The words you are searching are inside this book. To get more targeted content, please make full-text search by clicking here.
Discover the best professional documents and content resources in AnyFlip Document Base.
Search
Published by rahmatbobojon, 2021-10-16 07:55:46

Ishq va bahor – Gulandom Badalova

Ishq va bahor – Gulandom Badalova

Ishq va bahor. Gulandom Badalova
1

Ishq va bahor. Gulandom Badalova
2

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Badalova Gulandom
ISHQ VA BAHOR. She’rlar. Nashr 1997 y.

“Ishq va bahor” — Urgutlik Gulandom Badalovaning birinchi kitobi.
Gulandom bo‘lajak shifokor. U ko‘p yillardan buyon she’r yozish zahmatini
ham chekib keladi. Qo‘lingizdagi ushbu mo‘jaz kitobchada sevgi, do‘stlik,
mehr, sadoqat mavzulari jamlangan.

O‘ylaymizki, shoira kelajakda yangi-yangi mavzularda she’rlar yaratib
kitobxonlar e’tiborini qozonadi.

3

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

ISHQ

Yosh ilindi kipriklarimga,
Mayin yel siladi sochimni.
G‘uncha undi ilinjlarimdan,
Ishq qalbimning bo‘lgach hokimi.

Boqolmasman chehrangizga zor,
Qoshlar qaroq nurin yashirar.
Ishq o‘rtada tentiraydi xor,
Qalblar qadrin chandon oshirar.

Juftlasholmas aslo lablarim,
Siz qoshimda bo‘lgach namoyon,
Oy shohidi dil sitamlarim,
Hijronlarim Egamga ayon.

Baxtim – deya kurashdim yondim,
Muzga o‘yib yozdim ishqimni.
Bardoshlarim tugadi, toldim –
So‘ng taqdirga berdi izmimni.

BAG‘ISHLOV

Siz bog‘bonlik qilgan gulzorga,
Men ardoqli atirgul bo‘lay.
Siz posbonlik qilgan qasrga,
Men atoqli malika bo‘lay.

Sizning tiniq osmoningizning,
Nur taratgan yulduzi bo‘lay.
Sizning sirli dunyoingizning
Sehrlangan qunduzi bo‘lay.

Siz soflikda tanho bo‘lsangiz,
Sadoqatda yagona bo‘lay.
Meni o‘ylab Majnun bo‘lsangiz,
Ishqingizda devona bo‘lay.

Siz qismatdan topsangiz zavol,
Jismingizga qo‘l-oyoq bo‘lay.
Borlig‘ingiz menga bersangiz,
Umringizga nur, mayoq bo‘lay.

4

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

SEN VA MEN

Sen nurlisan bamisli quyosh,
Men ko‘rimsiz misoli soya.
Sen bulutsan to‘kkuvchi ko‘z yosh,
Men izmingga intizor qoya.

Sen ertakdan kelgan pahlavon,
Men qirolni kutgan kanizak.
Sen olovsan, qo‘ymovchi omon,
Men bir pastda o‘t olgan xashak.

Sening qadding tikdir misli tog‘,
Mening boshim egdirgan hijron.
Sen daraxtsan, yashnab turgan bog‘,
Men-chi, qurib borguvchi xazon.

Sen Navoiy Gulin topmagan,
Men bog‘boni kelmagan gulman.
Sen mard yigit ishqin sotmagan,
Men sadoqat bobida hurman.

MUHABBAT

O‘rin olib qalbim to‘rida,
Vujudimda ochilgan gulsan.
Chertib nozik yurak torini,
Nola etgan oshiq bulbulsan.

Seni qiyos etgum olovga,
Hijronlarda jismim yoqasan.
O‘chirayin deyman-u lekin,
Afsus, dilga juda yoqasan.

O‘TLI NIGOH

Halollikdan yasadim tumor,
Kasbim bo‘ldi ishqqa sadoqat.
Sevildim-u, sevdim hayotda,
Muhabbatdan topdim saodat.

5

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Mayli sovg‘a-salomlar bermang,
Ishqim bundan topmas nihoya.
Oxiri yo‘q va’dalar bermang,
Menga o‘tli nigoh kifoya.

NIHOL

Ilk bahor nish urgan beg‘ubor g‘uncha,
Jismini chirmadi qorning ayozi.
Yashash umidida ko‘z ochgan nihol,
Hayotning zarbidan tangdir ahvoli.

Yaproqlarin yuldi hissiz izg‘irin,
Yomg‘ir savaladi nozik jismini.
Lekin bardam tutib yerda ildizin,
G‘uncha pinhon tutdi ifor-atrini.

Siltandi barglari, egildi qaddi,
Faqat zamin ko‘rdi ayanchli yoshin.
Barcha qiynoqlarga chidadi bir kun,
Baland ko‘tarmoq-chun egilgan boshin.

KELAJAK

Rizq-ro‘z so‘rab urgan bu yurak,
Bir kun ko‘ksim tepmay qo‘yadi.
Kuzda bargin to‘kkandek terak,
Ota-onam bir oz kuyadi.

Qabr quchar jonsiz vujudim,
Mangu qolar orzu-tilaklar.
Tuyg‘ularning so‘nib sururi –
Boshqa qalam tutmas bilaklar.

Ko‘milar men sevgan ma’sumlik yana,
Orzumda yashagan qizaloq.
Hayot epkinini tuyib har bahor qayta,
Qabrim yorib chiqar qizg‘aldoq.

Men to‘ymagan yorug‘ olamga,
Ko‘zlari qamashib boqar u,
Aylana olmas-u qayta odamga –

6

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Mening tomirimdan oqar u!

Mayli mangu qolmay olamda,
Mayli Egam jonimni olsin.
Faqatgina biror odamga,
Mendan meros ezgulik qolsin!

QALB SO‘ROG‘I

Muhabbat ne? – Yurak yarasi.
Davo bo‘lur faqat yor vasli.
Ma’shuqa-chi? Gul rasmidagi,
Kuydiruvchi olovdir asli.

Oshiq kim? – U sevgilin o‘ylab,
To‘lg‘anuvchi tunlari bedor.
Kerak bo‘lsa malagi uchun,
Jonin qurbon qilmoqqa tayyor.

Hijron nima? – Oh, so‘ngsiz azob,
Yuraklarni parchalovchi dard.
Ko‘zga tor aylagan dunyoni –
Bemazmun kun, to‘xtab qolgan vaqt.

Sadoqat-chi? Hijronga chidash,
Yor firoqin ko‘ngliga yutib.
Hech kimsaga qiyo boqmaslik,
O‘z ishqini muqaddas tutib.

Hayot nima oshiqlar uchun,
Do‘zax o‘ti, yondirayotgan.
Noumidlik yor visolidan,
Yurak bag‘rin kuydirayotgan.

Baxt ne? Visol malagi bilan
To‘yib-to‘yib suhbatlar qurish.
Borlig‘iga, ruhi, qalbiga –
Tanho o‘zing egalik qilish.

AYRILIQ

Hajringizda vujudim, kuya-kuya kul bo‘ldi,
Kunu-tun nola chekib yurak bag‘rim xun bo‘ldi,

7

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Ma’suma, pok ishqimiz ochilmagan gul bo‘ldi,
Siz-u menga ayriliq yo‘l soldimi ag‘yorlar.
Qalbingizdan umrbod joy oldimi ag‘yorlar?

Raqib ishqi siz uchun azizmidi, xormidi?
Nopok qalbi pokiza sevgingizga zormidi?
Bad niyatli orzusi shaytonlarga yormidi?
Qora tikan yaralib, gul-bo‘ldimi ag‘yorlar,
Oramizga suqulib, hur bo‘ldimi ag‘yorlar?

O‘zini do‘st tanitib asrorimni bildimi?
Tuhmat, ig‘vo so‘z bilan qalbingizga kirdimi?
Rashk tuyg‘usi, shubha, o‘y – qilarini qildimi?
O‘zlariga qaratib baxt topdimi ag‘yorlar,
Qalbingizda muhabbat uyg‘otdimi ag‘yorlar?

Izingizga zor bo‘lsam qattol ko‘zi to‘ymasmi,
Ikkimizni ayirish qalbidagi o‘ymasmi?
Menga oshiq qalbingiz uni suymas, bilmasmi?
Baxtimizni o‘g‘irlab bor bo‘ldimi ag‘yorlar,
Meni sizdan ayirib yor bo‘ldimi ag‘yorlar.

YORGA

Har narsaga qodir Xudoyim,
Menga bergin yorim ishqini.
Oh-u zorim olamni tutdi,
Atagandan uning ismini.

Shijoat ber unga, botirlik,
Hijronlarga o‘zing ber barham:
Yo‘limiz qo‘sh ko‘raylik birga,
Hayot achchiq-chuchugin baham.

OSHIQLIKDEK DARD YO‘Q EKAN BU DUNYODA

Ijozatsiz kirar ekan qalbga asli,
Yor xayoli yuraklarga sevgi fasli,
Sitamkor bo‘p yaralganmi qizlar nasli –
Oshiqlikdek dard yo‘q ekan bu dunyoda.

Qiz nigohi yiroqlarga qadaladi,

8

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Yuragidan armon sasi taraladi
Nochor bo‘zlash ojizalik sanaladi –
Oshiqlikdek dard yo‘q ekan bu dunyoda.

O‘zga yigit otin barvaqt qamchiladi,
To‘y oqshomi ishq niholi yanchiladi,
Ayriliqning tig‘i qalbga sanchiladi,
Oshiqlikdek dard yo‘q ekan bu dunyoda.

IQROR

Buncha menga berdingiz azob,
Ishq o‘tida yoqdingiz buncha.
Sizga ko‘ngil berganim uchun –
Qiynoqlarga qoldimmi shuncha?

Ko‘z o‘ngimda yorqin chehrangiz,
Uni hech kim o‘chirolmaydi.
Qayga bormay oshiqlar hamdam,
Sizni qalbdan ko‘chirolmaydi.

SIZ MAG‘RURSIZ

Siz mag‘rursiz, juda mag‘rursiz,
Boshingizni sira egmaysiz.
Qarshingizdan peshvoz chiqmasak,
Bir tabassum hadya etmaysiz.

Siz mag‘rursiz, juda mag‘rursiz,
Biz tomonga aslo o‘tmaysiz.
Shuning uchun sevganman balki –
Xayolimdan nari ketmaysiz.

Siz mag‘rursiz, juda mag‘rursiz,
Lek ishqimni tark etolmaysiz.
Siz yo‘limni yoritgan quyosh –
Lek harorat baxsh etolmaysiz.

Siz mag‘rursiz, juda mag‘rursiz,
Orzungiz ko‘p, niyatingiz hur.
Men ham mag‘rur, juda mag‘rurman –
Lek men tunni yoritguvchi nur.

9

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

JUDOLIK

Siz ketdingiz qalbim parchalab,
Ko‘z yoshim-la o‘rtanib qoldim.
Kechalari g‘amni allalab
Ayriliqni bo‘ynimga oldim.

Necha tunni o‘tkazdim bedor,
Xotiraga cho‘mib kunduzlar.
Qalb yaramni tirnardi beor,
Vaslingizga intizor tunlar.

Achchiq faryod chiqar bo‘g‘zimdan
Kerak emas bunday fidolik!
Najot kutayapman taqdirdan –
Og‘ir, juda og‘ir... judolik!

IZTIROB

O‘tkir edi jayron ko‘zlarim,
Endi hayo ila yer chizar.
Biyron edi shirin tillarim
Endi barcha so‘zdan qon sizar.

Tik tutardim mag‘rur boshimni,
Endi egib yurarman ba’zan.
Bo‘ysunmasdim biror kimsaga,
Endi muslim bo‘lganman ko‘pdan.

Aql edi jismim sultoni,
Hissiyotlar endi hukmron.
Endi har bir qadam tovshimdan,
His qilaman turlicha ozor.

Muhabbat ne? Sira bilmasdim,
Endi yurak ishqdan yarali.
Ishq dostonin etardim orzu –
Endi dunyom shundan qaroli.

BEFARQLIK

Bugun mening yuragim bo‘m-bo‘sh,
Bilmas nedir tuyg‘u, g‘alayon.
Qon zarbidan sirqiramas to‘sh,
Qalb asrori hammaga ayon.

10

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Bugun mening boqishim hissiz,
Yuzlarimni kuydirmas yoshlar.
Tepachaga aylangan essiz,
Tog‘dek ulkan, ulkan bardoshlar.

Bugun mening so‘zlarim vazmin
Kalovlanmas hayajondan til.
Hijron quchib to‘lg‘onavermas,
Choki sidrab, parchalangan dil.

Ko‘zim yo‘lga boqmas intizor,
Qalbim sarob sevgidan xasta.
Joy ololmas dildan ishq qushi –
Qulfin yopib qo‘yaman asta.

QALAM

Sarxush kunlarimdan bahramand o‘zim.
She’rlar bitolmasman, o‘rtamasa g‘am.
Qalbim tirnaganda tashvishli o‘ylar,
Taqdir qo‘llarimga tutqazar qalam.

Umidim misoli kuzdagi yaproq,
Tortqilar bo‘ron ham, o‘ynoqi yel ham.
Garchi ravshan erur qismati biroq,
Taqdir qo‘llarimga tutqazar qalam.

Ma’no ne yashashdan orzu-umidsiz?
Ne bilan munavvar bu turfa olam?
Xasta yurakkinam tepar-u hissiz,
Taqdir qo‘llarimga tutqazar qalam.

Yo‘q, dardchil emasman, nozik vujudim,
Jismim yaratmishdir Xudo, barkamol.
Faqat qonlarimda jo‘sh urib unim,
Taqdir qo‘llarimga tutqazar qalam.

Nohaqlikni ko‘rsam yugurar qonim,
Nomardga duch kelsam o‘rtaydi alam.
“Yupanch bo‘lsin”, – deya, eshitib ohim,
Taqdir qo‘llarimga tutqazar qalam.

11

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

AYOL

“Muhtaram”, deb shoir bitar qasida,
Ko‘klarga ishonmas goho hofizlar.
Hurmat-la boqar-u ko‘zlar aslida –
“Ayol ayolda!” der, aqli ojizlar.

Ayol! Ha u ayol, ojiz go‘dakni,
Qahatdan, ayozdan aylagan panoh.
Ota alishishi mumkin to‘shakni,
Ona: “Pok bo‘l”, deya beradi saboq.

Ayol! Ha u ayol, buyuk zotlarni,
Ulg‘aytirib bergan bir nozik xilqat.
Ulg‘ayib er bitib qoldik “hammamiz”
Bunyodkor zotlarga shudir oqibat.

Ayol! Ha u ayol, buyuk Temurga,
Gohida maslakdosh, goh mohitobon.
Ko‘shkida sanoqsiz erlar turganda,
Samarqand arkida oqila sarbon.

Ayol! Ha u ayol, buyuk Angliya,
Xalqining zahmatin bo‘yniga olgan.
Bir yonda oila, bir yon Armiya,
Minglab er mardligi jismida yongan.

Ayol! Ha u ayol, qo‘lda qalami,
Gumroh yuraklarning qulfin ochadi.
Satrda shukuhi, quvonch, alami –
Yurak qonlarini oqqa sochadi.

Ayol! Ha u ayol, mashhur xonanda,
Dovrug‘in yoyadi O‘zbekistonni.
Mayli, erlar ota bo‘lsa ham ammo –
Ayol yaratadi hayot bo‘stonin.

ONA

Tog‘lar olmish sendan bardoshin
Viqor topmish sendan boshpana.

12

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Mushki anbar ifor taratmish,
Qadamingdan mo‘tabar ona.

Gullar olmish sendan andoza,
Jo‘shqin oqim olmish daryolar.
Qushlar ichra bo‘ldi xonzoda,
Ilk shogirding bulbul ham ona.

Quyosh oldi sendan harorat,
Porloq nurin oldi yulduzlar.
Uzun tunlar qilib bashorat,
Oymoma ham qarshingda so‘zlar.

Tunlar yechib qora libosin,
Pok qalbingdan suv ichmish tonglar.
Jon olmish tabiat shirin so‘zingdan –
Muhtaram volida o‘zingsan, ona.

GULXAN VA ZIMISTON

Gulxanga der takabbur zulmat.
“Buncha kuyib-pishib yonasan?
Ado bo‘lsang yo‘qlarmi ummat
Azobingdan qachon tonasan?”

Gulxan chuqur xayolga toldi
So‘ng so‘zladi jo‘makor, vazmin.
“Ravshan bo‘lsin olam, deb yondim
Dunyo nurga cho‘mmog‘i uchun”.

Kinoyali tabassum uchdi,
Zimistonning ol lablaridan.
So‘ng olovning bo‘g‘zidan quchdi,
Bo‘sa oldi yonoqlaridan.

Zimistonning keng quchog‘idan,
Chiqa olmay bo‘g‘ildi olov.
Qadri zamin bilan bo‘lib teng,
Bir hovuch kul qoldi beayov.

Hukm surar yerda zimiston,
Cheksiz imkoniyatidan mast.
Qop-qorong‘u gulshan-u bo‘ston,

13

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Izmida jonzotlar, har nokas.

Inson keldi timirskilab yer,
Jam ayladi, o‘tin, xaslarni.
Cho‘g‘ izladi, so‘ngra to‘kib ter,
Nari quvdi so‘qir, kaslarni.

Toshdan uchqun chiqardi inson,
Ravshan etdi olamni gulxan.
Tabassumla tunga der: “Inon,
Uyg‘oq qalblar meni der har dam!”

NILUFAR SINGLIMGA

Qalbim gulzorini qopladi xazon,
Ochiq ko‘zlaringni yumib qaytdilar.
Shifoxonadayin tabarruk ul joy,
Chora topmaganin kuyib aytdilar.

Yig‘layman. Yuzimni yondirar yoshlar,
Sog‘inch azobidan endi netaman?
Ko‘zimga ko‘rinmas bu jumla jahon,
Chorlagin singiljon, men ham ketaman.

Yo‘q, singlim. Men bunda qolishim kerak,
Endi farishtalar senga bo‘lsin yor.
Jismimni kafanga o‘ragan bilan,
Zaminda ko‘payar birgina mozor.

Men bunda yashayman shifokor bo‘lib,
Tib qasamyodiga sodiq qolaman.
Sendek g‘unchalarni yovuz ajalning,
Sovuq changalidan tortib olaman.

QALB ORZUSI

Sochim tolasidek uzun yo‘llarni,
Ziyoga to‘ldirib kelishing kutdim.
Uzun oqshomlarni berib o‘yingga,
Men barcha qayg‘u-yu g‘amni unutdim.

Kipriklar asiri bo‘lgan ko‘zlarim,
Panjarani yorib, boqar ro‘yoga.
Umidvor qaroqqa nur ulashmoq-chun,
Aylanib kelmaysan nega ziyoga?

14

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Ochilmagan g‘uncha yanglig‘ lablarim,
Sen haqda so‘rolmas, so‘zlaydi rangi.
Noumid visoldan qiynalgan yurak,
Rangin lablarimga ko‘chirgan asli.

Butun borlig‘imni band aylagansan
Tunu kun xayolim sendadir asli.
Kelaqol, hayotim nurga to‘ldirib –
Kechikib kelgandan kelmagan yaxshi…

NAVRO‘ZI OLAM

Xush kelding, tabarruk, hur zaminimga,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.
Maysa-yu mavjudot mushtoq izingga,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.

Tog‘lar kutdi seni, cho‘qqisida qor
Qirlar kutdi, asrab boychechagini.
Adirlar mung‘aydi qadamingga zor,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.

Intiq kutdi seni necha dardman ko‘z,
Taqdirda, vaslingga etmadi kimlar.
Yo‘lingga ko‘z tikib, aytilgan ilk so‘z,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.

Qalqitding tarixni misli zilzila,
Nogahon uyg‘ondi buyuk dala-to‘z.
Qutlaydi o‘tmishdan kelib Nodira,
Assalom navbahor, assalom Navro‘z.

Siyosat kishanin tamom parchalab,
Temur ko‘tarmishdur mag‘rur boshini.
Moziydan bo‘y cho‘zib, avlodin alqab,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.

Uyg‘otding g‘ov bosib yotgan qalblarni,
Mustaqil yurtimni quchdi alyorlar.
Tili, diyonati erkin xalqimning,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.

Go‘dak qichqirig‘i tutdi olamni,

15

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Tug‘ildi Navoiy, balki Ulug‘bek.
Qalbi uyg‘oq bugun barcha odamni,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.

Qarshingda turibdi tarix bir tomon,
Bir yonda voqe’lik, bir yon kelajak.
Qutlug‘ qadamingga deydi hasanot,
Assalom navbahor, assalom navro‘z.

RA’NO
(Marhuma jiyanimning porloq xotirasiga bag‘ishlayman)

Buncha nurli go‘zal bu olam,
To‘yib-to‘yib boqqim keladi.
Buncha ma’sum, toza bu olam,
Quchog‘ida qolgim keladi.

Bolaligim kechgan ko‘chalar,
Tuprog‘ini quchgim keladi.
Yulduzlari yastanib yotgan,
Osmonlarga uchgim keladi.

To‘shagimga mixlagan dardni,
Ko‘kragidan siltgim keladi.
Jon tark etgan oyoqlarimni,
Bosib-bosib yurgim keladi.

Bor vujudim aylangan qonga,
Laxtalarni yutgim keladi.
Soat sayin chiqayotgan jonni,
Vujudimda tutgim keladi.

Yig‘lamangiz, jonim onajon,
Qoshingizda qolgim keladi.
Qadoq bosgan qo‘lingiz o‘pib,
Xizmatingiz qilgim keladi.

To‘yga chorlar karnay sadosi,
Qizlar bilan borgim keladi.
Bir borgina visol oqshomin,
Malikasi bo‘lgim keladi.

16

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Hayot shamim so‘nar kundan-kun,
Har lahzasin cho‘zgim keladi.
Ko‘zlarimni tark etar dunyo,
Men-chi? Bunda qolgim keladi.

Tortgin ajal mash’um changaling,
Quchog‘ingdan qochgim keladi.
Men ham barcha odamlar kabi,
O‘n to‘qqizdan oshgim keladi.

TILAK

Yaratgandan chiroy so‘radim
Qomat bergin, – dedim barkamol.
Sunbul soch ber, gullar o‘rayin,
Yana ber fe’limga xush a’mol.

Yaratgandan boylik so‘radim,
Qayga cho‘zsam yetsin qo‘llarim.
Ilm qa’riga sho‘ng‘ib o‘sardim,
Ushalsa gar, orzu o‘ylarim.

Shifokorga termilmasdi zor,
Darmon izlab bemorlar junun.
Ziyo ahli ilm ummonin xor,
Kezmas edi misoli Majnun.

Yaratgandan omad so‘radim,
Kashf etay deb yangi bir dunyo.
Zafar quchsin har bir qadamim,
O‘zing meni qo‘llagin, illo.

Yaratolsam buyuk kashfiyot,
Topa olsam bir dardga davo.
Tayanch olsa undan tibbiyot,
Qalb kuylasa shifobaxsh navo.

...Yaratgandan so‘ramabman baxt,
Debman: “Bari chiroyda Egam”.
O‘ylamabman har bir to‘kislik,
Bir tomonin bo‘lishini kam.

17

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Berdi barin Xudo boylik-u,
Chiroy, omad garchi o‘rtacha.
Mangu porloq mohtob boqiy-u,
Yulduz umri ekan o‘zgacha.

Har insonning yulduzi tanho,
Bir chaqnar-u, so‘ngra so‘narkan.
Yulduzlardan jimirlar samo,
So‘niq yulduz xira bo‘larkan.

O‘z yulduzim porlamasa gar
Oy yoritmas zulmatni aslo
Ziyo izlab kezmay darbadar
Baxt yulduzim asragin samo.

Asr emas, sanoqli yillar,
U osmonda porlasin mayli.
Duo o‘qib pichirlar tillar –
“Eng avvalo baxt bergin asli”.

ORZU

Shifokorlik kasbin tanladim,
Tib ilmini mo‘tabar bilib.
Yaratgandan duo tiladim,
Mushkulotin bo‘ynimga ilib.

Imon bergin ruhimga Xudo,
Pok qalbimga g‘ubor qo‘nmasin.
Kusho bergin kasbimga, illo,
Men bor joyda hayot so‘nmasin.

Mash’aladek yo‘lim yoritsin,
Tibbiyotdan olingan bilim.
Xizmat qilay ona xalqimga,
Kun-u kecha bilmayin tinim.

Farzand ko‘rmoq istagan ayol,
Vujudini quchmasin tuproq.
Bevaqt ajal mahbubin yulqib,
Hech bir yurak yashamasin toq.

Dard to‘shakka mixlagan bola,
Shifo topib turganin ko‘ray.

18

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Ko‘zlarida azob yashirin,
Qizaloqning malhami bo‘lay.

Bu hayotdan yoshin yashamay,
Biror inson bevaqt o‘lmasin.
Sitmoq uchun ajal chokini,
Qalbimdagi olov so‘nmasin.

MUNDARIJA

Ishq
Bag‘ishlov
Sen va men
Muhabbat

Kelajak
O‘tli nigoh

Nihol
Qalb so‘rog‘i

Ayriliq
Yorga
Oshiqlikdek dard yo‘q ekan dunyoda
Iqror
Siz mag‘rursiz
Judolik
Iztirob
Befarqlik
Qalam
Ayol
Ona
Gulxan va zimiston
Nilufar singlimga
Kalb orzusi
Navro‘zi olam
Ra’no
Tilak
Orzu

19

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Adabiy-badiiy nashr

Gulandom Badalova

ISHQ VA BAHOR
(She’rlar)

Nashrdan chiqarish uchun mas’ul: E. Boltayev

Muharrir: Jumagul Suvonova
Tex. muharrir: Qahramon Berdiyev

Musavvir: Vahobjon Berdiyev
Musahhih: Dodoroy Shodiyorova

20

Ishq va bahor. Gulandom Badalova

Bosmaxonaga berildi 14.07.97. Bosishga ruxsat etildi: 16.07.97. Bichimi
30x42. Bosma tobog‘i 1,8. Buyurtma 103. Bahosi kelishilgan narxda.

21


Click to View FlipBook Version