The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.
Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by rahmatbobojon, 2021-10-16 07:56:30

Umid g'unchalari – Gulandom Badalova

Umid g'unchalari – Gulandom Badalova

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

oyisi kichik ukasiga ham kelin qildi va hammasi boshqatdan boshlandi. Shuning
uchun Dilfuza ba’zan “ko‘rmayam, kuymayam” deb ancha vaqt kelmay yuradi. Bir
daf’a hatto yarim yil kelmabdi. O‘shanda otasi: “Ha qizim, senga nima bo‘ldi, hech
ko‘rinmaysan?” – deb ta’na qilgandek bo‘lgan edi...

– Ha, oyingnikiga borganmiding? – dedi A’zam xotinini mahzun ko‘rib.
Odatda xushchaqchaq Dilfuza faqatgina oyisinikiga borib kelgandagina jiddiy
tortib qolar, bir necha kunlardan so‘ng o‘ziga kelar edi.

– Ha, – dedi Dilfuza qisqagina qilib.
– Yana kelin mojarosimi?
– Bilasizku, – dedi Dilfuza “ha” degan ma’noda. Biroz o‘ylanib turib,
so‘ngra ko‘pdan buyon boshida g‘imirlayotgan fikrlari bilan o‘rtoqlasha boshladi:
– Kelin qilib, oyim o‘zgargandek xayolimda. Albatta oyim doim qattiqqo‘l edilar,
lekin doim adolatli edilar. Lekin kelinlarga nisbatan adolatsizlik qilib, xuddi bu
normaldek tap tortmaydilar. Xuddi gipnoz qilingandek... Menimcha, u kishi
qaynona bo‘lishga intilyaptilar. O‘zgalardan o‘rnak olyaptilar. Menimcha u
kishining qaynonalari Shunaqa bo‘lgan bo‘lsa kerak. U kishi qaynona shunaqa
bo‘lishi kerak deb o‘ylab shuni takrorlayaptilar.
– Ja, unaqamasdir, – dedi ishonqiramasdan A’zam, – biror narsadan xafa
bo‘lgan bo‘lsang hech narsalari yoqmas ketayotgandir.
– Ey, xafa bo‘lib yurish odatim yo‘qligini bilasiz-u, – dedi Dilfuza
achchiqlanib, – yangi tug‘ruqxonadan kelgan kelinga, u Kesareva1 bilan chaqaloq
qilganini hisobga olmay “uylarni gilamlarini chiqarib, generalniy uborka qiling”, –
debdilar. Qo‘shnilarining kelinlarining oyoqlari chaqqon emish. Bu kishining
kelinlari ham qilsin ekan.
– Yo‘q, bu qandaydir nenormal narsa, – dedi boshini chayqab A’zam.
– Ana jiyanim Sarvinoz ham Kesareva bilan chaqaloq qilgan ekan, – davom
etdi Dilfuza, – duxtur “egilish, og‘ir ko‘tarish mumkin emas” debdi, oyisi uyiga
olib kelib o‘zi qarayapti. Qiz uchun hamma ishni qilishadi, kelinga kelganda esa
qo‘mondonga aylanishadi, qo‘yishadi! Zug‘umlarga chiday olmay kelin ketib
qolsa, yoki yoshlar ajralib chiqsa keyin yana o‘zlari: “Yoshlar bilan oramizda katta
jar paydo bo‘layapti”, – deb ayyuhannos solishadi. Hech bir kelinga bir kosa
ovqatni qilib berish qiyin emas, bu jilovsiz tillardan chiqadigan zahar-zaqqumga
chidash qiyin!
Dilfuza deraza ortidan tun qo‘ynida ohista chayqalayotgan daraxtlarga qarab,
chuqur nafas oldi. Nima uchun bu masala uning qalbini bu qadar jizg‘anak
qilayotganini uning o‘zi ham tushunmas edi. Balki bolaligidan mehr, muhabbat
timsoli bo‘lib kelgan ona timsoli qaynona timsoli bilan birlasha olmay qalbini
chilparchin qilayotgandir; balki yangi hayot bo‘sag‘asida turgan kelinlarning yangi
hayot, yangi munosabatlarning ayozidan dillari muzlab borayotgani o‘rtayotgandir.
Xullas, uning ichida noxush hislar junbushga kelib oromini o‘g‘irlar, odamlarga
qarata: Ey, odamlar, to‘rt kunlik dunyoda bir-birimizning qadrimizga yetib
yashaylik, bizdan mehr-oqibat qolsin”, – deb qichqirgisi kelardi. Bo‘g‘ziga tiqilgan
alamni bir amallab yutib, eriga so‘zlashda davom etdi: – Bilasizmi, men yaqinda
ro‘znomada bir tajriba natijasini o‘qidim. U yerda aytilishicha, Garvard

1

51

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

institutining eng iqtidorli talabalaridan 20 tasini o‘z ixtiyorlariga binoan tajriba
uchun tanlab olishgan. Ularga bir hafta davomida alohida binoda tajribadan
o‘tishlari aytilgan, lekin aynan qanaqa tajriba bo‘lishi aytilmagan. Belgilangan
vaqtda hamma yig‘ilgach, ularni ikki guruhga bo‘lishgan va bir hafta davomida
ulardan o‘ntasi mahbusning, o‘ntasi esa politsiya rolini o‘ynashlari taklif etilgan.
Kundan-kunga ular rolga kira borib, shu darajaga borishganki, bir hafta o‘tmasdan
tajriba o‘tkazayotgan olimning hamkori kelib, tajribani vaqtidan oldin to‘xtatishni
talab qilgan. Chunki politsiya rolini o‘ynayotganlar kundan-kunga vahshiylashib,
mahbuslarni jazolashning turli yo‘llarini o‘ylab topishar va ularni qiynoqqa
solishar edi.

Tajribadan so‘ng yigirmata talabaning hammasiga ruhShunos shifokor
yordami kerak bo‘libdi. Chunki mahbuslar rolini o‘ynaganlarning qalblari juda
yaralangan bo‘lsa, politsiya rolini o‘ynaganlar aybdorlik hissidan azoblanishar
ekan. Shunda politsiya rolini o‘ynaganlardan: “Nima uchun bunday qildinglar?”
deb so‘rashganida, “bilmadik” deb javob berishgan. Bu tajriba tizim doirasida
fikrlashning insonga ta’sirini isbotlab bergan. Ya’ni, odam qanday bo‘lishidan
qat’iy nazar bir tizimga tushganida, o‘sha tizimda qabul qilinganiga ko‘ra
o‘ylashni va harakat qilishni boshlaydi. Bu bolalarning politsiya haqida
dunyoqarashi Shunaqa bo‘lgan va haqiqiy politsiya bo‘lish uchun ular aynan o‘sha
dunyoqarashlaridagi politsiyachilarga taqlid qilishgan. Menimcha, bizning
madaniyatimizda kimdir qaynonalarga onaning emas, hakamning namunasini
singdirib ketgandek. Boshqacha namunani ko‘rmagan qaynonalar Shu namunaga
binoan harakat qilishadi. Hayotda yaxshi odam bo‘lishlari mumkin, lekin bu
sohada ko‘rgan, bilganlari bo‘yicha yashashadi. O‘zlari kelin bo‘lganlarida mehr
ko‘rmaganliklari tufayli, qaynona bo‘lganlarida ham mehr bera olmaydilar.

– Hamma qaynona ham bunday emasku! – dedi xotinining so‘zlarini diqqat
bilan tinglab A’zam.

– To‘g‘ri, – dedi Dilfuza, – sizning oyingizdeklar ham bor. Menimcha,
qiyinchilik har kimga har xil ta’sir qilsa kerak: kimningdir ko‘nglini yumshatadi,
kimningdir ko‘nglini qattiqlashtiradi...

Telefonning jiringlashi ilmiy ishini yozib o‘tirgan Dilfuzani seskantirib
yubordi. U ayni qiziq joyiga kelganiga qaramay, telefonda ukasining raqamini
ko‘rib, dastakni ko‘tardi: – Allo?.

– Allo, opa? Bir kelib keting!
– Tinchlikmi?
– E, bilasiz-ku! Bu dargohda qiyomat kuni tunchlik bo‘lmasa, ungacha
tinchlik bo‘lmaydi! Bir kelib, keting!
Ukasi muomalada qo‘polroq bo‘lsada, oilaviy munosabatlarda opasiga ozroq
tayanar edi. Katta opasi o‘z hayoti bilan band, shuning uchun biror narsada yordam
kerak bo‘lsa Dilfuzaga murojaat qilar edi. Lekin ukasi har narsada qaynona kelin
mojarosiga aralashavermasligi uchun, qo‘ng‘iroq qilganidan Dilfuza “masala
jiddiyroq shekilli” deb o‘ylab, qaynonasini ogohlantirdi-da oyisining uyi tomon
ravona bo‘ldi.
– Tinchlikmi? – dedi hovliga kirgach.
Katta hovlida oyisi so‘ri yonida bir nimalar qilar, ukasi asabiy sigareta

52

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

tutatardi.
– Bu kishi bor joyda tinchlik bo‘ladimi? – dedi ukasi oyisi tomon ko‘rsatib, –

yo‘q joydan janjal chiqarib yana haydab yubordilar.
– Xudodan qo‘rq, ey esi past, – dedi turgan joyidan onasi, – o‘zlaring til

topisha olmay it-u mushukdek bo‘lib yashaysanlar-u, yana baloga mani
qo‘yasanmi?

– Shuncha yildan buyon kelisha olmadinglarmi, xotiningni olib, alohida
yashasang bo‘lmaydimi? – dedi Dilfuza ukasiga. Keyin qo‘shib qo‘ydi: – Hech
bo‘lmasa yangi kelindan uyalinglar.

– Kelin hammasini ko‘rib turibdi, – dedi oyisi o‘ziga xos o‘z-o‘zicha haqlik
hissi bilan ovozini balandlatib, – kelinning aqli joyida, ko‘rib o‘zi to‘g‘ri xulosa
chiqarib oladi.

Katta ukasining xotini qachonlardir shu yangi kelinday edi. Boshida tortinib,
xafa bo‘lib, uyiga kirib ketardi-yu, keyinchalik gap qaytaradigan bo‘lgan edi.

– Bolalaringiz tengi kelinlar bilan janjallashgani uyalmaysizmi? – dedi
Dilfuza so‘riga horg‘in kelib o‘tirib.

– Nega men uyalaman? Betga choparlikdan u uyalsin! Betarbiya.
– Oyi. Har bir kishining chidash darajasi bor. Shu darajagacha adolatsizlikni
ko‘taradi, undan ortig‘ini ko‘tara olmaydi. Qaynonalik qilsangiz qiling, lekin
me’yorini biling. Juda adolatsizlik qilmang. Betarbiya bo‘lsa sevgi bilan
tarbiyalang. O‘zgarmasa o‘ziga, birovning hayotiga hokim bo‘la olmaysizku!
Erini, bolasini uddalab yursa bo‘ldi-da.
– O‘risni gapini qilma menga! Kelinlik burchi, majburiyati degan narsalar
bor!
– Qaynonalikchi? Qaynonalik burchi, majburiyati degan narsa ham bormi?
Yoki qaynonalik faqat imtiyozlardan iboratmi?
– Vaqtida qilganimcha qilganman. Endi sizlar qilinglar! Qanaqa kelin bu –
na hurmatni bilsa, na xizmatni bilsa?
– Kattaga hurmat, kichikka izzat deyilgan. Siz uni izzat qilmasangiz, siz
yaxshi odam, yaxshi ona namunasini ko‘rsatmasangiz u hurmat qilishni kimdan,
qayerdan o‘rgansin? Qaynona ona emasmi?...
Biror oycha arazlashib yurib, ukasi xotini bilan til topishib, alohida yashash
uchun hovlidan chiqib ketishdi.
Dilfuza esa ilmiy izlanish ishi bilan mashg‘ul, bir tarixiy manba’ni o‘rganib,
boshqasini izlashtirar edi. Unga kuratori bir necha mavzuni taklif qilib, istasa, o‘zi
biror mavzuni tanlashi mumkinligi, agar hay’at ma’qullasa o‘sha mavzuni olishi
ham mumkinligini aytgan edi. Dilfuza o‘ylab, o‘ylab o‘zini keyingi kunlarda
tobora qiziqtirib borayotgan mavzu: “Sharq oilalarida kelinning o‘rni” mavzusini
tanladi. Hay’at ma’qullagach esa, ishga sho‘ng‘ib ketdi. Kutubxonalardan O‘rta
Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatiga doir kitoblar oldi, internetda maqolalar
yuklab oldi. O‘qigani sari insoniyat ma’naviyati, madaniyatiga xalq tarixining
naqadar roli kuchli ekanini anglab borar edi. U har kuni oqshomlari, uy a’zolarini
ovqatlantirib, dam olishga yuborgach, ikki, uch soatlab ilmiy ishi bilin
Shug‘ullanar, lekin bunday murakkab mavzu va uni o‘rganib chiqish uchun o‘qishi
lozim bo‘lgan materiallari oldida bu vaqt juda kam edi. Shuning uchun ilmiy

53

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

ishini tugatib olish uchun ishxonasidan ta’til oldi. Mana bugun ham bolalarning
buvasi bilan andarmon bo‘lganidan foydalanib, ish stoliga yaqinlashib, internetdan
yuklab olgan navbatdagi maqolani o‘qiy boshladi: “...19asr o‘rtalarigacha
o‘zbeklarda asosan katta ajralmagan oila uchrar edi. Kapitalistik munosabatlarning
kirib kelishi bilan o‘zbek jamiyatlarida bunday oilalar qisqara boshladi. Birinchi
o‘rinda kam ta’minlangan oilalar ajralib chiqa boshladi, yaxshi ta’minlangan
oilalarda ajralishlar ko‘p uchramas edi. Jamiyat fikri ajralib chiqishga qarshi edi va
faqatgina oila juda katta bo‘lib ketgandagina ajralib chiqishga yo‘l qo‘yilar,
taxminan bu – oilaboshi tirik bo‘lganida katta nabiraning uylanish vaqtiga to‘g‘ri
kelar edi.

Ajralib chiqishni qoralab, jamiyat fikri, u orqali esa tuzum tepasidagilar va
ulamolar oilaviy hayotning patriarxal tizimini saqlab qolishga, jamiyat
tuzilishining feodal – qulchilik shaklini o‘zida aks ettiradigan oila ichida
kuchlilarning zo‘ravonligi va zaiflarning himoyasizligini saqlab qolishga harakat
qilar edi.

Katta bo‘linmagan oilada qat’iy ierarxiya bor edi. Uning tepasida oila
boshlig‘i katta bobo, bobo, ota turar, eng quyida esa oilaning eng huquqsiz a’zosi
kelin turar edi. Oila boshlig‘i bor mablag‘larning va moddiy boylikning egasi
hisoblanar edi. Oilada munosabatlar shartsiz bo‘ysunish asosida qurilar edi.
Bunday oilalarda kelinlarning ahvoli hammanikidan ko‘ra og‘irroq edi, u uchun
qalin to‘langanligi tufayli unga oilaning mulki sifatida qarashar edi...”

Bir oy davomida turli manba’lar bilan tanishib chiqqach, Dilfuza ilmiy ishini
yozishni boshlamoqchi bo‘ldi, lekin nimadan boshlashini bila olmay boshi qotdi.
Bir jihatdan u bu mavzuda ko‘p narsani bilar, boshqa jihatdan esa o‘zini go‘yoki
bu sohaga endi darcha ochgandek, lekin hali kirmagandek his qilar edi: – Ha, –
dedi u o‘z-o‘ziga, – bu muammo bugun paydo bo‘lgan muammo emas ekan,
demak uning bir kunda barham topmasligi ham aniq”...

Katta kelin chiqib ketib, kichik kelin yurganida oila mojarolaridan charchagan
Dilfuza balki bu daf’a boshqacharoq bo‘lar deb umid qildi. Lekin uch oydan so‘ng
yana boshlandi. Keyingi kunlarda oyisi telefon qilishidan Dilfuzaning ko‘ngli
bezib qoldi. Go‘shakni ko‘targanidan oyisi ikkala kelinini “olib borib, olib keladi”,
Dilfuzaning esa g‘iybat tinglashga toqati qolmagan. Indamay eshitay desa, sukunat
alomati rizo maqoliga amal qilgan holda oyisi “ha, qizim tushunib qolibdi”, deydi,
agar kelinlarning tomonini olmoqchi bo‘lsa, oyisi o‘zini ham qo‘shib yomonlaydi.

Albatta, kelinlar ham farishtalar emasligini Dilfuza biladi. Lekin o‘zi ham
kelin bo‘lib ko‘rgani uchun, qizlar begona oilaga kelganlarida shunday ham
begona muhitda ko‘nikish azobida yurganlarida ularni “qani, hunaringizni
ko‘rsatingchi?” degandek hakamlik nazari bilan qarshi olish ularning ahvollarini
yanada og‘irlashtirishini Yaxshi tushunadi. Qani edi quda tomon shuni tushunib,
oldin mehr bersa, ko‘nikishiga, yangi sharoitda yashab ketishiga yordam bersa...

Dilfuzaning kichik ukasi uylanganiga yarim yil bo‘lar bo‘lmas sohasi
bo‘yicha ish topa olmagani uchun Rossiyaga ishga ketgan edi. Uning kelgani
haqida xabar kelib, Dilfuza uka ko‘rgani otlandi. Oyisining uyiga kelganida
ukasini ko‘rib, dili yayradi. Xayolida u yanada ulg‘aygan ko‘rindi. Faqat bolasini
qo‘llarida ko‘tarib turgan ukasining ko‘zlarida quvonch aralash mung bor edi.

54

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

– Kayfiyating yo‘qroqmi? – dedi Dilfuza mung sababini bila olmay.
– Bu yerda mutaxassisligim bo‘yicha ish yo‘q opa, u yyerda oilamsiz
qiynalyapman.
Dilfuza hamdardlarcha uh tortib qo‘ydi. Ukasi oilasini olib ketishni istashi,
lekin onasining oldidan o‘ta olmasligini tushundi. Dilfuzaning qaynonasi boshqa
masala, lekin oyisi bilan buning iloji yo‘q edi...
Dilfuza shu kuni oyisining uyidan quvonishini ham, qayg‘urishini ham
bilmay qaytdi...
– Oftob qayyerdan chiqdi? – dedi ukasi bilan kelinni kuzatish uchun kelgan
Dilfuza oyisiga, – ukam aytsa: “Oyim bugun aytib, ertaga qaytadilar”, – deb
ishonmagan edim. Haqiqatdan ham kelinni ukam bilan qo‘yib yuborayapsizmi-e?
– Ha, – dedi onaizor, – bola dadasiga shu qadar o‘rganib qoldiki, dadasini
ko‘rmasa bir kun tura olmaydi. Ukang bilan kelin ham bir-birlariga oxirgi marta
uchrashayotgandek armonli qarashadi. Bularning ajratilgan Tohir Zuxrolik dardiga
chidashdan manga odamlarning gapiga chidash osonroq. Mayli, birga borishsin,
yashashsin, ishlashsin, ishqilib qayerda bo‘lsalar sog‘-salomat bo‘lsalar bo‘ldi. Bir
dadangga qarash bo‘lsa, umrbod qaraganman, qushdek ovqat yeydigan odamga
xizmat qilishning o‘zi-yu, so‘zi.
– O‘zim sizga uy xizmatchisi olib beraman, oyijon, – dedi Dilfuza quvnab, –
bolasining baxtini o‘ylash haqiqiy onaning ishi... O‘zim doim xabar olib turaman,
zeriksanglar uyga olib ketaman. Qiz ham, o‘g‘il ham birdek farzandku! Nabiralar
qurshovida ko‘nglingizni xushlab yuraverasiz.
Shu so‘zlar bilan Dilfuza onasining bag‘riga otildi. Ona –bola bir-birlarini
quchoqlagancha ozroq ko‘z yosh qilishdi. “Men bilar edim, siz baribir
adolatlisiz!” – dedi Dilfuza onasini mahkam quchoqlab...

ODAMGARCHILIK

Ular internetda tanishishdi. Uzoq tunlar suhbat qurishdi, ahdu-paymon
qilishdi. Axiyri to‘yni qiz tomonda qilishga kelishib, yigit bor tayyorgarligini
ko‘rib yo‘lga tushdi.

U juda orzu-havasli yigit edi. Qiz orqali uning barcha qarindoshlari bilan
tanishib, har biriga qimmatbaho sovg‘a oldi. Sovg‘alarning o‘zi bir katta jomadon
bo‘ldi. Boshqa jomadonga to‘yga yap-yangi qora kostyum-shim, oppoq to‘shak
komplekti, ikkita tilla uzuklarni qutichasi bilan avaylab joylashtirdi.

So‘ng poezdda O‘zbekiston tomon yo‘l oldi. Rossiyaning bepoyon o‘rmonlari
ichra ketar ekan, qo‘l etsa tutar darajada yaqin daraxtlar bag‘riga singgib ketgisi
kelar, toza havoni sipqorib, yovvoyi ko‘katlar hididan mast bo‘lar edi.

Bo‘lg‘usi uchrashuvdan dili hapriqib, bir dunyo yoqimli hislar og‘ushida
boshlangan, ona tabiat qo‘ynida uning sokinligi, saxiyligi, pokligidan sarmast
kechgan safari – birdaniga ko‘ngilsiz voqeadan o‘z ohangraboligini yo‘qotdi:
navbatdagi stansiyada uni tunab ketishdi. Kuppa-kunduzi. Poezdning ichida. Bir
uni emas, hammani. “Yordam chaqirmadimi? Huquq himoyachilari qayerda edi?”
– dersiz. Bu yerda o‘g‘rilarning o‘zi ham fuqaro, ham huquq himoyachisi, ham
xudo ekan. Arzingni aytadigan joying ham, eshitadigan kimsa ham yo‘q ekan.

55

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Shuning uchun u ham, unga o‘xshab tunu-kun ter to‘kib, emay-ichmay,
topgan-terganini Yaxshi kunga atab yig‘ib qo‘yib, endi avaylab-asrab yuragiga
bosib olib kelayotgan boshqa erkaklar ham, bor bisotlaridan bir zumda ayrilib,
o‘rindiqlarining bir burchagida mushukchadek qisinib, elkalari silkib-silkib,
ojizona ko‘z yosh to‘kar ekan. Bu yerda erkaklarning ham yig‘lashi tabiiy hol
ekan, Chunki hammaning dardi bir bo‘lgani uchun birovning birov bilan ishi yo‘q,
birov birovni ta’na qilmas ekan.

Axiyri ko‘rshapalaklar vodiysidan kechuvga o‘xshash yoqimsiz safar
poyoniga etib, yigit o‘zi bilan qolgan jomadonlarinigina olib, axiyri sevgilisining
mo‘‘jazgina shaharchasi tomon yo‘l oldi. Albatta, poezddagi voqea ta’bini tirriq
qildi-yu, lekin qiz bir amallab tuzuk salomlashish kerak, bu uchun o‘zini qo‘lga
olishi kerak. Axir birinchi uchrashuv ko‘p narsani hal qiladi, deyishadi-ku!

...Uni sevgilisi kelishilgan bekatda oyisi bilan qarshi oldi. U ilk uchrashuvlari
qanday bo‘lishini ko‘p bora o‘ylagan edi, lekin tasavvur qila olmagan edi. Mana, u
mashinadan tushdi. Ular bekatda turishibdi. Sarv qomatli, to‘lqin sochlarini shamol
oppoq yuziga, qop-qora qosh-u ko‘ziga irg‘itib o‘ynashayotgan qiz-u, uning
yonida sinchkov nazar bilan qarab turgan, qoyadek tik ona. Ularning nigohi
yigitning o‘rta bo‘yli, miqtigina tanasiga, to‘lachadan kelgan bug‘doy rang
yuzidagi qisiq ko‘zlariga, o‘ng‘aysizlikdan shishinqirayotgan lablariga imtihon
qilgandek tikildi-yu, so‘ng bir-birlariga qarab olishdi.

– Salom, – dedi yigit yaqinlashib past ovozda.
– Salom, – deyishdi ayollar birin-ketin, – yuring.
Yo‘l boshlagan ayollarning ketidan tushib, yigit o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoldi.
Uni sovuq kutib olishdimi-ey? Yoki shunday tuyulganmikin? Yozning chillasida
Muborakning issig‘i yomon ekan. Neft shahri emasmi? Do‘zax o‘tidek kuydiradi.
Shundanmi, bu yerda uncha-muncha ko‘kat o‘smas ekan, kunduzi go‘yo shaharga
qirg‘in kelgandek ko‘chada hech kim yo‘q: bo‘m-bo‘sh. SHahar bo‘lsa-yu, odam
bo‘lmasa ham g‘alati ekan, xuddi kinolardagi huvillab qolgan shahardek. Bu
havoda bug‘i chiqib odam kutish ham oson emas.
– Oyog‘ingizdagi nima? – dedi qiz yigit cho‘milib, kaltaishton bilan
chiqqanida tovonidagi chandiqni ko‘rsatib.
– Chechen urushida qatnashganman, – dedi yigit og‘riqli xotiralarga
berilishni istamay lo‘nda qilib.
Choy ichishdi, suhbatlashgan bo‘lishdi. Yigit yo‘lda bo‘lgan voqealarni aytib
berdi, sovg‘alarni taqsimladi. Lekin o‘zini kun bo‘yi o‘ng‘aysiz sezdi.
Ertasi kuni esa qiz fikrini dangal aytib qo‘ya qoldi: – Siz menga
yoqmadingiz.
Yigitning boshiga birov musht tushirgandek bo‘ldi. Musht tushirsa ham mayli
edi. Og‘rig‘i o‘tgach, o‘ziga kelar edi. Lekin bu so‘z. Shu gapni eshitish uchun
Shuncha yo‘ldan, yana Shuncha sarguzashtlar bilan keldimi? Axir internetda
bir-birlarini ko‘rishgan, suhbatlashishgan, hammasini kelishib olishgan emas
edilarmi? Nimasi yoqmadi? Bo‘yimi? Enimi? Hajmimi? Nimasi?
Endi bu xonadondan chiqib ketishdan boshqa chora yo‘q edi. Endi bu
savollariga javob ham yo‘q edi. O‘g‘rilar o‘marganida: “Kelinning uyiga etib
olsam bas, bir amallab to‘yni o‘tkazamiz-u, uyga qaytamiz, hammasi ortda qoladi.

56

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Qaytanga kulib, eslab yuramiz”, deb o‘ylagan edi. Bu yog‘i nima bo‘ldi? U borar
joyi bo‘lmaganidan jomadonlarini ham o‘zi bilan olmasdan, yigitlik g‘ururi
toptalib, bejon oyoqlarini sudraganicha chiqib ketdi. “Seni deb...” deb bir
o‘shqirmoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tiydi. Karaxt bo‘lib qoldi. Keyin qaytib: “Hech
qursa, qaytib ketishimga pul berib turinglar”, demoqchi bo‘ldi-yu, yigitlik ori yo‘l
qo‘ymadi. Aniqrog‘i, yana bir bora rad javobi olishdan qo‘rqdi. Qizing o‘z
shahringda rad qilsa bunchalar bilinmas ekan. O‘zga shaharda, o‘zga davlatda,
pulsiz odamga juda alam qilar ekan. Uch kundan so‘ng u nafaqat o‘marilgan
mehmon, balki biror joyga o‘zini vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘ymagani uchun
qonunbuzarga aylanadi. Yolg‘iz tanigani, umid qilgani oldiga solib quvgan bu
shaharda qaysi begona pulsiz musofirni o‘z uyida ro‘yxatga qo‘yar edi?

U garangsib shahar kezdi. Bu topda tafti kaftni kuydirar ko‘chalarda, u bilan
birga tillari osilgan och itlargina sang‘ir edi.

U yura-yura qorni ochqab, bir oshxonani topib kirdi. Panadagi salqin joniga
biroz huzur bag‘ishladi. Cho‘ntagida qolgan so‘nggi chaqalariga olish mumkin
bo‘lgan ovqatni ishtahasi bo‘lib-bo‘lmay egandek bo‘ldi-yu, oshxona ishchisidan:
“Bu yerda biror ish bormi?” deb so‘radi.

Ishchi ko‘rinishi, gapidan bu erlik bo‘lmagan yigitga hayron qaradi.
– Men mehmonman, – dedi yigit gapni qisqa qilib, – pulimni oldirib
qo‘ydim. Boradigan joyim yo‘q. Biror joyda yotib ishlab, qaytishimga pul qilishim
kerak.
Shu-shu yigit oshxonada ham ofitsiant, ham qorovul bo‘lib ishlab, qaytishiga
pul yig‘a boshladi. Kaftdekkina shaharda sevgilisini deb dovon oshib kelgan, lekin
rad etilgan oshiq haqida gap-so‘z yurib, qizning qulog‘iga ham borib etdi.
– Yoqmagan bo‘lsa, hech qursa ketishiga yordam bersang bo‘lmaydimi? –
deganlarga: – Shunchalik hotamtoy ekansizlar, o‘zlaring yordam bersalaring
bo‘lmaydimi? – dedi.
Qish kelib, yigitning ahvoli tanglashdi. Chekka shaharchada ishlab
topayotgan chaqadek qadrsiz pullari tuzuk kiyimga etmas, bundayrog‘ini olishga
ham bu ketish kunini ortga surishi uchun ko‘zi qiymas edi. Bir kuni tartib
posbonlari ham mehmon yigitga tashrif buyurishdi. “Hamma Rossiyaga ishga
borsa, siz bizga kelibsiz-da?” – deyishdi yigitning gaplariga ishonmay. Keyin
ro‘yxatsiz yashab yurgani uchun bo‘limga olib ketishdi. Sovuq xonalarda yigitning
ahvoli yanada tang bo‘ldi. Uning dardini hech kim eshitmaydigan, eshitishga qodir
bo‘lmagan dunyoning shiftiga termulib, “meni bu azobdan qutqar”, deb yulduzlari
miltillayotgan yorug‘ osmonning darchasini qoqdi. Keyin sovuqdan tarashadek
qotib, bir siqim loydek bo‘lib devor burchagiga tiqilib uxlab qoldi. Shu bo‘yi
uyg‘onmaslikni orzu qilgan edi-yu, eshik ortidagi g‘ang‘ur-g‘ung‘ir uni uyg‘otib
yubordi.
– Musofirni xor qilish odamgarchilikdan emas, – dedi ayol ovozi, – qaytar
dunyo o‘g‘lim, o‘zingiz xor bo‘lasiz-a.
– Xola, men o‘z xizmat burchimni o‘tayapman! Menga tazyiq o‘tkizmang! –
eshitildi posbonning asabiy ovozi.
– Chiqarish uchun nima qilish kerak? – dedi ayol maqsadga o‘tib.
– Qonunga xilof yashab yurgani uchun shtraf to‘lash kerak, keyin yoki tezda

57

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

ro‘yxatga qo‘yish kerak, yoki davlatdan chiqarib yuborish kerak.
– Bo‘pti, men hammasini to‘layman, chiqaring yigitni.
Ichkarida o‘tirgan yigit yum-yum yig‘ladi. Erkak ekanligini, unga yig‘lash

mumkin emasligini unutib yig‘ladi. Hayot Shunaqa ekan, kunjakka tiqib qo‘ysa
yig‘layverar ekansan...

– Men siz haqingizda eshitganman, – dedi yigitni uyiga olib kelib, issiq
ovqat, kiyim –bosh bergan ayol, – biror qarindoshingizdan yordam so‘rasangiz
bo‘lmasmidi?

– Hech kimim yo‘q, – dedi yigit ko‘zlarini yashirib, – yetimxonada
o‘sganman.

– Ha, – dedi ayol yigitning xorligining sababini endi anglab, – lekin bu
erning daromadi bilan yaqin orada yo‘l kira qila olmaysiz.

– Agar, ...agar, ...qo‘lingizdan kelsa, ...yordam bera olsangiz, uyimga etib
borsam albatta qaytarar edim, – dedi yigit o‘pkasi to‘lib kelganidan uzuq-yuluq
so‘zlab.

Ayol yigitga ishonishga qaror qildi. Yig‘ib qo‘ygan ikki, uch oylik nafaqasiga
yigitga bilet olib berdi.

–Sizga qanday minnatdorchilik bildirsam? – dedi yigit poezdga chiqar ekan.
– Minnatdorchilik kerak emas, – dedi ayol, balki hayotida so‘nggi bor
ko‘rayotgan yigitga, – va’dangni unutmasang bas.
– Men sizdek ayolni ilk bora ko‘rishim, – sevgilisi uchun yashirib qo‘ygan
eng noyob so‘zini bisotidan chiqardi yigit.
– Dardimiz bir ekan bolam, – dedi ayol o‘pkasi to‘lib, – sening ota-onang
yo‘q, mening esa bolam yo‘q, yo‘ling oq bo‘lsin, boshing toshdan bo‘lsin.
Ular ona-bolalarga xos mehr bilan quchoqlashib xayrlashishdi. Mehri xola o‘z
farzandini uzoq safarga jo‘natgandek ko‘ngli bo‘shashib, tobora kichrayib
borayotgan poezdning ortidan ko‘zlaridan yosh tomchilari marvarid donalaridek
to‘kilib kuzatib qoldi. So‘ngra birov ketganidan huvillab qolgan bo‘m-bo‘sh uyiga
qaytdi.
...Oylar o‘tdi. Nafaqasini oydan oyga bir amallab etkazib kun o‘tkazadigan
Mehri xolaga qo‘ni-qo‘shnilar: “Ha qochdi, ketdi-da. Bunaqalar o‘zi ma’lum
bo‘ladi”, deb yurgan kunlarning birida unga SMS xabari keldi. “Salom alaykum,
oyijon. Hammasi iziga tushib ketdi. Ishlarim besh. Bu erning yozi juda chiroyli.
Sizni yozda kutaman. Aytmoqchi, pul jo‘natgan edim. Kod raqami ...”
Mehri xola pulni olgani bordi. U o‘zi berganidan ikki barobar ko‘p edi.

TO‘Y QACHON?

Nozima ko‘p ertak o‘qiganidanmi, oq tulporga minib keladigan shaxzodasini
kutadi. Uning o‘z dunyosi bor. U o‘z dunyosining malikasi. U ham “Alvon
elkanlar” asaridagi Greyni qirg‘oq bo‘yida kutgan Assoldek. Odamlar uning
ustidan kulishadi, u esa alvon elkani hirpiragan kemasida malikasi tomon
oshiqayotgan shaxzodani kutadi.

Hayot ertakdan ozroq farq qilar ekanmi, Nozimaning kutib toliqqan ko‘zlari
atrofida sezilar-sezilmas ajin chiziqlari paydo bo‘ldi hamki, shaxzodasi kelmadi.

58

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Maktabni bitirar yili sovchilar qatori eshiklaridan arimagan chog‘larda, albatta, bir
kuni ularning hech qursa biriga zor bo‘lishini tasavvur ham qilmas edi. O‘shanda
atrofiga qarab, hamma ayollarning oilali ekanligi(har holda, unga o‘shanda
Shunday tuyulgan edi), lekin hammasi ham o‘qimishli emasligini ko‘rgan edi.
Shundan kelib chiqqan holda, maktabni a’lo baholarga bitirayotgan, qalbi ulkan
orzu -umidlarga to‘la qizaloq “turmush hech qaerga qochmaydi, asosiysi, o‘qishga
kirib olish kerak” degan qarorga kelgan edi. Albatta, u o‘qishga kirganidan
pushaymon emas, o‘qishi uning jon-u dili, faqat oila qurishning ham o‘z davri
bo‘lishini, uni ham qo‘ldan chiqarish mumkin ekanligini kech angladi. Ba’zan
yurak bechora, o‘ta band kunlik ish rejalari panjarasidan bosh chiqarib, eshik ochib
ko‘cha qaraydi-yu, ostonada hech kim yo‘qligini ko‘rib, yana, uni mazlumgina
yopib qo‘yadi.

O‘ziga qolsa, Nozimaning oila quray deb o‘lib borayotgan joyi yo‘q. Lekin
oyisining, opasining, ba’zan yaqin, uzoq qarindoshlar, tanish-bilishlarning:
“Yuraverasanmi endi?” qabilidagi gaplari teshib o‘tgandek bo‘ladi. Kimdir
buzuqqa ham chiqardi, kimdir yomonga ham chiqardi. “Yaxshi bo‘lsa joyini topib
ketar edi”,-deganlarini ham eshitgandek bo‘ldi.

Gap yomon ekan. Odamning tog‘dek qaddini bukriga, guldek qalbini sahroga
aylantirib qo‘yishi hech gap ekan. Nozimaning ham tog‘lar yon bag‘ridagi ona
shahriga borishga yuragi bezillaydi. Kichkina shahar emasmi, hamma bir -birini
taniydi. SHaharga kirib borishi bilan kimdir kiyimiga, kimdir gaplariga
sinchkovlik bilan e’tibor beradi. Sinchkor nigohlar goh “o‘zgarmabdimi?”
degandek qarasa, goh bu qarashlardan “hali ham erga tegmabdimi?” –degan
savolni ilg‘agan bo‘lasan kishi. Xuddi butun dunyo to‘xtab qolgan-u, hamma sen
bilan ovvoradek, kimdir so‘z bilan, kimdir ko‘z bilan so‘rab-surishtirayotgandek...

Shuning uchun o‘z shahriga borishga oyog‘i tortmaydi. Shu yerda o‘qishi,
ishi bilan ovunib yurgani ma’qul. Albatta, qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q, lekin
atrofida uylanadigan yigit bo‘lmasa, chiqib o‘zini bozorga solmaydi-ku! Bir kuni
hatto radiodan “hayit kunlarida osh qilib, dastro‘molga nomini bitib, o‘n tovoqda
qo‘shnilarga osh bilan chiqarsa, qizlarning baxti ochilarmish” degan so‘zni eshitib,
o‘nta dastro‘mol olib, hafsala bilan nomini kashta qilib tikib chiqdi, keyin kattaroq
qozonda osh qilib, yotoqxonadagi o‘nta xonaga “hayitda osh qilgandim”
bahonasida chiqardi. Keyin uzoq vaqt eshik taqillab “baxti” kirib kelishini kutdi.
Lekin afsus, bu ham kor qilmadi. Taqdirida qariqizlik bor ekan-da...

Kimosharga to‘y bo‘lib ketgan sinfdoshlaridan o‘qish tufayli qolib
ketganlarining ham safi tortilib, so‘nggi qizlaridan birini uzatish to‘yiga borganida
yaqin dugonasining aytgan gapi dunyosini zir titratib yubordi.

– Dilini ham to‘y qildinglarmi? – dedi bir sinfdoshidan “kuyov muborak
bo‘lsin” degan tabrikni qabul qilgan dugonasiga jilmayib qarab.

Bu dugonasining ikki singlisi bo‘lib, kattasi Dilfuza, kichigi Gulira’no edi.
Uning o‘zi maktabni bitirgan yili turmushga chiqib ketganidan ro‘zg‘or g‘origa
qulab ketgani uchun oralari biroz uzoqlashib, munosabatlari uzilib qolgan, Shuning
uchun Nozima yangiliklardan bexabar qolgan edi.

– Dili uch yil oldin to‘y bo‘lgan edi, Gulini to‘y qildik! – dedi dugonasi
Gulnora peshqadamlarga xos mag‘rurlik bilan. So‘ngra dabdurustdan qo‘shib

59

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

qo‘ydi: – Yuribsan-da san ham...
Shu gapi qattiq botdi. Go‘yoki qonab turgan ochiq yarasini pichoq tig‘i yalab

o‘tgandek bo‘ldi, uning qalbi unsiz: “Uh” degandek bo‘ldi.
Bir sohada zarba eyaversa ko‘ngil zada bo‘lib qolarkan. Balki qarg‘ish, yoki

haqorat Nozimaning ko‘nglini bu qadar yaralay olmas edi. Lekin shaxsiy hayoti
haqidagi so‘z...

Nozima uchun Shu lahzada to‘yning to‘yligi ham qolmadi. Birdaniga
halovatini yo‘qotdi. Go‘yo hamma yaxshi qizlarning baxti ochilgan-u, o‘zini hech
kimga kerak bo‘lmagan, shuning uchun it ham so‘ramaydigan matohdek his qildi.
Chiroyli bezatilgan to‘yxona, baxtdan yal-yal yonayotgan kelinchak,
noz-ne’matlarga liq to‘la dasturxon ham ko‘ziga ko‘rinmasdan “birrov tabriklagani
chiquvdim, shaharga qaytishim kerak” bahonasida to‘yxonani tark etdi.

Albatta bunchalik ko‘ngli nozik bo‘lish yaxshi emasdir. Lekin Nozimaning
o‘pkasi to‘lib kelgan, o‘zini agar chiqib ketmasa o‘sha joyning o‘zida: “Aybim
nima mening?” – deb o‘kirib yuboradigandek his qilgan edi. To‘yxonadan chiqib
ketib, uyigacha bir amallab etib oldi-yu, xonasiga kirib, ichkaridan qulflab oldi,
so‘ngra o‘zini to‘shakka otib ho‘ngrab yubordi. U o‘zi bilanmi-ey, boshqa
bilanmi-ey xayolan suhbatlashar, kim bilan suhbatlashayotganini go‘yo o‘zi ham
ajrata olmayotgandek edi: “Aybim nima mening?-pichirlardi qaynoq lablari, –
Nima uchun hamma qizlar qatori mening ham baxtim ochilmadi? Axir pes yo
moxov emasman, tanam sog‘ bo‘lsa, tasqara bo‘lmasam... Nega? Nega?” U
savollariga javob topa olmas, bu savollar allaqachon u uchun o‘tgan yillar
davomida echimsiz masalaga aylanib qolgan edi. Lekin bu javobsiz savollar yillar
yukiga o‘ranib, kundan kunga tobora ortiqroq vazn bilan ezar, bu yuk ostida
ezilgan, aybdorlik hissi bilan to‘lgan Nozimaning qalbi – go‘yoki baxtsizlik
domiga botib ketayotgandek tuyular edi. Ba’zan qalbi yulqinib, bu baxtsizlik
domidan qutulib chiqishni istar, potirlab, tipirchilar, lekin qo‘llovchi yo‘qligidan
yana bemajol qular edi. Eng ayanchilisi, u bu azob qancha davom etishini, buning
oxiri bormi, yo‘qmi, shuni bilmas edi. Ana shu uni hamma narsadan ko‘ra ko‘proq
qiynaydi. Balki o‘z taqdirini o‘zi hal qila olmasligi uchun ham qizlar zoti ojiza,
zaifa deb atalgandir. Mol bo‘lsang qiyin ekan, xaridoringni kutib yotishdan boshqa
chorang yo‘q ekan. Xaridoring chiqmasa-chi? Unda holingga maymunlar yig‘lar
ekan. Bozor peshtaxtasida hech kimga keraksiz moldek Shumshayib, o‘tgan
ketganlarning og‘zida masal-u, ermak bo‘lib yotaverar ekansan kishi. Eh, shum
qismat...

Dugonasi kesakdek hissiz emasdi. U Nozimadagi o‘zgarishni birdan payqadi.
Balki ko‘zida armon bo‘lsa-da, yuzi jilmayib turgan Nozimaning chehrasi birdan
tarsaki egandek ayanchli tus olgani uning hushini o‘ziga keltirgandir. Shuning
uchun to‘ydan keyin u dugonasining uyiga yo‘l oldi. Nozima hanuz og‘riqli o‘ylar
asirligida to‘shagida murdadek jonsiz yotar, ezilib yig‘layotganini faqat elkalari
silkinishidan payqasa bo‘lar edi. Oyisi eshikni to‘xtamay taqillatavergach,
ochishga majbur bo‘ldi-yu, dugonasini ko‘rib, bemajol orqaga tisarildi.

– Kechir, – dedi Gulnora uning yig‘laganidan shishib, qizarib ketgan
ko‘zlarini ko‘rib, – o‘ylamay gapiribman. Bilasan-u, ko‘nglimda senga nisbatan
zarracha yomon fikr yo‘q. Shunaqa molman, ba’zan chiqib ketadi! Keyin ichimni

60

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

yeb, uxlolmay yuraman.
Ostona hatlab xona kirarkan Gulnora bir dugonasiga, bir xonaga razm

tashladi. Nozimaning xonasi sinfdoshlik vaqtlaridagidan umuman o‘zgarmabdi.
O‘sha-o‘sha bitta divan, to‘rt tomoniga ko‘rpacha solingan xontaxta. Jigar rang
gilam ham o‘sha, faqat ko‘kimtir jimjimador gulli qalin pardalarni nafis pushti
gulli pardalarga almashtirishibdi, beqasam ko‘rpachalar o‘rniga baxmal
ko‘rpachalar to‘shab qo‘yishibdi. Xonani ko‘rib, Gulnora yoshligini eslab dili
hapriqqandek bo‘ldi-yu, ko‘nglini qattiq ranjitgan dugonasining so‘z tig‘i zarbidan
qulagudek bo‘lib turgan nozik nihol vujudiga qarab, qilgan ishi yana ishiga tushdi.
U tomon talpinib dugonasini quchoqlab oldi: – Kechir meni, agar sen meni
kechirmasang men ham o‘zimni kechira olmayman. Seni qancha yaxshi
ko‘rishimni bilasan-ku!

– Bilaman, – dedi Nozima siniq ohang bilan, – bilaman. Ichingni yema.
Bunday degan bir sen emas-ku!

Nozimaning bu so‘zidan Gulnoraning aybdorlik hissi yanada oshdi. Bu
gap-so‘zlar dugonasini naqadar ezib tashlagani horg‘in chehrasidan Shunday
bilinib turar edi.

– Hamma aytsa ham mening aytishga haqqim yo‘q edi! – dedi Gulnora
go‘yo dugonasi uni ayblayotgandek.

– O‘tgan ishga salovat, – dedi Nozima bor dardini ko‘z yoshlari bilan
qalbidan chiqargandek bo‘shashib, – atayin qilmading-ku! O‘zingdan gapir...

Dugonalar “o‘zlari haqida gapirib”, biroz vaqt o‘tgandan so‘ng bor gina-
quduratlar unutildi, yoshlik davriga ham qaytishdi, kelajakka har nazar tashlashdi.
Gap aylanib kelib yana yurak yarasiga taqaldi:

– Bilasanmi, evropa xalqlarida ayol kishidan yoshini so‘rash madaniyatsizlik
va odobsizlik hisoblanar ekan, – dedi Gulnora.

– Qani edi bizlarda ham hali baxti ochilmagan qizdan: “To‘y qachon?” deb
so‘rash, Farzandsiz oiladan: “Bolalaring bo‘ldimi?” deb so‘rash, nogiron farzandi
borlardan: “Bolangiz yaxshi bo‘lib qoldimi?” – deb so‘rash madaniyatdan va
odobdan emas deb qabul qilinsaydi, – dedi alam bilan Nozima.

– Kimdir buni qabul qilishi shartmi? O‘zi shunday ham bu farosatsizlik
emasmi? – dedi o‘zining ham yaqin orada “qovun tushirganini” unutgandek
Gulnora.

– Shunday-u, lekin ba’zilar soddalikdan so‘rashadi-da, – dedi Nozima uning
dangal gapiga parvo qilmasdan, – tasavvur qilgin, o‘zi 17 yoshida turmushga
chiqqan bo‘lsa, 25 yoshida uchta bolasi bo‘lsa, bunday ayollar oila qura olmay
ezilish dardini qayerdan bilsin? Bejiz “boshidan o‘tmaganning qoshidan o‘tma”
deyishmaydi-ku! Men ham buning dardini o‘zimning boshimga tushganidan keyin
payqadim. Shuning uchun bundaylarga turmushga chiqmagan dugonasidan: “To‘y
qachon?” – deb so‘rash, “Sog‘lig‘ing qalay?” deb so‘rash bilan barobar. U bu
savoli bilan qanday yaralayotganini, baxti ochilmagan qiz xuddi bu uchun o‘zi
aybdordek mulzam bo‘lib qolishi qayerdan bilsin? Albatta, o‘ylamay
so‘raydiganlar ham bor, atayin kamsitish uchun so‘raydiganlar ham bor...

Shu-shu Gulnora aybdorlik hissidanmi, Nozimaning ichkaridan hamdardi-yu,
tashqaridan qalqoniga aylandi qo‘ydi.

61

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Shundan keyin u Nozimani tez-tez uyiga chaqiradigan, Nozima ham
ota-onasinikiga kelganida uning oldiga kirib o‘tadigan bo‘ldi. Gulnoraning kelin
bo‘lib tushgan uyiga to‘yidan keyin bir bora kelin ko‘rish uchun kelgan Nozima,
ularning uyiga yillar o‘ta ilk bora kelganida, avvalida hovlini tanimagandek bo‘ldi.
Xayolida kaftdekkina hovli yanada kichrayib, g shaklida qurilgan g‘ishtin imorat
biroz cho‘kkandek tuyuldi. Faqat hovli sahnidagi katta hovuz, baquvvat shohlari
bilan mo‘‘jazgina hovlini quyosh taftidan to‘sib turgan ulkan tut daraxti o‘sha
o‘sha. Yangiliklar bitta: Gulnora bozorga yugurib elib topgan mashinasi
darvozaxonada savlat to‘kib turibdi.

Odamni tashi bilan ichi juda farq qilarkan. Gulnoraning uyiga kela boshlab,
Nozima buni yanada yaxshiroq his qildi. Gulnora ko‘chada beg‘am, xushchaqchaq
ayol bo‘lsa-da, uyida kichik korxonaning o‘ta band boshlig‘i kabi jiddiy, biroz
asabiy edi. Qo‘l telefoni tinmay jiringlar, qo‘lidagi to‘rtinchi bolasi big‘illab
yig‘lar, uchta qizining goh unisi, goh bunisi nimalarnidir so‘rar, yana qo‘ni-qo‘shni
ham tashvishlari bilan chiqib qolar edi. Gulnoraning eri kamgap odam bo‘lib,
Nozimani ko‘rganidan salomlashib qo‘shni xonaga o‘tib ketar edi.

– Senga erga tegish nima kerak? – dedi bir kuni Gulnora siqilganidan
ko‘nglini yorib, – menga oilaviy hayotdan baxtli loaqal bitta odamni ko‘rsat!

– Erga tegib olib bunday deyish oson, – dedi Nozima miyig‘ida kulib.
– Axmoq bo‘lganman-da! – dedi Gulnora cho‘rt kesib, – boy,

toparman-tutarman oilaning yolg‘iz farzandi, uyi-joyi tayyor, mashinasi bor desa
uchganman. Bizlarda ota-onalar o‘g‘illariga dang‘illama uy solib berishni, to‘y
qilib berishni bilishadi-yu, kasb-hunar o‘rgatishni, oila oldidagi mas’uliyat hissini
o‘rgatishni bilishmaydi. Mana ona sutim og‘zimga kelib, endi “ota-onasining
yolg‘iz farzandini” to‘rtta bolamga qo‘shib boqib yuribman. Bundan topgan yaxshi
narsam faqat shu bolalarim bo‘ldi. Shularni o‘ylamasam, “ko‘rmayam,
kuymayam” deb bosh olib chiqib ketgim keladi-yu, shularni o‘ylayman-da! Ertaga
otasiz ko‘ngli o‘ksib katta bo‘lishidan qo‘rqaman.

– Ha, oiladan asosiysi bolalarda, – dedi Nozima bo‘sh kelmay, – erta og‘ir
yengilingga yaraydigan shular-ku!

– Eh dugon, – dedi qorni to‘yib, ko‘zi ilinayotgan bolasini ko‘ksidan
ayirarkan Gulnora, – hech qachon o‘zingni deb bola qilma. Hozir zamon
shunaqaki, bolalar o‘zini uddalab ketsa ham katta gap. Menga qolsa qizlarni uzatib,
o‘g‘limni uylantirsam bas, hammasi alohida yashasin. Qariganda o‘zimni oyoqdan
qoldirmasin. Kelinlik azobini ko‘rib shu qarorga kelganman, qaynonalik orzusi
ham ko‘nglimga tatimaydi.

– Nima qariganingda o‘zing yashamoqchimisan? – dedi Nozima hayratlanib.
– Nimaga yolg‘iz? – dedi Gulnora ham savolga savol bilan, – ana cholim bor.
Kamlik qilsa mehrga zorlar ko‘p, bola boqib olarman. Lekin kelinning yashirin
ko‘z yoshiga toqatim yo‘q. Har uyning o‘z yo‘rig‘i borda. Kap-katta odamni o‘z
yo‘limga solib nima qilaman? O‘g‘limni hurmatini joyiga qo‘yib, oilasini uddalab
yursa bo‘ldi-da!
Shu-shu bo‘ldi-yu, boshqa oila haqida gaplashmaydigan bo‘lib qolishdi.
Gulnoraning so‘zlari, hayot tajribasi Nozimani chuqur o‘yga solib qo‘ygan, u
o‘zining hayot qadriyatlarini tarozining pallasida torta boshlagan edi.

62

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

“Haqiqatdanam, nima kerak oila qurish? Axir shuncha yil yashab, birorta baxtli
oila uchratdimmi? Uch to‘rt oila baxtlidek ko‘rinadi-yu, lekin ichida nima gapligini
qaydan bilasiz? Umuman olganda, menga ichmaydigan, chekmaydigan,
yurmaydigan, biror kasbning boshidan ushlagan mas’uliyatli yigit kerak. Gulnora
aytganidek, bunday yigitni qaydan topaman? O‘zi bundayroqlari ham anqoning
urug‘i bo‘lib turibdi-yu. Ana amakimning o‘g‘li. Ikki marta xotin qo‘ygan. Yana
darvozasidan umidvorlarning qadami uzilmaydi. Hozirgi zamonda yigit tomon
emas, qiz tomon so‘rattiradi. Gap pishsa, kuyov tomon nomiga sovchilikka borib
keladi. Amakivachchasining xarakteriga it ham chiday olmaydi. O‘ta yalqov,
qaysar, janjalkash. Yana odamlarning qizlari ko‘chada qolganmi, shunday odamga
qo‘shqo‘llab topshirishadi. To‘y kunlarida hamma xursand bo‘ladi-yu, men
ichimda: “Eh, bechora qiz-a, sho‘ring qurisin” deyman. Bilganimdek, ikki, uch yil
yashab-yashamay, kelinlarning sabr kosasi chil-chil bo‘ladi-yu, boshi oqqan
tomonga ketib qoladi... Oila qilmay yashab o‘tsammi? Kerak bo‘lsa, o‘sha vaqtda
ona mehriga zor bo‘lgan biror bola saqlab olarman...”

Keyingi kunlar bu o‘y-xayollar Nozimaning fikrini batamom qamrab oldi. U
to‘xtovsiz o‘ylashdan hatto uyqusida ham boshi og‘rib chiqayotganini payqab
qoldi.

Bo‘ldi, bu haqda o‘ylamayman, qaror qildi u, tashvish chekib nima ham qila
olardim? Peshonada bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa bo‘lmas. Ishimni qilib, el-u xalqqa
xizmat qilib yuraveraman. Mana guldek kasbim bor. Shifokorlikka ham etganlar
bor, etmaganlar bor. Ana rentgenologiya fani domlasi: “Agar istasang, klinikaga
olib qolaman, Shu sohada dissertatsiya qilishing mumkin”, – degan edi. Ilmiy ish
qilib, rak xastalarini nur bilan shifolash sirlarini o‘rganib, amalda qo‘llab
yuraveraman. O‘limga mahkum odamlarni hayotga qaytarishdan ortiq baxt bormi?
O‘zing dunyoga farzand keltirding nima-yu, o‘zganing farzandining hayotini
saqlab qolding nima? U ham tirik jon, bu ham tirik jon. Kim aytdi, yolg‘izlik oyga
yarashadi deb? Mana Navoiy ham Gulisini kuylay-kuylay yolg‘iz o‘tgan-ku. Tatar
shoiri Abdulla To‘qay ham yolg‘iz o‘tgan. U hatto bir she’rida shunday degan
ekan:

“Sen demishsan shoirni ko‘rgim kelar,
Borma, borma, sen uni sevsang agar.
O‘z o‘yingcha, shoir ul kuyli desang,
She’r esa tinglarga ko‘ngilli desang,
Sen unday qilguncha, e qoshi hilol,
Borib qush do‘konidan bir bulbul ol.
Ol, qafasga qo‘ygin-u, sayrat uni,
Maqtasin husning, sen sarg‘ayt uni”
U uchun oilaviy hayot qafasda qushning sarg‘ayishi kabi bo‘lgan ekan-da?!
Bu dunyoda yolg‘izlar ozmi? Men-ku majburiyat yuzasidan yolg‘izman. Lekin
hayotini o‘zi sevgan kasbiga, ilm fanga bag‘ishlab yolg‘iz o‘tayotganlar kammi?
Hatto ba’zi dinlarda o‘zlarini Xudoga xizmatga bag‘ishlab, shaxsiy hayot baxtidan
kechadiganlar ham bor ekan. Yunoniston faylasuflari oddiy yerlik odamlar bilan
qo‘shilib ketmaslik uchun, oila falsafiy, tiniq fikrlashga xalaqit bermasligi uchun
atayin oila qurishmagan ekan. Men shulardan biri bo‘la qolsam nima qilibdi?

63

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Bizning xalqimiz ham ko‘ra ko‘ra yolg‘izlarga o‘rganib qolsa kerak-da.”
...Gulnora eri bilan poytaxtga bozor ishlari bilan kelib, ishlarini bitirib

qaytishar ekan, “hech qursa benzin puli bo‘lar” deb yo‘ldan odam olishga qaror
qilishdi. Eri poytaxt avto shohbekatida aylanib yurib, ketishga talabgor birgina
yigitni boshlab keldi. Boshida odam yo‘qligidan biroz xafa bo‘lishgan bo‘lsalar-da,
dilkash yigit bilan suhbat qizishib, tezda xafagarchilik esdan chiqdi. Yigit
Qo‘shrabot tomonlardan bo‘lib, oliygohning bosh kurslarida tanlovdan o‘tib,
xorijga o‘qishga ketgan, o‘qishni o‘sha joyda bitirib kelgan, hozir poytaxtda ishlar
ekan. Bo‘y-basti, istarasi issiq bo‘lishiga qaramasdan hali uylanmagan ekan.
Ukalari allaqachon uylanib, bola-chaqali bo‘lishgan, bu yigit esa hali
ko‘nglidagisini topmagan ekan. Negadir, Gulnora yigitning ohangida Nozimaning
ohangidagidek mungni tuydi. U ham hali “baxti ochilmaganidan” kuyinar edi.

– Yigit kishining baxti uchun kuyinishini birinchi bor ko‘rishim, – dedi
Gulnora hayratini yashirmay, – yigit bolaning yo‘li to‘la qiz-ku! Ayniqsa, sizga
o‘xshab xorijda o‘qib kelgan, yashash joyi, ishi tayin yigitlarga mana-man degan
qiz jon deb tegadi-yu!

– Qiz yo‘q demadim-u, – dedi yigit gap uqdirmoqchi bo‘lib, –
ko‘nglimdagisini topa olmayapman dedim. Oila poyafzal emas-ku, uchraganini
kiyib ko‘rib, to‘g‘ri kelmasa almashtirsangiz. Tengingizga uchramasangiz xarakter
to‘g‘ri kelmasligidan ham o‘zingiz, ham bolalar azoblanishi bor, ajralib ketay
desangiz, bolalarning uvoli bor.

– Qanaqasi yoqadi o‘zi sizga? – dedi Gulnora yigitning mas’uliyatli
so‘zlaridan ruhlanib.

– Mana yaqinda bir do‘stim uylandi, – dedi yigit misol bilan javob berib, –
qiz oliygohni qizil diplomga bitirgan. Bundaylarni yurishga vaqti bo‘lmaydi,
bilasizmi? Chunki butun fikri xayoli o‘qishda bo‘lgan. Men ham shunday oliy
ma’lumotli, kasb-hunarli, yo‘lida to‘g‘ri qizga uylanmoqchiman.

Gulnora izlab yurgan narsasini topgan bolakaydek birdaniga mashinaning
old kursisidan butun tanasi bilan orqaga o‘girildi: – Bir dugonam bor, tanishtirib
qo‘yaymi? – dedi, go‘yo hozir aytib ulgurmasa, yigit qochib ketadigandek
hovliqib, – kafolat beraman hech kim bilan yurmagan! Hatto tuzuk o‘ziga oro
berishni ham bilmaydi.

– E, o‘ziga qaramaydigan qizni erkakdan nima farqi bor? – dedi yigit
dabdurustdan.

Erkaklar ayollarning o‘ziga oro berishini yoqtirmasligiga ko‘nikib qolgan
Gulnora yigitning kutilmaganda aytgan so‘zidan biroz dovdirab qoldi-yu, tezda
o‘zini qo‘lga olib “xatosini tuzatdi”: – O‘ziga oro bermaydi degani, besurob
degani emas-ku! Shunchaki bo‘yanmaydi! Oyisi qattiqqo‘l bo‘lgani uchun
maktabda bo‘yanmas edi. O‘qishga kirgach, begona shaharda yurgani uchun
odamlar “buzilib ketibdi” deb gapirishlaridan qo‘rqib bo‘yanmagan, – keyin
shaddodlik bilan qo‘shib qo‘ydi, – Agar o‘ziga oro berib yurganida edi, shunday
chiroyli qiz sizgacha etib kelmas edi!

...Ular yigit bilan bir-birlarining telefon raqamlarini olib xayrlashishdi.
...Hammasini telefon orqali hal qilishgach, Gulnora poytaxtga atayin,
Nozimani ilk uchrashuvga olib chiqish uchun keldi: “Tag‘in boshqa stolga o‘tirib,

64

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

boshqasiga ilakishib ketib qolma,” – dedi u uchun sarson bo‘lib shuncha yo‘ldan
kelganiga xijolat bo‘lgan dugonasini yupatib. Uning asl maqsadi dugonasini
bozorchi olmalarni artib-surtib xaridorgir oladigan qilib peshtaxtaga qo‘yganidek,
dugonasini “o‘z qo‘llari” bilan uchrashuvga tayyorlash edi. Albatta o‘zimga qaray
desa Nozima ham buni boplab qo‘yadi-yu, yillar davom etgan tushkunlik
qiladiganini qilar ekan. Nozimaga qolsa ishga borib kelib yurgan kiyimida
ketaveradi, lekin “erkaklar ko‘zi bilan suyadi”, “ilk uchrashuv hamma narsani hal
qiladi” degan gap bor...

Pushti ko‘ylagi nozik qomatini yanada nozik qilib ko‘rsatayotgan, sochlari
elkalarida to‘lg‘anayotgan Nozimaning maysadek quyuq kipriklari asirligidagi
qora ko‘zlariga, ochilgan guldek, tiniq yuziga atrofdagilarning maftun qarashi
uning tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan ishonchini biroz mustahkamladi. U Gulnora bilan
suhbatlashib borayotgan bo‘lsa-da, butun o‘y-u xayoli bo‘ladigan uchrashuvda edi.

Yigit juda boy ekanmi, qimmatbaho restoranda joy buyurgan ekan. Bunday
joylarda yurib o‘rganmagan Nozima marmar polida sirg‘anib yiqilib tushmaslik
uchun, baland poshna tuflisi bilan ehtiyotkorlik bilan yurib, belgilangan stolga etib
keldi. Qo‘l kompyuterida bir nimani o‘qib o‘tirgan yigit ularni payqab birdan
o‘rnidan turdi-da Gulnora bilan quyuq salomlashdi. Keyin uyatdan ozroq qizarib
turgan Nozimaga bir qarab olib, yonidagi stuldan katta guldastani olib unga
uzatdi: “Bu sizga”.

U olarini ham, olmasligini ham bilmasdan uyalinqirab turgan vaqtda Gulnora:
“Xo‘p, sizlar yaxshilab tanishib olinglar, men ketdim, keyin telefonlasharmiz”, –
dedi-yu, burilib, ketib qoldi. Yoshlarning ikkalasi ham uning ortidan hayratlanib
qarab qolishdi, keyin uning dabdurustdan qilgan ishidan va o‘ynoqlab qadam
bosishidan bir-birlariga qarab kulib yuborishdi.

...Nozima uchun bir lahzada butun olam o‘zgargandek bo‘ldi. Necha yillardan
buyon ilk bora tabiatning turfa rangini, qushlarning chug‘urlashini, suvlarning
shildirashi-yu, olamning naqadar nurafshon ekanini payqay boshladi. Go‘yo shu
vaqtgacha butun tabiat uyquda bo‘lgan-u, endi birdaniga butun borliq
uyg‘ongandek. Yori haqida o‘ylaganida dili hapriqadi, baxtiga ishonmaydi.
Ba’zan: “Men yoqmagan bo‘lsam-a”, degan tahlikali o‘y qalbiga hujum qiladi.
Yo‘q, baxtiga yigit yana va yana qo‘ng‘iroq qilaverdi, munosabatlari uchrashgan,
dildan suhbatlashgan sayin mustahkamlanib bordi. Baxtiyor uning ko‘nglidagidek,
yo‘q u orzu qilganidan ham ortiq odam edi. U mast edi, kutilmagan baxtdan
sarmast edi...

Hamma narsaning belgilab qo‘yilgan fursati bo‘lar ekan. Ba’zan baxt ham
qo‘shaloqlab kelar ekan. Nozima bilan Baxtiyor uchrashishgach, bir-birlari uchun
yaratilganliklarini tezda payqadilar. Lekin oila mas’uliyatini his qiladigan odamlar
sifatida bir yilcha masofa saqlab suhbatlashib yurdilar. Nozimaning fan nomzodi
dissertatsiyasini yo‘qlashi ketidan to‘ylarining taraddudi ham boshlandi. Nozima
go‘yo almashtirib qo‘yilgandek edi. Uning baxtidan ko‘ngli masrur, unga ayniqsa,
bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘idan nomiga emas, chin yurakdan faxrlana olishi yoqar
edi. To‘g‘rida, bunaqasini faqat ertaklarda uchratish mumkin, u uchun sevgilisidek
odam bir yaralgan, bir yaralganda. Ba’zan taqdirini yozg‘irgani uchun uyalib
ketadi. Axir u maktabni bitirgan yili bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i xorijga o‘qishga

65

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

ketgan ekan, shuncha yili u yerda o‘tgan, taqdiri unga qo‘shilgani uchun ham
boshqalar bilan yo‘li to‘g‘ri kelmagan. Yaxshi hamki o‘qigan, o‘zini yomon
yo‘llardan asragan ekan. U kishiga aynan Shunday qiz kerak ekan...

...Nozima bir –ikki kelinlik liboslari saloniga o‘zi kirdi-yu, “kelinlik libosi
ko‘rmoqchiman”, - deganida, ko‘rinishidan o‘ttizlarda bo‘lgan qizga hayrat bilan
tikilib, ortidan o‘n etti yoshli qizni izlagandek eshikka qarab qo‘yishlaridan o‘zini
noqulay his etdi. O‘zicha: “Yana bir chig‘iriqdan o‘tishim bor ekanda” deb,
navbatdagi gal ko‘ylak tanlash uchun dugonasi Gulnora bilan borishga qaror qildi.
Ular kelinlik liboslari saloniga ko‘ylaklarni ko‘rgani kirganlarida sotuvchi qiz
odatdagidek: – Kimga? – deb so‘radi.

– Menga, – dedi axiyri dadillik bilan Nozima. Shunda ko‘ylak qarab yurgan
ayollardan biri unga yalt etib qarab, dimog‘dorlik bilan: – Tavba, tavba, – dedi.

Ko‘rinishidan yoshi o‘ttizlardan oshgan sotuvchi ham gapni ilib ketib: –
O‘tgan hafta men o‘zim tengi bir qizni kiyintirib, to‘y qilib yubordim! – dedi.

Bu javobdan gap tashlagan ayolning yosh to‘y bo‘lgani uchun o‘z nigohida
go‘yoki yanada qadri oshdi.

Nozima o‘rtog‘iga: – Ko‘rdingmi? – degandek serma’no qarab qo‘ydi.
O‘rtog‘i esa homilador qornini yanada bo‘rttirib, atayin eshittirib, baland
ovozda: – Ha, endi bizlar 17 yoshdan erga chopib katta qaxramonlik qilganmiz-da!
– dedi.
Turmush qurish bo‘sag‘asida turganidan, bunday gaplardan mulzam qalbi
taskin topa boshlagan Nozima dugonasi bilan birga baralla kulib yubordi.
Ayol nojo‘ya so‘zlaganini payqaganidanmi, yoki kutilmaganda berilgan
javobdan esankirab qolibmi, mulzam bo‘lib chiqib ketdi.
Nozima esa o‘ziga mosini izlab, zavq bilan kelinlik liboslarini kiyib ko‘ra
boshladi.

ORZU

Zo‘r zamonlar keldi-da o‘zi. Hammayoq turfa gullar-u, oppoq, harir
pardalar; rangba-rang tasmalar-u, jim-jimador bezaklar; oppoq kelin ko‘ylakdek
ko‘ylaklar-u, salobatli qora kostyum-shimlar; yarqiroq, qimmatbaho
taqinchoqlar-u, salobatli binolar, mashinalar... Bir joy emas, hamma joy
yaltir-yultir. Tug‘ruqxonadan boshlab qabristongacha, bog‘cha bolalaridan boshlab
nafaqaxo‘rlargacha turfa xil bezanib, qosh-u ko‘zlarini televizorlardagi xorij
yulduzlarinikidek bo‘yab, o‘z ko‘nglini chog‘lash zamoni bu...

Ana osmono‘par binolar og‘ushida yastanib yotgan, bir necha harakat
yo‘nalishiga ega yo‘lning chetidagi, serdaraxt ko‘chaning odamlarga mo‘ljallangan
keng yo‘lagidan oppoq ko‘ylaklarda, ko‘rinishidan ko‘kka parvoz qilishga tayyor
kabutarlardek chug‘urlashib bir to‘p o‘smir qizlar ketishmoqda. Ularning
yonlarida, go‘yo ularni uchib ketishdan tutib turgandek birini turtib, birini surtib oq
ko‘ylag-u qora shim kiygan o‘smir yigitlar ketishmoqda. Qo‘llaridagi
guldastalardan maktabning bitiruvchilari ekanliklari ko‘rinib turibdi. Mana to‘rt
qatori bir tomon, yana to‘rt qatori boshqa tomondan go‘yoki bir-biriga yopirilib
kelayotgan tanklar qatoridek mashinalar oqimini birgina chiroq jilovlab, odamlar

66

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

o‘tishiga mo‘ljallangan yo‘ldan savlat to‘kib oppoq kiyingan bir to‘p
“farishtachalar” bog‘cha opalari sarbonligida dadil qadam tashlab o‘tmoqdalar.
Hoyna-hoy bog‘chada biror bayram bo‘layotgan bo‘lsa kerak.

Yo‘lning so‘l tomonida, tantanavor darvozasi Shundoqqina ikki ko‘cha
tutashadigan joy burchagida joylashib, to‘qqiz qavatli binosi “salom berdik”
degandek viqor bilan qad rostlab turgan bino osti ayniqsa gavjum. Oq ko‘ylak qora
shimdagi “yangi” otalar, turli-tuman chiroyli kiyimdagi “yangi” oyilar,
videochilar, limuzinlar qatori to‘xtamaydi. Eshik ochilib, bola ko‘targan bir juft
chiqadi. Videochilar avval yoshlarning o‘zlarini, keyin chaqaloq olib ketgani
kelgan bir to‘p qarindoshlar bilan birgalikda suratga olishadi. So‘ngra bu juftni
ko‘cha boshiga kelib to‘xtagan limuzingacha video tasmasiga muhrlab, kuzatib
qo‘yishadi. Limuzin ketadi, boshqa limuzin keladi, eshik ochiladi, boshqa juft
chiqadi, boshqa videochi oldin yoshlarning o‘zlarini, keyin qarindoshlar bilan
suratga oladi va limuzingacha kuzatib qoladi. Bu tug‘ruqxona qoshida har kuni
Shunday bayram, shunday tantana.

Hatto pastroqdagi, tilla suvi yuritilgandek to‘rt tomonidan yarqirab turadigan,
derazalaridagi harir pardalar, darvozasidagi oppoq harir pardalar bilan bezatilgan
yo‘lakning pardalari shamolda tebranib, qalbda qandaydir yoqimli hislar
uyg‘otadigan to‘yxona ham unga bas kela olmasa kerak. Chunki shuncha salobati
bilan uning qoshiga karnay-surnay sadosi ostida bir kunda bir limuzin kelib
to‘xtaydi. Lekin boshqa jihatdan, balki kuzatuvchi adashar. Balki bu bino Shu bir
bazmda o‘zining ming kishiga mo‘ljallangan dabdabali sahnida bir kunda yuzta
“limuzinning” pulini “yutib” yuborayotgani ehtimoldan holi emas...

Do‘kondorlik qilib yurgan Ma’suma opa boshida zamondagi bu
“o‘zgarishlarga” yotsirab qaradi, keyin “elga kelgan osh” deb el qatori yashashga
harakat qildi. Hammasi zo‘r-u, faqat guruch kurmaksiz bo‘lmas ekan-da! Shunday
chiroyli hayot tarzi gashtidan sarmast ko‘tarinki kayfiyatni g‘iybatchilarning
g‘iybati xira pashshadek buzadi. Bu haqida o‘ylaganida, Ma’suma opaning ensasi
qotadi: “Qiziq dunyo ekan bu dunyo: boyni ham gapirishadi, kambag‘alni ham.
Aytmoqchi, bizlarda kambag‘allar yo‘q-ku! (Bu gapi agar biror o‘zini kambag‘al
sanamaydiganning qulog‘iga etib borsa, etti avlodiga dushman orttirdi desa
bo‘laveradi. Ma’suma opa bir yili “adashib”, bir “ijtimoiy kam ta’minlangan”
qo‘shninikiga bolalarining kiyib kiyilmagan yaxshi kiyimlarini olib chiqqan,
qo‘shnisi zarda qilib qaytarib bergan-u, shundan buyon gaplashmaydigan,
orqavarotdan “boy bo‘lsa o‘ziga, bu bilan: – “San mandan pastsan” demoqchi
bo‘ldimi? – degan gapini eshitib iz-za bo‘lgan edi). Shundan kelib chiqqan holda,
to‘g‘riroq qilib aytganda, orzu-havasiga yetganni ham gapirishadi, yetmaganni
ham...” Ma’suma opaning juvonligi nonlar axlat qutilariga tashlab ketiladigan
davrlarga to‘g‘ri kelgan edi. U vaqtlarda oilada oltita farzand me’yor hisoblanar,
to‘rttasi kam, o‘nta uchun gaz 24 mashinasi berilar edi. Xo‘p, mashina berishsa
ham yo‘q demas edi-yu, lekin mashina uchun emas, boshi qizlar tug‘ilaverganida
do‘stu-dushmanning so‘zidan yuragi so‘xta o‘tindek achishib, tutab kuygan
Ma’suma opa uch qizdan so‘ng gal o‘g‘illarga kelgach tinmay tug‘avergan,
sakkizinchisi yana qiz tug‘ilib qolgach, shu kenjatoy hisobni yopib qo‘ya qolgan
edi.

67

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Bolaning ko‘pi yaxshi bo‘larkan-u, o‘y-tashvishi yomon bo‘lar ekan. Xo‘p
yedirish, kiydirishni bir amallasa bo‘ladi. Ularni o‘qitish, to‘y qilish, joylash o‘yi
mana-man degan tog‘ni tepachaga, ba’zan hatto o‘raga aylantirib qo‘yar ekan.
Nima kerak shu ortiqcha xarajot? – deydigan odam yo‘q. Nega? Chunki xalq
ichida obro‘ orttirishning, o‘z nomiga, o‘z o‘rniga ega bo‘lishning, o‘z “men”ini
namoyon qilishning yagona yo‘li hozirgi zamonda shuning o‘zi bo‘lib qolganini
hamma biladi. Xalq qanday odam ekanligingga, necha kitob o‘qiganingga, nima
ish qilayotganingga qarab emas, qanday to‘y qilganingga, qaerga ishlab
kelganingga, qanday uy qilganingga qarab muomala qiladi. Mana, Ma’suma
opaning oilasi kengayib, bor daromad ro‘zg‘or g‘origa sirg‘alib tushib ketishni
boshlaganidan buyon, el-u xeshning ularga munosabati o‘zgargandekmi-ey...
Go‘yoki, hovlilarining nurab borayotgan devorlari bilan birga ularning obro‘lari
ham nurab borayotgandek edi...

Shu-shu zamon o‘zgarib, xorijga borib ishlash imkoniyati paydo bo‘lgach,
Ma’suma opaning umr yo‘ldoshi birinchilardan bo‘lib xorijga yo‘l oldi. Otasiz
bola katta qilish qiyin ekan. Baxtiga bolalari yuvosh-u, shu bir o‘g‘li juda qaysar
chiqdi. Ertalabgacha qayerlargadir do‘stlari bilan sanqib yuradi-yu, tong saharda
paydo bo‘lib, kun botguncha uxlaydi. Bir ishni boshini ushlagan bo‘ladi-yu,
oxiriga etkazmasdan tashlab yuboradi. Har holda bolalar ham ota, ham ona
mehriga qonib ulg‘aysin ekan. Ma’suma opaga o‘g‘illari faqat xotin-qizlar ichida
o‘sganidan tantiroq, qizlari esa ota mehriga qonmaganidan injiqroq ulg‘aygandek
tuyuladi.

Turmush o‘rtog‘ining ishi baroridan kelib, eski uy buzib tashlanib, yangi
dang‘illama uy qurildi. Qizlar ham dabdaba bilan uzatildi, o‘g‘illar uylandi.
Hammasi zo‘r o‘tdi, faqat to‘ylarning ko‘pchiligida oila boshlig‘i bo‘lmadi.

Turmush o‘rtog‘i o‘n yil jonini jabborga berib, xorijda ishlagach, hujjati
eskirgani uchun xorijdan chiqarib yuborishgani xabarini Ma’suma opa ham,
bolalari ham yarim quvonch, yarim xavotir bilan qarshi olishdi. Bolalarning dadasi
uyga qaytishiga nima etsin, lekin hali oldinda kenjatoy turibdi, yana uchinchi
o‘g‘liga yaqindagina kelin olishgan, endi ma’rakalar borasida ularning davri
kelgan. Kelinining oy kuni yaqinlashgan sari shirin xayollarga toladi, kechagina eri
bilan tug‘ruqxonadan qanday olib chiqish haqida maslahat solayotgan edilar. Hozir
tug‘ruqxonadan chiqayotganda bolaga yangi kiyimga qo‘shib, oyisiga ham yangi
kiyim olib borilar emish. Tug‘ruqxonaning o‘zining saloni bor ekan.
Tug‘ruqxonadan chiqayotganlar shu salonda ellik mingga pardoz qilishar ekan.
So‘ngra ona yangi ko‘ylakni kiyib, bolani olib chiqar ekan. Eshik og‘zida turgan
sanitarka ayol oldin ayolning tug‘ruqxonaga kelganida olib kelgan narsalari
solingan sumkasini uzatar ekan. Keyin kuyov ichkari kirib, kelinga gul berib,
chaqaloqni olib chiqar ekan. Eshikdan bola bilan chiqqanidan video kutib turar
ekan, tug‘ruqxona zalidan ko‘chada kutib turgan limuzingacha suratga olib, yuz
ellik ming so‘m olar ekan. Chaqaloqni uyga olib kelishgach, qo‘y so‘yib, ziyofat
berishar ekan. Shu bilan ettinchi kuni, yana bitta katta ziyofat-aqiqa kunigacha
uydan odam arimas ekan.

Turmush o‘rtog‘i uzoq safardan kelgani sharofati bilan do‘st-u yorlar keldi
ketdisi biroz tingach, Muyassar opa turmush o‘rtog‘iga oldilarida turgan

68

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

marosimlarning ozroq uchini chiqardi. Uzoq yillar og‘ir mehnatdan ham tani, ham
joni ezilib kelgan Akbar akaga xotinining gapi yoqmadi, buruqsab turgan sigareta
kabi ich-ichidan tutadi: – O‘zi sanlarning marosimlaring mana shu yerimda
turibdi, – dedi Akbar aka qo‘li bilan bo‘g‘ziga urib, – Shu uchun iloji bo‘lsa o‘sha
joylarda qolib ketsam degan edim!

– Xalqda bor narsada adasi, men o‘ylab chiqarganim yo‘q-ku, – dedi
Muyassar opa shildiragan suvdek eshitilar, eshitilmas mayin ovozda. Uning
barmoqlari bilan er timirskilanayotganidan ich-ichidan eridan hadiksirab turgani,
lekin majburligi uchun bu haqida gap ochishga jur’at qilgani ko‘rinib turar edi.

– Qanaqasiga xalqda bor narsa? – dedi kimdan alamini olishni topgandek
yonboshlagan joyidan sapchib, o‘tirib olgan Akbar aka, – e, baraka topgur,
qayerdan chiqdi bu tug‘ruqxonadan dabdabali olib chiqish-u, aqiqa-yu, bir yillig-u,
restoranda to‘y qilishlaring? Men ketganimda bunday ishlar yo‘q edi-ku!

– Xo‘p, zamon o‘zgaryapti-da, adasi, – dedi Muyaassar opa boshini
ko‘tarmay hanuz qo‘llari bilan er timirskilanib.

– Ey, zamon yomon tomonga o‘zgarishi shartmi? – dedi Akbar aka badtar
tutaqib, – etmish yil zo‘rlik bilan hammani teng qilib qo‘yishgan bo‘lsa, endi
zamon o‘zgarib, hamma o‘zini aravasini o‘zi tortishiga to‘g‘ri kelganida boyga
havas qilib xonumonini kuydirish shartmi? Bor qilaversin, yo‘q yo‘qligini tan
olsin! Olam guliston!

– Xo‘p, “pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin” – deyishadi-da, adasi.
– Kuchanib, qarzga ma’raka qilganing bilan o‘sha-o‘sha kambag‘alligingcha
qolasan-ku, yo birov boy bo‘libdi deydimi?! – dedi ota olovga kerosin quygandek
lovullab, – ey inson! Kimlar gapiradi o‘zi? Omadi chopib, to‘rt besh so‘mni
ko‘rgan, Shuni ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lganlarmi? Nima qilasanlar ularning gapiga
qul bo‘lib? Qilsa o‘zi uchun qilgan, o‘z obro‘yi uchun qilgan, el-u xalqqa uning
o‘zidan ortmaydigan boyligidan nima foyda? Xorijda kimlar boy sanaladi
bilasanmi? O‘zgaga muhtoj bo‘lmagan va o‘zgaga yordam bera oladiganlar!
Odamlarning gapiga qullikdan ozod bo‘l, uz bu qullik zanjirlarini! O‘z fikring
bilan yasha! Bolalarni ulg‘aytirib, qo‘liga kasb-hunar bersang, hayotda o‘z o‘rnini
topishida yordam bersang, shu-da ota-onaning burchi! - Xotini yuvoshgina jim
o‘tirganidanmi, gapi tugaganidanmi, Akbar aka biroz shashtidan qaytgan bo‘ldi-yu,
keyin yana yangi avj bilan jahlini to‘kib-soldi: – O‘zi Shu dabdabalarning
hammasini ham xorijga chiqib kelayotganlar olib kelishyapti, faqat, bizning
xalqimizga duo ketganmi, nuqul o‘ziga yuk ortishni Yaxshi ko‘radi! O‘sha
xorijdan o‘rgansa arziydigan ko‘p yaxshi narsalar bor, lekin ko‘zlari faqatgina
dabdabali narsalarni ko‘radi! “Ey, odamlar, xorijda hamma ham bir xil
yashamaydi, dabdaba qilavermaydi, xorijda allaqachon xalq guruhlarga ajralib
bo‘lgan, o‘ziga to‘qining ba’zilari borini ko‘z-ko‘z qilib yashaydi, ba’zilari
boyligining hidini ham chiqarmaydi, ba’zilari ko‘paytirsam desa, ba’zilari savob
ishlarga sarflaydi; hali qo‘liga pul inmagani bor kuchi bilan ilm olishga, hayotda
o‘z o‘rnini topishga intilib yashaydi” deguvchi yo‘q!..
Muyassar opa bularning hammasini tushunadi. Lekin “zamon senga boqmasa,
sen zamonga boq” deganlaridek, farzandlarining orzu-havasini ham tushunadi. U
kambag‘al ham bo‘lib ko‘rdi, boy ham bo‘lib ko‘rdi. Bu hayot unga ikki haqiqatni

69

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

o‘rgatdi. Birinchisi, boy bo‘lganing sari xarajatlaring ham oshib borar ekan,
raqiblaring-u, seni raqiblaring bilan solishtirguvchilar ham oshib borar ekan.
Ikkinchisi, odamlar kambag‘alni ham, boyni ham gapirishar ekan. Kambag‘alni:
“noshud”, deb gapirishsa, boyni “xasis” deyishar ekan, axir bir eringning topgani
butun avloding-u, guzaringga etmaydi-ku! Hatto bir voqeani har kim har xil
gapirar ekan. Ana opasining kuyovi xotinini tug‘ruqxonadan “limuzin”da olib
chiqib ketibdi. Uyda nevara to‘yi qilib beribdi. Endi tili uzun. Kimning qizi
tug‘ruqxonaga borsa: “Kuyovingizga ayting, limuzin olib borsin”, deydi. Olib
bormaganlarni: “Ha, turishidan ma’lum-ku. Quruq”, deb gapiradi. Qo‘shnilari esa:
“Nima kerak shu ortiqcha xarajat? Shuni biror beva-yu, etimlarga ishlatsa
bo‘lmasmidi? Savobning tagiga qolardi. Xalqimizda hamma narsa bor-u,
kamtarinlik etishmaydi-da”, deyishadi.

Qo‘shnilarning gapi ta’sir qilib ketdimi, Muyassar opa bunday bosh ko‘tarib
qarasa, atrofni beva-yu, etim bosib ketibdi. Nima balo? Ota zotiga qirg‘in
kelganmi? Mahallaning yarmi “yarim oila”. Bevalarning qaysi biri igna qadagan,
qaysi biri bozor chopgan, qaysi biri farroshlikda-yu, qaysi biri mardikorlikda.
Bolalar-chi? Bolalarning ko‘rinishi boshqacha, chehralari egnilaridagi kiyimlaridek
rangsizmi-ey. Ko‘ngillari kemtikligi mung‘aygan ko‘zlaridan ko‘rinib turadi.

Bevalar ham har xil bo‘larkan. Qaysi birining turmushning og‘ir yuki ostida
beli bukchaygan, duch kelganda, mehrmi, sadaqami tilangandek, yolvorib gapiradi;
qaysi biri hayot zarbidan musht yeyaverib, himoyaga o‘tganmi, qopag‘on itdek
tahdid solib yuradi.

Muyassar opa birdaniga shuncha yil oralarida yashab, ilg‘ab-ilg‘amagan yana
bir toifa odamlar dunyosini kashf qilgandek bo‘ldi. Kashf qildi-yu, mehri toshib
shunday oilalardan biriga bolalarining kiyimini olib borganini biladi... Izza bo‘lib
qaytgach, Shu-shu bu olamdan yana begonalashib, o‘z bolalari orzu-havasi bilan
yashay boshladi.

– Oyi, bitiruv kechasiga ko‘ylak olishim kerak, – dedi kenjatoyi go‘yo oyisi
yo‘q degandek gapni norizo ohangda boshlab.

Oyisi bitiruv ko‘ylaklariga ham o‘rganib qolgan. Hozirgi zamonda bolalar
bog‘cha yoshidan boshlab bitiruv ko‘ylagi kiyishadi. Orzu-havas deysiz, chiroyli
kiyim deysiz, bolam ko‘pdan kam bo‘lmasin deysiz-u, narxi chaqadi-da. Eri
aytganidek, “zamon yomon tomonga o‘zgarayotgani” yomon-da.

Shu o‘ylar bilan yotgani uchunmi yoki samoviy hikmat tashrif buyurdimi, u
bugun tush ko‘ribdi. Tushida u shol bo‘lib qolgan emish, sakkizta bolasi har biri
o‘z aravasini tortadigan bo‘lgan emish. Ota kasb yuqibmi, bolalarining ko‘pchiligi
o‘ziga to‘q, faqat shu kenjatoyining turmushi bo‘lmay qolgan emish. U
kenjatoyining uyiga xayolan borar ekan-u, qo‘shni beva ayol Zilolaning uyiga
tushib qolar ekan. Bu mo‘jazgina hovlining ko‘cha devorlari ham, xonalaridagi
devorlar ham nuray boshlagan, bir xona-yu bir dahlizdan iborat xonalarni birgina
elektr chirog‘i xiragina yoritib turar ekan. Bu uyda uning qizi ikkita dilbandi bilan
yukinib, bukinib hayot kechirarkan. Uning erka kenjatoyi beva qolgan, turmush
mushi uni ko‘p zarbalar bilan qulatgani, u shu norasida bolalarini deb jon bera
olmay emaklab, turtinib, surtinib kun kechirayotgani horg‘in chehrasi, yoshiga xos
bo‘lmagan egilgan qaddidan ko‘rinib turar, nabiralariga qarasa, ularning

70

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

ko‘zlariga yoshlariga xos bo‘lmagan dard, umidsizlik, munchoq ko‘zchalarida
tahlika ko‘rinib turarkan. Suv ham, gaz ham o‘tkazilmagan xarobazor hovlida
turmush tikanlaridan dag‘allashgan qo‘llari bilan qizginasi qora kuyaga botib,
qumg‘onda suv isitib, dahlizda qizlarini cho‘miltirar ekan. U qiziga dalda
bermoqchi bo‘lar ekan-u, u eshitmas, nabiralarining boshini silar, lekin ular sezmas
ekan.

Shunda u boy o‘g‘illariga, “singlingga qarash” deb imo qilar, ular esa uni
tushunmas, har biri o‘z tashvishidan ortmas ekan. Birining gardanida dang‘illama
uy qilish, boshqasinikida to‘y qilish, xullas, har birining turmush yuki, orzu-havasi
o‘zlariga etib ortar emish. Bir mahal, bolalari ota-onalarining yubileyini o‘tkazish
maslahatiga yig‘ilgan emish. Muyassar opa: “Endi meni tushunishar, axir mening
hurmatimga yig‘ilishdi-ku!” deb o‘ylab, murdanikidek dong qotgan tanasini
harakatga keltira olmay, uning amriga bo‘ysunadigan yagona a’zosi-ko‘zlarini
qimirlatib: “Bolalarim, menga yubiley kerak emas. Singillaring uchun men o‘lib
o‘liklar, bo‘lib tiriklar qatoriga qo‘shila olmayapman, singillaringga yordam
beringlar!” – dermish. Lekin bolalari tushunmasdan qaysi biri “suv” deyaptilar
desa, boshqa biri “yo‘q, ochqolganlar”, der emish. Ham qo‘l-oyoqdan, ham tildan
birdan qolish yomon ekan. Qani edi bu ko‘zlarning tili bo‘lsa-yu, ichidagi dardini
aytsa-qo‘ysa. Keyin o‘lsa armoni yo‘q edi. Yubileydan hamma shod emish-u,
onaizor hovlida xizmatkordek xizmat qilib yurib, ketayotganida bolajonlariga bir
tovoqqina osh so‘rab olishga haddi sig‘may: “Bugun bolalarimga nima edirsam
ekan?” degan o‘y yuki ostida nozik qaddi yanada bukchayib borayotgan notavon
qizining ortidan qon yig‘lab turarmish.

Keyin o‘g‘illar qo‘shilishib, otani ulug‘ safarga, aziz joylarni ziyorat qilib
kelgani yubormoqchi bo‘lishibdi. Muyassar opaning esa ko‘ziga qizidan boshqa
hech narsa ko‘rinmas, hech qursa, jufti halolim meni eshitar deb: “Menga
qilmoqchi bo‘lganingni bolamga qil”, – deb ayting deb, imo qilar emish. Lekin
jufti haloli ham uni tushunmas emish. Shunda ojizlikdan joni qiynalib, bu hissiz
dunyo og‘ushidagi jismidan yurak qafasini yorib, bosh olib chiqib ketgan emish.

U cho‘chib uyg‘ondi, butun vujudini qora ter bosib, kiyimi jiqqa ho‘l bo‘lgan
edi. Bunday tushdan cho‘chimasa bo‘ladimi? Yon –veriga qaradi, ichiga tupurib
qo‘ydi, so‘ngra: “Har qanday balo-qazodan Yaratganning o‘zi asrasin”, - dedi-yu,
yostiqqa qayta bosh qo‘ydi. Yonida turmush o‘rtog‘i bir maromda nafas olib,
go‘daklardek beozor uxlab yotar edi. Turmush o‘rtog‘ining osoyishta uyqusidan
biroz tinchlangandek bo‘ldi. “Ancha qaribdilar,” – dedi, ajin o‘rgimchakning
to‘ridek qamrab borayotgan turmush o‘rtog‘ining aziz chehrasiga mehr bilan
qarab. Birdan tahlikali tush ongini birdan yalt etib yoritib o‘tdi-da, fikrlarini yana
o‘z domiga tortib ketdi...

Kun og‘ar chog‘da, Ma’suma opa “kundalik tashvishlardan bo‘shab
qolgandir” degan o‘y bilan mahalla to‘ridagi taxtalar bir-biriga birlashtirib qoqilib
darcha shakliga keltirilgan, yashil bo‘yog‘ining qaeridir ko‘chib tushgan, qaeridir
oqarib ketgan Zilolaning mo‘‘jazgina hovlichasiga keldi. Darchani taqillatganida
ichkaridan yosh bolaning “ha, hozir”, so‘ngra “oyijon” degan ovozi eshitildi. Ko‘p
vaqt o‘tmay darcha tirqishlaridan eshikka yaqinlashayotgan Zilolaning sumbati
ko‘rindi. Qorachadan kelgan ayol biram ozg‘in ediki, egnida shalvirab turgan,

71

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

uniqqangina kiyim-boshi ham terisi suyaklariga yopishgan ozg‘inligini yashira
olmas edi.

– Assalom alaykum, – dedi hayrat bilan ko‘cha boshidagi qo‘shnini eshik
ortida ko‘rarkan qo‘shni ayol Zilola, so‘ngra milliy odatiga ko‘ra, – kiring, – dedi
biroz iymanib.

Muayayaar opa bir dasturxon ro‘zg‘orga kerakli oziq-ovqatlardan: o‘simlik
yog‘i, gurunch, shakar, makaron, go‘sht, bolalarga turshak, qand-qurs, shakar olib
olgan edi.

Zilola mehmonni uyga taklif qildi-yu, har bir hatti-harakatidan, mehmondan
uyalayotgani sezilib turar, odam kirmas hovlisiga ko‘chaning old boylaridan biri
kirib kelishiga yuragining qaysidir qismidagi bir g‘alamis o‘y go‘yoki
“turush-turmushingni tomosha qilgani kelgan” degandek bo‘lardi. Nafaqat Zilola,
qo‘ng‘ir rang ko‘ylakchasining ohori to‘kilgan, sochlari patila olti yoshlardagi
qizcha ham, to‘shakda yotgan to‘rt yoshlardagi rangi somon rang qizaloq ham
unga hayrat bilan boqishar edi.

Muyassar opa bu o‘ng‘aysizlikdan qanday chiqishning yo‘lini izlab, birdan
dasturxonini titkilab qand chiqardi-da bolalarga uzatdi. Katta qizaloqning mitti
ko‘zchasi yilt etgandek bo‘ldi-yu, birdan onasiga qaradi, kichkintoyi esa
qo‘lchasini cho‘zib o‘rnidan jildi.

– Qimirlama, – qichqirdi birdan Zilola va yugurib borib o‘tirmoqchi bo‘lgan
qizchasini yotqizib qo‘ydi. – Sariq bo‘lgan, – dedi qo‘li havoda muallaq qolib,
yanada o‘ng‘aysiz ahvolda qolgan Muyassar opaga o‘girilib, – duxtur qimirlamay
yotsin degan. Bolada tushunmaydi, g‘ingshiydi, qimirlaydi.

Keyin katta qiziga qo‘llaridagini olgin deb ishora qildi, qizaloq yugurib kelib
oldi-da, eshitilar-eshitilmas ovozda “rahmat” deb, qandning qog‘ozini shiqirlatib
ochib, mamnuniyat bilan ey boshladi. Buni ko‘rib kichkina qiz yig‘lay boshladi.
Zilola qizini yupata turib, dedi: – Uch oydan buyon shu ahvol. Qayta tekshiruvga
olib borganimda shifokor: “Jigarining shishi qaytmagan, bog‘lab qo‘ysangiz ham
qimirlatmang” dedi. Hamma narsani yeya olmaydi, jigarini asrash kerak ekan.

– Unda turshak yeya qolsin, – dedi Muyassar opa ko‘nglida “Yaxshi hamki
olib olgan ekanman”, – deya, dasturxoniga qo‘l solib, – mana qizim, osh bo‘lsin.
Bolakay turshakni olib og‘ziga soldi-da yig‘isidan biroz ovundi.

“Bolajonga qiyin bo‘libdi-da, – fikridan o‘tdi Muyassar opaning, – hayotida
birgina quvonchi chopqillab o‘ynab yurish-u, qand-qurs eyish bo‘lsa, shuni ham
qila olmasa. Hammaga ham O‘zingning rahming kelsin-ey, Tangrim”.

– Bunchalar qiynalishimni bilmagan edim, – dedi Muyassar opaning
hamdardlik uchun chiqqanini bilib, ancha suhbatlashib o‘tirishgach Zilola, – oyim
kechroq oila qurganlar, shuning uchun qizim qolib ketmasin deb erta erga berishdi.
Na biror joyda o‘qiganman, na biror hunar o‘rganganman. To‘y bo‘lib,
qaynonamning, erimning xizmatini qildim. Erim erkatoyroq edi, shuning uchun
oilani ta’minlash qaynonamning bo‘yinlarida edi. Bolalarimning har bir xarajati
ilondek chaqa boshladi... Keyin erim yana xotin oldi-yu, bizlar keraksiz chiqitga
aylanib qoldik. Oyim olamdan o‘tib ketganlar, otamnikiga o‘gay onam
sig‘dirmadi. O‘zi yomon ayol emas, faqat uyga da’vogar chiqadi deb qo‘rqdi.
Ezilib, o‘zimni ham, bolalarimni ham kerosin quyib yoqib yuborsammi deb yurgan

72

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

damlarimda bir savobtalab odam ahvolimni eshitib, shu uyini berib qo‘ydi. Vaqti-
vaqti bilan xotini bozorliq qilib kelib qoladi. Yaxshi hamki dunyoda yaxshi
odamlar bor ekan, bo‘lmasa bilmadim, ahvolim nima kechar edi. – Zilola biroz tin
olib, ko‘zlariga quyilgan yoshni kafti bilan artib oldi va so‘zida davom etdi: –
Juda o‘zingizni yolg‘iz, zaif his qilarkansiz. Goh tomdan chakka o‘tadi, goh
kranning jo‘mragi buziladi. Goh bir bolangiz og‘riydi, goh boshqasi. Bir o‘zingiz
ham ayol, ham erkak. Yana qayerga bormang, haromtomoqlar qaysisidir pul,
boshqa biri boshqa narsa ta’ma qilib o‘tiradi. Bir idoraga yuz borib sarson
bo‘lguncha, bor bo‘lsa berib qo‘ya qolardim-u, yo‘q bo‘lsa qiyin ekan. Tayinli
ishim bo‘lganida ham boshqa gap edi. Bularni qanday boqarkanman degan o‘y
bilan yotib, Shu o‘y bilan turaman. Boshim tinimsiz og‘riydigan bo‘lgan,
siqilavergandan asabiy bo‘lib qolibman. Ba’zan ko‘zimga bolalar ham yomon
ko‘rinib ketadi: “Senlar uchun Shuncha azob tortyapman, senlar bo‘lmaganingda
yolg‘iz boshim uchragan teshikka sig‘ar edi”, – deb yuboramanmi-ey. Bechora
bolalar, bolalarcha sho‘xlik qilganidan pushaymon eb, qo‘rqqanidan biri
piyolalarni olib suv bo‘yiga, boshqasi shipirgini olib hovliga yugurib qoladi.
Eganini oqlagisi kelsa kerak-da. Keyin: “Bularning aybi nima? Sendan tug‘ilib ne
hayot ko‘rdi bular? Ota, uy-joy, egulik-kiygulik bera olmadingmi, hech qursa
mehr ber, otasi-ku yo‘q, hech qursa onasi bo‘lsin”-deb, aytgan gapimdan afsus
qilaman... Anchadan buyon umurtqam zirqiraydi, ba’zan o‘rnimdan tura olmay
qolaman, duxturga borishga yurak yo‘q. Yog‘-pog‘ surtib, o‘ralib yotaman-u, yana
xaltani ko‘tarib bozorga boraveraman...

– Biror ishingiz bo‘lmasa, hunar o‘rgansangiz bo‘larmidi, – dedi Muyassar
opa yosh juvonga ichi achib.

– Bir amallab bog‘chaga ishga joylashgan edim, – dedi horg‘in ovozda ayol,
– bolam kasal bo‘lib tuzalavermagach, ishga chiqolmaganimdan bog‘chadan
ishdan bo‘shatishdi. Biror kasb o‘rganishga vaqt ham, pul ham yo‘q. Bolalarni
bugun boqish uchun bugun pul topib kelishim kerak. Shuning uchun simichka
sotyapman.

– Simichka bilan oila boqib bo‘ladimi? – dedi Muyassar opa hayratlanib.
– Hamma narsaga etmasa ham, asosiy narsalarga yetkizyapman. Har holda,
bolalar biror narsa chaynab tursa bo‘ldi-da. – Ayol yana jimib qoldi, keyin chuqur
xo‘rsinib yana davom etdi: – Bugunim emas, ertam qiynaydi meni. Ertadan
qo‘rqaman... Sumbotim katta bo‘lsa ham, ichimdan go‘dakdekman. Hamma
narsadan qo‘rqaman. Qorong‘ulikdan ham, yolg‘izlikdan ham. Onamning ham erta
tashlab ketganlarini qarang. Ertaga nima bo‘ladi? Bolalarimning ertasi nima
bo‘ladi? Qanday o‘qitaman? Qanday joylayman? Bular ham odamlar qatoridan
o‘rin ola oladimi? Bu azoblar qachonlardir tugaydimi?
Anchadan buyon hech kimga ayta olmayotgan sirlarini sidqidildan bayon
etayotgan Zilolaga qarab, Muyassar opa juvonni emas, go‘yoki ilk bahorda erta
ochilib qolib, birdan yana ayoz tushganida barq urib turgan oqish, pushti
kurtaklarini sovuq urmoqchi bo‘layotgan nav nihol o‘rikni ko‘rgandek bo‘ldi.
Muyassar opaning ham ko‘zlari yoshlandi. Bu savollar dardi uning ham qalbiga
ko‘chgan edi...
– Oyijon, “limuzin”ni oldinroq buyurib qo‘yish kerak ekan, – dedi o‘g‘li

73

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

g‘aladondan bir nima olayotgan oyisining xonasiga kirib.
Oyisi o‘girilib, o‘g‘liga qaradi-yu, bu haqida batafsil tushuntirishim kerak

degan ma’noda, turgan joyidan yasatig‘liq xonadagi xontaxta boshiga kelib, uning
bir chetiga qo‘ndi. O‘g‘li ham oyisining o‘ychan chehrasiga qarab, “bir gap
bo‘lganmikin?” degan savol bilan xontaxtaning boshqa burchagiga cho‘kdi.

– O‘g‘lim, – dedi oyisi horg‘in ovoz bilan, – men sening orzu-havasingni
bilaman, tushunaman. Har holda birinchi farzand, yana o‘g‘il. Faqat otang bilan
men senga bu masalada yordam bera olmaymiz. Adangning topib kelgan pullarini
singlingning o‘qishiga mo‘ljalladik. Yana o‘zlarining ham sog‘liqlarining mazasi
yo‘q. U kishini ham do‘xtirlarga yaxshilab qaratish kerak.

– Kim qiz bolani o‘qitadi hozirgi zamonda? – dedi o‘g‘li birdan musht
egandek tutaqib.

Uning bu gapidan Ma’suma opaga go‘yoki tushining hidi kelgandek bo‘lib
titrab ketdi, lekin o‘zini qo‘lga olishga harakat qildi. U hech qachon bolalarining
orzu-havasiga qarshi chiqmagan, shularni deb turmush o‘rtog‘ini “sog‘in sig‘indek
soqqan” edi. Shuning uchun unga bu dovonni bosib o‘tish qiyin bo‘ldi. Bu
suhbatga o‘n kundan buyon tayyorlanayotgan bo‘lsa-da, amalda so‘z ochganida
so‘zlari pala-partish, ma’nosiz chiqayotgandek tuyuldi. Nima bo‘lganda ham,
o‘ylab qo‘ygan gaplarini bir amallab aytdi: - Qiz bola birovning xasmi. Yigit
mardikorlik qilib bo‘lsa ham kun kechirar, qiz bolaning biror kasb-kori bo‘lmasa,
biror noma’qul joyga tushib qolsa qanday qilib kun kechiradi? Xudbinlik qilma
o‘g‘lim.

– Elda bor ish-u oyi, xudbinlikka balo bormi? Do‘st-u dushman “nima
qilarkan?” – deb qarab turibdi-yu, hali to‘yni ham qilmoqchi emasmisiz?

– Ha bolam, to‘yni ham qilmoqchi emasmiz. Sen ham qilma demayman,
istasang qil. Faqat bunga dadangning imkonlari yo‘q.

– Sizni-chi? – dedi o‘g‘li o‘qdek o‘qtalib, – maoshingiz milliondan
oshadi-ku!

– Men elda urf bo‘lmagan ishni qilmoqchiman, – dedi Ma’suma opa, o‘ziga
xos yumshoqlik, lekin qat’iyat bilan, – nomim uchun yashaganim etar, endi
yuragim buyurgan ishni qilib yashamoqchiman. Kimgadir nafi tegadigan ishni
qilmoqchiman.

Shu-shu Ma’suma opa maoshini qaerga sarflashini orqavarotdan eshitishmasa,
o‘zidan eshitmaydigan bo‘lishdi. Dang‘illama hovlilar va to‘ylar, ma’rakalar,
dabdabalar ta’rifi aro qaysidir bevaning mung‘aygan uyi sozlangani, qaysidir etim
oshli, qaysisidir kiyim-boshli, qaysisidir kasb-hunarli, qaysisidir o‘qishli bo‘lgani
haqidagi uzuq-yuluq gaplar eshitila boshladi. Ma’suma opa baxtli edi. Uning
orzu-havasi endi amalga osha boshlagan edi.

NOTANISHLAR
Badia

Hayot o‘z oqimida oqaveradi va bizni keyingi burilishda nima kutayotganini
bilmaymiz.

(Sobiq talaba bitigi)

74

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Bir voqea umrbod esimdan chiqmaydi. O‘shanda paxtada tishim og‘rib qolib,
odatiy boshlangan kun bir umrga tatigulik sarguzasht bilan yakun topgan edi.
O‘shanda shaharga bir odam bo‘lib borib, boshqa odam bo‘lib qaytib kelgan edim.
Mashinaga minib, shahardan paxta dalalari qo‘yniga qaytar ekanman, o‘zimni
ancha, ko‘p yillarga ulg‘aygan his qilar edim. Men go‘yoki boshqatdan tug‘ilgan
edim. Kolxozga borganimizda qandaydir bayramni nishonlayotgan edilar. Yerda
dasturxonlar to‘shalgan, yoqimli musiqa yangrar, hamma xursand, kimdir raqs
tushgan, kimdir suhbatlashib qiyqirib kulgan, men esa o‘zimni bir o‘limdan
qaytgandek his qilar, “qutilganim rostmi, o‘ngimmi bu tushimmi” deb o‘zimni
chimchilab qo‘yardim. Qahqahalar aro quvg‘in manzaralari xayolimni o‘ziga tortib
ketar, men go‘yo xavf arimagandek yana qochishga shaylangandek qalqib ketar
edim. Ko‘zlarim ham olasarak bo‘lsa kerak, dugonalarim: “Nima bo‘ldi sizga?”
deya, g‘alati qarab qo‘yishar, men hali o‘nglana olmagan, bir nima deya olmas
edim.

So‘ngra bir necha kun o‘zimga kela olmay yurdim. Keyin bu voqea haqida
eslaganimda, yomon tushni xayoldan quvgandek quvib, u haqida o‘ylamaslikka
qaror qildim. Yillar o‘tib, ohudek hurkaklik yoshidan o‘tgandan keyingina buni
xotirada yangilashga haddim sig‘di. Nima qilmoqchi edi ular? Ishlarini qilib, keyin
gumdon qilmoqchi edimi? Sotib yubormoqchi edimi? Shuning uchun meni kuch
bilan olib kirib ketganlarini hech kim payqamasin deb o‘zimning kirishimni
kutishdimi? Bilmadim... Bilganim, lo‘lilar ham bir xil emas ekan. Ular ham
tavakkalchi ekan. To‘da bo‘lib harakat qilar ekan...

Bolaligimizdan bizlarni: “Bolalar yolg‘iz yurishsa, lo‘lilar xaltasiga solib olib
ketib qolar ekan”, deb qo‘rqitishar edi. Oyimlar ishga ketayotganlarida ustimizdan
qulflab ketar edilar. Oyimizning ehtiyotkorliklari bu gapning rostligiga bizlarni
ishontirar edi. Yana darsda echki bolalari bo‘riga oyim deb o‘ylab eshikni ochgani,
bo‘ri esa ularni eb qo‘ygani haqidagi masalni o‘tganimiz, bizlar uchun har kimga
ham eshik ochish mumkin emasligini badiiy, bolalarga etib boradigan tarzda
etkizgan edi. Shu Shu ko‘cha ko‘rmasdan, mahalladagilar bilan o‘ynash nima
bilmasdan, uy ishlarini qilib-u, bo‘sh vaqtimizda xalq ertaklari kitoblari,
keyinchalik, G‘uncha, Gulxan, Yoshlik, Yosh kuch oynomalari, Xudoyberdi
To‘xtaboev, O‘tkir Hoshimov, Abdulla Qodiriy, Pushkin, Lermontovlarni o‘qib
kun o‘tkazganmiz.

Yoshim ulg‘ayib, “aqlim pishib” lo‘lilar bolalarni o‘g‘irlab ketishlari haqidagi
gaplar bo‘hton ekanini, ular shunchaki bolalarni qo‘rqitish uchun chiqarilganini
angladim-u, “topgan gaplarini qaranglar”, deb qo‘ya qoldim. Lo‘lilarga rahmim
kelib ketdi. Bechoralar, hech qayerda o‘qishmaydi, tayinli ishlari, jamiyatda
o‘rinlari yo‘q, ko‘plarining hatto hujjatlari ham yo‘q. Hamma joyda el ichra el,
alohida qavm bo‘lib yashashadi. Mahalladoshlar nomiga salom-alik qilgandek
bo‘lishadi-yu, bordi keldi qilishmaydi, xullas ular bizlarga yot “boshqa odamlar”.
Ko‘chamizning chap tomoni lo‘lilarning hovlilari bo‘lganligi uchun, men ularning
hayotlari bilan yaxshigina tanish edim (har holda, qo‘shni lo‘lilarning hayoti
bilan). Bir kuni esimda, bir lo‘li qo‘shnimiz to‘y qilgan edi. Mahalla qoidasiga
ko‘ra hamma uylarga osh tarqatishgandi. Tarqatmasa yaxshiroq bo‘larmidi-ey.

75

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Chunki ularnikiga hech bir o‘zbek bolasi osh olishga tovoq ko‘tarib bormasdi-da.
O‘zi olib kelib bergandan keyin yomon bo‘lar ekan. Osh ham zo‘r bo‘lgan ekan.
Zo‘r anqib turgan hidi, zig‘ir yog‘idan qilinganidan jigarrang gurunchlari, oshning
ustidagi osh mayizi-yu, bir hovuch go‘shti hanuz yodimda. “Emay” desang, uvol,
“ey” desang hazar qilasan odam...

Ular ketma-ket qurilgan katta hovlilarda bir necha oila bo‘lib yashashar edi.
Ularning uylari menga asalari mumkatagini eslatardi. “Bularning o‘zlarining tuzuk
turar joylari, eguliklari yo‘q, yana xalq ichida jamiyatdan chetga chiqarib
tashlanganidan yolg‘iz-u notavon kun kechirishyaptilar-u, odam o‘g‘irlab qaerga
olib borishardi? Nima kerak bularga o‘zbekning bolasi?”-der edim o‘zimga o‘zim.

Oliygohga kirgach, har yili paxtaga borar edik. Avtobusda borib, avtobusga
kelganimizdan, yana bir necha yillar xotirasi qo‘shilib ketganidan qaysi yili qaysi
nohiyaga borganimiz aniq esimda yo‘q. Lekin qaysi nohiyaga bormaylik,
boshlanishi deyarli bir xil bo‘lar edi. Bizlarni bir necha avtobusda qishloq
maktabiga keltirib tashlar edilar. Maktab binosi yashashga moslashmagan, sement
eri zax, siniq oynalaridan shamol guvillab kirib turardi. Bizlar qaysi birimiz eng
to‘rda yotishga talashib ulgurmasimizdan(“eshik og‘zida yotgan qizlarni mahalliy
odamlar o‘g‘irlab ketarmish” degan gap yurardi), bechora talabalarga rahmi
kelgan qishloq odamlari bizlarni to‘rt, beshtadan qilib uylariga olib ketar edilar.
Qishloq ahli boshqacha, sodda, saxiy edi, talabalarga mehmonxonalarini berib
qo‘yishar edi.

Keyin “yuraklari bunda” qolib, o‘zlari shaharlarda yashaydigan shoirlarning
tilida doston oq oltin sochilgan keng dalalarga – ulkan daraxtlarning serbarg
shoxlari soyasidan to‘shalgan keng yo‘laklardan tong sahardan mardonavor qadam
tashlab boyligimizni yig‘ib olish uchun yo‘l olardik. Paxtakor nohiyalardan
bo‘lganlar o‘zlarini “suvdagi baliq”dek his qilishar edi. Bir kirib ketib, shitir shitir
qilib qatorning boshiga borib qolishar, so‘ng miriqib biror panada dam olishga ham
ulgurishar edi. Beli paxta dalasida qotmagan menga o‘xshaganlarga qiyin edi.
Egilsam, turolmayman, tursam egilolmayman. Paxta chanog‘i atirgulning tikanidan
qattiq. Paxtasini olay desa qo‘limni tishlab oladi. Boshqa qo‘l cho‘zishga yuragim
betlamaydi-yu, oqshom “shtab”ga gap eshitgani borgim kelmaydi. Shuning uchun
paxta chanoqlari bilan jangga kirishaman. U ham bo‘sh kelmaydi, men ham bo‘sh
kelmayman. Men paxtasiga chang solaman, u esa xamirdek yumshoq qo‘llarimga
nishini sanchadi. Barmoqlarimdan oqqan qonga qaramasdan g‘alaba sari ildam
qadam tashlab ketaveraman. Shu lahzada qo‘l achishishi ham, qonashi ham ko‘zga
ko‘rinmaydi. Chunki birinchi kuni bir amallab uch kilo terganimda el qatori
“shtab”ga chaqirgan domla: “Ko‘rinishingdan yaxshi qizga o‘xshayapsan. Boshqa
seni bu yerda ko‘rmay” degan. Agar ko‘rib qolsa nima bo‘lishini bilmayman-u,
bilishni ham istamayman. Har holda, barcha talabalar biror domlaning o‘ch bo‘lib
qolib, o‘qishdan haydatvorishidan qo‘rqishadi. Biror hafta ichida nozik barmoqlar
paxta terishga o‘rganib qoladi-yu, hamma azoblar ortda qoladi.

Faqat yuzni asrash kerak. Bir yili paxtaga kelganimizning o‘rtalarida, yuzim
achishayotganidan, paxta egatlari boshida oynaga sinchiklab qarab, yuzim yorilib
to‘r bosganini ko‘rib qolganman. Endi cho‘tir bo‘lib qolarkanman deb yuragim
yorilib ketgan edi. Hatto ko‘zlarim yoshlangan edi. Paxtakor nohiyadan bo‘lgan

76

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

kursdoshlardan biri meni kuzatib turgan ekan: “Qatiq surtsangiz Yaxshi bo‘lib
ketadi, faqat tuzlanmagan qatiqdan surting”, – dedi. Chorasi bor ekan degan
umidda tahlikam tarqagandek bo‘lib, kursdoshga minnatdorona qarab: “Rahmat”, –
deb qo‘ydim. Shunaqa, ba’zan dalaning tajribasizlarga hujumi qarshisida ojiz
bo‘lib qolar, talabalar orasidagi insoniy mehr qo‘llab, bir amallab turli
vaziyatlardan chiqib ketar edik. Shundan keyin har kecha yuzimga qatiq surtib
yotib, yuz yorilishi o‘tib ketmagunicha bu yordam berishiga ishonmaganman.

Ajoyib davr edi-da paxta davri. Hech kim borishni istamas edi-da, borganidan
keyin esa shaharning dimiq o‘qish xonalaridan, tirband transportga osilib darsga
borib kelish-u, kun-u kecha “kitob kemirish”dan vaqtincha qutulganini bayram
qilib paxta davrini ham paxta terimiga, ham gurungga-yu, hazil huzilga aylantirib
yuborardik.

Kimning qanaqaligi paxtada bilinar edi. Paxtadan yanada yaqinroq, qalinroq
bo‘lib qaytardik. Ba’zilarda “ko‘ngil bahori” ham aynan paxtada boshlanar edi.
Ba’zi kursdoshlar o‘zaro sevishib qolar, ba’zan sho‘x yigitlarimiz talabalarga
qiziqqan qishloq qizlarini uchrashuvga taklif qilishar edi.

Bir yili bizlar tushgan xonadonda qiziq bo‘lgan. Oltita o‘g‘il bor, bir oy oldin
tushgan kelin bor. O‘g‘illarning hammasi kelinni “yanga” deyishadi. Kimning
xotini ekanini bilmaymiz. Keyinchalik, xonamizga uni, buni remont qilib berish
bahonasida kirib turadigan to‘ng‘ich o‘g‘ilning xotini ekanini bilib qolib, ancha
kulganmiz. Bechora yigit, endi uylanganida uylariga gala qizlar kelib qolganidan
shoshilib qolgan, uylanganini yashirmoqchi bo‘lgan ekan.

Keyingi yillar paxtaga o‘rganib qolgan edim-u, bir yili uzoqroq qolib
ketganimizda siqilganimizdan, qizlar bilan: “Balki umrbod shu qishloqda
yashagandirmiz, balki oliygohdan paxtaga kelganimiz yolg‘ondir”, – deb
suhbatlashganimiz yodimda. O‘shanda fartuklar ustida kesakli yerda ag‘anab yotib,
“oliygohda stulning changini artib o‘tirgan bizlar edikmi?” – deb so‘raganmiz
bir-birimizdan...

Yana qishloq odamlariga buxanka nonni qatiq, sutga almashtirar edik. Katta
kurslarda esa yigitlarimiz udum qilib, so‘nggi tunda tovuq, qatiq o‘g‘irlab
kelganida, tuni bilan uxlamasdan qatiq eb, bayram qilib chiqqanimizni eslasam
uyalib ketaman. Qiziq bo‘larkan-da talaba zoti. Qoni qaynasa hech narsa ko‘ziga
ko‘rinmaydi. “Ey, kelasi yili kelishlaring bor, bu odamlarning uyida turishlaring
bor. Bunday qilsalaring bundan keyin uylariga talaba qo‘yadimi?” – deydigan
odam yo‘q...

O‘sha qabix voqea sodir bo‘lishi lozim bo‘lgan kuni ertalab, meni
domlalarimiz potok “zavxoz”i bilan nohiya markaziga yuborishganida, meni
begona shaharda qanday qismat o‘yini, boshqacha qilib aytganda, taqdir sinovi
kutib turganidan mutlaq bexarabar edim. Markazga etib kelgach, “zavxoz” meni
poliklinikaga, tish duxturi yoniga qo‘yib, o‘zi potok uchun bozorlik qilgani
bozorga ketdi. Men tish duxturiga navbatda turib, navbatim kelgach, kirib tishimni
davolatdim. Bozor yaqin bo‘lganligi uchun “zavxoz” ishini bitirgach, poliklinikaga
meni izlab kelib o‘tirmasin deb, uni markaziy ko‘chada kutib turishga qaror
qildim. Buning yana bir sababi, bir daf’a “zavxoz” poliklinikada qoldirgan bir
talabani unutib tashlab ketgani, u bechora bir sutka begona shaharda qolib ketgani

77

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

bo‘lib, men ham shunday sarson bo‘lishni istamas edim. “Yo‘l bo‘yida ko‘rsa
unutgan bo‘lsa ham esiga kelib, olib ketadi”, o‘ylar edim o‘zimcha.

Bizlar paxta terayotgan joydan markaz tomon olib boradigan markaziy
yo‘lning ikki tomoni turar joy binolari bo‘lib, binolar-u yo‘l orasida qator qilib
daraxtlar ekilgan edi. Poliklinika markazning shundoqqina boshlanishida
joylashgan edi. Shu joyda markaziy yo‘ldan chap tomonga qarab yana bir yo‘l
ketgan bo‘lib, u yuz metrcha ichkari kirib, poliklinika va bir necha hovlilar bilan
boshi berk ko‘cha bo‘lib tugar edi. Bu boshi berk ko‘chaning bir tomoni, ya’ni,
markazga qaragan tomoni devorsiz hovli bo‘lib, hovli sahni, undagi daraxtlar
ko‘chaga ko‘rinib turar, boshqa tomoni, markazga qarama qarshi tomoni boshida
bekat bo‘lib, orqasi yana binolar edi. Men poliklinikadan katta ko‘cha tomon yo‘l
olib, yo‘lga chiqib olgach, markazdan qarama qarshi tomondagi bekatga borib
o‘tirdim.

Bekatda bir chol o‘tirgan edi. Men salom berib uzoqroqda o‘tirdim. Biz ancha
vaqt so‘zsiz o‘tirgach bobo:

– Qizim nima qilyapsan bu erlarda? – dedi. Men hayron qoldim. Bu yerdan
emasligimni qayerdan sezgan bo‘lsa? Hoynahoy, kiyinishimdan bo‘lsa kerak.
Hamma joyning o‘z kiyinish uslubi bor-da.

– Paxta tergani kelganmiz, – dedim biroz hadiksirab.
– Oydekkina qiz ekansan, yurgin men bilan, polizimda qovunlar ko‘p,
qovun-tarvuz yeb, qizim bo‘lib yuraverasan, – dedi bobo ayyorona irshayib.
Nazarimda ko‘zida qandaydir ayyorlik bor edimi-ey. Xullas, qo‘rqib ketdim. Bobo
qistayvergach, go‘yo hozir biror mashinaga solib olib ketadigandek cho‘chib
o‘rnimdan turib ketdim va yo‘l chetidan markaz tomonga qarab yura boshladim.
Qo‘rquvimni sezdirmaslik uchun xotirjam, bir maromda yurishga harakat qilar,
ichim taka-puka bo‘lib: “Zavxoz tezroq kela qolsaydi”, der edim. Shunday qilib,
chap tomonimdagi poliklinikaga olib boradigan yo‘lning boshini kesib o‘tib,
to‘g‘riga, markaz tomon yura boshladim. Mening fikrimcha, mana-mana “zavxoz”
kelib qolishi, meni tanib, mashinani to‘xtatib olib ketishi kerak edi.
Erga qarab yurganimdan oldimda bir ayol, bir erkak lo‘lilar qayerdan paydo
bo‘lganini payqamay qolibman. Ular menga qarab, chap tomondagi o‘sha devorsiz
hovlini ko‘rsatib: “Ichkariga kir”, – deyishdi. Mening ichim “Shuvillab” ketgandek
bo‘ldi. Lekin qayerdandir ich-ichimdan bir tuyg‘u qo‘rquvimni ko‘rsatmasligim
kerakligini aytib turar edi. Men go‘yoki xotirjamlik bilan ichkariga qaradim.
Ichkarida men oldinroq payqamaganim, turli yoshdagi bir necha odamlar bo‘lib,
ular ham menga qarab turishar, ba’zilari biz tomon kelishar edi. Men qochishga
shaylanib sekingina ortimga qaragan edimki, shunday hovlilarining adog‘ida yana
ikkita erkak lo‘li bizlarga qarab turishar edi. Ularning biror shum maqsadni
rejalashtirayotganlari endi menga ayon edi. Qanday qilib odam bir lahzada butun
umrini ko‘z oldiga keltirishi, qanday qilib butun umrini yashab qo‘yishi
mumkinligini o‘sha lahzada sezdim. Bir lahzada o‘zimni g‘ururi toptalgan his
qildim. Onamning tug‘ilganimdan buyon to‘ldirib kelayotgan sandiqlari ko‘z
oldimga keldi. “Endi bularning hammasi behuda” deb ichim larzaga keldi. Shu
lahzada hayot men uchun tugadi. “Men endi baxtsiz bo‘laman. Men qo‘lma qo‘l
bo‘lib, boshqa odamlar qatoriga qo‘shilmayman”. Ko‘z oldim qorong‘ulashib,

78

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

yurak urishimni eshita boshladim. Bu lahzalar asrlarga tatigulik edi... Lekin
chiqmagan jondan umid ekan. Men: “Xo‘p” , – dedim qarshimdagilarga. “U
yerdan kiraman,” – dedim hovlining poliklinikaga qaragan tomonini ko‘rsatib.
Ortimga burilib, ularni ishontirish uchun xotirjam yurishda davom etdim. Mana
oldimda turganlarga yaqinlashib, markaziy ko‘chadan ular turgan hovli biqinidagi
yo‘lakchaga tushmasdan to‘g‘ri poliklinika tomon olib borayotgan yo‘lga
burildim. Ortimda qolganlar: “Bu yoqqa,” deyishdi hovlini ko‘rsatib. “Hozir,
hozir,” – dedim hovliga qarab, yo‘limdan qolmasdan. Hovli ichidagilar ham men
tomon yurib kelishar edi. Ko‘chadan hovli bilan yonma-yon yurib, hovlining
qariyb yarmiga teng masofani bosib qo‘yganimda, ular mening hovliga kirish
niyatim yo‘qligini payqab qolishdi va jahl bilan: “To‘xta” deb qichqirishdi. Men
esa bor quvvatim bilan yugurib ketdim. Yuguryapman-u, yuragim taka-puka.
“Quvib etishsalar-chi? Axir ular baquvvat katta -katta odamlar-ku. Yo‘lda qulab
tushsam-chi? Xudojon O‘zing asra!” Soat kechki oltilar bo‘lib, poliklinikada hech
kim yo‘q edi. Hammasini kuzatib turgan ekanmi, stomatolog vrach kirish eshigini
ochib meni kirgizdi-da, men bilan birga yugurib, meni xonasiga olib kirib ketdi.

– Nega sizni quvishyapti? – dedi xonani ichkaridan qulflar ekan.
– Bilmadim, – dedim ovozim titrab, – ko‘chada “zavxoz”ni kutib turgan edim.
Bilmadim qanday ilakishishdi”. Hali ham xavf arimagan, shuning uchun
qo‘rquvim bosilmagan edi. Kutganimcha bo‘ldi. Ular poliklinikaga ham bostirib
kelib, shifokorning xonasi eshigini musht bilan urib, oyoq bilan tepib taqillata
boshlashdi. Ularning vajohati eshikni buzib kirish ekanini payqab, shifokor: –
O‘rningizdan qimirlamay o‘tiring, – dedi-da, eshikdan chiqib, uni tezda orqadan
qulfladi. Endi eshik ortida qiy-chuv, tortishuv-surishuv boshlandi. Shovqin aro
shifokorning: “Mening jiyanim bo‘ladi” deyishi eshitilardi. Keyin mening
quloqlarim shang‘illab qolib, hech nimani eshitmay qoldi. Bir lahzada zulmat
dunyosiga qulab ketgandek bo‘ldim. Hech nimani ko‘rmayman ham, eshitmayman
ham. Bor vujudim qo‘rquv, dag‘shat og‘ushiga sho‘ng‘ib ketgan. Nima bo‘lganini
ham, nima bo‘lishini ham, nima deyish-u, nima qilishni ham bilmayman. Goh
o‘tiraman, goh turaman, goh yig‘layman, goh yuraman. Bu lahzada og‘zingizga
tuzuk bir kalima ham kelmas ekan. Og‘zimdan chiqqani faqat: “Xudojon, O‘zing
asra”. Shifokor o‘rta bo‘yli, yumaloqroq odam edi. Bir to‘p lo‘lilarga qarshi kela
oladimi? Yana ular xuddi o‘z mulklari uchun talashgandek talashayotgan bir
chog‘da...
Shu damda birdaniga yana bir: “Qani u?” degan dadil ovoz eshitildi. Bu
“zavxoz”imizning ovozi edi. U nima voqea bo‘lganidan bexabar, yoki men uchun
mojaro bo‘layotganini ko‘ngli sezibmi, meni qoldirib ketgan shifokordan meni
surishtirayotgan edi.
– Siz nima qilasiz uni? – tutaqib o‘shqirdi shifokor.
– Men “zavxoz”iman, – dedi hayrat va qat’iyat bilan zavxoz, – olib ketgani
keldim!” shu lahzada shovqinlar tinib, butun poliklinika sukutga cho‘mdi.
“Zavxoz”imizning ismi Asqar bo‘lib, u baland bo‘yli, kelbatli, oq sarg‘ishdan
kelgan salobatli yigit edi.
– Qiz bolani o‘zini tashlab ketib bo‘ladimi begona shaharda? Shunchayam
sanqiysizmi? – dedi shifokor bor g‘azabini unga sochib.

79

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Shifokor eshikni ochdi. Bir tomonimdan zavxoz, bir tomonimdan shifokor
meni yo‘lakning ikki tomonidan tirik koridor hosil qilib, so‘zsiz kuzatib turgan
lo‘lilar qurshovidan olib chiqishdi...

So‘nggi so‘z. Albatta, lo‘lilardan da’voim yo‘q. Oynomalardan ba’zi qizlarni
amakisi, tog‘asi yoki boshqalar zo‘rlaganlarini o‘qiganman, real hayotda ham
ba’zan bu haqida eshitib turaman. Yovuzlik, hirs-millat, qavm tanlamaydi. Lekin
men olgan dars – qiz bola hamma joyda qiz bola, ayniqsa, begona shaharda
o‘zingni ko‘proq ehtiyot qilishing kerak ekan. Yana esimda qolgani, hamma joyda
ezgulik urug‘i qilib ekib qo‘yilgan yaxshi odamlar bor ekan. Qani edi, o‘sha
shifokorni topib bora olsam-u, desam: “Bir kunlik jasoratingiz, bir umrlik
hayotimni, sha’nimni saqlab qoldi. Sizni dunyoga keltirib, tarbiyalagan
ota-onangizga rahmat. Baraka toping!”

BIR FASLLIK GUL
(qissa)

“Vuy-y, zo‘r odam ekan, maniyam mafiozniy bo‘gim kelyapti”.
“Ana, istasang, shahrimizdagi Karim akaga qo‘shil, keyinchalik
kattalarigacha borib etarsan...”
Uyiga kelib, xotinining ish stolida Ston Vinterning yangi kitobini ko‘rishi –
Bahromga birdaniga o‘smirlik chog‘ida shu muallifning sahnalashtirilgan asarini
ko‘rib o‘ta ta’sirlangan chog‘ini, u bilan birga shu kinoni ko‘rgan amakisining
maslahatini yodga soldi. O‘shanda shu kitobni topib o‘qigan, taassurotlar
daryosida g‘arq bo‘lib, bir necha kun o‘zining kimligini unutgan, o‘zini allaqachon
mafiya olamida tasavvur qilib, bu tasavvuri nafaqat uning o‘ylari-yu, so‘zlariga,
hatto qadam tashlashiga ham ta’sir qilgan edi.
Yaxshi hamki hayotda hamma orzular ham amalga oshavermas ekan.
O‘shanda biror mafiyani topib kirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin shunchaki topa olmadi.
Balki juda hafsala qilsa topar edi-yu, “temirni qizig‘ida bosmasang” vaqt o‘tishi
bilan boshqa qiziqishlar paydo bo‘lib, oldingisi ozroq “eskirib”, “chang bosib”
qolar ekan. Shu shu, umumiy odamlarning umumiy turmush tarzidagi umumiy
qadriyatlar oqimiga qo‘shilib, shu oqim yo‘nalishi bo‘yicha oqib ketdi. Lekin
o‘qilgan asarlarning odam ruhiyatiga, uning dunyoqarashi, hayotiga naqadar kuchli
ta’sir qilishi yodida muhrlanib qoldi.
– Bu nima? – o‘smoqchilab so‘radi xotinidan.
– Ston Vinterning yangi kitobi! – dedi nimalarnidir yozib o‘tirgan xotini
ishidan boshini ko‘tarmay.
Bahromning xotini havaskor yozuvchi edi. Bahrom esa aksincha, bu
sohadan umuman bexabar odam bo‘lib, ustachilik qilar edi. Uning o‘smirligi sovet
ittifoqining qulash davriga to‘g‘ri kelganligi tufayli, o‘sha davrda uning atrofidagi
“diplom bilan oila tebratib bo‘larmidi, hunar o‘rganish kerak” degan aqidaning
ta’siriga berilib, maktabni oltin medal bilan tugatgan bo‘lsa-da, biror o‘qishga
kirmagan edi.
Bahrom o‘sha davrlarni nim o‘kinch, nim istehzo bilan yodga oladi. “G‘alati
davr edi o‘sha davrlar. Hamma joyda “qayta qurish”, “oshkoralik” so‘zi. Ular esa

80

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

nimani qayta qurish kerak, nimani oshkor so‘zlash kerak, tushunishmaydi.
Payqagani faqat, ilgari Xudo yo‘q deyishardi, endi Xudo bor desa bo‘lar ekan,
ilgari savdogarlik jinoyat sanalar edi, endi savdogarlikka ruxsat bor ekan, ilgari
hamma narsa kolxozniki edi, endi shaxsiy pudrat...”

Albatta, uning yosh boshi tushunmagan ko‘p narsalarni ulg‘ayib, yoshi bir
joyga borib qolganida tushundi. Lekin u anglagan asosiy narsalardan biri bu –
g‘oyaning kuchi bo‘ldi. U har qanday qurol: qilichmi u yoki miltiqmi, tilmi u yoki
bombami, bu qurollar keltirgan qurbonlar va natijalar ortida kimningdir qandaydir
g‘oyasi yotishini angladi. Kimdir kitoblarga ko‘milib yotib, balki umri davomida
kutubxonasidan chiqmasdan qandaydir g‘oyani o‘ylab chiqadi, uni maftunkor qilib
taqdim etadi; qaysidir buyuk ta’sir etish kuchiga ega sardor bu g‘oyani olib,
amalda tatbiq etadi. Ko‘plar esa istasa, istamasa shu g‘oya ortidan yuradi, yoki
uning qurboni bo‘ladi. Sotsializm g‘oyasi qayerdan kelib chiqdi? Karl Marks va
Fridrix Engels o‘zlari kapitalizm sharoitida yashab, shunchaki “adolatli jamiyat”
haqidagi g‘oyalarini qog‘ozga tushirdilar. Ular hammaning maoshini bir xil qilish
yo‘li bilan tenglikka erishmoqchi bo‘lishdi. Bu Leninga ma’qul kelib, necha
million odamlardan iborat o‘n besh davlat odamlari ustida bu g‘oyani tajribada
sinab ko‘rdi. Faqat ular hammaga ishlasa ham, ishlamasa ham soatbay bir xil
maosh to‘lash tizimida ishlashni istamaydiganlarni qanday qilib ishlashga majbur
qilish mumkinligini o‘ylab ko‘rishmagan shekilli, aynan shu pand berdi. Natijada
mana, “qayta qurish”, “oshkoralik”...

Yillar, qo‘l mehnati bu novcha, qoramag‘iz, biroz qisiqroq ko‘zlari ziyrak
boquvchi yigitning kelbatini qotmaroq, baquvvatroq qilgan bo‘lsa,
mulohazakorligi fikrlarini teranlashtirdi, shaxsiy qadriyatlarini shakllantirdi.
Albatta, yillar o‘tib, o‘qishga kirmaganiga pushaymon bo‘ldi-yu, biror narsani
o‘zgartirishga kech bo‘lgan edi. Fikring bo‘lsa-yu, atrofingdagilar “o‘zing kimsan-
u, fikring nima?” degandek qarab turishsa ham og‘ir botar ekan. Har holda,
ichingdan nimaga tortsa, yuqoridan senga nima berilgan bo‘lsa shuni qilgin ekan,
odam. Mana omadi chopib, endi puli bor-u, uni eshitadigan, tushunadigan, u bilan
bir darajada gurunglashib o‘tiradigan davra yo‘q. Kezi kelganda, nafaqat begona,
hatto xotini o‘qimagan sifatida qaragandek, gapini jiddiy qabul qilmagandek
tuyulib, bu nafsoniyatiga tegadi-yu, iloj qancha? “O‘qish kerak emas” degan
g‘oyaga berilganida – kimningdir g‘oyasi uning kelajagini, butun bir hayotini
belgilashini, shuning uchun har bir g‘oyaga berilishdan oldin boshqa g‘oyalar bilan
ham tanishish kerakligini, hosilini kuzatish kerakligini, yaxshi hosil beradigan
g‘oyagagina amal qilish kerakligini o‘shanda hech kim unga tushuntirmagan.

Umuman olganda, Bahrom hayotidan norozi emas. Ustachilik–ota meros.
Dadasi Zokir usta el og‘ziga tushgan usta edi. Maktabni bitirib, otasining yoniga
kirgan Bahrom tez orada duradgorlik san’atini puxta egalladi. U yasagan, milliy
naqsh berib ishlangan javon-u, shiftlarning, eshik, derazalarning ta’rifi ketib, hatto
boshqa viloyatlarga ham ishga taklif qiladigan bo‘lishdi.

Bahrom hunariga san’at tariqasida qaraydi. Uning ishini kuzatish qiziq:
Yog‘och bo‘lagini olib, oldin: “Bundan nima qilsam ekan?” degandek tikiladi.
Keyin uni randalab tekislab chiqadi. Keyin iskana bilan o‘yib, naqshlar bera
boshlaydi. O‘ymalar bir xil bo‘lsa-da, qaysi tomonga yo‘naltirib o‘yilishiga qarab,

81

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

turli shakllar paydo bo‘ladi. U bor qalbi, e’tibori bilan hunariga sho‘ng‘ib ketgani
taxtaga diqqat bilan tikilgan ko‘zlaridan, goh qimtilib, goh bo‘shashadigan
lablaridan bilinib turadi. Shogirdlari: “Usta, choy,” deb tursalar-da, u: “E, ha, xo‘p”
deb ishini davom ettiraveradi. Olgan ishlarini tugatmagunlaricha butun diqqati
ishida bo‘lib, dasturxon boshida gurungga qo‘shilib turgandek bo‘ladi-yu, o‘y-u
fikri ishidan chalg‘imaydi. Ishni tugatgach esa bemalol ertalabgacha otamlashib,
palovxo‘rlik qilib, uyiga mamnun qaytadi.

Ota hunar pand bermadi. Mana yaxshigina hovlilik bo‘ldi, imorat qurdi.
O‘zbekka hovli yaxshi-da! Ishdan horib kelganingda ariq bo‘yidagi so‘riga
ko‘rpacha tashlab, oyoq uzatib choy ichishga nima yetsin? Bolalar ham ko‘z
o‘ngingda chopqilab yurishadi. Shuning uchun oila qurganlaridan so‘ng xotini
“dom”ga chiqaylik degan bo‘lsa ham, Bahrom unamadi. “Belda kuch borligida
bitta hovlicha qilib qo‘yaylik, nasiba qo‘shilgan bo‘lsa “dom” hech qaerga
qochmaydi” dedi.

Mana endi rohat qilib yashayapti. To‘rtta xona, ayvon, so‘ri istaganingizga
chiqib dam oling. Ayniqsa, ma’rakalarda Yaxshi. Hammaga joy topiladi.
“Dom”dagidan kami bo‘lmasin deb, xotiniga qulay qilib oshxona bilan hammom
ham qurib berdi.

Tong saharda qorong‘u aralash xotini hovli-yu, darvozaxonaga suv sepib
supuradi. Bolalar birin-ketin uyg‘ongach so‘riga chiqib, mahalladan ertalab olib
kelingan obinonni qaymoqqa botirib eb, choy ichishadi. Keyin hammalari tarqalib
ketib, shu bilan bir oila bo‘lib oqshom birga kechlik qilishadi. Bahromga butun
oilasini bag‘riga yig‘ib, ular bilan mana shunday oila davrasida chordana qurib
o‘tirish yoqadi. Uning katta boyligi, hayot mazmuni shu bolalar. Dadasi
odamoviroq bo‘lib, bolalarga uncha e’tibor bermaganidan ko‘nglida armon
qolganmi, Bahrom bolalariga mehribon. Bog‘cha-yu maktabga ota-onalar
yig‘ilishiga o‘zi boradi. Bolalarning o‘qishi bilan qiziqadi, o‘yinchoqlar olib
beradi. Bayramlarda aylangani olib chiqadi. Ba’zan ta’til kunlari bolalarini
ishxonasiga ham olib borib, taxtaga shakl berishni o‘rgatadi, qo‘llariga asboblarni
berib qo‘yib, o‘zi yana ishiga sho‘ng‘iydi. Ish kuni tugaganida, xuddi suvdan
marmarni chiqargandek, qipiqlar bir tomon bo‘lib, taxtadan naqshlar bilan
bezatilgan bir butun san’at asari chiqadi.

Ba’zi ishlarini Registondagi hunarmandlar uyushmasi muntazam ravishda
uyushtiradigan ko‘rgazmaga topshirib, bir necha marta sovrindor ham bo‘ldi.

O‘zi adabiyot sohasida ijodkorlikdan yiroq bo‘lsada, g‘oyaning odam
ma’naviyatiga ta’sirini o‘z hayot tajribasida juda yaxshi bilgan Bahromning ijod
haqidagi aqidasi: “Har bir asar tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi lozim” degan
aqida edi. Uylangunicha u xotinining ijodga qiziqishidan bexabar edi, xabardor
bo‘lgach esa, turmushlariga ziyoni yo‘qligi uchun xotinining ishtiyoqiga qarshilik
qilmadi. Faqat bu muallifning kitobini uyida ko‘rishi unga uncha ma’qul kelmadi:
– Bolalarga yomon ta’sir qilmasligi uchun ma’lum mavzudagi asarlarni uyga
yaqinlashtirmaymiz,-deb kelishgan emasmidik? – dedi u xotiniga jiddiy ohangda.
Xotini shundagina berilib qilayotgan ishidan boshini ko‘tarib, eriga “keldingizmi?”
degandek qarab: – Men buni bolalarga emas, o‘zimga oldim, – dedi.

– Qanday qilib, o‘zingiz yeyayotgan ovqatni bolalarga: “Sizlarga mumkin

82

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

emas” deysiz?-dedi eri savolga savol bilan javob berib...
...Gulhayo tog‘lar bag‘ridagi kichik shaharchada tug‘ilib o‘sdi. Shahar bitta

markaziy ko‘chadan iborat bo‘lib, shaharning bu boshidan u boshigacha yayov bir
soatda etib borsa bo‘lar edi. Lekin shaharni o‘rab turgan bir necha qishloqlarning
sathi ancha katta bo‘lib, bir tomondan qo‘shni viloyatga, boshqa tomondan qo‘shni
jumhuriyatga tutashib ketgan edi.

Shu uchunmi, sovet ittifoq davrida 1mayda oila a’zolari bilan bir mashina
bo‘lib, qo‘shni jumhuriyatdagi qarindoshlarinikiga bayramni birga nishonlashga
chiqib kelar edilar. U erdagi istirohat bog‘ida tog‘avachchalari bilan muzqaymoq
eb yurganlarini elas-elas eslaydi.

Gulhayo tog‘lar odamga ijodkorlik qobiliyati in’om etishiga ishonmaydi-yu,
ijod kurtaklari bor odamning ko‘nglini “qitiqlab” o‘z hissiyotlarini qog‘ozda ifoda
etishga ruhlantirishiga ishonadi. Uning ba’zan hovlilaridan o‘tadigan ariq bo‘yidan
yalpiz terayotganida, yalpizlarning hididan mast bo‘lib ariq bo‘yidagi daraxtta
suyanib shirin xayollar surgan damlari bo‘lgan. Ba’zan ko‘zlarini ochib ariqqa
qaraganida, go‘yo ariqdagi suv emas, aksincha, o‘zi o‘tirgan bo‘yra bilan oqib
ketayotgandek bo‘lgan. Ilk bahorda esa hovlilaridagi endi maysa otayotgan
ko‘katlar gilamidan shunday zavqlanar ediki, shu ko‘klik bilan uyqashib- birlashib
ketish uchun erga ag‘anab yotib olgan damlari bo‘lgan. Shunday lahzalarda uni
qandaydir ifoda etish qiyin bo‘lgan tuyg‘ular qamrab olar ediki, u yugurib borib
qo‘liga qalam-u, qog‘oz olar, lekin qalb tuyg‘ularini ifoda eta olmasdan, yozgan
narsalardan ko‘ngli to‘lmasdan ularni yirtib tashlar edi. U bu savolga hanuz javob
topa olmaydi. Nima bu- qalbni to‘ldirib keladigan tuyg‘u? Nega uni bolaligida,
o‘smirligida, yoshligida ko‘proq his qilar edi-yu, endi yoshi etuklikka etgan sari
tobora kamroq his etadi? Nimaga bog‘liq bu tuyg‘u? Qayerdan keladi? Qayerga
ketadi? Nega shamoldek kutilmaganda kelib, xuddi shunday shiddat bilan o‘tib
ketadi? Uni qanday ifodalab bo‘ladi? Chizay desa, rangi yo‘q. Yozay desa uni
ta’riflasa bo‘ladigan so‘zlar yo‘q. Uni faqat his qilish mumkin. Uni his qilmagan
odamga esa ifodalab bera olmaysan kishi, chunki uni ifodalab beradigan so‘zlar
yo‘q. Uni har bir kishi o‘zi his qilishi kerakdek. Moddiy narsalarni baham ko‘rish
yoki baham ko‘rilganda baham ko‘rgan kishi bilan birga bahramand bo‘lish
mumkin ekan, lekin his-tuyg‘u – har bir kishiga shaxsan beriladigan in’om ekan...
Gulhayo dilini hapriqtiradigan his-tuyg‘ular qiyofasini hali qog‘ozga tushira olgani
yo‘g‘-u, lekin butun borlig‘i bilan berilib yozgan asarlarida ularning qaysidir
chizgilari paydo bo‘lganida ich-ichidan quvonadi.

Shunday qilib, bolaligi, o‘smirligi muk tushib olib kitob o‘qish-u, adog‘i
yo‘q asarlar mashq qilish bilan o‘tdi. Hatto romanlar ham mashq qilib ko‘rdi.
She’rlari, maqolalari shahar, viloyat matbuotida muntazam ravishda chop etilsada,
ko‘ngli nimadandir to‘lmas edi. Matbuot olamida esa o‘zini suv bo‘yida turib, suv
icha olmayotgan kiyikdek his qilardi.

U uchun tahririyat xodimining qiyofasi bu – katta ish stoli ortidagi, cheksiz
qog‘ozlar uyumi chekkasida, shu qog‘ozlarni sarishta qilish bilan andarmon, sayoz
sochlariga oq oralagan, ko‘zoynak ortidan sinchkov nazar tashlaydigan ko‘zlarida
“O‘ta bandman” degan ma’no muhrlangan bo‘yi pastroq, qorindor odam. Gulhayo
borib, uning shunday ham adog‘i yo‘q ishiga ish qo‘shadi.

83

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

– Xo‘sh xizmat? – deydi sinchkov ko‘zlar, biroz qog‘ozlardan ko‘tarilib.
– Men she’rlarimni olib kelgan edim, – deydi Gulhayo biroz qimtinib.
– Qo‘yib keting, ko‘rib qo‘yaman, – deydi horg‘in ovoz.
Gulhayo tog‘dek uyulib yotgan qog‘ozlarga yana qog‘oz qo‘shganidan biroz
o‘zini aybdor his etib ohista chiqib ketadi. Sinchkov ko‘zlar u chiqib ulgurmay
yana qog‘ozlarga sho‘ng‘iydi. Bir nimani so‘ray deb Gulhayo orqaga o‘girilib
qolsa, u ko‘zlar allaqachon ish ummoniga g‘arq bo‘lgan, ularni ortga qaytarish
uxlab yotgan odamni uyg‘otish kabi mushkul tuyular edi.
Keyin oylar o‘tib, ro‘znoma yoki jurnallarni varaqlab o‘tirganida,
kutilmaganda o‘z ijodi namunalarini ko‘rib, birdan quvonib ketadi. – Demak,
mening ham qog‘ozlarimga navbat kelibdi-da, – deb qo‘yadi ichidan quvligi, –
yaxshi hamki borgan ekanman”.
Albatta, Gulhayo ijod sohasidagi muvaffaqiyatlaridan norizo emas, har
holda, onda sonda bo‘lsa ham uning ijodiga e’tibor berib asarlarini chiqarishyapti.
Lekin bu sohadagi harakatlaridan hech qachon to‘liq qoniqqan ham emas. Albatta,
qoniqish uchun avvalo odam o‘zi nimani istashini, nima uni qoniqtirishini bilishi
kerak. Gulhayo bu haqida ham o‘ylab ko‘rgan. Bir kuni qandaydir his g‘imir–
g‘imir qilib, ichini kemirganida u o‘z-o‘zidan: “Nima istayman o‘zi? Nima menga
yoqmayapti? Nima bo‘lsa baxtli bo‘laman?” deb so‘ragan. O‘shanda uzoq o‘ylab
javobini topgan edi: “Ustozim bo‘lsa. Menga asar yozishda yo‘nalish beradigan,
kamchiliklarimni ko‘rsatadigan ustozim bo‘lsa, u meni o‘z darajasiga qadar
o‘stirishga harakat qilsa – shunda baxtli bo‘lar edim”. Nimani istashingni o‘zing
bilsang unga erishishga harakat qilish osonroq bo‘lar ekan. Shu-shu Gulhayo
o‘ziga ustoz qidira boshladi. Lekin, uchragan joyida, bozor iqtisodiyoti sharoitida
kun ko‘ray deb ishi boshidan oshib mehnat qilayotgan ijodkorlarni ko‘radi-yu,
bezovta qilganidan istihola qilib, sekingina chiqib ketadi. U ba’zan o‘zini gadoga
ham o‘xshatadi. Gado xonadonma-xonadon sadaqa tilanib yursa, u tahririyatma-
tahririyat e’tibor tilanib yuradi. Balki biror qarindoshi ijodkor bo‘lganida yoki qo‘li
uzunroq bo‘lib, yana shu uzun qo‘lni uzatish mahoratiga ega bo‘lganida ahvol
boshqacharoq bo‘lar edi-yu, nima ham deymiz, uning taqdir kitobi aynan shularsiz
bitilgan ekan shekilli...
Ijod ham kimdir o‘t qalab tursa, kimdir ruhlantirib, rag‘batlantirib tursa
tobora alangalanar ekan. Yolg‘iz cho‘g‘ning qismati esa bir kuni o‘chish ekan.
Gulhayo ham oldin ota-onasi tanlagan o‘qishga kirib, so‘ngra turmushga chiqib,
hayotida “muhimroq ishlar” paydo bo‘lgach, atrofida ruhlantiruvchi
bo‘lmaganidan ijod uchun shunchaki ...o‘chdi.
Uning turmushga chiqishi ham o‘z zamoniga, madaniyatiga xos edi. Bahrom
akasi ustachilik qilib yurib, biror qizga nazar solishga ham, gap tashlab ko‘rishga
ham qunt qilmabdi. U ham o‘qishi bilan andarmon bo‘lib, birov bilan tuzuk
gaplashmabdi. Qarasa, yoshi ham yigirmaga yaqinlashib qolibdi. Aynan qizlarning
ham, onalarning ham “qolib ketmasmikin” deb xavotirlanish davri. Xalqimizdagi
sovchilik degan narsa yaxshi-da. Shunday vaqtlarda, o‘z tengini o‘zi topmagan
yoshlarga juda asqotadi. Ularni ham “kattalar bog‘lab qo‘yishdi”. Gulhayo “biror
o‘qiganga tegaman” deb yurgan edi-yu, onasi bir ikki marta yoshi ham o‘tib
borayotganini, bunday yaxshi joydan boshqa kelmasligi mumkinligini, hozirgi

84

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

zamonda diplomlidan hunarli ma’qulligini tushuntirgach, ko‘na qolgan edi. Fotiha
to‘yining sandiq keltirish gashti-yu, qiz dugonalarga ro‘molcha tarqatish gashti,
to‘yda qiz qochdi-yu, kuyov navkar, tantanavor bazm oqshomi bo‘lib o‘tgach,
o‘sha sovchilar kela boshlagan kundan yuragida hadik uyg‘otib bot-bot o‘ylashga
majbur qilgan lahzalar ham etib keldi. To‘ydan oldin “bularning hammasi qanday
bo‘larkin?” deb biroz hadiksirab yurgan Gulhayo, aynan to‘y kunlari o‘zini
go‘yoki karaxt yoki mast bo‘lib qolgandek his qildi. Hammasi uning atrofida sodir
bo‘layapti-yu, go‘yoki u chetdan kuzatib turgandek. Lekin ba’zan shunchalik
hayajon bosadiki, ZAGSda qo‘li titrab, imzo qo‘ya olmay qizarib ketdi. Shuncha
o‘zimni bosay desa ham qo‘lidan kelmaydi: ham kuyovdan, ham odamlardan
uyalganidan er yorilmaydiki, kirib ketsa...

U uchun jumboqli masala, yetti yot begona odam bilan qanday qilib birinchi
uchrashgan kechasi bir yostiqqa bosh qo‘yishi edi. Bu haqida o‘ylaganida, o‘ylari
boshiga sig‘masdan uni to‘rt tomonga tortib ketar edi. Mana endi o‘sha lahzalar
kelganida, chimildiq ortida o‘tirar ekan, har lahzada kuyov kirib kelishini o‘ylab
hayajonlanganidan tez urib ketgan yuragining zarbini eshitib turar edi. Xayriyat,
to‘y boshidan uning borlig‘iga harir pardadek tashlangan o‘sha karaxtlik yoki
mastlik holati hali ham uni tark etgan emas ekan. Bu ham jismning bir himoya
reaksiyasi ekanki, odam o‘ta hayajonlanarli lahzalarni boshidan kechirishi kerak
bo‘lganida, uni ichki dunyosiga ortiqcha zarbasiz o‘tkazib qo‘yar ekan. Gulhayo
yuz ocharda ham shu holatning ta’sirini sezib turdi.

U qanday qilib yot begona odam sening eng yaqin kishingga aylanib
qolishini tushuna olmas edi. Bu voqea o‘zining boshidan o‘tgach, angladi qo‘ydi.
Har holda, begona ro‘zg‘orga, begona odamlar ichiga birdaniga kirib qolish hech
kimga oson emas. Ayniqsa, ota uyidan boshqa joyni bilmagan qiz bolaga. Har bir
ro‘zg‘orning o‘z do‘ng-u chuquri, o‘z yengil-og‘iri bor. Bu vaqtda yaqin sirdosh
dugonang ham, mehribon oying ham yoningda bo‘lmaydi. Lekin har insonning
yuragida kimgadir suyanish, kimgadir tayanish ehtiyoji bor. Shu shu turmush
o‘rtog‘i uning hayotida eng yaxshi va yomon kunlarni baham ko‘radigan ko‘z
ochib ko‘rgan umr yo‘ldoshiga aylandi. Har bir bolalarining tug‘ilishi quvonchini,
ular bemor bo‘lib qolishsa davolatish tashvishini, hovli qilib chiqish, mashina
olish, xullas, hamma hammasini birga baham ko‘rib, yillar osha qariyb bir
odamdek bo‘lib qolishdi.

Turmush tashvishlariga qorishib ketib, balki hayotida bir voqea sodir
bo‘lmaganida, Gulhayo qachonlardir qo‘liga qalam olganini hech qachon yodga
olmas edi. O‘shanda ko‘pdan buyon ko‘rishmagan dugonasi bilan suhbatlashib
o‘tirar edi. Dugonasi bir qo‘shnisi haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, ikki opa-
singil, bir uka bor ekan. Ular ota-onalaridan erta etim qolib, bolaliklaridan o‘z
aravalarini o‘zlari tortishlariga to‘g‘ri kelibdi. Opasi o‘rtacha, singlisi juda chiroyli
qiz ekan. Vaqtlar o‘tib, opasi oldin o‘zi fohishalik bilan shug‘ullanishni boshlabdi,
keyin qo‘shmachilik qilishga o‘tibdi. Singlisi esa faqat halol oila qurish orzuida
yurar ekan. Bir kuni mijozlardan biri ularning uyiga kelib, qo‘shmachi ayolning
singlisini ko‘rib qolibdi. U bu qiz uchun ko‘p pul va’da qilibdi. Opasi qanchalik
undamasin, qiz ko‘nmabdi. Keyin qizga sovchi kelibdi. Opasi tufayli
xonadonlariga yopirilgan gap-so‘zlardan ko‘cha-kuyda bosh ko‘tarib yura

85

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

olmaydigan bo‘lib qolgan qiz “tezroq oila qurib ketib gap-so‘zlardan qulog‘im
tinchisin” deb rozi bo‘libdi. Lekin kuyov tomon ham qashshoqroq ekan. Shu uchun
fotiha to‘yi o‘tkazishgach, kuyov tomon “kelin kuyov to‘ylariga o‘zlari pul ishlab
kelishsin” degan taklifni aytibdi. Qiz tomonning ham ahvoli nochorligi tufayli,
opasining qistovi bilan qiz ko‘nibdi. Ular xorijga ishga ketishibdi. Lekin ko‘p
o‘tmay baxtsiz hodisa tufayli olamdan o‘tgan qizning murdasi kelibdi. Ukasi
bechora opasini baxtsiz hodisadan o‘lganiga ishonmay ko‘p surishtirib, ishning
tagiga etibdi. Etib borishgach, qiz kuyov aslida o‘sha mijoz ekanligini, uni bu
yerga fohishalik qilishi uchun olib kelganini bilib qolgan ekan. Lekin qancha
yolvormasin mijoz uni eshitishni ham istamabdi. Qiz unamagani uchun uni it
azobiga solishibdi. Uni naqadar qiynashlariga qaramasdan bu ishni qilishga
unamagan qiz beayov qiynoqlarga dosh berolmay olamdan ko‘z yumgan ekan.
Bularni bilib olgan yigit ikki o‘t orasida qolibdi: Jazoga torttiray desa- bu ishning
boshida turgan o‘zining katta opasi, torttirmay desa – guldek kichik opasining
hayotga chanqoq beg‘ubor ko‘zlari ochiq ketdi...

Bu voqeani eshitib, go‘yoki Gulhayoning qalbidagi tuyg‘u vulqoni yorilib
ketib, bor vujudini kuydirib yubordi. Bu ichki o‘t taftiga dosh bera olmay u qanday
qilib, qo‘liga qalam olganini sezmay qoldi. Balki hamma o‘z hislarini qaysidir yo‘l
bilan to‘kib solar, u uchun esa bu yo‘l – ularni qog‘ozga tushirishdir...

Asar yozishga yo‘nalish topish uchun u ko‘p izlandi. Alisher Navoiyni ham,
Balzakni ham o‘qib chiqdi. O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad bilan Pushkinni,
Lermontovni mutolaa qildi. Qodiriydan zavqlandi, Shekspirdan ruhlandi. Lekin
o‘ziga yo‘nalishga kelganda boshi qotdi. Hozir qanday yozish mumkin? Hozirgi
o‘quvchining didi qanaqa? Odamlar qanaqa asarlarni o‘qishmoqda? Umuman,
o‘qishyaptimi, o‘zi? O‘ziga qolsa, har qanday adabiyotni sevib o‘qiy oladi. Lekin
odamlar ichida kitob o‘qiydigani kam, o‘sha kamlar ham nimanidir o‘qiydi,
nimagadir vaqti yoki hafsalasi etmaydi. Xorijda-ku turli yo‘nalishda ochiq
yozaverish mumkin, bu erda esa xalqning madaniyatini ham hisobga olish kerak.
Xalq hazm qila oladigan mavzular bor, hazm qila olmaydiganlari bor. Jiddiy asar
yozsa, o‘quvchilar o‘qimasa, ochiqroq yozsa, tanqid ostiga qolsa...

Axiyri, bir qarorga kelib, qog‘oz qoralay boshladi...
– Yaxshi, yaxshi, – dedi asarni ko‘rib chiqqan xodim. U o‘rta bo‘yli,
novcha, qorachadan kelgan kishi bo‘lib, ko‘chada ko‘rgan odam uni yosh
ko‘rinishidan ko‘proq talabaga o‘xshatar, lekin o‘z ishining ustasi ekanligi o‘zini
tutishidan, gaplaridan ma’lum edi, – endi men sizga asar yozishni o‘rgatib
o‘tirmayman. Har holda, yoshingiz ham mendan kattaroq, anchadan buyon mashq
qilasiz. Umuman olganda, sizda yozish qobiliyati bor. Qalamingiz anchagina
o‘tkir. Lekin mavzuingiz – matbuotda ko‘p yoritilgan mavzu, umumiy gap,
umumiy xulosalar.
Gulhayo ko‘pdan buyon qo‘liga qalam olmagani uchun, o‘zini zamonaviy
yo‘nalishlardan bexabar his qildi. Asari juda sodda, jo‘n tuyulib, biroz iymandi.
– Yozuvchi ommadan boshqacharoq o‘ylay olishi kerak. Siz opani
shunchaki qoralab qo‘ygansiz. Uni shunday qilishganima majbur qildi? Uning
tug‘yonlari, ichki g‘alayonini yoriting. Kutilmagan voqea unga qanday ta’sir qildi?
Siz shularni yozing. Gap qahramonimizning ijobiy yoki salbiy ekanligida emas,

86

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

gap o‘quvchini asarga qiziqtira olishda, qahramonning obrazini mahorat bilan
yoritib, o‘quvchini unga hamdard qila olishda! Xullas, qayta ishlash kerak.

Redaksiyadan chiqib kelar ekan, Gulhayo birdaniga o‘ziga ijodiy yo‘nalish
kashf etdi: U jamiyat o‘zidan chetlashtirgan odamlarning ichki dunyosini yoritadi!
Har kim ham qo‘l urmaydigan, tesha tegmagan mavzu! Ularning dunyoqarashlari,
hayotlari, kechinmalari-yu, qiyinchiliklarini ular tomonidan xalqqa yoritib berishga
harakat qiladi...

U uyiga ming bir g‘oyaga to‘lib, qanot chiqarib uchib keldi. Eri kelganida u
allaqachon yangi asari g‘oyasi bilan mashg‘ul, jismi xonada bo‘lsa ham, butun
borlig‘i o‘zi yaratgan qahramonlarining dunyosiga sho‘ng‘ib ketgan edi. Shuning
uchun birdaniga o‘ziga kela olmay, ma’lum vaqt o‘tgach o‘rnidan turib, eriga
dasturxon yozdi. Ovqat, choy keltirib qo‘yib, asta-sekin xodimning asari haqidagi
fikrlarini, asar yozish haqidagi maslahatlarini aytib bera boshladi.
Bahrom xotinini tinglab, biroz o‘yga toldi-yu, keyin sekin gap boshladi:

– Salbiy odamlarni qaxramon qilib olib, ma’lum janrda ommabop asar
yozish mumkindir. Lekin bu bilan sen o‘z qahramoningning nafaqat shaxsiyatiga,
balki kasbiga ham qiziqish uyg‘otasan. Bunday e’tibor, ba’zan kimningdir qalbida
hamdardlik, kimningdir qalbida esa ularni oqlashni tug‘dirishi mumkin. Masalan,
sening qahramoning fohisha. U pulsiz qoladi. Hech kim unga yordam bermaydi. U
fohishalik qilishga majbur bo‘ladi. Albatta, sening qalaming uning iztiroblari,
qiynoqlarini mahorat bilan tasvirlashi natijasida o‘quvchi uning dardiga sherik
bo‘ladi, uni oqlaydi. Natijada, agar o‘zining boshiga shunday kun tushsa, u ham
shunday yo‘l tutishi mumkin. Aksincha, sening qaxramoning or-nomusini
ardoqlovchi qiz bo‘lganida edi, hatto unga kimdir fohishalikni taklif qilganida
ham, u: – Men uchun bu yo‘l emas, – deb boshqa yo‘l izlagan bo‘lar edi. Hayot
ko‘rsatyapti-ki, u baribir og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘lini topadi!

Balki bir necha yillar ilgari, yana ijodga yot odam eridan emas, balki
mo‘tabar yozuvchilardan shu maslahatni eshitganida, Gulhayo uni qalbiga muhrlab
olgan bo‘larmidi? Lekin hozir, “tarbiyaviy ahamiyatga ega” asari “bir qolipdan
chiqqan”ligi uchun inkor etilgan va o‘zini boshqa sohada sinab ko‘rmoqchi
bo‘lgan Gulhayo uchun bu maslahat bolaga “qilaman” degan ishiga “qilma” deyish
bilan barobar edi. Shuning uchun ommabop asarlar mualliflarining kitoblarini
o‘qib, ularning yo‘nalishlarini o‘rganishga qaror qilgan, pulini turmush
xarajatlaridan ayab ulardan birining kitobini sotib olgan, uning bor fikrini o‘zini
shu yo‘nalishda sinab ko‘rish istagi qamrab olgandi...

...Yillar o‘tib, Gulhayoning kitoblari rangba-rangligi bilan naqadar uning
qalbini quvnatsa, Bahromning dilida shu qadar vahima uyg‘ota boshladi:
“Narkomanning so‘nggi so‘zi”, “O‘g‘rining yana bir kuni”, “Fohishaning dil
izhori”, “Qotilning kundaligi”. Aksiga olib, uning asarlari do‘konga tushganidan,
tezda egasini topib keta boshladi.

Bahromning nazarida o‘qiyotgan va yozayotgan kitoblaridagi
qahramonlarning dunyoqarashi, hayot tarzi Gulhayoning xulqiga ham o‘z aksini
qoldirayotgandek, Gulhayo kundan-kunga dag‘al bo‘lib borayotgandek tuyular edi.
Boshida biroz gap tortishish bilan tugaydigan narsalar, vaqt o‘tgan sayin dahanaki
jangga aylana boshladi. Ayniqa, uning fohisha qiz haqidagi kitobini ko‘rganida

87

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Bahrom juda tutaqib ketdi:
– Menga qara, o‘zi yuzta boladan o‘ntasi kitob o‘qisa. Yana shu o‘ntaga

sening kitobing nima qilishni o‘rgatyapti? Kitob o‘qimaydiganlar bilimsizligidan
chohga qulasa, sening asaring o‘qiydiganlarni ham shu chohga o‘zi avrab olib
borib qo‘ymayaptimi?

– Men bolla uchun yozyatganim yo‘g‘-u, – dedi Gulhayo ham qizishib.
– Ey, odam, – dedi Bahrom jig‘ibiyroni chiqib, – qahramoning 15 yoshli qiz
bo‘lsa, uni yoshlar o‘qimay kattalar o‘qiydimi?
– Uf-f, – dedi Gulhayo boshini sarak-sarak qilib. So‘ng o‘z g‘oyasini eriga
urg‘u berib so‘zlab tushuntirmoqchi bo‘ldi: – O‘n besh yosh! Bu mening
qahramonim uchun ideal yosh! Erkaklar uchun o‘n besh yosh – qiz bolaning aynan
yetilgan davri hisoblanadi! G‘unchaning endi ochilganida uzish payti!
– Sen bunaqa gapirishdan, bunaqa asarlar yozishdan uyalmaysanmi? – dedi
dabdurustdan Bahrom, – yotoqxona pinhonligi bilan sirli emasmi? Uch to‘rtta
ochning hirsini qo‘zg‘atish bilan nimaga erishmoqchisan? Maqsading nima o‘zi?
Nom qoldirishmi? Bunaqa asarlar bilan nom qoldira olmaysan! Ular bir fasllik
guldek! Bugun bor-u, ertaga nomidan nishon yo‘q! Ular majruh tug‘ilgan boladek!
Ularda hayot, kelajak yo‘q! Ular dunyo yuzini ko‘rib ulgurmay o‘limga mahkum!
– Bahrom aka! – dedi Gulhayo ham tutaqib, – men sizning sohangizga
aralashmayapman-ku?! Bu ijod. Ijodkor hamma narsani yorita olishi kerak!
Ijodimni bo‘g‘mang! Men kitob do‘konlarida chang bosib yotadigan asarlar emas,
zamonaviy kitobxonning e’tiborini tortadigan kitoblar yozmoqchiman!
Albatta, Bahrom asarning ommabop bo‘lishiga, xotini esa asarning
tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishiga qarshi emas edi. Faqat gap amaliyotga
kelganda, ularni mushtarak qilish oson ish emas edi.
Bu orada, bolalar ham katta bo‘lib, har birining o‘ziga xos shaxsiyati
namoyon bo‘la boshladi. Katta o‘g‘li otasidek bosiq, o‘n o‘ylab bir gapiradi,
go‘yo, tashqi qiyofasi ham “dadasini uzib olgan”. Katta odamlar bilan katta
odamlarga xos chordana qurib o‘tirib, gurunglashib o‘tira oladi. Kichik o‘g‘lidan
“bolalikning hidi kelib turadi”. Jon-u dili cho‘qqilarni zabt qilish bo‘lganidanmi,
narvonmi, mebelmi nima ko‘rsa, bir zumda chiqib ketaveradi. Serharakatligidan
biroz yumaloq, bug‘doy rang yuzining qaeridir doimo qashqa bo‘lib yuradi.
G‘unchadek chiroyli qizalog‘i esa umuman boshqa dunyo. Unga qo‘g‘irchoqlari
bo‘lsa bas. Kuni bilan ularga latta-puttadan uycha qilib berib, bir-birinikiga
mehmonga olib borib, olib kelib o‘tiraveradi. Agar atayin chaqirmasangiz uyda
bor-yo‘qligi ham bilinmaydi.
– Qizingdan xabar ol, – deb qo‘yadi ba’zan Bahrom xotiniga xavotiromuz, –
u-budan gaplashib tur, atrofida odamlar ham borligini eslab tursin.
– Ey,y sizga ziyoni tegyaptimi? – deydi Gulhayo og‘rinib, –
o‘g‘illaringizning savoliga javob topa olmay esim ketadi ba’zan. Nimani ko‘rsa:
“Nima yoki nimaga?” degan savoli tayyor. Hech qursa, shu o‘zi bilan o‘zi bo‘lsin.
– Ha bolalarga ovqat-u kiyimdan tashqari e’tiboram kerak-da! – e’tiroz
bildiradi Bahrom,-bu ham bir davr. Katta bo‘lganidan keyin bizlar bularning
e’tiboriga zor bo‘lamiz. “Mehrdan mehr unadi” xotin. Erta bolam oqibatli bo‘lsin
desak, ularga bugun mehr berishimiz kerak.

88

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

– Gapingiz to‘g‘ri, – deydi Gulhayo horg‘in ovoz bilan, – faqat hamma
narsaga ulgurish oson emasda...

– Bolaga e’tibor, bola tarbiyasi birinchi o‘rinda, – deydi Bahrom so‘zida
qat’iy turib,- o‘g‘il bolalarga-ku o‘zim ko‘proq qarayapman, sen hech qursa
qizimizga qara. Men bilan sirlashmaydiku, axir. Agar sen qizing bilan
do‘stlashmasang, ertaga u o‘ziga do‘stni ko‘chadan topadi. Kim biladi, kim
yo‘liqadi unga...

...Ha demay, bolalarning har biri uchirma qushdek qanot qoqa boshladi.
“Elga kelgan to‘y” ekanmi, ikki o‘g‘li o‘qishni bitirib, birin-ketin “ishlab kelamiz”
deb turib olishdi va qo‘shni davlatga ishga ketishdi. Qizi esa filologiya fakultetiga
o‘qishga kirgan bo‘lsa ham, ko‘p vaqtini raqs to‘garagida o‘tkazadi. O‘zi uncha
raqsga yo‘qligidan, u bu davralarda o‘zini mulzam his qilgan Gulhayo qizini
bolaligidan “plastika”si rivojlansin deb raqs to‘garagiga bergan edi. Bu ham eri
bilan oralarida biroz gap qochishiga olib kelgan, Bahrom: – Qiz bolaga yot
begonalarning ichida raqs tushish nima kerak? – desa, Gulhayo: – Boshqalar uchun
emas, o‘zi uchun o‘rgansin. San’atga bunchalik eski qarash qilmang!” – deb
yenggan edi.

Ko‘plab oilalarda bo‘lganidek, ularning oilalarida ham o‘zaro
tushunmovchiliklar o‘z vaqtida va o‘z joyida hal qilinmaganligi uchun orada jarlik
hosil qila boshlagan, yillar o‘ta ular ikkalovlari ham o‘z hayotlari bilan yashay
boshlagan edilar. Ammo keyingi kunlarda sodir bo‘lgan voqea birdan, bir vaqtda
ularning ikkalovlarining ham diqqatini tortdi. Qizlari Dilafruz ba’zi tunlar uyga
kelmay qoladigan bo‘ldi. Boshida kursdoshi bilan imtihonga tayyorlanayotganiga
ishonishdi. Bir kuni shu o‘rtog‘i uning yo‘qligida telefon qilganida qizlari alday
boshlaganini sezib qolishdi. Gulhayo qizi bilan gap talashib, isbot qilib o‘tirishni
istamay, shunchaki izidan poylab bordi. Uning ko‘nglidan ming bir xayol o‘tar, tili
kalimaga aylanmay, faqatgina “O‘zing asra”, – deb qo‘yar edi.

Qizi mashhur restoranlarning biri qarshisida taksidan tushdi. Gulhayoning
yuragi shuvillab ketdi. U ham tezda taksidan tushib, qizining ortidan yo‘l oldi. U
kirish eshigiga yaqinlashganida qizi ko‘zdan g‘oyib bo‘lganiga qaramay, uning shu
erda ekaniga komil ishonch bilan restoran tomon qadam qo‘ydi. Eshikda turgan
yigit uni mijoz deb o‘ylab zal eshigini ochdi. U sir boy bermasdan ichkari kirdi.
Nim qorong‘u zalning duxoba devorlarida stollardagi billur idishlarga urilib ming
tomonga sochilayotgan qandillarning nuri o‘ynar edi. Har bir stol ostida, qora
marmar polga qirmizi gilam poyandozlar to‘shalgan edi. Zal juda katta, dabdabali
bo‘lsa ham odam uncha ko‘p emas edi. U er bu erda bitta, ikkita, to‘rttadan
odamlar o‘tirar, hech kimning birov bilan ishi yo‘q edi.

Shu payt zalda yangrab turgan sokin musiqa o‘chib, o‘rnida qandaydir
g‘alayonni ifodalovchi dag‘al musiqa yangray boshladi. Shu musiqa ostida yuz
bo‘yog‘i nimasi bilandir Buratino filmidagi Peronimi-ey, yoki fotosurat
negativinimi-ey eslatadigan bir qiz chiqdi. Etagi moychechak bichimida bo‘lib,
osti tizzasigacha bo‘lsa-da, alohida bo‘laklari harakat qilganida beligacha ochilib
ketadigan qora ko‘ylakdagi qiz hissiz chehra bilan, qandaydir shiddatli raqsni ijro
eta boshladi. U raqqosaga tikilib turib, uning qomatidan, hatti-harakatlaridan qizini
taniy boshladi. Tanidi-yu, qalbini dahshat qamradi. – Nima? Mening qizim bunaqa

89

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

joyda raqqosa? Erning ustunlari ko‘ngilxushlik qiladigan joyda? Istagan kishi,
istagan narsasini sotib ola oladigan joyda?

U shahd bilan o‘rnidan turib ketdi. Shu turishida sahnaga borib, qizining
qo‘lidan tortib uyiga olib ketmoqchi, o‘lasi qilib urib, aqlini joyiga solib
qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin shu lahzada o‘zining eri bilan bahslari ko‘z o‘ngida
jonlanib, o‘zini erining, qizini esa o‘zining o‘rnida ko‘ra boshladi: “Men sizning
sohangizga aralashmayapman-ku?! Bu ijod. Ijodkor hamma narsani yorita olishi
kerak!”

“Bu ijod emas, bu ko‘chadan lazzat izlovchilarning hirsini qo‘zg‘atish!
Ularning hirsini qondirish! Bugun sahnada ularning ko‘nglini avraysan, ertaga
qanday qilib to‘shagida ko‘nglini avray boshlaganingni sezmay qolasan! Boringni
shimib olib, keyin po‘choqdek irg‘itib yuborishadi! Qo‘lma-qo‘l o‘yinchoq bo‘lib,
axiyri qanday tashlab yuborilganingni sezmay qolasan! – unsiz qichqirardi butun
borlig‘i. Lekin shu bilan birga u nafaqat unsiz, balki bor ovozi bilan qichqirsa ham
hozir qizi uni eshitmasligini, qulog‘i bilan ham, qalbi bilan ham eshitishga qodir
emasligini his qilib turar edi.

Qizining raqs tushishini jonsiz kuzatib turib, u eri ming bora aytib,
tushuntira olmagan haqiqatni angladi: U yaratgan asarlarda hayot yo‘q. Ularda baxt
yo‘q. Ularda quvonch yo‘q. Asosiysi, ularda kelajak yo‘q.

Shu lahzada uning yuragiga o‘q sanchilgandek bo‘ldi: U hamma asarlarini
boshqatdan yozib chiqishi mumkin. Kerak bo‘lsa, yo‘q qilib yuborishi mumkin.
Lekin, mana bu, qarshisidagi tirik asarni-chi? Bu asar uni o‘zgartirishga, boshqa
yo‘nalishga yo‘naltirishga izn berarmidi?...

QASOS

Yovuzlik qilma, sen ko‘targan tig‘ bir kuni o‘zingga qadalishi mumkin.
“Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqar”, deydilar. Baxtiyor esa bolaligi
ko‘proq televizor qarshisida o‘tib, unisiga ham, bunisiga ham etishib
ulgurmabdimi, otasining qanoti ostidan chiqib, mustaqil hayotni boshlaganidan
katta zarbaga uchradi. U omadi chopib o‘qishga kirib, qo‘shni viloyatga ravona
bo‘lgandi. Oldiniga ijarada turdi. Keyin cho‘ntak ko‘tarmay, yotoqxonaga ko‘chdi.
O‘sha davrlarda, oliygohga kirganlar orasida ikkita frontda jang ketar edi. Kimdir
bilim sohasida ilg‘orlikni qo‘lga kiritish uchun jon-jahdi bilan kurashsa, kimdir
yigitlar orasida “shef” bo‘lish uchun kurashar edi. Albatta, “eng zo‘rni aniqlash”
jarayoni haqoratlash, urishib, kuch sinashishsiz bo‘lmas edi. Birinchi front beozor
edi. Unda jonbozlik ko‘rsatish ixtiyoriy: istasang, yaxshi o‘qi, istamasang yo‘q.
Ikkinchi front esa shafqatsiz edi. Unda hech kim sendan qatnashishni istaysanmi,
yo‘qmi, tinchliksevarmisan, yo‘qmi – so‘rab o‘tirmaydi. Oliygoh talabalari safiga
qo‘shildingmi, bu yerdagi “qora davrada” ham o‘z o‘rningni topishing shart. Aks
holda, topishingga “yordam berishadi”. Baxtiyor o‘rta bo‘yli, ozg‘in yigit bo‘lib,
“ur tep”ni yomon ko‘rar edi. Maktabda ham o‘zini shu narsalardan uzoq tutib
yurar edi. Balki ijarada qolsa bunchalar bo‘lmas edi-yu, yotoqxonaning qonuniyati
boshqa ekan. Yotoqxonaning o‘zining “shef”i bor. Hamma unga bo‘ysunadi.
Uning bir necha yordamchilari, ya’ni, “shayka”si bor. Boshqalar esa ularga

90

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

yugurdak. Agar biror kishi shef o‘rnatgan qonuniyatga bo‘ysunmasa, o‘zidan
ko‘rsin. “Shef” u bilan o‘zi pachakilashib o‘tirmaydi, “shaykasi” uning “surobini
to‘g‘rilab qo‘yadi”.

Yotoqxonadaligining ilk kunlaridanoq yigitlar uni tanishish bahonasida
davraga taklif qilishdi. Borganida esa bir yigit bilan kuch sinashishni taklif
qilishdi. Bu Baxtiyorga yoqmadi. – Sabab, besabab urishib ketaveramanmi? – dedi
uni bola kabi kalaka qilishayotgani nafsoniyatiga tegib.

– Sabab bo‘lmasa, sabab topib beramiz, – dedi to‘rda amirdek yoyilib o‘tirgan
“shef”. U yigitga bir qaragan edi, yigit uning ko‘nglidagi gapni payqadimi,
oyog‘ini ko‘tarib, dabdurustdan Baxtiyorning og‘zi burnini qo‘shib tepib yubordi.
Baxtiyor kutilmagan zarbadan orqaga uchib ketdi va tislanib borib, boshi bilan
devorga urildi, so‘ng erga quladi. Shu atrofda o‘tirgan yigitlar moxovdan
jirkangandek burunlarini jiyirib, u qulagan joydan chetlashdilar. Baxtiyor
gandiraklab qoldi. Zarba yegan og‘zi burnidan qon oqar, qattiq urilganidan boshi
karaxtlanib qolgan edi.

– Boring shu ekan, xo‘rozchalik qilib nima qilarding? – dedi shef zarda bilan.
G‘alaba nashidasi yanada qizdirib yubordimi, urgan yigit kutilmaganda
sapchib, ikkita katta qadam tashlab, bu daf’a oyog‘ining kafti bilan Baxtiyorning
yuzini nishon oldi. Baxtiyor qattiq zarbani his qildi-yu, ...hushidan ketdi. Shu-shu,
unga “pol latta”dek munosabatda bo‘la boshlashdi. Yotoqxona foyesidan
o‘tayotgan bo‘lsa, o‘tayotgan boshqa yigitlar o‘zaro salomlashar, uni
ko‘rganlarida esa, yoki nopisanda qarab qo‘yishar, yoki mazax qilib: “Ishla qaliy,
malish” deyishar edi. Biror past ishni qilish kerak bo‘lsa yoki “shef”ga biror
xizmat kerak bo‘lib qolsa, “shesterka”lar eshikni taqillatmay bostirib kelishar,
“o‘v” deb, nima qilishi kerakligi va bu ish qay vaqtda qilib bo‘lingan bo‘lishi
kerakligini aytib chiqib ketishar edi. Baxtiyor o‘zini yigitlik g‘ururi toptalgan his
qilar, ba’zan hammasi jon jonidan o‘tib ketib, hammasini o‘zgartirgisi kelar edi.
Lekin bosh ko‘tarmoqchi bo‘lsa, bu – endi bir bola bilangina tepishish emas,
hamma “shesterka”larga to‘p bo‘lishni bildirar edi.
Shu tufayli unga o‘qish ham, shaxsiy hayot ham tatimay qoldi. Darsda o‘tirar
ekan, xayoli yotoqxonaga, u kamsitilgan va xo‘rlangan joyga ketaverar edi.
Boshqa talabalar darsni kim darsdan miriqib, kim uyqu bilan kurashib o‘tkazsa, u
tez-tez takrorlanib turadigan xo‘rlanish sahnalari bilan kurashib o‘tkazar edi.
Shaxsiy hayotga kelsa, Baxtiyorga kursdosh qiz Gulmira yoqqandek edi-yu, lekin
u bilan suhbatlashib o‘tirganida bandadagilardan biri kelib qolsa-yu, doimgidek
gapirsa nima bo‘lishini o‘ylab, yuragi orqasiga tortib ketar edi. Shu-shu muhabbati
ham qalbida armon bo‘lib qolib ketdi. Gulmira uchinchi kursni bitirganida,
sinfdoshiga turmushga chiqdi.
Dars tugagach, Baxtiyorning yotoqxonaga oyog‘i tortmas, kimdir foyeda
zerikib o‘tirgan-u, u borganidan kerakli, keraksiz ishlarini qildirib, mazax
qiladigandek tuyulardi. Shuning uchun, ko‘pincha ko‘cha sanqib, yotoqxonaga
kech tushib, ko‘pchilik uyquga ketganida qaytar, mushukdek sekin yurib, xonasiga
kirib ketar edi. Shunday damlarda, u o‘zini yanada kamsitilgan his qilar, uni shu
ahvolga solgan “banda”ga nisbatan qalbida nafrat o‘ti alangalanar edi. Oxiri
bo‘lmadi. Bu xo‘rlikka tanasi-yu, qalbi ortiq dosh bera olmay, yotoqxonadan

91

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

ijaraga chiqib ketdi. Ijarada ko‘ngli biroz taskin topgan bo‘lsa-da, bir oliygohda
o‘qigandan keyin yomonlardan to‘liq qochib qutulib bo‘larmidi?

Shef deganlari yigirma yetti yoshlardagi yigit bo‘lib, o‘qishga bir necha yil
yiqilib, keyin kirgan edi. U haqida bilgani, xotinidan uchta bolasi bilan ajralgani,
o‘qishdan tashqari yana nimadir ish bilan shug‘ullanishi edi. Shef har yili “qiz”
almashtirar edi. Yuqori kurslarda o‘z kursdoshlari Maftuna uning “malika”siga
aylanganiga Baxtiyor hayron qolgan edi. U uchun ular tamomila boshqa dunyo
tuyular edi. Shef beso‘naqayroq, gavdador, bug‘doyrang yuzidagi mo‘ylabi o‘ziga
yarashib tursa-da, chakkasidagi tig‘ yalab o‘tganidan qolgan chandiq biroz ko‘rkini
buzib turar edi. Darslarga kunora qatnaydigan yigit muomalada ham “yo‘qroq” edi.
Baxtiyorga ba’zan uning aqli joyida emasdek tuyular edi. U tezda jahllanar, juda
qo‘rs edi; uning atrofidagilar undan zir titrab turishar edi. Maftuna esa baland
bo‘yli, qaddi qomati kelishgan, biroz o‘ychan ko‘zlari mehr bilan qaraydigan
jozibador qiz edi. Shu bilan birga Maftuna o‘qishda ham ilg‘or, juda xushmuomala
qiz edi. Baxtiyor uchun ularning birligi-bir sahifaning oq va qora tomoni kabi edi.
Baxtiyor orqavarotdan shef Maftunani u bilan yurishga majbur qilayotganini
eshitgan, lekin buning nechog‘lik rost ekanligi unga mavhum edi. Chunki
Maftunaning shefga ta’siri juda kuchli bo‘lib, bolalar shef bilan o‘zlari hal qila
olmayotgan masalalarni Maftuna orqali hal qila boshlashgan edi. Boshqa jihatdan,
ularning munosabatlarida ishqiy hissiyotlar sezilmas, chetdan qaraganda ular qalin
do‘stdek tuyulardi.

...Uning oltinlarga teng talabalik yillari shunday azobli kechinmalar bilan
o‘tdi. Uzoq kutilgan bitirish imtihoni ortda qolib, diplom olish baxtiga erishishdi.
Hamma xursand, hamma shodiyonani “yuvgan”.

Shu kuni necha yillar aro Baxtiyor ilk bora o‘z yotoqxonasiga yo‘l oldi. Bu
yotoqxona to‘rt qavatli bino bo‘lib, unga bino o‘rtasidagi katta eshikdan kirilar edi.
Kirishda foye, so‘ngra ikki tomonga qarab ketgan koridor bor edi. Koridor
o‘rtasida yuqori qavatlarga olib chiquvchi zinapoya, koridor hududida esa o‘ng
tomonda umumiy oshxona, chap tomonda hammom bor edi. Butun korridor
bo‘ylab, xonalarga olib kiruvchi eshiklar bor edi. Xonalar ikki, uch, to‘rt kishilik
bo‘lib, shunga yarasha krovat, shkaf, stol va stullarga ega edi. Xona to‘rida deraza,
balkonga olib chiqadigan eshik bo‘lib, bu balkon qo‘shni xona balkoni bilan tutash
edi.

Baxtiyor zinapoyalardan asta-sekin, lekin dadil qadam tashlab, unga yaxshi
tanish xona tomon yo‘l oldi. Ilk bora u o‘zida uyalish, o‘z-o‘zidan jirkanishni his
qilmas edi. U o‘zini qandaydir ozod his qildi. Unga bu ozodlik yoqdi. Unga kerakli
eshikka yaqinlashib, uni sekingina chertdi. Ichkaridan “kiravering” degan
shirakayf ovoz eshitildi. Baxtiyor eshikni ochib ichkari kirdi. U yerda “shef”, uni
tepgan bola, shefning “qiz”i to‘kis dasturxon atrofida maishat qilib o‘tirishar edi.
Shef va uni tepgan bola, o‘sha kundan keyin qandaydir qalin, orasidan qil o‘tmas
bo‘lib qolishgan, hozir ham qadrdonlardek diplom olganlarini birga yuvishar edi.

– Sen bu yerda nima qilyapsan-a? – dedi qo‘qqisdan Baxtiyor qizga achinib
qarab.

O‘tirganlar unga uning gapidan ham, turishidan ham hayron qarashdi.
Baxtiyor ko‘p kuttirib o‘tirmadi. Cho‘ntagidan xanjar chiqarib, shartta shefning

92

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

yuragiga sanchdi, boshqalar o‘zlariga kelib ulgurmasidan pichoqni chiqarib,
qachonlardir uni tepgan yigitni shart bo‘g‘izlab, shakar tomirini kesib yubordi.
So‘yilgan yigit ko‘zlarida dahshat aks etib, bir lahza unga qarab turgandek
bo‘ldi-yu, tap etib erga quladi. Shef yaralangan ko‘ksini hovuchlab, bor ovozi bilan
o‘kirib, balkon sari yugurdi. Ishni imi-jimida bitirib, birov hidini sezmasidan
qochib qolishni rejalashtirgan Baxtiyor uning ortidan quvib yetib, qo‘shni xona
balkonining eshigi tagida uni gum qilib qaytdi. Uning taqdiri hal bo‘lganidan
ko‘ngli to‘q Baxtiyor shoshilib, dahshatdan qotib qolgan qiz tomon yo‘naldi.

Qiz o‘rnidan turib, orqaga tislana boshladi. Uning qo‘rquvdan tili kalimaga
kelmas, Baxtiyor esa u tomon bostirib borar edi.

Qiz orqa bilan yurib, devorga taqalab qolganini his qildi va hayot qissasining
so‘nggi lahzalari bitilayotganini anglab, ko‘nglidagi gapni aytib olgisi keldi:

– Bunchalar vahshiyligingizni bilmagan ekanman!
– Xo‘rozchang meni shunaqa qildi! – dedi Baxtiyor zaharxanda qilib.
– Sizning unday bo‘lmaslikka imkoningiz bor edi! Bu ishingiz bilan nimaga
erishdingiz? Umringiz qamoqda chiriydi!
– Za to, barcha xo‘rligim uchun o‘chimni oldim! Endi oyog‘imni cho‘zib
yota olaman!
– Nima berdi sizga bu o‘ch? Qayerda oyog‘ingizni cho‘zib yotasiz?
Qamoqxonadami? Odamni birovning yovuzligi emas, o‘z yovuzligi odamlar
qatoridan chiqaradi. Ular o‘z qilmishi uchun, siz o‘z qilmishingiz uchun javob
berasiz. Bandaga hakamlik huquqi berilgan emas!
– Nima qilishim kerak edi? Qo‘rqoqdek bo‘yin egib yurishim kerakmidi?
– U hayotida razborkalardan boshqa narsani ko‘rmagan. Bundaylar bilan
tenglashmaslik, qilmishlarini Xudoga tashlab, o‘zini qasosdan tiyish – qo‘rqoqlik
emas, donolik!
Balki boshqa vaqt, boshqa vaziyatda suhbatlashganlarida, Baxtiyor uning
so‘zlarini eshitar, tushunar, gapiga qo‘shilar edi. Lekin hozir, qasos aql ko‘zini ko‘r
qilib qo‘yganida, yillar davomida rejalashtirgan ishini amalga oshirib bo‘lganida,
militsiya kelib qolishidan qo‘rqqqanidan o‘z yurak urishini eshitib turganida,
tezroq ishini bitirib, qochib qolishga shaylanayotganida – u quloq solishga qodir
emas edi.
– Sen bu yerda bo‘lishing kerak emas edi! – dedi qizga aybini e’lon
qilgandek va uni xanjar bilan devorga qoqib, xonadan yugurib chiqib ketdi. U
guvoh bo‘lmasligi uchungina Maftunaga qo‘l ko‘tardi-yu, birdan ongiga: – Baribir
kimdir ko‘rgan bo‘lsa-chi? – degan fikr urildi, – Agar birov ko‘rgan bo‘lsa, bir
bechora qizning juvonmarg ketgani qoladimi? Nima uchun ham aynan shu kuni
shu yerga kelibdi-a?
U koridorga chiqar ekan, hech kim yo‘qligini ko‘rib, zina tomon yugurdi.
Zinadan chiqib kelayotgan qizlar, unga shubhali nazar tashlagandek tuyuldi. U
pastga otildi, qizlar shoshib chetlandilar. Zinalarni ikkitalab hatlab tushib, birinchi
qavatga tushganda, tez, lekin bir maromda qadam tashlab, ko‘cha eshik tomon
intildi. U o‘zini xotirjam tutishga harakat qilsa ham, yuragi qinidan chiqqudek
bo‘lib, unga o‘zi ham, bor vujudi ham titrayotgandek tuyular edi. Biror joni qon
bo‘lmaganmikin? U buni ham bilmasdi, bilishga hozir fursat ham yo‘q edi. Foyeda

93

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

o‘tib qaytayotgan odamlar unga diqqat bilan tikilayotgandek, lekin hadiksirab
yaqinlashmayotgandek tuyular edi. U o‘zini shu lahzada hammada qo‘rquv
uyg‘otuvchi sherdek his qildi. Kichik jussasi ustidan kuch sizib chiqib, bor vujudi
yana bir qavat tana bilan qoplangandek tuyuldi. Lekin bu masrurlik unga tatimadi.
Qasosini amalga oshirish jarayonida bir begunohning ham qoni to‘kilgani xayoli
uni tark etmas edi. Boz ustiga, ularni balkonda quvishishayotganini kimdir
ko‘rgan, kimdir eshitgan bo‘lishi mumkin. Hozir militsiya keladi. Hozir uning
izidan tushishadi. Uni tutib olishadi. Uni qiynashadi. Uni jazolashadi. Bu o‘ylar
quyuni miyasiga urilib, bor vujudi titrab ketdi. Endi borlig‘ini o‘zgacha qo‘rquv:
o‘z hayoti, kelajagi uchun qo‘rquv qamrab oldi. Qancha tez yurishga harakat
qilmasin, bo‘shashgan oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmas, unga bir joyda turgandek
tuyular edi. Bir amallab, yotoqxona hovlisidan ko‘chaga chiqib, o‘tib ketayotgan
taksini tezda to‘xtatdi. U mashinaga minib ulgurmasdan militsiya mashinasi
sirenasi ovozi eshitildi. Uning hozir yagona orzusi bu joydan iloji boricha tezroq
qochib qolish, militsiyaning temir qo‘liga tushmaslik edi.

Mashinada avtovokzal tomon elib borar ekan, birdaniga yuragi tinchlikni
qo‘msadi. Qani edi, odatiy hayotga qaytsa. Lekin bu voqeadan so‘ng uning qismati
tubdan o‘zgargani, endi ortga yo‘l yo‘qligini his qilib turar edi. Uning qulog‘ida
qurbon qizning ovozi jarangladi. “U hayotida razborkalardan boshqa narsani
ko‘rmagan. Bundaylar bilan tenglashmaslik, qilmishlarini Xudoga tashlab, o‘zini
qasosdan tiyish-qo‘rqoqlik emas, donolik!” Baxtiyorning ongida birinchi jumla
qayta jarangladi: “U hayotida razborkalardan boshqa narsani ko‘rmagan!...”
To‘xta?! Nega bunday dedi? Uni ham og‘ir hayot shunday bo‘lishga majrub qilgan
demoqchi bo‘ldimi? Lekin uni zo‘ravonlar ezishgan bo‘lsa, o‘zi ezmasligi mumkin
edi-ku? Nima? Men-chi? O‘zim-chi? Meni ezishdi, men ezmasam bo‘lmasmidi?
Shefning o‘tmishini, hayotini Maftuna qayerdan biladi? Balki uning o‘zi aytib
bergandir? Balki Maftuna unga zo‘ravonlik dunyosidan chiqib, normal hayotni
boshlash uchun ko‘prik bo‘lmoqchi bo‘lgandir? Axir, haqiqatdan ham, Maftuna
bilan yura boshlaganidan so‘ng, shef biroz yumshagandek tuyulgan edi-ku?
To‘xta?! Bir kuni Maftunaga ko‘pdan buyon oshiq bo‘lib yurgan bir kursdoshi shef
bilan munosabatlarini ta’na qilganida u: – Bir kishini yovuzlikdan qutqarsang,
dunyoni qutqargan bo‘lasan, – degan emasmidi? O‘shanda Baxtiyor o‘zicha: –
Nimalar deyapti bu? – deb so‘ziga ahamiyat bermay ketgan edi. Demak... Baxtiyor
birdan ingrab yubordi.

Birdaniga uning ko‘nglida Maftunaning so‘nggi so‘zlari uning vaziyatida
qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yagona beozor yo‘l bo‘lib tuyuldi. Agar Shunday
qilganida, hammasi ortda qolar edi. Mana, oliygohni tugatdi. Uyiga qaytib ketar
edi. Bu bo‘lgan voqealar talabalikning boshqa achchiq shirin kechinmalari bilan
ortda qolar edi. U hayotini boshqatdan boshlar edi. Bilagiga kuch yig‘ishga
kechroq bo‘lsa ham, bilimini peshlab, oldda bo‘lishga harakat qilar edi. Oila qurib,
bolasining ham bilagini, ham aqlini chiniqtirar edi. – Oldinroq qayerda eding,
Maftuna? – dedi birdan ko‘nglida o‘kinch bilan. – Nega shuncha yillar davomida
menga tayinli maslahat beradigan birgina kishi hayotimda uchramadi?

Endi esa kech edi. Endi ...hammasi tugadi. U shuncha yil qasos o‘tida qovrilib
yashab, vijdon ovozini unutib qo‘ygan ekan. Mana endi, vijdoni birdaniga

94

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

uyg‘onib ketib, g‘ingshib yig‘lashni boshlagan bolakaydek, ingrashni boshladi.
Uning ko‘z o‘ngidan jonsiz qotgan Maftunaning surati ketmas, ichidan kimdir:
“Uning aybi nima edi?” degandek bo‘lar edi. Baxtiyorning qattiq qisib olgan
ko‘zlaridan tirqirab ko‘z yosh oqib ketdi: – Nima qilib qo‘ydim o‘zi? Bechora qiz.
Kimningdir qizi, kimningdir opa yoki singlisi. Afsus, endi hech kimning yori, hech
kimning onasi bo‘la olmaydi. Men... mening mana shu qo‘llarim tufayli...”
Baxtiyor qo‘llarini musht tugib, mushtini peshonasiga bosdi. Chuqur uh tortdi.
Yuragi siqilib ketdi. O‘zini dunyolarga sig‘mayotgandek his qildi. – U haq, – der
edi u qizning so‘zini eslab, – mening o‘shalardan nima farqim bor? Men ham
zaifning himoyasizligidan foydalanib, unga zarba berdim. Zarba ham gapmi? Uni
hayotdan mahrum qildim. Men odam o‘ldirdim. Men... men... qotilman...”
Baxtiyorning nima qilib qo‘ygani unga endi ayon bo‘layotgandek edi.

– Yo‘q, yo‘q! – dedi u o‘z-o‘ziga asabiy ravishda, – bo‘lishi mumkin emas!
Men bunga qodir emasman! Men axir, hayotimda chumchuq so‘ygan emasman!
Lekin u yerdagi murdalar? Nahot odamzodning jon taslim qilishi shunchalar oson
bo‘lsa? “Dunyoni tutib turibman”, degan xayolda yuradi-yu, joni omonat narsa
ekan-ku! O‘lish, o‘ldirish nahotki shunchalik oson bo‘lsa? Yo‘q! Bu yomon tush!
shunchaki, yomon tush! Men uyg‘onaman va hammasi ortda qoladi”. Qani edi bu
shunchaki yomon tush bo‘lsa!...

SUDXO‘R

Halimboyni shaharda tanimaydigan odam yo‘q. Shahar darvozasidan kirib,
“Shu kishinikiga borishim kerak” desangiz bas, uchragan yo‘lovchi hovlisini
ko‘rsatib qo‘yadi. Qo‘sha-qo‘sha hovlilari, mashinalari bo‘lgan Halimboy akaning
shaxsiy restorani, bozorda bir necha rastalari bo‘lsa ham, asosiy daromadi
sudxo‘rlikdan deyishadi. Uch qizning ortidan tug‘ilgan yagona o‘g‘il Azizjon
otasining bor mulkining merosxo‘ri ekanligi uchunmi yoki o‘zi ham ko‘zga yaqin
xushsurat, qomati kelishgan yigit bo‘lib ulg‘aygani uchunmi, maktabni bitirar
bitirmas ko‘plar unga qizini beradigan bo‘ldi. Halimboy aka qarasa, ish chatoqroq.
Bir ikki qarindoshi agar qizini kelin qilmasa undan xafa bo‘lib, yuz ko‘rmas bo‘lib
ketadigan kayfiyatda. Shu uchun, yana, har holda, yagona o‘g‘il, biror kasofat
bo‘lmasidan tezda o‘g‘lini uylaydigan bo‘ldi.

O‘g‘il uylash tashvishlari Halimboy akani beixtiyor o‘z o‘smirlik yillari
xotirasiga boshladi. U ham yolg‘iz bo‘lib, maktabni bitirar-bitirmas uylab
qo‘yishgan edi. O‘shanda Halim qarasa, masala jiddiy. Agar bu masalaga o‘zi ham
aralashmasa, uning taqdirini usiz hal qilib qo‘yishadi. Keyin yuraveradi, dilida:
“Ko‘nglimda bir yor...” deb arzini kuylab. Lekin uylanish haqida o‘ylasa kulgisi
keladi. “Qanaqasiga uylanadi u?” Hali o‘qishga kirish imtihonlariga tuzuk
tayyorlangani yo‘g‘-u? Agar hozir uylansa, keyin o‘qishda birortasini sevib
qolsa-chi? Lekin uydagilar allaqachon to‘y taraddudini boshlab yuborishgan. Ana,
tunov kuni oyisi: “O‘g‘lim, biror ko‘z tagiga olib qo‘yganing bormi? Bo‘lsa ayt,
bo‘lmasa o‘zimiz topamiz” deb qoldilar. To‘y haqida orqavarotdan eshitib yursang
boshqa-yu, oying birdan o‘zingdan so‘rasa boshqacha ekan. Yigit kishi bo‘lsa ham
tanasi vijirlab ketgandek bo‘ldi. “Qo‘ysangiz-chi” deb turib ketganini bilmay

95

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

qoldi. Qizlarga telefonda dadil hazil-huzil qilib yuradigan yigit oyisiga kelganda
tortindi. Qaydam, dabdurustdan so‘raganlarida shunday bo‘ldimi?

Keyin xonasiga kirib obdon o‘ylab ko‘rdi. Mahallada ham, sinfida ham,
qarindoshlarda ham yigitlardan qizlar ko‘p. Lekin “cho‘michga ilinadigani bormi?”
Hamma qizlar yaxshi -yu, ko‘rganingda diling “jiz-z” etmasa qanday qilib
uylanasan odam? “Agar hozir uylansam, keyin birovni sevib qolsam-chi?” Halimni
shu savol qiynay boshladi. Shu istihola bilan ishni paysalga solib yurganida,
birdaniga... baxti oyog‘ining ostidan chiqib qoldi.

– Qalaysan oshna? – dedi bir kuni uyiga qaytayotganida ko‘chada turgan bir
yigit.

Aziz unga qarab qo‘lini uzatdi. Qo‘l ko‘rish qilishgach, yigit so‘rab qoldi: –
Shu ko‘chada, anavi hovlida Ozoda degan qiz turadi, taniysanmi?

– Ha, – dedi Halim o‘zidan bir yil oldin maktabni tugatib ketgan qo‘shni
qizni eslab.

– Shunga shuni berib qo‘ya olasanmi? – o‘tindi yigit konvertga solingan xat
uzatib, – meni ko‘rsa o‘zini olib qochyapti. Juda zarur.

– Xo‘p, – dedi Halim buni qanday amalga oshirishini o‘ylab ham
ko‘rmasdan.

Yigit: – Rahmat og‘ayni, – deb xatni tashlab, og‘ir yukdan qutulgandek
xursand bo‘lib juftakni rostladi.

Halim esa xatni olib yo‘lida davom etdi-yu, Ozodalarning uyiga
yaqinlashganida, qanday berishni o‘ylab bir zum to‘xtab qoldi. U hech qachon
qo‘shninikiga, boz ustiga, Ozodani so‘rab kelmagan. Uyidagilar nima deydi? U
ularga nima deydi? “Qizingizga bir bola xat tashlab ketdi” deydimi?

Keyin o‘zicha “ko‘chaga biror ish bilan chiqqanida ko‘rib qolsam, berib
qo‘yarman”, deb uyi tomon ravona bo‘ldi.

Hovlilarining ikkinchi qavatidagi ichma-ich qurilgan ikki xona uniki edi.
Dahlizga kirib, xatni o‘ng qo‘ldagi tryumo ustiga qo‘ydi-da, kiyimlarini
almashtirdi. Tushlik qilgani chiqayotib, tryumo ustidagi xatga ko‘z tashladi. Xat
ko‘ziga olovdek ko‘rindi. U hayotida hech kimga xat yozmagan edi. Buning sevgi
xati ekanligi aniq. Nima deb yozgan ekan-a? Aziz “ey-y”, deb qo‘l siltab
xonasidan chiqib ketdi. Tushlik qilib bo‘lgach, issiq elitib, ozroq mizg‘ib olgisi
keldi. Xonasiga qaytib kelganida ko‘zi yana xatga tushdi. O‘z qiziqqonligidan
uyaldi. Ichki xonaga kirib o‘zini yumshoq to‘shakka tashladi. Har kuni boshi
yostiqqa tegishidan uxlab qoladigan yigitning bugun nima uchundir uyqusi qochdi.
Miyasida bir fikr aylanar edi: “Xatda nima deb yozilgan? Sevgi xati qanaqa
bo‘larkin?” Birovning xatini o‘qish ayb bo‘lsa ham, shart o‘rnidan turib, borib
xatni qo‘liga oldi. Uni avaylab ochib o‘qiy boshladi va o‘qigani sari chanqog‘i
bosilgandek ko‘ngli qoniqa boshladi: “Salom Ozodaxon. Men sizni bir ko‘rishdan
sevib qoldim. O‘sha sizni ko‘rgan kunimdan buyon kechalari uxlay olmayman.
Go‘zal ko‘zlaringiz ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Men sizga sovchi
yubormoqchiman. Iltimos, ularni qaytarib yubormang”. Xatning ostida yana
qandaydir she’r ham yozilgan edi. Xatni o‘qib chiqib, Halim hayron qoldi. “Go‘zal
ko‘zlaringiz. Qanaqa go‘zal ko‘zlar? Oddiy qiz-ku?!” Keyin, bu xatni tez berib
qo‘yish kerak shekilli degan qarorga kelib, bir ko‘cha mo‘ralagani ketdi. Ketar

96

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

ekan, birdan kulgisi qistadi. O‘zi uchun qizning yo‘lini poylamay, birov uchun
poylagani chiqsa? Kunning jazirama issig‘ida ko‘cha bo‘m-bo‘sh, daraxtlarning
qovjiragan barglari shalpaygan, ulardan tushib turgan mo‘jazgina soyachada daydi
it tilini osiltirib, chuqur-chuqur nafas olib, qo‘nim topib o‘tirar edi.

Aziz uyiga qaytib kirib, qizlar suv sepib, ko‘chani supuradigan mahali chiqdi.
U o‘ylaganidek, Ozoda darvozaxonalariga suv sepib supurar edi. Halim unga dadil
yaqinlashib: – Ozoda opa, – dedi. Ozodaning ota-onasi juda jiddiy odam
bo‘lganliklari uchun u bolaligidan deyarli ko‘cha bolalari bilan birga o‘ynamagan,
shu uchun Salim hech qachon u bilan suhbatlashgan ham emas edi. Shu uchunmi,
balki hayotida ilk bora uning ismini tiliga olayotganidan, unga murojaat
qilayotganidan o‘zini noqulay his qildi. Ozoda yalt etib unga qaradi. “Sizga xat”,
dedi Aziz unga xatni uzatib.

Ozoda supurgisini erga qo‘yib xatni qo‘liga oldi, xatning betiga qaradi-yu,
Azizning ko‘z o‘ngida burda – burda qilib, darvozaxona yonidan jildirab
oqayotgan ariqqa tashlab yubordi. – Qoyil-e, – hayron qoldi Halim, – hatto nima
deb yozilganiga qiziqmadiyam-e. Men esa ochib o‘qimagunimcha o‘zimni
qo‘yishga joy topa olmay o‘tiribman. Azizning yuziga beixtiyor tabassum yugurdi.
Ozoda esa yana supurgisini olib ishida davom etdi.

– Ko‘rib qolsam nima deb qo‘yay? – dedi Halim biror javob olish ilinjida.
– Sariq pishakka tegmaskan de! – dedi Ozoda zarda qilib.
Shu topda Halimning ko‘zlari Ozodaning ko‘zlariga tushdi. Haqiqatdan ham
ko‘zlari juda chiroyli ekan. Xuddi ohunikidek. Nafaqat ko‘zlari, qora ingichka
qoshlari, bejirim burni-yu, lablari oppoq yuziga shunday yarashganki, nozik nihol
qomati-chi?
Halimning tikilib qolganidan o‘ng‘aysizlanib, Ozoda ko‘zlarini olib qochdi,
keyin yumshoqroq ohangda dedi: – Kechirasan, ko‘pdan buyon yo‘limni poylab
achchig‘imni chiqarib yuribdi. Shu uchun shunaqa deb yubordim. Shunchaki, men
uni yoqtirmayman, unga turmushga chiqmoqchi emasman.
– Menga-chi, menga turmushga chiqasizmi? – dedi Halim dabdurustdan.
So‘ng og‘zidan nima chiqib ketganini anglab, tilini tishlab qoldi.
– Qoch-e, – dedi Ozoda yana achchiqlanib va shirt-shirt qilib supurishda
davom etdi.
Halim go‘yo mast bo‘lgandek unga jilmayib tikilib turdi-da uyi tomon yo‘l
oldi. Uni qarama-qarshi hislar qamrab olgan edi. Bir tomondan ajib bir hurliqoni
ko‘rgandek boshi aylansa, boshqa tomondan qilgan ishi uchun vijdoni fosh qilishni
boshlagan edi. Albatta, unga birinchi hislar xush yoqayotgan, ikkinchisiga esa
e’tibor bergisi kelmas edi. Lekin vijdoni xira pashshadek g‘ingshib tinch qo‘ymas
edi. Axiyri Halim uni bir yoqlik qilish uchun vijdoniga quloq solishga qaror qildi:
“Bir kunda ikkita noto‘g‘ri ish qilding, – degandek bo‘ldi vijdoni, – birinchidan,
birovning xatini ochib, o‘qiding. Ikkinchidan, birov sovchi qilib yuborgan qizga
o‘zingni tiqishtirding”. “Birinchisini tan olaman, – dedi Halim biroz o‘ylab turib, –
haqiqatdan yomon ish. Bunday qiziqqonlikni tashlash kerak. Boshqa birovning
xatini o‘qimaslikka qaror qilaman”. “Yaxshi , – degandek bo‘ldi vijdoni, –
ikkinchisi-chi?” “Qiz ko‘nglidagisini birdan bayon qildi. Sevmasligini,
tegmasligini aniq aytdi. Agar ozroq bo‘lsa ham u yigitga qayishganida, men unga

97

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

e’tibor ham bermagan bo‘lar edim. U shart kesgani uchun... undan keyin, nima
deganimni o‘zim bilmay qoldim. Menimcha ko‘nglim yoqtirib qoldi-yu, aqlim
shoshib qoldi”. “Yo‘q, agar qizning unga mayli borligini ko‘rsang ham shunday
qilgan bo‘lar eding!” – ayblashda davom etdi vijdoni. “Unda, ularning ishi
bitishini kutaylik, – dedi Halim, haqligini isbotlamoqchi bo‘lib, – to ularning ishi
hal bo‘lmagunicha men u haqida o‘ylamayman ham, chora ham ko‘rmayman”.
“Qo‘lingdan kelmaydigan narsaga va’da berma, – degandek bo‘ldi ko‘ngli”. “Xo‘p
mayli, to ularning ishi hal bo‘lgunicha men hech nima qilmayman"...

Halimning shu kundan boshlab tinchligi yo‘qoldi. U hech qachon o‘zimdan
bir yosh katta qizni sevib qolaman deb o‘ylamagan edi. Lekin Ozodani
sevmaslikning iloji yo‘q edi. Kamdan kam qizlarda uchraydigan malohat bor edi
bu qizda. Sutda chayilgandek oppoq yuzida bitta ham dog‘i yo‘q. Cho‘ziqroqdan
kelgan yuzidagi sermijja ko‘zlari, gilos rangidagi bejirim lablari shunday
maftunkorki. Ismi-chi? Ozoda. Ismi jismiga monand. Did bilan tikilgan, nozik
qomatiga yanada nafosat baxsh etgan kiyimlari o‘ziga biram yarashadiki.

Ozoda Halimga barkamollik timsoli bo‘lib ko‘rina boshladi. Qulog‘ingni ding
qilib tursang, qo‘shninikida pashsha uchsa eshitarkansan kishi. Shu-shu Halim
Ozodalarnikiga kelib ketayotgan hamma sovchilardan xabardor bo‘la boshladi. Har
sovchi kelganida, xuddi ota-onasi uni erga berayotgandek, yuragini hovuchlab
turadi, rad javobini berishgach, ko‘ngli biroz taskin topadi. “Nahot sevib qolgan
bo‘lsam? – deydi o‘ziga o‘zi. – Yo‘g‘-e, mendan bir yosh kattalar-ku! Unda nega
hammadan qizg‘onyapman? Birovga turmushga chiqib ketsa chiday olamanmi? E,
nafasimni shamol uchirsin! Demak, sevib qolganman, xulosa qildi u. – Lekin
ota-onam nima deydilar? Uning ota-onasi-chi? Uning o‘zi-chi? Ie, sensirashga
o‘tibmanmi?” Halim dadillik qilib “dardini” ota-onasiga aytdi-yu, ularning
javobini kutib xonasida yotib oldi. Ota-onasi u tomoni, bu tomonini o‘ylab ko‘rib,
rozi bo‘lishdi. “Bir yosh teng yosh, til topishib ketishadi”...

Ozodalarning oilasi Halimlarniki qadar bo‘lmasa-da, o‘ziga to‘q,
boy-badavlat oila edi. Buning ustiga Ozoda ham husnda, ham odobda ajralib
turadigan qiz bo‘lgani uchun eshiklaridan sovchi arimas, opasi tez turmushga
chiqib, ham o‘qish, ham oila bilan qiynalib qolgani uchun Ozodani o‘qishga
qo‘yib, o‘qishi yengillamagunicha turmushga bermaslikka qaror qilgan edilar.
Lekin kimsan Quvondiqboy akaga yo‘q deb bo‘ladimi?

Shu-shu, endi Ozoda o‘zini Halimdan ham olib qochadigan bo‘ldi, shu uchun
Halim Ozodaning ko‘nglini bila olmadi. “O‘zi rozi bo‘ldimikin, yoki ota-onasi
majbur qildimikin?” Fotiha to‘yi o‘tib, katta to‘y ham yaqinlashib qoldi. Bir kuni
yoshlarni ZAGSga ariza tashlashga yuborishdi. Halim ich-ichidan quvonib ketdi.
“Mana endi unga to‘yib-to‘yib qarab olaman. Yaxshi hamki ariza tashlagani,
kelinning o‘rniga boshqa odam bora olmaydi, bo‘lmasa, bu xonimni faqat to‘y
kuni ko‘rish nasib qilar edimi?...”

Halim oppoq ko‘ylak, qora shimini kiyib Ozodani ZAGS binosi yonida
ertalabdan kutib turdi. Mavridi bo‘lmasa ham, baribir Ozodaga o‘zi kabi chiroyli
g‘unchalardan yasalgan guldasta oldi. Ana, bir qiz daraxt soyalari bo‘ylab unga
qarab kelyapti. Qomati, yurishiga qaraganda Ozoda. Havo rang, uzun ko‘ylagi
qomatiga shunday yarashganki... Ozodaning ham unga ko‘zi tushib yerga qaradi.

98

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

To‘xtagandek bo‘ldi-yu, keyin sekin-sekin qadam tashlab, unga yaqinlashdi. Halim
o‘zini qancha dadil tutishga harakat qilmasin, yuragi dukillab urib, oyog‘i
bo‘shashar, o‘ziga nima bo‘layotganini anglay olmay xijolat bo‘lar edi.
Ko‘rinishidan Ozoda ham o‘zini shunday o‘ng‘aysiz his qilar, yonoqlari biroz
qizargan edi.

– Salom, – dedi Halim, bir amallab hushini yig‘ib.
– Salom, – dedi Ozoda ham eshitilar eshitilmas.
– Bu sizga, – dedi Halim guldastani uzatib.
– Shart emasdi, – dedi Ozoda guldastani olib ilgari qadam tashlar ekan.
Halim tushunolmadi. “Ovozi qanday chiqdi? Achchiqlangandekmi yoki
nozlangandekmi?” U ajrata olmadi. Lekin baribir ovozi yoqdi. Unga hozir hamma
narsa yoqayotgan edi. Shunday qizga uylanayotgani, ZAGSga borayotgani,
o‘zining ko‘rinishi, Ozodaning kiyinishi, xullas, hamma narsa...
– Bir gapim bor, – dedi ariza tashlab chiqishgach Halim Ozodaga qarab.
Ozoda savolomuz tikildi. “Shu qarashingda naqadar go‘zal ekaningni bilsang
edi” xayolidan o‘tdi Halimning.
– To‘ydan keyin siz meni siz, men esa sizni sen deb chaqiraman.
Ozoda lablarini qimtib jilmayib, ko‘zlarini olib qochdi. Shu lahzada “kim
uyda xo‘jayin” bo‘lishi hal qilinayotganini ikkalovlari ham sezib turishardi...
Sog‘inch azoblari ortda qolib, shirin tashvishli oilaviy hayot boshlandi. Katta
hovlini qiyqirig‘i bilan to‘ldirib, birin-ketin Ozodaning o‘zidek chiroyli farzandlar
dunyoga kela boshladi. Omadi bor ekan, Ozoda ko‘nglidagidek xotin chiqdi.
Ortiqcha gap-so‘zga, g‘iybatga xushi yo‘q. Uncha-muncha narsaga qiziqmaydi,
“olib bering” deb xarxasha qilmaydi. Unga oilasi tinch, bolalarning qorni to‘q, egni
but bo‘lsa bo‘ldi. Eriga mehribon, bolalarga parvona. Yosh o‘tgan sayin, yildan
yilga ko‘ngillari tobora mehr rishtalari bilan bog‘lanaverganidanmi yoki aslida
ham yillar o‘tib malohatini yo‘qotmaganidanmi, Ozoda ko‘ziga yanada go‘zalroq
ko‘rinadi. Ana mana deb, bolalar birin-ketin bo‘y etib, ularni uyli-joyli qilish vaqti
yetib qolibdi. O‘zi sevib uylangani, oilasidan mamnunligi tufayli Halimboy aka
o‘g‘liga ham o‘ylab ko‘rib, ko‘nglidagisini o‘zi aytishiga imkon berdi. O‘g‘li
ko‘nglining malikasini tanlagach esa to‘yni boshlab yuborishdi.
Shaharda bo‘lmagan to‘y bo‘ldi. Yulduz san’atkorlar navbatma-navbat
davrani qizdirishdi, tog‘ora -tog‘ora yegulik, kiyim boshlar quda-anda orasida
borib keldi...
Keyin bu hovli bag‘rida yangi juftning baxtli hayoti boshlandi. Kenjatoyini
uylab olgan Halimboy: – Mana endi bemalol oyoq uzatib yotsam bo‘ladi, – deb
ko‘ngli tinchidi. Butun yoshligi ish, oilam, bolam-chaqam deb yugur-yugurda
o‘tdi. Bunday qarasa, o‘ziga hech qaramabdi. Xotini ham kamsuqumda, biror
marta “u erga olib boring, bu erga olib boring” demabdi. Anchadan buyon negadir
beli og‘riydigan bo‘lib qoldi. Endi xotini bilan bir kurort-murort degandek,
sanatoriy degan joylarga borib, dam olib kelsa bo‘ladi. Faqat ishini nima qilsa?
Bozordan xabardor bo‘lib turish kerak, restoranga ham birrov qarab turmasa
bo‘lmaydi. Ha, bularning hammasini o‘g‘liga topshirsa bo‘ladi. Tibbiyot institutida
o‘qisa ham, tijoratchilik qonida bor. Uddalab ketadi. Albatta, Halimboy o‘g‘lini
o‘zining izidan borib, ishini davom ettirishini istagan edi-yu, o‘qish zarar qilmaydi.

99

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Har holda, o‘qigan odamning dunyoqarashi, yurish-turishi boshqacha bo‘ladi.
Shuning uchun unchalik moyli soha bo‘lmasa ham, o‘zi qiziqqani uchun o‘g‘lini
Tibbiyot institutiga joylab qo‘ydi. Pul masalasiga kelsa, uning topgani etti pushtiga
etadi. Kimga qoladi shuncha boylik? Shu yagona o‘g‘ilga-da.

Bir maromda kechayotgan kunlar birin-ketin tug‘ilayotgan nabiralar quvonchi
bilan hayotini bezay boshladi. O‘g‘li ham, kelini ham mehribon chiqdi.
“Mevasidan danagi shirin” deganlaridek, nabiralarining har biri o‘zgacha quvonch.
Hammasi yaxshi edi-yu, keyingi kunlarda nima uchundir o‘g‘li Azizning ko‘ngli
g‘ash. Hammasi shu Gulnora opa tufayli. Gulnora opa ikki ko‘cha narida turadigan
ayol. Bu ayolning to‘rtta farzandi, nogiron eri bor. Bir necha kundan buyon
qandaydir biznes ochmoqchiligini aytib, Azizning dadasining oldiga foizga pul
berib turishlarini so‘rab kelmoqda. Mana hozir ham uyiga kelayotib, Aziz ostonada
Gulnora opani ko‘rdi-yu, kayfiyati buzildi. Ayol bilan ham salomlashib, ham
xayrlashgach, to‘g‘ri otasi o‘tirgan xonaga bordi.

– Assalomu alaykum, dada, – dedi u.
– Vaalaykum assalom, kel o‘g‘lim, – dedi dasturxon to‘rida o‘tirgan dadasi.
Halimboy aka gavdador kishi bo‘lib, anchadan buyon qorin qo‘ygan, shuning
uchun juda salobatli ko‘rinardi.
– Men sizga keyin to‘lay olmaydiganlarga foizga pul bermang degan
edim-ku! – dedi Aziz biroz ranjigan ohang bilan.
– Yalinib kelsa nima qilay, o‘g‘lim? – dedi Halimboy aka.
Aziz qo‘li bilan peshonasini silab, sochini tepaga ko‘tardi. Uning chehrasi
qayg‘uli edi: – Dada, – dedi keyin g‘amgin ovozda, – men foiz to‘lay olmay
ko‘chaga qolganlarni ko‘rganman. O‘zimning bir o‘rtog‘im, kimdandir foiz olgan
ekan. Ishi yurishmadi. Uyini garovga qo‘ygan ekan. Aytilgan kunda xotinini uchta
bolasi bilan ko‘chaga chiqarib qo‘yib, uyini qulflab olishdi. Bechora ayolni
ko‘chaga chiqarib tashlangan ko‘rpa-to‘shagi ustida o‘tirib, nima bo‘layotganini
tushunmay qo‘rqib qarab turgan bolalarini quchoqlab yig‘lashini ko‘rsangiz edi.
Men unga boshidan “qarzga biznes boshlama, bori bilan boshla” degan edim.
Odam kamdan o‘rgansa bezararligini tushuntirgan edim. Baribir olgan ekan, endi
esa azobini ham o‘zi, ham oilasi tortyapti. Yalinib kelsa ham siz o‘shani to‘lay
olmasligini bilasizku! Yo‘q deng! Hozir pulim yo‘q deng.
– Qo‘ysang-chi bolam, – dedi Halimboy aka qo‘l siltab, – odam ajratyapti
deb o‘ylaydi. Pulim borligini hamma biladi-ku! Bunday qarasa, hammaning ham
qaytarishi amrimahol. Demak, hech kimga bermaslik kerak ekan-da?
– Hech kimga bermang demayman, – dedi Aziz kuyunib, – biror biznesini
rivojlantirish uchun olayotgan bo‘lsa, shu sohada uquvi, bilimi bo‘lganlarga
beravering. Ularga ham foyda, sizga ham foyda. Lekin o‘ziga ishonib tursa ham,
ba’zilarning qaytara olmasligini o‘zingiz bilasiz-ku! Bu sohada sizning ko‘zingiz
pishib ketgan. Shundaylarga bermang deyman...
– Men berolmaydiganlardan qanday olishni juda yaxshi bilaman, – dedi
dadasi.
– Bilaman, dada, – dedi Aziz, – bilaman. Shu uchun aytayapman. Yomonlik
bilan qaytarib olguncha, yaxshisi bermang. Axir hamma narsamiz bor. Bizlarga
yana nima kerak? Yaqinda psixologiyadan “nochorlik sindromi”ni o‘tdik. Boshi

100


Click to View FlipBook Version