The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.
Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by rahmatbobojon, 2021-10-16 07:56:30

Umid g'unchalari – Gulandom Badalova

Umid g'unchalari – Gulandom Badalova

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

berk ko‘chaga kelib qolganida odamlar har narsaga qodir bo‘larkan. Odam ko‘tara
olmaydigan darajadagi qarzdorlik ham odamni shu holatga olib keladi. Odam
tushkunlikdan nima qilishini bilmay, hatto eng qabih ishlarga ham qo‘l urishi
mumkin ekan. Ba’zilar hatto o‘z jonlariga qasd qilishadi.

Qancha urinmasin, Aziz dadasi bilan bu sohada kelisha olmadi. Otasidan
muhtojlar foiz so‘rab kelganida, do‘stining ko‘chada qolgan oilasi ko‘z oldiga
kelar, “ketlaring bu yerdan” deb odamlarni quvib solgisi kelar, lekin bu otasining
uyi ekanligi uchun otasidan istihola qilar edi.

Nima uchundir keyingi kunlarda puldan ham ko‘ngli qolgan, lekin nimagaki
erishgan bo‘lsa otasining puldorligi bilan erishganini tushunar, lekin pul inson
qadridan ustunligini hazm qila olmas edi. O‘sha o‘rtog‘ining xotini bolalari bilan
ko‘chaga chiqarib tashlangan onda, uning o‘rnida ko‘ch-ko‘ronning ustida yig‘lab
o‘tirgan xotinini, uning atrofida yugurib yurgan dilbandlarini tasavvur qilib, yuragi
orqaga tortib ketgan edi. Uning oilasi, guldek bolalari hech kimga keraksiz, ko‘cha
daydi bo‘lib qolgandek tuyulgan, hozirgi savlat-izzati, bir jihatdan otasining shu
uy-joyi, boyligi tufayli ekanini yaqqol his qilgan edi. Tezda o‘rtog‘iga ijaraga uy
topishga yordamlashdi-yu, lekin ijara, o‘zingning uying bo‘la olmaydi-da. Mana,
do‘sti omadsiz edi, lekin oilasi, yaxshimi-yomonmi, o‘z uyi bor edi. Endi foizga
pul olib ish boshlaganidan so‘ng esa, uyi ham, puli ham yo‘q, lekin katta qarzi bor.
Bu foiz degani tanini bermaguningcha tug‘averar ekan. Foizi tanidan ikki barobar
ko‘p bo‘lib ketsa ham, tanini bermadingmi, yana bolalab yotaverar ekan. Albatta
bunday qullik nafrat ham tug‘diradi... Kelinning bir qarindoshi to‘y qilib
hammalari to‘yga bordilar. To‘y egalarining qistashiga qaramay: – Har holda,
hayhotdek hovli, o‘g‘ri-yu, to‘g‘ri bor. Yoshlar mayli, yotib qolsin, bizlar uyga
qaytamiz, – deb, Halimboy aka xotini bilan hovliga qaytdilar...

Ertasi kuni Aziz oilasi bilan uyiga qaytganida dahshatli manzaraning shohidi
bo‘ldi. Uyda hamma narsa tartibsiz otib tashlangan, ota-onasining tanasidagi
dog‘lar, ko‘zlarida muhrlanib qolgan dahshat ularning qiynab o‘ldirilganidan darak
berar edi. Aziz har narsani kutgan edi, lekin bunday natijani kutgan emas edi. Shu
bilan birga, ich-ichidan bu foizga qarz olib, to‘lay olmagan odamlarning qotil
yollab, qarzdan qutulish uchun ko‘rgan choralari ekanini fahmlab turar edi. Xotini
esa qo‘rquvdan yig‘lay boshlagan bolalarini qo‘lidan ushlab tashqariga tortish
bilan ovora edi. – Dadajon, – o‘kirib yubordi Aziz bor ovozi bilan, – qaytara
olmaydiganlarga pul bermang demabmidim, dadajon?!

...To‘n ustidan belbog‘ bog‘lagan, boshiga do‘ppi kiygan Aziz
darvozaxonada, devorga yaqin qo‘yilgan skameykada boshini devorga tirab,
haykaldek qotib o‘tirar edi. Yumuq ko‘zlaridan tirqirab oqayotgan yoshlarini
hisobga olmaganda, o‘zi ham jonsizdek tuyular edi. Uning kirib chiqayotganlar
bilan ishi yo‘q, shu lahzalarda kutilmagan ayriliq dog‘i o‘z domiga tortib ketgan,
ba’zan dard zo‘ridan ingrab qo‘yar, ba’zan barmoqlari bilan yuzini changallab
faryod urib yuborar, yoshi ulug‘lar kelib elkasidan tutib: “Bardam bo‘ling, mumkin
emas”, deganlarida o‘rnidan turib ketar, ichkariga kirib, devorni mushtlab yig‘lar,
biroz bo‘shashgach, qoida uchun yana chiqib darvozaxonada o‘tirar edi.
“Qirchillama yoshida ota-onasidan bir kunda ayrilgan kim bor?” deb o‘shqirgisi
kelar, yog‘dek jizg‘anak bo‘layotgan ko‘ksini mushtlab, yana xonaga kirib

101

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

ketardi...

BIR NASL FOJEASI

Ota-ona farzandlariga qoldira oladigan eng buyuk meros – tarbiyadir.
Ular birov payqab qolmasligi uchun ovloq joy tanlashdi. Shahar chetidagi,
hali o‘zlashtirilmagan yerlar adog‘idan oqib o‘tayotgan anhor bo‘yidagi
mo‘jazgina xonacha hammaga ma’qul bo‘ldi. Kelishilgan kunda bir tomondan
Rustam, boshqa tomondan ikki ayol shu xonaga ravona bo‘lishdi.
Ayollar shaharga etib kelganlarida g‘ira-shira qorong‘u tusha boshlagan edi.
Mashinadan tushib, belgilangan manzilga piyoda etib borishdi. Anhor bo‘yi
vahimali shovullar, shamol qirg‘oqdagi qamishlarning boshini ayovsiz savalab
o‘tar edi. Anhordan ellik qadamlarcha beriroqda, kimningdir “dacha”si bo‘lib,
yillar davomida qarovsizlikdan rang ro‘yi o‘chib qolgan bo‘lsa ham, ichida hamma
qulayliklar mavjud edi. Kirgandan o‘ng qo‘lda hojatxona, cho‘milish xonasi bo‘lib,
keyin bitta umumiy xona va ikkita yotoqxona, to‘rda esa oshxona bor edi.
Ayollar yaqinlashib, dacha derazasidan tushib turgan chiroq nurini ko‘rib,
bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Ayollardan biri bo‘lmish Muhayyo ildam,
boshqasi Fotima xavotirlanib qadam tashlab borar edi. Fotimaning yuragi quvonch,
hadik, qo‘rquv va yana qandaydir hislar og‘ushida siqildi. Har daf’a shunday:
Ishga qiynalib, yuz o‘lib, tirilib chiqishadi-yu, ish bitgach, yengil tortib qaytishadi.
Shunday vaqtlarda ba’zan xayollaridan: “Nima kerak shunchalar azob?” – degan
fikr keladi, har daf’a: “Shu oxirgi marta” deb chiqishadi-yu, bu oxirgining oxiri
ko‘rinmaydi...
Eshikka yaqinlashib, astagina kelishilgandek chertishdi. Eshik g‘iyqillab
ochilib, ostonada Rustam ko‘rindi. Xonadan issiq ovqatning yoqimli hidi anqib
turar edi. Xonaga kirib, xavf xatar, mavhumlik dunyosidan yashiringandek,
ayollarning qo‘rquv, hadigi biroz bosildi. Birozdan so‘ng hammalari dasturxon
qoshida hozir bo‘lishdi. Issiq ovqat ustida kelishuvlari shartini eslashdi. Qaydadir
yumshoq, qaydadir qattiq so‘zlandi. Lekin Fotimaga Rustamning avzoyi buzuqdek
tuyuldi. – O‘zi tajangroq yigit, – o‘zini yupatdi Fotima, – narxni tushirishga
harakat qilib o‘zini achchiqlangan ko‘rsatadi.
Muhayyoning ko‘ngli aynidi. U o‘rnidan turib, cho‘milish xonasi tomon
ketdi. Rustam unga ergashdi. Ularni nigohi bilan kuzatib qo‘ygan Fotimaning
ko‘ngli bezovta edi. O‘zini chalg‘itish uchun u yon, bu yonga qaradi, issiq choy
quyib ichdi, baribir bo‘lmadi, qalbidagi vahima go‘yo o‘sib, butun borlig‘ini
qamrab olayotgandek edi. U xonada o‘zini yolg‘iz his etib, sheriklari
qaytavermagach, vannaxona tomon yo‘l oldi va ko‘rgan manzarasidan ...bor vujudi
muzlab ketdi. Rustam uning hamrohi Muhayyoning tanasini sarishtalar edi.
Rustam ortidan odam sasini sezib, birdan o‘girildi va uning ko‘zlari Fotimaning
dahshat muhrlangan ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Bu nigohlarda Fotima o‘zining ham
taqdiriga hukmni o‘qib, birdaniga eshikka otildi. Qo‘llari qaltirab bir amallab
eshikni ochdi va bor kuchi bilan ko‘chaga intildi-yu, qaerga qochishini bilmay
jonsarak bo‘ldi. Jon shirin ekan-u, jonni asrashning iloji bo‘lmasa qiyin ekan.
Qayerga qochadi? Shahar tomongami? Ungacha bir necha kilometr yugurish kerak.

102

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Anhorgami? Undan narisi nima ekanini bilmaydi. U anhor tomon jon jahdi bilan
yugurar ekan, bu uni qutqara olmasligini ich-ichidan bilar, uni bu harakatga
shunchaki “chiqmagan jondan umid” undar edi. Lekin o‘rta bo‘yli, to‘laroqdan
kelgan o‘ttiz besh yoshlardagi ayol sportsmen yigitdan qochib keta olarmidi?
Tezda nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, oyoqlari bo‘shashib, anhorga yaqinlashgani sayin
yumshoqlashib borayotgan qumga tapillab yiqildi. So‘nggi lahzada dag‘al qo‘l
elkasidan turtib uni oldinga ag‘anatganini sezdi, “Sen buni ko‘rmasliging kerak
edi!” deganini eshitdi va ko‘z soqqalarida kuchli bosim va og‘riq sezib chinqirib
yubordi. Keyingi hislariga aqli bovar qilmas edi: “Nahotki u mening ko‘zlarimni
o‘yib oldi? Yo‘q, yo‘q! Bo‘lishi mumkin emas!” “Yo‘-o‘-q!” Uning faryodi
dunyoni tutdi. U boshi aylanib, ko‘ngli behuzur bo‘layotganini his qildi. Boshini
tuproqqa bemajol qo‘ydi. “Nahotki bu yigit Shu qadar vahshiy?” degan fikr o‘tdi
xayolidan. Bu uning so‘nggi o‘yi edi. Rustam esa g‘alaba nashidasida ko‘ngli
chog‘lanib, bepul qo‘lga kiritgan o‘ljasi: nasha kukunini olish uchun xona tomon
yo‘l oldi...

Rustamning bobosi Nazir rais el-u xalqqa taniqli odam edilar. Qayerda rais
ekanliklari noma’lum-u, lekin hamma u kishini “Rais bobo” deb chaqirardi. Rais
bobo keng yelkali, kelbati, to‘rtta medal yarqirab turgan silliq, qora kostyumi,
orqaga qaratib taralgan oppoq sochlari bilan o‘sha zamonlarning dohiysi Brejnevga
o‘xshab ketar edi. Rais boboning jufti halollari ham o‘zlaridek kelbatli momo
bo‘lib, ko‘rganlar “Suyunchi” filmidagi Anzirat onaga o‘xshatar edilar. Rais
boboning bolaligi urush davriga to‘g‘ri kelib, yosh bo‘lishiga qaramay front ortida
jonzoblik ko‘rsatib mehnat qilgan, beva onasi bilan urush zahmatini tortgan kishi
edi. Mehnatkashligi uchun xizmat pog‘onasida ko‘tarilib, dorilomon yillar
kelganida obro‘-e’tibor, anchagina mol mulk orttirib ulgurgan edi. Rais boboning
bolaligi azobli yillarda o‘tganligi uchun tilab olgan yagona o‘g‘lini, Rustamning
dadasi Azizbekni yer-u ko‘kka ishonmas edi. Shundanmi, bola jismoniy mehnatga
ham, aqliy mehnatga ham hafsalasiz o‘sdi. Lekin qaddi qomati otasiga ketib,
barvasta yigit bo‘lib etildi. Rais bobo o‘g‘lini huquqshunoslik oliygohiga ilintirib,
keyin yaxshigina joyga ishga ham joylab qo‘ydi. Lekin ishlash uchun ozroq bilim
kerak ekan. Pulning kuchi bilan o‘qib, ishga joylashgan Azizbekning o‘zi ishiga
hafsala qilmay, tez-tez ishini almashtirib, nomiga goh u, goh bu yerda ishlab
yuradigan bo‘ldi. Azizbekning ishga hafsalasizligi ham Rais boboni kuyintirmas
edi. O‘zining bolalari uchun topgani etti pushtiga etib ortadi, asosiysi, arzanda
bolasi qiynalmasa, o‘zi ko‘rgan og‘ir kunlarni ko‘rmasa bas! Elning og‘ziga doston
bo‘lgan darajada katta to‘y qilib, o‘g‘lini uylab qo‘ydi va birin ketin tug‘ilgan
shirin-shakar nabiralar qurshovida qarilik gashtini sura boshladi...

Rais bobodan o‘g‘liga katta meros qoldi. Dang‘illama hovli, GAZ 24 mashina
(u zamonlarda eng zo‘r mashina sanalardi), yana aytishlaricha, bir sandiq tilla...
Hovlini-ku qo‘yavering. Jarlik joyga joylashgan hovlining tepa qismida qurilgan
ikki qavatli imorat, yonboshdan qarasa, jar tomondan uch qavatli ko‘rinar, paxsa
devor uylar orasida o‘ymakorlik bilan bezatilgan sarg‘ish pishiq g‘ishtlari
quyoshda tovlanib, imoratga o‘zgacha salobat va ko‘rk bag‘ishlar edi. Rais bobo
olamdan o‘tganlarida hovlini, ko‘chani tumonat odam bosdiki, qadam bosadigan
yo‘lak qolmadi. O‘ziyam, butun shahar ko‘chib keldimikin? Rais boboning soyasi

103

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

u kishi o‘tib ketganidan keyin ham oilasiga anchagacha pana bo‘ldi. Azizbek aka
zerikkanda ishga chiqar, ishdan zerikkanda yana bo‘shab, dam olib yurar edi. Ota
uyida tantilikda o‘sgan Azizbek aka bolalarini ham hech narsadan siqmadi.
Bolalari yomon emas-u, yoshi ulg‘aygan sayin erkaligi ham o‘sib boryaptimi-ey?
Xullas, to‘rttala bola ulg‘ayib, har birining shaxsiy xarajoti o‘sib borgan sari,
Azizbek aka zahiraning tagi ko‘rinib qolganini his qila boshladi. Ilgari bir
bolasining erkaligi yuz minglik o‘yinchoq mashina bo‘lsa, endi ming dollarlik
Shuba yoki kurtka bo‘lib turganida, yana bulardan tashqari boshqa narsalar ham
olish kerak bo‘lganida, yana bu xarajatlarni to‘rtga ko‘paytirganda u nima qilsin?
Yotib eganga tog‘ ham chidamas ekan. Bolalarining uchtasi oilali bo‘ldi-yu, lekin
birortasi biror o‘qishning, yoki kasb-hunarning boshini ushlamadi. Shunda
Azizbek aka bolalarini ishga joylash payiga tushdi. Bolalarga bu fikr boshiga
unchalik yoqmadi-yu, “yalqovni qorni ishlashga majbur qiladi”, deyilganidek,
biroz etishmovchilik ko‘rishgach, rozi bo‘lishdi.

Kichik o‘g‘li Rustam boks, karate bilan qiziqardi. Hovlilari adog‘idagi ulkan
tut daraxtida qum xalta osilgan bo‘lib, soatlab uni mushtlab mashq qilar, kuchini
oshirar edi. Bu yaqin o‘rtada undan qo‘rqmaydigan odam yo‘q edi. Hatto
qo‘shnining bir qopag‘on iti ham undan dir titrar edi. Bir kuni Rustam ko‘chadan
o‘tayotganida, it uni cho‘chitaman deb yugurgan ediki, u qo‘lidagi ketmon bilan
boshiga chunon urdiki, bechora it uvillab orqaga qochdi. Shundan buyon Rustamni
ko‘rsa dumini qisib uyga kirib ketadi. Bolalarni esa qo‘yavering. Ko‘chadagi hatto
katta bolalar ham Rustamni Rustam aka deb chaqirib, uning kuchini tan olganini
bildirib qo‘yar, bu uning nafsoniyatini qitiqlar edi. Bora-bora ota-onasi “puling
bo‘lsa changalda sho‘rva” deb hisoblashsa, Rustam “kuching bo‘lsa dunyo seniki”
deb hisoblaydigan bo‘ldi. Kundan kunga o‘z kuchiga ishonib borayotgan yigitga
atrofidagi odamlar chumolidek tuyula boshladi. Birov achchig‘ini chiqarsa bir urib
o‘ldirib qo‘ygisi kelar, u o‘zini liliputlar diyoridagi ulkan odamdek his qilar edi.
Ishga joylash gali Rustamga kelganida, u militsiya bo‘lishni tanladi. “Qachongacha
xalta mushtlab yuraman, “jivoy”ga qo‘llash kerak”, dedi hazillashib do‘stlariga.

Shu-shu Rustamning “baxti ochildi”. Yaxshigina ishlik bo‘lib qolishdan
tashqari, boshliqning unga nazari tushgan emish, guldek qizini unga uzatgulik
bo‘libdi. Yana to‘yga mashina sovg‘a qilarmish. Kutilmagan baxtdan Rustam
sergaklanib, “qizi tuzukmi o‘zi, biror bemor, yoki tasqara emasmi?” deb qiz
ko‘rgani bordi. Yo‘q, binoyidek qiz ekan. Xuddi endi ochilgan g‘unchadek.
Qomati kelishgan, o‘rta bo‘yli, qora ko‘zlari biroz suzik, chiroyligina qiz. Qizni
ko‘rib, “omadim chopdimi?” deb yubordi. Keyin o‘zini oynaga solib qarasa, o‘zi
ham yomon emas. Bo‘yi baland, qomati kelishgan, yuzi, qosh ko‘zlari Shu
kunlarda mashhur bo‘lib ketgan “Tansor disko” filmida bosh qaxramon rolini
o‘ynagan, mashhur akter Mitxun Chakrabortiga o‘xshab ketadi.

Xullas, ikki tomon rozi bo‘lib, to‘y bo‘ladigan bo‘ldi. Qiz juda odobli chiqdi.
Uchrashuvga uncha bunchaga chiqavermaydi-yu, chiqqanda ham ko‘zini yerdan
uzmaydi. Kipriklari, biroz jilmaygan g‘uncha lablari shunchalik chiroyliki. Rustam
uni hozirning o‘zida uyiga olib ketgisi keladi. To‘satdan tegib ketgandek qilib,
nozik barmoqlaridan tutmoqchi bo‘ladi, qiz esa uchqur ohudek chap berib, o‘ziga
yaqinlashtirmaydi. Xatlar yozsa, javob bermaydi. Savollariga jilmayish bilan javob

104

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

berib, ovoziga zor qiladi. Xullas, Rustam to‘ygacha soniyalarni sanab o‘tkazib,
malikasining ishqida devona bo‘layozdi.

Bir umrga tatigulik hijron azoblari ortda qolib, mana malagining vasliga etish
kuni ham keldi. Bir kun o‘tdi, uch kun o‘tdi, bir hafta o‘tdi. Birdan Rustamning
turmushi zaharlandi. Rustamning qalbida yoriga nisbatan Shubha paydo bo‘ldi. Bu
rostmi yoki yolg‘onmi, oralarida nima gap bo‘lgan, bu o‘zlariga ayon, xullas, bir
oyga qolmay qiz ko‘ch ko‘roni bilan otasinikiga qaytib ketdi. Rustam: “Buzilgan
qizlarini tiqishtirish uchun mashina qo‘shib bergan ekanlar,” deb diydiyosi bilan
qolaverdi. Faqat qizga qo‘shib, mashinani ham, ishni ham topshirishiga to‘g‘ri
keldi. Lekin otasi tez kunlarda boshqa ishga joylab qo‘ydi. – Ish yaxshi-da, – der
edi o‘zicha Rustam alamzada yuragini yupatib, – kimdir senga qo‘lini ko‘ksiga
qo‘yib salom beradi, tanish bilish orttirasan...

Yaqin atrofda hamma tanish bilish bo‘lib qolgach, Rustam anchadan buyon
ko‘ngliga kelayotgan biznesini boshlab yubordi. Viloyatda biror xodim uning
mushugini “pisht” demas edi, shuning uchun narkotik moddalar olib sotish
tochkasini ochdi. Anchagacha ishi yurishib turdi. Lekin bu daf’a chegaradan o‘tib
ketibdimi, izidan tushib tutib olishdi. Ayollarning murdasini topishibdi,
oilasidagilar da’vo qilishibdi.

Formadagi odamlarni ko‘rganida Rustam seskanib ketgan bo‘lsa-da, sir boy
bermadi. “Kelishishning yo‘li bordir?” – deb ilmoq tashladi qo‘liga kishan
solayotgan xodimga sekingina. Xodim qandaydir tund edi. “Oldimga tushing!” –
dedi jerkigan ovoz bilan uning gapini eshitmagandek. Hech nimadan bexabar
ota-onasi uning ortidan hayron-u lol qarab qolishdi. Onaizor o‘zini qo‘yishga joy
topa olmas, “to‘xtanglar, nima gap bo‘lyapti o‘zi?” – deya goh xodimni
to‘xtatishga urinar, goh o‘g‘lini bo‘ynidan quchib, olib qolmoqchi bo‘lar edi.
Azizbek aka esa: “Men hammasini aniqlayman, bu qandaydir anglashilmovchilik,”
– deya goh telefon go‘shagiga tarmashar, goh xotinini yupatishga urinar edi.
Rustam xodimlar qurshovida ota uyini tark etdi. Shu-shu ota-onasi uning daragini
hech qayerdan eshitmadilar.

Onaizorning bormagan idorasi, taqillatmagan eshigi qolmadi. Uning o‘g‘lini
go‘yo er yutgandek, hech kim uning qayerda ekanini aytmas edi. Axiyri
qayerdandir sud bo‘lishini, falon summani topib kelsanglar jazoni engillatish
mumkin deyilganini eshitib qoldi. Lekin ular so‘rayotgan pulni qayerdan oladi?
Ularning ko‘zlariga ko‘ringan, tez pul topishning birgina yo‘li bu –o‘g‘illarining
ishini davom ettirish edi. Lekin bir yil o‘tar o‘tmas, o‘ngga chapga qaramay
“biznes”ga sho‘ng‘ib ketgan ota-onani ham birin-ketin narkotik bilan ushlab
qamoqqa tashlashdi. Endi ota-onasini bir balo qilib chiqarib olish uchun
Rustamning akasi shu yo‘l bilan pul ishlashga berildi. Rustam oilaning barakasini
uchiruvchi ekanmi, yoki baxtsizlik kelsa, qo‘shaloqlab kelar ekanmi, Rustamning
akasi ham qo‘lga tushib qamoqxonaga ravona bo‘ldi. Endi sudda ota-onasining
ahvolini engillashtirish uchun Rustamning ikkinchi akasining hovlini sotishdan
boshqa chorasi qolmadi. O‘zi esa oilasi bilan katta shaharga, ijaraga ko‘chib o‘tdi...

Hovlining puli yordam berdimi, yo‘qmi bilmaydi. Lekin otasiga etti yil,
onasiga to‘rt yil qamoq jazosi berishdi. Yaxshi hayotga o‘rganganidanmi, yoki
bunday xo‘rlikka chiday olmaganidanmi Azizbek aka qamoq muddatini o‘tamay,

105

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

qamoqxonada olamdan ko‘z yumdi. U kishini o‘g‘illari ijarada turgan xonadan
chiqarishdi. Dafn marosimiga faqat yaqin qarindoshlar-u, tanish-bilishlar va
qamoqxona xodimi hamrohligida xotini keldi. O‘g‘li onasini tanimadi. Sochlari
oqarib ketgan, cho‘pdek oriqlab ketgan ayol, baland bo‘yli, savlat bilan yuradigan
oyisiga hech ham o‘xshamas edi. Ayol ham hech kim bilan nazari to‘qnashmasligi
uchun sira boshini ko‘tarmas, yonog‘ini hovuchlab, jufti haloliga tikilib, unsiz ko‘z
yosh to‘kar edi. Azizbek aka go‘dakdek beg‘ubor yotar, ayolining yuragini ayriliq
tig‘i parchalayotgan bo‘lsa-da: “Azoblardan qutuldingiz, meni ham olib keting”,
deb yig‘lar edi. Ayolning jismi zaiflashib, murdaning tepasida engashib qoldi.
Xonada qandaydir alam, o‘kinch muhiti hukm surar edi. O‘g‘li borib, onasini
quchoqlab oldi va murda yotgan joydan ozroq orqaga tortib o‘tqizib qo‘ydi. Kelini
devorga suyanib qolgan qaynonasiga muzdek suv tutqazdi. Ayol: “Yo‘q”
ma’nosida bosh silkitdi.

Murdani yuvgani olib ketishdi. Ayol murdasiz bo‘shab qolgan xonaga ko‘z
yugurtirdi. “Kimning uyi bo‘lsa bu? Nahot begimga o‘z hovlisidan chiqish nasib
qilmadi? Buncha odam kam? Tobutni ko‘tara olarmikinlar? ” Fikri yana kenjatoyi
Rustamga ketdi: “Qayerda bo‘lsa u? Azob tortmayaptimikin? Qorni to‘qmikin?”
Rustam ona qalbida qarama-qarshi hislar uyg‘otar, axiyri, har daf’a, onalik
tuyg‘usi ustun kelar edi. Shu lahzada Rustamning o‘quvchilik chog‘lari yodiga
tushdi. Juda sho‘x bola edi. Urishmagan kuni, tepishmagan odami yo‘q edi. Bir
kuni hatto sinf rahbari shikoyat qilib kelgan edi: “Bolani juda bo‘sh qo‘ygansizlar,
ozroq tanbeh berish ham kerak”, degan edi o‘qituvchi.

– Bolada, – degan edi o‘zi, – katta bo‘lsa quyilib qoladi.
– Bola o‘z-o‘zidan quyilmaydi, – degan edi muallima, – bolaning ongi dala
kabi bo‘ladi. Nima eksak, shu unib chiqadi. Agar bugun bolangizga mehnatkash
bo‘l, mehribon bo‘l, deb tarbiya bersangiz, ertaga ekkan urug‘ingiz hosil beradi.
Agar siz uning ongiga yaxshi gap, tarbiya urug‘larini ekmasangiz, ularning o‘rniga
tikanlar o‘sib chiqadi. Bu tikanlar uning o‘zinining ham, atrofidagilarning ham
hayotini yaralaydi.
– Siz o‘z ishingizni qiling, bolamga qanday qarashni mening o‘zimga qo‘yib
bering, – degan edi o‘qituvchini boyligimga hasad qilib, bolamning sho‘xligi
bahonasida chaqib olmoqchi deb o‘ylab...
– Bolam, bolaginam, – pichirladi lablari, – qayerlardasan? Egning butmi,
qorning to‘qmi? Azob tortmayapsanmi?
Qamoqxona xodimi qo‘l soatiga imo qilib, fikrini bo‘ldi. Ozodlik muddati
payqaganini fahmlab, ayol o‘rnidan og‘ir turdi. U uchun hayot allaqachonlar
do‘zaxga aylanib bo‘lgan, qalbida zulmat, tushkunlik va o‘kinch hukm surar,
shuning uchun qayerda bo‘lishining farqi yo‘q edi. Faqat qalbining bir chekkasida
birgina umid, nozik gulning nozik shoxchasi kabi ilinib turar edi: “Ishqilib,
Rustamjonim sog‘-salomat chiqib kelsa bas. Axir shuncha pul olib, ko‘p yil
berishmas?! O‘g‘ilginamning dog‘ida otaginasi ado bo‘ldi.”
Begona xonadonning begona xonalaridan chiqib ketar ekan, ortidan termulib
qolayotgan dilbandlariga to‘yib olish uchun ortiga o‘girilib qaradi. Kelini o‘pkasi
to‘lib, qo‘lidagi go‘dakni bag‘riga bosib turar edi. Bu ham nabirasi bo‘lsa kerak.
Shu vaqtgacha ko‘rish nasib qilmabdi. Boshqa ikki nabirasi oyisining etagidan

106

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

tutib qarab turishar, o‘g‘li esa bu azobga chiday olmay qo‘llarini devorga qo‘yib,
boshini mushtiga tirab ho‘ngrardi. Ona boshini oldinga o‘girayotib, eshik yonidagi
peshayvon deraza tokchasida turgan xabarnomaga ko‘zi tushdi. Undagi Rustam
so‘zi ko‘ziga cho‘g‘dek ko‘rinib, birdan to‘xtadi. Bemador qo‘llarini cho‘zib, bir
amallab qog‘ozni qo‘liga oldi va tezda ko‘z yugurtira boshladi. So‘ng oldin
qo‘lidagi qog‘ozi, uning ortidan o‘zi sekin erga quladi. Bu shunchalik
kutilmaganda sodir bo‘ldiki, hech kim ushlab qolishga ham ulgurmadi.

Qog‘oz Rustamning oliy jazoga mahkum qilingani va hukm ijro etilgani
haqida edi...

QAROR

...Ular bir-birlarini ilk ko‘rgandayoq yoqtirib qolgan edilar. Bahodirning aybi
Dilnoza bilan tengdosh, hali katta to‘y qilishga “qo‘li qisqa”ligi edi. Dilnozaga
sovchi yuborayotgan yigit esa yoshi kattaroq, martabaliroq, toparman-tutarman
yigit edi. “Hamma” shu yigitni yoqladi, Dilnozaning “hamma”ga yoqqisi keldi.
To‘ydan keyin “hamma” endi boshqa qizlarni o‘z yo‘liga solish bilan andarmon
bo‘lib, Dilnozani unutdi. O‘z qarorining mevasini totish Dilnozaning o‘ziga nasib
qildi. “Eh, nima qilib qo‘ydim o‘zi?” – der edi o‘kinch aro...

Turmush o‘rtog‘ingga ko‘ngling chopmasa qiyin ekan. Qalbingda xufton-u
ayoz. Mana, dabdabali to‘y ham ortda qolib, odatiy kunlar boshlandi: Hovli supur,
choy damla, xona tozala, kir yuv, dazmol qil, ovqat pishir... Uning hayoti endi
uning qalbiga yot kishining atrofida aylanadi.

Har tomondan uni qurshab olib: “Shu yigitga turmushga chiq, baxtli bo‘lasan”
deb holi-joniga qo‘ymaganlar endi yo‘q. Faqat o‘zi va qalbiga yot kishi.
Turmushga chiqdi, lekin baxtli bo‘lmadi.

Dilnozaning yuragi siqila boshladi: “Qachon tugaydi bu azob?” Birdaniga
endigina oila qurgani, butun hayot hali oldinda ekanligi yodiga tushdi-yu, qalbini
xufton qopladi. Ko‘nglida u go‘yo uzoq yillar azobda yashab, qarib qolgandek edi,
go‘yo.

“Nahotki, nahotki endi umrbod shunday siqilib yashab o‘taman?” Tirqirab
oqqan ko‘z yoshlari yuzini kuydirdi. U oila qurgach sevib qolaman, deb o‘ylagan
edi. Oila qurdi-yu, hech nima o‘zgarmadi. Eri o‘sha to‘ydan oldin uchrashganida
qanday qalbiga begona bo‘lgan bo‘lsa hozir ham shunday. Ko‘ngliga qancha
buyurmasin, uning aytganiga ko‘nmadi, erini seva olmadi, ko‘ngli – arazlagan
boladek alamzada. Balki kuyov bola e’tiborliroq bo‘lsa, uning ko‘nglini olishga
harakat qilsa hammasi boshqacha bo‘larmidi?...

Ta’tili tugab, ishxonasiga qaytdi. Hech qursa ish bilan ovunar? Xonaga
kirganidan, ko‘zi to‘g‘ridagi ish stolida ishlab o‘tirgan Bahodirga tushdi. Ichida
nimadir “jiz” etgandek bo‘ldi. Bahodir ham unga bir qarab oldi-da, xuddi
begonalardek salomlashib, yana ishi bilan andarmon bo‘ldi. “U halol yigit. U
boshqaning yori bo‘lgan qizga ilgarigidek intiqib qaramaydi”, ko‘nglidan kechdi
Dilnozaning. Dilnoza xonaga qanday ohista kirgan bo‘lsa, xuddi shunday ohista
chiqib ketdi. Uning achchiq ko‘z yoshlarini birov ko‘rishini istamadi.
Zinapoyalardan shoshib pastga tusharkan, birdan oyog‘i toyib ketganini bilmay

107

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

qoldi. Yerga bor vujudi bilan qulab, boshi bilan qattiq urildi-yu... uyg‘onib ketdi.
Yonida sevimli yori Bahodir bir maromda nafas olib, uxlab yotar edi. Sevimli

yori bilan esa hayotining odatiy kunlari ham, kelinlik majburiyatlari ham baxt
shabnami bilan sug‘orilgan, jannat o‘yi kabi sirli va huzurbaxsh, afsonadek
fusunkor, asaldan-da totli edi. “Xayriyat, tush ekan, – dedi bo‘shashib, – vaqtida
aqlimni ishga solib to‘g‘ri qaror qilganim, o‘z sevgilimga turmushga chiqqanim
uchun ming marta shukur”.

Qaror insonning hayotiga naqadar kuchli ta’sir qilishini u endigina anglab
turar edi.

108

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

MUNDARIJA
Aybsiz aybdor

Iztirob
Dono
Taqdiring o‘z qo‘lingda
Qaynona
Odamgarchilik
To‘y qachon?
Orzu
Notanishlar
Bir fasllik gul
Qasos
Sudxo‘r
Bir nasl fojeasi
Qaror

109

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova

Adabiy-badiiy nashr

Gulandom BADALOVA

UMID GʻUNCHALARI
Hikoyalar

Muharrir:
Akram Dehqon
Texnik muharrir:
Fayzullo Azizov

Dizayner:
Otabek Yoqubov

«Muharrir» nashriyoti
Lisenziya: A1 № 230. 2012 yil 16 noyabr.

Terishga 2013 yil 30 avgustda berildi.
Bosishga 2013 yil 07 oktyabrda ruxsat etildi.
Bichimi: 60x84. «Virtes times» garniturasida
ofset bosma usulida ofset qog‘ozida bosildi.

11,25 shart. b.t. 8,5 hisob nashr. tab.
Adadi 1000 nusxa. 130-son buyurtma.
«Muharrir» nashriyoti matbaa bo‘limida chop etildi.
100060, Toshkent shahri, Elbek ko‘chasi, 8-uy.

110

Umid g’unchalari. Gulandom Badalova
111


Click to View FlipBook Version