The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.
Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by rahmatbobojon, 2021-10-16 07:54:24

Yagona tuhfa – Gulandom Badalova

Yagona tuhfa – Gulandom Badalova

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova
1

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova
2

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

UUK 821.512.133-1
KVK 84 (5U)6
B 21

Badalova, Gulandom.
Yagona tuhfa yohud tushkunliksiz hayot sari [Matn]: Qissa va
hikoyalar / Gulandom Badalova. – Toshkent.

Ushbu to‘plamdagi qissa va hikoyalar drammatik voqealar,
nozik, go‘zal ruhiy kechinmalar tasviriga boyligi bilan
kitobxonni aslo befarq qoldirmaydi. Muallif o‘z bitiklarida bir
boragina beriladigan hayotning qadriga yetishga, o‘z joniga
qasd qilish, tushkunlikka qullik kabi salbiy fikr, hislardan
kechib, hayotni mazmunli, go‘zal yashab o‘tishga, sevib-
sevilib yashashga chorlaydi; tibbiyot tajribasidan kelib chiqqan
holda bu maqsadga erishish borasida maslahatlar beradi.

UUK 821.512.133-1
KVK 84 (5U)6

ISBN 978-9943-5207-2-1

3

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

YAGONA TUHFA
YOHUD TUSHKUNLIKSIZ HAYOT SARI

qissa va hikoyalar

YAGONA TUHFA
qissa

Tanishuv

“Salom alaykum, kirsam bo‘ladimi?”
Eshikning oppoq pardasini chetga surib, shifokor qabuliga qadam bosgan
Sherzod hamma joy: devorlar, xona jihozlari va ularning ustiga to‘shalgan
choyshablar oppoqligidan yop-yorug‘ va top-toza xonada, soflik saltanati malagi
kabi boshdan oyoq oqqa cho‘mib o‘tirgan gulyuz qizni ko‘rdi-yu, aqli shoshib
qoldi. Oqqa cho‘mgan malakning tiniq chehrasidagi biroz qizg‘ishlik, qalin
qoshlari ostidan son-sanoqsiz posbonlar bo‘lmish qayrilma mujgonlar himoyasidan
mamnundek xiyol sirli, osoyishta boqadigan qaroqlar, hoshiyali, nozik pushti
lablari nimasi bilandir atirgul g‘unchasinimi-ey, gulbarginimi-ey eslatar, agar
yaqinroq borsa qizdan atirgul hidi keladigandek tuyular edi.
“Turmushga chiqqanmikin?” Sherzod miyasiga urilgan fikrdan hushyor
tortib, qizning nozik barmoqlariga, keyin yana gulyuz chehrasiga qaradi. Nikoh
uzugi yo‘q, qoshi ham terilmagan, Samarqand tomonlardan bo‘lsa kerak
(Kimdandir Samarqand tomonlarda qizlar turmushga chiqmagunicha qoshlarini
termaydilar deb eshitgandi).
U eshikda bo‘y ko‘rsatib, to‘rdagi ish stolida hozir chiqqan bemorning
ambulator kartasini kompyuterda terib o‘tirgan shifokor qiz, bir qarab olgancha,
alik olib, so‘ng oq choyshab to‘shalgan kushetkaga imo qilib: “O‘tiring”, –
deganicha o‘tgan vaqt oralig‘ida boshidan shuncha fikrlar kechib ulgurgan
Sherzod: “O‘ngimmi bu tushimmi?” – deb imo qilingan joyga qadam tashlar ekan
oyoqlari titragandek, bo‘shashgandek bo‘ldi. Qoni qizib, manglayiga urildi, naq
chakkasida o‘q tomirining zarbini seza boshladi, nazarida, u qizarib ketgan edi. Bu
holatni shifokor payqab qolgandek tuyulib, o‘zini yanada noqulay sezdi. Oyog‘i
sog‘lom bo‘lsa-da, hayajondan oqsoqlanib yurib, xonaga kirgandan chap tomonda
devorga taqab qo‘yilgan kushetkaga o‘tirdi. Shu lahzada, birdaniga: “Orzuimdagi
malikam-ana Shu qiz”, – degan fikr keldi-yu, “U qayda-yu, san qayda, ozroq
o‘pkangni bosib ol”, – deb o‘zini koyigandek bo‘ldi. Lekin yuragi yoqimli sanchib
qo‘ydi. Bu holatdan u yanada xijil bo‘ldi. Bu lahzada, u qalbida uyg‘ongan bul his-
hayajon unga bog‘liq emasligini, shunchaki, nafis, sirli tuyg‘ularga mushtoq qalbi
o‘z ma’sumasini uchratganidan qalqib ketganini fahmlamas, botinida qalb va idrok
muhorabasi borardi.
Qizning “eshitaman” degandek ma’noli qarashi uni “osmondan yerga tushirib”,
u kelish maqsadini yodga olishga harakat qildi. U hayotda ezilib, ko‘plar unga “o‘z
o‘rnini ko‘rsatib qo‘yganlaridan” xomxayollardan yiroq bo‘lishga o‘rgangan yigit
edi. Hozir ham ko‘ngli malakning banihoyat dilbarligidan bir hapriqdi-yu, bul

4

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

lahzalik ishtiyoq fikrlar quyuniga o‘zan ochgan bo‘lsa-da tezda o‘zini tartibga
chaqirdi: “Sen shifokor huzuridasan, bu erga sendeklarning yuztasi kelib-ketadi.
Chalg‘isang, boshqacha tashxis qo‘yib, boshqacha shifolaydi, keyin dorilar
asoratidan holingga maymunlar yig‘laydi. Shu uchun, o‘zingni qo‘lga ol!” Tanbehi
kor qilib, his-hayajonli xayollari bir lahzada jilovlandi va o‘zligi orzu samosidan
voqe’likka qaytdi.

– Xo‘sh xizmat? – dedi unga sokin nigoh bilan tikilib shifokor.

Bemorning hatti-harakatlari ham uning holatini baholashga ko‘maklashishi
uchun ularni kuzatishni odat qilgan shifokor qarshisida namoyon bo‘lgan baland
bo‘yli, xushqomat yigitni “Odam – amfibiya” filmining bosh qahramoniga
o‘xshatdi. U nafaqat xushbichim, tim-qora qo‘sh-ko‘zlari, kelishgan yuz chizgilari
bilan, balki beg‘ubor qarashlari bilan ham Ixtiandrga o‘xshab ketar edi. Ko‘pchilik
o‘zini kuchli ko‘rsatishga harakat qiladigan zamonda, yigitdan barq urib turgan
tabiiylik, samimiylik, kamtarinlik – nazarida sayqallangan olmosdek tuyulib, o‘z-
o‘ziga: “Hayotda ham shunday odamlar bor ekan-da”, – deb qo‘ydi.
– Meni tushkunlik qiynaydi, – dedi yigit kelish maqsadini aniq aytib, – bu holatdan

mustaqil chiqishga ko‘p bora urindim. Lekin qo‘limdan kelmayapti. Shunga...

– Tushkunligingiz sababini bilasizmi? – u jimib qolganidan fikrini bayon etishga

yordamlashish uchun muloyim ohang bilan so‘radi shifokor.

– Bilsam kelarmidim? – dedi jilmayib Sherzod.

Uning bu gapiga shifokor ham jilmayib dedi: – Ba’zan inson hayotida qandaydir
hodisa sodir bo‘ladi, qandaydir ayriliq, muvaffaqiyatsizlik. Shundan keyin, odam
tushkun bo‘lib qoladi.
– E yo‘q, – dedi yigit, “mening muammom oldida bular nima?” degandek qo‘lini

siltab, – esimni tanibmanki, tushkunlik menga hamroh. Charchab ham ketdim.

– Unda, menga hayotingizni hikoya qilib bera olasizmi? – dedi shifokor insonning

shaxsiy hayotiga “qo‘l solayotgani”dan ehtiyotkor ohangda. – Aks holda,

tushkunlik sababini aniqlash menga qiyin bo‘ladi. Sababini bilmasdan esa

davolashning iloji yo‘q.

Sherzod biroz o‘ylanib turdi-da, hayotidagi muhim hodisalarni aytib
berishga harakat qildi. U chuqur o‘ylanib, balki o‘tgan voqealarni yodga olish
uchun, balki u kunlar yaralari hali bitib ketmagani uchun sekin, to‘xtab, to‘xtab
so‘zlar, uning har bir so‘zidan, tin olishidan qalbida mustahkam o‘rnashgan dard
yuki zalvori sezilib turardi: – Bolaligim sovet ittifoqining qulashi davriga to‘g‘ri
keldi. Ota–onam yaxshi odamlar, ...lekin nima uchundir ular ajralib ketdilar. Men
dadamni juda yaxshi ko‘rar edim. Bog‘chadan meni yelkalariga mindirib olib kelar
edilar. Bir kuni oyim bilan janjallashib, kurtkalarini yelkalariga tashladilar-da,
uydan chiqib ketdilar. Shu-shu qaytib kelmadilar, boshqa shaharda yashay
boshladilar. Men doim “dadamga boraman”, – deb xarxasha qilar edim. Oyim olib
borgach esa, qaytishda yo‘l bo‘yi “ketmayman” – deb yig‘lardim. Oilani yo‘qotish
dadam uchun ham qattiq zarba bo‘lgan ekan: ichkilikka ruju’ qo‘ydilar. Biz oilada
to‘rt farzand edik. Butun ro‘zg‘or bo‘yinlariga qolgan oyim ham ishlab, ham
bozorga chiqib bizlarni boqishga harakat qilar edilar. Qilmagan ishimiz qolmagan:

5

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Yangiyerdan bitonlarda yog‘ keltirib sotganmiz; Toshkentdan qoplab kalish
keltirib sotganmiz... Keyin oyim nashaga o‘ralashib qolib, qamalib ketdilar...
Eshikma-eshik yurish davrimiz shunda boshlangan. Oldin dadamnikiga bordik. Bu
vaqtda dadam uylangan edilar. U ro‘zg‘ordan yodimda qolgani: ertadan kechgacha
katta tomorqada ishlar edik, lekin ovqat mayli, hatto to‘yib non yemasdik. O‘sish
yoshida emasmizmi, juda qiynalar edik. Keyin amakimnikiga o‘tdik, keyin
tog‘amlarnikiga... Qorin to‘yg‘azish uchun birovning poliziga kirgan vaqtlarimiz
ham bo‘lgan. Shunday kunlar bo‘lardiki, uyg‘onib: “Bugun qornimni qanday
to‘ydirsam?” – deb o‘ylay edim... Men hozir qarindoshlarni ayblamayman. Zamon
shunaqa edi. Birdan hamma umrbod barqaror turadi deb o‘ylagan tizim qulagan,
ko‘plar ishidan qisqartirishga tushib, ishsiz qolgan, hali bozor iqtisodiyotida
yashashni o‘rganmagan, ko‘pchilik quruq choy o‘rnida kiyik o‘ti damlab ichgan
davrlar edi...

Bo‘yi bo‘yidan baland yigitning ming bir ozor bilan bayon etayotgan
xotiralarini tinglar ekan, shifokorning ko‘z o‘ngida himoyaga, parvarishga muhtoj
o‘smir gavdalanar, o‘sha vaqtda, o‘sha joyda bo‘lib qolgisi, bu yosh qalbni
mehrga, nonga-da zorlik balosidan xalos etgisi keldi. Albatta, qalbi:
“Atrofdagilarning ko‘zi qayerda edi?” – deb qichqirar edi. Shunda yigitning
atrofdagilarni ayblamasligi ko‘p jihatdan unga ma’qul bo‘lgan bo‘lsa-da, go‘yoki
birgalikda mulohaza qilishga chorlagandek, Shu lahzalarda ongida aylanayotgan
o‘ylarni tiliga chiqardi: – Albatta, musibatda o‘zgalarni ayblamasligingiz yaxshi
fazilat. Lekin ikkinchi jahon urushi vaqtida ahvol badtarroq bo‘lgan. Ammo
odamlar Rusiyadan ko‘chirilgan odamlar, bolalarni o‘z bag‘irlariga olib, borlarini
bo‘lishishgan. “Bir mayizni qirq kishi bo‘lishib yegan”, degan maqol o‘sha
davrlarda asosiy maqolga aylangan.

Sherzod miyig‘ida kuldi-da: – Bilasizmi? – dedi mulohazakorlik bilan, –
menimcha, u vaqtda xalqni umumiy kulfat birlashtirgan. Yana davlat tomonidan
muhtojlarga yordam berishga ruhlantirib turilgan. O‘sha davrdagi fidoyilikka shu
ikki narsa sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Bizning taqdirimiz esa bir katta oila
kichik oilalarga vayron bo‘lib, hamma o‘zini aravasini tortadigan zamonga to‘g‘ri
keldi. Bunday vaqtda birovning ruhlantirishisiz har bir odamni o‘zini himoya qilish
reaksiyasi boshqaradi, ya’ni u o‘zi haqida o‘ylaydi, xolos.

Shifokor uning fikriga qo‘shilishini bildirib bosh silkidi. Shu bilan birga,
uning mulohazakor yigit ekanligini fikran qayd etib qo‘ydi. Sherzod esa hayotini
bayon etishda davom etdi: – Men uchun oilamizning ajralib ketishi, qorin to‘yib
ovqat yemasligimiz bir fojea bo‘lsa, atrofdagilarning “palonchining itvachchasi”
degandek past nazar bilan qarashlari, go‘yoki odamlar qatoridan chiqarib
qo‘yganlari ko‘chirib bo‘lmas tamg‘a edi. Nazarimda, biz hech qachon odamlar
qatoriga qo‘shila olmaydigandek tuyular, bu fikr ich-ichimdan birov ombur bilan
buragandek ezar edi. Menimcha, el qatoridan chiqib qolishdan ortiq dard yo‘q.
Moxovlarning, peslarning ahvolini o‘shanda tushunganman, boshidan o‘tkazmagan
buni his qila olmasa kerak...

O‘zimda umidsizlik, tushkunlikni ilk bora o‘sha davrlarda sezganman.
Albatta, men bu his bilan qo‘limdan kelgancha kurashdim. O‘zimni himoya qila
olishim uchun sport bilan jiddiy shug‘ullandim, hayotda o‘z o‘rnimni topish uchun

6

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

yaxshi o‘qishga, kasb o‘rganishga harakat qildim. Lekin nazarimda, mana shu
“odam bo‘lmaysan” degan tamg‘a meni hayotim mobaynida ta’qib qilib
kelayotgandek...

Sherzod samimiy so‘zlab, ko‘nglini ochar ekan shifokor unga diqqat bilan
quloq soldi. So‘ng yigitning taqdiriga achingani ovozida aks etib dedi: – Albatta,
bularning hammasi ruhiy zarbalar xalqasini hosil qilib, ruhiyatingizga ta’sir qilgani
aniq. Yillar davomida hukm surgan kayfiyatdan bir kunda ozod bo‘lishning qariyb
iloji yo‘q. Keling, bosqichma-bosqich harakat qilamiz, maqsadimiz: to‘liq mo‘tadil
holat yuzaga kelishiga erishish:

Birinchidan, taqdiri siznikidan ham qiyinroq bo‘lganlarga qarab,
o‘tmishingizga ko‘nishingiz kerak. Chunki o‘tmishni o‘zgartirib bo‘lmaydi,
ko‘nish esa o‘tmish yaralaridan xalos bo‘lishga yordam beradi. Xotiralar qoladi-yu,
ularning og‘rig‘i ketadi.

Ikkinchidan, agar odamlar sizga hatti-harakatingizga qarab emas, kelib
chiqishingizga qarab past baho bergan bo‘lsalar va bu sizni qiynagan bo‘lsa, bu
odamlarning fikriga tobe’likdan chiqish kerak. Chunki odam o‘zi dunyoga
keladigan oilani tanlamaydi va u ota-onaning bilib, bilmay qilgan xatosi yoki aybi
uchun javob berishga mas’ul emas.

Uchinchidan, agar hozirgi kunlarda tushkunligingizning sababi
atrofingizdagilarning sizga munosabati bo‘lsa, atrofingizni vaqtincha o‘zgartiring.
Masalan, o‘zingiz qiziqqan sohada o‘qishingiz yoki ishlashingiz, o‘sha joyda, sizni
oilangizga qarab qabul qilmaydigan yoki oilangizni bilmaydigan odamlardan do‘st
tanlashga harakat qiling. Ko‘proq sizga ishonadigan, hurmat qiladigan odamlar
bilan vaqt o‘tkazing. Odamga nisbatan to‘g‘ri munosabat – odamning o‘ziga
ishonchi oshishiga yordam beradi. Odam, odatda, sevgi, ishonch muhitida
qahramonliklar qilishga qodir; unga ishonmaydiganlar, uni mensimasdan past
uradiganlar orasida esa uning qo‘li bog‘langandek hech ish qila olmaydi.

To‘rtinchidan, o‘z ustingizdan ishlang, iqtidorlaringizni aniqlang, hayot
maqsadingizni belgilab, unga erishishga harakat qiling. Muvaffaqiyatlar ham
o‘zingizga ishonchingizni oshiradi.

Beshinchidan, odamlarning fikridan ustun bo‘lishga harakat qiling. Siz
odamlarni hurmat qilishingiz lozim, lekin o‘zingizni ularning fikrlariga qul
qilsangiz doimo siqilib yashashga mahkumsiz. Chunki hamma odam har xil va
hammaga birdek yoqa olmaysiz. Shu uchun qanday bo‘lsangiz shunday bo‘ling.
Shunda atrofingizda sizni aynan shundayligingiz uchun yoqtiradiganlar
to‘planadi...

Oltinchidan, kelajakka umid bilan qarashga harakat qiling. Tushkunlik
odamning qo‘lini bog‘laydi, umid esa olg‘a intilishga kuch bag‘ishlaydi. Agar
tushkunlikni quvib, umid bilan do‘stlashsak, u bizni orzuimizdagi manzilimizga
olib kelishi mumkin. Axir “intilganga tole’ yor”, deb bejiz aytishmagan-ku.
Odamga optimistlik, quvonch hamroh bo‘lganida uning ish unumi va
samaradorligi ham oshadi. Bu esa yuqori darajadagi, g‘olibona hayotga yo‘llanma
bo‘la oladi...

...Sherzod shifokordan topshiriqlar olib, o‘n kunlardan so‘ng qayta ko‘rikka
kelganida Shifokor uni Yaxshi tanishdek mayin, maftunkor tabassum bilan kutib

7

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

oldi:–Ishlar qalay?–dedi salomlashgach xayrixoh tovush bilan.
– Yomon emas, – kamtarona javob berdi Sherzod. – Hamma

aytganlaringizni qilishga harakat qildim. Qandaydir yengillik bor-u, ...ichimda bir
nima yig‘laydi-da. Ishda bo‘lganimda kayfiyatimni ko‘tarib yurishga harakat
qilaman-u, yolg‘iz qoldim degandan tushkunlik eza boshlaydi.

– Bundan xavotirlanmang, – dedi Shifokor tinchlantirib, – shifolanish
boshida bunday hislar bo‘lishi tabiiy hol. Tanamiz zarba olganida yaralanadi, keyin
asta-sekin tuzalib, bitib ketadi. Ruhiy zarbada ham xuddi shunday: bu yara boshida
o‘zini bildirib turadi, lekin kasaldan tuzalgan odam ko‘rmagandek bo‘lib ketgani
kabi, qalb yarasi bitgach, tushkun kayfiyatda bo‘lgan odam ham tushkunlikni
ko‘rmagandek bo‘lib ketishi lozim.

– Bunday olib qaraganda, menda hozir tushkunlikka hech qanday sabab
yo‘q, – dedi Sherzod, – o‘tmishimga ko‘ndim, kelajakdan umidvorman. Faqat
bugunim biroz chigal. Yoki birozdan so‘ng qalb yaralari to‘liq bitgach o‘tib
ketarmikan?

– Qachon oxirgi marta miriqib kulgansiz? – savolga savol bilan javob berdi
shifokor.

Kutilmagan savoldan Sherzod birov dovdirab qoldi. Biroz o‘ylanib,
yelkasini qisdi: – Eslay olmayman.

– Odamda hissiyot zahirasi mavjud, – dedi shifokor, – e’tibor bering, bir
miriqib kulsangiz, kuni bilan yaxshi kayfiyatda yurasiz. Hayotning uncha-muncha
zarbasi ta’sir qilmaydi. Kayfiyat yomonligida esa hamma narsa malol keladi. Siz
hissiyot zahiralarini to‘ldirishingiz kerak.

– Men tushkunlikdan chiqa olmayapman-u, siz miriqib kulish haqida
gapirasiz,–dedi Sherzod kinoyali jilmayib.

– Har bir odam qanday kayfiyatda yurishni tanlash imkoniga ega, – davom
etdi shifokor, – kun bo‘yi yoki hayotimiz mobaynida g‘amgin yuramizmi, quvnoq
yuramizmi, bu o‘zimizning qo‘limizda. Har kuni ertalab hayotingizga nazar
tashlang: Hammasi joyida bo‘lsa, bu uchun Yaratganga shukur qiling. Keyin sizni
g‘olibona hayotga ruhlantiradigan asarlardan parcha o‘qing. Ko‘p muvaffaqiyatli
odamlar ish kunlarini Maksvell, Brayan Treysi kabi o‘z hayotini boshqarish
mavzusida ommabop asarlar mualliflarining fikrlari, g‘oyalarini o‘qib boshlashadi.
Chunki tanamiz oziqqa muhtoj bo‘lganidek, qalbimiz ham ma’naviy oziqqa
muhtoj. Qarabsizki, tushkun kayfiyatga ham, tushkun o‘ylarga ham qalbingizda
o‘rin qolmaydi. Odam yuragini ijobiy narsalar bilan to‘ldirsa hayotga ijobiy qaray
boshlaydi.

Keyin kun bo‘yi yaxshi kayfiyatda bo‘lishga qaror qilib, nima
kayfiyatingizni ko‘tarishini aniqlang. Kimdir yaxshi kitob o‘qib, kimdir tabiat
manzarasini tomosha qilib, kimdir o‘qigan narsasi haqida o‘ylab zavq-u shavq
olamiga oshno bo‘ladi...

...Ular bosqichma-bosqich harakat qilib, tez orada, Sherzodning kayfiyatida
va hayotidan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y ko‘rsata boshladi. Bundan albatta, ham
shifokor, ham Sherzod behad mamnun edilar. Keyin voqealarning kutilmagan
yo‘nalishdagi shiddatli rivoji Sherzodni mazkur muassasa xodimiga aylantirdi.

Shahar markazida joylashgan ruhiy yordam ko‘rsatish va maslahat berish

8

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

poliklinikasi ikki qavatli shinamgina bino bo‘lib, bino o‘rtasida joylashgan kirish
eshigidan kirgandan odam o‘zini osoyishtalik, orom maskanida his qilar edi.
Eshikdan kirgandan ikkala tomondagi odam bo‘yi barobar dekorativ daraxtlar,
korridor bo‘ylab odamga hamroh bo‘ladigan yashillik olami, sokinligi, toza havosi
bilan poliklinika shifo maskanidan ko‘ra ko‘proq istirohat bog‘ini eslatar edi.
Lekin nomukammal dunyoda, har qanday barkamollikning zaif joyi borligi
muqarrardir.

Navbatdagi gal Shifokor ko‘rigiga kelganida, Sherzod shifokorning boshqa
xonada qabul qilayotganini eshitib, hayron qoldi.

– Kiring, – dedi shifokor u ostonada paydo bo‘lganida. Uning savolomuz
nigohini payqab: – Xonamizda kran ishdan chiqibdi. Xona ko‘ldek bo‘lib qolgan,
aksiga olib, ertalabdan buyon JEK ishchisidan darak yo‘q. Shu uchun bugun
boshqa xonada qabul qilayapman, – deb qo‘shib qo‘ydi.

– Men ko‘rib berishim mumkin,–dedi Sherzod xolis xizmat taklif etib, –
santexnikadan xabarim bor.

– Unda yuring, – dedi shifokor bu muammoni bugun hal qilish ehtimoli
paydo bo‘lganidan quvonib.

Sherzod haqiqatdan ham yaxshi usta ekan, yarim soatga qolmay kran
sozlandi. Keyin Sherzodning ta’mir ishlariga uquvi borligini eshitib, bosh shifokor
undan poliklinikaning ta’mirtalab joylarini ta’mirlashda yordam bera olarmikin
deb so‘rattirdi. Sherzod esa bajonidil rozi bo‘ldi. Albatta, u shifokordan biror narsa
umidvor bo‘lgani uchun emas, zero u haqida hatto orzu qilishga ham haddi sig‘mas
edi, shunchaki, qalbi unga yaxshilik qilgan odamga minnatdorchilik hissi bilan
yongani uchun qo‘lidan kelgan sohada amaliy ko‘mak bergisi kelgan edi.

U sidqidildan qilib bergan ishi ma’qul bo‘lib, bosh shifokor uni bino sozligi
uchun mas’ul shaxs sifatida shtatsiz ishga taklif qildi. Bu esa unishaxsiy shifokori
bilan bir joyda ishlash, uni doimo ko‘rib turish va kezi kelganda u bilan hamsuhbat
bo‘lish imkoniyatiga muyassar qildi...

Dard

– Nima uchun psixologlik kasbini tanlagansiz? – so‘rab qoldi bir kuni
Sherzod shifokordan.

Shifokor biroz o‘yga cho‘mgan bo‘ldi-da, jilmayib javob berdi: – Men
atrofimda ko‘plarning tushkunlikdan azob tortishlarini, ba’zilar, hatto shu tufayli
o‘z jonlariga qasd qilishlarini ko‘rdim va o‘zimni shu muammoni yechishga
bag‘ishlashga ahd qildim.

Albatta, Gulruh Sherzodning kasb tanlash haqidagi savoliga qisqa va lo‘nda
javob berishga harakat qildi, faqat bunday javob uni bu kasbni tanlashiga undagan
kuchni tasvirlab berish uchun yetarli emasdi.

...Gulruh o‘z joniga qasd qilish muammosi bilan ilk bora maktabni bitirar
chog‘i yuzlashgan edi. Mana, maktabni bitirar yili Laziz ismli bir tuppa-tuzuk
sinfdoshi o‘z joniga qasd qildi. Laziz ko‘p kitob o‘qiganidan ichki dunyosi boy,
jiddiy yigit edi. Hech kim uni o‘z joniga qasd qiladi deb o‘ylamas edi. Bir kuni
uyidan chiqib ketibdi-yu, qaytib kelmabdi. Hamma joydan izlashdi. Oradan yarim

9

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

yillar o‘tgach, bir kuni Gulruh tush ko‘rdi. Tunda bir o‘zi o‘z ko‘chalaridan
ketayotgan emish. Ko‘chaning o‘ng tomonidagi qabristondan qandaydir vahimali
his butun ko‘chaga o‘z to‘rlarini yoygan ekan. U esa shu ko‘chadan o‘tib
borayotgan ekan. Qabristonni ko‘chadan ajratib turadigan devor ustida o‘sha
zamonlarda hamma bo‘y qizlarning sandig‘ida bo‘ladigan pushti gulchali oq
neylon matodan ko‘ylak kiygan opasi uxlab yotar emish. Aravacha yetaklab
ketayotgan Gulruh qo‘rquv bilan qabristonga va opasiga qarab: “Nima uchun bu
erda yotibdilar, tirikmilar yoki o‘likmi?” – degan xayol og‘ushida sekin qadam
tashlab o‘tib borar, qo‘rquvdan butun vujudi titrab, ayniqcha, oyoqlari bo‘shashib,
bazo‘r qadam tashlar ekan. Shunday qilib, guzar ko‘chasidan o‘tib, chapga
qayrilibdi-da, maktab tomon ketibdi. Maktabda esa kunduz ekan, hamma shanbalik
qilayotgan ekan. Gulruh maktab binosi yoniga kelib to‘xtabdi. U haydab
kelayotgan aravachada bir qo‘li bilagidan, boshqasi elkasidan, bir oyog‘i
tizzasidan, boshqasi sonidan kesilgan Laziz o‘ltirar emish. Uning qo‘l va oyoqlari
yarasidan qon chakillab tomib turar emish. Gulruh uni sinfdoshlar bilan
suhbatlashgani olib kelgan emish...

Gulruh tushidan qo‘rqib uyg‘ondi. Kuz sovug‘idanmi, qo‘rquvdanmi, eti
junjikdi. Biroz karaxtlanib yurib, uy ishlarini qilgandek bo‘ldi-yu, yaqin o‘rtada
yashaydigan sinfdoshlarining birining oldiga yo‘l oldi. U erdan, bu erdan gaplashib
turishgan bo‘lishsa-da, ular bir-birlariga: “Lazizdan xabar yo‘qmi?” degandek
qarayotgandek tuyular edi. Keyingi kunlarda, Lazizni biladigan hamma odamlar
bir-birlariga shunday savolomuz nazar tashlashar edi, hammaning vujudi quloqqa
aylangan edi.
– Men tushimda Lazizni ko‘ribman, – dedi Gulruh sekingina.
– Nima ko‘rding? – dedi tushga ishonadigan Sevinch birdan.
– Uning qo‘l-oyoqlari kesilgan emish.
– Unda yaxshi, bu uning qo‘l-oyog‘i butun degani. Demak, yaqin orada topiladi, –
dedi Sevinch umidli ohangda.
– Yo‘q,–bosh chayqadi Gulruh xomush, – mening tushlarim o‘ngidan keladi.
Shunda birdan o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yubormaslik uchun uyi tomon yugurdi.
Haqiqatdan ham, uch kundan so‘ng Allayoron tog‘i tagidan Lazizning suyaklarini
topib kelishdi. Eti qolmagani va kiyimlari ham titilib ketgani uchun uni
cho‘ntagidagi hujjatidan tanishibdi.

Albatta, uning taqdirida ko‘p narsalar sir bo‘lib qoldi, lekin orqavarotdan
eshitilgan gaplarga qaraganda, otasi bilan kelishmay qolgan va borib o‘zini tog‘dan
tashlagan emish...

Gulruh juda hissiyotga beriluvchan qiz bo‘lgani uchunmi, bu voqea unga
qattiq ta’sir qildi.

Laziz ham, Gulruh ham adabiyotga o‘ch bo‘lganlaridan, ular o‘qigan asarlari
haqida fikr almashinib turishar, Gulruh uning teran fikrlashiga allaqachonlar tan
bergan edi. Mana, uning do‘stlar yozdirib qoldirgan xotira daftarida ham Lazizning
yozuvi boshqalarning yozuvlaridan purma’noligi bilan ajralib turibdi: “Sevgi bu –
sevgilisi yashayotgan zamin osoyishtaligiga posbon bo‘lib, so‘nggi nafasigacha
sevgilisi yodi ila urib turgan yurak... Sevgi qora soch tolalari ipak rangiga
yo‘g‘rilganda ham o‘z yori xotirasiga hatto lahzalik xayollarda ham xiyonat

10

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

qilmaslik...”
Gulruh xotira daftarini varaqlaganida, Lazizning jimjimador yozuviga ko‘zi

tushib, ko‘zlariga yosh qalqiydi, ko‘ngli allaqanday umidsizlik, noxush hislar
girdobiga g‘arq bo‘ladi...

Yaxshi hamki, o‘qishga kirib ulgurgan ekan. Ko‘p narsalardan o‘qishi bilan
ovunib chalg‘aydi. Lekin bu fojeadan hali o‘ziga kelib ulgurmagan ediki, birinchi
kursni tugatayotganlarida Aziza ismli bir kursdoshi o‘zini osib qo‘ydi.

Aziza baland bo‘yli, xushqomat qiz edi. U maktabga bir yil oldin borgani
uchun, oliygohga ham tengqurlaridan oldinroq kirgan, kurslaridagi eng yosh qiz
edi. Uning o‘smirlik surati ketmagan g‘uncha chehrasidagi qop-qora, katta-katta
ko‘zlari atrofga beg‘ubor boqar, tortinchoqligidan ko‘pincha pushti lablari qimtilib
turar, ba’zan esa olazarak, sodda nigohidan go‘daklarcha parishonxotirligi sezilib
turardi. Uning ko‘rinishi, kiyinishidan navnihollik ufurib turar, u hatto sochini ham
mustaqil turmaklashni bilmas, ba’zan, sochini tarab, orqaga yig‘a olmasdan,
tartibsiz holicha to‘g‘nag‘ich chimdib kelar edi. O‘qishga kirganlariga yarim yil
bo‘lmasdan Aziza kutilmaganda turmushga chiqdi. Bir oydan so‘ng homilador
ekanligi ma’lum bo‘lib, tez qilingan to‘y sababi ma’lum bo‘ldi. Tez orada bola
tug‘ildi-yu, yashamadi. 3sentyabr kuni esa Azizaning o‘zini osib o‘ldirgani xabari
tarqaldi. “Hamma narsaga shoshdi, – xayolidan o‘tgan edi o‘shanda Gulruhning, –
shoshib kelib, shoshib ketdi”. Albatta, kursdoshlar “nima gap?” deb Azizaning
yaqin dugonalaridan so‘rashdi. Ular esa Azizalarnikiga borganlarida tunlari g‘alati
ovozlar eshitganlari, uning turmush o‘rtog‘i, anavi ro‘znomalarda chop etilgan,
uchar likopchalar bilan uchrashadigan yigit ekanini aytishdi. Qizlar uchar
likopchalardagilar kim ekanligini bilolmabdilar-u, lekin ular yashayotgan uyda
chidab bo‘lmas darajada ezuvchi, dahshatli muhitni his qilgan ekanlar, shu uchun
boshqa borishni istamagan ekanlar. Bir qiz esa dangal aytib qo‘ya qoldi: “Men
o‘shandayoq aytgan edim: “Bular hech qanaqa o‘zga sayyoraliklar emas,
shunchaki yovuz ruhlar. Eringga ayt, bulardan qutulsin, bo‘lmasa, oxiri yaxshilik
bilan tugamaydi”, – deb. Mana, aytganimdek bo‘ldi. Hozir eri ham ruhiy
kasalliklar shifoxonasida emish. O‘zini bilmay yotgan emish. Hammasi shu o‘zi
bilmagan sohaga ko‘r-ko‘rona burun tiqish tufayli bo‘ldi!”

Gulruhning yoshi ulg‘aygan sari o‘z joniga qasd qilgan tanishlarining soni
ham o‘sib boraverdi:

Oliygohning yuqori kurslarida o‘qib yurganida bir kursdoshining turmush
o‘rtog‘i o‘zini osib o‘ldirdi. Gulruh uni hech qachon ko‘rmagan edi. Lekin
kursdoshining so‘zlari orqali uni yaxshi bilar edi. Qassoblik qilib, oila
tebratayotgan va xotinini o‘qitayotgan yigit haqida kursdosh dugonasi goh
homiladorlik vaqtida oyog‘i tortishib qolsa eri oyog‘ini uqalab qo‘yishini aytib
bersa, goh oilaviy janjal tufayli olgan tan jarohatidan shifoxonada yotganligi xabari
kelar edi. Oxirgi janjallari natijasida kursdoshining burni sinib va boshi chayqalib,
shifoxonada yotganidan so‘ng ajralish haqida gap bo‘layotganida yigit o‘zini osib
o‘ldiribdi. Kimdir: “Qassoblik og‘irlik qilgan”, – dedi, kimdir: “Xotinini yurishiga
shubha qilib urgan, lekin xotinini juda yaxshi ko‘rgani uchun undan ajralib
qolishdan qo‘rqqan”, – dedi. Xullas, qirchillama yoshida ikki farzandini etim
qoldirib, ortimdan yig‘lab qoladi deb umid qilgan ota-onasini dog‘da qoldirib,

11

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

o‘zini o‘zi hayotlar safidan chiqardi...
Gulruh oliygohni bitirgunicha uyi tomondan amakisi, keyinroq opasining

qaynog‘asi o‘z jonlariga qasd qilganliklari xabarini eshitdi.
Amakisi o‘rta bo‘yli, bug‘doyrang, kelishgan odam edilar. Ko‘p ishlar,

gapirganda ham shoshib gapirar edilar. Biroz qiziqqon bo‘lsalar-da, ichida kiri
yo‘q, yaxshi odam edilar. Tez-tez bosh og‘rig‘idan azob tortar, ba’zan: “Boshimga
birov to‘qmoq bilan urgandek, ich-ichidan zirqirab og‘riyapti”, – deb miyalarining
qon bosimi balandligiga shikoyat qilar edilar. Kimdir: “Shu dardga chidolmay
o‘zlarini osdilar”, – desa, kimdir: “Bolalari bilan janjallashib qolib, oriyatlari
ko‘tarmay shunday qildilar”, – dedi.

Opasining qaynog‘asi esa baland bo‘yli, yuzi, qaddi-basti kelishgan
navqiron yigit edi. Uning endigina hayotni anglay boshlagan, chaqnoq ko‘zlari-
doim kulib qarar edi. “Kimdandir kurtka olib, pulini vaqtida to‘lay olmagani uchun
tazyiq o‘tkazganidan qo‘rqib o‘zini osgan”, – deyishdi.

Keyin tibbiyot oliygohida o‘qib yurganida uksus yoki dori ichganlarni
ko‘rishiga to‘g‘ri keldi.

Begona haqida eshitsang, bu biroz dilni jizillatib, o‘tib ketar ekan. Ertasi
kuni kundalik ishlaring bilan band bo‘lib yashayverarkansan odam. Lekin, sen
tanib-bilgan, boz ustiga, yaqin odamlaring bo‘lsa... Abadiy yo‘qotishni ich-ichidan
his qilib, ich-ichidan kuyunib, bir necha kun o‘zingga kela olmay yurar ekansan
odam. Har bir yaqining o‘lganidan so‘ng dunyo ko‘zingga boshqacha ko‘rinar
yoki sen dunyoga boshqacha qaray boshlarkansan. Go‘yoki atrofing g‘arib bo‘lib
qolgandek, tabiat ham odamzodga yaxshiroq hayot taqdim qila olmaganidan
mung‘ayib qolgandek...

Bir yili esa ayollar yoppasiga o‘zlarini yondira boshladilar. O‘sha davrlarda,
uning yodida oyisi: “Erning oshi bor, ichida mushtdek toshi bor. Ayol kishi
bardosh uchun yaralgan. Agar ayol turmush qiyinchiliklariga chidamay oilasidan
ajralsa, uning bolalariga hech kim qiz bermaydi, qizlarini ham hech kim olmaydi”,
derdilar. Bu davr ham o‘tib, ayollar o‘zlarini yoqmay qo‘yishdi, lekin... ajralishlar
odatiy holga aylanib, hayot tomonidan oilani saqlab qolish mas’uliyati ayol bilan
birga erkakning ham zimmasiga birdek yuklangandek bo‘ldi go‘yo. Ayollarning
og‘zida esa: “Qadrimni bilmaydiganga qaddimni dol qilmayman”, degan gap
paydo bo‘ldimi-ey?..

Shunday qilib, yillar o‘tib, o‘zini o‘ldirish muammosi Gulruhning dil
yarasiga aylanib qoldi. O‘z joniga qasd qilish ofati – mohir qilichboz kabi
atrofidagi u yoki bu odamni nishonga olar, har daf’a, bu kutilmagan odam bo‘lib
chiqar, Gulruh bu odamlarning oldilariga suiqasddan oldin borib qolishni, ular
bilan suhbatlashib, bu yo‘ldan qaytarishni orzu qilar edi. Lekin har doim, qalbida
shunday istak yongan boshqa odamlar kabi u ham kechikkan bo‘lib chiqar edi.
Qani edi, bu ofatni oldindan bilishning iloji bo‘lsa! Lekin o‘z joniga qasd
qilganlarning ko‘pchiligi tuppa-tuzuk odamlardek yashab yurib, fojea
kutilmaganda sodir bo‘lardi...

Keyinchalik, Gulruh o‘z joniga qasd qilish muammosi mahalliy muammo
emas ekanligini bildi. U axborot vositalari yordamida xorijda ham, asosan,
rivojlangan davlatlardan biri hisoblanmish Yaponiyada o‘zini o‘ldirish hodisasi

12

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

ko‘p uchrashini bilib oldi. Internet orqali, hatto, ijodkorlar orasida o‘z joniga qasd
qilish hodisalari ko‘p uchrashini o‘qib qoldi. Maqola muallifi: “Ijodkorlar juda
hissiy odamlar bo‘lishlari uchun, hamma narsani hissiyotlari orqali qabul qilishlari
tufayli keskin vaziyatlarda keskin qarorlar chiqarishlari mumkin”, – deb yozgan
edi. Tushkunlik, o‘z joniga qasd qilish ofati millat, irqqa qaramas, joy va sharoit
ham tanlamas ekan. Butun dunyo bo‘ylab dadil qadam tashlab, har yili odamzod
jonlaridan o‘zining boy hosilini yig‘ib olib, yangi rejalar bilan yangi yilga qadam
qo‘yarkan. Butun odamzod uzra tushkunlikning qamrovi shu qadar ulkan ekanki,
bolalar va yoshlarning besh foizi, qirq yoshdan o‘tganlarning 10 foizi uning
changalida azoblanar ekan, tushkunlikda bo‘lganlarning o‘n besh foizi esa o‘z
joniga qasd qilar ekan. Shuning uchun, Gulruhning nazarida, bu darddan
odamzodni xalos qilish uchun bu muammoni payqash va uning oldini olish hamda
uning nishoniga tushganlarni undan qutqarish payida bo‘lish lozim edi.

Vikipediya elektron ma’lumotnomasida o‘z joniga qasd qilgan 260 dan ortiq
shoir va yozuvchilar ro‘yxati keltirilgan edi. Ular orasida E.Xeminguey,
Mayakovskiy, Fadyev kabi ruhlantiruvchi asarlar mualliflarining, xalqaro
mashhurlikka erishgan ijodkorlar V.Gogol, J.London, M.Svetaeva, hatto buyuk
psixoanalitik, adib Zigmun Freyd kabilarning ism-shariflarini ko‘rib, lol qoldi.

Ayniqsa, yahudiy yozuvchisi Stefan Sveygning xotini bilan birga o‘z
jonlariga qasd qilishlarining sababi uning qalbini larzaga keltirdi. Ular katta doza
uyqu dorini iste’mol qilib, natsistlar bayrog‘i ustiga yotgan holda hayot bilan
vidolashgan ekanlar. Yozilishicha, Gitler yahudiylarni odam hisoblamagan va
ularni qirib tashlash uning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan. Shu tufayli, urush
vaqtida konslagerlarda millionlab yahudiylar qirg‘in qilingan, ular ustida tibbiy
tajribalar o‘tkazilgan.

O‘sha zamonda yahudiylar his qilgan muhitni tasavvur qilib eti junjikdi.
Qaysidir xalq vakili bo‘lganing uchungina foniy dunyoning foniy zo‘rlarining
vahshiyligi nishoni bo‘lsang, atrofda bunday “kuchlilarning tanobini tortuvchi,
zaifni kuchlidan himoyalovchi haqiqatparast mard bo‘lmasa, bo‘g‘izlanishga olib
ketilayotgan qo‘ydek, qopqonga tushgan ohudek yon-veringga olazarak qarab,
o‘lim tomon sudralib ketayotgan bo‘lsang-u, atrofdagilar tomoshabinlikdan boshqa
hech nimaga yarashmasa... Naqadar ojizlik, mahkumlik, nochorlikni his qilasan
odam...

Hayot charxpalagi qonuniyatini qarangki, yillar o‘ta fashistlar Germaniyasi
mag‘lubiyatidan so‘ng Gitlerning o‘zi ham o‘zini otib o‘ldirgan ekan...

Shaxsiy tadqiqot

Bir kuni bo‘lg‘usi ruhshunos shifokor Gulruh navbatdagi o‘limdan ko‘ngli
vayron bo‘lib, xomush, nochor o‘ltirgan holda, “bu ofatni engishning, hech qursa,
qurbonlarning sonini kamaytirishning iloji bormikin?” – deb o‘y surar edi.

O‘shanda, u endigina yozgi amaliyotni tugatgan, hali o‘qish boshlanishiga
bir oy bor edi va u odatiga ko‘ra ko‘nglini band etayotgan sohani chuqurroq
o‘rganish uchun kitoblar olamiga sho‘ng‘idi. Ota uyida bu uchun shart-sharoit
muhayyo edi. Bir xonada to‘rt kishi yashaydigan yotoqxonaning ba’zan oyoq

13

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

qo‘yishga joy bo‘lmaydigan avtobuslarning tirbandligidan yil davomida siqilib
ketgan Gulruhning qalbi – katta tomorqa va ikki qavatli imoratdan iborat ota uyiga
kelganida kenglikdan, kimsasiz osoyishtalikdan yayrar edi.

Gulruhning dadasi tomorqadan unumli foydalana oladigan, ip, gazlama
savdosi bilan shug‘ullanadigan tijoratchi edi. Dadasining chumolidek
mehnatsevarligi sharofati bilan ularning hovlilarida yoz bo‘yi sabzavotlaru, meva-
chevalar hil-hil pishib yotar edi. Shundoqqina ko‘chadan kirgandan son-sanoqsiz
dov-daraxtlar, gul-ko‘katlar og‘ushida mast, tonggi sabo gul-chechaklar yuzini
silab, ularning iforlarini o‘zi bilan uzoq-uzoqlarga olib ketadigan, sahnidan
shildirab zilol suv oqib o‘tadigan hovli – naq jannatning o‘zginasi edi.

Baland bo‘yli, oq-sariqdan kelgan, manglayida o‘tgan yillar chuqur
ariqchalar solgan otasi bahaybat ko‘rinsa-da, musichadek beozor odam edi.
Ko‘zlari qirg‘iy kabi ziyrakboqadigan otasining mamnun tovushi faqat ulfatlari va
mijozlari bilan gurunglashib o‘tirganidagina eshitilar, boshqa vaqtlarda esa u kishi
uyda goh mayiz qoplab, goh xashak g‘amlab, goh ayvonning chap tomonidagi
omborxonalaridagi mollarni tartibga keltirib, korlarini so‘zsiz bud qilib yurar
edilar.

Gulruhning oyisi esa o‘rta bo‘yli, sharqona ayollarga xos yumaloq yuzli,
ko‘krak burma ko‘ylagio‘ziga yarashib turadigan xushqomat ayol edi. Dadasiga
qarshi o‘laroq, o‘ziga zeb berib yuradigan, Farmonbibi fe’liga ega oyisining ovozi
ishdan kelganidan hamma vaqt va hamma joyda eshitilib turar edi. Gulruhning
nazarida, uyni dadasi so‘zsiz, oyisi esa so‘z bilan boshqarar edi.

Bu boyzeb xonadonning yana bir a’zosi Gulruhning endigina oliygohga
kirgan singlisi bo‘lib, bu oppoq yuzli, nozik yuz chizgilariga ega qiz shu qadar
ozg‘in ediki, yurganida shamol bo‘lib qolsa uchirib ketadigandek tuyulardi. O‘zi
ham biroz nimjon bo‘lib, o‘qishdan kelganidan so‘ng albatta, biroz dam olar,
barcha nozik-nihollar kabi ta’bi ham nozikroq edi.

Doimo o‘z ishi bilan band dadasining uyda bor, yo‘qligi bilinmas, yakka-yu
yagona singlisi deyarli xonasidan chiqmas, oyisi esa kuni bilan ishda bo‘lar edi.
Ta’til kunlarida uydagi hamma ishlar: hovli supurish, ovqat qilish, ayvon,
xonalarni tozalash Gulruhning zimmasiga tushar, u tezgina xona ishlarini
sarishtalab, yana kitoblar olamiga sho‘ng‘ib ketar edi. Peshayvonli imoratning
o‘ng qo‘lidagi boloxona Gulruhning xonasi bo‘lib, krovat, xontaxta, kitob va kiyim
javonidan iborat bu shinamgina xona- unga ham yotoqxona, ham kutubxona bo‘lib
xizmat qilar edi...

Gulruh odatiga ko‘ra xontaxtaga kerakli manbalarni qo‘sha-qo‘sha qilib
terib qo‘yib, qo‘liga qalam, qog‘oz oldi va fikr-uzikrini band etgan narsa ustida
shaxsiy tadqiqotini boshladi. Oldin o‘zi uchun javob topishi kerak bo‘lgan
savollarni belgilab chiqdi va asta-sekin xontaxta ustidagi katta kitoblarni varaqlab
uni qiziqtirgan savollarga javob izlay boshladi:

1)Kimlar o‘z joniga qasd qiladi?
U varaqlagan manbalarda o‘z joniga qasd qilishning yigirmadan ortiq sababi
ko‘rsatilgan edi. Bu ro‘yxatda hayot maqsadini yo‘qotish, yaqin kishisini
yo‘qotish, qo‘rqish, zo‘rlanish va boshqa sabablar qayd etilgan edi.
U bu sabablarni oqqa qoralab, keyingi savolga o‘tdi:

14

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

2)Nima uchun bu odamlar bu vaziyatlarda o‘z joniga qasd qiladi?
Xo‘sh, bu sabablar inson qalbiga qanday ta’sir qiladiki, insonni bunday
keskin hatti-harakatlarga olib keladi?
Masalan, odam hayot maqsadini yo‘qotganda inson qalbida qanday
kechinmalar hukm suradi? Umidsizlik, hech kimga kerak emaslik hissi, bo‘m-
bo‘shlik hissi...
Yaqin kishisini yo‘qotganda-chi? Og‘riq, bardosh berish mushkul bo‘lgan
judolik hissi.
Demak, gap hislarda ekan-da?! Ya’ni, odam qandaydir noxush, salbiy hislar
boshqaruvida keskin chora ko‘rar ekan.
Gulruhning nazarida, o‘z joniga qasd qilishning sababi – inson duch kelgan
bosimga qarshi turishga o‘zida kuch topa olmaslik bo‘lib tuyuldi. Buning
natijasida odamning qalbini qo‘rquv, tahlika, nochorlik, tobe’lik hissi qoplaydi va
odam bularning barchasidan bira-to‘la qutulish uchun o‘z nazarida so‘nggi choraga
yuz buradi: o‘z joniga qasd qiladi...
Demak, umumlashtirib olganda, inson qalbida quyidagi holatlar yuzaga
kelganida odam o‘z joniga qasd qilishi mumkin:
1) Qo‘rquv, tahlika holati;
2) Chorasizlik, umidsizlik holati;
3) Yovuz ruhlarga tobe’lik, ya’ni vos-voslik holati.
Bularni ham qayd etib, keyingi savolga javob izlay boshladi:
3) Qaltis vaziyatlarni har bir odam boshidan kechirishi mumkin.
Ularning qaysi biri o‘z joniga qasd qilishi mumkinligini qanday aniqlash
mumkin?
Kitoblarni varaqlab va izlanib, shunday xulosaga keldiki, hayotida qaltis
vaziyatni, ya’ni, o‘z joniga qasd qilish sabablari ro‘yxatidagi vaziyatlardan birini
yoki bir nechasini boshidan kechirgan har bir kishiga o‘z joniga qasd qilishi
ehtimoli bo‘lgan kishi sifatida qarab, uni engil nazorat qilish mumkin. Agar odam
boshiga tushgan ruhiy zarbani enga olsa, u vaziyatdan chiqib ketadi; yenga olmasa
o‘z joniga qasd qilishi mumkin.
Bu savol ortidan navbatdagi savol tug‘ildi:
4) Odam qaltis lahzalardan o‘ta olgani yoki o‘ta olmaganini qanday
bilsa bo‘ladi?
Agar odam qaltis vaziyatdan o‘ta olsa, asta-sekin odatiy hayotga qayta
boshlaydi, o‘ta olmaganda esa tushkun holicha qoladi.
Shu onda yalt etib, unga pinhon narsa ochilgandek bo‘ldi: “O‘z joniga qasd
qiluvchilaruni amalga oshirgunlarigacha tushkunlikda yurishadi. Tushkunlikdagi
odamlarning har biri ham o‘z joniga qasd qilmasligi mumkin, lekin o‘z joniga qasd
qilgan odamlar odatda, uzoq vaqt davomida, yoki aynan o‘sha lahzalarda chuqur
tushkunlik og‘ushida bo‘lishadi. Demak, tushkunlik holatidagi odamlarni o‘z
joniga qasd qilish xavfi bor odamlar deb qarab, ularni yengil nazorat qilish
mumkin. Shu bilan birga, o‘z joniga qasd qilishning oldini olish uchun
odamlardagi tushkunlik kayfiyati bilan kurashish kerak...
5)Xo‘sh, odamda tushkunlikni qanday aniqlash mumkin?
Tushkunlik ya’ni depressiya lotincha deprimo – so‘zidan olingan bo‘lib,

15

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

bosish, ezish ma’nosini bildirar ekan. Tushkunlikka quyidagi uchlik xos ekan:
A) Kayfiyatning tushib ketishi va quvonish qobiliyatini yo‘qotish.
B) Tafakkurning buzilishi: salbiy fikrlar, sodir bo‘layotgan voqealarga pessimistik
nuqtai-nazarda bo‘lish.
V) Harakat sustligi.

Tushkun odam o‘zini past baholar ekan, hayotga va odatiy ishlarga qiziqishi
susayar ekan. Bu xulosani qayd etib, Gulruh biroz o‘yga toldi: “Ko‘pchilik normal
deb hisoblaydigan holat patologik holat ekan-da?” Demak, tushkunlik belgilarisiz
yashash mumkin ekan-da? Tushkunlik Gulruhning qalbining ham mezboni
bo‘lgani uchun, Gulruh bu “uy bekasisiz” uyni tasavvur qila olmas edi. “Qanday
bo‘lar ekan? Tushkunliksiz ham hayot bor ekanmi? Bu nima? Yerdagi jannatmi?”
Biroz o‘ylab, tasavvur qila olmagach, tadqiqoti savollariga qaytdi:

6) Nima uchun ba’zi odamlar og‘irroq vaziyatlardan o‘tganlarida ham
o‘z jonlariga qasd qilmaydilar? Masalan, ba’zi odamlar hatto Osvensim
konsentratsion lageridan o‘tib, sinishmagan.

Bu inson ruhiyatining rivojlanish darajasiga bog‘liq. Kimgadir tuyadek
bo‘lgan narsa, kimgadir tog‘dek tuyuladi. Demak, inson ruhiyatini rivojlantirish
yo‘li bilan uning qiyinchiliklarga qarshilik kuchini oshirish va shu yo‘l bilan o‘z
joniga qasd qilishlar sonini kamaytirish mumkin.

Bu esa navbatdagi savolni keltirib chiqardi:
7) Qanday qilib odamning ruhiy zarbalarga qarshilik kuchini oshirish
mumkin?
Shu sohada suhbatlashish, shunday vaziyatlarni boshidan kechirib,
g‘oliblikka erishganlarning tajribasi bilan tanishtirish, inqirozga boshqacha nazar
tashlashni va undan chiqish yo‘llarini izlashni o‘rgatish, hayotga chanqoqlikni
uyg‘otish yo‘li bilan.
Odamda tashqi o‘zlik bilan birga, ichki o‘zlik ham mavjud ekan. Tashqi
o‘zlik bu ko‘rinib turgan tana bo‘lsa, ichki o‘zlik bu ruh va jondir. Tashqi o‘zlik
jismoniy oziqdan oziqlansa, ichki o‘zlik ruhiy, ma’naviy manbalardan oziqlanadi.
Odam tanasi ovqatsizlikdan qanday qiynalsa, yoki noto‘g‘ri ovqat eganida
muammoga duch kelsa, xuddi shunday, ichki o‘zlik ham agar o‘ziga kerakli ozuqa
ola olmasa, yoki noto‘g‘ri ozuqa olsa turli muammolar, hatto fojeaga duch keladi.
Shuning uchun odamzod me’yordagi jismoniy, ma’naviy va ruhiy oziqsiz
to‘laqonli baxtli hayot kechira olmaydi...
Gulruh diqqat qilgan yana bir narsa – tug‘ma jismoniy nuqsoni bo‘lgan
odamlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatining kam uchrashi edi.
8)Nima uchun to‘rt muchasi sog‘ odamlar ba’zan keng olamga sig‘may,
o‘zlarini qo‘yarga joy topa olmay o‘limga so‘nggi chora deb qaraydilar-u,
esini taniganidan o‘zini nimadadir cheklangan ko‘rgan odamlar hayot
qiyinchiliklarini mardonavor yengib yashaydilar?
Balki tug‘ma nogironlar shu nuqson bilan ulg‘ayishlari tufayli ularda
taqdirga tan berish va yo‘q a’zolari o‘rniga bor a’zolarining imkoniyatlarini ishga
solib yashashga harakat qilish rivojlangani uchundir?...
Bir necha haftalik mustaqil izlanishi natijasida o‘zi izlagan ko‘p savollarga
javob topgandek bo‘ldi-yu, hali uning oldida amaliy savollarga javob topish

16

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

masalasi turar edi:
9) Odamlarni tushkunlik va o‘z joniga qasd qilishga moyillik holatidan

qanday qilib olib chiqish mumkin?
Odamni o‘z joniga qasd qilish holatidan mo‘tadil hayotga qaytarish uchun

e’tiborni ko‘proq odamning ruhiyati va ma’naviyatiga qaratishga to‘g‘ri keladi.
Chunki uning holatiga uning o‘ylari va hissiyotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.

A) Avvalo, odamni taqdirga tan berishga yo‘naltirish lozim. Katta judolikni
boshidan kechirganlar uchun bu bosqich juda muhimdir. Bo‘lgan ishni ortga
qaytarib bo‘lmaydi, lekin to‘g‘ri qaror va hatti-harakatlar bilan odam o‘zida bori
bilan mazmunli hayotga erishishi mumkin.

B) Salbiy hislarning o‘rnini ijobiy hislar bilan to‘ldirish. Xastalikni batamom
bartaraf etish uchun uni keltirib chiqargan sababni bartaraf etish lozim. Demak,
odamdagi salbiy his o‘rnini ijobiy his olmog‘i lozim, ya’ni:

 Qo‘rquv, tahlik o‘rnini – xotirjamlik, ishonch;

 Tobe’lik o‘rnini – ozodlik;

 Ilojsizlik, noumidlik o‘rnini – umid;

 Qayg‘u o‘rnini – quvonch egallashi lozim.

V) Hayot maqsadini belgilash va maqsadga intilib yashash.
Qalbini o‘rtagan soha ustida kunu tun bosh qotirib mehnat qilarkan, shu
lahzalarda, go‘yoki Gulruhning hayot yo‘li, u umrini qaysi muammoni yechishga
bag‘ishlashi ravshan bo‘layotgandek edi, nazarida...

Tanish yara

Tushkunlik hissi, o‘z joniga qasd qilish istagi Gulruhning o‘ziga ham yot
emas edi. Balki shuning uchun bu muammo uning qalbiga shunday ta’sir
qilgandir? Mana, endi, shaxsiy tadqiqotiga qiziqib qolib, izlanish olib borayotgan
Gulruh o‘zini hamda o‘zidagi holatlarni chuqurroq o‘rgana boshladi.

Gulruh nima uchundir bolaligidan o‘zida tushkunlikni his qilar edi. U o‘ziga
to‘q oilada voyaga etar, ota-onasi mehribon, orzularini amalga oshirish uchun
barcha sharoitlar muhayyo edi. Tashqaridan qaraganda, uning hayoti havas qilgulik
edi. Lekin uning hayotidan halovat, quvonchni o‘zini tanigan chog‘laridanoq
o‘g‘irlagan bir narsa bor edi: tushkunlik pardasi...

U dunyoga shu parda ortidan qarar, bu pardani yorib chiqa olmas edi.
Ba’zan o‘z holatini baholashga, tushkunligi sababini aniqlashga harakat qilar
edi. “Tashvishlarim ko‘p, – xulosa qildi bir kuni, – Shu uchun tushkunlikdaman”.
Shunda birdan oltinchi sinfda o‘qib yurgan vaqtida xotirasida muhrlanib qolgan
hol yodiga tushdi. O‘shanda, ikki qavatli maktabi hovlisida turgancha, qarshisida
tosh surish o‘ynayotgan bir to‘da birinchi sinf qizchalariga qarab, ko‘nglidan:
“Naqadar baxtli bular, biror tashvishlari yo‘q”, – degan fikr o‘tgan edi.
Yillar aro bu holati ko‘p bora yodiga tushadi, o‘shanda ham o‘z yoshiga xos
tashvishlar girdobida tushkunlik pardasida yashaganidan guvohlik beradi.
Tushkunlik pardasi. Qayerdan kelgan bu unga? U hammani qoplarmikan yoki
ba’zilarnimi? Axir odamning tashqi ko‘rinishiga qarab u tushkunlikdami yoki

17

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

yo‘qmi bilish qiyin-ku? Albatta, dunyoda tushkunlikka to‘liq asir bo‘lgan, shu dard
bilan hatto shifoxonaga borib qolganlar ham bor. Lekin unga o‘xshab, tushkunlikni
ichiga yutib, o‘zini baxtli ko‘rsatishga urinayotganlar, dardchil yuzida soxta
tabassum mavj urayotganlar kammi? Hamma tabassum qilayotganlar shunday
bo‘lsa-chi?

Atrofda ham hamma narsa soxta, nurab borayotgandek edi. Ana, hamma
joyda axlat qutilarida qotgan nonlar yotibdi. Odamlarning ma’naviyati nurayapti,
shu uchun nonni qadrlashmaydi. Mana, bir to‘p bola ko‘chadan qo‘rqibgina
yelkasini qisib o‘tayotgan ko‘zoynakli, kichik jussali qizaloqni mazax
qilishyapti:odamgarchilik, hamdardlik nurayapti. Mana, yosh bola keksa kishiga
o‘shqiryapti: andisha, tarbiya nurayapti. Zinokorlik, o‘g‘irlik, g‘iybatchilik
mog‘orlab yotibdi: e’tiqod nurayapti. Er xotiniga, ota-ona bolasiga sabab-besabab
qo‘l ko‘tarayapti: muhabbat, shafqat nurayapti. Tanalar, bepardoz tillar ochilib
boryapti: madaniyat nurayapti. Xizmatga tayinlanganidan xizmatchilar butga
aylanyapti: mas’uliyat hissi, xalqparvarlik nurayapti. Mushtumning mushti
poraxo‘rlar, byurokratlarga faqat o‘dag‘aylashgagina qodir bo‘lib qolyapti...

Mana, Samarqanddagi tarixiy obidalar. Necha yil kelsa bir ahvol: ta’mirlash
uchun narvonlar qo‘yilgan, ta’mir ham tugamaydi, narvonlar ham olinmaydi,
binolar esa nurab bitmoqda. Uning umri bino bo‘ldi, boshlang‘ich sinf
o‘quvchisidan talabaga aylandi, lekin bino ta’miri tugamadi. “Dunyo poyoniga
etayapti, kundan-kunga hamma narsa yomon bo‘lib borayapti, – eshitilib turadi
yon-atrofdan odamlarning ovozi, – hatto Xudo ham mukammal dunyo yarata
olmagan. Shu yaratgani ham vaqtincha. Odam qarib o‘layotgandek, tog‘lar qarib
cho‘kayotgandek, daraxtlar quriyotgandek – dunyo ham eskirayapti, qariyapti.
Yaqinda, oxir zamon bo‘ladi”.

Butun dunyodan temir devorlar yordamida ajratilib, barchaga bir
dunyoqarash singdirilgan sovet ittifoqining surati – Gulruhning nazarida
qariganidan, madorsizlanganidan ba’zo‘r, og‘ir qadam tashlab borayotgan chol edi.
U qachon, qaerda qulab, to‘kilib ketishi noma’lum-u, mo‘jiza sodir bo‘lib
yosharib, bardamlashib qolmasligi aniq... Yuragi siqiladi. O‘zini tanazzulga yuz
tutgan dunyoda, cho‘kishga mahkum kemadahis qiladi. Tushkunligi oshadi...

Yillar o‘tib, sovet ittifoqi davridagi hayot deganda yomon tomoni sifatida
Gulruhning yodida umumiy hammomlar va ta’riflashga til ojiz hojatxonalar
qoldi...

Bir yili Gulruhning ota-onasi xorijga sayohatga umidvor bo‘lib qolishdi.
Chexoslovakiyaga borib kelishdi, keyin bolalarga, qo‘shnilarga Gulruh hayotida
ko‘rmagan noz-ne’matlardan ulashib, ko‘zlari porlab, taassurotlarini so‘zlab
berdilar. “Qiziq joylar ekan. Uylarning devorlari yo‘q, shunchaki, ko‘chadan
bezakli, pastak to‘siq bilan ajratilgan. Mashinalar ko‘chalarda ochiq turadi. Ular
Xudoga ochiq ishonar ekanlar, bizlardan esa “Xudosiz, yovvoyi xalq”, – deb
qo‘rqar ekanlar...”

O‘shanda, Sovet Ittifoqi devorlari ortida boshqacha hayot, boshqacha
odamlar yashashi haqidagi fikr qalbiga nur bo‘lib quyulgan edi. Albatta, u
siyosatdan yiroq odam edi. O‘z davlatini sevar edi. Lekin mana bu tushkunlik,
mana bu kundan kunga hamma narsaning yomon bo‘lib borayotgani” hissi qalbini

18

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

tirnoq ostiga igna sanchilganidek azoblar edi. Go‘yoki, hamma narsa yaxshi edi-
yu, shunchaki hayot to‘xtab qolgandek, hamma sharpa kabi kun
kechirayotgandek... Balki, bu shunchaki uning o‘sha vaqtdagi ruhiy holatidir. Balki
tushkunlik shunchaki moyillikdir va boshqa muhitda yashaganida, tushkunligi
boshqa voqe’likdan ildiz olgan bo‘lar edi. Qaydam...

O‘quvchilik davrida bir necha bor o‘lishni ham orzu qilgan. Bir kuni, nima
uchundir oyisidan juda qo‘rqqan edi. Bunga biror jiddiy sabab yo‘q edi, agar bu
sababni hozir baholamoqchi bo‘lsa shu qadar arzimas narsa ediki, uning hatto nima
ekanligi ham yodida qolmagan edi. O‘shanda, uydan uksus izlagan,uydan topa
olmasdan qo‘shnilarnikiga chiqqan edi. Qarangki, butun bir mahalladan uksus topa
olmagan edi (aslida, ikki, uch qo‘shninikiga borgan edi. Lekin Shuncha odamda
uksus bo‘lmasligi g‘alati, aniqrog‘i, bir irodasiz qizni o‘ylovsiz ishi oqibatidan
asrab qolish uchun er ishlariga samoning aralaShuvi edi). So‘ng, ilojsizlikdan
brilliant ko‘ki ichgan edi. Odatiy kunlarda, yaraga surtganda butun tanani achitib
yuboradigan suyuqlikka, “qanday bo‘larkin?” deb qarab turdi-da, keyin og‘ziga
quyib qultumlab icha boshladi. Shu lahzalarda, uning achchiqligi sezilmadi ham.
Bir shisha suyuqlikni ichgach, qo‘liga qalam, varaq olib, ko‘ngil dardlarini oyisiga
izhor qila boshladi.

Bu orada, qornida lo‘qillovchi og‘riq paydo bo‘lib, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. U
to‘shakka cho‘zilib yotib, o‘limini kuta boshladi. O‘sha vaqtdagi kayfiyatiga
zimiston muvofiq ekanmi, hayhotdek hovlida tun qo‘ynida biror xonadagi chiroq
yoqilmagan edi. Bir vaqt, ko‘ngli aynib, ichidan bir nima otilib chiqadigandek
bo‘ldi. U ayvon tomon yugurdi. Ayvonning chetiga yetar-yetmas qayt qilib
yubordi. Shunda qalbini dahshat yanada ko‘proq qamradi: “O‘lishga o‘lmadim,
lekin endi zelyonka ichganimni ham yashira olmayman. Axir sementdan yam-
yashil suyuqlikning rangini ketkazib bo‘lmaydi-ku! Oyimga nima deyman?”

Keyin nima bo‘lgani yodida yo‘q, u go‘yo karaxt bo‘lib qolgan edi. Faqat bir
necha kundan so‘ng tibbiyot o‘quv amaliyot kursida domladan: “Odam brilliant
yashili ichsa nima bo‘ladi?” – deb so‘raganida, domlaning: “Oshqozon-ichak yo‘li
kuyib, qabristonga yo‘l oladi”, – degani yodida qolgan. Demak, uni o‘shanda
Xudo bevaqt o‘limdan ikki bora qutqarib qolgan ekan.

Shundan keyin, boshqa o‘zini o‘ldirishga harakat qilgan emas-u, lekin
o‘limini izlab yurgan odamdek, ko‘chalarda befarq yurar edi. U bilan sodir bo‘lishi
mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisa – lazzatli lahzadek tuyular edi. Ammo, bir voqea
sabab bo‘lib, xayriyatki, bu holatiga ham chek qo‘yildi:

“Ey, hayotdan to‘yganmisan! Mani bola-chaqam bor!”
Mashinaning birdan tormoz berilishidan paydo bo‘lgan quloqni qomatga
keltiruvchi ovoz ortidan, mashina oynasidan boshini chiqargan shofyorning
tahdidli ovozi keskin vaziyatga yanada dahshatli tus berdi.
U juda qo‘rqaman deb o‘ylagan edi. Lekin qo‘rqmadi. Tushkunlik
og‘ushidagi qalbiga, hattoki, shu qadar yaqin kelgan ajalning nafasi ham dahshat
uyg‘ota olmadi. Faqat uyaldi. Haydovchidan uyaldi. Unga rahmi keldi. Har bir
jonidan to‘ygan odam o‘zini mashina ostiga tashlashga chog‘lansa, bechora
haydovchi zotining sho‘ri qurir ekan.
U albatta, o‘zini atayin mashina tagiga tashlamoqchi emas edi. Shunchaki,

19

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

hayot shu qadar bemazmun tuyular edi-ki, yashagisi kelmas edi. Butun hayoti
loqaydlik pardasi ichra o‘tar, ko‘chalardan o‘tayotganda ham shu parda unga
hamroh bo‘lib, agar biror fojea yuz berib, tarki dunyo qilsa bu – hayotidagi eng
baxtli, osuda, quvonchli lahzalar bo‘ladigandek tuyular edi. Bu qariyb mashina
tagiga qolishining to‘rtinchisi edi. Shundan keyin, biror haydovchini, uning oilasini
o‘z kulfatiga sherik qilmaslik uchun ko‘chalarda ehtiyot bo‘lib yurishga harakat
qiladigan bo‘ldi...

Gulruh yashamas, shunchaki kun o‘tkazar edi. Bir kuni nimadir yaxshi narsa
sodir bo‘lishi, hayoti tubdan o‘zgarishini orzu qilar, lekin har kuni odatdagidek bir
xil, nursiz o‘tardi. U hayotning ma’nosini topa olmay halak bo‘lar, ba’zan buni
shakkoklikka yo‘yib, tavba qilardi. Ammo yashashingning ma’nosini bilmay
yashash qiyin ekan. U ba’zan o‘zini bu dunyoda keraksiz matohdek sezadi:
yashash uchun o‘zini chor tomonga uradi, boshqalarning halovatini buzadi.
Shundan ko‘ra, bo‘lmay qo‘ya qolsa hammaga yaxshi edi, dunyo shu vaqtgacha
usiz o‘tgan, bundan keyin ham o‘taveradi...

Keyin hammasi ostin-ustin bo‘lib ketdi: sovet ittifoqi quladi. Uning qulashi
haqiqiy iqtisodiy fojea bo‘ldi: pul qiymati o‘zgardi. Bir odam yillar davomida Gaz
24 mashinasi olish uchun yiqqan puliga faqat sharf olibdi. Gulruhning dadasi
bankda saqlayotgan to‘rt ming so‘mning qiymati to‘rt yuz so‘mga tushib qoldi.
Lekin dunyo O‘zbekiston uchun, O‘zbekiston esa dunyo uchun ochildi. Shunda
Gulruh uning shahrida odamlar “hammasi kundan-kunga yomon bo‘lishini” kutib
yashayotgan bir paytda, rivojlangan davlatlarda odamlar kundan-kunga yaxshi,
farovon hayotga intilib va erishib yashayotganlarini ko‘rib lol qoldi: “Oqim ostida
oqim deganlari shumikin?”

Mustaqillik uning oliygohga kirish yiliga to‘g‘ri keldi va Samarqandning
yillar davomida ta’miri tugamagan tarixiy obidalari, xususan Registon majmuasini
bir yilga qolmasdan ta’mirdan chiqarganlarini ko‘rib, hayron qoldi. Hamma ishlar
cho‘zib olingan kino kadrlari kabi harakati sezilmaydigan darajada sust qilinishiga
o‘rganib qolgani uchun aqli shoshdi: “Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Nahotki, ish
shunday tez bitishi mumkin?”

Hali hammasi oldinda edi. Kimlar istab, kimlar istamasa-da yangi davr
boshlanayotgandi...

O‘z ustida ishlash

Gulruh qancha o‘ylamasin, qachon, qanday qilib tushkunlik qalbini mahv
etganini eslay olmadi. Esini tanibdiki, qalbiningmuhiti tushkunlik edi. Balki bu
aqlini tanishidan oldin sodir bo‘lgandir, balki ona qornidan shunday tug‘ilgandir.
Endi esa uning oldida katta vazifa: qalb muhitini o‘zgartirish turar edi. Agar u
shaxsiy hayotida bu muvaffaqiyatga erisha olsa, bu tajribani boshqalarning
hayotiga tatbiq qilish mumkin, aks holda, shaxsiy tadqiqotidan chiqarayotgan
xulosalari shunchaki safsata bo‘lib chiqadi.

U yana qalam, qog‘oz olib to‘qqizinchi punktda belgilangan amallarni
o‘ziga tatbiq eta boshladi:

“Men tushkunlikdan chiqishim uchun uch amalni bajarishim kerak:
A) Taqdirga tan berish. Hayotimga shu vaqtgacha nima soya solib turgan

20

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

bo‘lsa, nima mening tushkunligimga sabab bo‘lgan bo‘lsa, hammasiga ko‘naman.
O‘tmishni o‘zgartirib bo‘lmas ekanmi, o‘tmishda yashash kerak emas, u
xotiraligicha qolaversin.

B) Qalb muhitini o‘zgartirish.
Qo‘rquv, tahlika o‘rnini – xotirjamlik, ishonch olishi kerak. Men hozir nimadan
qo‘rqaman?”

U qalbida qo‘rquv uyg‘otadigan narsalar ro‘yxatini tuza boshladi:
Amaliyotdan imtihon topshira olmaslikdan.
Turmushga chiqa olmasdan qolib ketishdan.
Oliygohni tugata olmaslikdan.
Keyin o‘zini imtihon qildi:

Qo‘rquvimga asos bormi? Avvali Xudo, lekin shu vaqtgacha topshira olgan
imtihonni bundan keyin ham topshira olsam kerak.

Turmush masalasida, o‘z yo‘limda to‘g‘ri bo‘lsam, biror nuqsonim
bo‘lmasa, o‘z vaqtida hammasi bo‘ladi. Bo‘lmagan taqdirda ham, xavotirlanib,
hech narsani o‘zgartira olmayman, shunchaki kundalik xotirjamlikdan mahrum
bo‘lganim qoladi.

Oliygohda o‘qishga jiddiy yondoshsang, tugata olasan, odam. Har holda,
bitirish imtihoni kirish imtihonidan osonroq. Kira oldimmi, nasib bo‘lsa, bitira
olaman ham.

Demak, bu sohalarda bundan keyin o‘z tomonimdan qilishim kerak bo‘lgan
ishni qilib, qolganiga Xudo yordam berishiga ishonib, xotirjam yashashga harakat
qilaman.

Ilojsizlik, noumidlik o‘rnini – umid egallashi lozim.
Xo‘sh, men nimadan o‘zimni ilojsiz, noumid his qilaman?
Nohaqliklarni ko‘rganimda, biror narsa qarshisida zaif bo‘lganimda, biror
orzuimni amalga oshirishga ko‘zim yetmaganda o‘zimni bechora his qilaman.
Xo‘sh, bu holatdan qanday chiqishim mumkin?
“Haqiqat bukiladi, lekin sinmaydi”, shuningdek, “Tun ortidan tong otadi”,
deyishadi. Men ertaga hammasi o‘zgarishi, bugun amalga oshmagan narsa ertaga
amalga oshishi mumkinligi umidi bilan yashashim mumkin.
Qayg‘u o‘rnini – quvonch egallashi lozim.
Nimadan qayg‘udaman?
Men qo‘rqadigan narsalar va meni umidsizlikka solgan narsalar uchun
qayg‘udaman.
Agar ular o‘zgaradi va amalga oshadi, degan nazar bilan qaraganda-chi?
Gulruhning yuziga tabassum yugurdi. Qalbiga quvonch yoqimli, haroratli obi
hayot kabi quyilgandek bo‘lib, bor vujudini isitdi...
Quvonch. Naqadar yoqimli his bu. Naqadar huzurbaxsh his bu. Jannat
in’omi.
Bu his shu vaqtgacha uning qalbiga naqadar kam tashrif buyuribdi. Balki
o‘zi uni taklif etmagani uchundir? Balki quvonch tabarruk mehmon bo‘lib, faqat
taklif etilgan, izzat etilgan go‘shalargagina borar? Shuning uchun, ko‘p qalblarda,
ko‘p chehralarda uning mehmon bo‘lganining izi ko‘rinmas?
Gulruhga ahyon-ahyonda tashrif buyuradigan his-quvonchga o‘z qalbidan

21

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

o‘rin berish, uni mezbon sifatida qabul qilish fikri yoqdi...
Lekin doim ham sabab besabab quvonib yura olmaydi-ku?!

Demak, o‘ziga quvonish uchun sabab topishi kerak. Odatda, u nimadan
quvonadi? Hayotida biror yaxshi voqea sodir bo‘lganida. Agar bundan keladigan
quvonchga umid qilib yashasa, oyda, yilda bir quvonishiga to‘g‘ri keladi.
Yana nimadan quvonadi? Muvaffaqiyatdan.

Demak, hayotida ko‘proq quvonch bo‘lishi uchun u o‘qish-o‘rganish,
mehnat qilishda faol bo‘lishi kerak. Shunda qo‘lga kiritgan yutuqlari yaxshi
kayfiyatda yurishi uchun zamin yaratadi.

Balki o‘z baxtini o‘z qo‘li bilan yaratish deganlari shudir?
Shu vaqtgacha Gulruh his-tuyg‘ularni – inson qalbining tashqi muhit
ta’siriga javob reaksiyasi, ya’ni insonning kayfiyati o‘ziga bog‘liq emas, balki
tashqi muhitga bog‘liq deb hisoblar edi. Agar shunday bo‘lsa, o‘z kayfiyatini
boshqarish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Lekin bunday bo‘lmasa...
Birdaniga, dahshat kinolari ko‘rganida qalbini qo‘rquv qamrashi, hajviya
etishganida kulgu qistashi, lirik qo‘shiqlar eshitganida ko‘ngli eshilishi, yaxshi
kitoblar o‘qiganida yaxshi odam bo‘lishga, ko‘proq yaxshilik qilishga
ruhlanishiyodiga tushdi. Bir oqshom Yulduz Usmonovaning qaysidir qo‘shig‘ini
eshitayotganida u o‘zini oppoq libosda go‘yoki samoga qadalgan zarrin
zinapoyalardan ko‘tarilib ketayotgandek his qilgan, qalbida paydo bo‘lgan
allaqanday sirli tuyg‘ular girdobida to‘lg‘anib ancha yig‘lagan edi.
Demak san’at inson qalbiga, ruhiyatiga katta ta’sirga ega. Odam qanday
tuyg‘ularga ega bo‘lishni istasa, qalbiga shu tuyg‘ularni boshlab keladigan
asarlarga oshno bo‘lish orqali hayotini ijobiy hislar uyg‘otuvchi omillarga
yuzlantirishi mumkin.
“Men shunday qilaman”, – qaror qiladi qalbi vacheksizlik sari tikilib chuqur
o‘yga toladi...
Unga tashrif buyurgan tuyg‘ular ummoniga biroz sho‘ng‘ib, keyingi amalga
o‘tadi:
V) Hayot maqsadini belgilash va maqsadga intilib yashash.
“Xo‘sh, hayot maqsadim nima bo‘lishi mumkin? Men nima bilan umrim
bo‘yi shug‘ullanishni istayman? Har holda, hozir inson ruhiyatini, uning mo‘tadil
holatda bo‘lishiga yordam beradigan omillarni o‘rganishni va hayotda tatbiq
etishni istayman.
Demak, men shu bilan shug‘ullanishni boshlayman”.
U shu qarorga kelganidan, inson qalbi biror yangi g‘oya kelganida
junbushga kelganidek ruhlandi, borlig‘i sirli tuyg‘ular bolidan sarxush bo‘ldi.
Uning hayotiga qandaydir mazmun, nur kirgandek bo‘lib, bir necha kun shunday
ko‘tarinki ruhda yurdi. Bu orada ancha kitob o‘qib, ancha varaqlarni qoralab
qo‘ydi...
Keyin qalbini salbiy hislardan asrab, ijobiy hislarga ochish uchun o‘zini
o‘rgana boshladi. Nimadan shodlanadi? Nimadan xafa bo‘ladi? Nima bo‘lganda
ham tushkunlikni qalbiga yo‘latmaslikka qaror qiladi. Albatta, o‘z-o‘zini tahlil
qilish uchun vaqt ketadi. Ko‘plar bunga erinishadi. Lekin bunga vaqt ajratib, u
aksincha, vaqtdan yutaman deb hisoblaydi. Chunki qaysi holatlarda o‘zini qanday

22

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

tutishi lozimligi haqida qaror qiladi va ko‘ngilning ba’zi ko‘chalariga shunchaki
kirmaydi...

Bu borada, ma’lum muvaffaqiyatga erishdi ham. Ertalab turib, xotirjam,
quvnoq bo‘lishga qaror qiladi. Bu uchun sabab etarli: Qorni to‘q, egni but; uyida
hamma sog‘lom, o‘qishi joyida; ruhshunoslik sohasida ancha narsalarni bilib oldi,
hali qancha narsalarni o‘rganadi... Noxush kayfiyat qalbi darchasini taqillatganida
shunchaki e’tibor bermaydi, o‘zini tadqiqoti va kundalik ishlari bilan chalg‘itadi...

Bir kuni noxush kayfiyatda uyg‘ondi. Zalvori bilan bir–birini tirab turgan,
uzoqdan ko‘kimtir yashil ko‘rinadigan tog‘larga qaragan ayvonga chiqib o‘tirdi.
Subhidamning toza havosi ko‘katlarning, soflikning sabosini keltirib, dimog‘ini
qitiqlar, hali tong qo‘ynida yuzlarini yumib ulgurmagan namozshomgullarning
zilol suvdan qongan tanasi, barglari, chehralaridan hayot nafasi barq urib turar edi.
Bunday tong, tabiat go‘zalligini ko‘zlari ilg‘ar, lekin qalbi quvona olmas edi.
Qalbi, go‘yo yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘i tortib olingan bola kabi hech narsaga
ko‘nmas, atrofga isyon nazari bilan qarab, ich-ichidan bo‘g‘ilar edi. “Nimadan
tushkunman?” – so‘radi o‘zidan, yana nima bo‘ldi? O‘ylab, tushkunlikka sabab
bo‘la oladigan hech qanday vaj topa olmadi. Hammasi joyida: uyda ham, o‘qishda
ham tinchlik. Unda ich-ichidan burab kelib, ich-ichidan kemirayotgan bu his nima?
Uning sababi nima?

Gulruh uzoq o‘ylandi. “U” dedi, “bu” dedi, javobidan o‘zi qoniqmadi. Balki
unga bu sohani yaxshi biladigan mutaxassis maslahati kerakdir? Axir u bu sohani
endigina o‘rgana boshlagan oddiygina talaba. Ko‘p narsalarni bilmasligi aniq
narsa. U agar iloji bo‘lsa, ruhshunoslik darsiga borganlarida biror domla bilan
maslahatlashishga qaror qildi va hozirgi xulosalarni kundaligiga qayd qilib qo‘ydi:
“Tajribadan ko‘rinyaptiki, odamga bog‘liq bo‘lmagan holda tushkunlik hissi
hujum qilishi mumkin. Lekin odam uni qabul qilmasligi lozim. Nima uchun bu
hislar bilan uyg‘onganimni bilmayman-u, ularni qalbimda qolishiga yo‘l
qo‘ymayman”.

Shu lahzada, qalbida mo‘tadil xotirjamlik va quvonch muhitini saqlab qolish
bilan birga, bu muhitni asrash sirini kashf etganini payqab, o‘zicha quvonib qo‘ydi
va yana qayd qildi: “Men qaror qilaman: Nima bo‘lganda ham tushkunlikni qabul
qilmayman. Men unga qarshi kurashaman. Har daf’a, bunday noxush his qalbimga
hujum qilganida, men kayfiyatim buzilishi, tushkunlikka tushishimga sabab bormi,
yo‘qmi, o‘ylab ko‘raman. Sabab bor bo‘lsa, iloji bo‘lsa bartaraf qilaman, iloji
bo‘lmasa, taqdirga tan beraman-u, yangi rejalar qo‘yib, yashashda davom etaman.
Sabab bo‘lmasa, bu kayfiyatga shunchaki e’tibor bermayman. Tushkunlikka
mening qalbimda o‘rin yo‘q!

Asosiysi, qalbimda tushkunlikka zamin yaratmaslik. Agar zamin yaratilsa,
qandaydir yovuz kuchlar bemalol tashqaridan boshqarib, istagan kuyiga solishi
mumkin, zamin bo‘lmasa, ular ojizdirlar”.

Shu kundan boshlab, bu sohada o‘z ustidan ishlay boshladi. Tushkunlik
kelganida, sababini qidiradi, sababi bo‘lmasa, bunday kayfiyatda yurishni rad etib,
bu dardga qarshi borishga Yaratgandan kuch so‘raydi va hayotida quvonishga
arzigulik sabablarni yodga olib, quvonishga harakat qiladi...

Kundan kunga bunday kurashish, yashash osonroq kecha boshladi va hayoti

23

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

muvaffaqiyat sari yuz burdi. Endi unga qaragan odam chaqnoq ko‘zlari, gulgun
chehrasida xotirjamlik, quvonch aks etgan dilraboni ko‘rar edi.

Maqsad uchun kurash

Bu soha butun fikru o‘yini band qilganiga qaramay, ruhshunoslik kasbini
tanlash Gulruhga oson kechmadi. Uning dadasi tanloviga parvo qilmagan bo‘lsalar
ham, oyisi anchagina qarshilik qildi:

– Menga qara, shuncha yil o‘qib tanlagan sohang shumi? – tutaqdi oyisi. –
Endigina, sal ko‘krak kerib, qizimiz tibbiyot oliygohida o‘qiydi, shifokor bo‘ladi,
deb yurgan edik. Tasavvur qil, to‘y-surga borgansan. Kazo-kazolar bilan bir stolda
o‘tirib qolding. Ular: “Kasbingiz nima?” – deb so‘rab qolishadi. Sen:
“Shifokorman”, – deysan. Ular: “Ha, kerak bo‘lib qolarkansiz”, – deb telefonlarini
olmoqchi bo‘lib cho‘ntakka qo‘l tiqishadi. Keyin: “Qaerda ishlaysiz?” – deb so‘rab
qolishadi. Sen esa: “Psix bolnitsada”, – deysan. Bechoralarning kapalagi uchib,
raqam so‘raganidan pushaymon: “Boshqa uchratmasin”, – deb telefonlarini asta
joyiga solib qo‘yishadi. Bu kasbni tilga olishga ham uyaladi-ku odam?

– Menimcha, odam biror sohaniu naqadar obro‘li ekanligiga qarab emas,
balki o‘z iqtidori, qiziqishiga qarab tanlashi kerak, – bo‘sh kelmadi Gulruh. –
Shunda o‘z sohasida muvaffaqiyatli bo‘lib, shu kasbning obro‘yini ko‘tarishi
mumkin. Qolaversa, bu-xorijda juda rivojlangan soha hisoblanadi. Har bir oilaning
o‘z psixologi bor.

– Ey, xorij, xorij, nima uchun xorijga yopishib olgansan? U yerda hamma
narsa Yaxshi, bu erda yomon demoqchimisan? – tutaqdi oyisi.

– Men unday degan emasman,–javob berdi Gulruh, – Shunchaki, nimadir
qaerdadir yaxshiroq rivojlangan, qayerdadir zaifroq. Masalan, bizlarda sportning
ba’zi turlari yaxshi rivojlangan. Yana germofroditlarning jinsini muvofiqlashtirish
bo‘yicha jarrohlik ham bizlarda yaxshi rivojlangan, yaqin davlatlar aro shu sohada
eng kuchli mutaxassis bizlarda.

– Bu nima deganing? – germofrodit so‘zini tushunmay so‘radi oyisi.
– Ba’zi bolalar tashqi jinsiy belgilari aniq rivojlanmasdan tug‘iladilar:
qaraganda, na qizga, na o‘g‘ilga o‘xshaydilar. Bundaylar germofrodit deyiladi,
ularning ichki jinsiy a’zolariga qarab qaysi jins vakili bo‘lishlari lozimligi
aniqlanib, tashqi a’zolariga shunday shakl beriladi.
– Tavba, tavba, – dedi oyisi, – dunyoda bunaqa dard ham bor ekanmi?

Gulruh esa fikrida davom etdi: – Hozirgi zamonda, butun dunyo internet va
sputnik televidenie orqali birlashayotgan bitta katta qishloqqa o‘xshaydi. Agar
bizlar o‘zimizning kuchli va zaif tomonlarimizni bilsak, kuchli jihatimizdagi
tajribamizni boshqalarga ulashsak, zaif tomonlarimizni rivojlantirsak bundan
faqatgina yutamiz. Qolaversa, siz “qizim shuncha yil o‘qib psixiatr bo‘ldi”
deyishdan or qilsangiz, psixolog deb qo‘yavering. Shunchaki pedagogika
oliygohida psixolog deb, tibbiyot oliygohida esa psixiatr deb diplom berishadi.

Oyisi biroz qarshilik qilgach, “tushungan bo‘ldi” va Gulruh bemalol sevgan
kasbi bilan shug‘ullanadigan bo‘ldi...

Oliygohni bitirib, ma’lum vaqt ruhiy kasalliklar shifoxonasida ishlagach,

24

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

ruhiy maslahatlar poliklinikasida ishlash uchun Toshkent shahriga malaka oshirish
oliygohiga uch oylik o‘qishga keldi va o‘z kasbini sevadigan, iqtidorli shifokorligi
uchun ko‘zga tashlanib, shu yerda ishga taklif qilindi. Shu-shu uning taqdiri
Toshkent shahri bilan bog‘lanib qoldi.

Sirli kalit

Bir-birlari bilan quvalashib, kunlar ortidan oylar o‘ta boshladi. Gulruh
ishidan qoniqar, mijozlarida ijobiy o‘zgarishlar sezganida ular bilan birga quvonar,
muvaffaqiyatsizliklari esa yanada ko‘proq o‘qish, izlanishga chorlar edi...
Ozmuncha tajribasi natijasida shuni angladiki, bemorlarning aksariyati noto‘g‘ri
hayot tarzidan qiynalar ekan:

– Erim to‘rtta bola bilan tashlab ketgan. Endi men uchchala o‘g‘limga hovli
qilib berishim kerak, qizimni chiqarib o‘g‘illarimni uylashim kerak. Uchta
hovlining o‘zi bo‘ladimi? Bu haqida o‘ylasam charchabla ketaman.

– Kasbingiz nima?
– Shifokorman.
– Shifokorlik maoshi bilan uchta hovlini qanday qurmoqchisiz?
– Shu uchun qon bo‘laman-da! Bolalarim hech kimdan kam bo‘lmasin
deyman. Shu uchun ishdan keyin uylarga borib ishlayman.
– Menimcha, siz faqat bolalaringizni boqish, ularni tarbiyalash va o‘qitish
haqida bosh qotirishingiz kerak. Agar bolalar barkamol ulg‘ayishsa, kelajakda o‘z
aravalarini tortib ketishadi... Lekin o‘zingiz torta olmaydigan yukni bo‘yningizga
osib olsangiz, kuchingiz keraksiz narsalarga ketadi. Shunday ishlashingiz uchun
farzandlaringiz sizni hozir deyarli ko‘rmay o‘sayapti, asabingiz tarangligi uchun
ularni ko‘rganingizda ham mehr bera olmayapsiz.
– Tushkunlik bosib olgan. Nima qilishimni bilmayman.
– Nimadan siqilayapsiz?
– Uchta bolam bor. Erim olamdan o‘tgan. Bir narsasini olib bersam,
boshqasini olib bera olmaslikdan, bolalarimni boqa olmaslikdan qo‘rquvda
yashayman.
– Dunyoda shuncha ota-onasidan ajralgan bolalar bor. Lekin bir amallab kun
kechirishyapti. Bolalaringiz uchun qo‘lingizdan kelganini qiling, qolganiga umid
qiling...
– Hech narsaga qo‘lim bormayapti, yashashdan charchadim.
– Kasbingiz nima?
– Hisobchiman.
– Dam olish kuningiz bormi?
– Yo‘q.
– Siz xizmat ta’tili olib dam olishingiz kerak. Bo‘shashishingiz, ruhan, aqlan va
jismonan tiklanishingiz kerak. Odam tanasi manbalari cheklangan. Odam ularni
zo‘riqtirib ishlaganida, bir kuni ular charchaydi va odam hech nima qilgisi kelmay
qoladi. Albatta, haftasiga bir kun dam oling. Oilangizga vaqt ajrating...
...Agar mijoz yordamga muhtojligini anglasa va ko‘nglini yorsa har qanday
og‘irholatdan chiqsa bo‘larkan, lekin odam yopiq bo‘lsa...

25

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Gulruh navbatga yozilgan mijozlarni ko‘rikdan o‘tkazgach, xizmat
mashinasida uyga chaqiruv bo‘yicha markazdan Qo‘yliq tomon yo‘l oldi. Qo‘yliq
va To‘ytepa yo‘li oralig‘idagi DAN postidan o‘tishgach, mashina chapga burildi.
Osmono‘par binolar ortda qolib, pastqam hovlilar ko‘zga tashlana boshladi.

Yo‘l-yo‘lakay bemorning xolasi unga vaziyatni tushuntirib bordi. Bu ayol
to‘lachadan kelgan, ko‘zlari biroz qisiqroq, bug‘doy rang, chehrasi yumaloq,
istarasi issiq ayol edi. Bemor 25 yoshlardagi ayol ekan. Ikki yil oldin otasi buyrak
xastaligidan vafot etgan ekan. Qiz otasining o‘limidan juda ezilibdi. Bu orada, eri
narkotik moddalarga bog‘lanib qolib, uyida haqiqiy do‘zax boshlanibdi. Doimo
asabiylashib yurishiga to‘g‘ri kelgan ayol teri sili xastaligiga duchor bo‘libdi.
Shifokorlar bir amallab hayotini saqlab qolibdi-yu, lekin o‘zi yashashni istamas
ekan, shu uchun to‘shagida tun-u kun o‘limini kutib yotar ekan...

Ulkan tut daraxtibaquvvat shoxlari soyasi bilan quyoshning jizg‘anak
qiluvchi haroratidan pana qilib turgan orasta, jajjigina hovlida ularni baland bo‘yli,
rangpar, cho‘ziqroq yuzidagi ko‘zlari anduh bilan boqadigan ayol kutib oldi.
Sochlarini orqaga yig‘ishtirib, ro‘mol bilan chandigan ayolning oriqligidan
egnidagi sarg‘ish ko‘ylagi shalvirab osilib turar, yengilgina qadam tashlashidan
shippagining ham tovushi chiqmasdi.

Gulruh xontaxta atrofida ko‘rpachalar solib qo‘yilgan yorug‘ peshayvondan
o‘tib, ichkaridagi nim qorong‘i xonaga kirdi. U yerda cho‘pdek ozg‘in ayol
to‘shakda cho‘zilib yotar edi. Bu ayol ularni kutib olgan ayolga o‘xshab ketar,
faqat kirtaygan ko‘zlari, bo‘rtib turgan yonoq, yelka suyaklari, suyagiga yopishgan
terisi bilan ko‘proq konsentratsion lager mahbuslarini yoki ocharchilik
qurbonlarini eslatar edi: Qurib bitgan murdadegu, nafas olib turibdi. Nafas
olayotgandegu, murdaga o‘xshaydi.

Gulruh nima demasin, qanday qilib suhbatga chorlamasin, ayol qarashni
ham, tinglashni ham, suhbatlashishni ham istamadi. Uning keyingi kunlardagi
hatti-harakatlari ham behuda ketdi. Gulruh bilan birga boshqa shifokorlar, ayolning
barcha qarindoshlari uning hayoti uchun kurashsalar-da, ayolning o‘zi kurashishni
istamas edi.

U yonayotgan shamdek miltillagangina umid berib yashab, biror yilcha
vaqtdan so‘ng, axiyri, bir kuni o‘chib qoldi, to‘shagidan turishni ham istamay
abadiyat tomon yo‘l oldi...

Gulruh shu yillar davomida shuni angladiki, odamni tushkunlikdan chiqarish
uchun muhim narsa- uni ishonchga asoslangan suhbatga chorlay olish ekan. U
ishida o‘zini shunchaki shifokor emas, balki sirli dunyoga nazar solish uchun sirli
kalitni izlovchi sarguzashtparastga o‘xshatadi. Har bir qalb sirli dunyo, unga
hamma kalitlar ham to‘g‘ri kelavermaydi, aynan shu qalbga to‘g‘ri keladigan kalit
kerak. Ba’zan bu kalitni tez topishga muvaffaq bo‘lsa, ba’zan uzoq qidiradi, ham
tajriba, ham qandaydir ichki sezgi bilan harakat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Lekin ikki toifa odamlar bilan ishlash, ularga yordam berish o‘ta mushkul,
deyarli ilojsiz ekan:
1) Ahvoli o‘zgarishi uchun shifokor bilan hamkorlikka bormaydigan odamlar.
2) Hech kimga, hech narsaga ko‘ngil qo‘ymagan odamlar.

Ular odatda, so‘zsiz qotib turaverishar, ko‘ngil qulfi taqa-tuq mahkam bo‘lar

26

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

edi. Ular ezgulikka to‘liq ishonchlarini yo‘qotgan, hech narsaga qiziqmay va
ishonmay qo‘ygan edilar.

“Nima ularni bu darajaga olib kelgan?” – degan savol Gulruhga tinchlik
bermas edi.

Kuzatishlar jarayonida shuni tushundi: odam ko‘p bora harakat qilib, lekin
qanoti singgan bo‘lsa, yoki boshqa sababdan, hayotga ishonchini yo‘qotgan bo‘lsa,
yopiq bo‘lib qolar, hech qanday hamkorlikka bormas ekan.
Albatta, odamni har qanday botqoqdan chiqarishning iloji bor, bunday odamlarga
xuddi shunday vaziyatdan o‘tgan boshqa odamlarning hayotini so‘zlab berib, yoki
ular haqida kitoblarni o‘qishga berib, bu vaziyatdan chiqa olishlariga ishonch
uyg‘otish mumkin. Lekin bu holatdagi ba’zi odamlar o‘ta qaysar bo‘lib, eshitishni
ham, o‘qishni ham istashmas edi...

“Ho‘l novdani qayirsang egiladi, quruq novda sinadi, – xayolidan o‘tdi
Gulruhning, – agar odamni bolaligidan muomala, murosa qilib jamiyatda o‘rnini
topishga yo‘naltirilsa, qalbida go‘zallikka, hayotga muhabbat uyg‘otilsa – hayotida
qanday kiyinchilikka duch kelsa ham unga qarshi kurasha oladi. O‘z holiga tashlab
qo‘yilgan bolalar esa...”

Yolg‘izlik dardi

Odatda, agar qiz chiroyli bo‘lsa unga doimo oshiqlar karvoni ergashib
yuradi, deb o‘ylashadi. Qaysidir ma’noda, shunday bo‘lsa kerak. Lekin bu karvon
ahli ham ko‘nglingga o‘tirib, ham tenging bo‘lmasa qiyin ekan. Albatta, Gulruh
osmondagi oyni orzu qilayotgan emas edi, uning istagi u umrbod birga
yashaydigan odam avvalo ko‘ngliga ma’qul bo‘lishi, keyin ichmaydigan,
chekmaydigan, oilaga mehribon, sodiq, ziyoli odam bo‘lishi edi. Faqat uning
ko‘ngliga mos odam uning atrofida kam, borlarining ham taqdir yo‘llari boshqa
edi. Uydagilar “to‘y bo‘l”, deb qistashar, u esa, har daf’a, biror yigit dil izhori
qilganida, ko‘ngliga quloq solar, ko‘ngli injiq boladek bezovtalanishni boshlasa,
“yo‘q”, deb qo‘ya qolar edi.

– Tuppa-tuzuk yigit-ku, – xunob bo‘lar edi oyisi,–nega yana yo‘q deding?
– Ko‘nglim chopmadi, – qisqa javob berar edi Gulruh.
– Ko‘ngilga qarab umringni o‘tkazaverasanmi? Qancha odamlar oila
qurgandan keyin bir-birlarini sevib qolishgan! – xunobi oshar edi onaizorning.
– Qancha? – savolga savol bilan javob beradi Gulruh.
Oyisi eslashga harakat qilib, taraddudlanib qoladi.
– Sevib qolmaganlar qancha!–jimlikni buzadi Gulruhning ovozi, – oila
jiddiy masala. Men bu sohada tavakkalchilik qilishni istamayman. “O‘tirgan qiz
o‘rnini topadi”, – deyishadi. Yo‘limda to‘g‘rimanmi, bir kuni ko‘nglimdagi odam
uchraydi, meni shoshirmang”.
– Uchramasa-chi? – xavotirini shart ochadi onaizor.
Bu savol Gulruhga ham yoqmaydi, bu savolni Gulruhning o‘zi ham o‘ziga
bir necha bor bergan. Bu damlarda, yuragi kimdir o‘tkir pichoq bilan
nitmalayotgandek sanchilib, achishib og‘riydi. “Uchramasa, demak peshanada
yo‘q ekan, – shart kesadi Gulruh. Uning bu javobidan nafaqat oyisi, balki o‘zi ham

27

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

titrab ketadi.
– Peshanani bir yoqqa qo‘y, – deydi oyisi asabiylashib, – o‘zing odam

taqdirini o‘z qo‘li bilan yaratadi, – deysan!
– Men taqdirimizga bitilgan narsalarga o‘z hatti-harakatimiz bilan erishamiz,

– deyman, ya’ni Yaratgan qiladigan va biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar bor. U
bizlarni istak va harakat yordamida boshqaradi. Men oila qurishni istayman,
o‘zimni oilaga tayyorlayapman, lekin men ko‘nglimdagi odamni yarata olmayman.
Nasib qilsa, u hayotimga o‘z vaqtida keladi. Men uni albatta taniyman. Lekin oila
qurish shart deb duch kelgan bilan oila qurib keta olmayman. Bu mening
tabiatimga ham, kasbimga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bunday taxminchilik bilan
qurilgan oila kemam, Xudo ko‘rsatmasin, barbod bo‘lsa, men bu sohada ishlay
olmayman!”

– Kim senga ajrash deyapti? Shuncha odamlar qanaqa oila bo‘lsa ham
chidab yashayapti-ku! – xunobi oshadi onaizorning.

– Oyi, oila qurishdan maqsad faqatgina oilali bo‘lish emas-ku! Oila bu –
ikki kishining bir maqsad uchun birlashib, birga harakat qilishga kelishuvi. Ular
orasida oddiy o‘zaro tushunish, o‘zaro hurmat bo‘lmasa, qanday qilib birgalikdagi
hayot haqida gap borishi mumkin?
– Kelishmovchiliksiz oila bo‘larkanmi?
– Kelishmovchilik bilan kelishmovchilikning farqi bor. Kimdir o‘zinikini
o‘tkazish yokijonini chiqarish uchun janjallashadi. Bunday muhitda
tug‘ilib,yashaydigan bolalar ruhan majruh bo‘ladilar. Kimdir esa oradagi
tushunmovchilikni bartaraf qilish uchun odob, mantiq doirasida bahslashadi. Men
oilani, munosabatlarni ko‘z qorachig‘idek asraydigan odam bilan oila
qurmoqchiman...

Keyingi yillarda Gulruhning oyisi bilan suhbatida balki so‘zlar o‘zgarib
turar, lekin ma’no shu-shu edi. Bu dardni faqat shu madaniyat me’zoni bo‘yicha
vaqtida turmushga chiqa olmagan qizlargina tushunsa kerak.

Gulruhning oila masalasiga bu qadar jiddiy qarashiga balki atrofidagilarning
oilaviy mojarolarini ko‘raverib, bezib ketgani sabab bo‘lgandir. Har holda, u
boshqacha oilani, boshqacha munosabatlarni orzu qilardi: bir-biriga munosib ikki
yosh bir-birini topsa-yu, bu o‘tkinchi dunyoda bir-birini qadrlab, e’zozlab,
avaylab-asrab, qo‘llab-quvvatlab yashab o‘tsa...

Dunyoda u kutgan shaxs bormikin?
Uning hayotiga nurdek kirib kelarmikin?
Kechikmasmikin?...
Baxt shamsi hali ko‘zlarini qamashtirmay, umid qamaridangina g‘ira-shira
yorishib turgan qalb gulzorinining za’faron chechagining chehrasiga shams qarog‘i
tushib, bul chehraning lal-lal yonishi taqdirida bormikin?
Qaydam...
Eh, yillar. Oldingga qaraganingda uzoqdek tuyuladi-yu, ortingga
qaraganingda bir zumda o‘tib ketgandek bo‘ladi. Ba’zan soniyalar asrga teng,
ba’zan butun umr bir lahzadek. Ayniqsa, biror narsani kutayotgan bo‘lsang –
vaqtning o‘tishi qiyin. Vaqt shu lahzalarda iskanjaning chor devori kabi zalvorli,
bosimiga dosh bera olmay burda-burda bo‘lib ketasan, odam. Qani edi, yo‘q bo‘lib

28

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

ketsang! Yo‘q, u o‘ldirmaydi, chalajon qiladi, keyin yangi bosim bilan kelib, yana
joningni ezaveradi. Ba’zilar shunday lahzalarda shu og‘riqqa dosh bera olmay, shu
azobdan qochib qutulishning yo‘lini izlaydilar. Kimdir “yurib ketadi”, kimdir
kimningdir ikkinchi, uchinchi, o‘ninchi xotini bo‘lishga ham tayyor bo‘ladi...

“Qariqiz”larga Gulruhning rahmi keladi. Ularga jamiyat shafqatsizdek
tuyuladi. “Ularning ko‘ngillari maysadan nozik, ularning ko‘ngillarini
ranjitmanglar, – degisi keladi, – axir ular bir fasl ochilib, keyin xazon bo‘lib
ketadigan bahor chechagidek. Ular sizning lolaqizg‘aldokdek singlingiz, opangiz...
Taqdir ularni sinayotgan ekan, hech qursa, bizlar, yaqinlar ularga dalda bo‘laylik,
suyaguvchi qoya bo‘laylik. Zaifning, nochorning qalbini, dardini his qilmasa,
himoya qilishga yaramasa bu savlat nima uchun?”

Gulruhning esa sevimli ishi bir jihatdan uning ko‘p vaqtini olib qayg‘uli
o‘ylarga berilishiga izn bermasa, boshqa jihatdan, shunday o‘ylar bostirib kelib
domiga g‘arq qilmoqchi bo‘lganida qutqaruvchi qayiq vazifasini bajaradi. Har
holda, nima bo‘lganda ham, odamning biror foydali ish bilan band bo‘lishining
o‘ziga nafi tegar ekan. Aks holda, turli hislar to‘foni odamning taqdirini qaysi
qoyalarga olib borib chalpak qilmaydi, qaysi girdoblarda g‘arq qilmaydi, qaysi
qirg‘oqlarga uloqtirmaydi?...

Albatta, hayotining bu davrida tushkunlik unga aynan shaxsiy hayot
sohasidan hujum qilishga harakat qiladi. Boshqa sohalarda hammasi yaxshi-yu...
Lekin Gulruh nima bo‘lganda ham tushkunlik bilan kurashishga, uni qalbiga
yo‘latmaslikka qaror qilgan. Lekin yillar davomida bir dard bilan kurashsang –
vaqt o‘tgan sari bu dard qorason kabi chuqurlashib boraverar, bir kuni iliginggacha
kirib borar ekan...

Bir kuni Gulruh noxush kayfiyatda uyg‘ondi. Bedorligida irodasi qalqonligi
uchun qalbiga kirishga yo‘l topa olmagan tushkunlik – go‘yo uyqudaligida mahv
etish uchun bostirib kelgan edi. U to‘shagida o‘tirib, yon–atrofga qaradi. Hammasi
o‘sha-o‘sha. Eshikdan kirgandan to‘g‘rida turgan pastak stol, uning ikki yonidagi
ikki kursi; devorga taqab qo‘yilgan kiyim javoni, qariyb xonaning butun sahnini
egallagan katta divan va uning o‘ng tomonidagi ish stolidagi kompyuter. Devori
pushti nozik gulchali gulqog‘oz bilan qoplangan, pushti gulli harir pardalari
ortidagi deraza – yashillikka cho‘mgan, nozik iforli tabiatga esh qiladigan xonasi
Gulruhga shinamligi, sokinligi bilan yoqar edi. Lekin shu lahzalarda bu sokinlik
uni yolg‘izlik hissi bilan bo‘g‘ib kela boshladi. Bu bosimga dosh bera olmay u
og‘riqli ingrab yubordi va bor alami bo‘g‘zidan faryod bo‘lib otildi. Shu lahzada,
yolg‘izlik dardi zardobi – tashqaridan ko‘rinmasa-da, ichida yig‘ilib borayotgani,
endi esa g‘imirlab azob berib, o‘zini bildirib qo‘yganini his qildi-yu, qo‘rqib ketdi.
Nima bu? Nahotki, tushkunlikka qarshi barcha kurashlari bekor ketgan bo‘lsa?
Nahotki, ham o‘zini, ham boshqalarni ishontirishga harakat qilayotgan g‘oyasi
noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa? Nahotki, bu shunchaki o‘z-o‘zini ishontirish bo‘lsa? “Men
buning tagiga etishim kerak. Chunki mening odamlarni aldashga haqqim yo‘q.
Yoki odam tushkunlikka qarshi kurashib, uni qalbiga yo‘latmaslikka erisha oladi,
yoki inson bunga qodir emas. Agar birinchisi rost bo‘lsa, men qalbimni shuncha
himoya qilganim bilan tushkunlik urug‘i qanday qilib kirib qoldi? Agar ikkinchisi
rost bo‘lsa, qanday qilib ko‘pchilik odamlar hech qanday tushkunliksiz baxtli,

29

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

muvaffaqiyatli hayot kechiryaptilar? Kimdir buni insonning mijozi bilan bog‘laydi.
Lekin baribir har qanday odam hayotida bir necha bora tushkunlikka sabab
bo‘ladigan voqealar bilan yuzlashadi-ku! Nega ba’zilar tushkunlikni o‘zlariga
yuqtirmay o‘tib ketadilar, boshqalar esa uning girdobida g‘arq bo‘ladilar?”

Izlayversang har qanday kalavaning uchini topar ekansan, kishi. Gulruh ham
o‘z qalbini tahlil qilib, shu vaqtgacha e’tibor bermagan narsasini topgandek bo‘ldi.
Bu uchun u qog‘oz, ruchka olib o‘z-o‘zini so‘roq qila boshladi:

Savol: “Nimadan mening qalbim iztirobga tushdi?”
Javob: “Shaxsiy hayotimda o‘zgarish yo‘qligi, hanuz yolg‘izligimdan”.
Savol: “Men ruhiy iztirob, tushkunlik, noxush kayfiyatni o‘zimga
yaqinlashtirmayman, deb qaror qilgan edim. Nima uchun u yana sodir bo‘ldi?”
Javob: “Uyqudan uyg‘onganimda, hali o‘zimni his qilib ulgurmasimdan bu
his allaqachon borlig‘imni to‘ldirgan edi”.
Savol: “Demak, birinchi pog‘ona g‘alabani e’tirof etish mumkin. Ya’ni, es-
hushim, irodam posbonlikda turganida tushkunlik menga hujum qilib, qalbimni
egallay olmayapti. Lekin tushkunlik holati ongim orom olayotgan holda sodir
bo‘lgan bo‘lsa, demak bu miyaning ong osti qobig‘i faoliyati bilan bog‘liqdir?”
Bu fikr tushkunlik inson qalbidan o‘rin olishi yo‘llarini anglashiga bir
pog‘ona oldinga siljishdek tuyuldi.
Savol: “Albatta, inson hayoti, uning hatti-harakatlari va qarorlari miyaning
ong osti faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Bu jarayon ham bundan mustasno
emas. Xo‘sh, ong osti nimadan oziqlanadi?”
Javob: “Odamning o‘ylaridan, maqsadidan. Masalan, odam biror kishini,
yoki biror narsani yoqtirishi mumkin. Vaqti-vaqti bilan shu haqda o‘ylagisi keladi,
unga orzuqadi, uni tushlarida ko‘radi. Bularning hammasi ong ostining faoliyati.
Shu yo‘l bilan agar odam tushkunlik urug‘ini qalbiga yo‘latgan bo‘lsa, uning o‘zi
tashqaridan unga qarshi kurashsa-da, bu urug‘ ichkaridan o‘rin olib, o‘sib, o‘z
hosilini berishi mumkin”.
Savol: “Mening vaziyatimda bu tushkunlik urug‘i nima bo‘lishi mumkin?”
Javob: “Buni bilish uchun qo‘rquv manbaiga murojaat qilish kerak”.
Savol: “Xo‘sh, men nimadan qo‘rqaman?”
Javob: “Orzu qilgan odamim uchramasligidan va oila qurmasdan o‘tib
ketishdan”.
“Ha, mening yuragimga bolaligimdan oila qurib, o‘zidan nasl qoldirish
hayot maqsadi deb singdirilgani tufayli, bu maqsad amalga oshmayotgani mening
qalbimda ichki tahlikani keltirib chiqargan. Toki ichkarida sog‘lom muhit bo‘lmas
ekan, tashqaridan kurashishdan hech qanday foyda yo‘q. Demak, ong osti
faoliyatiga boshqacha topshiriq berish kerak”. U bunday topshiriq haqida uzoq
vaqt o‘yladi. Bu topshiriq, u shunchaki o‘zi istagan topshiriq emas, balki o‘zi
ishona oladigan, u uchun qadriyat bo‘lgan topshiriq bo‘lishi kerakligini his qilib
turar edi.
Uzoq o‘ylab yurib, bir kuni uni topgandek bo‘ldi: “Men o‘zimni-o‘zim
yaratgan emasman. Meni Yaratgan esa taqdirimni belgilab qo‘ygan. U meni istak
va harakat bilan boshqarar ekan, istak bormi, oilaga tayyorgarlik harakati bormi,
demak, bir kuni oilam bo‘ladi. Agar u taqdirimga oilani bitmagan bo‘lsa, qancha

30

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

kuyinmay, o‘z taqdirimni o‘zgartira olmayman. Yaxshisi, taqdirga tan beraman-u,
o‘z taqdir yo‘limda bitilgan yaxshi kunlarga umid qilib yashayman. Har kuni meni
o‘sha baxtli kunlarga yaqinlashtirmoqda”.

Shu fikr kelganidan qon-qonidan yoqimli issiqlik o‘tgandek, uning butun
borlig‘ini iliqlik qoplagandek, ayniqsa, qalbi uning taftidan ilib, yonog‘iga qizillik
yugurgandek bo‘ldi.

Shu kundan boshlab, Gulruh o‘sha yaqinlashib kelayotgan yaxshi kunlar
ilinjida qalban entikib yashay boshladi va ichki tushkunlik ham chekinishga
majbur bo‘ldi...

Iqrori dil

Qat’iy, doimiy o‘z ustida ishlash natijasida Sherzodda o‘ziga ishonch hissi
paydo bo‘ldi va u maqsadli hayot sari dadil qadam tashlay boshladi. O‘zining
quruvchilik brigadasi bilan ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanishdan tashqari
internet orqali oliygohlardan birining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirib, ta’lim ola
boshladi. Shu qadar bandligiga qaramay, poliklinikada biror ehtiyoj paydo bo‘lsa
tezda etib kelar edi.

Uning Gulruh haqida o‘ylashga hatto haddi sig‘masa-da, har daf’a
poliklinikaga borishiga to‘g‘ri kelganida, Gulruhni ko‘rish ehtimolidan shirin
entikib qo‘yar edi. Kelib, ishini qilayotganida esa, uning chiqib kelishini orziqib
kutar, uning poyafzali tovonining taqillashini eshitishning o‘zi uning yoqimli
hislardan sarmast bo‘lishi uchun etarli edi. Shu alfozda, uch yil ham o‘tibdi. Bu
orada bir-birlarini yaxshi tanib, yaxshigina do‘st ham bo‘lib qoldilar.

Har qanday his o‘sa-o‘sa qalbni to‘ldirib, axiyri to‘lib-toshib ketar ekan.
Keyingi kunlarda, Sherzod o‘zida g‘alati o‘zgarishlar his qildi. Gulruhning o‘y-u
fikri butun ongini qamrab ola boshladi. O‘ylamaslikka, o‘zini chalg‘itishga harakat
qiladi-yu, qo‘lidan kelmaydi: uning g‘unchadek jamoli ko‘z o‘ngiga kelaveradi.
O‘ylay desa, “haddingdan oshma, bolakay” deyishidan cho‘chiydi. “Axir u kim-u,
men kim?”

Uni hatto tushlarida ko‘radigan bo‘ldi, ba’zan aksincha, tuni bilan uyqusi
kelmaydi. U tomondan bu tomonga ag‘anab, yelkalari, beli og‘rib chiqadi.
Kunduzlari esa uyqusizlikdan boshi og‘rib, shishinqiragan ko‘zlari achishadi.

Axiyri, Sherzod sevib qolganini o‘z-o‘ziga tan olishga majbur bo‘ldi. Lekin
ahvoli yengillashmadi. O‘zingdan baland pog‘onadagi qizni sevib kim baxtli
bo‘libdi? Sherzod oldinda uni nima kutayotganini bilardi. Shu uchun keraksiz
mulozamati bilan qizning ta’bini buzmaslik, o‘zini ham xor-u zor qilmaslik uchun
hissi bosilgunicha uzoqlarga ketishga ahd qildi. Lekin yaqin do‘stdek bo‘lib qolgan
odamga aytmasdan ketish insofdan emas. Faqat nima deb aytadi? “Ishga
ketayapman”, – deydimi? Yaqinginada o‘z og‘zi bilan “ishim yaxshi”, degandi.
Birdan boshqacha gapirsa, yana hissiyot bilan yashash tarziga qaytibdi deb
o‘ylashi mumkin. U psixolog-ku! Undan yashirib nima? Baribir, bir kuni bilib
qoladi. Orada, yolg‘onchiga chiqqani qoladi. Sherzod qo‘liga telefonini olib
kerakli raqamni tera boshladi...

31

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Keskin burilish

Yaratgan odamzodning bardoshini sinar ekanmi, ba’zan biror narsaga jon-
jahding bilan talpinganingda hech unga eta olmas ekansan, odam; bo‘lsa bo‘lar,
bo‘lmasa iloj qancha, deb tinchlanganingda uning o‘zi eshik taqillatib kelib qolar
ekan. Gulruhda ham shunday bo‘ldi. Yarim tunda telefoniga kelib tushgan SMS
xabari uning hayotiga keskin burilish yasadi. “Kim ekan shu chog‘da?” – deb
telefon ekraniga qaragan Gulruhning nigohi quyidagi satrlarga tushdi: “Men ishdan
ketmoqchiman. Chunki o‘zim bilmagan holda menga mumkin bo‘lmagan ishni
qilib qo‘ydim: men sizni sevib qoldim. Go‘zal ko‘zlaringiz, maftunkor
tabassumingiz sira ko‘z o‘ngimdan ketmayapti. Uzr”. Xabar Sherzodning telefon
raqamidan kelgandi.

Gulruhning boshi aylangandek, ko‘z o‘ngida kamalak rangida yulduzchalar
uchayotgandek bo‘ldi. Oyoqlari bo‘shashib, sekin kursiga o‘tirdi. “Sherzod.
Nahotki u menga oshiq bo‘lsa? Nega shu vaqtgacha sezmabman? Qanday qilib u
sezdirib qo‘ymabdi? Nahotki? Yoki bu qalbning bir lahza junbushga kelishidir?
Axir yarim tunda faqat bedor bo‘lgan odamgina xabar jo‘natadi; tunning bu
lahzalarida ishda bo‘lganlar, oshiqlar va bemorlargina bedor bo‘ladilar”.

Umuman olganda, Sherzod unga oshiq bo‘lishiga qarshi emas. Chunki shu
yillar davomida o‘z sofdilligi, mardligi, maqsadga intiluvchanligi bilan uning
chuqur hurmatiga sazovor bo‘ldi. Lekin dabdurustdan sevgi izhori... Gulruh biroz
vaqt karaxt bo‘lib qoldi. Ertalabgacha uxlay olmasdan shu haqda o‘ylab chiqdi. Bir
jihatdan, qalbidagi uzoq yillik umid qorishgan o‘kinch o‘rnini qandaydir quvonch
egallagan bo‘lsa, boshqa jihatdan, balki nimadandir to‘lqinlanib qolib yozgandir,
balki raqamni adashtirgandir, ertaga uzr so‘rar degan hadik ko‘ngliga xavotir solar
edi. Axiyri bu haqda o‘ylamaslikka qaror qildi: “O‘z og‘zi bilan aytmagunicha,
biror narsa haqida o‘ylash erta”, – xulosa qildi u. SMSga esa: “Shoshib,
bemaslahat qaror chiqarmagan ma’qul”, – deb yozib yubordi. Albatta, u ishdan
ketish masalasini nazarda tutgan edi, xabarni jo‘natganidan so‘ng, o‘zini past
baholaydigan yigit “sevish masalasida shoshmang”, deb tushunishini o‘ylab, labini
tishladi. Ortidan tushuntiribroq yozmoqchi bo‘ldi-yu, iymandi. “Bo‘lgani bo‘ldi,–
dedi o‘ziga o‘zi, – peshanada bo‘lsa ko‘risharmiz, bo‘lmasa, keyin biror chora
topilib qolar. Asosiysi, shoshib ahmoqlik qilib qo‘ymaslik kerak”.

...Sherzod ancha vaqtgacha o‘zini ko‘rsatmay yurdi. Ko‘ringanida esa
aybdor boladek boshi quyi solingan edi. Gulruh bilan ham boshini quyi solgan
holda suhbatlashdi. Uning hissi bir lahzalik emasligi, balki u ko‘pdan buyon unga
oshiq bo‘lib yurib, haddi sig‘magani uchun bu haqida so‘z ochmagani, u kuni esa
“aytmasdan ishdan ketib qolish odobsizlik hisoblanadi”, deb o‘ylagani xabari
Gulruhning intizor qalbiga malham bo‘ldi.

Sherzodning baxtiga Gulruh dunyo kabi odamning qo‘liga emas, balki
qalbiga qarab baho beradigan odam edi. U agar odamning o‘zida bo‘lmasa
shohlikka ega bo‘lsa ham bir kuni yo‘qotadi, odamning o‘zida bo‘lsa, yo‘qdan bor
qiladi, deb hisoblar edi. Sherzodning esa o‘qishga chanqoqligi, teran fikrlashi,
mehnatkashligi uning nazarida uzoqqa borishini ko‘rsatib turar edi. Shuning
uchun, Gulruh ilk suhbatlari xotimasida: “Keling, o‘ylashib ko‘raylik. Axir oila bu

32

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

jiddiy masala”, – dedi.
U: “Xo‘p” demadi, lekin asosiysi, “yo‘q” ham demadi. Sherzod bunaqa

javobga umid qilgan emas edi. Demak, umid bor. Demak... Uning aqli shoshib,
karaxt bo‘lib qoldi. U xonadan indamasdan chiqib ketar ekan, boshi aylanar,
ko‘ziga yo‘l ko‘rinmas, oyoqlari erni sezmas, go‘yo u yurayotgan emas, balki
uchayotgan edi. Qalbi esa bir so‘zni takrorlar edi: “Demak, umid bor!” shu
kayfiyatda ketayotib mashina tagiga kirib ketishiga oz qoldi. “Men o‘zimni bosib
olishim kerak,-dedi o‘ziga o‘zi,-o‘zimni qo‘lga olishim kerak”. Lekin qaydan? O‘z
qadriyatini hamma joydan izlab poygakdan nari surila olmagan o‘zligi boshiga
birdaniga baxt qushi qo‘nganida o‘zini bosib bo‘ladimi? Uning hayqirgisi, butun
dunyoga jar solgisi kelar edi: “MEN SEVIIIB QOLDIIIM!!!”...

Ular biror yilcha suhbatlashib, bir-birlari bilan yaqindan tanishib oldilar.
Kelajak maqsadlarini mushtarak qildilar. Uzoq yildan buyon sevgiga tashna ikki
qalb bir-birlarining mehr bulog‘idan qonar, o‘zlarini dunyodagi eng baxtli inson
hisoblar edilar. Ikki qalb birgina narsani: bu go‘zal ro‘yo tushdek o‘tib
ketmasligini orzu qilar edi. Ularning munosabatlari o‘zaro sevgi, hurmat, ehtirom
bilan qorishgan bo‘lib, bir-birlariga bo‘lgan mehrli, muloyim, nozik munosabatlari
atrofdagilarning qalblarida ham ularning muhabbatlariga havas uyg‘otar edi.

Bobur bog‘i ularning sevimli go‘shalariga aylandi. U yerdagi azim daraxtlar
ularga ulkan soyalaridan so‘ri yasab berdilar, yam-yashil ko‘l o‘z bag‘ridagi
qayiqda beshikda bolani allalagandek allaladi... Sherzod qiyin sharoitda katta
bo‘lgan bo‘lsa ham, ko‘p kitob o‘qiganidanmi, juda romantik yigit ekan.
Gulruhning xonasini gullarga va shokoladlarga ko‘mib tashladi. Oshiq-ma’shuqlik
davri yaxshi ekan-da: odam umrida emagan shokoladlarni tatib ko‘rarkan, umrida
olmagan gullar atridan bahramand bo‘larkan. Qani edi, bu davr hech qachon
tugamasa...

Hamma sevishganlarning manglayiga qiyinchilikdan o‘tish bitilgan, shekilli.
Har holda, Gulruh faqat bir kursdoshining sevgan yigitiga tinchgina turmushga
chiqqanini ko‘rgan. Qolgan juftlarning hammasi qarshilikka uchrab, yoki
engilishiga, yoki g‘olib kelishiga to‘g‘ri kelgan. O‘sha kursdoshi ham o‘zi kazo-
kazolardan bo‘lib, sevgan yigiti oddiy oiladan edi. Hamma kursdoshlar: “Baland
dorga osilibsan, ehtiyot bo‘l”, deyishar edi. Kutilmaganda qizning dadasi: “Qancha
baland ko‘tarilsak ham, bir kuni shu ota dehqonga ta’zim qilamiz, chunki uning
noni bizni boqadi”, deb hech qanday qarshiliksiz to‘yga rozi bo‘libdi. Mana, oila
qurib binoyidek yashab yurishibdi, qaynotasi yordami bilanmi, tez orada, kuyov
bir shifoxonada bo‘lim boshlig‘i bo‘lib oldi.

Lekin Gulruhning ota-onasi unaqalardan emas edi... Axir quda tomonning
tag-tugini, mol-davlatini surishtirmasa bo‘ladimi?...

Endi ularning munosabatlari ota-ona qarshiligi sinovida toblana boshladi.
Yana nafaqat Gulruhning, balki quda tomon qarshi ekanini bilgani uchun,
mag‘rurlik otiga minib Sherzodning onasi ham qarshilik qilib turib oldi. Kattalar
o‘z obro‘yini o‘ylar, g‘urur otidan tushishni istamas, o‘rtada yoshlarga qiyin edi.
Axiyri, ular charchashdi va o‘zaro kelishib olishdi: “Mayli, qarshi bo‘lishsa
bo‘laverishsin. Ularga baxtimiz kerak emas ekan, bizlar oila qurmasdan o‘tamiz.
Asosiysi, bir-birimizni topdik, bu dunyoda bir-birimiz borligimizni bilamiz. Bizga

33

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

shuning o‘zi kifoya”.
Kattalar qarashsaki, yoshlarning qarori qat’iy. Bu haqda gap ham ochmay

qo‘yishdi. Qandaydir, o‘z xayoliy olamlarida yashab, ishga borib-kelib
yuraverishadi. Shunda Gulruhning tog‘asi o‘rtaga tushdi. Kattalarning “boshini bir
yoqadan chiqarib” yoshlarni fotihalab qo‘ydi.

Baribir elchilik yaxshi-da! Yashasin ELCHIlar!
Yoshlar bir jihatdan behad quvonishsa, boshqa jihatdan, nikohgacha har
narsa bo‘lishi mumkin, deb juda quvonishdan o‘zlarini tiyar edilar. Ular o‘zlarini
nafaqat ortiqcha quvonishdan, balki jismoniy yaqinlikdan ham tiyishga harakat
qilardilar. Albatta, odam qanchalik pokdomon bo‘lmasin, sevib qolganidan keyin
qalbini vulqondek junbushga solayotgan hislar o‘zanidan oshib, uni tinch yotgan
joyidan qo‘zg‘atgan “aybdor” tomon talpinar, izn bersa, harorati bilan yondirar,
aniqrog‘i, o‘z harorati bilan qoplab, tamomila o‘z jismiga qorishtirib yuborar edi.
Lekin hamma narsani o‘z vaqtida bo‘lishini ma’qul ko‘rgan yoshlar o‘zlarini bu
vulqonni harakatga keltirishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan tiyishga, ya’ni
kimsasiz joylarda yolg‘iz uchrashmaslikka harakat qilar edilar.
Bir necha yil oldin Gulruhga bir dugonasi bir voqeani aytib bergan edi: Bir
qiz bir harbiy yigit bilan sevishib qolib, ahd-u paymon qilibdi. Tez orada, fotiha
to‘ylari bo‘lib o‘tibdi. Yaqin orada to‘ylari bo‘lishi kerak bo‘lgan yoshlar birga
bo‘lishibdi. Shundan keyin, yurt tinchligi himoyasida turgan yigit, chegara
xavfsizligiga yov tahdid solganida o‘z burchini ado etib, qahramonlarcha halok
bo‘libdi. Sevgan kishisidan ayrilib, dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib qolgan qiz tez
kunlarda homilador ekanligini bilib qolibdi. Bir kuni nima qilishini bilmay boshi
aylanib, yigitning uyiga boribdi. Yigitning ayriliq dardidan ko‘zlari kirtaygan
onasining ko‘zlarida yilt etgan umid uchquni paydo bo‘libdi. Unga bu bola
nikohsiz homila bo‘lganining ahamiyati yo‘q edi. Asosiysi, bu yakka-yu
yagonasining zuryodi, undan qolgan yodgorlik. “Bolam, uni dunyoga keltiring, –
zorlanibdi ayol, – istasangiz, mana, menikida yashang. Kelinim bo‘ling. Istasangiz,
uyingizda yashang, hamma xarajatlarni men bo‘ynimga olaman. Keyin bolani ham
o‘zim katta qilaman. Faqat bolamning bolasini oldirib tashlamang”. Shu
vaqtgacha, “bolani qanday katta qilaman?” – degan hadik bilan yurgan qizga
onaning gapi nima uchundir, xayrixohlik emas, balki qizning sha’nini o‘ylamasdan
“faqat o‘z manfaatini ko‘zlash”, ya’ni nabiralik bo‘lib qolishnigina istashdek
tuyulib, qiz uydan chiqib qochib ketibdi. “Odamlar nima deydi?” – degan fikr bilan
axiyri, boladan qutulib, hayotini boshqatdan boshlashga qaror qilibdi. Bolani
oldirib tashlagach esa, tushkunlikka tushib, parishonxotir bo‘lib qolibdi...
Gulruhga bu voqea juda qattiq ta’sir qilib, uning qat’iy qarorga kelishiga
sabab bo‘lgan bo‘lsa, Sherzodning hayotini dadasining o‘gitlari boshqarar edi:
“Erkak ayol bilan qovushganida uning qalbi ham qovushadi. Ajralganida esa
qalbining qovushib, birlashgan joyi o‘yilib, ayol qalbning bir bo‘lagini o‘zi bilan
olib ketadi. Keyin erkak boshqa ayollar bilan munosabatda bo‘lsa ham, uylansa
ham o‘sha oldingi o‘yilgan joy og‘rib, yarmiga tortib turaveradi. Odamning
hayotida nechta ayol bo‘lsa, har biri qalbidan bir bo‘lakdan yulib ketaveradi. Shu
uchun, odam qancha ko‘p marta juft almashtirsa, shuncha baxtsiz bo‘ladi. Mana,
men ham oyingdan ajralganimdan so‘ng boshqa ayolga uylandim, lekin yashay

34

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

olmadim. Shu uchun,uylanguncha tanlayotgan qizingning kamchiliklarini ko‘rish
uchun ko‘zlaring moshdek ochiq bo‘lsin, uylangandan keyin esa ko‘r bo‘lsin.
Xotin qo‘yish oila kemasidan o‘zini dengizga otishdek, qo‘shxotinlik esa ikki
qayiqni tutib turishdek gap. Birinchi holatda, dengizdan sog‘ chiqasanmi, yo‘qmi
noma’lum. Ikkinchi holatda esa, ikki qayiqni tutaman deb ikkovining orasida qolib
ketasan. Oila qurish taklifi erkakdanmi, uni avaylab-asrash, saqlab qolish ham
erning zimmasida”.

Gulruh to‘yi kechasi turmush o‘rtog‘ining ham bokiraligini bilib qolib,
behad quvondi. Otasining maslahatiga ko‘ra Sherzod ham: “Men qovushadigan
ayol faqat turmush o‘rtog‘im bo‘ladi” deb ahd qilgandi...

Asal yili

To‘y ajoyib narsa-da. Yuz yillik gina-quduratlar unut bo‘ladi, yov jigarlar
do‘stga aylanadi. Mana, to‘ygacha biri-biriga past kelmagan qudalarning chehralari
xursandchilikdan gulgun yonib, necha yillik orzulari amalga oshganidan o‘zlarini
qo‘yarga joy topa olmay to‘y tashvishlari bilan yugurib-yelib yuribdilar. Ayniqa,
kuyov kelinning uyiga guldasta bilan kirib kelib, oldin kelinning oyisiga katta
guldasta tutqazganida onaning mehri iyib ko‘zlari yoshlandi, Sherzodning
tirsagidan tortib engashtirib manglayidan o‘pib qo‘ydi. To‘ylar muborak kuyi
ostida bazm oqshomiga tashrif buyurganlarida esa kuyovning oyisi kelinga tilla
zirak taqib: “Qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin, kelinim emas qizim bo‘ling”, deb
quchoqlab qayta-qayta o‘pdi. Hayajondan Gulruhning go‘zal chehrasi yana-da
qizarib ketgan, uyalganidan qaroqlari yer chizardi. To‘y oqshomi kelinlarning
erdan boshko‘tara olmasliklari sababini Gulruh endi bilib oldi: son-sanoqsiz
ko‘zlar senga tikilib turadi-yu, uyalmasdan bo‘larkanmi?..

Bu oqshom atrof o‘zgacha fusunkor edi: Hashamatli naqshinkor
to‘yxonaning keng eshigi oldida karnay-surnay sadolari do‘st-yorlarni to‘yga
chorlamoqda. To‘yxona ichi son-sanoqsiz qandillar nuridan kunduzdek ravshan. U
yoshlarga yorug‘ hayot tilamoqchi bo‘lgandek, sutdek oqqa burkangan: devoridan
pardalarigacha, shiftidan marmar poligacha oppoq; faqat yumaloq stollarga
to‘shalgan tilla hoshiyali dasturxonlar sevuvchi yurak timsoli kabi qip-qizil. Bu
yerda hamma narsa: musiqadan tortib, noz-u ne’matlarga to‘la dasturxonlargacha,
tantanavor kiyingan mehmonlardan tortib, yugurib-yelib xizmat qilayotgan
to‘yxona xodimlarining chehrasigacha katta shodiyonadan guvohlik berishmoqda...

Gulruh ko‘p kitoblarda: “Visol – muhabbatning o‘limidir”, deb o‘qigani
tufayli, to‘yigacha ham, to‘yidan keyingi kunlarda ham muhabbatlari o‘lishi
ehtimolidan hadiksirab yurdi. Lekin sevishib, baxtimga yeta olarmikinman yoki
yo‘qmi, deb arosatda yurgan qalblar go‘yo sahro yantog‘ining bir qultum suv izlab
kilometrlab bo‘y cho‘zadigan ildizi suvga etganida uning namligidan huzur topib,
obi-hayot qoshida qo‘nim topganidek, bir-birlarining ishqlaridan mast bo‘lib butun
olamni unutishdi.

Keyinroq, Gulruh odamlardan eshitgani, erning to‘ydan keyin o‘zgarishi,
shahzodaning maxluqqa aylanib, “oshning tagidan tosh” chiqishini kutdi. Lekin
o‘zi qiyinchilik ko‘rib katta bo‘lgan odam boshqacha bo‘lar ekanmi yoki berganiga

35

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

yarasha Yaratgan “ol qulim” deb olamda yagona insonni bergan ekanmi, Sherzod
kundan-kunga mehribon bo‘lib borsa bordi-ki, yomon tomonga o‘zgarmadi.
O‘zaro muhabbat og‘ushida qanday qilib bir yil o‘tganini sezmay ham qolishdi.

Uying tinch bo‘lsa, ishing ham baroridan kelar ekan. Gulruh kuni bilan ishda
bo‘lar, ishdan qaytgach, tezda uy ishlarini qilib, Sherzod kelgunicha shaxsiy
tadqiqoti ustida ishlar edi. Axiyri, ko‘p yillik kuzatuvi, izlanishi va tajribasi
natijasida “tushkunliksiz, muvaffaqiyatli hayot qadamlari” jadvali paydo bo‘ldi:

1) Inson borlig‘i uch birligi: ruh, jon va tana ehtiyojlarini qondirib yashash.
Baxtli bo‘lish uchun inson borlig‘ining uchchala qismi mutanosib rivojlanishi va
oziqlanishi lozim. Aks holda, me’yor buzilib odam tushkunlikka giriftor bo‘lishi
mumkin.

2) O‘zlikni anglash: nimadan tushkunlikka tushadi, nima kayfiyatini
ko‘taradi.

3) Mudofaa: tushkunlikka olib keluvchi holatlarni o‘rganib, ularni chetlab
o‘tishga harakat qilish.

4) Kurash: tushkunlik hujum qilganida, uning qalbga kirishi va o‘rnashishiga
yo‘l qo‘ymaslik.

5) Mo‘tadil kayfiyat: yurak xotirjamligi va quvonchi manbaini topish va
qalbni u bilan sug‘orib yashash...

Navbatdagi sinov

Nima uchundir Gulruh “odamga qattiq sinov bir marta beriladi, men
baxtimni uzoq kutdim, shu uchun oila qurganimdan homilador bo‘laman”, deb
o‘ylardi. Lekin oila qurganlariga mana bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, hanuz bolalari
yo‘qligi ularni biroz o‘ylantirdi va ular shifokor huzuriga yo‘l oldilar. Shifokorlar
biri u dedi, biri bu dedi, xullas, hammasi joyida-yu, lekin nima uchundir bola yo‘q.
“Shunchasini bergan, qolganini ham beradi” deb Gulruhning umidsizlikka tushgisi
yo‘q, har holda, hali hammasi oldinda.

Gulruh kuni bilan ishi bilan band yuradi-yu, oqshomlari biroz farzand
haqida o‘yga toladigan bo‘ldi, ba’zan kundaligini varaqlab o‘qib, taskin topadi;
ba’zan ko‘ngilning yangi kechinmalarini bitadi: “Hayotimda tushkunlikka o‘rin
bermayman deb yashay boshlaganimdan, go‘yo hayotim boshqa yo‘nalishda
oqishni boshlab, o‘z yo‘liga tushib olgan edi-yu, lekin biror narsaga qaror
qilgandan keyin qaror ko‘p bor sinovdan o‘tar ekan. Agar sinovdan o‘ta olsa
mustahkamlanar, o‘ta olmasa, qular ekan, odam.

Mana, mening nima bo‘lganda ham qalbimda tushkunlikka o‘rin bermayman
degan qarorim ham qattiq sinovlarga duch keldi. Avvalo, farzandimiz yo‘qligi o‘yi
– xayol dalasidan daydi shamol kabi o‘ta boshladi. “Asosiysi, Yaratganni bilish,
qolgan hamma narsa bu dunyoda qolib ketadi. Foniy narsalar uchun qayg‘urish
yaxshimas”, yupatdim o‘zimni.

Lekin hayot davom etar ekan, har bir kishining hayotida sodir bo‘layotgan
voqealar uning bardoshini sinovdan o‘tkazaverar ekan. Gulruhning hayoti ham
bundan mustasno emas edi. Bu yili u ketma-ket kasallanib, betobligi qalb
muvozanatiga qattiq zarba bo‘ldi va tushkunlik bilan qat’iy kurashishiga to‘g‘ri

36

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

keldi. Shu vaqtgacha bilmagan ekan: jismoniy kasallik inson ruhiyatiga juda kuchli
ta’sir qilar ekan. Qalbida o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan qandaydir g‘ira-shira anduh,
umidsizlik paydo bo‘lganmi-ey?

“Hammasi joyida-yu, biroz shamolladim. Nima uchun bu qadar kayfiyatim
yomon?” – so‘raydi o‘z-o‘zidan.

“Ko‘zing tuzalmasa-chi? – savol keladi qayerdandir, – umrbod ko‘zing
ko‘rmasdan qolsa-chi?”

“Ey, Xudo asrasin-ey, – deydi, bir necha dorixonani izlab, bir amallab
topgan dorini ko‘ziga surtib. – Nasib bo‘lsa, tez kunlarda o‘tib ketadi. Ko‘zi
og‘riganlar kammi? Hech kim ko‘zyallig‘lanishidan ko‘r bo‘lib qolgani yo‘q-ku!”
Lekin bir oy o‘tadiki, ko‘zi tuzalmaydi.

“Sizda faqat konyuktiva emas, shox parda ham yallig‘langan. Shu uchun
shifolanishi cho‘zilyapti”, – deydi ko‘z shifokori va yana-da kuchli dorilar yozib
beradi.

Gulruh kayfiyatida yanada kuchliroq bosib sezadi. Bir ko‘zi g‘ira-shira
ko‘rsa, ikkinchisi tamomila yopilib qolgan. Yana kundaligini ochadi: “Shamollab
qoldim. Yoz bo‘yi goh tomog‘im, goh ko‘zim, goh qulog‘im, goh tishim og‘rib
bezovtalik oroliga surgun qildi. “Bu ham o‘tkinchi, ertaga ko‘rmagandek bo‘lib
ketaman”, dalda berdim o‘zimga...

Aksiga olib, shu kunlarda Sherzod ham yonida yo‘q edi. U keyingi kunlarda
qo‘shni shaharda turadigan bir o‘rtog‘ining uyini ta’mirlashga yordam berayotgan,
shu uchun kech qaytar, ba’zan o‘sha joyda yotib qolar edi.

Sherzodning ikkita qalin do‘sti bor edi: samimiy, Yaxshi odamlar. Kelishgan
bo‘yi-basti Sherzod bilan teng, xushsurat chehrasida moviy ko‘zlari bolalarcha
beg‘uborlik bilan chaqnab turadigan bir do‘sti bir o‘limdan qolgan. O‘ng soni
og‘rib yurib, uch kun shifoxonaga borib-kelgan, shifokorlar nima bo‘lganini
aniqlay olishmagan. To‘rtinchi kuni esa, harorati ko‘tarilib, yotib qolgach qornini
ochsalar, appenditsit ikki kun oldin yorilgan ekan. Shifokorlarning aytishicha, u
peritonitdan allaqachon o‘lishi kerak ekan, hanuz tirik ekanligi Xudoning mo‘jizasi
ekan. Xudoga aytgani bordir-da...

Ikkinchi do‘sti, Sherzoddan bir bosh baland, kelbatli odam. Yuz chizgilari
ham erkaklarga xos, qirra burun, keng peshonali, bug‘doy rang xushbichim odam.
Shu kunlarda, Sherzodning ikkala do‘sti bir vaqtda undan yordam so‘rab qolgan
edi. Bir do‘sti to‘yigacha uyini ta’mirlashga yordam so‘radi. Boshqa do‘sti uyida
isitkich quvurlarini almashtirib berishni so‘radi. Birinchi do‘stining to‘y sanasi
belgilangan, ikkinchi do‘sti ham yaqin kunlarda shifoxonaga yotishi lozim edi.
Sherzod to‘y sanasi belgilanganligi uchun tezroq yordam berish uchun oldin
birinchi do‘stinikiga ketdi. Yordamlashdi, shanba kuni to‘yini o‘tkazib keldi.

– Bir kun dam oling, – dedi Gulruh yakshanba kuni yo‘lga otlanayotgan
Sherzodga.

– Agar bugun bozorga chiqmasam, dushanba kuni bozor ishlamaydi,–dedi
Sherzod poyafzali bog‘ichini o‘tkazayotib, – sovuq kunlar boshlanmasdan
Po‘latning quvurini almashtirib beray, keyin bemalol dam olaman. Sog‘lig‘ining
mazasi yo‘q, yana sovuqda ahvoli og‘irlashmasin. Hozir uyiga kirib, kerakli
narsalarning ro‘yxatini tuzamiz, keyin chiqib birdan olamiz...

37

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Lekin biroz vaqt o‘tgach, Sherzod qaytib keldi.
“Uyida hech kim yo‘q, – dedi savolomuz tikilgan Gulruhga, – jarroh
ta’tildan qaytganidan ikkinchi operatsiyaga yotishi kerak edi. Shifoxonaga ketgan
shekilli. Telefoni ham ishlamayapti. Keyinroq yana qo‘ng‘iroq qilarman...”
So‘ng xonaga kirib, to‘shakka horg‘in cho‘zildi va qattiq uxlab qoldi.
Gulruh tishi og‘riyotganiga qaramay, do‘stlarimga vaqtida yordam beray deb
vaqtni qizg‘anib, tish shifokoriga borishni ham keyinga qoldirgan turmush
o‘rtog‘iga mehr bilan tikildi, qop-qora, mayin sochini siladi.
Sherzod dushanba kuni yana qo‘ng‘iroq qilib, kim bilandir suhbatlashdi-yu,
butun tanasi shalvirab, telefon tutgan qo‘li osilib qoldi.
– Tinchlikmi? – dedi oshxonadan chiqib kelgan Gulruh qalbi qandaydir
xatarni sezib.
– Po‘lat... olamdan o‘tibdi, – dedi Sherzod qandaydir mavhum tovush bilan.
Gulruhning ustidan sovuq suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Po‘latda
Shifokorlar saraton kasalligini aniqlashgan bo‘lishsa-da, birinchi jarrohlik
muvaffaqiyatli chiqqani, ikkinchisidan so‘ng hammasi yaxshi bo‘lishiga umidvor
qilganlari uchun hammalari uning shifolanib ketishiga amin edilar. Dabdurustdan,
bu xabar Sherzodning ham, Gulruhning ham qalbini muvozanatdan chiqardi.
Gulruhning ko‘z yoshlari guvillab to‘kildi. Sherzod esa qo‘llarini tizzasiga qo‘yib,
nochorgina o‘tirar, shu lahzalarda, uning qalbi xotiralar aro judolik, armon
to‘foniga bandi edi...
Taqdir o‘yinini qarang: Bir kishining ikki yaqin do‘sti. Ikkalasi bir vaqtda
yordamga muhtoj. Bir kunda biri uylanadi, boshqasi hayot bilan vidolashadi.
“Bunaqasi faqat kinoda bo‘lishi mumkin”, deydi Gulruhning qalbi. Lekin hayotda
Shunday bo‘lganida, juda qiyin bo‘lar ekan. Albatta, Sherzod yaqin do‘stining
olamdan o‘tganini bilganida unga to‘y tatimas edi. Lekin u kuyov jo‘ra bo‘lganligi
uchun, do‘stining hayotidagi eng baxtli kuniga hech nima soya solmasligi uchun
taqdir o‘lim xabarini vaqtida eshitishga yo‘l qo‘ymagandir? Katta shahar, atayin
xabar berilmasa, bexabar qolasan, kishi. “Yakshanba kuni hovlidan chiqardik, sizni
izlattirdik, lekin topa olmadik”, debdi do‘stining jiyani.
Mana, xastalikdan vaj olib, qalbiga hujum qilayotgan tushkunlikni qariyb
engganida yana bir zarba!
“Turmush o‘rtog‘im juda kuchli odam, ichlaridan nima o‘tayotgan bo‘lsa
ham menga bildirmayaptilar,–hislarini oqqa ko‘chiradi Gulruh, – Odamning
kayfiyati atrofdagilarga naqadar kuchli ta’sir etishini bilganliklari uchun u kishi
doim meni ruhiy zarbalardan asrashga harakat qiladilar... Lekin mening bo‘larim
bo‘ldi. Mening turmush o‘rtog‘im bu inson bilan birga yashagan, kunduzlari-yu
kechalari suhbatdosh bo‘lgan qalin do‘st edilar, men esa oila qurganimizdan so‘ng
bu do‘stlari bilan bir ikki bor suhbatlashgan va saxiyligining mevasidan totgan
edim.
Go‘yo yaqin kishimni yo‘qotgandek, xayolimda, dunyo bo‘shab qolgandek
tuyuldi. Mana, ikki kundan buyon shu azobli o‘ylar bilan kurashyapman. Aslida,
bu do‘stning ishlari boshqasinikidan muhimroq ekan. Aslida, bu do‘st dunyoga
mehmon bo‘lib turgan ekan. Albatta, endi unga quvurlar ham kerak emas. Lekin
turmush o‘rtog‘imning asosiy maqsadi u kishining oldida bo‘lib, betob damlarida

38

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

yonlarida bo‘lish, ko‘maklashish, hamdard bo‘lish edi...
Bu kunlar u kishiga bag‘ishlangan edi. Mana, o‘sha, u kishiga bag‘ishlangan

kunlar. Kun, vaqt, kuch bor-u, lekin u odamning o‘zi yo‘q. Ulgurmasang qiyin
ekan, kishi... Yaxshilar ketganda – atrof qanaqadir bo‘shab qolar ekan, hamma
narsa o‘sha-o‘sha, qandaydir jozibasini yo‘qotgandek. Shunisi achinarliki, atrof
endi hech qachon oldingidek bo‘lmaydi...

Yana tushkunlik bilan kurashyapman. Asosiysi, qalbga kirishiga yo‘l
qo‘ymaslik kerak. Bandamiz-da, ko‘nikishga harakat qilishim lozim...”

Agar Gulruh tushkunlikka qarshi kurashishga harakat qilmaganida, ancha
muddat tushkunlik oroli sohilida qolib ketishi muqarrar edi. Lekin nima bo‘lganda
ham, qalb muvozanatini saqlab qolishga intilayotgani uchun bir necha kundan
so‘ng halovat sohiliga chiqib oldi: “Shukur tushkun kayfiyatdan chiqib oldik. Ikki
kishiga bir kishidan ko‘ra oson bo‘lar ekan. Albatta, inson hayotida qandaydir
fojeaga duch kelganida, inson hissiyoti javob bermay tura olmaydi: tushkunlik
hissi bo‘ladi. Faqat bu tushkunlik hissi qalbga o‘rnashib, qolib ketishiga, qalb
muhitiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Tushkunlik dardi ilikni kemirayotgan
vaqtda ikki narsaga e’tibor berish kerak ekan:

1) Bu kunlar o‘tib ketishini bilish va shu uchun ozroq qalb iztirobiga chidash
kerak.

2) Tushkunlikni qalbga yo‘latmaslik, o‘zini chalg‘itishga harakat qilish
kerak”.

Kunlar o‘tib, varaq ostida jimjimador yangi qaydnoma paydo bo‘ldi:
“Men axiyri o‘zimni ozmuncha bo‘lsa-da angladim. Sog‘lig‘im, atrofimdagi
voqealar, ba’zan qandaydir mavhum narsalar tushkun kayfiyatga sabab bo‘lar
ekan. Shunda sog‘lig‘imni nazorat qilishim, betobligimda kayfiyatim buzilsa ham,
uning vaqtinchalik holat ekanini hisobga olib qayg‘urmasligim kerak. Sodir
bo‘layotgan voqealarda agar menga bog‘liq tomoni bo‘lsa ijobiy hal qilishga
harakat qilishim, menga bog‘liq bo‘lmasa, ko‘nikishim lozim. Mavhum narsalarda
Yaratganning panohida ezgulikka umid qilib yashashim lozim”.

Yangi marra

Gulruh betoblikdan xalos bo‘lib, ahvoli yaxshilangach ishga chiqdi.
U poliklinika bo‘sag‘asidan hatlaganidan ro‘yxatxonada o‘tirgan oq-sariqdan
kelgan, o‘rta bo‘yli yoqimtoygina qiz uni quvonchli hayqiriq bilan kutib oldi: – O-
o, bizning ko‘chamizda ham bayram bo‘lar ekan! Gulruh opa, mijozlaringiz sizni
so‘rayverib, meni garang qilishdi!

– Yaxshi gap gapiring, “garang” demang, so‘zda kuch bor! – javoban
jilmaydi Gulruh.

– Shu siz kelsangiz quvonib ketaman-da!–dedi qiz so‘zida davom etib, –
ba’zilarning kayfiyati ob-havoga o‘xshaydi. Bir kun yuzlarida quyosh porlasa,
boshqa kuni qovoqlaridan qor yog‘adi. Siz esa doim bir xilsiz.

Gulruh uning so‘ziga javoban jilmayib, xonasi tomon yo‘l olar ekan
ko‘nglidan: “Odamlar ko‘rinishingga e’tibor berishar ekan-da!” – degan fikr o‘tdi.
Albatta, uni bemorlarning uzun ro‘yxati kutib turar edi va u butun borlig‘i bilan

39

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

ishga sho‘ng‘idi...
Navbatdagi bemor shifokor huzurini tark etgach, Gulruh o‘zida biroz

charchoq sezdi. Ko‘ngli ayniyotgandek, behuzur bo‘layotgandek tuyuldi. Negadir,
keyingi kunlarda sog‘lig‘ining mazasi yo‘qroq, doim o‘zida zaiflik sezadi. Yoki
shamollashi to‘liq o‘tib ketmasdan, biror asorati qolganmikin?
Ish stolidan chap tomonda turgan tumbochka ustidagi grafindan suv quyib
ichgunicha navbatdagi ayol salom berib kirib, kushetkaga beozorgina cho‘kdi.
Egniga zamonaviy, ovro‘pocha bichimdagi ko‘ylak kiygan o‘rta bo‘yli, qomatdor,
qorachadan kelgan ayolning sochlari orqaga yig‘ishtirib turmaklangan bo‘lib, qalin
qoshlari ostidan siyrak mijjali qop-qora ko‘zlari ziyrak boqar edi. Ayol chamasi 40
yoshlarda bo‘lib, ko‘zlari, lablari atrofida ajinlar sezilar-sezilmas to‘r solgan edi.

– Men jiyanim masalasida keldim,–dedi ayol mahzun ovozda, – ikki yil
oldin opamni bekatda turganida eri va qo‘lida bir bolasi bilan mashina urib ketgan
edi. Undan birgina qiz yodgor qoldi. Shuni “o‘zim qizimdek katta qilay, opamning
ruhi shod bo‘lsin” deb o‘zimga olgan edim. Boshidan ko‘nikishi qiyin bo‘ldi.
Xonadan chiqmaydi, hech kim bilan gaplashmaydi, qo‘pollik qiladi, xullas, turgan
bitgani muammo. Keyingi kunlarda qarashi g‘alati bo‘lib qolgan, o‘ziga biror nima
qilib qo‘yishidan qo‘rqyapman.

– Avlodlaringda o‘z joniga qasd qilganlar bormi? – so‘radi Gulruh.
– Ha, – dedi ayol o‘ylab o‘tirmay, – bir necha yil oldin akasi 19 yoshida
o‘zini osib qo‘ygan edi. Keyin, oyisi, ya’ni biz tomondan ukam o‘zini o‘ldirgan;
dadasi tomondan, ammasi o‘zini o‘ldirgan.
– Sababini bilasizmi?
– Qaydam? Bo‘lar-bo‘lmas mayda sabablar. Ko‘plar: “Avlodingizda la’nat
bor”, eskichilik qilish kerak dedi. O‘qitdimam, folga bordimam, ahvol shu. Yana
birortasi o‘zini bir nima qilib qo‘ymasin deb hamma bolalardan xavotirlanib
yashaymiz. Keyingi kunlarda, jiyanim Sabina juda qo‘rqityapti. Yordam
bermasangiz o‘zini bir nima qilib qo‘yishi hech gap emas. Hech qayerga chiqishni
istamasligi uchun oldingizga o‘zim keldim...
Folbin so‘zi shifokorlik amaliyotini boshlagan vaqtidagi bir voqeani yodiga
soldi: O‘shanda Gulruh yozuv ruhlarga ishonmas edi. Lekin shifokor bo‘lsang,
hamma narsaga duch kelar ekansan, odam. Ruhiy kasalxonada o‘zini Gitler,
Madonna deb ataydiganlar mayli, bir kuni bir yoshgina qizni olib kelganlarida
ko‘rgan manzarasi bu masalaga boshqacha qarashga o‘rgatdi. 18 yoshlar chamasi
baland bo‘yli, qomatdor qiz oppoq, to‘lachadan kelgan yuzida biroz qisilib qolgan
ko‘zlari bilan atrofga ma’nosiz tikilib, irshayib o‘tirar edi. Uning atrofdagilar bilan
ishi yo‘qligi, tinimsiz beo‘xshov kulishi ruhiyati shikastlanganini ko‘rsatib turar
edi. “Tuppa-tuzuk qiz edi, – dedi ota-onasi kuyinib, – o‘qish joyida kiyim
qoldiradigan joydan narsalar yo‘qolavergani uchun dugonalari bilan folbinga
boribdi. Nima bo‘lgan, nima qo‘ygan bilmayman, o‘sha joyda ichiga allambalo
kirib olibdi. Endi olib bormagan joyim, ko‘rsatmagan odamim qolmadi, yovuz
ruhni chiqara olmayapmiz”.
Gulruh bunday masalalardan bexabar bo‘lganidan ota-onaga ishonqiramay
qaradi. “O‘zlarining aqllari joyida bo‘lsami? – fikr o‘tdi xayolidan, – shunchaki,
ruhiy xastalikni qandaydir yovuz ruhlarga yo‘yib...”

40

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Lekin sir boy bermadi. Shifokor hatto ruhiy kasallarga ham
ishonmaganliklarini ko‘rsatmasligi kerak. Aks holda, bemorlar ham shifokorga
ishonmay qo‘yishadi. Ko‘nglidan kechayotganimni sezib qolmasliklari uchun stol
burchagida o‘tirib, qog‘ozga nimalarnidir chizib o‘tirgan qizga, so‘ng u
chizayotgan rasmga qarab: “Nimani chizayapsiz?” – dedi uni gapga tortish ilinjida.
Shunda shtrix shaklida chizilayotgan rasmdagi barvasta qomatli, erkak shaklidagi,
yuz qiyofasi va lo‘qqillagan ko‘zlarida vahshiylik aks etgan maxluqlarga ko‘zi
tushdi. Ichidan shuvillab sovuqlik o‘tgandek bo‘ldi, yuragi orqaga tortdi.

“U ichidagi odamlarni chizadi, – uning o‘rniga javob berdi oyisi, – ular
tanasida yurishini ko‘rishingiz mumkin, ana qarang, bir qo‘li shishayapti, ular
hozir shu erda, keyin yana qoringa o‘tadi, keyin oyoqqa”.

U o‘z ko‘zi bilan buni ko‘rib, qalbini mavhumlik qarshisida dahshat
qamradi, xonadan qochib chiqib ketgisi keladi. Lekin qo‘rquvni ko‘rsatmasligi
kerak edi. “Ey, Xudo, o‘zim aqldan ozmasam bo‘ldi...” – dedi ichida.

Buni eslab, ayolga bir nima demoqchi bo‘ldi-yu, folbinga borish xalq
madaniyatiga singib ketgani, unga murojaat qiladiganlarning deyarli barchasi oldin
folbinga borgan bo‘lishiga odatlanib qolgani uchun bemorni ko‘rmasdan xulosa
chiqarmaslikka qaror qildi. U ayol bilan birga xizmat mashinasiga o‘tirib, Darxon
tomon ketdi. Mashinada yana ko‘ngli behuzur bo‘ldi, boshi aylangandek bo‘ldi,
lekin ahamiyat bermaslikka harakat qildi.

Ayol sahni marmar plitalar bilan qoplangan hovlidagi chiroyli g‘ishtin
imoratga boshlab, chap qo‘ldagi xonaga taklif qildi. Xona to‘rida bir kishiga
mo‘ljallangan divan bo‘lib, uning quyirog‘ida kiyim javoni, o‘ng tomonida esa
kitob javoni va stol-stul bor edi. Xona devorlari moviy rangga bo‘yalgani va oppoq
harir pardalardan quyosh nuri tushib turgani tufayli yorug‘ bo‘lsa-da, unda
qandaydir mavhum, sirli, yoqimsiz muhit hukm surar, uni qandaydir qora kuchlar
mahv etgandek tuyular edi.

Gulruh divan yonida hissiz o‘tirgan qizga qaradi. 14 yoshlar chamasi, kichik
jussali qiz eshik ochilganini eshitib bir qarab qo‘ydi. Uning maysa kiprikli, bodom
qovoqko‘zlari biroz qizargan bo‘lib, o‘ng ko‘zi ostida jajji xoli bor edi.

– Qizim, bu kishi psixolog shifokorlar. Bir suhbatlashib olsang yordam
berarmikin deb olib keldim.

Qiz divanga qaragancha, indamasdan o‘tiraverdi. Gulruh unga xijolat bo‘lib
qaragan ayolga “hech qisi yo‘q”, deb imo qildi. Ayol chiqib ketdi, Gulruh esa kelib
qizning oldiga cho‘kdi. U yerdan, bu yerdan savol bergandek bo‘ldi, qiz istab-
istamay javob berdi.

– Men hech nimaga ishonmay qo‘yganman, – dedi Sabina shifokorning
maqsadini anglab. Uning ko‘zlaridan tirqirab yosh keldi, – hammaning hayoti
hayot-u, meniki do‘zax. Atrofimni murdalar o‘rab olgan. Men qaysi dunyoda
yashayotganimni hatto o‘zim bilmayman. Qaysi dunyo chinligini ham bilmayman.
– U biroz tin olib, yana davom etdi. – Akam o‘zini o‘ldirganida oyim bilan
bormagan joyimiz qolmagan edi. Endigina o‘zimizga kelayotgan, ayriliq dardini
unutayotgan edik... Hammalari bir kunda... – Qiz kaftlari bilan yuzini to‘sib,
o‘kirib yig‘lab yubordi. – Men buni ko‘rdim, tushunasizmi? Hammasi ko‘z
o‘ngimda sodir bo‘ldi. Men charchaganim uchun bekatda o‘tirgan edim. Dadam

41

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

bilan oyim yo‘lovchi mashina to‘xtatarmiz deb yo‘l bo‘yiga chiqqan edilar.
Birdaniga burilish boshida katta tezlikda kelayotgan mashina ko‘rindi-yu... oldin
oyimni, keyin dadamni urib yubordi. Oyim qo‘llaridagi ukacham bilan yo‘l chetiga
otilib ketdilar, dadamni esa mashina ancha joygacha sudrab ketdi... Hech kim, hech
narsaga ulgurmadi. Men karaxt bo‘lib qolgan edim. Ko‘zlarimga ishonmas edim.
Bir mahal o‘rnimdan turib ukamga yugursam, u yo‘l chetida qimirlamay yotar edi.
Keyin oyimni turg‘izmoqchi bo‘ldim. U kishi ham turmadilar. Men yordam so‘rab
qichqira boshladim. Lekin ...birortalarini qutqarishning iloji bo‘lmadi... butun bir
oilamdan ...bir o‘zim qoldim. Oilalarni ko‘rganimda... Mening aybim nima? Nima
uchun men butun oilamdan judo bo‘ldim?”...

“Jiyaningiz boshiga kelgan yo‘qotishlardan hali o‘nglanolgan emas, – dedi
Gulruh chiqib ketarkan, savolomuz tikilgan ayolga, – tiklanish jarayoni uzoqroq
ketishi mumkin. Lekin hislarini qamamasdan to‘kib-solayotgani yaxshi alomat”...
Sabinani uyda qarashga qarashga qaror qilgan Gulruh uch to‘rt kunda bir
ularnikiga qatnaydigan bo‘ldi.U uyga parishonxotir holda qaytarkan bir tomondan
bechora qizning ayanchli taqdiri o‘yi qalbini larzaga solsa, boshqa tomondan
ko‘ngli aynib, bezovta qilar edi...

– Akangiz nima uchun o‘zini o‘ldirganini bilasizmi? – so‘radi shifokor
kelgusi daf’a uchrashganlarida.

Sabina yo‘q ma’nosida boshini silkitdi: – Yarim yilcha oldinroq ham
erto‘laga kirib o‘zlarini osgan edilar, oyim ko‘rib qolib echib olgan edilar.
Bo‘yinlari anchagacha ko‘karib yurgan edi. Ikkinchi marta ulgurmadik.

– Sizga ham shunday fikrlar keladimi? – navbatdagi savolni berdi shifokor.
– Yo‘q, – dedi Sabina. Lekin ko‘zini olib qochganidan u aldayotgandek
tuyuldi.
– Albatta, sizning taqdiringiz ko‘pchiliknikidan ayanchliroq, – dedi shifokor
uni tushkunlik dunyosidan olib chiqishga urinib, – lekin hayotda siznikidan ham
mudhishroq taqdirlar uchrab turadi. Kimki taqdirga ko‘nikib, o‘z oldiga maqsad
qo‘yib yashay boshlasa, ajoyib kunlarga chiqib olishi mumkin. Bekorga “yomon
kunlar ortda qolgan bo‘lsin”, deyilmaydi-ku.
– Menga oilamsiz hayot kerak emas, – dedi Sabina qalb yarasi tirnalib.
– Oilangiz-chi? Agar ota-onangiz bo‘lganlarida sizga nima degan bo‘lar
edilar?
– Bu haqda o‘ylashni ham istamayman...
...Gulruh Sherzodni kutib ko‘zi ilingan ekan, ertalab ko‘ngli aynib uyg‘ondi.
Og‘zida qandaydir taxirlik sezib, boshi ham aylanayotgandek edi. “O‘t xaltamda
muammo borga o‘xshaydi”, – xayolidan kechdi uning. – Bir hifokorga borsammi?
UTTga yuborsa kerak. Oilali, o‘zini homiladorlikdan asramayotgan ayolni birinchi
o‘rinda homiladorlikka tekshirib ko‘radilar. Shifoxonaga borib, keyin o‘zimni
homiladorlikka tekshirgandan ko‘ra, bir yo‘la test bilan o‘zimni tekshiray, keyin
ko‘ngil xotirjam boraversam bo‘ladi. ”
Farzandga intizor bo‘lganidanmi, yoki oxirgi kunlarda tez-tez mazasi
bo‘lmayotganidanmi, ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi holatlari unda tez-tez bo‘lib
turar, shuning uchun ortiqcha orziqmaslik uchun bu alomatlarga e’tibor bermay
qo‘ygan edi. Unda har oy homiladorlikning deyarli hamma belgilari bo‘lar,

42

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

faqat ...homiladorlikning o‘zi yo‘q edi. Baribir, har ehtimolga qarshi, uyida
homiladorlikni aniqlash testini saqlar edi. Hozir borib, testni ochdi-da tekshirdi.
Tekshiruvni hech qanday hissiz boshlagan bo‘lsa-da, harakati jarayonida, ichiga
odatiy yoqimli titroq paydo bo‘ldi: “Qani edi, bu daf’a bo‘lgan bo‘lsa edi”. Natija
paydo bo‘lgancha nafasini ichiga yutib, qariyb o‘z yurak urishini eshitib kutdi:
qaraganida, testda ikkita yo‘g‘on chiziqcha turar edi. Gulruhning ko‘ngli hapriqdi,
bo‘g‘ziga bir nima tiqilib kelgandek bo‘ldi, yugurib kelib hali dam olayotgan
Sherzodning elkasidan turtdi-yu, shunday to‘shak chetida so‘zsiz qotdi.

“Tinchlikmi?”–dedi uyqusirab Sherzod. Gulruh esa karaxt bo‘lib qolgan,
so‘zsiz erga qarab o‘tirar edi. Uning parishonxotir ahvolidan sergaklanib,
Sherzodning uyqusi qochdi va to‘shakda turib o‘tirdi: “Tinchlikmi, deyapman?”
Gulruh unga boshini ko‘tarib qaradi, uning ko‘zlari yoshga to‘la edi: “Men...
men... biz... Sherzod aka”. Nima uchundir Sherzod hammasini so‘zsiz tushundi:
“Nahotki? Xudoga shukur, ming qatla shukur. Ming qatla shukur!” Ular bir-
birlarini quchoqlab, sevinch ko‘z yoshlari to‘ka boshladilar...

Bir kunda, bir lahzada hamma narsa o‘zgarib ketdi. Gulruh o‘zini tamomila
boshqa odamga aylangandek his qildi. Sherzod akasi ham butunlay boshqa
odamdek edi. Ularning munosabatlarida, so‘zlarida qandaydir boshqacha iliqlik,
yaqinlik paydo bo‘lgan, bir-birlarini qo‘ygani joy topa olmas edilar. Ota-ona
bo‘lish hissi odamlarni shu qadar o‘zgartirishini Gulruh tasavvur ham qilmagan
edi. Buni faqat boshidan o‘tkazganlargina bilishsa kerak...

Yengilish

– Bilasizmi? – dedi Sabinaning xolasi shifokor navbatdagi gal kelganida, –
ba’zan maktabga ketganida xonani tozalab qo‘ygani kiraman. Xuddi xonada
kimdir yurgandek, kimdir menga qarab turgandek bo‘ladi. Uni bir necha marta
hovlining biz turgan qanotiga ko‘chirmoqchi bo‘ldim. Sira unamaydi. Hovli
to‘ridagi yakka xonada bir o‘zi yotadi. Tuni bilan yuragimni hovuchlab yotaman.

– Balki sizga kimdir bordek tuyulgandir?
– Balki, – dedi ayol boshini gunohkorona egib, – lekin ikki, uch marta
qiyofasini ham ko‘rganman. Bir mo‘ysafid chol. Pol g‘ijirlashini ham eshitaman,
ba’zan eshik o‘zi yopilib ketadi.
Gulruhning eti junjikib, g‘oz terisi kabi kerishgandek bo‘ldi, yuragi orqaga
tortdi. Lekin o‘zini qo‘lga olishga harakat qilib, sir boy bermadi. Xayolidan: “Bu
erda yozuv ruhlarning ham ishtiroki bor, shekilli”, degan fikr o‘tib, dilidagini tiliga
ko‘chirdi: – Bu okkultizm bilan shug‘ullanganingizning oqibati bo‘lishi mumkin.
– Nima u, okkultizm deganingiz? – so‘radi ayol.
– Masalan, o‘lganlarning ruhini chaqirish, yoki folbinga borish.
– Albatta, kerak bo‘lganda unisiniyam qilganmiz, bunisiniyam, – dedi ayol
xijolatomuz ohangda, keyin o‘zini oqlash uchun qo‘shib qo‘ydi, – xalqimizda
“folga ishonma, folsiz ham turma”, degan maqol bor-ku.
– Bu maqolni Xudo aytgan emas-ku, nega unga haqiqatdek ishonasiz? – dedi
shifokor.
Ayol hech qachon bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanmi, nima deyishini

43

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

bilmasdan jim qoldi.
Shifokor so‘rashda davom etdi: – Agar Xudo folbinga qarshi ekan, nima deb

o‘ylaysiz, U sizni folbin orqali duo qiladimi?
– Menimcha, yo‘q.
– Boz ustiga, U qarshi bo‘lgan ishni qilganingiz uchun sizni jazolashi

mumkinmi-yo‘qmi?
– Mumkin, – dedi bu mavzuda ilk bora o‘yga tolgan ayol.
– Nima uchun shuni bila turib yana folbinga borasiz? Ko‘pchilikning

muammolar botqog‘ida yashayotganining bir sababi Xudoga itoatsizligidir?
Ayol aybdorona bosh egdi...
...Sherzod uyga kelganida, Gulruh oqshom chog‘i derazadan tushib turgan

nurgina yoritib turgan g‘ira-shira qorong‘u xonada kursida chuqur o‘y og‘ushida
o‘ltirar edi. Eshik ochilib, eri kelganini u deyarli payqamadi ham.

– Tinchlikmi? – dedi stol ustiga sumkasini qo‘yayotib Sherzod.
Gulruh birdan seskanib ketib, yalt etib Sherzodga qaradi-da:

– Assalom alaykum, – dedi o‘rnidan turib. So‘ng oshxonaga yo‘l olarkan
yo‘l-yo‘lakay so‘radi: – Yaxshi borib-keldingizmi? Qorin qalay? Choy qo‘yaymi?

– Hammasi joyida, – dedi Sherzod divanga o‘tirib, kerilarkan, – o‘zingiz
parishonxotir ko‘rinasiz?

Gulruh oshxonada ovqatning, choyning tagini yoqib, xonaga qaytib keldi.
Keyin sekingina Sherzodning yoniga cho‘kib o‘tirdi. Sherzod unga savolomuz
tikilib turardi.

– Bugun Sabinalarnikiga borgan edim, – dedi Gulruh qayg‘uli ovozda, –
uylarida g‘alati ishlar sodir bo‘layapti.

Keyin Sherzodga bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi. Uning hikoyasi Sherzodga
qattiq ta’sir qilib, kutilmaganda keskin so‘zlay boshladi: – Menga qarang,
bularning bolamizga ta’sirini tushunasizmi-yo‘qmi? Siz shifokor, bu narsalarni
mendan ko‘ra yaxshiroq bilishingiz kerak emasmi?

– Bilaman, lekin...
Ertasi kuni Gulruh ayolni ishxonasiga chaqirtirdi.

– Men psixolog shifokorman, – dedi savolomuz tikilgan ayolga, –
psixologiya, psixiatriyadan xabarim bor. Lekin ruhiy dunyo men uchun yopiq
kitob. Men u sohaga aralashishni ham istamayman. Ilm-fan yovuz ruhlarning
odamga ta’sirini inkor qiladi, chunki ular jismga ega emas. Men sizning
vaziyatingizda yovuz ruhlar aralashganidan bexabar edim, bu holatda men yordam
berishga ojizman.

– Lekin siz jiyanimga qarashga va’da berdingiz! – dedi ayol cho‘kayotgan
odam xasga chirmashganidek shifokorning o‘z so‘zida turishiga umid qilib.

– Tushuning, men jiyaningizga qarashga istamaganim uchun emas, yovuz
ruhlarni quva olmasligim uchun bu ishdan voz kechayapman.

– Men-chi? Men qaerga boray? Hech qursa, biror yo‘lini birga izlaylik!
“Hech qachon, hech nimani chuqur o‘ylab ko‘rmasdan, shoshib va’da berish
kerak emas,–xayolidan o‘tdi Gulruhning, – mana, men ham o‘z so‘zimdan ilindim.
Bundan keyin, ilk taassurot ostida va’da bermaslikka qaror qilaman”...
Gulruh nima qilish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishga va’da berib ayol

44

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

bilan xayrlashdi. O‘ylab esa o‘yiga eta olmas edi. Odam bilmagan soha- koinot
qadar bepoyon bo‘lar ekan: qaerga boryapsan, nimani izlayapsan, bilmaysan odam,
xayol oqimida oqaverasan, oqaverasan... Axiyri, yovuz ruhlar aralashganida faqat
Xudoning shafqatiga umid qilish mumkin, degan xulosaga keldi...

– Avvalo, Xudoga noma’qul ishlaringiz uchun tavba qilib, boshqa ularni
qaytarmaslikka qaror qiling, – dedi ertasi kuni Sabinalarnikiga kelganida, – keyin
uyingizni har qanday okkultik narsalardan tozalang. Biz nimani hayotimizga
yo‘latsak, o‘sha ustimizdan hokimlik qila boshlaydi. U ketishi uchun unga tegishli
hamma narsadan xalos bo‘lishimiz kerak.

Ayol ohista o‘rnidan turib ichki xonaga kirib ketdi va oq ro‘molga o‘ralgan
bir narsa olib chiqdi.

– Bu nima? – dedi shifokor qo‘liga olayotib.
– Oching, ko‘rasiz, – dedi ayol.
Uni tutib turar ekan, Gulruh qandaydir sirli, vahimali narsa ekanligini
ko‘ngli payqab eti junjikdi. Keyin uni astagina ochib ichiga qaradi. Ochgan
lahzasida, go‘yoki ro‘mol ichidan qandaydir sovuqlik chiqib ketgandek bo‘lib,
xonani qopladi. Ro‘molcha ichida novdalardan yasalgan yog‘och odamcha bor edi.
Uning boshi novda po‘stlog‘ini o‘rab yasalgan bo‘lib, bu bosh ham, yog‘och qo‘l,
oyoqlar ham yog‘och tanaga oq surf mato bo‘laklari bilan bog‘langan edi.
– Bu nima? – yana bir bor so‘radi Gulruh, qalbi esa, shu lahzada, dahshatdan
taka-puka, ichida: “Xudojon, o‘zing asra”, – deb Parvardigorga so‘zsiz murojaat
qilar edi.
– Ota-onasi o‘lganida folbinga borgan edim. Folbin shuni yasab berib,
“qabristonga olib borib ko‘ming, shunda kasofat qaytib kelmaydi”, – degan edi.
Men esa olib borib ko‘mishga hafsala qilmadim, bir jihatdan qo‘rqdim.
Gulruh qo‘lidagi qo‘g‘irchoqni shaxd bilan sindirib tashladi. Keyin hovliga
olib chiqib yoqdi...
– Qo‘rqmang, – dedi Gulruh dir-dir titrayotgan ayolga, – Xudo faqat Unga
itoat qilishni va Undan qo‘rqishni buyurgan. Uning izmida yashar ekanmiz,
bunday narsalar bizlarga ziyon etkaza olmaydi...
Shunday desa-da, o‘zi qo‘rquvdan dir-dir titrayotgan barmoqlarini
yashirishga harakat qilar edi...
O‘sha lahzadayoq muhit qandaydir yengillashgandek bo‘ldi. Lekin
Sabinaning ahvoli o‘sha-o‘sha qolaverdi. Qaytanga u qandaydir ruhiy mavjudotlar
haqida ko‘proq gapirar, go‘yoki ular bilan ovunayotgandek edi. Ular haqida goh
qo‘rqib, goh zavqlanib so‘zlab berayotganida ko‘zlarida qandaydir yovuz nur
yongandek bo‘lar edi. Bundan shifokor bir jihatdan qiz uchun qo‘rqsa, boshqa
jihatdan, qandaydir mavhumlik uni o‘z iskanjasiga tortayotgan edi...
Albatta, uning qalb kechinmalari Sherzodning ziyrak nigohidan pinhon qola
olmas, xotinining bu uygako‘rikka borishi unga tobora yoqmay borayotgan edi.
Bu daf’a sodir bo‘lgan voqeani eshitib, Sherzod bir lahzada go‘yoki avjiga chiqqan
yong‘indek chirsilladi: Vaziyat mushkul, sirli bo‘lsa, yana qiz ham o‘jar,
o‘zgarishni, hayot uchun kurashishni istamaydigan bo‘lsa, o‘zingizni keraksiz
xavfga qo‘yib yurguncha o‘sha joyga bormay qo‘ya qolsangiz bo‘lmaydimi? Kerak
bo‘lsa, boshqa shifokorga murojaat qilishadi! Menga qarang! Menga sog‘lom xotin

45

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

bilan sog‘lom bola kerak! Keraksiz ruhiy zarbalardan o‘zingizni o‘zingiz asray
olmas ekansiz, bulardan sizni men asrashga majburman! Bundan keyin bu
qiznikiga bormaysiz ham, uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermaysiz ham!
Davolanishni istamaydigan bemorni deb bolamni xavfga qo‘yishni istamayman.
Agar bamaslahat ish qilmasak oila oila bo‘lmaydi! Gap tamom!

– O‘zimning ham boshqa borish istagim yo‘q, – dedi Gulruh horg‘in, – qiz
ruhiy dunyoda allakimlar bilan gaplashadi, unga shu yoqadi. Xolasiga vaziyatni
tushuntirib, men hech qanday yordam bera olmasligimni aytdim. Istashsa, boshqa
mutaxassis topishadi.

Shu kuni u ilk bora engilganini o‘ziga tan oldi. Keyin uzoq vaqt davom
etgan ham ruhiy, ham jismoniy toliqishdan dong qotib uxlab qoldi.

Qaltis vaziyat

...Yarim tunda telefon jiringladi. Gulruh telefon oynasida paydo bo‘lgan
raqamlarga qarab, Sabinalarning uyi ekanini bildi. Telefon jiringidan uyg‘onib
ketgan Sherzodga qaradi-yu, bir yutinib, javob nuqtasini bosishga jur’at qila olmay
jim yotaverdi. Telefon tinimsiz jiringlardi. U joyidan qo‘zg‘alib, to‘shakda o‘tirdi,
sasi chiqmasa-da ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kildi. Bir lahzada, ularning
ikkalovlarining ham yuraklariga nimadir bo‘lgan degan fikr kelib, Sherzod
telefonni qo‘liga oldi: – Allo?

Erkak kishi olishini kutmagan ekanmi, telefon qiluvchi sukut saqladi.
– Allo, eshitaman! – dedi Sherzod bezovta qilganlari malol kelganini bildirib
qo‘ymoqchi bo‘lib qat’iy, tahdidli ohangda.
– Salom, yarim tunda bezovta qilganim uchun uzr, – titroqli, tahlikali ayol
ovozi eshitildi telefondan. – Zarur bo‘lmasa, bezovta qilmasdim. Gulruhxonning
juda yordamlari kerak bo‘lib qoldi.
Sherzodning ko‘nglidan “Buncha odamzod xudbin. Faqat o‘z manfaatini
o‘ylaydi”, degan fikr o‘tdi:
– Xotinim homilador ekanini bilasiz-ku! – dedi yanada qat’iy ohang bilan.
– Bilaman, agar zarur ish bo‘lmasa bezovta qilmas edim, – uzr so‘rovchi
ohangda davom etdi ayol, – Sabina o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Shunday
ko‘nglim bezovta bo‘lib xonasiga kirsam, isitgich batareyaning yuqori trubasi
devorga qadalgan joyiga arqon o‘tkazib o‘zini osibdi. Xirillab, titrab yotibdi. Dod
deb quchoqlab, dadasi kelgunicha ko‘tarib turdim. O‘ziyam o‘larim bo‘ldi. Skoriy
chaqiray desam, dedasi “tez yordam chaqirsa milsabozlik bo‘ladi. Bizlarni
ayblashadi. Tez yordam chaqirsanglar, bu ko‘rnamak qaytib dargohimga qadam
bosmasin”, deyaptilar. Gulruhxon ahvolni boshidan bilganlari uchun umidlanib...
Ayol piqillab yig‘lab yubordi. Tun sukunatida telefon ovozi jaranglab chiqqani
tufayli hamma gaplarni eshitib turgan Gulruhning eti junjikdi.
– Ozroq kuting, biz hozir etib boramiz, – dedi Sherzod ayolga va o‘rnidan
turib ketdi.
Keyin: – Kiyining, tez etib borish kerak, – dedi nima qilishini bila olmay
karaxt bo‘lib qolgan Gulruhga.
Unga qarab, xunuk xabarni birdan aytib yuborganlaridan pushaymon bo‘ldi:

46

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Tinchlaning, – dedi xotinini mehr bilan bag‘riga bosib, – bolamizni
o‘ylang. Sabina tirik, bo‘lmasa sizni chaqirishdan nima foyda?

...Ular uyga yetib kelganlarida bo‘ynidagi arqon izlari qizarib turgan
Sabinaning og‘zidan ko‘pik chiqar, tinmay yig‘laganidanmi, bo‘g‘ilganidanmi yuzi
qizarib ketgan edi. U tinimsiz: “Tinch qo‘yinglar meni, yashashni istamayman,
men hech kimga kerak emasman”, – der, atrofga olazarak qarab nimanidir izlar,
hech nima topa olmay o‘zini chimdalar, urar edi.

“O‘zingizni bosing”, – dedi Gulruh kirganidan qat’iy ovozda.
Sabina go‘yo uni payqamasdan, yig‘lashda, chetlanishda, o‘zini urishda
davom etdi. Gulruh shaxd bilan uning ikkala bilagidan ushladi: “Bas qiling,
dedim!” Tun qo‘ynida uning ovozi barcha xonalarga aks-sado berib tarqalgandek,
hammaning diqqatini o‘ziga tortgandek bo‘ldi. Buni go‘yo Gulruhgina
payqamasdan, birdan yig‘idan to‘xtagan Sabinani koyib so‘zlashda davom etdi:
“Nima hayotga mas’uliyatsiz kelib, mas’uliyatsiz ketmoqchimisiz? Singlimning
ruhi shod bo‘lsin, nasli qolsin deb katta qilayotgan xolangiz qarshisidagi
burchingiz-chi? Mayli, shahar olib bermang, oyda, yilda ikkita non, yarim kilo
shirinlik olib kelib, ko‘rib ketish qarzingiz bormi-yo‘qmi? Sizni ota-onangiz ne
orzuda dunyoga keltirishgan! Ular qarshisida avlodingizni davom ettirish qarzingiz
bormi-yo‘qmi? Hayot sizga yashashingiz uchun sharoit yaratib berdi, siz ham
hayot gullab-yashnashi uchun o‘z hissangizni qo‘shish qarzingiz bormi-yo‘qmi?
Qachongacha xudbinlarcha yashaysiz?”
Keskin chora kutilmaganda kor qilib, Sabina birdan bo‘shashdi. Keyin
Gulruhga o‘tingannamo tikilib: – Menga yordam bering. Men hammasidan
charchadim, – dedi. Gulruh biroz tikilib turdi-da, unga rahmi kelib bag‘riga bosdi.
– Meni opam chaqirayapti, – dedi Sabina, oddiy gapni aytayotgandek sokin
ohangda.
Uning bu so‘zidan Gulruh xavf arimaganini his qildi-da, uni bag‘ridan
bo‘shatib ko‘zlariga qaradi: – Siz nima deb o‘ylaysiz? Opangiz sizni yaxshi
ko‘radimi?
– Ha, – dedi undan ko‘zlarini uzmay Sabina, – Shu uchun “dunyoda yolg‘iz
qiynalib yurma”, – deb chaqirayapti.
– Nima deb o‘ylaysiz, sizni yaxshi ko‘rgan odam sizning aqldan
ozishingizni, yoki nogiron bo‘lib qolishingizni, yoki do‘zaxga borishingizni
istaydimi?
Sabina birdan seskanib ketdi, ko‘zlarida dahshat aks etib: – Yo‘q, – dedi
bosh silkitib.
– Kim sizga gapirayotganini shundan bilib olavering, – dedi Gulruh qat’iy
ovozda, – odam o‘lganidan keyin uning ruhi atrofda aylanib yurishi bu bizning
dinimizning ta’limoti emas, bu “Spiritizm” degan dindan kelib chiqqan. Bizning
yerimizda odamlar turli davrlarda turli dinlarga sig‘inganlari uchun har bir dindan
ma’lum element saqlanib qolgan. Aslida, odam o‘lganidan so‘ng uning tanasi
qabrga boradi, joni esa bu dunyoni tark etadi. Odamlar o‘lganlarning ruhlarini
chaqirganlarida, ularga is chiqarganlarida va ular atrofda yurganlariga
ishonganlarida esa shu ishonchlari orqali yovuz ruhlar harakat qila boshlaydi.
Albatta, ular odamni boshqarish uchun ular kutgan odam qiyofasida ko‘rinishi

47

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

mumkin.
Eshitgan gaplaridan Sabina esankirab qolgan, Gulruh esa “oxiri zamon bu

qiz to‘g‘ri gapga kirarmikin?” – deb hadiksirab qarab turar edi.
– Boshim qotdi, – dedi Sabina boshini ushlab, – hammasi alg‘ov-dalg‘ov

bo‘lib ketdi. Nima qilishimni bilmayman.
– Ruhlarni chaqiruvchilarga, folbinlarga borganingiz uchun tavba qiling.

Keyin yashashga qaror qiling, – dedi Gulruh qat’iy, – hayot insonga bir borgina
beriladigan tuhfa. Bu tuhfani nima qiladi: avaylab, asrab, ko‘rgan havas qilgudek
mazmunli yashab o‘tadimi, yoki undan voz kechib, lahatga uloqtiradimi, odamning
o‘zi hal qiladi! Hozir bir yutum havo so‘rab shifoxonalarda hayot uchun
kurashayotganlar qancha, shu lahzada, o‘lim bilan yuzlashib, hayot bilan og‘riqli
vidolashayotganlar qancha, millionlab pul to‘lab sog‘lig‘ini sotib olayotganlar
qancha, sizga esa bu in’om bepul berilgan. Ma’lum vaqtdan keyin yashashni
istasangiz ham o‘lishga majbursiz. Shu uchun yashash imkoniyati bo‘lganida
yashash kerak. Yashaganda ham mazmunli, chiroyli, baxtli yashashga harakat
qilish kerak...

Tong pallasi uyga horg‘in qaytisharkan, Gulruh eriga mamnun jilmayib
qo‘ydi: “Shukur, qaltis davr ortda qoldi. Albatta, uzoq mehnat endi boshlanadi-yu,
har holda, endi yashashiga umid bor. Men endi bunday bemorlar bilan ham
ishlashdan qo‘rqmayman...”

2013 yil,
avgust-oktyabr.
BAHOR EPKINI

Ona yer bag‘rini ilitib, dov-daraxtlar po‘stini turtib, butun tabiatni qish
uyqusidan uyg‘otib kelgan bahor, go‘yoki Shahzodaning ham qalbiga ko‘chgan
edi. Cheksiz adirlarda gilamdek to‘shalib, lovullayotgan lolalar kabi uning borlig‘i
ham ishq o‘tida yonar edi.

“U kishi menga sovchi yubordilar, – der edi u o‘z-o‘ziga tinimsiz, u kishi
menga sovchi yubordilar”.

Ishxonasiga pardek uchib borib kelarkan, go‘yoki baxtidan boshi aylanardi.
“Baxtimdan o‘rgilay, der edi o‘z-o‘ziga, Bahrom akani uchratdim... yana
diplomim yo‘qligiga qaramasdan, men kutubxonachi bo‘lib ishlayotgan maktabda
biologiyadan dars o‘tishimga ruxsat berishdi, albatta, bu vaqtincha, mutaxassis
yo‘qligi tufayli, lekin o‘zim ham o‘qishga kiraman, bu yil nasib bo‘lsa albatta
o‘qishga kiraman, keyin bemalol, mutaxassis kelsa meni bo‘shatishlaridan
cho‘chimasdan ishlayveraman...”
So‘ngra fikri tabiiy ravishda yana sevgilisiga ko‘chdi. “Bunchalar kelishgan
yigit. Bahrom aka. Hech kimga o‘xshamaydilar. Orzuimdagi yigit...”
Shahzoda Bahrom bilan bir sinfdoshinikida tanishib qolgan edi. Aslida,
Shahzoda Nozimalar nikiga borganida, o‘rta bo‘yli, qo‘y ko‘zlari sirli boqadigan,
tabassumi go‘zal chehrasiga yarashib turadigan Shahzodani orqa hovlida
Nozimaning akasi bilan suhbatlashib o‘tirgan Bahrom payqagan, keyin
Nozimadan: “Dugonang bilan tanishtirib qo‘y”, deb iltimos qilgan edi.
Nozima Shahzodalarning ko‘chasiga kelib, u bilan suhbatlashib turganida

48

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

baland bo‘yli, keng yag‘rindor, kiyimi sportchilarnikiga xos baquvvat tanasiga
yarashib turgan, qalin qoshlari ostidan maftunkor ko‘zlari ma’noli tikiladigan
xushsurat Bahrom ko‘cha burimidan chiqib kelgan edi.

Odam sasini eshitib Nozima orqaga burilgan va Bahromni ko‘rib,
Shahzodaga sirli jilmaygan edi. Shahzodaga esa xuddi hind kinolaridek, sevgilisi
malikasi tomon dovon oshib kelgandek tuyulib, yuragi hapriqib ketgan, shu vaqtda
ularni tanishtirib qo‘ygan dugonasi ham ko‘ziga olovdek ko‘ringan, lekin
bularning barchasi dabdurustdan bo‘lgani uchun o‘zini qanday tutishni bilmasdan,
Bahrom bilan suhbatlashishdan uyalib uyiga kirib ketgan edi.

Ertasi kuni Nozima ishq o‘tidan satrlari lovullagan xat keltirib berdi. Bu xat
Shahzodaning ham qalbini yondirsa-da, yana uchrashuvga chiqmadi. Unga o‘ziga
ishonchi yetishmas, go‘yoki Bahrom uni masofadan sevib qolgani, yaqinroqdan
ko‘rsa, unchalik chiroyli emas ekansiz”, deb, yoki biror boshqa narsasi yoqmasdan
ketib qoladigandek tuyular, u esa Bahromni ko‘rganidan yoqtirib qolgan, uni
yo‘qotishdan qo‘rqar edi.

Shu, bir tomondan uzun izhor, ikkinchi tomondan qisqagina rad bo‘lib,
raddiya bo‘lib bo‘lmagan, rozilik bo‘lib bo‘lmagan xatni uch-to‘rt yozishib
yurishgach, axiyri Bahrom sovchi yubordi. Shahzodaning qo‘rquvdan
potirlayotgan yuragi biroz tinchlanib, qalb dalasida gullar gulladi.

“Haqiqatdan ham sevar ekanlar. Bo‘lmasa, sovchi yuborib nima qilardilar?
Naqadar baxt sevib turmush qurish. Nahot menga ham shunday kunlar nasib qilgan
bo‘lsa? Men ham Kumush kabi: “Siz o‘shami?” deyman, shekilli...”

Lekin kutilmaganda qalb havosi o‘zgarib, qalb chechaklarini dir-dir titratdi...
Hammasi kutilmaganda bo‘ldi. Shahzoda qo‘lida, keyin orqasida, keyin oyog‘ida
qandaydir o‘sma chiqayotganini payqab qoldi. Qalbini qandaydir hadik qamragan
bo‘lsa-da, o‘zini tinchlantirishga harakat qildi. “Qo‘rqma. Bu shunchaki menga
tuyulayapti”.

Lekin kundan-kunga zaiflashayotgani, boshi aylanayotgani, yaqinda
maktabda hushidan ketib qolgani xavotirini oshirib, shifokor qabuliga yo‘l oldi...
Tahlil javobini ko‘rayotgan shifokorning ko‘zlarida xavotir aks etgandek, yuzining
rangi o‘zgargandek bo‘ldi.

Menga rostini ayting, dedi ko‘ngli bir nimani sezib Shahzoda, mening
bilishga xaqqim bor. Uning yosh to‘la ko‘zlari jovdirab turar, lablari titrar edi.

Albatta, mo‘jiza ham sodir bo‘lishi mumkin, dedi shifokor ko‘zoynagi orqali
unga bir qarab olib, lekin tashxislarga qaraganda, umringizni... xullas, ...xudo shifo
bersa hech gap emas.

Shahzoda shifokor xonasidan qanday chiqib ketgani bilmay qoldi. Uzun
yo‘lak oxiriga etganda tashxis qog‘ozini olish uchun ortiga qaytdi. Shifoshifokorga
nimadir degani, unga javoban aytilgan gaplar o‘ziga tegishli ekanini bildi: “Juda
borsa olti oy. Essizgina. Yosh narsaga shunday yomon dard-a”.

Ortiga qaytdi. Uyiga qanday etib olganini bilmaydi, faqat yo‘lda
madorsizlanib o‘tirib-o‘tirib kelgani, ko‘zlaridan sharillab oqayotgan ko‘z yoshlari
xotira xiralashishi kabi ko‘z o‘ngini xiralashtirgani, yo‘lni ham aniq ko‘rishiga
xalaqit bergani yodida...

Qolgani bir zumda sodir bo‘ldi. Go‘yoki barqurib gullab yotgan boqqa ayoz

49

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

keldi-yu, barcha tirik jonni o‘z bag‘rida qovjiratgandek bo‘ldi. Shahzoda qayta-
qayta hushidan ketib qolaverishi tufayli ishdan ketishga majbur bo‘ldi. Shu
kapalak umrichalik berilgan umrining har bahyasini cho‘zish uchun turli
muolajalarga qatnay boshladi. Avtobusga o‘tirib, shifoxona tomon borar ekan,
ko‘zi ko‘cha chetida tilanchilik qilib o‘tirgan gadoga, qaergadir shoshilib
ketayotgan odamlarga, bir-biriga termilib suhbatlashib turgan sevishganlarga
tushar, qalbini: “Shuncha odamga joy bo‘lgan dunyoda nahotki menga joy
bo‘lmasa, nahotki mening yashashga haqqim bo‘lmasa”, degan o‘y chulg‘ar, ich-
ichidan hayotga g‘ayritabiiy sevgi uyg‘onib, yashashga chanqoq ko‘zlaridan
oqayotgan ko‘z yoshlari yuzlarini kuydirar edi...

“Ana yana bitta sevishganlar jufti. Qiz daraxtga suyanib turibdi, yigit unga
maftun qarab turibdi. Aytgancha, mening sevgilim qani?”

Shahzoda sevgan, u umid qilgan inson qizning bedavo dardga chalinganini
eshitib Shahzodadan voz kechgani, boshqa biri bilan uchrashib yurgani ma’lum
bo‘lgan edi. “Buning ham boshiga kulfat tushsa, tashlab ketsa kerak” xayolidan
o‘tdi Shahzodaning. Uning qalbi o‘lguncha birga bo‘ladigan, o‘lganidan so‘ng ham
kitoblardagi sadoqatli sevginigina tan olar, Bahrom undan voz kechgani uchun
sevgiga ishonmay qo‘ygan, sevgi haqidagi orzulari sarobga aylanganidan hayot
Shahzoda uchun o‘z mazmunini yo‘qotgandek tuyular, o‘zini hech kimga
keraksizdek his qilar edi.

Kasallanganim yaxshi bo‘ldi, Bahromning qandayligini bildim, sevgi yo‘q
dunyoda yashashning qizig‘i yo‘q, deb o‘zini o‘limga tayyorlamoqchi ham bo‘ldi
bir kuni. Lekin tiriklik totli ekan. Hayotdan to‘ygandek bo‘larkansan-u,
omonatingni topshirish payti etganida, “yana bir kungina yashay”, der ekansan.
Shunday vaqtlarda qachonlardir o‘qigani, bir shoirning satrlari yodiga tushadi:
“Men dunyodan to‘ymagan edim, dunyo to‘ydimikin mendan onajon...” O‘shanda
mag‘ziga etmagan ekan, odam bunday satrlarni faqat o‘zining boshiga
tushganidagina chuqur anglar ekan...

Ota-onasining esa yuz-ko‘ziga qarab bo‘lmas edi. Ular qizlarining
mahkumligini ich-ichlaridan tan olganlari kosasida chuqur botgan, anduh to‘la
ko‘zlaridan ma’lum bo‘lib, yo‘qligida vuning o‘rniga men o‘lsam bo‘lmaydimi”
deb yig‘i qilib olishsa, borligida par to‘shab, uni nozik kapalakdek asrashga
harakat qilar edilar.

Keyingi kunlarda hayot uchun kurashib, Shahzoda ruhan charchadi. Endi
unga hammasi baribir bo‘lib qoldi. Hattoki, shifokori o‘zgarib, ellik yoshlardagi
shifokor o‘rnini o‘ttiz yoshlardagi shifokor olganini ham payqab, payqamadi.
Faqat bu shifokor unga qandaydir o‘zgacha iltifotli muomalada bo‘lgandek
bo‘ldimi? Lekin sutdan kuygan qatiqni puflab icharkanmi, “tinchlan, – dedi o‘ziga-
o‘zi, – u shifokor-ku. Necha kunlik umring qolganini biladi-ku. Shu uchun ham,
oxirgi kunlari og‘riqsiz o‘tsin deb, xushmuomala bo‘lganligi tufayli iltifotli-da”.
Shifokor navbatdagi laboratoriya tekshiruviga yubordi. “Bemorning ko‘rinishi
tashxisiga uncha to‘g‘ri kelmayotgan emish...” Shahzoda bo‘g‘izlashga olib
borilayotgan qo‘zichoqdek barcha tekshiruvdan ortiqcha qarshiliksiz o‘tdi. “Analiz
javoblari esa kasalligingizga umuman to‘g‘ri kelmayapti”, dedi taajjublanib
shifokor. So‘ngra Shahzodaning oldingi shifokoriga qo‘ng‘iroq qildi, oldingi

50


Click to View FlipBook Version