The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.
Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by rahmatbobojon, 2021-10-16 07:54:24

Yagona tuhfa – Gulandom Badalova

Yagona tuhfa – Gulandom Badalova

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

qog‘ozlarni titdi, so‘ng Shahzodaga javob berib, o‘zi izlanishda davom etdi...
“Uzr, bu sizning tashxisingiz emas ekan, dedi shifokor Shahzoda keyingi

daf’a kelganida, bir familiyadoshingiz bilan analiz javoblari chalkashgan ekan”.
Shahzoda yig‘lashini ham, kulishini ham, quvonishini ham, xafa bo‘lishni

ham bilmas edi. U shunchaki karaxt edi. Oxirgi olti oyda u ancha ulg‘aygan, o‘zini
ulkan chinor daraxti kabi qarigan his qilar edi.

“Axir kasallik belgilari-chi?” – dedi ancha vaqt o‘tib, o‘zini biroz qo‘lga
olgach.

“Sizda kasallik bor, dedi shifokor mehrli ovoz bilan, lekin saraton emas.
Davolasa bo‘ladigan kasallik...”

Birdaniga qalbida yana bahor epkini esib, muzlab yotgan qalbini eritib
yuborgandek bo‘ldi. Xayriyat, bu qish emas ekan. Bu shunchaki bahorda bemahal
tushib qolgan ayoz ekan. Lekin bahorda bir ikki ayozli kunlar bo‘lib qolsa-da,
baribir ular o‘tkinchi bo‘lar ekan. Bu ayoz bir ikki gullagan kurtaklarni yulqib
ketishi mumkin ekan, lekin daraxt hali bag‘rida saqlab turgan kurtaklar ochilib,
hayot davom etar ekan. Shahzodaning qalbida ham bahor gullari ulkan o‘rik
daraxti kabi qiyg‘os gulladi.

Bu bahor epkinining sababchisi esa bemahalgi zarbadan shamdek so‘nib
borayotgan ma’suma qizga hayotbaxsh so‘zni etkazgan shifokor xulosasida edi.
Qiladigan ishlari haqida ming bir rejalar o‘yi bilan uyga qaytar ekan Shahzodaning
lablari pichirlar edi: “Yashar ekanman... Demak, yashar ekanman hammasi
oldinda!”

Adashgan tashxisni taqdirda adashishdan asrab qoldi. Axir bevafo bilan
vafodorni o‘zi aytgan so‘zdan bilib bo‘larmidi.

TAQDIR

– Hilol, meni uylantirishmoqchi, – dedi institut yotoqxonasida kursdoshining
yoniga kelgan Shuhrat stullardan biriga cho‘kib.
Hilola unga yalt etib qaradi.

Meni uylantirishmoqchi, ta’kidlab qaytardi Shuhrat go‘yo qiz uni
eshitmayotgandek.

Hilola ko‘zlarida paydo bo‘lgan yoshni ko‘rsatmaslik uchun yuzini burdi.
– Gaplashdingizmi uydagilar bilan? – dedi Shuhrat aniqroq so‘rash uchun.
Hilola tasdiq ma’nosida boshini silkitdi.
Shuhratning yuragi quloqqa aylandi: “Xo‘sh?”
Hilola bu daf’a boshini chayqadi:
– Agar ota-onam desang, tinchgina uyga qaytasan, – Hilolaning o‘pkasi
to‘lib kelib, yig‘lab yubormaslik uchun qattiq yutindi, – agar qochib ketib tegsang,
sendek qizimiz yo‘q, deyishdi.
– Nega? Nega? – Ich-ichidan olov bo‘lib yonayotgan Shuhrat o‘rnidan turib
ketdi. – Nega ular bu qadar bizning baxtimizga qarshi?
– Bilmadim, Hilola hanuz bosh egib turadi, uzoqqa qiz bermaymiz, deyishdi.
Taqdirlari hal bo‘layotgan ushbu lahzalarda Shuhratning ham, Hilolaning
ham qalblari allaqanday hislar bilan to‘lib-toshgan, ular atrofga befarq bo‘lib

51

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

qolishgan, hatto bir-birlarini ham ba’zan ko‘rib, ba’zan eshitib, ba’zan payqamay
qolar edilar. Mana hozir ham Shuhrat bir nimalar deb xonada u yoqdan-bu yoqqa
borib kelar, Hilola esa karaxtlik dunyosiga sho‘ng‘ib ketgan, qalbi qandaydir
iztirob asirligida ekanini hissiz yuzidan qo‘llariga tomayotgan marvarid
donalaridek tiniq ko‘z yoshlari namoyon qilib turar edi...

Hilola past bo‘yli, qorachadan kelgan qiz bo‘lsa ham, o‘ziga qarab yurishi,
didli kiyinishi, malohatli chehrasi bilan boshqa qizlardan ajralib turar edi.
Cho‘ziqroq yuzi, uzun, qaldirg‘och qanotidek qoshlari ostida qalin kipriklar
orasidan bir juft yulduzdek chaqnab turadigan ko‘zlari ko‘p yigitlarni tahsil
boshidayoqo‘ziga rom qilgan edi. Asta-sekin ularning qaysi biri dadil, qaysi biri
imo-ishora bilan Hilolaga ko‘ngli borligini bildira boshladi. Qiz esa guruh sardori
Shuhratgagina ro‘yxush berdi. Albatta, guruhda har jihatdan peshqadam bo‘lgan
Shuhratga ko‘ngil qo‘yishi ko‘pchilik uchun tabiiy hol edi. Axir shunday qizning
tengi faqatgina mana shu xushbichim, qora ko‘zlari qalin tutash qoshlari ostidan
mehr bilan boqadigan xushsurat, ham o‘qishi, ham xulqi bilan o‘zgalarga namuna
bo‘lgan yigit bo‘lishi mumkin edi-da.

Shunday qilib, birinchi kursni bitirish vaqtida Shuhrat bilan Hilolani
guruhdoshlar sevishganlar sifatida bilishar, Shuhrat Hilolani uyiga ketar chog‘lari
avtoshohbekatgacha kuzatib qo‘yib, qaytar payti yana kutib olar edi. Ular tez-tez
uchrashib, suhbatlashib turishar, Hilola yashaydigan mana shu xona ularning
ko‘plab shirin suhbatlari, unutilmas lahzalarining guvohi bo‘lgan edi. Shuhratga bu
go‘shada hamma narsa yod bo‘lib ketgan edi. Pushti, serbezak gulqog‘oz bilan
qoplangan devor, havo rangga bo‘yalgan shkaflar, o‘rtadagi ustiga oppoq
dasturxon solib qo‘yilgan stol, hamma-hammasi u uchun qadrdon jihozlar edi.
Hilola o‘z hamshahri, ham guruhdoshi bo‘lgan Manzura degan qiz bilan yashar,
Shuning uchun Shuhrat kelganida Manzura xonada bo‘lsa bemalol uchchovlon
shirin suhbat qurishar edi. Ham Manzuraning, ham Hilolaning xarakterlari sho‘x
bo‘lganligi uchun Shuhratning gap topishiga ehtiyoj bo‘lmas, qizlarning
hangomalari o‘z-o‘zidan bir-biriga ulanib ketaverar, yigit esa tasdiqlab yoki inkor
etib ulgurishi kerak bo‘lardi, xolos.

Shunday sho‘x kayfiyat bilan to‘rt yil ham o‘tib qo‘yibdi. Shuhrat ham,
go‘yoki Hilola ham bir-birlariga bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘idek qarashar, ularning
munosabatlari jiddiyligi hammaga ayon edi. Keyingi kunlarda Shuhratning ota-
onasi uni uylantirishga qat’iy bel bog‘lashgani bu ikki oshiq-ma’shuq
munosabatlari qal’asining silkinishiga olib keldi. Hilola oldin ham volidasiga
sevgan kishisi borligiga ishora etgan, uyidagilar ham o‘z navbatida uzoqqa qiz
bermasliklariga shama qilgan edilar. Mana endi esa...

– Nahotki, vaqti kelganida ko‘nib qoladilar deb o‘ylagan orzusi amalga
oshmasa? Nahotki ular ajralishsa? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas...

– Nahot men yigit kishi bo‘la turib baxtim uchun kurasha olmasam? Nahotki
men o‘z sevganimga erisha olmasam?” – iztirob chekardi Shuhratning ham qalbi.
Ularning barcha qilgan sa’y-harakatlari behuda ketdi. Hilolani ota-onasi Shuhratga
berishmadi...

– To‘yga yur, – dedi qanday qilib "men ketayapman” deyishni bilmagan
Manzura.

52

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Yaxshi borib kel, – dedi unga qora ko‘zlarini porlatib, jilmayishga urinib
Hilola. Lekin uni qo‘shni viloyatga to‘yga borishga o‘zi undagan bo‘lsa-da, ichki
alamini yashirishga urinayotgan bo‘lsa-da, Manzura buni sezmasligining iloji yo‘q
edi. U yupatmoqchi bo‘lib, Hilolaning qo‘lidan tutdi. Hilola yuzini burdi.

Ko‘nglimga qil sig‘mayapti, dedi mahzun, eshitilar-eshitilmas ovozda u, sen
boraver...

To‘yxonada, kelin-kuyov stolida Shuhratning yonida oppoq nozik qaddiga
ajib fusunkorlik bag‘ishlagan kelinchakning bodomqovoq ko‘zlari ibo bilan yerga
qadalgan edi.

...Tong yorishar paytda qaytgan Manzura chiroq o‘chiqligini ko‘rib,
"xayriyat, uxlab qolibdi, necha kundan buyon uxlamayotgan edi” deb o‘yladi-yu,
yo‘lakni fonar bilan yoritib to‘shagi tomon yurmoqchi bo‘lganida, to‘shagida
krovat dastagiga suyangancha derazaga qarab o‘tirgan Hilolani ko‘rib, yanglish
o‘ylaganini tushundi. Odam sasini sezib Hilola ham u tomon o‘girildi. Uning
shishinqirab, qizargan ko‘zlari bu kecha ham mijja qoqmaganini bildirib turar edi.
Shu kundan boshlab, kursdoshlar Hilolaning chaqnoq ko‘zlari tubida g‘amgin
mung, armon o‘rin olganini payqay boshladilar...

...Bu yil hammasi boshqacha bo‘ldi. Hilola odatdagidek kelish kunini xabar
qilmadi, Shuhrat kutib olgani avtoshohbekatga chiqmadi.

U ko‘ngli qancha avrashiga qaramasdan, irodasini ishga solib, Hilola
yashaydigan yotoqxonaga yaqinlashmaslikka, qiz o‘tadigan yo‘lda turmaslikka
harakat qila boshladi. Lekin qaydam, yurak qurg‘urni jilovlab bo‘larmidi? O‘qishi
tugagach, yotoqxona yo‘lida hech bo‘lmasa bir bora uchratish uchun intiq
turganida, ko‘cha boshida Hilola ko‘rindi. Qiz erga qarab mahzun kelar edi.
Shuhratning nazarida uning jussasi yanada kichraygandek, yonoq suyaklari chiqib
qolgandek tuyuldi. Ko‘zlariga Hilola go‘yoki himoyasiz, yolg‘iz qolgan
qizaloqdek ko‘rinib unga rahmi keldi, uni hayotning bo‘ronlari, ayozlaridan o‘z
qaddi bilan himoya qilgisi, uni bag‘riga bosgisi keldi. Shu lahzada unga bo‘lgan
bor muhabbati, bor hislari junbushga kelib butun vujudi qalqib ketdiki, hatto
ko‘zlaridan yosh tirqirab oqdi.

Yigitga yaqinlashgan Hilola ham birdan boshini ko‘tarib unga qaradi-yu,
kutilmagan uchrashuvdan yo‘l boshida bir lahza dong qotdi. Keyin tezda o‘ziga
kelib, odatidagidek, chaqnoq ko‘zlarini porlatib jilmaydi. Tub-tubida dard aks etib
porlaydigan ko‘zlar g‘alati bo‘lar ekan: xuddi botayotgan yoki tun zulmatini yorib
chiqayotgan quyoshdek...

Har ikkisi ham bu yuzlashuvni ko‘p kutgan, orzu qilgan bo‘lsalarda, mana
uchrashib turganlarida, nima uchundir aytishga so‘z yo‘q edi. Orada qandaydir
sovuqchilik tushganmi-ey, qandaylik begonalik bormi-ey... Hol-ahvol so‘rashgan
bo‘lib, sovuqqina xayrlashishdi. Yana bir uzun tun ikki sevishgan va ajratilgan
dilning o‘rtanishi guvohi bo‘ldi...

Hilola o‘z dardini tabassumi ortida yashirib, xufyona yonadigan qiz bo‘lsa,
Shuhratning bor kechinmalari yuzida aks etib turar edi. Shundanmi, Shuhratning
devonadek bo‘lib yurgani xabari Hilolaga etib kela boshladi. Shunday kunlarning
birida Hilola Shuhrat bilan jiddiy gaplashib olish, taqdirga tan berishga undash
uchun xonasiga taklif qildi.

53

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Mendan, seni unutishni, sen haqingda o‘ylamaslikni iltimos ham qilma, –
dedi Shuhrat dardli ovoz bilan, – men buni hatto o‘zimga ham va’da bera
olmayman. Chunki men bunday qila olmayman. Men qalbimga buyura
olmayman... Shunday qilishga harakat qildim, lekin qo‘limdan kelmadi... Ertalab
sening yoding armoni bilan uyg‘onib, sening xotirang bilan yashab, so‘ngra armon
bilan yostiqqa bosh qo‘yish oson deb o‘ylaysanmi? Aslida, hayot sendan ajratgan
kuni... mening yorug‘ kunlarim, mening baxtim, mening orzularim, mening
kelajagim hammasi meni birgalikda tark etdi... Men go‘yoki ruli qo‘yib yuborilgan
mashinadekman, qachon, qaerga borib urilishi noaniq, lekin bir kuni urilishi, shu
bilan hammasi tugashi aniq... Men xotiralar bilangina tirikman...

Tanasiga shu kichkina boshi ham og‘irlik qilgandek, uni devorga tirab
turgan Hilolaga, go‘yoki Shuhrat uning o‘zining qalb kechinmalarini aytib
berayotgandek tuyuldi; ayriliq dardi qoboqlari atrofida ko‘kimtir chiziq hosil
qilgan ko‘zlari alam bilan siqilib, ko‘z yoshlari tirqirab oqdi...

Shuhrat eshikni sekin yopib chiqib ketgach, Hilola ich-ichidan bo‘g‘ib
kelayotgan darddan to‘lg‘onib, stol ustida turgan penalni shaxd bilan otib yubordi
va bor vujudi bilan erga tashlanib, erni mushtlagancha o‘kirib yig‘lay boshladi.
Uning qalbini xufton qoplagan, oldinda zarracha nur ko‘rmas, shunchaki yashashni
istamas, o‘zini o‘ldirishga esa qiyomatdan qo‘rqar edi... Shunda ichida go‘yoki
kimdir: “Bu kunlar ham o‘tib ketadi. Hali ko‘rmagandek bo‘lib ketasan”, degandek
bo‘ldi.

– Istamayman, – dedi qalb og‘rig‘i bilan, – istamayman, menga Shuhratimni
qaytar.

U buning iloji yo‘qligini bilar, lekin taqdirga tan berishni, yupanishni
xohlamas edi... Shunday bedor kechalarning yana bir nechasi o‘tib, u go‘yoki
murdadek jonsiz, hissiz, vaznsiz odamga aylandi. Bu bir jihatdan yaxshi edi, qalbi
ko‘p azoblanmaydi, lekin boshqa jihatdan, go‘yoki uni o‘rab turgan olam bilan
aloqasini yo‘qotayotgandek edi.

Shuhrat bilan sevishib yurganida taqdirga tan bergan yigitlarning ko‘pchiligi
umidlanib, unga shilqimlik qilishni boshlagan, bu esa uning yaralangan dilini
yanada timdalar edi. Shunday “yarim odam, yarim sharpa”lik holati bilan u
“Shuhratsizlikka” o‘rgana boshladi. Bosh degani qattiq bo‘lar ekan, qanday
ko‘rguliklarga dosh bermas ekan?

...Shum xabar oliygohda birdan tarqaldi: “Shuhrat avtohalokatga uchragan
emish. Ahvoli juda og‘ir, hozir reanimatsiyada emish...”

Yaqin do‘stlari undan kunora xabar olib turishdi. Shifokorlar ko‘p odamning
kirishiga ruxsat bermaganlari uchun guruhdoshlari biroz tuzalganidan keyin
borishga qaror qilishdi. Bu kunlarni Hilola qanday o‘tkazgani, qanday fikrlarga
borgani faqatgina o‘zigagina ayon. Shu vaqtda Hilolaning Shuhratning xotiniga
havasi keldi. Qanchalar baxtli u. Yonida turib, uning sochini silashi mumkin,
to‘shaklarini to‘g‘irlab qo‘yishi mumkin, choy, ovqat edirib qo‘yishi mumkin...
Naqadar baxt, sevgilingning yaxshiyu, yomon kunida yonida bo‘la olish...

Xotini Shuhratning yonida turib unga qarayotganiga Hilolaning shubhasi
yo‘q edi. Lekin shuncha vaqt ichida uning qalbida Shuhratning xotiniga nisbatan
zarracha yomon fikr ham kelgan emas edi. Axir u tortib olgan emas-ku? Uni ham

54

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

uyidagilar berishgan. Aksincha, o‘sha kelinchakka, hatto o‘zi uchun mavhum
bo‘lgan, uning qadami yetmagan, ko‘zlari ko‘rmagan Qo‘shrobot degan joyga
havasi kelar edi. Naqadar baxtli Qo‘shrobot. U kishini kuzatib qo‘yib, kutib oladi.
Naqadar baxtli u kishining uylarida o‘sadigan daraxtlar, u kishining hovlisida
esadigan shamol. Naqadar baxtli ... qo‘shni qiz. U uyalib, tortinib yashirina oladi.
Bir kuni men orzu qilgan xonadonga kelin libosida kelib, uning darvozaxonasini
tong sahardan suv sepib supuradi. U kishining oyilarining xizmatlarini qiladi, u
kishiga choy quyib beradi...”

Shunchaki, Hilola Shuhratning xotini bilan uchrashib qolsa, o‘zini qanday
tutishi lozimligini, Shuhratning xotini o‘zini qanday tutishini tasavvur qila olmas
edi. Guruhdoshlar bilan Shuhratni ko‘rgani borar ekan, avvalo xayoliga shu fikr
urildi: “Qanday uchrasharkinmiz? U men haqimda bilsami?”

Palataga yaqinlashgan sari o‘zi kutmagan ravishda yuragi tez-tez urib,
vujudi qaltiray boshladi. Go‘yoki ich-ichidan bir hayajon ko‘tarilib, butun vujudini
qamrab olgan, uni tamomila karaxt qilgandek bo‘ldi. U hatto oyoqlarining lattadek
bo‘shashayotganini his qildi. Bir navi “palataga kirmayman” demoqchi bo‘ldi-yu,
kursdoshlaridan uyaldi, “hali ham ko‘ngli bor ekan” deb o‘ylashlaridan istihola
qildi.

O‘z navbatida sirg‘alibgina palataga kirdi, xayriyat, xotini bolasiga
qarayotgani tufayli Shuhratga oyisi qarab turgan ekan. O‘g‘lining bir to‘p
do‘stlarini ko‘rgan to‘laroqdan kelgan, bug‘doy rang, oysimon chehrasida to‘q
jigar rang ko‘zlari mehr bilan boqadigan ayol hamma bilan umumiy salomlashib,
“ha, bolaginamning boshi toshdan bo‘lsin, bir o‘limdan qoldi” deya yoshlangan
ko‘zini dastro‘molchasi bilan artib, keyin “sizlar bemalol gaplashib olinglar” deb
tashqariga chiqib ketdi.

Shifoxonaning devorlari oqqa bo‘yalgan, derazasida oq pardalar osilgan toza
palatasida ikkita shifoxona krovati bo‘lib, birida bir o‘limdan qolgan Shuhrat yotar,
ikkinchisi esa bo‘sh turar edi. Shuhrat shifo apparatlaridan ajratilgan bo‘lsa-da,
yuzidagi hali ketmagan qontalash izlar, bo‘yin, qo‘l tomiri atrofidagi ko‘kimtir
izlar uning qanday kuchli zarba olgani, shifokorlar uning joni uchun qanchalik
shiddat bilan kurashganliklarini ko‘rsatib turar edi.

Shuhratning ko‘zlari kursdoshlar orasidan birinchi navbatda Hilolani qidirdi.
Hilola doimgidek dardini quvnoqlik ortida yashirishga harakat qilib, jilmayib turar
edi.

– Mening yulduzim, – xayolidan kechdi Shuhratning, – ichingdan yonib
tamom bo‘lsang ham hech kimga bildirmaysan, ko‘zlaring chaqnab, jilmayib
turaverasan...

Kursdoshlar u yoq-bu yoqdan suhbatlashishgach, toliqtirib qo‘ymaslik
uchun ketishga chog‘lanishdi.

– Hilola, seni bir minutga mumkinmi? – dedi Shuhrat kutilmaganda.
Xonada Hilolaning o‘zi qoldi. U turishini ham, o‘tirishini ham bilmasdan
krovat dastagiga suyanib turar edi. Shuhrat unga birpas tikilib qarab turdi-da, og‘ir
tin olib, keyin to‘xtalib-to‘xtalib, sekin so‘zlay boshladi:
– Bizning ajralishimizga farzandlari taqdirini ota-ona hal qiladigan
madaniyatimiz aybdormi, ota-onalarimizmi, o‘zimizmi, bilmayman... Hozir

55

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

aybdorni qidirish istagim yo‘q... Nima bo‘lganda ham, bizning hayot yo‘llarimiz
ajralib, mening hayotim xotinim bilan qo‘shildi. Bunga esa uning zarracha aybi
yo‘q... Shu fojiagacha men sening xayoling bilan yashab, sening yoding bilan
yotib-turar edim... Lekin avtohalokat bo‘lgan o‘sha lahzada... bilmadim nima
uchun, ko‘z oldimga o‘g‘lim keldi... keyin uni bag‘riga bosib, men uchun asrab
turgan, uni menga hadya qilgan xotinim keldi... Men ularni ...hech bo‘lmasa, yana
bir bora, hech bo‘lmasa, oxirgi marta shunday ko‘rgim keldiki, shunday bag‘rimga
bosgim keldiki, go‘yo, bu orzuimni amalga oshirmay o‘la olmaydigandek edim...
Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Yodimda qolgani ikki mashina bir-biriga zarb
bilan urilganidan chiqqan qarsillagan ovoz, hayotimning oxirgi lahzalarini
yashayotganim hissi, yonimdagilarga, oldinga va orqaga ketma-ket urilishimning
zarbasi, ko‘z oldimda hamma narsa aylangandek, yulduzlar uchgandek
bo‘ldiyu, ...keyin nima bo‘lganini bilmayman. Olingan zarbalar kuchidan
hushimdan ketibman. Butun bir mashinadan faqat men tirik qolibman, Hilol,
tushunasanmi? Hamma: “Orqa o‘rindiqning o‘rtasida o‘tirganingiz uchun”,
deyapti... Men esa... Men o‘sha lahzada ularning qalbimga naqadar aziz ekanini
tushundim. Men qalbimdan seni qo‘yib yubormasdan, ularning kirishlariga yo‘l
qo‘ymayotgan ekanman. Bunday uchlikka xotinim emas, men aybdorman.
Shuning uchun men seni qalbimdan qo‘yib yuborishga qaror qildim... Baxtli bo‘l,
mening orzuimdagi qiz. Men yetmagan baxtga mendan yaxshiroq inson yetishsin...
Sen eng baxtli ayol bo‘lishga haqlisan... Men sening haqingga duo qilib qolaman...
O‘zimni esa to‘liq o‘z oilamni sevishga bag‘ishlayman...

Shifoxonadan chiqib ketar ekan, Hilolaning ko‘zlari to‘la yosh bo‘lsa-da,
negadir o‘zini go‘yo og‘ir yukdan xalos bo‘lgandek engil his qilar edi.

O‘RINBOSAR BAXT

Farang qizlari kunduzi oddiy oqsoch kabi yurib, oqshom bazmlarida
Zolushkaga aylanadi deyishadi. Agar shu gap rost bo‘lsa, Madina shular turiga
kirsa kerak. Qorachadan kelgan, katta-katta, sermijja ko‘zlari qalin qoshlari ostidan
ziyrak boqadigan, burni yo‘g‘onroq, lablari biroz do‘rdiq, jingala soch, o‘rta bo‘yli,
ozg‘in bu qizni kundalik hayotda uchratsangiz, albatta, husn-malohatda uncha
ajralib turmaydigan o‘rtacha qizlar qatoriga qo‘shgan bo‘lar edingiz. Lekin uni
tarangan, yasangan holida ko‘rsangiz bormi? Och pushti upa parvarishlagan, silliq
terisining naqadar tiniqligini namoyon qilar, qalin, qayrilma kipriklar himoyasidagi
charosdek ko‘zlar jozibador porlar, qoyadek tik burni ostidagi pushti, qalin lablari
fusunkor jilmayar, ovro‘pacha kiyim bichimi qomatining nazokatini namoyon etar,
bir tutam qilib yig‘ishga harakat qilib turmaklangan qalin, jingalak sochlar esa
jilovlashgan harakat qilingan, lekin o‘z oqimiga qaytgan daryo kabi isyonkorona
to‘lg‘onib, elkalari uzra ko‘ksiga tushib turar edi.

Undagi bu turlanishdan dugonalar ham lol qolishar edi.
– Agar dars qilgan bo‘lsam, bemalol, ikki soat o‘zimga oro beraman, agar
darsning biror joyi ozroq chala qolgan bo‘lsa, yotib o‘qiyman-u, darsga shunchaki
yuzimni yuvib boraveraman, – der edi Madina jilmayib. Uning ovozining
dag‘alroq ohangi ham o‘ziga yarashib turardi. Har kim ham a’lo baholarda o‘qiy

56

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

olmaydigan tibbiyot oliygohida Madina qizil diplomga da’vogarlardan biri bo‘lib,
namunaviy xulq-atvori, tirishqoqligi bilan dillarda iliq his uyg‘otar edi.

Madinani odatiy holda ko‘rib o‘rganib ketgan yigitlar ham u yasangan
paytlari bir nigoh, shu bilan oshiqu shaydo bo‘lib qolar edilar. Shunday esda
qolarli oshiqi devonalardan biri qashqadaryolik bir yigit bo‘lsa, boshqasi o‘z
shahridan bo‘lgan, faqat Toshkentda o‘qiydigan yigit edi. Qashqadaryolik yigit
haqida ota-onasi boshidan “unut”, deyishdi. Shu uchun Madina u yigitga ko‘ngil
berishga botina olmadi ham. Ikkinchisiga ota-onasi ro‘yxush bergandek bo‘lishdi-
yu...

Madina birinchi kursni tugatgach, ilk bora shahar shifoxonasiga amaliyot
o‘tagani bordi. Talaba uchun amaliyot yaxshi narsa. Boshqa potoklarda, boshqa
kurslarda o‘qib yurgan shahardoshlari bilan tanishadi, darsda o‘rgangan bilimlarini
amalda qo‘llaydi. Bu shahar shifoxonasi bir ajoyib joy ekan. Xuddi jannat
bog‘idek. Tekis qurilgan to‘rt qavatli bir qancha binolar orasiga butun bir ulkan
shifoxonaning butun maydoni bo‘ylab daraxtlar, daraxtlar ostida maysalar va
gullar ekilgan, hovli sahni asfalt qilingan. Mashinalar o‘tishiga moslab keng
qurilgan yo‘llar bilan binolar orasidagi bog‘chalarni odam bo‘yi keladigan kichik
bargli buta to‘siqlar ajratib turibdi. Binolar oralaridagi bog‘chalardagi ekinlar
ostidan shishadek tip-tiniq suv jildirab oqib turgan bo‘lsa, ulkan archa
daraxtlarining soyalari binodagilarni oftobning o‘tkir tig‘idan himoya qiladi. Joy-
joylarda chirmashib o‘sadigan pechakgullar, rango-rang chechaklar shifoxonaga
gulzor tusini berganicha chor-atrofni yashnatib turibdi.

Ularning ilk uchrashuvlari ana shu chirmashib o‘sgan gulzor yasagan
peshayvon ostida sodir bo‘lgan edi. Madina bir jihati o‘ziga kerakli binoni izlab,
boshqa jihati shifoxona tabiati go‘zalligiga mahliyo bo‘lib hamma joyga sinchkov
nazar tashlab ketar ekan, endigina binodan chiqib, shoshib qo‘shni bo‘limga
borayotgan Qahramonning shundoqqina qarshisiga kelib qolganini sezmadi.

– Iye, asta, – dedi Qahramon ham uni so‘nggi lahzalarda payqab, go‘yo
o‘zidan himoya qilmoqchi bo‘lgandek, “kasallik tarixi” tutgan qo‘llari bilan qiz va
o‘zi orasida to‘siq yasab.

Madina birdan oldinga qarab o‘zini bazo‘r to‘xtatib qoldi:
– Kechirasiz.
– Hechqisi yo‘q, – dedi yigit jilmayib, shu topda, balki notanishligi uchun
shunchalar jozibador tuyulgan bu qizga birdaniga yordam bergisi kelib ketdi, –
birovni izlab yuribsizmi?
– Yo‘q, ha, – dedi Madina hayajondan kalovlanib, men amaliyot o‘tagani
kelgan edim. Mas’ul xodimni izlayapman.
– Talabaman deng, dedi Qahramon jilmayishda davom etib, – unda
tanishaylik, men ham talabaman, ismim Qahramon, ToshMIda, uchinchi kursda
o‘qiyman.
– Men esa Madina, SamMIda 1-kursni bitirdim, – dedi qiz ham jilmayib,
tanishganimdan xursandman.
– Men ham bag‘oyat xursandman, – dedi Qahramon astoydil, – endi esa
marhamat, men sizga kuratorning xonasini ko‘rsatib ko‘yaman...
Madinaga Qahramonning dadilligi juda yoqdi. O‘rta bo‘yli, qomatdor bu

57

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

yigit bilan hamsuhbat bo‘lgan odam tezda uning boy dunyoqarashidan voqif
bo‘lar, kitoblar olamiga yaqinligini payqab qolar, ustiga-ustak, unda qandaydir
o‘ziga tortuvchi mehr ham bor edi. Qaddi-qomati kelishgan bu xushsurat yigitning
birgina nuqsoni ham sezilardi. Uning bir ko‘zi biroz g‘ilayroq bo‘lib, uni parda
qoplagan edi. Lekin Madina ham kitoblar dunyosida yashaydigan qiz bo‘lganligi
tufayli, Qahramonning ichki go‘zalligini payqadi, ichki go‘zallikni tashqi
nuqsondan afzal bildi, ular yaxshigina do‘st bo‘lib qolishdi. Albatta Madinaning
teran fikrlari, ziyrakligi yigitning nazaridan chetda qolmadi. Qahramonning hali
Shu vaqtgacha muhabbat mehmon bo‘lmagan yosh qalbi har oqshom erta
kelishiga, erta kelganda esa qo‘shni bo‘limdagi qalb o‘g‘risining bir bor bo‘yini
ko‘rishga orzumand bo‘la boshladi. Ko‘rgan kunlari esa... Quyosh g‘ayritabiiy
charaqlab, qalbi shafaqdan-da yorishib ketar, hislar sharobidan mast bo‘lib, bu
tuyg‘u, bu lazzat og‘ushida sarxush yurar edi. Nima qilsa ham, qaerga borsa ham
ko‘z oldidan o‘sha qiz surati ketmas, faqat qalbi notinchlanib, balki yana bir bor
ko‘rish baxti nasib qilar deb atrofga olazarak bo‘lib yurar edi. Qiz nima derkin?
Balki, do‘stlik uchun qo‘lini cho‘zgan bo‘lsa-da, shunday odam bilan oila qurish
borasida fikri o‘zgachadir? Qaydam, qizlar dunyosi sirli olam, his-tuyg‘ulari ming
bir marta o‘zgaradi, ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rmasdan biror narsa bilish qiyin.

Uning beg‘ubor ishqi, entikishlaridan atrofdagilar ham voqif bo‘la
boshlashdi va ishni paysalga solmaslik uchun u sovchi yubordi. Hammasi yaxshi
edi, hammasi umidbaxsh edi, lekin...

– Qizingiz qoratus bo‘lganidek, o‘g‘limizning ham ozgina nuqsoni bor,
ko‘zida ozroqqina, – debdi aynib qolishlaridan qo‘rqqan sovchi xola dovdirlik
bilan.

– Qora tuslik aybmi? – debdi Madinaning oyisi tutaqib...
– Mening terimning rangi o‘zimga yoqadi, – dedi Madina o‘sha kunlarda
ko‘chada uchratib qolganimda, biroz qora bo‘lsa nima qilibdi? Za to tabiatim
qaynoq! Habashlar eng g‘ayratli, eng kuchli, eng qaynoq xalq hisoblanadi-ku?!
Yashlarning halak bo‘lgani bir tomon bo‘ldi-yu, kattalarning urushib qolgani
boshqa tomon bo‘ldi. Natijada, Madinani boshqaga turmushga berishdi va
Qahramon boshqa qizga uylandi...
Oradan o‘n besh yillar o‘tdi.
– Baxtlimisan? – so‘radim Madinadan uchrashib qolganimda.
– Ey, el qatori yashayapman-da, opa, dedi turmush tashvishlari chehrasiga
soya solgan Madina horg‘in ovozda. Bizlar vaqtida yaxshigina do‘st bo‘lganimiz
uchun, Madina mendan tortinmay, ko‘nglidagini ochiq so‘zlar edi, – uchta bolam
bor. Shularni deb imorat qilayapman. Dadasiga u-bu desam, menga uy kerakmas,
senga kerakmi, sen qil, deydilar. Men esa qizlarimni o‘ylayman, tuzukroq imorati
bo‘lmasa hozir odamlar qizni kelin qilmayapti. Tanlab-tanlab toziga berishgan-da,
endi azobini men tortayapman.
– O‘zingga qolsa anavi Qashqadaryolikka tekkan bo‘lardingmi? Boshimda
ko‘tarib yuraman degan edi-ya?
– Yo‘-o‘q, – dedi Madina labini cho‘chchaytirib, keyin ko‘ziga biroz
mahzunlik cho‘kib javob berdi, – men Qahramonni yoqtirar edim.
– Nima? – so‘radim hayron qolib, – nega unda qattiq turib olmadinglar?

58

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Sovchi kelib ketganidan keyin meni Qahramon bilan uchrashmasin deb
umuman amaliyotga yubormay qo‘ydilar-ku, – dedi Madina o‘kinch bilan, mendan
bir og‘iz so‘rash nari tursin, hamma narsani taqiqlab qo‘ydilar.

– Xabarim yo‘q, – dedim hamdardlik bilan, – eshitishimcha, u ko‘zini
operatsiya qildiribdi, hozir soppa-sog‘ ekan, nomzodlik dissertatsiyasini yoqlabdi,
oilasi bilan Toshkentda yashayotgan ekan. Faqat... o‘qiydigandan kuyganidan, uy
qiziga uylangan ekan.

Madina o‘kinchli bosh silkidi. Uning mahzun chehrasiga qarab xayrlashib,
uyim tomon yo‘l olar ekanman, necha yillar oldin ko‘rganim, ma’naviy boyligi shu
qadar yuksak cho‘qqiga ko‘targan, qalb go‘zalligiga tashna bo‘lib, tashqi nuqsonni
payqamagan ikki yoshning ohanrabo, pok sevgisi yodimga tushdi.

“Qanday bir-birlariga mos-a?” degan fikr o‘tgan edi o‘shanda ko‘nglimdan.
Bunday odamlarning bittasi ham gavharga teng, yana shundaylar ikkita bo‘lsa-yu,
yana bu dunyoda bir-birlarini uchratishsa...

Madina haqida o‘ylab, xayolparishon o‘tirganimda telefon jiringlab qoldi.
Madinaning taqdiri uchun biroz tushkunlik qalbimni asir qilgan bo‘lib, telefonni
istamaygina oldim:

– Opajon, – jarangladi, telefonda Madinaning biroz bo‘g‘iq, lekin sho‘x-
shodon ovozi yangradi, – juda baxtsiz ekan deb o‘ylamang. Tangrining mendek
aybsiz aybdorlarga atab qo‘ygan buyuk karami bor ekan. Har bir bolam bilan qayta
tug‘ilib, qaytadan yashayapman. Ular bilan sevishib, ular uchun sevinib
yashayapman. Menga dunyodagi eng kuchli sevgi onalik baxti nasib qilgan ekan...

BIRNI SEVAR

Ijodkorlar qiziq-da. Hazillashishni yaxshi ko‘rishadi. Lekin kosa tagida
nimkosa bor. “Shoirlarda vafo yo‘q” deyishadi qizlar ijodkorlar gurungida.
“Shoiralarda ham” javob berishadi davradagi yigitlar.

U esa o‘yga toladi. Haqiqatdan, odam 13-19 yoshlar oralig‘ida muhabbatini
yagona va abadiy deb o‘ylaydi. Lekin kamdan-kam hollarda, odam ilk muhabbati
bilan birga bo‘ladi. Yillar o‘taveradi. Didlar o‘zgaraveradi, shakllanaveradi. Suvlar
oqib o‘taveradi va hayot yangi tanishlar, yangi hissiyotlar, yangi munosabatlarni
tuhfa qiladi. Ba’zan tanishlar doirasi shu qadar kengayib ketadiki, ayniqsa, odam
diqqat markazida bo‘lsa, taniqli, mashhur bo‘lsa odamga, bir vaqtda,
atrofidagilardan birining bir jihati, boshqasining boshqa jihati yoqishi mumkin.

Yangi hissiyotlar, ishq manbai tortiq qiladigan hayotga tashakkur. Tasavvur
qiling, odamga ilk muhabbati bilan birga bo‘lish nasib qilmadi. Endi unga ishq
boshqa umuman tashrif buyurmasa? Busiz hayotimiz jilosiz, tug‘yonsiz, zerikarli
bo‘lar edi, nazarimda...

Lekin, Farhod va Shirin, Majnun va Layli ishqlari-chi? Yoki bular o‘sha 13-
19 yoshlar orasidagi ishq edimi? Yoki ular shunchaki chiroyli ertakmi? Miraziz
A’zam o‘zining “Buyuklar muhabbati” esselar to‘plamida, tarixiy manbalarga
asoslanib, bu shaxslarni hayotda bo‘lgan shaxslar deb ko‘rsatadi.

...Boshi va umurtqasi og‘rishni boshladi. Shifokor muolajalari kor qilmas
edi.

59

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Siz dam olib kelishingiz kerak, – dedi hamkor do‘stlaridan biri, – mening
Ukrainada bir do‘stim bor. Dengiz bo‘yida dam olish maskanlaridan birining egasi.
U bilan gaplashib ko‘raman. Bir dam olib kelsangiz,sog‘ligingiz tiklanadi.

Uni ukrainalik oila qadrdon do‘stidek qabul qildi. Tez kunlarda ular bilan
ming yillik tanishdek sirlasha boshladi. Salobatli, qat’iyatli biznesmen erkak va
nazokatli, yumshoq tabiat ayol bir-birlariga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashgan.

Dengiz bo‘yi. Naqadar osuda joy. Goh beozor suv oqimi qirg‘oqni
ko‘rpadek yopib, yumshoq, yoqimli qumga bosib turgan oyog‘ingizni mayin silab
o‘tsa, goh, kutilmaganda kuchli to‘lqin bilan otiladi, sizni yerdan yulib dengiz
bag‘riga tortib ketishga chog‘lanadi. Qirg‘oqda o‘sayotgan ingichka, lekin
baquvvat yam-yashil o‘tlarni aytmaysizmi? Moviy suvlar rangida, ularning cheksiz
shovullashida qandaydir sehr, jodu mujassamdek...

Ikkinchi haftadayoq bosh og‘rig‘i ham, umurtqa og‘rig‘i ham uning vujudini
tark etdi: haqiqatdan charchoqdan ekan...

– Qanday topishgansizlar? – so‘raydi mezbon ayoldan dengiz qirg‘og‘i
bo‘ylab sayr qilar ekan.

– Bizmi? jilmayadi ayol, – biz bir qishloqdanmiz. U qishloqning old
yigitlaridan edi, men undan ancha yosh va uncha ko‘zga ko‘rinmas qiz edim.
Ko‘rgandan yoqtirib qolganman... U ham menga nazar solganida esa hamma meni
aynitmoqchi bo‘lgan. “Shunday ko‘zga yaqin yigit, seni o‘ynab tashlab ketadi.
Bundaylar sodiq bo‘lishmaydi”, deyishgan. Men esa qattiq sevganim uchun rozi
bo‘lganman. Mana, 20 yildan buyon birgamiz. Mendan boshqasiga sira qaragan
emas. Baxtimga bir xotinni sevadigan erkak ekan.

Aha-a, deydi jilmayib. Uni xayollar o‘z girdobiga tortib ketadi. – Balki
hamma odamlar shu ikki toifaga bo‘linar? Bir bora sevadigan va ko‘p bora
sevadigan. Balki kimdir hissiyot izlagani uchun qalbi yangi ishqlarga ochiq
bo‘laru, boshqalar boshqa biror narsaga o‘zlarini jiddiy bag‘ishlaganlari uchun
yangi sarguzashtlar ularni chetlab o‘tar? Balki ba’zilar haqiqiy muhabbatdan, doim
uchrab turishi mumkin bo‘ladigan shaydolikni ajrata olishmas? Balki ba’zilar faqat
hissiyot uchun yashaganlari uchun yangi muhabbatlarini tarannum qila olarlar,
boshqalar esa oila, jamiyat oldidagi nufuzlarini, mas’uliyatlarini yoki boshqa
narsalarni o‘ylab, hissiyotlarini tiyarlar, jilovlarlar?

Qiziq, uning tanishlari kim bo‘lsa? Bir sevarmi, ko‘p sevarmi? Masalan,
dadasi. Uning fikricha, birni sevar. Shu uchun oyisi bilan boshqa-boshqa dunyo
bo‘lsalar ham birga baxtli yashashadi. Katta pochchasi. Ikkita kelini, nabirasi bor
xotinlariga erkak tish shifokoriga davolanishni ta’qiqlabdilar. Uning fikricha, birni
sevar bo‘lsalar kerak. Shu uchun hanuz rashk qiladilar. O‘rtancha pochchasi. Bir
kuni xizmat safaridan yarim tunda ma’raka bo‘layotgan joyga yetib keldilar.

– E kuyov, damingizni olib, ertalab kelmaysizmi, – deyishsa, qo‘llarida bola
ko‘tarib turgan opasi: – Meni deb kelganlar, bu kishiga men kerakman, meni
ko‘rmasalar uyqulari elitmaydi, – dedilar. Bu pochchasi ham birni sevar bo‘lsalar
kerak. Kichik pochchasi. Bir kuni magnitofonga kasseta qo‘yib eshitayotsa, tanish
ovoz eshitildi. Kassetada boshidan oxirigacha bir ism qaytarilib, qo‘shiq kuylanar
edi. Bilsa, pochchasi opasiga atab bir kasseta qo‘shiq aytgan ekanlar. – Pochcham
sizni shuncha yaxshi ko‘rar ekanlar, siz ham shuncha yaxshi ko‘rasizmi? – dedi

60

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

opasi uyg‘onganida. Opasi unga biroz karaxtdek qarab turdi-da, keyin uyqusirab
javob berdi: – Men pulni yaxshi ko‘raman.

Lekin... Ro‘yxat yaqinlashar edi. Yuragi shuvillab ketgandek bo‘ldi. Uning
turmush o‘rtog‘i-chi? Har holda, to‘ygacha qiynalib yurganlarida, “agar sizni
berishmasa, oila qurmay o‘taman” deganlari rost. Biroq hozir-chi? Ko‘plarning
ko‘ngliga manzur turmush o‘rtog‘ining atrofdagilar bilan munosabati bir-bir ko‘z
oldidan o‘ta boshladi. Shukur, xotira daftarini qancha varaqlamasin, u kishining
boshqalarga aka, ota sifatidagi munosabatlari ko‘z oldida namoyon bo‘laveradi.
Shu uchun, taxmini, birni sevar bo‘lsa kerak. Har holda, u ahd va’dasiga,
sadoqatga ishonadi...

Menimcha, har bir odam birni sevar odamning yagonasi bo‘lishni orzu qilsa
kerak...

DILXUN

– Ilhom Bahromovich, topshirig‘ingiz bo‘yicha Davlatbek Xidirovichning
kotibalariga qo‘ng‘iroq qildim. O‘zlaridan so‘rab ko‘rib, aytgan narsangizni shart
emas dedilar.

– Nima? – O‘rta bo‘yli, keng elkador gavdasi yo‘g‘ondan kelgan Ilhom
Bahromovning qoramag‘izdan kelgan yuzi g‘azabdanmi, sarosimadanmi birdan
oqarib ketdi, – Men sizga qo‘ng‘iroq qiling devmidim?

– Vizitkani berdingiz-ku, – bo‘shashib so‘radi endigina ishga kirgan, novcha
bo‘yli, oqimtirdan kelgan o‘rinbosari.

– U kishi katta odam, agar meni eslay olmasalar shuni ko‘rsatib eslatasiz deb
bergan edim, galvars! – xunobi oshdi Ilhom Bahromovichning, – bu telefonda hal
qilinadigan ishmi? Kimsan Davlatbek Xidirovich bo‘lsalar! Bir ishni uddalay
olmay! He, quruq savlatingdan sendaqalarni!

Ilhom Bahromovich eshikni taq etib yopib, nima ayb qilib qo‘yganini
tushuna olmagan, lekin boshlig‘ining vajohatidan nimadir yomon ish bo‘lganini
anglab ko‘ngliga vahima o‘rlagan o‘rinbosarini xonada yolg‘iz qoldirib chiqib
ketdi.

Ko‘chaga chiqib u qildi, bu qildi jahli bosilmadi. Shu shu ishxonasiga
borishga ko‘ngli tortmay uyi tomon ravona bo‘ldi. – Nima qilgan bularga? – oppoq
Neksiya mashinasini iloji boricha xotirjam haydashga harakat qilib borar ekan, o‘z-
o‘zicha o‘ylab ketdi, – ko‘rinishidan tuppa-tuzuk yigit-u, kalla degan ishlamaydi!
Bir oy oldin bir to‘yda baxti chopib Davlatbek Xidirovich bilan o‘tirib qolgan edi.
Yaxshigina ulfat bo‘lib qolib, Davlatbek Xidirovich vizitkalarini bergan edilar.
Yaqin o‘rtada yubileylari bo‘libdi. Taklifnomasiz borish noqulay, eshitib, bir og‘iz
tabriklab qo‘ymaslik ham to‘g‘ri kelmaydi. Dabdurustdan bormaslik uchun
kotibalari orqali qulay vaqtni bilish uchun o‘rinbosarini yuborgan edi. Har holda,
katta odam, eslay olmasdan: – Qaysi Ilhom Bahromovich? Qaysi to‘yda? – deb
so‘rasalar ko‘rsatish uchun vizitkalarini berib qo‘ygan edi. O‘rinbosari esa shap
etib hammasini telefonda aytib qo‘yibdi. U kishi katta odam bo‘lsa, do‘stidan
dushmani ko‘p bo‘lsa! Telefonda aytiladigan gapmi bu?!"

– Yeyishga nima bor? – dedi kiyimlarini apil-tapil yechib, oshxonaga

61

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

kirgach.
– Palov qilgan edim, – dedi yuzining tarang tortilgan mushaklaridan erining

avzoyi buzuqligini payqagan xotini aybdorona ohang bilan.
– Bunday boshqa ovqat qilsang bo‘lmaydimi? – dedi Ilhom Bahromovich

xunobligi oshib.
– Ertalab, nima ovqat qilay deganda idamaganingiz uchun... – xotini sekin

ohangda boshlab qo‘rqqanidan gapini oxiriga yetkaza olmadi...
Ilhom Bahromovich xotiniga achchiq qilib, shaxt bilan oshxonadan chiqib

ketdi. Boshida nima qilishini bilmasdan yo‘lakda turib qoldi, keyin kirish
eshigidan chap qo‘lda joylashgan mehmonxonaga kirib ketdi. Bu yerda uni hech
kim bezovta qilmaydi! Uning kayfiyati yomon bo‘lganida shu joyga kirib ketishini
hamma biladi, shuning uchun eshikni taqillatishga ham hech kimning haddi
sig‘maydi.

Ilhom Bahromovich xonaga kirib u erdan bu erga yura boshladi. Shu topda,
ichidan o‘ralib kelayotgan jahlni nima qilishini bilmas edi. Odamlar nima qilar
ekan? Jahl u uchun og‘ir darddek gap edi. U undan qutulish chorasini izlar, lekin
hali topa olmagan edi. Eshitishicha, yaponlar kim jahlini chiqargan bo‘lsa,
o‘shaning suratini oldiga qo‘yib to‘ygunicha do‘pposlar emish. Koreyslar esa
oyida bir marta bir joyda uchrashib yaxshilab bir-biriga qichqirar emish. Kimdir
devor mushlab jahlini chiqarar emish. Lekin bu yo‘llarning birortasi unga yordam
bera olmaydi. Devorni mushlasa qo‘shni yugurib keladi, xotinga qichqirsa xotin
ketib qoladi, o‘rinbosarni mushtlasa undan ajraladi. O‘zi shundoq ham bu
nechanchi o‘rinbosari ekanini o‘zi ham bilmaydi! Shunday vaqtlarda ko‘zlariga
dunyo tor bo‘lib ketadi.

Umuman olganda, hayoti uncha yomon emas. Bir necha yil oldin ko‘p
qavatli binoning uchinchi qavatidan uch xonali uy olib, ta’mir qilib oldi. Ko‘cha
eshigidan kirgandan, pushti gulqog‘oz qoplangan, shifti bilan poli pushti hoshiyali
oq kafelli yo‘lakdan o‘ng qo‘lda sariq kafel bilan qoplangan hammom, so‘ng
devori ko‘k gulqog‘oz bilan qoplangan, poli bilan shifti yo‘lak kabi pushti
hoshiyali oppoq kafel bilan qoplangan hojatxona joylashgan. Chap qo‘lda oshxona
va yotoqxona, to‘g‘rida mehmonxona va uning ro‘parasida bolalar xonasi. Poli
ham, shifti ham yorqin rangdagi xonalarda tunda ham qandaydir osuda yorug‘lik
hukm surar edi. Bolalar xonasi va yotoqxonaga kul rang gulqog‘oz yopishtirishdi.
Xotiniga ayniqsa, devorlari tagi ochpushti, ustida bitta katta pushti gul atrofida
oppoq kichikroq ikkita guli bo‘lgan gulqog‘oz qoplangan oshxonaning ta’miri
yoqdi. Ayol kishining yarim umri oshxonada o‘tar ekan, xotinimni baxtli qilay
degan erkak xuddi shunday oshxona qilib bersa barakasini mazali ovqat
ko‘rinishida o‘zi ko‘radi.

Ilhom Bahromovichga esa hech nima yoqmadi. Kutganidek emasmi-ey?
Xayolida qandaydir aql ilg‘amas tarovatni kutgan edi, qandaydir oddiy
chiqqandekmi-ey? Faqat mehmonxonaning boyzeb, tagi och yashil, ustidagi oq va
tilla rang, shapaloqdek gullari qorong‘uda yarqirab turadigan, chiroq nurida esa
yashil jilo beradigan gulqog‘ozi ozroq yoqdi, xolos.

Lekin shu lahzada, unga uyining shinamligi ham, yangi ta’miri-yu, qulay
jihozlari ham tatimas edi. Xullas, uy-joyi, xotin, bola–chaqa, ish–hammasi havas

62

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

qilgudek. Faqat birgina muammo – ko‘nglidagidek odamni topa olmaydi-da.
Xotinini to‘yi kuni ko‘rgan. Nozik qomatli, bug‘doy rang, cho‘ziqroqdan

kelgan gulgun chehrasi hayodan lovullab turgan, uzun, biroz ingicha qoshlari
ostidan maysadek mijjalar qurshovidagi ko‘zlari erga qaragan qizni ko‘rganida
yuragi "jiz" etgan edi. Lekin xotini ilk ko‘rishdayoq unga yoqib qolganini o‘ziga
haligacha biror marta aytgani yo‘q. Sevishmay uylanishning o‘ziga xos "yaxshi
tomonlari" bor-da. Xotining bilan jiddiy gaplasha olasan, erkaliklarini ko‘tarib
o‘tirmaysan. Ozroq yashaganlaridan keyinoq xotinining kamchiligini payqab
ko‘ngli qoldi. Ovsarroqmi-ey? Albatta, o‘zi tanlab uylanganida unga uylangan
bo‘lmas edi. Endi undan bo‘lgan bolalar ham xuddi o‘zidek!

Shu vaqt eshik ohista taqilladi. Bu uning uyida kutilmagan holat edi. “Meni
bezovta qilishga qanday hadlaring sig‘di!” – degan kayfiyatda eshikni shahd bilan
ochgan ediki, eshik ortida qadrdon sinfdosh do‘sti jilmayib turar edi. Uni ko‘rib
joyida qotib qoldi. Shunchalik asab iylashganidan nahot ko‘cha eshigi
jiringlaganini ham eshitmabdi. Birdaniga buzuq avzoyi uchun do‘stidan uyalib
ketdi. Lekin jahldorlikka burilgan yuz mushaklari qancha urinsa ham tabassumga
burilmas edi. Yana qiyofasini birdan o‘zgartirishga o‘zini ichidan ham noqulay his
qildi. – Shu vaqtgayam kelasanmi? – degan fikr ham o‘tdi xayolidan.

Uzoq yillar xorijda bo‘lgan do‘sti esa uni ko‘rganidan: – Qalaysan og‘ayni?
Sog‘misan? – deya quchoqlay ketdi.

– Ey, so‘rama, – dedi Ilhom Bahromovich javoban do‘stiga quchoq ochib, –
bilasan-ku shu hayot tashvishlarini deb..."
Xontaxta chetiga o‘tirgach, u budan gaplashgan bo‘ldilar-da yana shu mavzuga
qaytishdi:

– Hech ko‘nglimdagidek odamni topa olmadim, – dedi jig‘ibiyroni chiqib
Ilhom Davronovich, – bunday ta’mirni istasang, unday qilishadi; buni kutsang, uni
olib kelishadi. Siqilib ketdim, do‘stim.

– O‘zi nimani istashingni aniq aytasanmi? – o‘chmoqchilab so‘radi do‘sti, –
esimda qolgani bolaligingda "ichimdagini top" eding. Oshxonaga borsak, nima
istashingni aytmasding-u, men biror nima buyurib qo‘ya qolsam, keyin yemasding.
Palovmi, shashlikmi, nima eyishni istashingni o‘zing bilmasang, birov qaydan
bilsin? O‘zing bu masalani ichingda aniq qilib olmaganing uchun nima olib
kelishsa senga yoqmaydi. Menimcha, o‘rinbosaringga nima istashingni yotig‘i
bilan tushuntirishing kerak edi. Har kallada har xayol. Ichingdagini o‘zing
aytmasang, u bechora qaerdan biladi?

Ilhom Bahromovichning boshiga yashin urgandek bo‘ldi. Haqiqatan, ertalab
ketayotganida nima ovqat istashini o‘ylab ham ko‘rmaydi. Ovqat masalasida
injiqligini bilgan xotini har kuni – Nima ovqat qilay? – deyishni kanda qilmaydi. –
O‘zing biror narsa qilaver, – deb ketadi-yu, nimadir zo‘r ovqatni kutadi. Ko‘rgani
oddiy ko‘rinib, nimadir boshqa zo‘r ovqatni istaydi, lekin uning nima ekanini o‘zi
ham bilmaydi.

Ko‘nglidan ancha narsa o‘tayotgan bo‘lsa-da do‘stiga sir boy bergisi
kelmadi. Shunchasini bilgani, tanbeh berib "izza qilgani yetar", har holda,
yigitchilik, g‘urur degan narsa ham bor.

Faqat fikrida jon bor. Haqiqatdan ham nima istashini oldin o‘zi aniqlab

63

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

olishi, keyin bu fikrini aniq aytishni o‘rganishi kerak. Bo‘lmasa, ishchilardan ham,
xotindan ham yolchimaydi. Bolalarni-ku qo‘yavering. Har holda, ko‘rsatganing
bir kunda qaytayotgan zamon bu!

BAHS

Havo shu qadar issiq ediki, xamirdek muloyim asfaltni yengil bosib
ketayotgan Jozibaning poyafzali quyoshda isib oyog‘ini kuydirar edi. Yotoqxonaga
quyosh tig‘idan u yer bu yerda akkam-dukkam sochilgan soyalar panohida
yashirinib yetib keldi. Terdan jiqqa ho‘l bo‘lgan oyoqlarini muzdekkina suvda
yuvib, artindi-da, bag‘riga chorlayotgan xona to‘ridagi to‘shakka talpindi. Dim
o‘quv xonalarida terlab-pishib, “ma’lumot ko‘p, vaqt oz” qabilida o‘tiladigan 3 juft
darsni o‘tganidan keyin ozroq dam – boshini gangib qolishdan asrab, keyin dars
qila olishiga kuch berar edi.

Darsdan va ko‘cha g‘ala-g‘ovuridan toliqqan borlig‘i, boshini yostiqqa
qo‘yganidan orom bag‘riga singib ketdi. Qancha yotganini bilmaydi, eshik ochilib,
doimo bahslashib yuradigan ikki o‘rtoqning kirib kelishi xonada hukm surayotgan
tinchlikni ham, endigina hordiqdan lazzatlanayotgan Jozibaning oromini ham
buzdi. Bu paytda, ko‘ngil qatida asrab yuradigan siri: shahardoshi bo‘lmish baland
bo‘yli, kelishgan yigit Behzod bezovta qilishigina unga malol kelmas edi,
xayolida. – Dam olgani qo‘ylaring! – qichqirgisi keldi ich-ichidan. Lekin o‘zini
bosdi. Xonadosh bilan uning o‘rtog‘iga qo‘pol gapirib bo‘lmaydi! Endigina
oliygohga kirib, bitiruvchi kurs talabasi bo‘lish charchog‘i nima ekanligini
bilmaydigan, hali kuchi ichida qaynayotgan ikki yosh nima qilib qo‘yganini hatto
payqamas, shu lahzada, buni payqashni ham istamas, balki ovoz ohanglari bilan,
qo‘l, tana harakatarlari bilan Jozibani ham o‘z bahslariga tortishga undab baland-
baland so‘zlar edilar. Har birining yuz ifodasi, hatti-harakati mutlaq haqligiga
ishonchini namoyon qilib turar edi.

– U jinni! – chinqirar edi oriqligidan ingichka bo‘ynida, qovoqlari atrofida
ko‘rinib turgan ko‘kimtir tomirlari o‘ynab Malika, – Qora rohib shunchaki uning
ko‘ziga ko‘ringan!

– U bilan suhbatlashgani-chi? Yo‘q narsa bilan suhbatlashib bo‘ladimi?
Gaplari-chi? Yo‘q narsa shunaqa dono gapiradimi? Ana-mana degan oliy
ma’lumotli domlang bunaqa gaplarni topa olmaydi! U daho! Shuning uchun rohib
aynan uning oldiga keldi. Faqat tanlanganlargina bunday uchrashuvga doxil
bo‘ladi!–odatiga ko‘ra kuyib-pishib, bir gapga o‘n gap bilan javob berib, bidirlar
edi Shaxzod.

– E, bunaqa daholardan minglabi jinnixonada yotibdi, yanada ko‘prog‘i
atrofimizda xomxayollariga ko‘milib yashayapti, – odatiga ko‘ra bo‘sh kelmadi
Malika ham.

Malika oppoq yuzli, qotmadan kelgan qiz bo‘lib, bolaligida ko‘p kasal
bo‘lganmi, tengqurlaridan ancha kichik ko‘rinar edi. Shunday qaraganda, u
talabadan ko‘ra ko‘proq maktab o‘quvchisiga o‘xshar, lekin serharakat, chayir qiz
edi. Cho‘ziqroq oppoq yuzlarida ingichka qoshlari ostida, bodom ko‘zlari o‘tli
chaqnab turar, miqti burni, ingichka labi chehrasiga bolalardek beg‘uborlik

64

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

bag‘ishlar edi. Shunday ko‘rinishida u gurillab yonib turgan olovga o‘xshar edi.
Malika juda maqsadga intiluvchan qiz bo‘lib, oliygohda yaxshi o‘qir, o‘z fikriga
ega bo‘lishga harakat qilib, ko‘p kitob o‘qir, agar biror narsaga ishonchi komil
bo‘lsa, bir qadam chekinmay fikrini himoya qilar edi. Bu kuz yotoqxona olganida
Joziba Malika bilan tushib qolgan, ko‘ngli oq, tirishqoq bu qizni yoqtirib qolgan
edi.

Shaxzod esa Malikaning kursdoshi bo‘lib, ular maktabda ham sinfdosh
bo‘lishgan, keyin bir oliygohga hujjat topshirishgan edi. Shaxzod o‘rta bo‘yli,
to‘laroqdan kelgan yigit bo‘lib, bug‘doy rang chehrasida qo‘y ko‘zlari doimo
qiziquvchanlik bilan yonib turar edi. U adabiyotga mukkasidan ketgan bo‘lib, hatto
boshqa darslarda ham, darslik tagida biror adabiy kitobni qo‘yib o‘qib o‘tirishi
mumkin edi. Kitob o‘qish bilan birga, o‘qiganini aytib berishni yaxshi ko‘radigan
bu yigit biror narsani aytib berayotganida o‘z hikoyasiga shu qadar berilib ketar
ediki, atrofiga tupuklari sachrayotganini payqamas, butun hatti-harakati uning
qaerdadir voqea sodir bo‘layotgan joyda ekanligidan darak berar edi. Uning
jo‘shqin hikoyachiligini adabiyotning qadriga bormaydiganlar tushunmas,
tinglovchilik qobiliyati rivojlanganlar esa huzur qilib, qiziq kino ko‘rayotgandek
uni tinglashar edi.

Shaxzod bilan Malika nuqul bahslashar, lekin, balki hech kim Shaxzodni
Malika qadar tinglamasligi, Malikani Shaxzod qadar qadrlamasligi uchun doimo
birga yurar edilar.

Joziba o‘rta bo‘yli, qaddi-qomati kelishgan qiz bo‘lib, odatda uzun
sochlarini chiroyli turmaklab yurar edi. Uning kulcha chehrasiga yarashib turgan,
osoyishta boqadigan qop-qora ko‘zlari, biroz erkalangandek qimtib gapiradigan
bejirim lablari unga o‘ziga xos joziba baxsh etar edi. Uning nafaqat ko‘zlari, balki
so‘zlashi va hatti-harakatlari ham sokinlikka cho‘mgan bo‘lib, undan shunday
osoyishtalik taralar edi. Malika bilan yashay boshlaganidan buyon uning so‘zsiz
gardanga olgan vazifalaridan biri yoshlarning bahslarini hal qilishda yordamlashish
bo‘lib qolgan, uning yoshi kattarog‘ligi uchunmi yoki gaplarining salmoqliligi
uchunmi, yoshlar sidqidildan unga quloq solar edilar.

– Nima gap yana? – dedi u uyqusiragan ko‘zlarini yarim qisib.
– Joziba opa, – dedi, o‘tirishga taklif qilishlarini kutib o‘tirmasdan eshik
to‘g‘risidagi stol atrofidagi stullardan biriga o‘tib o‘tirib Shaxzod, – bu hafta bizlar
darsda rus adabiyoti namoyondalari asarlarini o‘tayapmiz. Bizga Chexovning:
“Qora rohib” asarini o‘qishni vazifa berishgan edi. Mana bunday asar,–dedi u
qo‘lining boshmaldog‘ini ko‘tarib “zo‘r” ma’nosida, – o‘qib mazza qildim. Siz
ham bir o‘qing, pushaymon bo‘lmaysiz. Xullas, asar qahramoni bir asabi toliqqan
magistr faylasuf. Unga shifokor do‘sti qishloqqa borib dam olishni maslahat
beradi. U qishloqqa, uni katta qilgan odamning uyiga keladi. Bu odam bog‘bonlik
bilan shug‘ullunar edi. U odamning nozikkina, qora ko‘zlari chaqnab turadigan
qizi bo‘ladi. Menimcha, Malikadek bo‘lsa kerak. – Shunday deb eshikdan
kiraverishdagi chap qo‘ldagi krovat dastasiga suyanib, uning nafas olmasdan aytib
berayotgan hikoyasini majburan tinglab, ozroq tin olsa oraga gap tiqish ilinjida
turgan Malikaga xushomad qilib jilmayib qo‘ydi. Bunga javoban Malika odatiga
ko‘ra labini burdi, Shaxzod esa buni payqamagandek hikoyasini davom ettirdi.

65

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Joziba bo‘rondek qo‘qqisdan boshiga yog‘ilgan yoshlarga uyqusiragan ongi izn
beradigan darajada diqqat bilan quloq solishga harakat qilar edi. – Faylasuf shu
qizni yoqtirib qolib unga uylanadi. Bog‘bon qizi turmushga chiqib ketsa bog‘i
qarovsiz qolishidan qo‘rqar edi, shuning uchun “sinalgan odam, boqqa qizi
qarashiga ruxsat beradi” deb qizini unga beradi.

Faylasuf qizga bir ba’zilarga ko‘rinadigan qora rohib haqidagi hikoyani
aytib beradi. Keyin faylasuf bog‘ etagidagi dalaga chiqadi. Bog‘, anhor, dala shu
qadar yorqin tasvirlanganki, o‘zingizni go‘yo o‘sha joyda bo‘lib qolgandek his
qilasiz, suvdagi nur aksi ko‘zingizni qamashtiradi. Dalada u qora rohibni ko‘rib
qoladi. Boshida qo‘rqib ketadi, keyin qiziqadi. Asosiysi, rohib ko‘rinib, qochib
qolmaydi, balki u bilan suhbatlasha boshlaydi. Rohibning gaplarini o‘qisangiz,
vah-ha, mana hayot mazmuni-yu, mana hayot deysiz. Shu vaqtgacha nima qilib
yurgan ekanman? – deysiz. Yo‘q, opa, buni o‘zingiz bir o‘qib chiqishingiz kerak.
Birovdan eshitgan boshqa, o‘zing o‘qiganing boshqa! Mana, men sizga bir
lavhasini o‘qib beray, – u shoshib sumkasini titkilab, ichidan varaqlari sarg‘ayib
ketgan ko‘k kitob chiqardi. Malika og‘zidan gapini olib qo‘yishidan
hadirkisiraganidan u har harakatini shoshib amalga oshirar, bu oralig‘da tinimsiz: –
Mana, hozir, mana, kerakli betni ochayapman, mana hozir, – der edi. Malika luqma
tashlash uchun uning tinishidan hafsalasi pir bo‘ldimi, dadil qadamlar bilan uning
ustiga bostirib kelib shart etib uning yonidagi stulga cho‘kdi. Shaxzod ham
himoyalangandek unga baqrayib qarab, kitobni shoshib varaqlab kerakli varaqni
ochdi-yu, o‘qishga tutindi.

Shu borada, Malikaga ham tinchlantiruvchi so‘z qistirib o‘tdi:
– Opa ham gap nimadaligini bilsinlar, keyin bahslashib ulguramiz. Mana,
rohibning faylasuf bilan dialogi:
– Sen adolat bo‘yicha Xudo tanlaganlardan biri deb ataladigan kamchilik
odamlarning birisan. Sen abadiy haqiqatga xizmat qilasan. Sening fikrlaring,
niyatlaring, sening ajoyib faning va sening butun hayoting o‘zida ilohiy, samoviy
muhrga ega. Chunki ular ongli va ajoyib narsaga, ya’ni abadiy narsaga
bag‘ishlangan.
– Sen: “Abadiy haqiqatga” deding. Agar abadiy hayot bo‘lmasa, odamlar
abadiy haqiqatga erisha oladilarmi, abadiy haqiqat ularga kerakmi?
– Abadiy hayot bor, – dedi rohib.
– Sen odamlarning abadiy yashashlariga ishonasanmi?
– Ha, albatta. Sizlarni, odamlarni buyuk, porloq kelajak kutmoqda. Erda
senga o‘xshagan odamlar naqadar ko‘p bo‘lsa, bu kelajak shu qadar tez keladi.
Senga o‘xshagan eng baland Ibtidoga xizmat qiluvchi, ongli ravishda va erkin
yashovchi odamlarsiz odamzod beburd bo‘lib qolar edi. U tabiiy ravishda
rivojlanib, o‘zining erlik tarixi tugashini uzoq kutgan bo‘lar edi. Sizlar esa ularni
abadiy haqiqat shohligiga ming yillab oldin olib kirasizlar va sizlarning buyuk
xizmatlaringiz mana shunda. Sizlar Xudoning barakasini odamlarga olib kelasizlar.
– Abadiy hayotdan maqsad nima? – so‘radi Kovrin.
– Har bir hayotning maqsadi kabi lazzat. Haqiqiy lazzat chuqur
anglashdadir, abadiy hayot esa chuqur anglash uchun son-sanoqsiz va tubsiz
manba’lar ato qiladi...

66

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Ko‘rdingizmi opa? Qanaqa gaplar? Axir qandaydir g‘ayritabiiy shaxs bilan
uchrashib, shunday so‘zlar eshitgan odamni jinni deb bo‘ladimi? Axir o‘zimizda
ham avliyolarni ko‘rganlar bor-ku! Jinni bunaqa narsalar haqida suhbatlasha
oladimi?

– Gap rohibning so‘zlarida emas, tushuning!–hafsalasi pir bo‘lib chirandi
Malika,–men rohibni jinni deyayotgan emasman-ku! Albatta, ba’zan jinnilar
aljirashi mumkin, lekin aqlli jinnilar ham bor-ku! Ular ko‘radigan, eshitadigan
narsalar ularning aqliy darajasiga xos bo‘lishi mumkin. Mana, men bir matematika
o‘qituvchisini bilaman. Ajoyib ayol. Lekin tushkunlik dardiga mubtalo bo‘lgan.
Har yili yotib chiqadi. Miyasi joyida, faqat tushkunlikka tushib, “o‘zingni o‘ldir”
degan ovozlar eshitadi.

– Ular boshqa! Ular unga ana, ziyon keltirayapti. Bu odamga esa rohib hech
qanday ziyon keltirgan emas. Qaytanga uni baxt, quvonch, oliy hayot maqsadiga
egaligidan zavq-shavq hissi bilan to‘ldirdi.

– Men sizga yana bir marta aytayapman, – dedi axiyri toliqib Malika,–gap
rohib haqida, uning gaplari haqida emas. Salbiy qahramon to‘g‘ri gaplarni aytishi
mumkin, bu salbiy qahramonning to‘g‘ri gapi xolos, lekin bu to‘g‘ri gap uning
butun obrazini to‘g‘ri qilib qo‘ymaydi. Faylasuf o‘zi qishloqqa asablari buzilgani
uchun borgan edi. U kunida bor-yo‘g‘i bir soat ishlay olar edi. U ko‘rgan narsani
atrofidagilar ko‘rmas edi, u o‘z-o‘zi bilan gaplashar edi. Keyin yana jizzaki,
atrofidagilarga qo‘pol bo‘lib qoldi. Asosiysi, uni davolaganlaridan keyin u rohibni
ko‘rmay qoldi. Shundan kelib chiqqan holda, buni maktab o‘quvchisi ham
tuShunadi: u shunchaki jinni edi!

– U davolanganidan so‘ng injiq, jizzaki bo‘lib qoldi. Bu dorilarning ta’siri
bo‘lishi mumkin.

– Uning daho yoki jinni bo‘lganining sizlarga shunchalik ahamiyati bormi?
– dedi chetdan qaragan odamga bu bahs arzimas narsa ustidan tortishish tuyulishini
qoshlarini chimirib, yuz ifodasi bilan bildirgan Joziba.

Bir lahzada, yoshlar uyalib qolgandek bo‘ldilar-u, lekin bo‘sh kelmadilar: –
Bu ham fikrda, opa. O‘qidik, o‘yladik, fikr almashinishimiz kerak-ku! Har holda,
fikr almashinish miyani charxlaydi.

– Xo‘p, oxiri nima bo‘ldi? – dedi bu gap bilan qochib qutula olmasligini
fahmlagan Joziba. U bir jihatdan, yoshlarning arzimas narsalarga bahslashmaslikka
undamoqchi bo‘lgan bo‘lsa, boshqa jihatdan endigina uyqudan turib, hali to‘liq
tiniqlashmagan ongini qotirib o‘ylashni istamas edi.

– Uni ikki yil davolashadi, – dedi Shaxzod, to‘g‘ri javob olish uchun
ko‘proq dalillar keltirmoqchi bo‘lgandek jiddiy ohangda, – davolashlari natijasida
u rohibni boshqa ko‘rmaydi, injiq, qo‘pol bo‘lib qoladi. – U so‘nggi so‘zlarni
donalab, donalab talaffuz qilib, ularga urg‘u berib, Malikaga serma’no qarab
qo‘ydi. – Doimo janjallashaverganlaridan turmushlari buzilib, u boshqa ayol bilan
yashay boshlaydi. Keyin xotinidan xat oladi. Xatda xotini dadasi o‘lgani, uning
o‘limiga faylasuf aybdorligi aytilib, ham otasini, ham uning hayotini xarob qilgani
uchun la’natlagan bo‘ladi. U shu kuni oxirgi marta rohib bilan uchrashib, olamdan
o‘tadi.

– Ishi-chi? – so‘radi sinchkovlik bilan Joziba.

67

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Qanaqa ishi? – savolni tushunmadi Shaxzod.
– Axir unga rohib uning buyuk kishiligini, u odamzodga baraka keltirishini
aytganini aytgan edi. Bu borada u nima ish qildi?
Shaxzod biroz o‘ylanib boshini qashib qoldi.
Malika Jozibaning fikrini tushundimi yoki Shaxzodning biroz tin olganidan
foydalanib qolgisi keldimi: – Hech nima ish qilgani yo‘q, – dedi shoshilib, –
boshida u umrini o‘qishga bag‘ishlagan edi. Shundan asablari charchab qolgan edi.
Davolanganidan so‘ng oliygohda ma’ruzalar oldi, lekin sog‘lig‘i to‘g‘ri
kelmaganligi uchun biror marta ma’ruza o‘qiy olmadi.
– Unda qanaqa daholik haqida gap bo‘lishi mumkin? – dedi Joziba
ma’nodor qilib, – umuman olganda, har bir odamning ichida daholikka iqtidor
bo‘lishi mumkin, faqat bag‘ishlangan hayot, mehnatsevarlik bilan bu dahoni
yuzaga chiqarish kerak. Hayotimiz naqadar ko‘p odamlarga foyda keltirsa shu
qadar buyuk bo‘lib boraveramiz. Agar u faylasuf hatto xotini bilan qaynotasi kabi
eng yaqin odamlarining ham hayotlariga ijobiy hissa qo‘shmagan bo‘lsa, qanaqa
daholik haqida gap bo‘lishi mumkin? Menimcha, uning qaynatasi ko‘proq kerakli
odam bo‘lgan. Har holda, u etishtirgan mevalardan kimdir bahramand bo‘lgan.
– Yo‘q, opa, tushunmadingiz,–hovliqdi yana Shaxzod, – gap uning nima
qilganida emas, kim bo‘lganida! Miyasi qanaqaligida! Axir rohib unga niyatlari,
orzulariga qarab baho berdi-ku!
– Men sizni tushundim, – dedi Joziba sokin ovoz bilan o‘z fikrini
tushuntirishga harakat qilib, – siz “uning buyukligi ongida edi” demoqchisiz.
Lekin bu ongidagi narsalar kitob shaklidami, maqola, asar shaklidami chiqib
kimgadir xizmat qilishimi lozimmi? Men a’lo darajadagi oshpaz bo‘lsam-u, lekin
hech kimga ovqat pishirib bermasam mening mahoratimdan kimga foyda?
Dunyoda faqat bilimga ega bo‘lgan diplomli mutaxassislar kammi? Qachon biz
malakali mutaxassis deymiz? Ichidagini tashqariga chiqarganida! Hosil
keltirganida! Xuddi shunday, har bir odamning buyukligi yoki uning daholigini
uning ichida bo‘lgan narsada emas, balki undan unib chiqqan va boshqalarning
hayotiga xizmat qilgan narsalar belgilaydi. Men yana ko‘prog‘ini aytaman: gap
hatto odamning ongiy nuqsonida ham emas: buyuk shaxslar orasida ong
xastaliklariga duchor bo‘lganlar ham bo‘lgan, lekin bu ularning o‘z iqtidorlarini
namoyon qilishlariga to‘sqinlik qila olmagan. Masalan: Dostoevskiy telbalikka
mahkum bo‘lgan, lekin ajoyib asarlar bitgan. Shuning uchun bu qahramonning
daho bo‘lgani yoki yo‘qligini xastaligiga qarab emas, qilgan ishiga qarab baholash
lozim.
Orada biroz sukut cho‘kdi. Malika hafsalasizlik bilan tin olgan bo‘lsa,
Shaxzod lattadek bo‘shashib, kitob olayotganida turib ketgan stuliga cho‘kdi-yu,
yuziga quyilayotgan terni kafti bilan sidirib tashladi-da: – Bu haqida chuqurroq
o‘ylab ko‘rish kerak, – dedi bir jihatdan oson engilgisi kelmay, boshqa tomondan,
mustahkam poydevorga ega bo‘lmay bahslashishni istamay.
So‘ng Malika uni so‘zsiz eshikkacha kuzatib qo‘ydi, u esa bu haqida
chuqurroq o‘ylash uchun o‘z xonasiga chiqib ketdi. Joziba Malikaga horg‘in
jilmayib, bir soatga qarab qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi, dars qilishga chog‘lanib, stol
yonidagi jovondan kitoblarini ola boshladi.

68

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Buni qarang, – dedi birozdan so‘ng Shaxzod stolda qoldirgan kitobning
so‘nggi varaqlarini varaqlab o‘tirgan Malika, – Chexovning o‘zi nima haqida
yozganiga izoh bergan ekan: “Bu tibbiy hikoya. Unda daholik vasvasasi haqida
gap boradi...”

BIR FASLLIK GUL
(qissa)

“Vuy-y, zo‘r odam ekan, maniyam mafiozniy bo‘gim kelyapti”.
“Ana, istasang, shahrimizdagi Karim akaga qo‘shil, keyinchalik
kattalarigacha borib etarsan...”
Uyiga kelib, xotinining ish stolida Ston Vinterning yangi kitobini ko‘rishi –
Bahromga birdaniga o‘smirlik chog‘ida shu muallifning sahnalashtirilgan asarini
ko‘rib o‘ta ta’sirlangan chog‘ini, u bilan birga shu kinoni ko‘rgan amakisining
maslahatini yodga soldi. O‘shanda shu kitobni topib o‘qigan, taassurotlar
daryosida g‘arq bo‘lib, bir necha kun o‘zining kimligini unutgan, o‘zini allaqachon
mafiya olamida tasavvur qilib, bu tasavvuri nafaqat uning o‘ylari-yu, so‘zlariga,
hatto qadam tashlashiga ham ta’sir qilgan edi.
Yaxshi hamki hayotda hamma orzular ham amalga oshavermas ekan.
O‘shanda biror mafiyani topib kirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin shunchaki topa olmadi.
Balki juda hafsala qilsa topar edi-yu, “temirni qizig‘ida bosmasang” vaqt o‘tishi
bilan boshqa qiziqishlar paydo bo‘lib, oldingisi ozroq “eskirib”, “chang bosib”
qolar ekan. Shu shu, umumiy odamlarning umumiy turmush tarzidagi umumiy
qadriyatlar oqimiga qo‘shilib, shu oqim yo‘nalishi bo‘yicha oqib ketdi. Lekin
o‘qilgan asarlarning odam ruhiyatiga, uning dunyoqarashi, hayotiga naqadar kuchli
ta’sir qilishi yodida muhrlanib qoldi.
– Bu nima? – o‘smoqchilab so‘radi xotinidan.
– Ston Vinterning yangi kitobi! – dedi nimalarnidir yozib o‘tirgan xotini
ishidan boshini ko‘tarmay.
Bahromning xotini havaskor yozuvchi edi. Bahrom esa aksincha, bu
sohadan umuman bexabar odam bo‘lib, ustachilik qilar edi. Uning o‘smirligi sovet
ittifoqining qulash davriga to‘g‘ri kelganligi tufayli, o‘sha davrda uning atrofidagi
“diplom bilan oila tebratib bo‘larmidi, hunar o‘rganish kerak” degan aqidaning
ta’siriga berilib, maktabni oltin medal bilan tugatgan bo‘lsa-da, biror o‘qishga
kirmagan edi.
Bahrom o‘sha davrlarni nim o‘kinch, nim istehzo bilan yodga oladi. “G‘alati
davr edi o‘sha davrlar. Hamma joyda “qayta qurish”, “oshkoralik” so‘zi. Ular esa
nimani qayta qurish kerak, nimani oshkor so‘zlash kerak, tushunishmaydi.
Payqagani faqat, ilgari Xudo yo‘q deyishardi, endi Xudo bor desa bo‘lar ekan,
ilgari savdogarlik jinoyat sanalar edi, endi savdogarlikka ruxsat bor ekan, ilgari
hamma narsa kolxozniki edi, endi shaxsiy pudrat...”
Albatta, uning yosh boshi tushunmagan ko‘p narsalarni ulg‘ayib, yoshi bir
joyga borib qolganida tushundi. Lekin u anglagan asosiy narsalardan biri bu –
g‘oyaning kuchi bo‘ldi. U har qanday qurol: qilichmi u yoki miltiqmi, tilmi u yoki
bombami, bu qurollar keltirgan qurbonlar va natijalar ortida kimningdir qandaydir

69

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

g‘oyasi yotishini angladi. Kimdir kitoblarga ko‘milib yotib, balki umri davomida
kutubxonasidan chiqmasdan qandaydir g‘oyani o‘ylab chiqadi, uni maftunkor qilib
taqdim etadi; qaysidir buyuk ta’sir etish kuchiga ega sardor bu g‘oyani olib,
amalda tatbiq etadi. Ko‘plar esa istasa, istamasa shu g‘oya ortidan yuradi, yoki
uning qurboni bo‘ladi. Sotsializm g‘oyasi qayerdan kelib chiqdi? Karl Marks va
Fridrix Engels o‘zlari kapitalizm sharoitida yashab, shunchaki “adolatli jamiyat”
haqidagi g‘oyalarini qog‘ozga tushirdilar. Ular hammaning maoshini bir xil qilish
yo‘li bilan tenglikka erishmoqchi bo‘lishdi. Bu Leninga ma’qul kelib, necha
million odamlardan iborat o‘n besh davlat odamlari ustida bu g‘oyani tajribada
sinab ko‘rdi. Faqat ular hammaga ishlasa ham, ishlamasa ham soatbay bir xil
maosh to‘lash tizimida ishlashni istamaydiganlarni qanday qilib ishlashga majbur
qilish mumkinligini o‘ylab ko‘rishmagan shekilli, aynan shu pand berdi. Natijada
mana, “qayta qurish”, “oshkoralik”...

Yillar, qo‘l mehnati bu novcha, qoramag‘iz, biroz qisiqroq ko‘zlari ziyrak
boquvchi yigitning kelbatini qotmaroq, baquvvatroq qilgan bo‘lsa,
mulohazakorligi fikrlarini teranlashtirdi, shaxsiy qadriyatlarini shakllantirdi.
Albatta, yillar o‘tib, o‘qishga kirmaganiga pushaymon bo‘ldi-yu, biror narsani
o‘zgartirishga kech bo‘lgan edi. Fikring bo‘lsa-yu, atrofingdagilar “o‘zing kimsan-
u, fikring nima?” degandek qarab turishsa ham og‘ir botar ekan. Har holda,
ichingdan nimaga tortsa, yuqoridan senga nima berilgan bo‘lsa shuni qilgin ekan,
odam. Mana omadi chopib, endi puli bor-u, uni eshitadigan, tushunadigan, u bilan
bir darajada gurunglashib o‘tiradigan davra yo‘q. Kezi kelganda, nafaqat begona,
hatto xotini o‘qimagan sifatida qaragandek, gapini jiddiy qabul qilmagandek
tuyulib, bu nafsoniyatiga tegadi-yu, iloj qancha? “O‘qish kerak emas” degan
g‘oyaga berilganida – kimningdir g‘oyasi uning kelajagini, butun bir hayotini
belgilashini, shuning uchun har bir g‘oyaga berilishdan oldin boshqa g‘oyalar bilan
ham tanishish kerakligini, hosilini kuzatish kerakligini, yaxshi hosil beradigan
g‘oyagagina amal qilish kerakligini o‘shanda hech kim unga tushuntirmagan.

Umuman olganda, Bahrom hayotidan norozi emas. Ustachilik–ota meros.
Dadasi Zokir usta el og‘ziga tushgan usta edi. Maktabni bitirib, otasining yoniga
kirgan Bahrom tez orada duradgorlik san’atini puxta egalladi. U yasagan, milliy
naqsh berib ishlangan javon-u, shiftlarning, eshik, derazalarning ta’rifi ketib, hatto
boshqa viloyatlarga ham ishga taklif qiladigan bo‘lishdi.

Bahrom hunariga san’at tariqasida qaraydi. Uning ishini kuzatish qiziq:
Yog‘och bo‘lagini olib, oldin: “Bundan nima qilsam ekan?” degandek tikiladi.
Keyin uni randalab tekislab chiqadi. Keyin iskana bilan o‘yib, naqshlar bera
boshlaydi. O‘ymalar bir xil bo‘lsa-da, qaysi tomonga yo‘naltirib o‘yilishiga qarab,
turli shakllar paydo bo‘ladi. U bor qalbi, e’tibori bilan hunariga sho‘ng‘ib ketgani
taxtaga diqqat bilan tikilgan ko‘zlaridan, goh qimtilib, goh bo‘shashadigan
lablaridan bilinib turadi. Shogirdlari: “Usta, choy,” deb tursalar-da, u: “E, ha, xo‘p”
deb ishini davom ettiraveradi. Olgan ishlarini tugatmagunlaricha butun diqqati
ishida bo‘lib, dasturxon boshida gurungga qo‘shilib turgandek bo‘ladi-yu, o‘y-u
fikri ishidan chalg‘imaydi. Ishni tugatgach esa bemalol ertalabgacha otamlashib,
palovxo‘rlik qilib, uyiga mamnun qaytadi.

Ota hunar pand bermadi. Mana yaxshigina hovlilik bo‘ldi, imorat qurdi.

70

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

O‘zbekka hovli yaxshi-da! Ishdan horib kelganingda ariq bo‘yidagi so‘riga
ko‘rpacha tashlab, oyoq uzatib choy ichishga nima yetsin? Bolalar ham ko‘z
o‘ngingda chopqilab yurishadi. Shuning uchun oila qurganlaridan so‘ng xotini
“dom”ga chiqaylik degan bo‘lsa ham, Bahrom unamadi. “Belda kuch borligida
bitta hovlicha qilib qo‘yaylik, nasiba qo‘shilgan bo‘lsa “dom” hech qaerga
qochmaydi” dedi.

Mana endi rohat qilib yashayapti. To‘rtta xona, ayvon, so‘ri istaganingizga
chiqib dam oling. Ayniqsa, ma’rakalarda Yaxshi. Hammaga joy topiladi.
“Dom”dagidan kami bo‘lmasin deb, xotiniga qulay qilib oshxona bilan hammom
ham qurib berdi.

Tong saharda qorong‘u aralash xotini hovli-yu, darvozaxonaga suv sepib
supuradi. Bolalar birin-ketin uyg‘ongach so‘riga chiqib, mahalladan ertalab olib
kelingan obinonni qaymoqqa botirib eb, choy ichishadi. Keyin hammalari tarqalib
ketib, shu bilan bir oila bo‘lib oqshom birga kechlik qilishadi. Bahromga butun
oilasini bag‘riga yig‘ib, ular bilan mana shunday oila davrasida chordana qurib
o‘tirish yoqadi. Uning katta boyligi, hayot mazmuni shu bolalar. Dadasi
odamoviroq bo‘lib, bolalarga uncha e’tibor bermaganidan ko‘nglida armon
qolganmi, Bahrom bolalariga mehribon. Bog‘cha-yu maktabga ota-onalar
yig‘ilishiga o‘zi boradi. Bolalarning o‘qishi bilan qiziqadi, o‘yinchoqlar olib
beradi. Bayramlarda aylangani olib chiqadi. Ba’zan ta’til kunlari bolalarini
ishxonasiga ham olib borib, taxtaga shakl berishni o‘rgatadi, qo‘llariga asboblarni
berib qo‘yib, o‘zi yana ishiga sho‘ng‘iydi. Ish kuni tugaganida, xuddi suvdan
marmarni chiqargandek, qipiqlar bir tomon bo‘lib, taxtadan naqshlar bilan
bezatilgan bir butun san’at asari chiqadi.

Ba’zi ishlarini Registondagi hunarmandlar uyushmasi muntazam ravishda
uyushtiradigan ko‘rgazmaga topshirib, bir necha marta sovrindor ham bo‘ldi.

O‘zi adabiyot sohasida ijodkorlikdan yiroq bo‘lsada, g‘oyaning odam
ma’naviyatiga ta’sirini o‘z hayot tajribasida juda yaxshi bilgan Bahromning ijod
haqidagi aqidasi: “Har bir asar tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi lozim” degan
aqida edi. Uylangunicha u xotinining ijodga qiziqishidan bexabar edi, xabardor
bo‘lgach esa, turmushlariga ziyoni yo‘qligi uchun xotinining ishtiyoqiga qarshilik
qilmadi. Faqat bu muallifning kitobini uyida ko‘rishi unga uncha ma’qul kelmadi:
– Bolalarga yomon ta’sir qilmasligi uchun ma’lum mavzudagi asarlarni uyga
yaqinlashtirmaymiz,-deb kelishgan emasmidik? – dedi u xotiniga jiddiy ohangda.
Xotini shundagina berilib qilayotgan ishidan boshini ko‘tarib, eriga “keldingizmi?”
degandek qarab: – Men buni bolalarga emas, o‘zimga oldim, – dedi.

– Qanday qilib, o‘zingiz yeyayotgan ovqatni bolalarga: “Sizlarga mumkin
emas” deysiz?-dedi eri savolga savol bilan javob berib...

...Gulhayo tog‘lar bag‘ridagi kichik shaharchada tug‘ilib o‘sdi. Shahar bitta
markaziy ko‘chadan iborat bo‘lib, shaharning bu boshidan u boshigacha yayov bir
soatda etib borsa bo‘lar edi. Lekin shaharni o‘rab turgan bir necha qishloqlarning
sathi ancha katta bo‘lib, bir tomondan qo‘shni viloyatga, boshqa tomondan qo‘shni
jumhuriyatga tutashib ketgan edi.

Shu uchunmi, sovet ittifoq davrida 1mayda oila a’zolari bilan bir mashina
bo‘lib, qo‘shni jumhuriyatdagi qarindoshlarinikiga bayramni birga nishonlashga

71

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

chiqib kelar edilar. U erdagi istirohat bog‘ida tog‘avachchalari bilan muzqaymoq
eb yurganlarini elas-elas eslaydi.

Gulhayo tog‘lar odamga ijodkorlik qobiliyati in’om etishiga ishonmaydi-yu,
ijod kurtaklari bor odamning ko‘nglini “qitiqlab” o‘z hissiyotlarini qog‘ozda ifoda
etishga ruhlantirishiga ishonadi. Uning ba’zan hovlilaridan o‘tadigan ariq bo‘yidan
yalpiz terayotganida, yalpizlarning hididan mast bo‘lib ariq bo‘yidagi daraxtta
suyanib shirin xayollar surgan damlari bo‘lgan. Ba’zan ko‘zlarini ochib ariqqa
qaraganida, go‘yo ariqdagi suv emas, aksincha, o‘zi o‘tirgan bo‘yra bilan oqib
ketayotgandek bo‘lgan. Ilk bahorda esa hovlilaridagi endi maysa otayotgan
ko‘katlar gilamidan shunday zavqlanar ediki, shu ko‘klik bilan uyqashib- birlashib
ketish uchun erga ag‘anab yotib olgan damlari bo‘lgan. Shunday lahzalarda uni
qandaydir ifoda etish qiyin bo‘lgan tuyg‘ular qamrab olar ediki, u yugurib borib
qo‘liga qalam-u, qog‘oz olar, lekin qalb tuyg‘ularini ifoda eta olmasdan, yozgan
narsalardan ko‘ngli to‘lmasdan ularni yirtib tashlar edi. U bu savolga hanuz javob
topa olmaydi. Nima bu- qalbni to‘ldirib keladigan tuyg‘u? Nega uni bolaligida,
o‘smirligida, yoshligida ko‘proq his qilar edi-yu, endi yoshi etuklikka etgan sari
tobora kamroq his etadi? Nimaga bog‘liq bu tuyg‘u? Qayerdan keladi? Qayerga
ketadi? Nega shamoldek kutilmaganda kelib, xuddi shunday shiddat bilan o‘tib
ketadi? Uni qanday ifodalab bo‘ladi? Chizay desa, rangi yo‘q. Yozay desa uni
ta’riflasa bo‘ladigan so‘zlar yo‘q. Uni faqat his qilish mumkin. Uni his qilmagan
odamga esa ifodalab bera olmaysan kishi, chunki uni ifodalab beradigan so‘zlar
yo‘q. Uni har bir kishi o‘zi his qilishi kerakdek. Moddiy narsalarni baham ko‘rish
yoki baham ko‘rilganda baham ko‘rgan kishi bilan birga bahramand bo‘lish
mumkin ekan, lekin his-tuyg‘u – har bir kishiga shaxsan beriladigan in’om ekan...
Gulhayo dilini hapriqtiradigan his-tuyg‘ular qiyofasini hali qog‘ozga tushira olgani
yo‘g‘-u, lekin butun borlig‘i bilan berilib yozgan asarlarida ularning qaysidir
chizgilari paydo bo‘lganida ich-ichidan quvonadi.

Shunday qilib, bolaligi, o‘smirligi muk tushib olib kitob o‘qish-u, adog‘i
yo‘q asarlar mashq qilish bilan o‘tdi. Hatto romanlar ham mashq qilib ko‘rdi.
She’rlari, maqolalari shahar, viloyat matbuotida muntazam ravishda chop etilsada,
ko‘ngli nimadandir to‘lmas edi. Matbuot olamida esa o‘zini suv bo‘yida turib, suv
icha olmayotgan kiyikdek his qilardi.

U uchun tahririyat xodimining qiyofasi bu – katta ish stoli ortidagi, cheksiz
qog‘ozlar uyumi chekkasida, shu qog‘ozlarni sarishta qilish bilan andarmon, sayoz
sochlariga oq oralagan, ko‘zoynak ortidan sinchkov nazar tashlaydigan ko‘zlarida
“O‘ta bandman” degan ma’no muhrlangan bo‘yi pastroq, qorindor odam. Gulhayo
borib, uning shunday ham adog‘i yo‘q ishiga ish qo‘shadi.

– Xo‘sh xizmat? – deydi sinchkov ko‘zlar, biroz qog‘ozlardan ko‘tarilib.
– Men she’rlarimni olib kelgan edim, – deydi Gulhayo biroz qimtinib.
– Qo‘yib keting, ko‘rib qo‘yaman, – deydi horg‘in ovoz.
Gulhayo tog‘dek uyulib yotgan qog‘ozlarga yana qog‘oz qo‘shganidan biroz
o‘zini aybdor his etib ohista chiqib ketadi. Sinchkov ko‘zlar u chiqib ulgurmay
yana qog‘ozlarga sho‘ng‘iydi. Bir nimani so‘ray deb Gulhayo orqaga o‘girilib
qolsa, u ko‘zlar allaqachon ish ummoniga g‘arq bo‘lgan, ularni ortga qaytarish
uxlab yotgan odamni uyg‘otish kabi mushkul tuyular edi.

72

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Keyin oylar o‘tib, ro‘znoma yoki jurnallarni varaqlab o‘tirganida,
kutilmaganda o‘z ijodi namunalarini ko‘rib, birdan quvonib ketadi. – Demak,
mening ham qog‘ozlarimga navbat kelibdi-da, – deb qo‘yadi ichidan quvligi, –
yaxshi hamki borgan ekanman”.

Albatta, Gulhayo ijod sohasidagi muvaffaqiyatlaridan norizo emas, har
holda, onda sonda bo‘lsa ham uning ijodiga e’tibor berib asarlarini chiqarishyapti.
Lekin bu sohadagi harakatlaridan hech qachon to‘liq qoniqqan ham emas. Albatta,
qoniqish uchun avvalo odam o‘zi nimani istashini, nima uni qoniqtirishini bilishi
kerak. Gulhayo bu haqida ham o‘ylab ko‘rgan. Bir kuni qandaydir his g‘imir–
g‘imir qilib, ichini kemirganida u o‘z-o‘zidan: “Nima istayman o‘zi? Nima menga
yoqmayapti? Nima bo‘lsa baxtli bo‘laman?” deb so‘ragan. O‘shanda uzoq o‘ylab
javobini topgan edi: “Ustozim bo‘lsa. Menga asar yozishda yo‘nalish beradigan,
kamchiliklarimni ko‘rsatadigan ustozim bo‘lsa, u meni o‘z darajasiga qadar
o‘stirishga harakat qilsa – shunda baxtli bo‘lar edim”. Nimani istashingni o‘zing
bilsang unga erishishga harakat qilish osonroq bo‘lar ekan. Shu-shu Gulhayo
o‘ziga ustoz qidira boshladi. Lekin, uchragan joyida, bozor iqtisodiyoti sharoitida
kun ko‘ray deb ishi boshidan oshib mehnat qilayotgan ijodkorlarni ko‘radi-yu,
bezovta qilganidan istihola qilib, sekingina chiqib ketadi. U ba’zan o‘zini gadoga
ham o‘xshatadi. Gado xonadonma-xonadon sadaqa tilanib yursa, u tahririyatma-
tahririyat e’tibor tilanib yuradi. Balki biror qarindoshi ijodkor bo‘lganida yoki qo‘li
uzunroq bo‘lib, yana shu uzun qo‘lni uzatish mahoratiga ega bo‘lganida ahvol
boshqacharoq bo‘lar edi-yu, nima ham deymiz, uning taqdir kitobi aynan shularsiz
bitilgan ekan shekilli...

Ijod ham kimdir o‘t qalab tursa, kimdir ruhlantirib, rag‘batlantirib tursa
tobora alangalanar ekan. Yolg‘iz cho‘g‘ning qismati esa bir kuni o‘chish ekan.
Gulhayo ham oldin ota-onasi tanlagan o‘qishga kirib, so‘ngra turmushga chiqib,
hayotida “muhimroq ishlar” paydo bo‘lgach, atrofida ruhlantiruvchi
bo‘lmaganidan ijod uchun shunchaki ...o‘chdi.

Uning turmushga chiqishi ham o‘z zamoniga, madaniyatiga xos edi. Bahrom
akasi ustachilik qilib yurib, biror qizga nazar solishga ham, gap tashlab ko‘rishga
ham qunt qilmabdi. U ham o‘qishi bilan andarmon bo‘lib, birov bilan tuzuk
gaplashmabdi. Qarasa, yoshi ham yigirmaga yaqinlashib qolibdi. Aynan qizlarning
ham, onalarning ham “qolib ketmasmikin” deb xavotirlanish davri. Xalqimizdagi
sovchilik degan narsa yaxshi-da. Shunday vaqtlarda, o‘z tengini o‘zi topmagan
yoshlarga juda asqotadi. Ularni ham “kattalar bog‘lab qo‘yishdi”. Gulhayo “biror
o‘qiganga tegaman” deb yurgan edi-yu, onasi bir ikki marta yoshi ham o‘tib
borayotganini, bunday yaxshi joydan boshqa kelmasligi mumkinligini, hozirgi
zamonda diplomlidan hunarli ma’qulligini tushuntirgach, ko‘na qolgan edi. Fotiha
to‘yining sandiq keltirish gashti-yu, qiz dugonalarga ro‘molcha tarqatish gashti,
to‘yda qiz qochdi-yu, kuyov navkar, tantanavor bazm oqshomi bo‘lib o‘tgach,
o‘sha sovchilar kela boshlagan kundan yuragida hadik uyg‘otib bot-bot o‘ylashga
majbur qilgan lahzalar ham etib keldi. To‘ydan oldin “bularning hammasi qanday
bo‘larkin?” deb biroz hadiksirab yurgan Gulhayo, aynan to‘y kunlari o‘zini
go‘yoki karaxt yoki mast bo‘lib qolgandek his qildi. Hammasi uning atrofida sodir
bo‘layapti-yu, go‘yoki u chetdan kuzatib turgandek. Lekin ba’zan shunchalik

73

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

hayajon bosadiki, ZAGSda qo‘li titrab, imzo qo‘ya olmay qizarib ketdi. Shuncha
o‘zimni bosay desa ham qo‘lidan kelmaydi: ham kuyovdan, ham odamlardan
uyalganidan er yorilmaydiki, kirib ketsa...

U uchun jumboqli masala, yetti yot begona odam bilan qanday qilib birinchi
uchrashgan kechasi bir yostiqqa bosh qo‘yishi edi. Bu haqida o‘ylaganida, o‘ylari
boshiga sig‘masdan uni to‘rt tomonga tortib ketar edi. Mana endi o‘sha lahzalar
kelganida, chimildiq ortida o‘tirar ekan, har lahzada kuyov kirib kelishini o‘ylab
hayajonlanganidan tez urib ketgan yuragining zarbini eshitib turar edi. Xayriyat,
to‘y boshidan uning borlig‘iga harir pardadek tashlangan o‘sha karaxtlik yoki
mastlik holati hali ham uni tark etgan emas ekan. Bu ham jismning bir himoya
reaksiyasi ekanki, odam o‘ta hayajonlanarli lahzalarni boshidan kechirishi kerak
bo‘lganida, uni ichki dunyosiga ortiqcha zarbasiz o‘tkazib qo‘yar ekan. Gulhayo
yuz ocharda ham shu holatning ta’sirini sezib turdi.

U qanday qilib yot begona odam sening eng yaqin kishingga aylanib
qolishini tushuna olmas edi. Bu voqea o‘zining boshidan o‘tgach, angladi qo‘ydi.
Har holda, begona ro‘zg‘orga, begona odamlar ichiga birdaniga kirib qolish hech
kimga oson emas. Ayniqsa, ota uyidan boshqa joyni bilmagan qiz bolaga. Har bir
ro‘zg‘orning o‘z do‘ng-u chuquri, o‘z yengil-og‘iri bor. Bu vaqtda yaqin sirdosh
dugonang ham, mehribon oying ham yoningda bo‘lmaydi. Lekin har insonning
yuragida kimgadir suyanish, kimgadir tayanish ehtiyoji bor. Shu shu turmush
o‘rtog‘i uning hayotida eng yaxshi va yomon kunlarni baham ko‘radigan ko‘z
ochib ko‘rgan umr yo‘ldoshiga aylandi. Har bir bolalarining tug‘ilishi quvonchini,
ular bemor bo‘lib qolishsa davolatish tashvishini, hovli qilib chiqish, mashina
olish, xullas, hamma hammasini birga baham ko‘rib, yillar osha qariyb bir
odamdek bo‘lib qolishdi.

Turmush tashvishlariga qorishib ketib, balki hayotida bir voqea sodir
bo‘lmaganida, Gulhayo qachonlardir qo‘liga qalam olganini hech qachon yodga
olmas edi. O‘shanda ko‘pdan buyon ko‘rishmagan dugonasi bilan suhbatlashib
o‘tirar edi. Dugonasi bir qo‘shnisi haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, ikki opa-
singil, bir uka bor ekan. Ular ota-onalaridan erta etim qolib, bolaliklaridan o‘z
aravalarini o‘zlari tortishlariga to‘g‘ri kelibdi. Opasi o‘rtacha, singlisi juda chiroyli
qiz ekan. Vaqtlar o‘tib, opasi oldin o‘zi fohishalik bilan shug‘ullanishni boshlabdi,
keyin qo‘shmachilik qilishga o‘tibdi. Singlisi esa faqat halol oila qurish orzuida
yurar ekan. Bir kuni mijozlardan biri ularning uyiga kelib, qo‘shmachi ayolning
singlisini ko‘rib qolibdi. U bu qiz uchun ko‘p pul va’da qilibdi. Opasi qanchalik
undamasin, qiz ko‘nmabdi. Keyin qizga sovchi kelibdi. Opasi tufayli
xonadonlariga yopirilgan gap-so‘zlardan ko‘cha-kuyda bosh ko‘tarib yura
olmaydigan bo‘lib qolgan qiz “tezroq oila qurib ketib gap-so‘zlardan qulog‘im
tinchisin” deb rozi bo‘libdi. Lekin kuyov tomon ham qashshoqroq ekan. Shu uchun
fotiha to‘yi o‘tkazishgach, kuyov tomon “kelin kuyov to‘ylariga o‘zlari pul ishlab
kelishsin” degan taklifni aytibdi. Qiz tomonning ham ahvoli nochorligi tufayli,
opasining qistovi bilan qiz ko‘nibdi. Ular xorijga ishga ketishibdi. Lekin ko‘p
o‘tmay baxtsiz hodisa tufayli olamdan o‘tgan qizning murdasi kelibdi. Ukasi
bechora opasini baxtsiz hodisadan o‘lganiga ishonmay ko‘p surishtirib, ishning
tagiga etibdi. Etib borishgach, qiz kuyov aslida o‘sha mijoz ekanligini, uni bu

74

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

yerga fohishalik qilishi uchun olib kelganini bilib qolgan ekan. Lekin qancha
yolvormasin mijoz uni eshitishni ham istamabdi. Qiz unamagani uchun uni it
azobiga solishibdi. Uni naqadar qiynashlariga qaramasdan bu ishni qilishga
unamagan qiz beayov qiynoqlarga dosh berolmay olamdan ko‘z yumgan ekan.
Bularni bilib olgan yigit ikki o‘t orasida qolibdi: Jazoga torttiray desa- bu ishning
boshida turgan o‘zining katta opasi, torttirmay desa – guldek kichik opasining
hayotga chanqoq beg‘ubor ko‘zlari ochiq ketdi...

Bu voqeani eshitib, go‘yoki Gulhayoning qalbidagi tuyg‘u vulqoni yorilib
ketib, bor vujudini kuydirib yubordi. Bu ichki o‘t taftiga dosh bera olmay u qanday
qilib, qo‘liga qalam olganini sezmay qoldi. Balki hamma o‘z hislarini qaysidir yo‘l
bilan to‘kib solar, u uchun esa bu yo‘l – ularni qog‘ozga tushirishdir...

Asar yozishga yo‘nalish topish uchun u ko‘p izlandi. Alisher Navoiyni ham,
Balzakni ham o‘qib chiqdi. O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad bilan Pushkinni,
Lermontovni mutolaa qildi. Qodiriydan zavqlandi, Shekspirdan ruhlandi. Lekin
o‘ziga yo‘nalishga kelganda boshi qotdi. Hozir qanday yozish mumkin? Hozirgi
o‘quvchining didi qanaqa? Odamlar qanaqa asarlarni o‘qishmoqda? Umuman,
o‘qishyaptimi, o‘zi? O‘ziga qolsa, har qanday adabiyotni sevib o‘qiy oladi. Lekin
odamlar ichida kitob o‘qiydigani kam, o‘sha kamlar ham nimanidir o‘qiydi,
nimagadir vaqti yoki hafsalasi etmaydi. Xorijda-ku turli yo‘nalishda ochiq
yozaverish mumkin, bu erda esa xalqning madaniyatini ham hisobga olish kerak.
Xalq hazm qila oladigan mavzular bor, hazm qila olmaydiganlari bor. Jiddiy asar
yozsa, o‘quvchilar o‘qimasa, ochiqroq yozsa, tanqid ostiga qolsa...

Axiyri, bir qarorga kelib, qog‘oz qoralay boshladi...
– Yaxshi, yaxshi, – dedi asarni ko‘rib chiqqan xodim. U o‘rta bo‘yli,
novcha, qorachadan kelgan kishi bo‘lib, ko‘chada ko‘rgan odam uni yosh
ko‘rinishidan ko‘proq talabaga o‘xshatar, lekin o‘z ishining ustasi ekanligi o‘zini
tutishidan, gaplaridan ma’lum edi, – endi men sizga asar yozishni o‘rgatib
o‘tirmayman. Har holda, yoshingiz ham mendan kattaroq, anchadan buyon mashq
qilasiz. Umuman olganda, sizda yozish qobiliyati bor. Qalamingiz anchagina
o‘tkir. Lekin mavzuingiz – matbuotda ko‘p yoritilgan mavzu, umumiy gap,
umumiy xulosalar.
Gulhayo ko‘pdan buyon qo‘liga qalam olmagani uchun, o‘zini zamonaviy
yo‘nalishlardan bexabar his qildi. Asari juda sodda, jo‘n tuyulib, biroz iymandi.
– Yozuvchi ommadan boshqacharoq o‘ylay olishi kerak. Siz opani
shunchaki qoralab qo‘ygansiz. Uni shunday qilishganima majbur qildi? Uning
tug‘yonlari, ichki g‘alayonini yoriting. Kutilmagan voqea unga qanday ta’sir qildi?
Siz shularni yozing. Gap qahramonimizning ijobiy yoki salbiy ekanligida emas,
gap o‘quvchini asarga qiziqtira olishda, qahramonning obrazini mahorat bilan
yoritib, o‘quvchini unga hamdard qila olishda! Xullas, qayta ishlash kerak.
Redaksiyadan chiqib kelar ekan, Gulhayo birdaniga o‘ziga ijodiy yo‘nalish
kashf etdi: U jamiyat o‘zidan chetlashtirgan odamlarning ichki dunyosini yoritadi!
Har kim ham qo‘l urmaydigan, tesha tegmagan mavzu! Ularning dunyoqarashlari,
hayotlari, kechinmalari-yu, qiyinchiliklarini ular tomonidan xalqqa yoritib berishga
harakat qiladi...
U uyiga ming bir g‘oyaga to‘lib, qanot chiqarib uchib keldi. Eri kelganida u

75

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

allaqachon yangi asari g‘oyasi bilan mashg‘ul, jismi xonada bo‘lsa ham, butun
borlig‘i o‘zi yaratgan qahramonlarining dunyosiga sho‘ng‘ib ketgan edi. Shuning
uchun birdaniga o‘ziga kela olmay, ma’lum vaqt o‘tgach o‘rnidan turib, eriga
dasturxon yozdi. Ovqat, choy keltirib qo‘yib, asta-sekin xodimning asari haqidagi
fikrlarini, asar yozish haqidagi maslahatlarini aytib bera boshladi.
Bahrom xotinini tinglab, biroz o‘yga toldi-yu, keyin sekin gap boshladi:

– Salbiy odamlarni qaxramon qilib olib, ma’lum janrda ommabop asar
yozish mumkindir. Lekin bu bilan sen o‘z qahramoningning nafaqat shaxsiyatiga,
balki kasbiga ham qiziqish uyg‘otasan. Bunday e’tibor, ba’zan kimningdir qalbida
hamdardlik, kimningdir qalbida esa ularni oqlashni tug‘dirishi mumkin. Masalan,
sening qahramoning fohisha. U pulsiz qoladi. Hech kim unga yordam bermaydi. U
fohishalik qilishga majbur bo‘ladi. Albatta, sening qalaming uning iztiroblari,
qiynoqlarini mahorat bilan tasvirlashi natijasida o‘quvchi uning dardiga sherik
bo‘ladi, uni oqlaydi. Natijada, agar o‘zining boshiga shunday kun tushsa, u ham
shunday yo‘l tutishi mumkin. Aksincha, sening qaxramoning or-nomusini
ardoqlovchi qiz bo‘lganida edi, hatto unga kimdir fohishalikni taklif qilganida
ham, u: – Men uchun bu yo‘l emas, – deb boshqa yo‘l izlagan bo‘lar edi. Hayot
ko‘rsatyapti-ki, u baribir og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘lini topadi!

Balki bir necha yillar ilgari, yana ijodga yot odam eridan emas, balki
mo‘tabar yozuvchilardan shu maslahatni eshitganida, Gulhayo uni qalbiga muhrlab
olgan bo‘larmidi? Lekin hozir, “tarbiyaviy ahamiyatga ega” asari “bir qolipdan
chiqqan”ligi uchun inkor etilgan va o‘zini boshqa sohada sinab ko‘rmoqchi
bo‘lgan Gulhayo uchun bu maslahat bolaga “qilaman” degan ishiga “qilma” deyish
bilan barobar edi. Shuning uchun ommabop asarlar mualliflarining kitoblarini
o‘qib, ularning yo‘nalishlarini o‘rganishga qaror qilgan, pulini turmush
xarajatlaridan ayab ulardan birining kitobini sotib olgan, uning bor fikrini o‘zini
shu yo‘nalishda sinab ko‘rish istagi qamrab olgandi...

...Yillar o‘tib, Gulhayoning kitoblari rangba-rangligi bilan naqadar uning
qalbini quvnatsa, Bahromning dilida shu qadar vahima uyg‘ota boshladi:
“Narkomanning so‘nggi so‘zi”, “O‘g‘rining yana bir kuni”, “Fohishaning dil
izhori”, “Qotilning kundaligi”. Aksiga olib, uning asarlari do‘konga tushganidan,
tezda egasini topib keta boshladi.

Bahromning nazarida o‘qiyotgan va yozayotgan kitoblaridagi
qahramonlarning dunyoqarashi, hayot tarzi Gulhayoning xulqiga ham o‘z aksini
qoldirayotgandek, Gulhayo kundan-kunga dag‘al bo‘lib borayotgandek tuyular edi.
Boshida biroz gap tortishish bilan tugaydigan narsalar, vaqt o‘tgan sayin dahanaki
jangga aylana boshladi. Ayniqa, uning fohisha qiz haqidagi kitobini ko‘rganida
Bahrom juda tutaqib ketdi:

– Menga qara, o‘zi yuzta boladan o‘ntasi kitob o‘qisa. Yana shu o‘ntaga
sening kitobing nima qilishni o‘rgatyapti? Kitob o‘qimaydiganlar bilimsizligidan
chohga qulasa, sening asaring o‘qiydiganlarni ham shu chohga o‘zi avrab olib
borib qo‘ymayaptimi?

– Men bolla uchun yozyatganim yo‘g‘-u, – dedi Gulhayo ham qizishib.
– Ey, odam, – dedi Bahrom jig‘ibiyroni chiqib, – qahramoning 15 yoshli qiz
bo‘lsa, uni yoshlar o‘qimay kattalar o‘qiydimi?

76

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

– Uf-f, – dedi Gulhayo boshini sarak-sarak qilib. So‘ng o‘z g‘oyasini eriga
urg‘u berib so‘zlab tushuntirmoqchi bo‘ldi: – O‘n besh yosh! Bu mening
qahramonim uchun ideal yosh! Erkaklar uchun o‘n besh yosh – qiz bolaning aynan
yetilgan davri hisoblanadi! G‘unchaning endi ochilganida uzish payti!

– Sen bunaqa gapirishdan, bunaqa asarlar yozishdan uyalmaysanmi? – dedi
dabdurustdan Bahrom, – yotoqxona pinhonligi bilan sirli emasmi? Uch to‘rtta
ochning hirsini qo‘zg‘atish bilan nimaga erishmoqchisan? Maqsading nima o‘zi?
Nom qoldirishmi? Bunaqa asarlar bilan nom qoldira olmaysan! Ular bir fasllik
guldek! Bugun bor-u, ertaga nomidan nishon yo‘q! Ular majruh tug‘ilgan boladek!
Ularda hayot, kelajak yo‘q! Ular dunyo yuzini ko‘rib ulgurmay o‘limga mahkum!

– Bahrom aka! – dedi Gulhayo ham tutaqib, – men sizning sohangizga
aralashmayapman-ku?! Bu ijod. Ijodkor hamma narsani yorita olishi kerak!
Ijodimni bo‘g‘mang! Men kitob do‘konlarida chang bosib yotadigan asarlar emas,
zamonaviy kitobxonning e’tiborini tortadigan kitoblar yozmoqchiman!

Albatta, Bahrom asarning ommabop bo‘lishiga, xotini esa asarning
tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishiga qarshi emas edi. Faqat gap amaliyotga
kelganda, ularni mushtarak qilish oson ish emas edi.

Bu orada, bolalar ham katta bo‘lib, har birining o‘ziga xos shaxsiyati
namoyon bo‘la boshladi. Katta o‘g‘li otasidek bosiq, o‘n o‘ylab bir gapiradi,
go‘yo, tashqi qiyofasi ham “dadasini uzib olgan”. Katta odamlar bilan katta
odamlarga xos chordana qurib o‘tirib, gurunglashib o‘tira oladi. Kichik o‘g‘lidan
“bolalikning hidi kelib turadi”. Jon-u dili cho‘qqilarni zabt qilish bo‘lganidanmi,
narvonmi, mebelmi nima ko‘rsa, bir zumda chiqib ketaveradi. Serharakatligidan
biroz yumaloq, bug‘doy rang yuzining qaeridir doimo qashqa bo‘lib yuradi.
G‘unchadek chiroyli qizalog‘i esa umuman boshqa dunyo. Unga qo‘g‘irchoqlari
bo‘lsa bas. Kuni bilan ularga latta-puttadan uycha qilib berib, bir-birinikiga
mehmonga olib borib, olib kelib o‘tiraveradi. Agar atayin chaqirmasangiz uyda
bor-yo‘qligi ham bilinmaydi.

– Qizingdan xabar ol, – deb qo‘yadi ba’zan Bahrom xotiniga xavotiromuz, –
u-budan gaplashib tur, atrofida odamlar ham borligini eslab tursin.

– Ey,y sizga ziyoni tegyaptimi? – deydi Gulhayo og‘rinib, –
o‘g‘illaringizning savoliga javob topa olmay esim ketadi ba’zan. Nimani ko‘rsa:
“Nima yoki nimaga?” degan savoli tayyor. Hech qursa, shu o‘zi bilan o‘zi bo‘lsin.

– Ha bolalarga ovqat-u kiyimdan tashqari e’tiboram kerak-da! – e’tiroz
bildiradi Bahrom,-bu ham bir davr. Katta bo‘lganidan keyin bizlar bularning
e’tiboriga zor bo‘lamiz. “Mehrdan mehr unadi” xotin. Erta bolam oqibatli bo‘lsin
desak, ularga bugun mehr berishimiz kerak.

– Gapingiz to‘g‘ri, – deydi Gulhayo horg‘in ovoz bilan, – faqat hamma
narsaga ulgurish oson emasda...

– Bolaga e’tibor, bola tarbiyasi birinchi o‘rinda, – deydi Bahrom so‘zida
qat’iy turib,- o‘g‘il bolalarga-ku o‘zim ko‘proq qarayapman, sen hech qursa
qizimizga qara. Men bilan sirlashmaydiku, axir. Agar sen qizing bilan
do‘stlashmasang, ertaga u o‘ziga do‘stni ko‘chadan topadi. Kim biladi, kim
yo‘liqadi unga...

...Ha demay, bolalarning har biri uchirma qushdek qanot qoqa boshladi.

77

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

“Elga kelgan to‘y” ekanmi, ikki o‘g‘li o‘qishni bitirib, birin-ketin “ishlab kelamiz”
deb turib olishdi va qo‘shni davlatga ishga ketishdi. Qizi esa filologiya fakultetiga
o‘qishga kirgan bo‘lsa ham, ko‘p vaqtini raqs to‘garagida o‘tkazadi. O‘zi uncha
raqsga yo‘qligidan, u bu davralarda o‘zini mulzam his qilgan Gulhayo qizini
bolaligidan “plastika”si rivojlansin deb raqs to‘garagiga bergan edi. Bu ham eri
bilan oralarida biroz gap qochishiga olib kelgan, Bahrom: – Qiz bolaga yot
begonalarning ichida raqs tushish nima kerak? – desa, Gulhayo: – Boshqalar uchun
emas, o‘zi uchun o‘rgansin. San’atga bunchalik eski qarash qilmang!” – deb
yenggan edi.

Ko‘plab oilalarda bo‘lganidek, ularning oilalarida ham o‘zaro
tushunmovchiliklar o‘z vaqtida va o‘z joyida hal qilinmaganligi uchun orada jarlik
hosil qila boshlagan, yillar o‘ta ular ikkalovlari ham o‘z hayotlari bilan yashay
boshlagan edilar. Ammo keyingi kunlarda sodir bo‘lgan voqea birdan, bir vaqtda
ularning ikkalovlarining ham diqqatini tortdi. Qizlari Dilafruz ba’zi tunlar uyga
kelmay qoladigan bo‘ldi. Boshida kursdoshi bilan imtihonga tayyorlanayotganiga
ishonishdi. Bir kuni shu o‘rtog‘i uning yo‘qligida telefon qilganida qizlari alday
boshlaganini sezib qolishdi. Gulhayo qizi bilan gap talashib, isbot qilib o‘tirishni
istamay, shunchaki izidan poylab bordi. Uning ko‘nglidan ming bir xayol o‘tar, tili
kalimaga aylanmay, faqatgina “O‘zing asra”, – deb qo‘yar edi.

Qizi mashhur restoranlarning biri qarshisida taksidan tushdi. Gulhayoning
yuragi shuvillab ketdi. U ham tezda taksidan tushib, qizining ortidan yo‘l oldi. U
kirish eshigiga yaqinlashganida qizi ko‘zdan g‘oyib bo‘lganiga qaramay, uning shu
erda ekaniga komil ishonch bilan restoran tomon qadam qo‘ydi. Eshikda turgan
yigit uni mijoz deb o‘ylab zal eshigini ochdi. U sir boy bermasdan ichkari kirdi.
Nim qorong‘u zalning duxoba devorlarida stollardagi billur idishlarga urilib ming
tomonga sochilayotgan qandillarning nuri o‘ynar edi. Har bir stol ostida, qora
marmar polga qirmizi gilam poyandozlar to‘shalgan edi. Zal juda katta, dabdabali
bo‘lsa ham odam uncha ko‘p emas edi. U er bu erda bitta, ikkita, to‘rttadan
odamlar o‘tirar, hech kimning birov bilan ishi yo‘q edi.

Shu payt zalda yangrab turgan sokin musiqa o‘chib, o‘rnida qandaydir
g‘alayonni ifodalovchi dag‘al musiqa yangray boshladi. Shu musiqa ostida yuz
bo‘yog‘i nimasi bilandir Buratino filmidagi Peronimi-ey, yoki fotosurat
negativinimi-ey eslatadigan bir qiz chiqdi. Etagi moychechak bichimida bo‘lib,
osti tizzasigacha bo‘lsa-da, alohida bo‘laklari harakat qilganida beligacha ochilib
ketadigan qora ko‘ylakdagi qiz hissiz chehra bilan, qandaydir shiddatli raqsni ijro
eta boshladi. U raqqosaga tikilib turib, uning qomatidan, hatti-harakatlaridan qizini
taniy boshladi. Tanidi-yu, qalbini dahshat qamradi. – Nima? Mening qizim bunaqa
joyda raqqosa? Erning ustunlari ko‘ngilxushlik qiladigan joyda? Istagan kishi,
istagan narsasini sotib ola oladigan joyda?

U shahd bilan o‘rnidan turib ketdi. Shu turishida sahnaga borib, qizining
qo‘lidan tortib uyiga olib ketmoqchi, o‘lasi qilib urib, aqlini joyiga solib
qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin shu lahzada o‘zining eri bilan bahslari ko‘z o‘ngida
jonlanib, o‘zini erining, qizini esa o‘zining o‘rnida ko‘ra boshladi: “Men sizning
sohangizga aralashmayapman-ku?! Bu ijod. Ijodkor hamma narsani yorita olishi
kerak!”

78

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

“Bu ijod emas, bu ko‘chadan lazzat izlovchilarning hirsini qo‘zg‘atish!
Ularning hirsini qondirish! Bugun sahnada ularning ko‘nglini avraysan, ertaga
qanday qilib to‘shagida ko‘nglini avray boshlaganingni sezmay qolasan! Boringni
shimib olib, keyin po‘choqdek irg‘itib yuborishadi! Qo‘lma-qo‘l o‘yinchoq bo‘lib,
axiyri qanday tashlab yuborilganingni sezmay qolasan! – unsiz qichqirardi butun
borlig‘i. Lekin shu bilan birga u nafaqat unsiz, balki bor ovozi bilan qichqirsa ham
hozir qizi uni eshitmasligini, qulog‘i bilan ham, qalbi bilan ham eshitishga qodir
emasligini his qilib turar edi.

Qizining raqs tushishini jonsiz kuzatib turib, u eri ming bora aytib,
tushuntira olmagan haqiqatni angladi: U yaratgan asarlarda hayot yo‘q. Ularda baxt
yo‘q. Ularda quvonch yo‘q. Asosiysi, ularda kelajak yo‘q.

Shu lahzada uning yuragiga o‘q sanchilgandek bo‘ldi: U hamma asarlarini
boshqatdan yozib chiqishi mumkin. Kerak bo‘lsa, yo‘q qilib yuborishi mumkin.
Lekin, mana bu, qarshisidagi tirik asarni-chi? Bu asar uni o‘zgartirishga, boshqa
yo‘nalishga yo‘naltirishga izn berarmidi?...

79

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

MUNDARIJA

YAGONA TUHFA.
QISSA

Tanishuv
Dard

Shaxsiy tadqiqot
Tanish yara

O‘z ustida ishlash
Maqsad uchun kurash

Sirli kalit
Yolg‘izlik dardi

Iqrori dil
Keskin burilish

Asal yili
Navbatdagi sinov

Yangi marra
Yengilish

Qaltis vaziyat

HIKOYALAR

Bahor epkini
Taqdir

O‘rinbosar baxt
Birni sevar
Dilxun
Bahs

Bir fasllik gul

80

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova

Adabiy-badiiy nashr
Gulandom BADALOVA

YAGONA TUHFA
yohud tushkunliksiz hayot sari

Qissa va hikoyalar

Muharrir: Nigora Gʻaniyeva
Texnik muharrir: Madina Abdullayeva
Sahifalovchi dizayner: Dilmurod Jalilov
Bosishga 2019 yil 25 iyulda ruxsat etildi.

Bichimi: 84x108 1/32.
“Cambria” garniturasida ofset bosma usulida ofset qog‘ozida bosildi.

7.5 shart: b.t.6.5.hisob nashr.tab.
Adadi 1000 nusxada.

“Qaqnus media” nashriyoti
Toshkent shahri, Ko‘h ota ko‘chasi, 33-uy,

Tel. (99890)3479600

81

Yagona tuhfa. Gulandom Badalova
82


Click to View FlipBook Version