo‘lgan yerlarga bordi. Balxda, Nishopurda,
Rayda, Bag‘dodda, Kufada, Madinada, Vositda,
Damashq­da, Asqalonda, Himsda va boshqa yerlarda
bo‘ldi”.

Ustozlari. Imom Buxoriy ba’zi ustozlari,
shuningdek, undan dars olib saboqlaridan
bahramand bo‘lib foydalanganlar haqida so‘zlasak,
ular juda katta bir bobni tashkil qilib, ularning aniq
adadini keltirish mush­kul. Shu boisdan allomaning
ilmiy safarlarining g‘oyatda keng qamrovligi,
roviylarning behad ko‘pligi, uning inoyatining beqiyos
darajada ulkanligining dalili uchun har bir iqlim va
shaharlardagi ustozlaridan ba’zilariga diqqatingizni
qaratamiz.

Abu Abdulloh Hokim yozishi­cha, Buxoriy zikr
qilingan shaharlarga faqat ilm talabida safar qilgan
va u joylarda uzoq muddat yashab, mashoyixlaridan
saboq olgan. Shuningdek, Abu Abdulloh Hokim:
“Men faqat imom Buxoriy saboq olgan
mashoyixlarning eng taniqlilaridan bir guruhi ismlarini
keltirdimki, bu bilan uning hadis to‘plamdagi
isnodining (roviylarining) naqadar oliy darajada
bo‘lganligini ko‘rsatish maqsadim edi”, degan.

Xatib Bag‘dodiydan (1002-1072 yillarda yashagan
mashhur tarixchi) rivoyat qiladilarki, u: “Imom
Buxoriy (rahimahulloh) turli-tuman shaharlardagi

muhaddislar huzuriga borib, Xuroson, Jibol, Iroqning
barcha shaharlari, Hijoz, Shom, Misr va Bag‘dod­ga
necha martalab kelib hadislar yozib olgan”, deb
ta’kidlagan.

Ko‘pchilik olimlar Ja’far ibn ­Muhammad
Qattondan rivoyat qilganlar. U shunday degan: “Men
Buxoriyning o‘zidan eshitgandim, u: “Men mingdan
ortiq ustoz olimlardan hadislar yozib olganman.
Menda isnodi zikr etilmagan bironta ham hadis yo‘q”,
degan edi”.

Ammo Imom Buxoriydan hadis bo‘yicha saboq
olganlarga kelsak, ularning soni har qanday hisob-
­kitobdan ortiq, zikrlarini keltirishdan ko‘ra ham
mashhurroq edilar. Dastavval Firabriydan rivoyat
qilinib, u: “Sahih” asarining Imom Buxoriydan
yetmish ming kishi eshitgan, mening o‘zimdan
boshqa roviylarni hisobga olganda, degan. Aslini
olganda Imom Buxoriydan bundan ham ziyoda
kishilar rivoyat qilgan. Chunki ushbu kitobning
avvalrog‘ida zikr etganimizdek, uning ilmiy
majlislariga yigirma mingdan ortiq tinglovchi
qatnashib, undan hadis eshitib rivoyat qilardilar.
Imom Buxoriydan hadislar rivoyat qilgan yirik
allomalardan “Sahih” asarining sohibi imom
Abulhusayn Muslim ibn Hajjoj, Abu Iso Termiziy, Abu
Abdurahmon Nasoiy, Abu Hotim Roziy, Abu Zur’a
Roziy, Abu Ishoq Ibrohim ibn Ishoq Harb, Solih ibn
Muhammad Jazara Hofiz, Abu Bakr ibn Huzayma,
Yahyo ibn Muhammad ibn Sa’id va Muhammad ibn
Abdulloh Mutiyin va ulardan boshqalar bo‘lib, bular
hammalari o‘z davrining yirik allomalari-yu mashhur

hofizlari sanaladilar. Xatib Bag‘dodiyning
yozi­shicha, Bag‘dodda imom Buxoriydan hadis
rivoyat qilganlarning eng oxirgisi olim Husayn ibn
Ismoil Muhamiliy bo‘lgan.

Imom Buxoriy ilm va hadis talabida umrlarining
ko‘p qismini safarlarda o‘tkazganliklari avval ham
aytib o‘tilgan edi. Shuning uchun u kishining
ustozlari juda ko‘p bo‘lgan. Muhaddislar kimdan
birorta hadis rivoyat qilgan bo‘lsa ham, o‘sha shaxs
unga ustoz, ularning o‘z istilohlari bilan aytiladigan
bo‘lsa – shayx hisoblanadi.

“Tarixi Bag‘dod” kitobida zikr qilinishicha, Imom
Buxoriyning o‘zlari “Men mingdan ko‘p shayxdan
yozib olganman”, deganlar.

Bu haqda Muhammad ibn Abu Hotim Varroq:
“Buxoriyning vafotidan sal oldin “Bir ming sakson
kishidan hadis yozib oldim, hammalari hadis
sohibidirlar” deganlarini eshitganman”, degan.
Mutaxassis ulamolar Imom Buxoriyning
ustozlarini quyidagi ikki qism­ga taqsimlaydilar:
Birinchi qism: iqlimlar va shaharlar bo‘yicha:
Makka.
1. Abulvalid Ahmad ibn Muhammad Azraqiy.
2. Abdulloh ibn Yazid Muqriy.
3. Ismoil ibn Solim Soig‘.
4. Abu Bakr Abdulloh ibn Zubayr Humaydiy va
boshqalar.
Madina.
1. Ibrohim ibn Munzir Hizomiy.
2. Mutorrif ibn Abdulloh.
3. Ibrohim ibn Hamza.

4. Abu Sobit Muhammad ibn Ubaydulloh.
5. Abdulaziz ibn Abdulloh.
6. Yahyo ibn Qaza’a va boshqalar.
Shom.
1. Muhammad ibn Yusuf Firabriy.
2. Abu Nasr Ishoq ibn Ibrohim.
3. Odam ibn Abu Iyos.
4. Abu Yaman Hakam ibn Nofe’.
5. Hayot ibn Shurayh va boshqalar.
Buxoro.
1. Muhammad ibn Salom Poykandiy.
2. Muhammad ibn Yusuf Buxoriy.
3. Abdulloh ibn Muhammad Mas­na­diy.
4. Horun ibn Ash’as va boshqalar.
Marv.
1. Ali ibn Hasan ibn Shaqiyq.
2. Abdon ibn Usmon.
3. Muhammad ibn Muqotil va ­boshqalar.
Balx.
1. Makkiy ibn Ibrohim.
2. Yahyo ibn Bishr.
3. Muhammad ibn Abon.
4. Hasan ibn Shujo’ va boshqalar.
Hirot.
1. Ahmad ibn Abdulloh Hanafiy.
Nishopur.
1. Yahyo ibn Yahyo Tamimiy.
2. Bishr ibn Hakam. Ahmad ibn Hafs.
3. Muhammad ibn Yahyo Zuhliy va boshqalar.
Ray.
1. Ibrohim ibn Muso.

Bag‘dod.
1. Muhammad ibn Iso Tabbo’.
2. Muhammad ibn Sobiq.
3. Surayj ibn Nu’mon.
4. Ahmad ibn Hanbal va boshqalar.
Basra.
1. Abu Osim Nabiyl.
2. Safvon ibn Iso.
3. Badal ibn Muhabbir.
4. Haram ibn Hafs va boshqalar.
Vosit.
1. Hasson ibn Hasson.
2. Hasson ibn Abdulloh.
3. Sa’iyd ibn Sulaymon va boshqalar.
Kufa.
1. Ubaydulloh ibn Muso.
2. Abu Nu’aym.
3. Ahmad ibn Ya’qub.
4. Ismoil ibn Abon va boshqalar.
Misr.
1. Usmon ibn Solih.
2. Sa’iyd ibn Abu Maryam.
3. Asbig‘ ibn Faraj va boshqalar.
Jaziyra (Dajla va Furot orasidagi yerlar).
1. Ahmad ibn Abdulmalik Harroniy.
2. Ahmad ibn Yazid Harroniy va boshqalar.

Ikkinchi qism: Tabaqotlar bo‘yicha:
Abulfazl Maqdisiy va boshqa ulamolarning
ta’kidlashlaricha, Imom Buxoriyning mashhur “Al-

Jome’ as-sahih” kitoblarida keltirgan hadislarni
olgan shayxlari besh tabaqadan iboratdir.

Birinchi tabaqa:
Imom Buxoriy bilan hadisni rivoyat qiluvchi
tobi’iyn orasida faqat bir rivoyatchi bor xolos.
Ulardan biri Muhammad ibn Abdulloh Ansoriydir.
Imom Buxoriy u orqali, Humayddan, u Anasdan
rivoyat qilgan.
Makkiy ibn Ibrohim va Abu Osim Nubayllar ham
birinchi tabaqaga kiradilar.
Imom Buxoriy ular orqali Yaziyd ibn Abu
Ubayddan, u Salama ibn Akva’dan rivoyat qilgan.
Ulardan yana biri Ubaydulloh ibn Musodir.
Imom Buxoriy u orqali Ma’rufdan, u esa Abu Tufayl
va Alidan rivoyat qilgan.
Yuqorida zikri kelganlarga o‘xshaganlar birinchi
tabaqadan bo‘ladilar.
Buxoriy Molik, Savriy, Sho‘ba va boshqalardan
hadis olgan ular esa o‘z tabaqasidan olishgan.
Ikkinchi tabaqa:
Tobi’iynlardan hadis olgan imomlardan rivoyat
qiluvchi qavmlardir.
Hijozliklardan Ibn Jurayj, Molik, Ibn Abu Ze’b, Ibn
Uyaynalar.
Shomliklardan Shu’ayb, Avzo’iy va ikkisining
tabaqasidagilar.
Iroqliklardan Savriy, Sho‘ba, Hammod, Abu Avona,
Hammomlar.
Misrliklardan Lays, Ya’qub ibn Abdurrohmanlar va
boshqa juda ko‘p kishilardir.
Uchinchi tabaqa:

Imom Buxoriy o‘zlarini ko‘rgan bo‘lsa ham, ulardan
hadis eshitmagan qavmlar.

Bu tabaqaga Yazid ibn Horun va Abdurrazzoqlar
misol bo‘ladi.

To‘rtinchi tabaqa:
Imom Buxoriyning tabaqasidagi qavmlar bo‘lib,
ular orqali o‘z shayxlarining rivoyatlarini olganlar.
Bularga Abu Hotim Muhammad ibn Idris Misol
bo‘ladi.
Beshinchi tabaqa:
Imom Buxoriydan isnod, yosh, vafot va ma’rifatda
keyin turadigan qavmlar bo‘lsalar ham, u ­kishi
ulardan rivoyat qilganlar. Ularga ­Abdulloh ibn
Hammod Omuliy va Husayn Qabboniylar misol
bo‘ladi.
Maqdisiyning aytishicha, Imom Buxoriyning
o‘zlari:
“Muhaddis toki o‘zidan yuqori, o‘zi tengi va o‘zidan
kichiklardan rivoyat qilmaguncha komil bo‘la
olmaydi”, deganlar.
Shogirdlari. Imom Buxoriyning shogirdlari
nihoyatda ko‘p bo‘lgan. Mo‘tabar manbalarning
guvohlik berishicha, ulug‘ olim hayotining bosh
kitobi bo‘lmish – “Al-Jomi’ as-sahih”dan u kishining
bevosita rahbarliklarida 90 ming kishi ta’lim olgan.
Ularning safida mashhur muhaddislar Muslim ibn
Hajjoj, Imom ­Termiziy, Imom Nasoiy, Ibn Xuzayma,
Ibn Abu Dovud, Muhammad ibn Yusuf Firabriy,
Ibrohim ibn Ma’qal Nasafiy, Hammod ibn Shakar
Nasoviy, Mansur ibn Muhammad Bazdaniy va yana
ko‘plab ulug‘ olimlar bor.

Imom Buxoriy bolalik chog‘laridayoq

shogirdlarining sanog‘i yo‘q edi. Yoshlik chog‘ida

Basra ahli ma’rifat toliblari u kishining ortidan

yugurar edi. Hatto majbur qilib yo‘l ustiga o‘tqazib

olib hadis so‘rashar edi.

O‘sha majlislarda minglab odam jamlanar edi.

Ularning ko‘pi hadislarini odamlar yozib oladigan

shayxlar bo‘lardi. Imom Buxoriy esa hali mo‘ylovi

chiqmagan yosh bola edi.

“Tarixi Bag‘dod” kitobida bu haqda quyidagilarni

o‘qish mumkin:

“Abu Bakr Ayyan aytadi: “Muhammad ibn

Ismoildan Muhammad ibn Yusuf Firabriyning eshigi

oldida hadis yozib oldik. Uning yuzida birorta ham

tuk yo‘q edi.

Bir marta Buxoriy Basraga kelganlarida jarchi “Ey

ahli ilmlar! ­Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keldilar!”

deb jar soldi.

U kishini izlab borganlar Basra jome masjidida,

ustun ortida namoz o‘qiyotgan qop-qora soqolli yosh

yigitni ko‘rdilar. U namozini o‘qib bo‘lishi bilan o‘rab

olib, ular uchun imlo majlisi qurishni iltimos qilishdi.

U kishi rozi bo‘ldilar.

Shunda jarchi ikkinchi marta Basra jome

masjidida turib “Batahqiq, Abu Abdulloh Muhammad

ibn Ismoil Buxoriy keldilar! Biz u kishidan imlo

majlisi qurishni so‘radik! U kishi ertaga falon joyda

majlis qurishga rozi bo‘ldilar!” deb jar chaqirdi.

Ertasiga faqihlar, muhaddislar, hofizlar va

nozirlardan ko‘p ming odam jamlandi.

Bag‘dodda ham u kishining minglab shogirdlari
bor edi. Abu Ali Solih ibn Muhammad Bag‘dodiy
aytadi:

“Muhammad ibn Ismoil Bag‘dodda majlis qurar
edi. Men uning imlosini odamlarga yetkazib turar
edim. Uning majlisiga yigirma mingdan ziyod odam
jamlanar edi”.

IMOM BUXORİYNİNG
VAFOTLARİ

Muhammad ibn Abu Hotam Varroq shunday deydi:
“G‘olib ibn Jabroil – Xartang qishlog‘ida turganda
Imom Buxoriy uning uyida to‘xtagan edi – shunday
deganini eshitganman.

Imom Buxoriy bir necha kun Xartangda
yashaganlaridan keyin Samarqand ahlidan elchi
kelib, ular uni Samarqandga kelishga taklif
qilganlaridan oldinroq u betoblanib qolgan edilar.
Shunday (kasal) bo‘lsalar-da, u kishi bunga rozilik
berib, otlanib jo‘nashga hozirlik ko‘ra boshladilar.
Kavushlarini kiyib, sallalarini o‘radilar. Keyin otga
minish uchun u tomon qarab yigirma qadamcha
yurgach (men uni qo‘ltig‘idan suyab borardim), bizga
qarab: “Meni o‘z holimga qo‘yinglar, tobim qochdi”,
dedilar. Biz u kishini o‘z hollariga qo‘ydik, shunda u
kishi ko‘pdan-ko‘p duolar o‘qidilar-da, yotib oldilar va
jon taslim qildilar. U kishidan juda ko‘p ter oqib
chiqdi. U kishi vasiyat qilib: “Meni uch kiyim-boshda
(asvob) kafanlanglar, unda ko‘ylak ham, salla ham
bo‘lmasin”, degandilar.

Imom Buxoriyning vafoti 870 yili (hijriy 256) Iyd al-
fitr (Ro‘za hayiti) kechasi yuz bergan edi. Yoshlari o‘n
uch kuni kam oltmish ikki yoshda edi. Alloh u kishiga
o‘z rahmatini benihoya qilsin!

IMOM BUXORIY MEROSI
Imom Buxoriy asarlari xususida so‘z yuritganda,
Imom Qastaloniy fikrini keltirib o‘tish kifoya, ya’ni:
“Imom Buxoriy asarlari quyosh yetgan joygacha yetib
bordi. Dunyoning hamma joyini egalladi. Uning
fazlini hech kim inkor qilolmaydi. Asarlarining eng
ulug‘i – “Al-Jome’ as-sahih” (“Sahihul Buxoriy”)dir”.
Imom Buxoriyga nisbat berilib kelinadigan asarlar
sirasiga quyidagilar kiradi:
1. “Al-Jome’ as-sahih” (“Ishonchli to‘plam”);
2. “Al-Adab al-mufrad“ (“Adab durdonalari”);
3. “Raf’ul yadayni fis solat” (“Namozda ikki qo‘lni
ko‘tarish haqida);
4. “Al-Qiroatu xolfal imam” (“Imomning ortidan
namoz o‘qish”);
5. “Birrul volidayn” (“Ota-onaga yaxshilik qilish”);
6. “At-Tarixul kabir” (“Katta tarix”);
7. “At-Tarixul avsat” (“O‘rta tarix”);
8. “At-Tarixus sag‘ir” (“Kichik tarix”);
9. “Xolq af’ol al-’ibad” (“Bandalar fe’llarining
yaratilishi”);
10. “Az-Zua’fo val matrukiyn” (“Zaif va tark
qilinganlar haqida”);
11. “Al-Musnadul kabir” (“Katta musnad”);
12. “At-Tafsirul kabir” (“Katta tafsir”);
13. “Kitobul ashriba” (“Ichimliklar haqida kitob”);
14. “Kitobul hiba” (“Sovg‘alar haqida kitob”);
15. “Asomius sahoba” (“Sahobalar ismlari”);
16. “Kitobul vuhdon” (“Bittadan hadis aytgan
sahobalar haqida kitob”);

17. “Kitobul mabsut fil hadis”(“Hadis haqida
mufassal kitob”);

18. “Kitobul ‘ilal fil hadis” (“Hadislardagi illatlar
haqida kitob”);

19. “Kitobul kuna” (“Kunyalar haqida kitob”);
20. “Kitobul favoid” (“Foydalar haqida kitob”);
21. “Qazoyous sahoba vat tobi’iyn” (“Sahoba va
tobi’iynlar muammolari”);
22. “Al-Jome’ul kabir” (“Katta to‘plam”);
23. “Al-Jome’us sag‘ir” (“Kichik to‘plam”);
24. “Bad’ul maxluqot” (“Maxluqotlarning
yaratilishi”);
25. “Sulosiyotul Buxoriy” (“Sahihi Buxoriy”
asaridagi sanadi uch roviyli hadislar);
26. “Mashyaxatuhu” (“Imom Buxoriy uchrashgan
shayxlar haqida”).
Bu kitoblarning ba’zilari qo‘lyozma holida
saqlanayotgan bo‘lsa, ba’zilari nashrdan chiqqan,
yana boshqalari bizgacha yetib kelmagan, faqat
imomlarning rivoyatlarida qayd etilgan, xolos.
Ayniqsa, hozirda dunyoning turli institutlarida
ushbu asarlarni o‘rganishga qiziqish yanada ortishi
barobarida ularni ilm ahliga va keng ommaga taqdim
qilish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Bu kitoblar ichida eng ulug‘i, shubhasiz, “Al-Jome’
as-sahih” ­(“Ishonchli to‘plam”) bo‘lib, u Alloh
taoloning kitobi – Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda
turadi. Mazkur kitob xalq orasida tarixda ham,
hozirda ham “Sahihi Buxoriy” nomi bilan mashhur.
Quyida biz muhaddisning yuqorida nomlari zikr

etilgan asarlarining har birini qisqa-qisqa tavsiflab
o‘tamiz.

“Al-Jome’ as-sahih” – “Ishonchli to‘plam”

(‫)الصحيح الجامع‬

Ibn Hajar “Fathul Boriy” asari muqaddimasida
Buxoriy mazkur asarni “Al-Jome’ as-sahih al-
musnad min hadis Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam va sunanihi va ayyomihi” (“Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam hadislari, sunnatlari va
hayotlaridan sahih isnodli muxtasar to‘plam”) deb
nomlagan. Ammo asar “Sahihul Buxoriy” nomi bilan
mashhur. Bunday shuhrat topishiga sabab, tafsir,
fiqh va boshqa diniy ilmlar borasida sahih rivoyatlar
keltirilganidir. Asar 97 bob, 4000 takrorsiz
hadislardan iborat, jami 7275 hadis kiritilgan.
Mazkur asar bizgacha Imomning shogirdi –
Muhammad ibn Yusuf Firabriy (845-932) tomonidan
rivoyat usulida, so‘ng asldan ko‘chirish yo‘li bilan
yetib kelgan. Asarning qo‘lyozma nusxalari hozirda
dunyoning ko‘pgina kutubxonalarida saqlanadi.
Jumladan, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu
Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida
ham to‘plamning turli yillarda ko‘chirilgan 10 dan
ortiq nusxasi saqlanadi. Bu nusxalar ichida
mo‘tabari XIV asrda ko‘chirilgani sanaladi (SVR. J.
IV.).

Ammo dunyodagi eng qadimiy nusxasi IX asrning
oxiri X asr boshlarida roviylarning uchinchi avlodi
tomonidan ko‘chirilgan nusxa bo‘lib, u Marokash
davlat kutubxonasida saqlanadi. Asrimizga kelib,

asar ko‘plab nashriyotlarda chop etilgan. Yurtimizda
ushbu to‘plam birinchi bor 1974 yilda Imom
Buxoriyning 1200 yilligi munosabati bilan
Toshkentda chop etilgan, keyin 1991-95 yillar
oralig‘ida asarning o‘zbek tilidagi tarjimalari
Qomuslar bosh tahririyati tomonidan nashr etilgan.

“Adab durdonalari”

(‫)المفرد الأدب‬

O‘z nomi bilan odob-axloq bobida mashhur
bo‘lgan kitob. Kitobni muallifdan Abu Xayr Axmad
ibn Jalil Buxoriy Kirmoniy Bazzor rivoyat qilib
keltirgan. Undagi hadislar soni – 1322 ta, 644
bobga ajratib tasnif etilgan. Asar birinchi marta
1888 yilda Hindistonning Ora shahrida toshbosma
uslubida chop etilgan. “Kashfuz zunun” muallifi
Hoja Xalifa Suyutiydan mazkur asardan
ko‘chirmasi bo‘lgan, deb aytadi.

“Namozda ikki qo‘lni
ko‘tarishlik”

( ‫)الصلاة فی اليدين رفع‬

Bu asarni “Qurrat al-a’yn bi raf’ al-yadayn fi as-
solat” nomi bilan ham zikr qilishgan. Hoja Xalifada
qayd etilmagan. “Xoyrul kalom” hoshiyasida
keltirilgan (Fihrist maktabat al-Azhar. J.1. – B.
540). Ammo Hoja Xalifa shu nom ostida ibn Qoyim
(vaf. 1350 y.) asarini keltiradi (Kashf az-zunun. – B.
911). Ibn Nadim “Fihrist”ida “Kitob sunan al-
fuqaho” nomi bilan keltiradi.

“So‘zning yaxshisi – imom ortida qiroat
qilishlikda”

(‫)الامام خلف القرأة فى الكلام خير‬

1885 yil Hindistonda ba’zi sharhlar bilan chop
etilgan. 1902 yil Qohirada chop qilingan (Fihrist
maktabat al-Azhar. J. 1. – B. 466).

“Ota-onaga yaxshilik qilish” ­

(‫)الوالدين بر‬

Imom Buxoriydan Muhammad ibn Dilavayh
rivoyat qilgan. Ibn Hajar davrida bu kitob mavjud
bo‘lgan (Kashfuz zunun. – B. 238). Ammo hozirda
mavjud kitoblar mundarijalarida zikr etilmagan.

“Tarix kitobi”

(‫)التأريخ كتاب‬

Buxoriy bu kitobni muhaddislar tabaqalari
uslubida yozgan va unga ishonchli va ishonchsiz
hadis roviylarini kiritgan. Kitob uchta qismga
bo‘linadi (Kashfuz zunun. – B. 287):

1. “Katta tarix”. Bu asar Madinada yozilgan. U
haqida muallifning o‘zi shunday deydi: “Tarixda men
qissasini bilmagan ism juda oz edi. Ammo kitobning
uzayib ketishini xohlamadim”. Asarda sahobalardan
to Imom Buxoriyning davriga qadar hadis rivoyat
qilgan kishilar hayoti keltiriladi.

2. “O‘rta tarix”. Muallif kitobni yil sanalari
bo‘yicha tartiblagan bo‘lib, asarning bir qismi
bizgacha qo‘lyozma shaklida yetib kelgan. Kitobning
bizga ma’lum bir nusxasi Germaniyada va yana biri
Saudiya Arabistonida saqlanadi.

3. “Kichik tarix”. Muhaddis bu asarni ham yil
sanalari bo‘yicha tartiblagan. Ilk bor 1325/1907 yil
Hindistonda muallifning “Kitob az-zu’afo as-sag‘ir”
kitobi va Imom Nasoiyning shu nomli asari bilan
birga bosilgan. Yusuf Ilyon Serkisning “Mu’jam”
nomli kitobida mazkur nashrning oxirida “Asmo’ ar-
rijol” nomli risola ham ilova qilingan, deyiladi. Ammo
bu kitob Buxoriyga tegishlimi, yo‘qmi, aniq emas.

“Bandalar fe’llarining yaratilishi”

(‫)العباد افعال خلق‬

Ushbu asarning yaratilishi xususida Hoja Xalifa
shunday yozadi: “Bu kitobning yozilishiga sabab
Zuhliy bilan uning orasidagi mashhur voqea­dir”
(Kashfuz zunun. – B. 722).

Imom Buxoriydan bu asarni Yusuf ibn Rayhon ibn
Abdussomad va ­Firabriylar rivoyat qilganlar. 1888
yili Dehlida Zahabiyning “Kitobul ilm” nomli asari
bilan bir kitob holida bosilgan.

“Zaif va tark qilinganlar
haqida kitob”

(‫)المتروكين و الضعفاء كتاب‬

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Imom Buxoriyning
shunday nomlanuvchi ikki asari bo‘lgan. Biri – “Az-
Zu’afo al-kabir”, ikkinchisi – “Az-Zu’afo as-sag‘ir”
bo‘lib, bizgacha faqat ikkinchisi yetib kelgan.
Asarda hadis kishilarining zaif (ishonchsiz)lari
haqida mufassal ma’lumot beriladi. Asar bir necha
bor chop etilgan. Imom Buxoriyning o‘zidan Abu
Bashr Davlobiy (“Al-Kuna” kitobi muallifi), Abu

Ja’far Shayx ibn Sa’id va Odam ibn Muso Xavoriylar
rivoyat qilganlar. Asar “At-Tarix as-sag‘ir”, Imom
Muslimning “Al-Munfaridot val vuhdon”, Imom
Na­soiyning “Az-Zu’afo val matrukiyn” nomli
asarlari bilan 1905 yil Haydarobodda chop etilgan.

“Al-Musnad al-kabir”

(‫)الكبير المسند كتاب‬

Mazkur kitob haqida to‘liq ma’lumotlar
saqlanmagan bo‘lsa-da, “Kashf az-zunun”, “Al-
Mustatrifa” asarlarida uning haqida Firabriy tilidan
keltiriladi (Kashfuz Zunun. – B. 1684. Al-Mustatrifa.
– B. 46).

“At-Tafsir al-kabir”

(‫)الكبير التفسير كتاب‬

Hoja Xalifaning aytishicha, Firabriy zikr qilgan
(Kashfuz zunun. – B. 443). Buxoriy uni Firabr
qishlog‘ida imlo qilib bergan (Tarix Bag‘dod. J.2. – B.
14). Jazoirda va Hindistonda uning nushalari
saqlanadi deb, “Imom Buxoriy va uning Sahihi”
kitobida aytib o‘tilgan.

“Ichimliklar kitobi”

(‫)الأشربة كتاب‬

Bu asarni Imom Doraqutniy o‘zining “Al-Mu’talif va
al-muxtalif” nomli kitobida eslatadi (Kashfuz zunun.
– B. 1392). Asar bizgacha yetib kelmagan.

“Kitob al-hiba”

(‫)الحبة كتاب‬

Bu asarni Muhammad Abu Xotam (Buxoriyning
muqovachisi) eslatadi (Kashfuz zunun. – B. 1471).

Ibn Hajar aytadi: “Bu kitobda muallif 500 hadisni
rivoyat qiladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, bu
Vake’ ibn Jarrohning “Al-Hiba” kitobi emas, balki
faqat undan ikki yoki uch hadisni rivoyat qilgan.
Abdulloh ibn Muborakning sanadi dan ham 5 tacha
hadisni rivoyat qilgan” (Fathul boriy Muqaddimasi. J.
2. – B. 201)

“Sahobalar ismlari”

(‫)الصحابة أسامى‬
Ushbu asar ba’zan “Asmo’ as-sahoba” (“‫أسماء‬
‫ )”الصحابة‬deb ham atashadi. Asarni muallifdan

Abulqosim ibn Mundix ibn Foris rivoyat qilgan. Imom
Bag‘aviy o‘zining “Mu’jam as-sahoba” kitobida
asardan istifoda qilganini aytadi (Kashfuz zunun).

“Kitob al-vuhdon”
(‫)الوحدان كتاب‬

Bu kitobda faqat bitta hadis aytgan sahobalarning
hadislari jamlangan. Mazkur kitobni Abul Qosim ibn
Mundix o‘zining “Al-Ma’rifa” nomli kitobida eslatib
o‘tgan.

“Kitob al-mabsut fil hadis”

(‫)الحديث فی المبسط كتاب‬

Bu asar haqida Xaliliy o‘zining “Al-Irshod” nomli
kitobida qayd etarkan, shunday deydi: “Muhib ibn
Salim Buxoriydan mazkur kitobni rivoyat qilgan”
(Kashfuz zunun. – B. 1581).

“Hadislardagi illatlar haqida

kitob” (‫)الحديث فی العلل كتاب‬

Bu kitob haqida Abulqosim ibn Mundix eslatgan.
Kattoniy o‘zining “Ar-Risola al-mustatrifa” kitobida
aytib o‘tgan.

“Kunyalar haqida kitob”

(‫)الكنى كتاب‬

Bu asarni Abu Ahmad Hokim “Al-Kuna” nomli
kitobida zikr qilgan va istifoda etgan (Kashfuz zunun.
– B. 1453).

Ibn Subutiy aytadi: “Kim “Al-Asmo’” va “Al-Kuna”
nomli kitoblarini umid qilsa, bilsinki, u Buxoriyning
kitobidan so‘zma-so‘z ko‘chirilgan. Faqat qisman
qo‘shimcha qilingan”. Haydarobodda chop etilgan.

“Foydalar haqida kitob”

(‫)الفوائد كتاب‬

Bu asarni Imom Termiziy o‘zining “Sunan”ida
eslatgan (Kashfuz zunun. – B. 1448).

Ammo O‘zFA Sharqshunoslik Institutida №2813
raqam bilan saqlanayotgan “Al-Jome’ as-sahih”
qo‘lyozmasining birinchi sahifasida keltirilgan.

“Sahoba va tobi’iynlar muammolari”

(‫)التابعين و الصحابة قضايا‬

Bu asar Imom Buxoriyning eng avval yozgan
asaridir. Buxoriy bu xususda shunday deydi: “18 ga
to‘lganimda “Qazoyo as-sahoba va at-tobi’iyn”
kitobini yozdim” (Hayotul Buxoriy. – B. 30).

“Katta to‘plam” (‫)الكبير الجامع‬

Ibn Tohir Maqdisiy zikr qiladi eslatgan (Kashfuz
zunun. – B. 843).

Bu kitob xususida shu fikrni aytishimiz mumkinki,
muallif “Al-jome’ as-sahih”ni shu to‘plamdan
chiqargan.

“Kichik to‘plam”

(‫)الصغير الجامع‬

Bu asarni Abdullox ibn Muhammad Ashqar rivoyat
qilgan (Kashfuz zunun. – B. 530).

Hoja Xalifa “At-Tarix as-sag‘ir”ni nazarda tutib,
“Al-Jome’ as-sag‘ir” deb aytgan bo‘lsa kerak, chunki
Ibn Hajar o‘z asari muqaddimasida Ashqardan “As-
Sag‘ir” rivoyat qilingan, deb aytadi.

“Bad’ul maxluqot”

(‫)المخلوقات بدء‬

Bu xususda ma’lumot faqat “Kash­fuz zunun”da
uchraydi.

“Sulosiyotul Buxoriy”

(‫)البخاری ثلاثيات‬

Bu asardagi hadislar uch isnod orqali Muhammad
payg‘ambarga taqaladi. Kitobdagi hamma hadislar
jami – 22 ta. Kitob “Al-Jome’ as-sahih”dan olingan
bo‘lib, turli o‘lka xattotlari sovg‘a sifatida chiroyli
bezaklar bilan yozishgan. Buxoriyning o‘zi bu hadis
to‘plamini alohida ajratib yozgan emas.

“Mashyahatuhu” (‫)مشيخته‬

Ushbu asar to‘g‘risida yagona ma’lumot Tojuddin
Subukiyda uchraydi: “Buxoriy bu asarida o‘zi

uchrashgan shayxlari haqida yozgan” (Tabaqotush
Shofi’iyya. J.2. – B. 3).

“AL-JOME’ AS-SAHIH” ASARI – OLTI SAHIH
KITOBLARNING ENG MUHIMI

Bu ummatning ulamolari Imom Buxoriyning
to‘plamlarini nafaqat sunnatga doir jamiki
kitoblarning eng buyugi va ulug‘i deb, balki islomga
doir barcha kitoblar ichida ­Alloh taoloning Kitobidan
keyingi eng sahihi deb ham qaror qildilar. Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam ummatlari va uning
ulamolarining Imom Buxoriy to‘plamlarini boshqa
kitoblar ichida eng sahih va eng afzal deb qaror
qilganlari na shunchaki o‘zaro kelishib olganlik va na
tasodif va na fitna bo‘lmay, balki Alloh taoloning
ilhomi hamda bu kitob muallifining hadisi
nabaviyyani saqlash va uning roviylarini aniqlash
yo‘lida qilgan jihodi badaliga ato etgan mukofotidir.
Chunki Alloh ­subhanahu va taolo o‘z dinini va o‘z
risolasini bo‘lak bandalariga yetkazmoqlari uchun
tanlagan bu ummatni g‘ofilligu nodonlik domiga
ilinib, o‘zaro kelishgan holda zalolatga yuz
burmoqdan asragandir.

Ushbu muhim asarning ahamiyati shundaki,
hadislar (kengroq ma’noda “sunnat” yoki “sunna”)
­Qur’oni karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Birinchi hijriy asrda hadislar Qur’on bilan qo‘shilib
ketmasligi uchun ularni to‘plashga ruxsat berilmas
edi. Lekin ikkinchi hijriy asrning yarmiga kelib, ko‘p
sabablar, ayniqsa to‘qima hadislar soni oshgani
tufayli hadislarni yozib olib to‘plash ishiga kirishildi.

Birinchilardan bo‘lib bu ishga qo‘l urganlar
­Madinada Molik ibn Anas, Muhammad ibn Ishoq,
Makkada Ibn Jurayj, Kufada Sufyon Savriy, Basrada
Hammod ibn Solma, Yamanda Muammar ibn Roshid,
Marvda Abdulloh ibn Muborak, Shom (Suriya)da
Avzo’iy, Misrda Lais ibn Sa’d edilar. Ular jamlagan
asarlardan bizgacha faqat Imom Molik to‘plagan ­“Al-
Muvatto” kitobi yetib kelgan.

Ulardan keyin hadis to‘plovchilarning ikkinchi
tabaqasi yetishib chiqdi. Ular “Musnadlar” mualliflari
bo‘lib, Ahmad ibn Hanbal ularning mashhur
namoyandasi edi.

Uchinchi hijriy asr, hadislarni tanqidiy asosda
to‘plab, ularning sahihlarini zaiflaridan ajratish
(saralash), roviylarni ishonarli va ­ishonchli
emasliklarini belgilab olish davri edi. Bu davrda
oltita sahih kitob (“Sihohi sitta”) deb atalgan eng
mo‘tabar asarlar mualliflari maydonga chiqdilar. Ular
– Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Abu
Dovud, Nasoiy va Ibn Moja edilar. Ushbu olti
kitobdan eng sahih va Qur’ondan keyin eng mo‘tabar
deb qabul qilingani Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-
sahih” asari hisoblanadi.

Buxoriy o‘z asarini fiqh, ilmining boblariga
moslashtirib tartibga soldi. Buxoriy bu haqda
shunday degan ekan: “Men ushbu kitobni olti yuz
ming hadis ichidan ajratib olib, 16 yilda uni
tamomladim va o‘zim bilan Allohni o‘rtamizda uni
hujjat qilib qo‘ydim”.

Firabriy aytishicha, u yana bunday degan ekan:
“Hech bir hadisni g‘usl qilib, ikki rakat namoz o‘qimay
turib, Sahih kitobimga kiritgan emasman...”

“Sahihul Buxoriy” – 97 kitob, 3450 bobni o‘z ichiga
olib, Ibn ­Saloh va Navaviy aytishlaricha, undagi
hadislar soni takrorlangan hadislar bilan birga 7275
taga yetib boradi.

“Sahihul Buxoriy”ning arabcha sharhlari:
Imom Buxoriy bobomizning bu asarlariga arab
tilida ham juda ko‘p sharhlar va hoshiyalar yozilgan
bo‘lib, ular hajm va ahamiyati jihatdan xilma-xildir.
Bu sharhlar xususida “Moziydan taralgan ziyo”
kitobida yuzga yaqin sharh va ularning mualliflari
haqida keltirilgan:
1. “Sharh Ibn al-Muniyr”ning muallifi Imom
Nosiruddin Ali ibn Muhammad ibn Muniyr
Iskandaroniy (vaf. 1296 y.) bo‘lib, uning qalamiga
mansub bu ulkan sharh o‘nta katta jilddan iborat.
Shuningdek, Imom Nosiruddin ibn Battolning
“Sahihul Buxoriy”ga bag‘ishlangan sharhiga tegishli
hoshiyalar ham yozgan.
2. “Sharh Sahihul Buxoriy”ning muallifi shomlik
olim Qutbiddin Abdulkarim ibn Abdunnur ibn
Muniyr Halabiy Hanafiydir (vaf. 1344 y.). O‘n jilddan
iborat bo‘lgan bu sharh “Sahih”ning yarmigacha
yetgan. Muallif Imom Buxoriy asariga mukammal bir
sharh yozishni niyat qilgan ko‘rinadi, lekin, afsuski,
bu sharh oxirigacha yetmay qolgan.
3. “Al-Kavokib ad-Diroiy” nomli sharhning muallifi
alloma Shamsuddin Muhammad ibn Yusuf ibn Ali

Kirmoniy (vaf. 1384 y.). Ilm ahli uchun g‘oyatda
foydali bo‘lgan bu sharhda muallif “Sahihul
Buxo­riy”ning shu xildagi boshqa asarlardan
ustunligi haqida ishonchli va yorqin dalillar keltirgan.
Kirmoniyning bu asari “Sahih”ga yozilgan
sharhlarning eng muhimlaridan hisoblanadi. Muallif
ushbu asarini 1373 yilda Makkai mukarramada
yozib tugatgan. Mashhur olim Ibn Hajar
Asqaloniyning fikricha, Kirmoniyning bu sharhi qator
xato-kam­chiliklardan ham xoli emas. Bu asar
Qohirada chop etilgan bo‘lib, uning qator
qo‘lyozmalari Istanbul kutubxonalarida saqlanadi.

4. “At-Talviyh” nomli sharh Imom Xofiz Mug‘ultoiy
ibn Qilich Turkiy Alouddin Misriy Hanafiyning (vaf.
1361 y.) qalamiga mansub. Hajm jihatidan katta
bo‘lgan bu asar ham “Sahih”ga yozilgan muhim
sharhlardan hisoblanadi.

5. Shayxulislom Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Hajar
Asqaloniyning (vaf. 1448 y.) “Fathul boriy fi sharhi
­Sahihul Buxoriy” nomli sharhi Imom Buxoriy
asariga bitilgan eng mo‘tabar sharhdir. XV asrda
yashagan buyuk arab mutaffakkiri Ibn Xaldun
o‘zining “Muqaddima” nomli mashhur asarida: “Ibn
Hajar Asqaloniyning Imom Buxoriy asariga yozgan
“Fathul boriy” nomli sharhini “butun islom ummati
o‘rganishi qarzdir”, – deb ushbu asarni yuksak
baholagan edi.

Darhaqiqat, ilmiy nuqtai nazardan Asqaloniyning
bu sharhi g‘oyatda muhim va mukammal asar bo‘lib,
Imom Buxoriy asarini o‘rgangan har bir tadqiqotchi
va o‘quvchi unga murojaat qilmasdan iloji yo‘q.

Muallif o‘z sharhini 1414 yilda boshlab, 1437 yilda,
ya’ni yigirma uch yilda yozib tugatgan bo‘lsa-da, unga
umrining oxirigacha (1448 yilga­cha) qo‘shimchalar
kiritgan. Asqaloniydan keyin “Sahihul Buxoriy”ga
sharh yozgan barcha mualliflar Asqaloniyning ushbu
mashhur sharhiga murojaat qilganlar.

6. “Hady as-soriy muqaddimat Fathul boriy” nomli
sharhning muallifi ham Ibn Hajar Asqaloniy bo‘lib, u
“Fathul boriy”ga yozilgan muqaddima hisoblanadi.
Bu ulkan asar o‘n bo‘limdan iborat. Bu bo‘limlar o‘z
navbatida fasllarga bo‘linadi. Kitobning oxirida Imom
Buxoriyning tarjimai holi, asarlari va shogirdlari
haqidagi qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

7. Olim Muhallab ibn Abu Safra Ozadiyning ( vaf.
1043 y.) qalamiga mansub “Sharhul muhallab” nomli
sharh haqida deyarli hech bir ma’lumotga ega
emasmiz. Faqat shu narsa ma’lumki, muallif o‘z
sharhiga qo‘shib “Sahihul Buxoriy”ning matnini ham
keltirgan.

8. Alloma Abu Zinod (tug‘ilgan va vafot etgan yili
noma’lum) Imom Buxoriyning “Sahih” asariga yozgan
sharhi “As-Siroj” deb ataladi. Ushbu sharh haqida
manbalarda boshqa ma’lumotlar uchramagan.

9. “G‘oyat at-tavziyh lil-jomi’ as-sahih” nomli
sharhning muallifi alloma Usmon ibn Ibrohim
Siddiyqiy Hanafiy bo‘lib, u taxminan hijriy X asrning
oxirlarida vafot etgan. Ushbu sharhning bir
qo‘lyozmasi Rampurdagi Al-Maktabat al-Amiriyada
saqlanadi (sharh ikki jilddan iborat).

10. “Bahjat an-nufus” nomli sharh Abdulloh ibn
Sa’id ibn Abu Jamra Ozadiy (vaf. 1276 y.) bo‘lib,

uning qo‘lyozma nusxasi Istanbuldagi Valiuddin
Sulton Boyazid kutubxonasida saqlanadi.

“SAHIHUL BUXORIY”GA
BAG‘ISHLANGAN BOSHQA
ASARLAR VA TARJIMALAR
Imom Buxoriyning “Sahih” asariga bag‘ishlangan
forsiy bir qancha sharhlar va boshqa asarlar bo‘lib,
ulardan ba’zilari haqida so‘z yuritamiz:
1. Alloma Nur Xaqq ibn Shayx Abd Haqq Dehlaviy
(vaf. 1663 y.) qalamiga mansub sharh “Taysiyrul
Qoriy” deb ataladi.
2. “Sharh sulosiyot al-Buxoriy” nomli asarning
muallifi Mullo Aliy ibn Muhammad Sulton Qoriy
­Xaraviy (vaf. 1605 y.) bo‘lib, bu sharh haqida ba’zi
tarixchilar (masalan, Ahmad Muhibbiy) o‘z asarida
zikr qilganlar.
3. “Taysiyrul boriy” nomli sharhning muallifi ash-
Shayx Vaqor ­Navozjang Bahodur (vaf. 1920 y.) bo‘lib,
u “Sahihul Buxoriy”ning mufassal tarjimasidan iborat
va arabcha asli bilan birgalikda nashr etilgan.
4. Shayx Raziyuddin Abul Xayr Abdulmajidxon
Tavankiy (tug‘ilgan va vafot etgan yili noma’lum)
qalamiga mansub sharh “Mu’limul ­Qoriy sharh
sulosiyot al-Buxoriy” deb ataladi. Mazkur sharh 1845
yilda ­Akkrada nashr etilgan.
5. Imom Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn
Husayn Kalaboziy (vaf. 1008 y.)ning “Asmo rijol
Sahihul Buxoriy” nomli asari “Sahih” roviylarining
ismlariga bag‘ishlangan.

6. Abu Muhammad Abd Xaqq ibn Abdurrahmon
Ozadiy Ashbiyliy ibn Xarrot (vaf. 1186 y.) yaratgan
asar “Al-Jam’ baynas sahihayn” deb ataladi. Bu asar
qo‘lyozmasining bir nusxasi Istanbuldagi Nur al-
Usmoniya kutubxonasida saqlanadi (Moziydan
taralgan ziyo).

“SAHIHUL BUXORIY”NING
JAHON TILLARIGA TARJIMALARI
Yevropaliklardan dastlab Kreyzon ismli olim
“Sahihul Buxoriy”ni ingliz tiliga tarjima qilgan. Bu
tarjima 1879 yilda Belk shahrida o‘n jildda nashr
etilgan.
Shuningdek, Imom Buxoriyning bu asari 1935
yilda nemis allomasi Muhammad Asad (islomni qabul
qilgach, u shu ismni olgan) tomonidan muxtasar izoh
va hoshiyalari bilan ikki jildda nashr etilgan. Ushbu
tarjima haqida o‘z vaqtida qator olimlar tomonidan
yaxshi fikr-mulohazalar bildirilgan edi. “Sahihul
Buxoriy”ni ingliz tiliga doktor Muhammad
Muhsinxon ham tarjima qilib nashr ettirgan. Imom
Buxoriy asarining katta bir qismi nemis tiliga ham
tarjima qlinib, 1936 yilda Kembridjda bepul nashr
etilgan.
“Sahihul Buxoriy”ning dastlabki ikki jildi Ahmad
Naiym tomonidan turk tiliga ag‘darilgan. 1939 yilda
va undan keyin Komil Miyros degan olim bu tarjimani
oxiriga yetkazib, asarning to‘liq tarjimasini 1928 yilda
Istanbulda nashr ettirgan.
“Sahihul Buxoriy” fransuz tiliga ­­O. Xodas va V.
Marsuys degan olim­lar tomonidan 1903-1914 yillarda

tarjima qilingan bo‘lib, besh jilddan iborat mazkur
tarjima tegishli hoshiyalar, izohlar va fahorislar bilan
jihozlangan holda 1984 yilda Parijda nashr etilgan
(Moziydan taralgan ziyo).

IMOM BUXORIY HAYOTIDAN
LAVHALAR

Imom Buxoriyning Bag‘dodda
imtihon qilinishi

Hadis ilmining sultoni – Abu ­Abdulloh
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810-870) to‘plagan
benazir meros – Payg‘ambar alayhissalomning sahih
(ishonchli) hadislari mana qariyb o‘n ikki asrki butun
insoniyatni ro‘shdu hidoyat yo‘llariga boshlab
kelmoqda. Buyuk vatandoshimizning hayotiy va ilmiy
faoliyatlari jumlai jahonda muttasil ravishda keng
ko‘lamda chuqur o‘rganilib, alloma haqida turli
tillarda yuzlab ilmiy va ommabop asarlar yaratilgan.

Mana shulardan biri suriyalik olim Shayx
Muhammad Jamoluddin Qosimiy Damashqiyning
(1866-1914) – “Hayotul Buxoriy” (“Buxoriyning hayoti”)
nomli asari bo‘lib, unda allomaning ibratli hayoti va
ilmiy salohiyati haqida ko‘p qimmatli ma’lumotlar
keltirilgan. Arab tilida yozilgan mana shu asardan
Imom Buxoriyning buyuk bir fazilati – quvvai hofizasi
va xotirasining aql bovar qilmaydigan darajada kuchli
bo‘lganligi xususidagi bir lavhani o‘zbekchaga o‘girib,
muhtaram o‘quvchilarimiz e’tiborlariga havola etishni
lozim topdik.

Ibn Qatton laqabli Abdulloh ibn Adiy ibn Abdulloh
ibn Muhammad ibn Muborak Jurjoniy (vaf. 976 y.)
shunday hikoya qiladi:

“Bag‘dod ulamolaridan bir qanchasidan
eshitganman: “Bir marta Muhammad Buxoriy
Bag‘dodga kelganida shahardagi hadisshunoslar bu
xabarni eshitgach, bir joyga to‘planishib, Buxoriyning
quvvai hofizasini imtihon qilib, sinab ko‘rishmoqchi
bo‘lishadilar. Shu maqsadda ular har xil hadislardan
yuztasini ajratib olib, ularning matnlari-yu isnodlarini
butunlay o‘zgartirib, bir toifa hadis isnodlarini
tamoman boshqa matnlarga, boshqa bir toifa
matnlarni esa batamom o‘zga isnodlarga almashtirib
qo‘ydilar va ushbu yuz hadisni o‘n kishiga bo‘lib har
qaysiga o‘ntadan qilib taqsimlab berdilar. Ilmiy majlis
boshlanganida ushbu hadislar yuzasidan Muhammad
Buxoriyga savol berishlarini ularga topshirdilar.

Qachonki, Imom Buxoriy bilan kelishilgan ilmiy
yig‘in vaqti kelganda – bu yig‘inga bag‘dodliklardan
tashqari Xuroson va boshqa o‘lkalardan ham ko‘plab
mehmonlar to‘plangandilar – yig‘ilgan majlis ahli
tinchlanib, yig‘in boshlangach, o‘sha (maxsus)
tayyorlangan o‘n kishidan biri o‘rnidan turib (o‘ziga
berilgan) o‘n hadisdan biri haqidagi savolini
so‘raganda Imom Buxoriy: “Men bunaqa hadisni
bilmayman”, – deb javob qildi. Shundan so‘ng u kishi
Buxoriydan birin-ketin qolgan hadislari haqida
so‘radi, Buxoriy esa har safar: “Men bunaqa hadisni
bilmayman”, – deb javob beradi. Shunda ushbu
yig‘inda qatnashgan va masaladan ogoh bo‘lgan ba’zi
ulamolar bir-birlariga ma’noli qarashib: “O, sezib

qoldi-yov”, – deb pichirlashsa, masalaning asl
mohiyatidan bexabarlari esa Imom Buxoriyning
bilimi sayoz, qobiliyati o‘ziga yarasha va xotirasi zaif
qabilida ayblay boshladilar.

Shundan so‘ng ikkinchi kishi o‘rnidan turib o‘sha
butunlay o‘zgartirilgan hadislardan biri haqida savol
berdi. Imom Buxoriy: “Men bunaqa hadisni bilmayman”,
– deb javob qildi. U ­kishi boshqa hadislari haqida
so‘raganda ham u: “Men bunaqa hadisni bilmayman”, –
deb javob qildi. U birin-ketin o‘nta hadisi haqida
so‘raganda ham Buxoriy har safar: “Men bunaqa hadisni
bilmayman”, – deb javob qildi. So‘ngra uchinchi, to‘rtinchi
va qolganlari ham o‘sha o‘zgartirilgan hadislari haqidagi
savollarini so‘radilar, Imom Buxoriy esa har safar bir xil:
“Men bunaqa hadisni bilmayman”, – deb javob qilardi.

Tayyorlangan o‘n kishi savollarini berib
bo‘lganlariga ishonch hosil qilgan Imom Buxoriy
birinchi bo‘lib savol bergan kishiga qarab: “Siz
birinchi hadisni shunday (xato) aytdingiz, aslida
uning to‘g‘ri shakli – bunaqa, ikkinchi hadisni
bunday g‘alat aytdingiz – to‘g‘risi esa unday emas –
bunday, uchinchi, to‘rtinchi hadislarning ham
to‘g‘risi – bunday”, deb u so‘ragan o‘nta hadisning
birma-bir matnini keltirib, ularning har qaysisining
matnini asl-to‘g‘ri isnodiga, isnodini esa o‘z matniga
qaytarib to‘g‘rilab aytdi. Qolgan savol bergan to‘qqiz
kishining so‘raganlariga ham xuddi shu zaylda
birma-bir batafsil javob qildi. Yig‘ilgan jamoatning
hammasi imom Buxoriyning quvvai hofizasiga qoyil
qolib, uning fazlu fazilatiga tahsinlar o‘qib, ofarinlar
aytib, allomani olqishladilar”.

Shosh (Toshkent)ning taniqli muhaddislaridan biri
Hoshid ibn Ismoil ibn Iso Shoshiy G‘azzol (vaf. 875
y.) shunday deb yozgan:

“Imom Buxoriy o‘spirinlik chog‘ida biz bilan birga
Basra mashoyixlaridan hadislar eshitardi.
Hammamiz ustozlardan eshitganlarimizni darhol
yozib borardik, Buxoriy esa hech narsa yozmasdan
faqat eshitib o‘tirardi. Shu tariqa o‘n olti kun o‘tgach,
u bizdan: “Nazarimda, ko‘p hadis yozib yubordilaring,
qani menga yozganlaringni ko‘rsatinglar-chi?” deb
qoldi. Biz yozgan hadislarimizni hisoblab ko‘rsak, o‘n
besh mingdan ortiq hadis yozib olgan ekanmiz.
Shunda Buxoriy ularning hammasini yoddan aytib
berdiki, hatto ustozlardan yozib olgan
hadislarimizdagi yo‘l qo‘yilgan ba’zi xatolarni uning
yoddan aytganlariga qarab tuzatib ham oldik”.

Muhamad ibn Azhor Sijistoniy ismli olim shunday
degan: “Ustoz Sulaymon ibn Harbning (vaf. 839 y.)
ilmiy saboqlarida qatnashardim. Muhammad
Buxoriy ham bizlar bilan hadislar eshitardi-yu, lekin
u sira yozmasdi. Shunda talabalardan birining g‘ashi
kelib: “Muhammad nega sira yozmaydi?”, deb so‘rab
qolgandi. Unga: “U o‘z yurti Buxoroga qaytgandan
keyin yodidan yozadi”, – deb javob qilgandilar”.

Alloma Hofiz ibn Hajar Asqaloniy: “Bu o‘rinda,
albatta, Imom Buxoriyning iste’dodi tan olinayotir,
chunonchi xatoni tuzatib to‘g‘ri asliga qaytargani
juda ham ajablanarli ish emas, chunki u hofizdir.
Ajablanarlisi shundaki, u hech bir tayyorgarliksiz
daf’atan o‘ziga atayin chalkash aytilgan hadislarni

xatosini tuzatib, ularni yoddan o‘z o‘rniga
qo‘yganidir”, – deb yozgan edi.

Alloma Abu Bakr Kalvazoniy: “Men umrimda
Muhammad ibn ­Ismoilga o‘xshaganini sira
ko‘rmadim. U har qanday ilmiy kitobni olib diqqat
bilan o‘qib chiqardi va bir o‘qishdayoq hadislarni
barcha masalalari bilan birgalikda yodida saqlab
qolardi”, – deb ta’kidlagan.

Imom Buxoriyning shogirdi bir safar imom
hazratlari holi qolganlarida u kishidan: “Yodlash
(hifz)ni kuchaytirish uchun biror davo bormi?” deb
so‘ragan. Shunda Buxoriy: “Hifz uchun isnoddagi
ilmga o‘ta chanqoqlik va sa’y-harakatning
bardavomligidan ortiq foydali narsani bilmayman”,
deb javob qilganlar.

IMOM BUXORIY HAQIDA BOSHQALAR
“Imom Buxoriyning to‘plamlari islom kitoblari ichida
Alloh taoloning Kitobidan keyingi eng buyuk va eng afzal
kitob bo‘lib, u hozirgi vaqtda insonlar ­uchun eng katta
tayanch bo‘lib turibdi”.

Imom Zahabiy
***
“Hadisga bag‘ishlangan mashhur to‘plamlarning
hammasi ichida ­Muhammad ibn Ismoilning
kitobidan yaxshi kitob yo‘q”.

Imom Nasoiy
***
“Shu paytgacha Xurosondan ­Muhammad ibn
Ismoil Buxoriydek buyuk alloma yetishib chiqqan
emas”.

Ahmad ibn Hanbal
***
“Ustozlar ustozi, muhaddislar sayyidi, hadis
illatlarining tabibi, ijozat bersangiz, oyoqlaringizdan
o‘psam”.

Muslim ibn Hajjoj
***
“Iroqda va Xurosonda Muhammad ibn Ismoildan
ko‘ra hadis illatlarini, tarixini, sanadlar ilmini chuqur
biladiganini topmadim”.

Abu Iso Termiziy
***
“Men Haramayn (Makka va Madina)da ham, Hijoz,
Shom va Iroqda ham ko‘pdan-ko‘p ulamolarni ko‘rdim,
lekin ulardan birortasida ham Muhammad ibn

Ismoildek mukammal ilmning jam bo‘lganini
ko‘rmadim”.

Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy
***

“Islom ahlining barchasi jamlanib, Muhammad ibn
Ismoilga o‘xshash yana bir kishini yetishtirmoqchi
bo‘lsa, buni eplay olishmaydi”.

Muso ibn Horun Hammol
***
“Bizga Xurosondan Muhammad ibn Ismoildek
kishi kelmagan”.
Imom Ahmad ibn Hanbal
***
“Muhammad ibn Ismoil bizning zamonamizda
Alloh yaratgan eng buyuk fiqh olimidir”.

Muhammad ibn Bashor
***
“Kimki haqiqiy va rostgo‘y faqihni ko‘rmoqchi
bo‘lsa, mana shu odamga qarasin”.

Abu Ishoq
***
“Muhammad ibn Ismoilga o‘xsha­shini ko‘rganimni
bilmayman, go‘yoki u tanho hadis uchun
yaratilgandekdir”.

Husayn ibn Haris
***
“Ey eshitayotganlar, hadis va fiqh ilmlarini
yaxshilab ko‘zdan kechirdim. Zohidlar, obidlar,
faqihlar bilan o‘tirdim. Biroq aqlimni taniganimdan
buyon Muhammad ibn Ismoilga ­o‘xshashini
ko‘rmadim”.

Qutayba ibn Sa’id
***
“Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir”.
Ya’qub ibn Ibrohim Davraqiy
***
“Muhammad ibn Ismoil olimrog‘imiz, faqihrog‘imiz,
masalaning nozik o‘rinlarini ham ilg‘aydigan va
izla­nishda bizdan o‘zib ketgan”.
Abdulloh ibn Abdurahmon

Samarqandiy
***
“Bizning zamonamizda Alloh yaratgan eng zo‘r
faqih”.

Ibn Bashshor
***
“Muhammad ibn Ismoil hadis ilmida va
iqtidorining o‘tkirligida Alloh taoloning mo‘jizalaridan
biridir”.
Abu Toyyib Hotim ibn Mansur Kissiy

***
Allohning nazari tushgan vatan bu,
Donolar guzari tushgan vatan bu.
Ne-ne buyuklarni bergan xalqdir bu,
Avaylab-asragan, ko‘rgan xalqdir bu,
Yaxshilik mukofata yaxshilik bo‘lgay,
Savob ishni har kim har kunda qilgay.
Buxoriy hayoti bizlarga ibrat,
Ilohiy dinimiz dillarga qudrat.
“Al-Jome’ as-sahih” hech o‘lmas meros,
Islomiy e’tiqod musulmonga xos.

Boshga qilich kelsa, gapirgaylar rost,
“Sahih” avlodlarga saboqdir asos.
Iymon kalimasi tillarda mudom,
Iymon nuri dilni yoritgay har on.
Alloh qalbimizda, yuragimizda,
Alloh marhamati-tilagimizda.

Barot Isroil,
“Payg‘ambar suygan inson”

dostonidan parcha

“SAHIHUL BUXORIY” VA
“ADAB AL-MUFRAD” ASARIDA
KELGAN HADISLARDAN NAMUNALAR:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Amallar faqat niyatlarga ko‘radir. Har kimga niyat
qilganigina bo‘ladi”, dedilar”.

***
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Hayo – iymondandir”, deganlar”.

***
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Otangning (do‘stlari bilan bo‘ladigan) aloqasini
davom ettir, aloqani (o‘lganidan keyin) uzib qo‘yma.
Agar shunday qiladigan bo‘lsang, Alloh nuringni
o‘chirib qo‘yadi”, deganlar.

***
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo
Rasululloh, men kimga yaxshilik qilay?” – deb
so‘raldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Onangga”, – dedilar. “Keyin kimga?” – dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang-ga”, –
dedilar. “Keyin kimga?” – dedi. Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam: “Onangga”, – dedilar. “Keyin kimga?”
– dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Otangga”, – dedilar”.

***
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, unga Tubo
bo‘lsin, Alloh azza va jalla uning umrini ziyoda qilsin”,
– deganlar”.

***
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ota-onasini haqorat qilish – gunohi azimlardan”,
– dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, odam qanday qilib
o‘z ota-onasini haqorat qilishi mumkin?!” – deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Birovning ota-onasini so‘kkan odam o‘z ota-onasini
haqorat qilgan bo‘ladi”, – deb javob qildilar”.

***
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Munofiqning alomati uchta: agar gapirsa, yolg‘on
so‘zlaydi; agar va’da bersa, xilof qiladi; agar omonat
berilsa, xiyonat qiladi”, deganlar”.

***
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Alloh taologa amallarning eng yaxshisi oz bo‘lsa
ham, (unda) bardavom bo‘linganidir”, deganlar”.

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodariga
ham ravo ko‘rmagunicha komil mo‘min bo‘la
olmaydi”, deganlar”.

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Mo‘min mo‘minning oynasidir. Mo‘min mo‘minning
birodaridir. U birodariga ziyon keltiradigan yo‘llarni
to‘sadi va uni orqasidan himoya qiladi”.

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Agar biror ish qilishni xohlasang, bosiqlikni
o‘zingga lozim tut. Shunda Alloh senga chiqib
ketadigan yo‘lni ko‘rsatadi”, deganlar”.

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Agar sizlardan biringiz mol-dunyo va xalq
qilinishda fazilatli kishiga qarasa, o‘zidan pastrog‘iga
qarasin”, deganlar”.

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Islom besh narsa ustiga barpo qilingandir: Allohdan
o‘zga iloh yo‘q va Muhammad sollallohu alayhi
vasallam Allohning Rasuli, deb guvohlik berish;
namozni barpo qilish; zakotni ado etish; Baytullohni
haj qilish; Ramazon oyida ro‘za tutish”, deganlar”.

***
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Katta gunohlarning eng ul­kani Allohga shirk
keltirish, biror jonni (nohaq) o‘ldirish, ota-onalarga oq
bo‘lish va yolg‘on so‘zlash”, deganlar”.

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa,
yaxshilikni so‘zlasin yoki sukut qilsin”, deganlar”.

***
Payg‘ambar alayhissalom:
“Odamlarning eng baxili salom berishga baxillik
qilganidir. Odamlarning eng ojizi duo qilishga ojiz
kishidir”, deganlar” .

***
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Har bir yaxshilik – sadaqadir”, deganlar”.
***

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa,
qo‘shnisiga ozor bermasin”, deganlar”.

***
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan
bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin” deganlar” .

***
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Bir-biringizga hadya beringlar, o‘rtalaringizda
muhabbat paydo bo‘ladi”, deganlar” .

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa,
mehmonni hurmat qilsin”, deganlar”.

***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Banda yomonlikdan tiyilsin. Zero, mana shu
narsa uning uchun sadaqadir” deganlar”.


Click to View FlipBook Version